TOIFALAR

QATRON

SHOGIRDLARNING SHARXLARI

NURSAFARDIYYA
ISH FAOLIYATI

QIDIRUV

HAMKORLAR

Ustoz yoxud mukammallikka yol

Muallif: Sofiy-tabib shayx Nursafardiy

Joylashtirish vaqti: 2010-09-24

Ustoz desam ko’zlarimda nur porlagay,
Ustozdir ul mukammallikka chorlagay.

Kamina ma’nisiz dunyoga kelib, o’zimga yo’l topolmay turganimda  bir insonni uchratdim va ko’zlarimdagi mahzunlikni ilg’agan bunday oqil, donishmand sirli bir yo’lga ishora qildiki,  u manzilning oxiri  saodat bo’ldi. Yuzlaridan mangulik nuri yog’ilib turgan bu inson Ustoz edi.

Zamonlar o’tar, davrlar o’tar, beshavqat vaqt atamasi insonni goho sahroga, goho obod manzillarga olib ketar. Aslida sinovlarga boy bu olamda ma’lum bir kamolot yo’lini topmoq mushkuldir. Insonning insoniylik maktabida saboq olishi va hayotda o’ziga munosib yo’l topishida ustozning o’rni beqiyosdir. Ayniqsa bizning davrimizda ustoz muammosi birinchi darajali tanqislik desak, mubolog’a bo’lmaydi. Buning asl sabablarini o’tgan asrimizdagi siyosiy buzg’unchiliklar va millatimizni azaliy ma’naviyatidan mosuvo qilgan muhitdan izlashimiz kerak. Aynan o’tgan asr asoratlari o’zligimizdan ayirgan holda, ilm va tafakkurimizga xos bo’lmagan  begona falsafa va  madaniyat xillarini yurtimizga olib qirdi. Garchi millatimiz o’z shakl shamoyilini yo’qotmagan bo’lsada, uning tarixiy ilmiy darajasiga qattiq ta’sir o’tkazdi. Va ajdodlarimizdan meros bo’lib kelayotgan ba’zi ilm turlari  tafakkurimizdan o’chib ketdi... So’nggi asr avlodi deyarli qizil imperiya saltanati ostida kommunistik g’oyalar asosida tarbiyalandi. Va asl  o’zligimizdan bexabar o’sha avlod vakillari bugun ustoz darajasiga etdilar, lekin... Bugungi rivojlanib kelayotgan ilmga chanqoq yosh avlodga aytarli darajada ilm berolmayaptilar. Albatta, bu holat ularning ayblari emas, aksincha millat boshida yurgizilgan majruh siyosat oqibatidir. Bugungi yoshlarimiz mukammal ustozga muhtojdirlar. Va ularning tafakkur gulshanlarini obod etmoq masalasi dolzarbligicha qolmoqda. Yana takror aytamizki, hozirgi davrimizdagi yosh avlodning ilmiy salohiyati aytarli darajada maqtovga loyiq emas. Garchi bu holat achinarli bo’lsada, eslatmasdan ilojimiz yo’q.  Kasalni yashirsak isitmasi oshadi. Biz o’z kamchiligimizni yuzimizga aytib va bundan kerakli xulosalar chiqarib olmas ekanmiz, butun millatimiz umid qilayotgan buyuk kelajak yarata olmaymiz.  Umrning mazmunini, jamiyat, xalq, millat, va vatan  ravnaqini ilm va tafakkur yuksaltiradi. Hozirgi yoshlarimizning ilmga chanqoqligining sustligi bu o’tgan asrning chala mafkurasi va hozirgi zamonimizda ham uning nafasi batamom o’chib ketmaganidandir. Bizning o’zligimizga qaytish jarayonimiz juda sust va mashaqqatli kechmoqda. Shundoq ham mukammal  ustozlarsiz tarbiya topayotgan yoshlarimizning ilmiy darajalariga dunyoviy taraqqiyot shamoli ham ma’lum darajada zarba berdi. Buyuk ajdodlarimizdan meros qolgan ilmiy ma’rifiy qo’llanmalar asrlar osha mustaqilligimizni kutib chang bosib yotdilar va mustaqillik, ozodlik nurlari boshimiz uzra taralgan bir paytda hech narsa o’zgarmadi va yoshlarimiz taraqqiyot ortidan shung’idilar. Ularning bo’sh vaqtlari bo’lguncha e’tiborlarini  internet, turli klublar, kinoteatrlar, telefonlar va hokazolarga qarata boshladilar. Hozirgi zamonda ma’lum bir talabani ustoz bilan yakkama - yakka holatda o’tirib, ilm borasida fikr almashganini uchratish juda qiyin. Qolaversa, ustozlarimizning o’zlari ham ilmiy darajada oqsoqliklari bilinib qolmoqda. Biz hadeb tarixni, allaqachonlar o’tib ketgan nobop siyosatni  qoralayversakda, mustaqil yurtda kelajak uchun poydevor yaratish falsafasiga amal qilmasak, hech kim o’zga yurtdan kelib bizni yorqin  hayotimizni belgilab berolmaydi.  Biz allaqachonlar ilm manqurtligidan chiqib ketishimiz kerak edi. Olamda ilmning turlari ko’p, lekin yurtimizdagi ilmiy meroslarning cheki chegarasi yo’qdir. Oliy o’quv yurtlarida shunday uquvsiz talabalar borki, ulardan, hatto bugungi davrda yurtimizda qancha aholi yashaydi, hududi qancha va qaysi davlatlar bilan chegaradosh va yo konstitutsiyamizning biror bandini aytib beringchi, deb so’rasangiz,  albatta, tillarini tishlab qolishadi. Aytingchi, shu holatni tafakkur va ilmga bog’lab bo’ladimi? Talabalar o’z yurti haqida kerakli ma’lumotga ega bo’lmasa, dalada ketmon chopib yurgan yoshlarimizdan nimani kutsak bo’ladi. Eng ayanchli tomoni bizda faqat o’qishga kirganlar ilm oladilar. Kirolmaganlar taqdirga tan berganlaricha qo’llariga hech qachon kitob tutmaydilar. Bunaqada madaniy hayotni qanday yaratamiz. Oddiy xalqni qachongacha manqurtlikda saqlaymiz.  Ustozning o’rni shu erda bilinmayaptimi? Chinakam ustoz xalq ichida bo’ladi. Oliy yoki o’rta maxsus va boshqa o’quv yurtlarida dars berishi o’z yo’lida. U kasbi ortidan davlat to’lab qo’ygan pulni olmoqda. Lekin beg’araz ustozlik, oddiy xalqqa ilm berishlik, ilmiy maktablarni tashkillashtirish bu ustozlarning vatanga, xalqqa va jamiyatga bo’lgan hurmatlari emasmi? Bu holat ularning xalqparvarliklari, millatparvarliklari, vatanparvarliklari emasmi? Jamiyat ravnaqini, millat kelajagini vatan rivojini ustoz belgilaydi.  Biz hozirgi yoshlarimizning ilmiy darajalarini  ochiq oydin maqtovga layoqatsiz, dedik. Yoshlarimizda o’qishdan maqsad, vaqt o’tqazib diplom olishmi? O’z sohasini mukammal bilmagan  inson jamiyatni, millatni, vatanni qanday rivojlantiradi. Albatta, yoshlarimiz orasida ilmli barkamol faollarimiz ko’pchilikni tashkil qiladi. Lekin qolganlarchi? Ular  ham ertaga qo’ldagi diplomni qurol qilib mana o’qiganman deb ish talab qilishadi. Oqibat nima bo’ladi? Agar siyosatchi bo’lsa,  xalqqa zug’um qiladi, iqtisodchi bo’lsa, jamiyatni och qoldiradi. Arxitektor, muhandis bo’lsa, qurgan imoratini tagida odamlar qolib ketadi. Qishloq xo’jaligiga oid bo’lsa, erga o’g’it berish o’rniga zaharlaydi. Iqtisodni majruh qiladi. Talabaga ilm kerak, mukammal  va qattiqqo’l ustoz kerak. Ilmni pulga sotib olish kerak emas. Ustozni pulga sotib olish kerak emas. Pulga sotilgan ustoz bola chaqasining g’amida yoshlarni manqurtga aylantirishi kerak emas. Yoshlar dangasalik evaziga manqurtlikni orttirib olishlari kerak emas. Bir kunlik yo’qotilgan ilm sizni bir yilga kelajagingizni ortga suradi. Bir kunlik yo’qotilgan ilm sizni manqurtlikka bir qadam yaqinlashtiradi. Davlat ustozlarga yurtimizni kelajagini hal qiladigan yoshlarni tarbiyalash, ularni ilmiy darajalarini yuksaltirishni ishonib topshirgan. Agar hamma narsa nafsga, ya’ni pulga borib taqalsa, bilingki, yoshlarimiz kelajakda boshi berk ko’chaga kirib qolishlari tayindir. Ilm bo’lmasa, na davlatni, na jamiyatni va na xalqni boshqarib bo’lmaydi. Hozirgi zamonda puling bormi, o’qishing shart emas. Pulini to’lab qo’y bahoying besh. E’tibor qilayapsizmi, nobob ustoz o’z nafsi yo’lida butun bir kelajakni yo’qqa chiqarmoqda. Ustozning nafsi shundoq ham o’qishni istamagan talaba uchun qo’l kelmoqda. Insonda vatanparvarlik, millatparvarlik tuyg’usi bo’lmasa, u o’z nafsi yo’lida kerak bo’lsa, barcha ezgu ishlardan voz kechadi. Mavzudan sal cheklashib bir jarayonga e’tibor beraylikda, qarang, Rossiya o’lkasini olaylik. Ular bepoyon o’lkalaridagi tabiiy zahiralarini kelajak avlodlar uchun asrab, hozirgi zamon o’z ehtiyojlarini qondirish uchun neft singari qimmatli ashyolarni  o’zga yurtlardan  sotib olmoqdalar. Kelajak haqida qayg’urmoqdalar. Bizchi? Biz hozirimizni o’ylab kelajagimizni sotmayapmizmi? Shumi millatparvarlik, shumi xalqparvarlik, shumi kelajak avlodlar uchun qayg’urganimiz. Biz kelajak avlodlarning uvolidan qo’rqmaymizmi? Ularga ilmsiz va o’zga yurtlarga qaram bo’ladigan avlod qoldirsak, bizni kechirisharmikin? Fikr qiling, ustozlar. Vatan sizni qo’lingizda, millat sizning qo’lingizda. Ularning yorqin kelajagi uchun aynan siz javobgarsiz. Xalq va millat, vatan sizdan shuni talab qiladi. O’qimoq, ilm olmoq faqat pulga tegishli xilqat bo’lib qolmog’i kerak emas. Ilmga chanqoq yoshlargina o’qishga munosibdir. Puli ko’p puldorning puli orqali,  o’qishni istamagan farzandi bilan o’quv yurtini band qildirgandan ko’ra, o’qishdan umidini o’zib dalaga ketmon ko’tarib chiqqan iqtidor sohibiga ham imkon berishni o’rganing. Huquqni teng qiling. Xalq ichida talantlar bisyordir. Ularning iqtidorini uvol qilmoq, siz kabi ustozlarning kechirilmas gunohiga aylanib qolmasin. Tarbiya va ustozlikni avval o’zingizdan, so’ng so’zingizdan va undan keyin ko’zingizdan boshlang. O’zingiz vatanparvar bo’ling, so’zingiz millatparvarlik bo’lsin, ko’zingiz faqat yorqin kelajakni ko’rib tursin va ana shunday e’tiqod ila yoshlarimizga tarbiya beringki, toki buyuk kelajak vorislari hamisha siz kabi ustozlarni faxr ila eslab, qo’llarini duoga ochsinlar.

Alhamdillillahi Robbil a’lamin

YANGILANISHLAR

MAHSULOTLAR

Media-mahsulotlar pochta orqali

SAYT XARITASI

STATISTIKA