TOIFALAR

QATRON

SHOGIRDLARNING SHARXLARI

NURSAFARDIYYA
ISH FAOLIYATI

QIDIRUV

HAMKORLAR

Men xalqdanman, Xalq mendan...

Muallif: Sofiy-tabib shayx Nursafardiy

Joylashtirish vaqti: 2010-09-24

Men xalqimning yonida turdim,
 Xalqim turdi mening yonimda.
Xalqim bo’lib mardona yurdim,
Men xalqman va xalq iymonimda.

Bilasizmi, bizga milliy qahramonlik kerak emas, biz davlatdan yiroqlashgan holda, xalqni ortimizdan ergashtirmoqchi ham emasmiz. So’fiylik ilmida bunaqa odat yo’q, bo’lmagan va bo’lmaydi ham. So’fiylik falsafasida hokimiyatga intilish bu, so’fiylikning yo’qolishiga tengdir. Biz e’tiqod yo’lida turganimizni anglagan holda, xalq ichiga kirdik va xalq bilan birga qolgaymiz. So’fiylar aslida ruhan moddiy bu olamga bog’liq emasdirlar, lekin ilohiy ishqqa etishmoqlariga qadar omonat olamda yashar ekanlar, doimo xalq bilan birgadirlar va hikmat so’zlab ommani ezgulikka chorlash ularning tanlagan kasbidur. Bizning falsafamizni anglagan bo’lsangiz, bu aynan so’fiylik falsafasi bo’lib, maqsadimiz xalqimizni ma’rifati yo’lida jonfidolikdir. Bizkim, faqirlik ilmini kasb etdik. Millatimizning ma’naviyati, ma’rifati boyisin, bizkim bir chekkada egnimizda yirtiq chopon kiysak ham, elimizning komilligi va mukammalligini ko’rgan holda,  o’zimizni baxtli va saodatli sezaylik. Millat baxti bu bizning baxtimizdir. Xalq baxti bu bizning baxtimizdir. Xalq bu bizmiz, biz bu xalqdir. Tarixdan ma’lo’mki, unda yashab o’tgan barcha azizu - avliyolar asosan  xalq ichida  yurib va hamisha davlat shohlari tomonidan e’zozda bo’lganlar... Hoja Ahmad Yassaviy, Burxoniddin Marg’inoniy, Naqshbandiy, G’ijduvoniy, Revgariy singari donishmandlarimizning madaniy va ilmiy meroslari to hanuz qalbimizdadir.  So’fiylik olami bu o’zga dunyo va davlat ham so’fiylik g’oyalari oldida o’zga bir dunyodir.  So’fiylik va davlat hech qachon bir - biriga qarama - qarshi bormagan. Aksincha bir - birining falsafasiga odilona yondoshgan.  Faqat ba’zi bir davlat ichida turgan g’arazgo’ylarning xatosi va g’iybati ila Mashrab, Nasimiy singari avliyolarimiz nohaq qatl qilinganlar. Tarix tarixda qoldi va bugunimiz ham tarixga aylanib bormoqda. Biz garchi yuqorida tilga olingan avliyolarimiz singari o’zimizni avliyo bilmasakda, Ilohning inoyati ila biz yaratgan Nursafardiyya falsafasi xalqimizning komilligi va mukammalligi uchun xizmat qilishiga to’la ishonchimiz komildir. Ma’lo’mki, o’tgan yaqin tarix millatimizning, xalqimizning boshiga ko’p kulfatlarni soldi. Manfur siyosatchilar yurtimizni xom - ashyo bazasiga aylantirib, millatni manqurtlikka mahkum etishdi. Xalqimizda ilmga bo’lgan qiziqish susaydi. Ma’naviyatimiz, madaniyatimiz, milliy urf - odatlarimiz tomiriga bolta urishdi. Mamlakatimiz faqat xom - ashyo bazasiga aylantirilgani uchun ham, yurtimizda ortiqcha ish o’rinlari zavod va fabrikalar, korxonalar bunyod etilmadiki, uning ta’sirini bugungi kunda yurtdoshlarimizning chet ellarga ish izlab ketayotganidan bilsak bo’ladi. Tarixning manfur siyosatining ayyorona, uzoqni o’ylab siyosat yurgizgani to hanuz o’z kuchini saqlab  qolmoqda. Aynan o’sha zamonning qaltis siyosati tufayli millatimiz parokandalikka uchramoqdaki, bu holatni o’z vaqtida anglamasak, milliy manqurtizm kasali bizni tark etmagay va qaramlik sindromi davom etaveradi.  Tasavvur qiling, qancha - qancha yurtdoshlarimiz ish izlab o’zga yurtlarga, asosan Rossiya o’lkasiga qaramlikka, qullikka ketmoqdalar.  Agar ular o’sha mehnatni o’z yurtimizda qilganlarida biz davlatlar orasida keskin rivojlanib ham iqtisodiy, ham siyosiy jihatdan yuksaklarga ko’tarilmasmidik. O’zga yurtlar qorchalonlari bizning farzandlarimizning og’ir mehnatlari evaziga yurtlarini obod qilmoqdalar. Biz bu borada davlatni ayblashga haqqimiz yo’q. Har qanday davlat mustaqillikka erishgandan so’ng, ma’lum muddat iqtisodiy qiyinchiliklar ostida qolib ketadi. Masalan, shunday qudratli Amerika qo’shma shtatlari ham o’z mustaqilligidan keyin, deyarli qirq sakkiz yil iqtisodiy bo’hron ostida yashadi. Yaqin kelajakda  mamlakatimizning iqtisodiy, siyosiy, madaniy va ma’rifiy jihatdan yuksalishiga va jahon xalqlari orasida yanayam obro’ topishiga ishonamiz. Lekin o’sha davr o’z - o’zidan kelmaydi. Davlat o’z yo’lida, biz xalq sifatida davlat bilan yonma - yon turgan holda madaniyatimizni, ma’naviyatimizni, ma’rifatimizni o’zimiz ko’tarishimiz kerak. Davlat hammasini qilmoqda deb qarab tursak, o’zligimida hech narsa o’zgarmaydi. Millat o’z obro’sini osmono’par binolari va yo hashamatli saroylari bilan emas, ilm va tafakkuri bilan topadi. Millatda e’tiqod bo’lmasa, falsafa, ilm bo’lmasa bunday elning obro’si bo’lmaydi. Biz buyuk millat, buyuk xalqmiz. Tariximizga nazar tashlaylik. Agar oshkora, achchiq bo’lsa ham aytishimiz lozimki, biz buyuk tariximizga arzimaydigan manqurtlik qo’rg’oniga tushib qolish havfida turibmiz. Biz aslida donishmand xalqmiz. Lekin donishmandlik bizni tark etmoqda. Nega? Biz o’z qonimizga xiyonat qilamizmi? Hujayramizni tarixning asoratidan poklab nobop taraqqiyot bilan to’ldiramizmi? Donishmandlik bo’zlab qolmoqda.  Maktablarimizda kutubxonalarimiz huvillab qolmayaptimi? Farzandlarimiz  maydonda to’p o’ynab, komp’yuter xonalarda o’yinlar bilan band, telefon kovlab va yo, bir chekkada sigaret tutatib qimmatli vaqtlarini yo’qotmayaptilarmi? Ota -onalarimiz farzandlarining yurish turishidan xabardormi? Oilada sog’lom tarbiya muhiti yo’lga qo’yilganmi? Vatan, xalq , millat oiladan boshlanadi. Oila  mayli nochor bo’lsin, lekin ilmli va tarbiyali bo’lsin. Ilm bor joyda oila xor bo’lmaydi, nochor bo’lmaydi. Xalqimizda sog’lom turmush tarzini yaratish uchun birinchi navbatda tafakkurga e’tibor qaratmog’imiz lozimdir. Bizning falsafamiz xalqparvar bo’lgani uchun ham xalq yo’lida sobitqadam turar ekanmiz,  albatta ularning sog’lom  turmush tarzi uchun o’zimizni ma’sul sezamiz. Bizning tariximiz buyukdir va hozirgi zamonimizdagi xalqimizning buyukligini  davomiyligini ushlab turish va buyuk xalqni kelajak avlodlarga etkazish uchun ham ma’suldirmiz. Buyuklik ma’naviyat , madaniyat va ma’rifatdadir. Buyuklik tafakkurdadir. Shunday ekan, bu yurtning oddiy ketmonchisidan tortib, yuqori kasb egasigacha  tafakkur sohibi bo’lmog’i kerak. Tafakkur nima deganda aytish lozimki, tafakkur bu hech bir nuqsoni bo’lmagan chin insoniylikdir. Biz oilada shunday muhitni yarataylikki, ota ham otalik va ham ustozlik vazifasini bajarsin. Biz otalarga ustozlik unvonini beraylik. Har bir oilada odamiylik maktabidan o’zlari farzandlariga dars bersinlar. Otaning vazifasi bu oilani tebratish bo’lsa, ustozning vazifasi farzandni tarbiyalamoq unga ilm bermoqdir.  Ushbu tizim millatimizning ilmiy madaniy va ma’rifiy darajasini yuksaltirishda juda qo’l keladi. Vatan oiladan boshlanadi, dedik. Vatanning ko’rki oiladan boshlanadi. Shu o’rinda aytmoqchimizki, farzand tarbiyasi uchun ustozlik qilishga o’qigan bo’lishi shart emas. Qonimizda ota -bobolarimizdan o’tib kelayotgan insoniylik va milliy an’analarimiz bor. Faqatgina uni harakatga keltirib ko’ngilda yuksak e’tiqod va qattiq qo’llik bilan vazifangizga yondoshsangiz bo’ladi. Siz millatingizni, aslingizni, naslingizni bilasiz. Avvalo, uyda turli xil mavzularda kutubxona tashkillashtirish kerak. Albatta, ma’naviyatli bo’lishni istasangiz ilmga intilasiz. Tushinib turibmiz, kitob o’qimoq hozir hammaga ham yoqadigan yumush emas. Lekin biz faqat nafs bilan cheklanib qolsak, yuqorida aytganimizdek manqurtlik  asoratida qolib ketaveramiz. Tafakkurida ilm bo’lmagan inson g’iybatga beriladi. Axir til gapirmoq uchun berilgan. Tafakkurda gapiradigan ilm  shodalari bo’lmasa g’iybat ko’payadi. G’iybat bu ruhiy kasallikdir. Xalqimizni bunday kasallik turidan ozod qilish uchun fikrni milliy o’zlikka, milliy madaniyatimizga qaratishimiz kerak. Ilmning cheki chegarasi yo’qdir. Agar tafakkur ilm bilan boyitilsa, hech qanday g’iybatga o’rin qolmaydi va biz otalarimiz onalarimizning ustozlik vazifalari orqali sog’lom turmush tarzini yaratamiz.

Xalqimiz hech qachon birovga yomonlik istamagan, bag’ri keng ulug’ bir millatdir. Bizda har bir oila tinch va beg’ubor bekamu - ko’st  yashashni istaydi. Faqat ana shu bekamu - ko’stlikning yoniga ilmni qo’shsak, bilingki hayotingiz tubdan o’zgarib ketadi va siz chinakam baxtni anglaysiz.  Biz har bir oilada insoniylik maktablarini tashkillashtirsak, ota - onalarimiz kuniga hech bo’lmasa yarim soat farzandlariga mehr -oqibat nima, adolat, haqiqat, mardlik, saxovat, oila, vatan, millat nima va hokazolar xaqida nasihat so’zlasalar, nur ustiga a’lo nur bo’lardi. Ota farzandiga desinki, - bolam sening vijdoning pok, ko’ngling har neki qusur odatlardan holi bo’lmog’i lozim. Vijdon kamarini belingga bog’lab insoniylik fazilatlarini xalq oldida namoyon et. Qalbingda poklik, himmat, xizmat, hurmat, kamtarinlik, odob - axloq aqidalarini shakllantir, ota- ona, el -yurt, Vatan oldida o’z burchingni angla, yomondan yiroq yur, yaxshini do’st tutgin, sabrli bo’l, iymoningni but saqla. Hamisha ilmga intilib yashagin, xor bo’lmaysan, birovga zoriqmaysan, saodat topasan.Odob -axloq bu bizning qonimizdagi ilmdir. Farzandning tarbiyasi uchun diplom shart emas. Yaxshilik, mehr - oqibat haqidagi so’zlar oramizda shu qadar ko’pki, uni aytaverib tugata olmaysiz. Biz ana shunday go’zal hayotga olib boruvchi tarbiyaviy ahamiyati katta bo’lgan so’zlarni farzandlarimizga etkazib berolmayapmiz. Biz hayot tashvishlariga berilib, farzandlarimiz tarbiyasiga vaqt ajrataolmayapmiz. Buning natijasida farzandlarimizning ilmga to’ldirishlari kerak bo’lgan hujayra bo’shliqlarini salbiy hislatlar egallamoqda. Inson ongida qanday fikr bo’lsa, o’shanga amal qiladi. Milliy e’tiqod bo’lsa, milliyligiga yondoshadi. E’tiqod juda kuchli manbaiki, u inson vujudiga qon bilan qiradi. Misol keltiraylik. Tarixda bir mamlakat shohi go’zal lo’li bir qizni sevib qolibdi va unga tilamchilik qilmaslik sharti bilan uylanibdi. Oradan kunlar o’tib shoh chekka bir saroyida tokchalarga nonni terib, o’ziga o’zi sadaqa qiling deb tilamchilik qilayotgan o’sha lo’li xotinini ko’rib qolibdi. Shoh saroyida malika tilamchilik qilmoqda. E’tiqodning kuchini sezayapsizmi? Yoki bo’lmasa yomon odatlarni kasb qilgan o’g’rini olaylik. Siz uni har qancha yo’lidan qaytarmang, har qancha qamalmasin, baribir o’g’irlik qiladi. Ha, bu odam bo’lmaydi deb qo’yamiz. Bu ham e’tiqoddir. E’tiqodni jon bilan sug’urib olinmasa, ayirib bo’lmaydi. Endi anglayapsizmi, agar biz millatimiz ongiga milliy e’tiqodni singdirsak, qanday qudratli vatan bo’lishimizni. Biz azaliy ilmlarimizni e’zozlagan holda, keyingi asrning salbiy oqibatlarini yo’qotish uchun insoniylik maktablariga qayta asos solishimiz kerakki, bu o’zligimizdan ancha yiroqlashib ketayotgan bizning davrimizda milliy e’tiqodimizni kuchaytiradi. Inson biror bir kasb tanlashidan oldin, avvalo, milliy e’tiqod maktabidan saboq olishi kerak. Ana shunda jamiyatdagi barcha salbiy qusurlardan holi musaffo hayot yarata olamiz. Biz farzandlarimizning o’sib kelayotgan ongiga tafakkur va milliy e’tiqodni chuqurroq singdirishimiz kerak. Bu, xalqimiz oldidagi ma’suliyatli va kerakli tizimdir. Millat  o’zini o’ziga ko’rsatish kerak emas, millat o’z - o’ziga faxr tuyg’usini his qilishi kerak. Millatimizning donishmandligini, xalqimizni oqilligini o’zimiz emas, o’zga millatlar ko’rsin va havas qilsin. Insoniylik tuyg’ulari e’tiqod orqali tug’iladi. Biz millatimiz, xalqimizning qoniga milliy e’tiqodni singdirsakgina maqsadga erishamiz. E’tiqodli inson hamisha o’z millatiga sodiq qoladi, uning madaniyati va ma’naviyatini qadrlaydi, ulug’laydi. Milliy urf -odatlarimizni davomiyligini ta’minlaydi. Fikri yodini ilmga qaratadi. Millat va vatan uchun qayg’uradi. Uning uchun shaxsiy manfaatlar ikkinchi darajada bo’lib qoladi. Aslida bizda barcha sharoitlar mavjuddir. Iqtisodiy tanqislikni ro’kach qilib ba’zi yurtdoshlarimizning o’zga yurtlarda ishlagani ketishlari, bu millatimizning ham ma’naviyati va ham madaniyatiga o’zining salbiy ta’sirini o’tkazmay qolmaydi. Uning o’zga yurtda istaymizmi yo’qmi, ruhiy holatida o’zgarishlar sodir bo’ladi. O’sha muhit odatiga o’rganadi, kerak bo’lsa o’zga madaniyatlar xilini yurtimizga olib kirishdan ham qaytmaydi. Nega? Chunki ular milliy e’tiqod tarbiyasi bilan sug’orilmaganlar. Odam savdosi ma’lo’mki, global muammolardan biriga aylandi. Bu holat bizning yurtimizda ham yuqori darajada ekanligini har kuni yurtimizdan chiqib ketayotgan yurtdoshlarimizdan bilsak bo’ladi. Qullikning zamonaviy bunday ko’rinishi millatimiz obro’siga putur etkazmayaptimi? Biz qachon o’zlikni anglaymiz. Biz qachon nafsni bir chekkaga so’rib milliy e’tiqod yo’liga o’tamiz. Biz bir millat o’z millatimizning sha’niga dog’ tushirib qo’ymayapmizmi? Agar ilm birla tafakkurni  ishlatsak, o’sha yoqda topilayotgan pulni o’z yurtimizdan ham topsa bo’lmaydimi?  Biz o’z ustimizdan qachon ishlaymiz? Biz o’zligimizni tafakkurimizda qachon uyg’otamiz. Biz ertaning g’ami bilan emas, bugunning ilmi bilan yashaylik, ertamiz yorug’ bo’ladi. Bizning millat, bizning xalq jahon tamadduniga tamal toshini qo’ygan millatdir. Al - Beruniy, Al - Buxoriy, al - Xorazmiy, at - Termiziy, Ibn Sino kabi daholar avlodi ekanligimizni unutib qo’ymaylik. Bizning millatga, bizning xalqqa qullik yarashmaydi. Biz oqil va dono, donishmand xalqmiz va o’z tamoyilimizga sodiq qolishimiz kerak.

Alhamdillillahi robbil a’lamin...

YANGILANISHLAR

MAHSULOTLAR

Media-mahsulotlar pochta orqali

SAYT XARITASI

STATISTIKA