TOIFALAR

QATRON

SHOGIRDLARNING SHARXLARI

NURSAFARDIYYA
ISH FAOLIYATI

QIDIRUV

HAMKORLAR

Til va Dil yoxud giybat sanati kimga kerak?

Muallif: Sofiy - tabib shayx Nursafardiy

Joylashtirish vaqti: 2010-09-23

“Cho’p”ni o’ziga qurol qilganlar, unutmasinlarki “cho’p”ning ikki uchi borligini.

Agar inson ruhiyatiga nazar tashlaydigan bo’lsak, unda ham xuddi vujudda bo’lgani kabi nafsning bir necha turlarini ko’ramiz. Ruhiyat bu insonni ma’lum yo’lga boshqaruvchi asosiy kuchdir. Hamma gap uning qanday shakllanganida va qaysi  yo’lni tanlaganidadir. Ilohiy yo’l tafakkur va ko’ngil pokligi ila tanlansa, dunyoviy yo’lning tafakkurdan tashqari nafsiy xurujlari ham mavjudki, u insonni hamisha fikran chalg’itib turadi. Nafs bu insonning  vujudiga,  ruhan sog’ligiga salbiy ta’sir o’tkazuvchi kuchli vositadir. Nafs zamirida  ham ruhan va ham vujudan kasalliklar turi mavjudki, uni o’z vaqtida davolamasa, bunday xurujlar insonni har tomonlama xarob  etishi mumkin.  Shuni alohida ta’kidlashni lozim topdimki, insonda fiziologik kasallikdan ko’ra, ruhiy kasalliklar turi nafaqat insonning o’zi, balki uning atrofidagi odamlar uchun ham o’ta havflidir. Ana shunday kasalliklarning biri, nihoyatda achinarli bo’lsa ham aytishga majburmizki, bu o’zligimizga tekkan g’iybat sindromi kasalligidir. Agar biz tariximizga nazar tashlaydigan bo’lsak, moziyda o’tgan ajdodlarimizning naqadar mehr - oqibatli, oqil va donishmand bo’lganini guvohi bo’lamiz. Ular haqida to’lqinlanib gapiramiz va faxr iftixor tuyg’usini sezamiz. Keyingi asr davri biz uchun anchagina ilmsizlik va tafakkurdan yiroq bir sanalarni tortiq qildiki, buning natijasida tafakkurning ilmga bo’lgan hududlarining o’rnini, tom ma’noda g’iybat kasalligi egalladi. Va eng achinarlisi shundaki, bunday ruhiy kasallik turi millatimiz qoniga tobora singib bormoqda.   Bunday kasallik millatimizga qaerdan  keldi va nima uchun? Agar biz o’z nazariyalarimiz bilan asoslaydigan bo’lsak, uning zamiridagi asos tafakkur tanqisligi va ma’rifat ila madaniyatning sustligidir. G’iybat shunday kasallik turidirki, u ilmsiz va bekorchini izlaydi. Agar anglagan bo’lsangiz ilmli inson, tafakkurini go’zal odatlar ila boyitadi, bunday kasallikka chalinmaydi. G’iybat nima o’zi? G’iybat bu insonlarni bir - biriga qarshi qo’yadigan, ular orasiga nifoq soladigan va hatto halok etadigan o’ta kuchli quroldir. G’iybat kasalligi o’z ichiga ko’rolmaslik, ayyorlik,  manmanlik, hasad va manqurtlik kabi ruhiy kasalliklar orqali o’z kuchiga egadir. Xalqimizda” bo’lsa ko’rolmaydi, bo’lmasa berolmaydi” degan naql bor. Ushbu naqlning naqadar to’g’ri va teran aytilganini bugun hayotimiz isbotida ko’rib turibmiz. Biz nega g’iybat qilamiz. Oramizda shunday insonlar borki, ular avval davlatni, keyin jamiyatni, mahallani, qo’ni - qo’shnisini g’iybat qiladi. G’iybat uning uchun ozuqa manbaiga aylanib qolgan. G’iybat shu qadar og’ir kasallik to’riqi, inson barchani g’iybat qilib bo’lsa, oxiri oilasini qolaversa, o’zini ham g’iybat qilishdan toymaydi. Hozirgi davrimizda qaerga qaramang, g’iybatni guvohi bo’lasiz. Choyxona deysizmi, do’stlar davrasi deysizmi, to’yxonami, oila davrasi va hatto azada bo’lsangiz ham g’iybat o’sha erda hoziru nozir. Nima bizning g’iybatdan o’zga hunarimiz qolmadimi? Masalaning achinarli tomoni shundaki, avvallari bunday  ruhiy kasallik turi ayollarda ko’proq uchrardi va endilikda erkaklarimiz ham  ayollardan qolishmagan holda, g’iybatga ko’milib ketmoqda. Ko’chadan falonchini qizi o’tsa, yo’l boshida o’tirgan kap - katta erkaklar uning ortidan g’iybatni boshlaydilar. – “Eshitdingmi, anavi falonchini o’g’li bilan don olishib yurarkan.”

Birodar siz birovni g’iybat qilishdan oldin o’ylab ko’rdingizmi, sizni ham g’iybat qilmaslarmi? Birovni ortidan gapirish, uning sha’niga dog’ tushirish sizga nima beradi. Undan ko’ra huv ana anhor bo’yida bir to’p yoshlar sigaret chekib ichib o’tirishibdi. Siz odob va axloq yuzasidan ularning oldiga borib chekish va ichmoqlikning qoni zarar ekanligini, ilm esa insonni saodatga boshlashini nasihat qilmaysizmi? Yoki o’z davrangizda  chiroyli suhbat uyushtirsangiz, ezguliklar haqida gapirsangiz, bebaho odatlarimizni to’lqinlanib so’zlasangiz, davradagilarni saodatga boshlasangiz, mahalla kuyga, jamiyatga bo’lgan hurmatingiz va oqilona himmatingizni bildirmaydimi? Odamlar yolg’izlikdan qochadilar. Ular davralarga ko’proq intiladilar. Nega? Chunki u erda g’iybat bor. Keyingi paytlarda odamlarda g’iybatga bo’lgan ehtiyoj kuchayib bormoqda. Kimdir qo’shnisini, kimdir do’stini va kimdir kimningdir xotinini g’iybat qiladi. Insonda ruhiyat shu darajada o’z funktsiyasini yo’qotdiki,  u salbiy tuyg’ulardan rohat topadigan bo’ldi.  G’iybat bu qo’ni - qo’shnidan, yoru birodardan ayiruvchi kuchdir. Biz g’iybat atrofida o’ralashib umrimizni behuda o’rqazmayapmizmi? G’iybat bizning oltinga teng lahzalarimizni o’g’irlamayaptimi?

Yovvoyi hayvonlar xarakteriga nazar tashlasak, ular avval emish izlaydilar, qorinlarini to’qlab soya salqinda dam oladilar va zerikkanlaridan bir - birlarini shoxlaydilar, jang qiladilar. Insonda ham shu hislat bor. U avval davrada o’tiradi, eydi, ichadi va sekin - asta g’iybat boshlanadi, oxiri esa ma’lum. G’iybat bu tom ma’nodagi manqurtlikning o’zginasidir. Til, xoxlaymizmi, xoxlamaymizmi gapirish  istaydi. Agar tafakkurda ilm bo’lmasa, u qaqrab yotgan cho’lni eslatsa, bechora til nima qilsin. Unga so’zlashga g’iybatdan o’zga nima bor? Nazarimda xalqimiz orasidagi bir naql eskirgan ko’rinadi. “Boshingga kelgan baloni, tilingdan ko’r”- deydilar. Bu baloni  tildan emas, tafakkurning ojizligidan  ko’rmoq kerak emasmi? Til oddiy fiziologik bajaruvchi funktsiya, xolos. Uni qayoqqa bursangiz, o’sha tomonga ketadi. Til, tafakkur yoki aql nima desa shunga bo’ysinadi. Boshimizga kelgan baloni aybini nega tildan izlashimiz kerak. Siz tafakkurni  tarbiyalab, odob yuzasidan tilni ishga solingchi, kim sizga nima deydi?  Endi xulosaga keladigan bo’lsak, aynan g’iybat kasalligi sindromi bizning dilimizni  to’laligicha o’z izmiga olgan. Buning yagona sababi, bizning ilm va tafakkurdan yiroqlashib ketganimizdir. Biz ongimiz, tafakkurimizga kerakli bo’lgan ilohiy ozuqa sandiqchalarini aynan g’iybat bilan to’ldirib tashlayamizki, bu holat millatimizdagi manqurtlik kasalini rivojlantirmoqda. Inson bu dunyoga nima uchun keladi? Uning bajaradigan funktsiyalari nimalardan iborat. Aqlan fikr qilgan odam tafakkurini ilmga qaratadi va ilohiy ilm sarhadlariga keng yo’l ochadi. Xohlaymizmi, xohlamaymizmi dunyoviy  yashash sharoitida g’iybat baribir mavjud va bunday ruhiy kasallik turidan insonning butunlay holi yashashga imkoniyati yo’q. Bunday ruhiy kasallikdan qo’tilishning yagona yo’li bu, tafakkur tarbiyasidir. Toki biz tafakkur tarbiyasi orqali ko’ngilni  ushbu xastalikdan poklamas ekanmiz, jamiyat bunday chirkin odatdan qutilolmaydi. G’iybat bu insoniyatning o’ziga qarshi qaratilgan xavfli qurollardan biridir. Biz millatimizni bunday kasallik turidan ozod qilishimiz va sog’lom turmush tarzini yaratishimiz uchun e’tiborni ko’proq tafakkur tarbiyasiga qaratishimiz lozim bo’ladi. Odamlar g’iybatni kasbga aylantirmoqdalar. Hamma kasalliklarni davolab bo’lgani singari g’iybat xastaligini ham davolasa bo’ladi. Bu xavfli kasallikning davosi tafakkurdir. Faqat tafakkurgina uni davolay oladi. Yoshlarimizning ilmga bo’lgan chanqoqligi susaygani uchun ham ular orasida, ayniqsa oliy o’quv yurtlarida bu holat kuzatilmoqda.  Talabalar darsdan tashqari qo’llariga kitob emas, g’iybat qurolini olmoqdalar. Bu holatda qanday buyuk kelajak quramiz. G’iybat kasalligi oiladan boshlanadi. Oilaviy muhit bunday kasallik turini keltirib chiqaradi. Bizda milliy urf -odatlar turlari ko’p, masalan kashtachilik, paxsachilik, xullas jamoa bo’lib ishlaydigan mehnatning turlari ko’pdir. Biz aytayotgan g’iybat asosan davralarda, qo’l ishdayu til g’iybatda bo’lib qolayotir. Mehnat bu halollikdir. Qo’lni halol ishga boshqarib tilimizni g’iybatga bo’rsak, topgan nonimiz halol xisoblanadimi?  G’iybat nafaqat yomon hislat, balki fizik holatda jiddiy tibbiy kasalliklarga olib keluvchi vosita hamdir. Siz g’iybat qildim bo’ldi deb o’ylaysiz, lekin o’sha g’iybatingizning salbiy quvvati vujudingizda qoladi va sizni kasallikka  chalintiradi. Yaxshi so’zlagan inson, g’iybatdan yiroqlar o’z shirin so’zlari bilan sog’liklarini mustahkamlab boradilar. Nega biz davralarda buyuk tariximiz haqida gapirmaymiz, nega odamiylikning go’zal hislatlari haqida gapirmaymiz. Falonchi to’y qilibdi, to’yida aroq qo’yilmabdi,  pismadonchi ikki qavatli uy qurayotganmish, falonchi qizini falonchiga bermoqchi ekan, pismadonchi bilan qochib ketibdi, pismadonchi eridan ayrilibdi, falonchi yana uylanayotganmish... Bunday ma’nisiz gaplar sizga nima beradi? Undan ko’ra kasbingizni rivojlantirmaysizmi, o’z yo’nalishingizda kashfiyotlar ustida bosh qotirmaysizmi?  Qo’lingiz mehnatda bo’lgan paytda fikrni ilmga qaratmaysizmi? G’iybat oiladan boshlanadi. Oilada tarbiya bo’lmasa g’iybat shundan boshlanadi. Oilada ilm bo’lmasa, tafakkur bo’lmasa g’iybat shundan boshlanadi. Chunki gaplashadigan boshqa gap yo’qda. Oilada bekorchilik bo’lsa, g’iybat shundan boshlanadi. Tarbiyani oiladan boshlamoq lozim. Oilada farzand bo’sh qoldimi, uning qo’liga yo ketmon, yo kitob tutqazing. Mehnat tanani chiniqtirsa, ilm tafakkurni yuksaltiradi. Oilada shunday bir muhitni yaratish kerakki, toki g’iybatga o’rin qolmasin. Mabodo, oilada g’iybat urug’i sochilsa, bu holat avval farzandlarga o’tadi, keyin mahallaga va asta - sekinlik bilan u butun jamiyat kasalligiga aylanadi. G’iybatdan qochmoq kerak, g’iybatdan yiroq yurmoq kerak. G’iybatni tafakkurdan butunlay uloqtirib tashlamoq kerak. Millatning ilmga bo’lgan ishtiyoqini uyg’otish har birimizning muqaddas burchimiz bo’lsin. Biz mukammal millatmiz. Biz o’zligimizni mayda g’iybatlarga oldirib qo’ymasligimiz kerak. Bizga g’iybat emas, ilm va yuksak tafakkur yarashadi. O’zimizga yarashadigan ishni qilaylik. O’zimizga munosib bo’lgan yo’lni tanlaylik. G’iybat bizning millatimizga xos yumush emas.  Biz g’iybatni o’zimizniki qilib olmasligimiz kerak. G’iybat  ilmsizlikni bildiradi. O’zida bo’lmagani uchun o’zgani ko’rolmaydi. Siz ilmga tafakkurga intiling, havas bilan yashang. Hayotdan zavq olib yashang. Anglashingiz lozimki, g’iybat sizni ham ruhiyatingizni, ham vujudingizni sezdirmagan holda emiradi. G’iybatsiz yashash bu musaffo hayotdir. Bir insondan so’rashibdi, - “sening xotining qanday ayol?” Savolga javoban u, - “kechirasan men xotinim haqida hech narsa aytmayman,” –debdi. Bir vaqti kelib o’sha inson xotinidan ajrashib ketsa, haligi savol bergan odam yana, - “mana ajrashib ketding, endi aytarsan xotiningni qanday insonligini,” - desa u, -“men bilmayman, uni qanaqaligini borib eridan so’ra” - degan ekan. Kamgaplik va teran tafakkur bu chin insoniylik belgisidir. Odamlar  garchi ilmlari bo’lmasada, tayinsiz gaplar bilan g’iybat shodalarini terib o’zlarini aqlli ko’rsatadilar. Inson o’zligini g’iybat bilan emas, ilm bilan ko’rsatsin. Tafakkurda ilm bo’lmasayu, tilni qo’yib yuborsangiz, undan ko’p gaplar, asosan g’iybat gaplar chiqib ketadi. Inson tilni emas, tafakkurni tarbiyalashi kerak. Til agar tafakkur ixtiyoriga o’tsa, undan hech qachon yomon so’zlar chiqmaydi. G’iybat  millatimizni tark etsin, bizni g’iybatga qarshi kurashmoq paytimiz keldi. Faqat g’iybatga qarshi kurash boshlaganimizni ham g’iybatga aylantirib yubormaylik. Unga qarshi ichki tug’yon bilan tafakkurni ilmga to’ldirib, tilimizni tishlashni odat qilsak bo’lgani.

YANGILANISHLAR

MAHSULOTLAR

Media-mahsulotlar pochta orqali

SAYT XARITASI

STATISTIKA