TOIFALAR

QATRON

SHOGIRDLARNING SHARXLARI

NURSAFARDIYYA
ISH FAOLIYATI

QIDIRUV

HAMKORLAR

Samolarga sayqal millatim...

Muallif: Sofiy-tabib shayx Nursafardiy

Joylashtirish vaqti: 2010-09-22

Haq yo’lida Haqparvar bizmiz,
Xalq yo’lida xalqparvardirmiz. 
Jonimiz fidodir Vatan ishqida, 
 Qalbda yashar millatparvarmiz.

Millatimga havas qildim, o’n beshinchi asrda, millatimga havas qildim, o’n olti, o’n etti, o’n sakkiz, o’n to’qqiz... yigirmanchi asrda ham millatimga havas qilardim. Qizil imperiya millatni hatto tomigacha paxta ektirganda ham millatimga havas qilardim. Bu millat mo’g’ul bosqinida ham o’zligini yo’qotmadi. Xonliklarga bo’linganda ham o’zligini yo’qotmadi. Chor Rossiyasi davrida ham o’zligidan ayirolmadilar. Qizil imperiya davrida o’ziga egalik qildilar, lekin o’zligini ololmadilar. Millatiga sodiq el o’z e’tiqodi yo’lida bardavom og’ir va mashaqqatli yo’lni bosib o’tdi. O’z eriga egalik qilolmadi, lekin  or - nomusini sotmadi, bir burda nonga zor bo’ldi, lekin sha’nini sotmadi. Boshidan tegirmon toshi yurgizdilar, lekin madaniyatidan, ma’naviyatidan voz kechmadi. Bu millatni engish oson emas va aslida engib ham bo’lmagaydir. Yigirma birinchi asrda esa... Biz hozirgi yoshlarimizni tafakkurdan yiroqligini ayblashga haqqimiz  yo’q. Chunki ularga milliy ma’naviyat va ilohiy ilmlar haqida dars beradigan ustozlar  etishmaydi. Katta yosh avlodlar sobiq imperiya davrida ta’lim olganlari bois ularda milliy qadriyatlar borasida etarlicha bilim va tajriba mavjud emas.  Bu albatta, o’sha zamonning  vahshiyona siyosati asoratidir. Biz millatimizga yangicha nazar, e’tiqod nazari ila qarashni o’rganmasak, milliy mukammallikka erisholmaymiz. Biz buyuk ajdodlarimiz bilan hamisha faxrlanamiz va buyuk millat ekanligimizni bilamiz...  Tariximizda o’tgan buyuk ajdodlarimizga nafaqat biz, balki jahon afgor  ommasi yuksak baho beradi. Lekin yigirma birinchi asrda nima bo’ldi? Biz buyuk tariximizga baho berishda ilg’ormiz, lekin o’zimizga o’zligimizning bugungi holatiga baho bera olamizmi? Biz buyuk tariximizga loyiqmizmi? Biz o’zimizga qachon baho beramiz? Biz yigirma birinchi asrda o’zligimizni yo’qotib qo’ymadikmi?Tariximizni bizning bugungi kelajak xavotirga solmayaptimi? Dunyoviy modernizm madaniyati millatimizning ma’naviyatiga o’zining soyasini solmadimi? Biz millatimizga xos bo’lgan qanday madaniyatni va ma’naviyatni yo’qotayapmiz?

Birinchidan iqtisodiy tanazzul  sharpalari  oramizdan mehr - oqibat va halollik tuyg’ularini ko’tardi. Biz yashash va  savdo  madaniyatini yo’qotdik. Dunyoviy modernizm sharpasi kiyinish va so’z, tildagi milliy madaniyatimizga zarba berdi. Dunyoviy taraqqiyot sharpalari muomala va milliy udumlarimizga ta’sir o’tkazdi.  Ollohga shukrki, iqtisodiy qiyinchilikdan va har qanday milliy nizo va urushlardan yiroq holda yashamoqdamiz. Urush yillari, ocharchilik va bosqinchilik yillarida millat o’zligini yo’qotmagan bizning  dorilomon davrda  yashab turib o’zlikni yo’qotamizmi? Bizga nima bo’ldi? Biz tinchlik davrida nimani maqsad qilib yashayapmiz? Biz dunyoviy taraqqiyot davrida nimalarni unutdik?

Muomala madaniyati shirin so’zdir. Savdo madaniyati halollikdir, milliy madaniyat udumlar amalidir, kiyinish madaniyati milliy ko’rinish, til madaniyati milliy so’zlikdir.

Milliylik bu bir jonlik bir tanlik va bir vatanlikdir. Milliylik bitta  qon, bitta xalq va xalqparvarlikdir. Millatning milliyligini asrab qolmoq uchun millatparvar bo’lmog’imiz lozim. Millatparvar bo’lmog’imiz uchun milliy madaniyatimizga hurmat ko’zi bilan qaramog’imiz lozimdir.

Milliylik e’tiqod ortidan shakllanadi va o’z qadriga ega bo’ladi. Biz o’zlikni e’tiqod bilan mustahkamlaymiz. Eng yuksak e’tiqod bu ilohiy e’tiqoddir. Va ilohiy e’tiqod orqaligina inson o’zligini anglaydi, millatini, vatanini anglaydi. Ilohiy e’tiqod nima? Ilohiy e’tiqod o’zlikdan tashqari o’zlikdir. Ilohiy e’tiqod so’zlikdan tashqari so’zlikdir. Biz qaysi  dunyoda yashayapmiz? Biz istagan ilohiy olam qaerda? Biz Ilohdan, o’limdan so’nggina umid qilayapmizmi? Ilohiy olam shu erda emasmi? Tiriklik Ilohga etishishning eng qulay fursati emasmi? Ilohga tiriklikda etolmagan, o’lganda qanday etiladi?

Umuman, Ilohga nega o’lgan holatda borishimiz kerak. Iloh shu erda, faqat uni ko’ra bilish kerak. Tiriklikda ko’rolmagan Ilohni o’lganda ko’ramizmi? Biz mavjud olamda Iloh bilan yashamasak, o’lgandan so’ng qanday yashaymiz? Nazarimda bu dunyoda xudosini yo’qotganlar, uni narigi dunyodan izlaydilar. Endi fikr qilingchi, tirikligida topolmagan Xudoni o’lganda topib bo’ladimi? Qur’onning bir oyatida Xudo, - sizlarning ko’pchiligingizni ruhlaring bilan birga tuproqqa aylantiraman, - deydi. Demak, tamoman tuproqqa aylanmaslik uchun nima qilmoq kerak? Mavjud olamda Ilohni topmoq va uni qalbda jo etmoq kerak. Ilohni qanday topmoq lozim? Mashaqqat va riyozat orqali. Dunyoviy taraqqiyot ildamlagan va insonlar uning ortidan quvib borayotgan bir paytda mashaqqat va riyozat kimga kerak. Odamlarning Xudoni eslashga vaqtlari bormi o’zi? Hozirgi davrda Xudoni eslash zamondan orqaga qolish bilan barobar. (Shariat ahli bundan mustasno albatta) Odamlar umrning g’animatligini rohatda deb bildilar. Rohat izidan boylikka intildilar. E’tiqodsizlik odamlarni ongini parokandalikka olib keldi. Ular na Xudoga ishonishni va na dunyoga intilishni bilmay qoldilar. Insonlarda Ilohni anglashlari uchun faqatgina e’tiqod etishmayapti. Lekin e’tiqod bu nihoyatda mas’uliyatli xilqat bo’lgani uchun ham odamlar uning chegarasidan kirishga yurak betlamayaptilar. E’tiqod ular anglaganlaridek, avval nafsni o’ldiradi. Dunyo mohiyatini nafsdan iborat deb anglaganlar uchun e’tiqod yo’lini tanlash osonmi? Odamlarning nafsga bo’lgan e’tiqodlari kuchayib borayotgan bir paytda, ilohiy e’tiqod haqidagi hikmatlarimiz ularning qulog’iga cho’pchak bo’lib tuyulsa kerak. Milliy e’tiqodni faqatgina ilohiy ilm va tafakkur orqaligina fahmlash mumkin. Demak, millatning o’zini anglash davri keldi. Faqat buning uchun ilohiy ilm va tafakkur sarhadlariga yuz burib, fahm - farosat bilan uni anglasakgina, biz istagan milliy madaniyatimiz, ma’naviyatimiz  asl  o’zligimiz  boqiylik kasb etadi.

Alhamdullillahi robbil a’lamin...

YANGILANISHLAR

MAHSULOTLAR

Media-mahsulotlar pochta orqali

SAYT XARITASI

STATISTIKA