TOIFALAR

QATRON

SHOGIRDLARNING SHARXLARI

NURSAFARDIYYA
ISH FAOLIYATI

QIDIRUV

HAMKORLAR

Hikmat bu - tuganmas xizmat

Muallif: Sofiy-tabib shayx Nursafardiy

Joylashtirish vaqti: 2010-09-22

Hikmat bitdim hikmatim xizmatimdur,
Neki xizmat qildim, bildim hikmatimdur.

Hikmat bu insonlar qalbiga nur taratib, ezgulik amaliyotlariga undagan holda, ularning ichida yangi olamni yaratuvchi  ko’rinmas qudratli xabardir.                               

Dedim,  ey farzand, agarkim bu olamda odob ko’chasidan kirib, keksalik davrda narigi olamga saodat yo’lidan chiqib ketmoqni istasang ko’ngil saroyida e’tiqod qo’rg’onini bunyod etgil.  E’tiqod bu o’zligingni anglatib turuvchi  o’zlik ma’nosidurki, agar  uni mustahkam  tutmasang o’zligingni yo’qotgaysan. Anglagilki, e’tiqodning o’ng qo’li mehr bo’lsa, chap qo’li sadoqatdir. Ko’zlari mardlik bo’lsa, so’zlari haqiqatdir. Sen e’tiqod mehri ila vataningga, xalqingga, millatingga , oilangga mehr qo’ygaysan va u shunday bir kuchli mehr bo’lgayki, agar ayirmoq istasalar uni faqat jon ila qo’shib ayirurlar. Sadoqat bu sening amalingdagi barcha ezgu ishlaringni pokiza saqlovchi millating, eling, vataning oldida yuzingni yorug’ etguchi muqaddas tuyg’udir. Bu tuyg’u ila sen  o’z e’tiqodingga sodiq qolgaysan. Hech qanday kuch sening tanlagan yo’lingdan qaytara olmagay. E’tiqod ila sening ko’zlaringda mardlik nishonalari hamisha porlab to’rg’ay.  Sen bunday jasurlik ila vataningni, xalqingni, millatingni munosib himoya qilgaysan. E’tiqod tilida sen doim haqiqatni so’zlagaysan. Nohaqlikka qarshi kurashgaysan. Hamisha millat va vatan ishqida yongaysan va kerak bo’lsa bu yo’lda joningni fido qilgaysan. Farzand uchun vatan, millat manfaati yo’lida kurashmoqdan ulug’roq baxt bormi. Vatan sening joningdur, millat sening qoningdur, xalq sening iymoningdur, shu yurt uchun jon bermoq paymoningdur. Anglagilki, birgina e’tiqod nashidasi sening nomingni yuksaklarga ko’targay. Aytgil, vatan deb yonmagan farzandni farzand deydilarmi, millatim deb quymagan farzandni farzand deydilarmi, xalqim deb jon bermagan farzandni farzand deydilarmi. Anglagilki, vatan ostonadan boshlangay, millat tafakkurdan, xalq ko’ngildan boshlangay. Ostonangdan chiqqil vatan mehri bilan, tafakkurda hamisha millatingni sevib yashagil, ko’ngilda xalqingga xizmat qilish odatlarini bitib qo’ygil. Vatan tufrog’i bu sening nasibangdur, millat  qo’rg’oni bu sening naslingdur, xalqingni mehri bu sening aslingdur. Vatanga xizmat bu avvalo o’zingga, o’zligingga xizmatdur, millatingni asraganing bu o’zingni, o’zligingni asraganingdur, xalqqa mehring bu o’zingga, o’zligingga ko’rsatgan mehringdur. E’tiqodning tilagi bu ilmdur. Ilm ila sen vatanni, millatni, xalqingni  samo qadar yuksaltirgaysan. Ilm tafakkurdir, tafakkur millatdir, xalqdir, vatandir. Agarkim ilm bo’lmasa millat parokandadir, vatan xarobadir, xalq manqurt va qaramdir. Millat ma’rifat ila, madaniyat ila, ma’naviyat ila vatan bo’lgay, vatan ichra saodatli xalq bo’lgay. Anglagilki, ilm qudratli kuch va quvvatdir.  Ilm tafakkurdan boshlangay, Iloh ko’ngildan. Unutmagilki, sening asling ham, nasling ham Iloh mahsulidir. Tafakkurda ilm, ko’ngilda Iloh seni saodat saroyiga boshlagay. Senkim, borliq olamda baxtiyor yashagil, ammo ko’ngling yo’qlik olamidagi borliqni hamisha his qilib tursin. Anglagilki, aynan yo’qlik olamidagi borliq sening borliqdagi borligingni nasib aylab turibdi. Va bul nasibliq uchun shukrona keltirgilki, barokatli va hamisha salomat bo’lgaysan. Dunyoning o’tkinchi bir karvon ekanligini anglagil va unutmagilki, sen ham shul karvonga sherik bir yo’lovchisan. Agar umrni g’animat bilib, olam qonunlariga rioya etmading, saodat topmog’ing mushkul bo’ldi. Olam qonuning birinchi bosqichi o’zlikdir, ikkinchisi millatdir, uchinchisi vatandir va to’rtinchisi Ilohdir. Senkim tafakkurning qudratli ilmlari orqali asta - sekinlik bilan yuqori darajalarga ko’tarilib borgaysan. Sen birinchi bosqichni o’zligingni anglashga bag’ishla, ikkinchisini millatga, uchinchisini vatanga va to’rtinchisini Ilohga bag’ishlagil. Va unutmagilki, quyidagi uch bosqichning hammasida to’rtinchi bosqich, ya’ni ilohiy nafas ufurib tursin. Bu holat sening yuksak e’tiqodingni anglatib to’rg’ay. Dunyo nadir, dedim, bir nafaslik umr. Ko’z ochib yumguncha o’tib ketgaydir. Insondan ezgulik va mehr -oqibatdan o’zga narsa qolmagay.  Ana shu bir nafaslik umrda sendan o’zlik nadir deb so’rasalar, degil o’zlik Ilohdir, vatan nima deb so’rasalar, degil vatan jonimdir, millat nima deb so’rasalar, degil millat qonimdir, xalq nima deb so’rasalar, degil xalq iymonimdir.

Yillar yuzlaringga ajin tushirgay,
Ko’zlar ko’zlaringga tik boqar goho.

Nohaq so’zlar yuragingga og’ir botadi,
Umr o’tar ana shunday tonglar otadi. 

Mayli yomonlarga so’zla nasihat ,
 Bir kun iymon yo’liga kirarlar albat.

Qotib ketgan bo’lsa tosh kabi yurak,
Nasihatdan bir kun erisa kerak.

Olamni ezgulik qutqarar bilgin,
 Iloh nima dedi, izlagin qilgin.

Axir o’zlik, o’zliging Iloh emasmi?!

O’zingdan ketganing gunoh emasmi?!

Xalqingni sev, vatan deb yasha,
E’tiqod but bo’lsin shunga yarasha,

 Millat uchun joningni bergin.

Vatan axir noning emasmi?!

Millat butun qoning emasmi?!

E’tiqodi butun yurakda,

Xalqing seni joning emasmi?!

Dedim,  vatanga xizmat qilmoq oliy himmatdur. Xizmat dedimki, ikki to’rga bo’lingay, biri manfaatli xizmat va biri manfaatsiz xizmatdir. E’tiqodi sustlarkim, xizmatlari ortidan faqat shaxsiy manfaatlarini ko’zlagaylar. Manfaatsiz xizmat bu vatan ishqida yongan   xalqi uchun har narsaga tayyor, e’tiqodi kuchli insonlar amalidir. Anglagilki, xalq orasida, bekorchi yurgandan bepul ishla, degan naql  bor. Gar sening qo’ling bo’sh ekan, zinhor bekorchilikni odat qilmagil. Tekin bo’lsada ishla, kimgadir foydang tegsin. Balkim mahallada hashar bordir, balkim maktab qurilayotgandir, yo bo’lmasa qo’shning tomini yopolmay qiynalib turgandir va hokazolar... Bilgilki, bekorchilik amaliyot  tizimini  falaj qilgay. Insonda dangasalik va manqurtlik kasali vujudga kelgay va bu holat  sendagi e’tiqodni asta - sekinlik bilan o’ldirgaydir. Shuning uchun beminnat amaliyotni, himmatni, beg’araz mehnatni odat qilgil. Va bul odating ortidan xalqning hurmati va mehriga sazovor bo’lgaysan. Vatanning obodligiga o’z hissangni qo’shgaysan. Millat yuzini yorug’ qilgaysan. Seni millatparvar derlar, vatanparvar derlar, xalqparvar derlar, obro’ying yuksalgay. Bundan ortiq baxt bormi dunyoda... Senkim saodatni Iloh orqali topsang, chinakam baxtni  vatan orqali, millat orqali, xalq orqali topgaysan. Menkim nasihat so’zladim, unga kim amal qilish va qilmaslik sening e’tiqodingga bog’liqdir.

Zero vatan, millat va xalq manfaati hamma narsadan ulug’roqdir.

Alhamdillillahi robbil a’lamin.

YANGILANISHLAR

MAHSULOTLAR

Media-mahsulotlar pochta orqali

SAYT XARITASI

STATISTIKA