TOIFALAR

QATRON

SHOGIRDLARNING SHARXLARI

NURSAFARDIYYA
ISH FAOLIYATI

QIDIRUV

HAMKORLAR

Taklifnoma kelar qabrdan yoxud kafan bogichidagi savollar...

Muallif: Sofiy - tabib shayx Nursafardiy

Joylashtirish vaqti: 2010-09-21

Ikki o’ram matoh bilmading,
Hal qiladir sani holingni.
Qo’ling ochiq ketgaydir bilki,
Olib ketmas bo’lding molingni.

Tumonat odamlar bir safga tizilganlaridan so’ng,  mulla tobutning qarshisida turib, odamlarga  mahzun nigoh ila qarab oldi, so’ng, - xaloyiq marhum qanday inson edi? - dedi. Odamlar jimib qoldilar. Xaloyiq ichida sukunat cho’kdi. Mulla boshqa so’ramadi. Tobut tomonga o’girilib janozani o’qigach, odamlar tobutni ko’tarishga  urindilar. Biroq...

Tobutni joyidan qo’zg’ata olmadilar. Xaloyiq ichida sarosima boshlandi. Mulla avvaliga bir zum sukut saqladi, so’ng odamlarga qarata, shoshmanglar urinishlaring befoyda, - dedi. Xaloyiq ortga surildi. Mulla mayitning yuzini ochib, unga chuqur  nigoh ila qaradi va odamlarga o’girilib, - bu marhumning gunohi ko’p ekan, kafanning bog’ichini echinglar-dedi.  Kimdir mullaning aytganini bajargach, tobutni ko’tardilar.

Dunyo nadir? Dedim dunyo o’tkinchi, dunyo sarob, dunyo xarobdir. Kimdir anda najot istar, kimdir saodat, kimdir riyozatni qildilar odat. Kim anda ko’ngil ichra Iloh lazzatini topar, saodat   gulshani ichra  umr kitobin yopar, kimdir nafs istagini dilda uyg’otar, tafakkur ongida xaroba yotar, kimdir gunohning azobin tortar, kimnidir xushomatdan mansabi ortar, kimdir do’st deb do’stini sotar, kimnidir qalbida mehr tosh kabi qotar. Va shundayin gohi gunoh, gohi gunohsiz izlar, o’tib borar shiddat ila kecha - qunduzlar...

Dedim, dunyosi o’tkinchi, dunyosi sarob, dunyosi xarobdur. Kimdir bunda saxovat izlar, kimdir bunda xiyonat ko’zlar, kimdir qalbi ,Ilohdan so’zlar, kimdir takabburdan tayoq eb bo’zlar, kimdir or -nomusdan qizarar yuzlar va shundayin gohi gunoh, gohi gunohsiz , shiddat bilan  o’tib borar kecha - qunduzlar.

Dedim, dunyosi o’tkinchi, dunyosi sarob, dunyosi xarobdur. Kimdir boylik ortidan hashamat qurar, kimdir jononlar ichinda ayshu ishrat surar, kimdir ishq yo’lida mashaqqat chekib javlon o’rar, kimdir... Shundayin gohi gunoh, gohi gunohsiz so’zlar,  shiddat bilan o’tib borar kecha - qunduzlar...  

Dedim, dunyosi o’tkinchi, dunyosi sarobdur, dunyosi xarobdur. Kimdir chaman ichra gul izlar, kimdir o’zni xudo bilar qul izlar, dunyoni holini ko’ringizlar, gunoh ichra qolgan o’zingiz, qayga boshlar bosgan izingiz, kim nimani izlar, shundayin o’tib borar kecha - qunduzlar...

Dedim, dunyosi o’tkinchi,  dunyosi sarobdur, dunyosi xarobdur. Kimdir bul xarobani bo’stonga aylantirar, ko’ngil ichra Ilohni dostonga aylantirar, kimdir ani qonga, kimdir jonga aylantirar, kimdir iymonga, kimdir paymonga aylantirar. Kimdir armonga, kimdir darmonga aylantirar, kimdir farmonga, kimdir bir onga aylantirar va shundoq o’tib borar kecha - qunduzlar...

Dedim, dunyo o’tkinchi, dunyosi sarobdur, dunyosi xarobdur. Kimdir hikmat so’zlab bayon etdi. Kimdir o’zni “Xudo” dedi, qayon ketdi. Kimdir ishq dedi ishqqa etdi, kimdir kibr ila gunoh bitdi va shundoq o’tib borar kecha - qunduzlar...

Dedim, dunyosi o’tkinchi, dunyosi sarobdur,  dunyosi xarobdur.Kimningdir bunda qaddi dol bo’ldi, kimdir bir gul misol ochilmay so’ldi, kimningdir mashaqqat ila holati hol bo’ldi, kimdir tuhmat ichra uvol  o’ldi va shundayin o’tib borar kecha -  qunduzlar...

Dedim, dunyo bandalari qoq ikkiga bo’lindilar. Birinchi toifa dedim, dunyo ichinda mashaqqat ila ilohiy ishq istaganlar, ikkinchi toifa dedim, nafsni xon bilib  dunyoviy lazzat izlaganlar.

Ilohiy olam istaganlar riyozat qo’ynida purviqor zikr tog’larini tebratdilar va uning cho’qqilaridagi hikmat muzliklari erib adashgan bandalarning qaqrab yotgan ko’ngil tomorqalariga obi -hayot singari iymon suvi bo’lib quyildilar.

Dunyoviy lazzat izlaganlar molu - dunyo ortidan ayshu - ishrat sharobini simirdilar va nafs domida ko’ngil  bo’stonini tikanzorga aylantirdilar.

Dedim, dunyo makrli , dunyo aldamchi, hunaring bo’lsa uni aldab ko’rchi, man dunyoni aldadim, dunyo mani alday olmadi. Ulkim mani nafsdan iborat bo’lgan hashamatli qasriga  lutfan taklif  qildi va albatta man uning marhamatini rad qilmadim. Man uning nafsdan iborat saroyiga nafsdan kechgan holda kirib bordim, dunyo mendan ranjidi. Aldanganini sezdi va yana yangi rejalar  tuzdi... U mening ko’zlarimga yoqishi uchun butun borlig’ini namoyish qila boshladi, qoshlarini qoraga, sochlarini qirq kokilga o’radi, lablarini rang berdi, libosini almashtirdi va atrofimda o’zini ko’z - ko’z qila boshladi. U chindanam go’zal edi... Men uning betakror go’zalligi ichra makrni sezib qoldim...  Bu go’zallik ichra hammasi muhayyo edi... U meni bag’riga tortish uchun ayshu ishratga limmo - lim chimildiqqa ishora qildi. Men shoshmadim, fikr qildim va zikr birla chimildiqqa yolg’iz kirib ko’rdimki, unda  saodat iforlari emas, gunoh tutunlari bo’y taratib to’rardi. Va men ortga qaytib hech ikkilanmay dunyo  go’zalligiga uch taloq qo’ydim. Biz yolg’onchi dunyo bilan shu tariqa ajrashdik. Dunyo bilan meni mashaqqat qozilari sud qilib riyozat amirlari ajratib yuborishdi. Shundan buyon dunyoni ko’pdan buyon ko’rganim yo’q. Lekin dunyo hamon meni qo’msab sog’inib turarkan. Unga qaytishimni chin dildan istarkan. Ammo kamina unga qaytishni endi istamadim. Chunki  baxtimni, saodatimni dunyodan kechganimdan so’ng topdim. Endi men bu saodatga xiyonat qilolmayman. Men dunyoning ayshu - ishratga to’la chimildig’ini zindonga o’xshatdim va bul zindonda tafakkur ila yashamoq qiyinligini anglagan holda,    dunyoviy  zindonda aql bilan yashagandan, ozodlikda tafakkur ila boqiy yashamoqni  afzal  bildim.

Men, bandalarning  dunyo chimildig’ida qolib uning go’yo ming yillarga cho’zilgan bir nafaslik lazzatidan bahra  olayotganlarini,  umrlarini gunoh mog’orlari ichida chiritayotganlarini ko’rdim. Dunyo o’z go’zalligi ila ularni bag’riga tortib vujudlaridagi quvvatlarini shu qadar so’rardiki, kechagi yoshliklari bugun yuzlarida ajin izlarini namoyish qila boshlardi. Ular o’zliklaridan tobora yiroqlashib, nafsning quchog’iga chuqurroq kirib borardilar. Ular o’zlarini tanimay qoldilar. O’zlarini anglamay kimliklarini bilmay qoldilar va o’zlariga  yangi nom izladilar va qudratlariga erk bergan holda, nomlarini Xudoga loyiq bilgan holda, o’zlarini Xudo deb atadilar. Dunyo ularning ko’ngil ko’zlarini shu qadar ko’r qilib qo’ydiki, yaratuvchanlik bobida o’zlarini tanho bildilar. Ular ko’z oldilarida turgan Ilohni anglamadilar. Ular dunyoni ko’z bilan ko’rdilar, ko’ngil bilan ko’rmadilar. Va shuning uchun ham dunyo ularni o’z husni jamoli ila makriga ilintirdi. Bu makr ularning vujudlariga lazzat bo’lib singdi va bu lazzatning vujudga singgan formulalari gunohga aylanib borayotganini sezmadilar. Dunyoviy lazzat oxir - oqibat vujudni qaritdi... Dunyodan lazzat izlagan banda ko’zguga qarab yuzlaridagi ajindan gunohlar izlarini ko’ra boshladi.  Bu gunohlar uning yuzlariga shu qadar yopishgan ediki, uni ajratib olish uchun u yuzidan mahrum bo’lishi kerak edi. Yuz, gunohdan iborat bo’lib qolgan edi. Dunyo uni aldaganini endi sezdi. Nega? Chunki  dunyo chiroyi uni tashlab ketdi. U endi hech kimga kerak  bo’lmay qoldi... Ayshu - ishrat zamiridagi zaharli odatlar tanada xastaliklar daraxtini ekib qo’ygan va u vujudni titratib o’z mevasini bermoqda.  Qabrdan taklifnoma kelib turibdi va u shunday taklifnomaki borilmasa iloji yo’q. Borilmasa olib boradilar. U, bir vaqtlar o’z jamolini ko’z - ko’z qilgan , bag’riga tortgan makkor va aldamchi dunyoga alam bilan qaradi. Makkor dunyo  uning ustidan kula - kula qarilik vajidan titrab qolgan qo’llariga ikki qarich kafanni tutqazdi. Bandaning jahli chiqdi, - umr bo’yi sani deb elib yugurdim, sani deb yondim, sani deb kuydim, boyliklaringni asradim, yig’dim, sani odamlarga ko’z - ko’z qildim oqibat menga tutqazganing shumi?

Dunyo dedi, - shundan boshqasiga arzimaysan.

Banda dedi,- nega o’lishim kerak?

Dunyo dedi, - yashashga arzimaysan.

Banda dedi, - hamma o’ladimi?

Dunyo dedi, - mendan yiroqlar o’lmaydilar.

Banda boshiga urdi, - sani makringga uchdimmi?

Dunyo dedi, -  Senga o’xshaganlar tiqilib yotibdi.

Banda yig’ladi, siqtadi, kechagi jannat bugun ko’zlariga jahannam bo’lib ko’rindi. Ko’ngliga birinchi bor nazar tashladi. Unda chirib ketgan tafakkur qobirg’alarini ko’rdi. Bechora tafakkur bandani unga ozuqa berishini kuta - kuta olamdan o’tib ketibdi. Ko’ngil barcha ezgu - niyatlarning qabristoniga aylanib qolibdi. Saxovat, mehr - oqibat, adolat va haqiqat saroylari xarobaga aylanib, uni kibr va xiyonat, zulm va jaholat badnom qilibdi. Banda ko’ngilning bunday qo’rqinchli saroyiga kirib vahimaga tushdi. Shu holatda umri o’tdimi? Shu holatda lazzat topdimi? Darvoqe, qani u lazzatu, ayshu- ishratlar. Daqiqalar ichida yo’qolgan makrli dunyoning orombaxsh kechinmalari qani? Ular bir ko’rindilaru, yo’qliqqa kirib ketdilar... Ko’zlar aldandi, ko’ngillar aldandi.

Saodat istaganlar saodat yo’lida xotirjam turdilar... Ilohning boqiylik lazzatiga musharraf bo’ldilar... Ularning yuzlaridagi nur Ilohning aksi bo’lib namoyon bo’lganini bandalar ko’ra boshladilar. Qarilik iskanjasidagi gunohkor banda ham buni qisman angladi. Saodatli inson ko’chadan farishta misol o’tib ketdi. Uning tepasidan Ilohning nuri yog’ilib turganini banda ko’rib qoldi va dod degancha hovliga qirdi. Undan bezor bo’lgan farzandlari otaning vajohatidan hayron bo’ldilar. To’ng’ichi, kichigiga dedi, - hali o’lmaydiganga o’xshaydilar... Merosni bo’lib ozroq bo’lsa ham Xudo yo’lida ibodat qilmaydilarmi?

Kichigi otaning oldiga keldi, - ota merosni kelishgan holda bo’lib bersangiz, keyin siz, kuchingiz etsa ibodat qiling...

Ota farzandining ibodatga boshlaganidan ko’zlarida yosh aylandi. Inson ibodatni  birovning yo’rig’i bilan emas, o’z ixtiyori bilan qilishi kerak. Demak,  farzandlarining ko’nglida iymon urug’i sochilibdi yoki maqsadlari boshqami?

Banda farzandlariga boyligini taqsimladi.  Hali ibodat qiling, degan farzandlar merosga kelisha olmay talashib ketdilar. Ota ularning oldida ojiz edi. Sekin xonasiga ko’tarildi. Derazaga tortilgan qimmatbaho pardani tortib uzdi va joynamoz sifatida gilam ustiga to’shadi, ustiga ohista o’tirdi, kalima qaytarmoqchi bo’ldi, lekin bilmadi. Sukut saqladi... Ko’zlaridan yosh keldi... Shu payt deraza oynasidan dunyo ko’rindi. U hamon go’zal  va maftunkor edi. Lekin banda endi vujudidan kuch - quvvat ketgani uchun uning go’zalligini his qilolmasdi. Dunyo uning ustidan kulib to’rardi, - qalaysan endi, makrimga uchib bir qator ham kalimangni aytolmayapsanmi?

Banda alam ustida shunday baqirdiki, shu qichqiriq bilan uning joni chiqib ketdi.

Kafan bog’ichida gunohlar tug’ildi. Oqibat mullaning janozasidan so’ng, tobutdagi mayitni ko’tara olmadilar va to qabrgacha mullaning taklifi bilan kafan bog’ichlarini echdilar va tobutni ko’tardilar.

Kimki dunyo nafsida dunyoga aldandi, holi shuldir va kimki uning makriga uchmadi, o’zga dunyo ichinda boqiylik  saodatini topdi.

Alhamdilillahi robbil a’lamin

YANGILANISHLAR

MAHSULOTLAR

Media-mahsulotlar pochta orqali

SAYT XARITASI

STATISTIKA