TOIFALAR

QATRON

SHOGIRDLARNING SHARXLARI

NURSAFARDIYYA
ISH FAOLIYATI

QIDIRUV

HAMKORLAR

Ilohiy mamlakat va ilohsiz xilqat

Muallif: Sofiy - tabib shayx Nursafardiy

Joylashtirish vaqti: 2010-09-21

Shakli daryoni chizadi qo’lim,
Shakli sharsharada tinimsiz tilim.
 Shakli harakatda bo’ladi tanim,
 Shakli portlash bor ichki quvvatda,
 Borlig’im doimo shakli osmonda.

Dunyoning azali hoziri va kelajagi ham Ilohdir. Bunday falsafani inkor qilganlar Yaratganning g’azabiga munosibdir... Samolar qo’ynida mavjud jajji bu olam gallaktikamizda yagona hayot manbaidir. Va bu hayot manbaining asosida ilohiy quvvat yotadi. Agar bu falsafani kim inkor qildi, Yaratganning g’azabiga munosibdir. Moziyga nazar tashlasak, bir qancha hodisa va halokatlarning guvohi bo’lamizki, ularning barchasi aynan, Yaratganning g’azabi ila sodir bo’lgandir. Masalan, Atlantika ummonining markazida joylashgan Atlantida qit’asi, Tinch okeanining janubiy g’arbidagi Mu qit’asining ummon tubiga g’arq bo’lgani, ma’lum  vaqtlarda ilohiy quvvatning o’sha zamindan butkul uzilishi va muvozanatini ushlay olmagan qit’aning tanazzulga yuz tutishi, bu Yaratganning g’azabidan bo’lsa ajab emas. Dunyoni ilohiy quvvat muallaq holda tutib turganini his qilgan holda anglashimiz lozimki, ilohiy quvvat ko’tarilgan joyda falokat izlari ko’rinadi va u oxir - oqibat tanazzulga yuz tutadi. Insonning yaralishi va uning bajarishi lozim bo’lgan funktsiyalari nimalardan iborat? Insonda ong beril- gan va uning yaratuvchanlik qobiliyati Ilohdan sarchashma olgan holda, u zaminning ilohiy quvvatini ushlab turuvchi asosiy va yagona manbaadir. Insonga zaminda yashashi uchun unga ana shunday missiya yuklatilgan. Xo’sh, inson Yaratgan tomonidan berilgan topshiriqni bajara olayaptimi? Tarixda o’tgan avliyolarimiz aynan dunyoning sirli va mavhum quvvatlarini anglagan holda, ilohiy quvvatlarni zamin ko’ksiga muntazam ravishda uzatib turganlar.  Biz aziz avliyolar haqida so’z yuritar ekanmiz, uzoq moziyga chuqurroq kirib borgan holda,  ularning asrlar mobaynida mudrab yotgan ilohiy quvvatlarini uyg’otishimiz lozim bo’ladi. Biz hali hazrat Hoja Ahmad Yassaviy, Hazrat Naqshbandiy kabi so’fiylik yo’lida yurgan buyuk avliyolarimizning ilmiy ilohiy meroslarini batafsil  anglaganimizcha yo’q. Buyuk avliyo Najmiddin Kubroning ilohiy ishq yo’lidagi sirlarga boy karomatlaridan bexabarmiz. Buyuk sarkarda Amir Temurning piri ustozi Mir Said Barakaning ilmiy ilohiy qiyofasi bizga qorong’u... Zero ana shunday buyuklarimizning Ilohga bo’lgan intilishlari va ilohiy quvvatlari evaziga yurtimiz hamisha barokat va tinchlik maskani bo’lib kelgandir. So’fiy avliyolar Olloh bilan odamlar va zamin o’rtasidagi ko’prikdirlar. Zamonaviy tilda aytadigan bo’lsak, tarixiy avliyolar Iloh va odamlar orasida quvvat uzatuvchi antena vazifasini o’taganlar. Texnik, texnokratik zamonimizda insoniyat ilohiyotdan juda yiroqlashib ketdi va va bunday quvvat tizimlarini o’ziga emas, balki texnikaga berdilar va buning natijasida tafakkur manqurtligi sindromi ro’y berdi. Inson avval  o’zligini anglamay taraqqiyotga kirib borgani uchun ham bunday quvvatlar sistemasini jonsiz texnika ilib ketdi. Zamonaviy taraqqiyot insoniyatdan o’zining salbiy oqibatlari bilan ustun keldi. Nega? Chunki tafakkurga yo’naltirilgan ilohiy quvvat tizimi o’z joyini topolmadi va buning oqibatida salbiy ta’sirlar bilan aks sado bera boshladi. Oddiy telefon. Biz u bilan dunyoning narigi chekkasida turgan inson bilan bemalol gaplasha olamiz. Bu chinakam mo’’jizaning zamirida ilohiy quvvat yotganini tasavvurimizga sig’dira olmaymiz. Insonni yaratuvchanlik bobida yuksakka ko’taramiz. Lekin quvvat va asos bo’lmasa, inson bunday mo’’jizani yarata olarmidi? Inson yo’qdan bor qilish imkoniyatiga ega emas. Faqat  yo’qlikda turgan bor narsani topish imkoniyatiga ega, xolos. Yo’qlikda turgan quvvat manbaini topgan inson uni oddiy holatda qabul qilishi mantiqqa zid holatdir. Bunda Ilohni nazardan qochirish insoniy tanazzulning asosini belgilab qo’yadi. Biz haddan ziyod o’zimizga erk berishimiz Yaratganning  g’azabiga sabab bo’ladi. Shundoq ham biz tafakkurdan yiroq ketib tafakkurni dunyoviy taraqqiyotga boy berib qo’ydik. Biz o’zimizga yo’naltirilgan quvvatni jonsiz narsalarga yo’naltirdik. Albatta, insoniyat ko’p asrlik ilohiy sukunatdan so’ng, bunday quvvat tizimlarini tafakkuriga singdirishga kuchi etmasdi. Insoniyat bunday holga tayyor emasdi. O’zligidan yiroqlashgan edi. U bunday og’ir yukni ko’tarolmasdi ham. Balkim shuning uchundir keyingi asrlarda shiddat bilan tushgan ilohiy quvvatlar tizimini insoniyat kashfiyot tilida uni o’zida qabul qilolmay texnik taraqqiyotga o’tkazib yuborgandir. Lekin buning yanayam achinarli tomoni va asorati shunda ko’rinmoqdaki, insoniyat  o’ziga kerakli kuchni o’ziga singdirolmagach jonsiz taraqqiyot unga aynan shu quvvatlar evaziga haddan ortiq ko’p imkoniyatlar yaratib berdi va ular o’zlarini butkul unutgan holda, taraqqiyotga yopishib oldilar. Insoniyatga ilohiy quvvatlar tizimi kerak bo’lmay qoldi. Ilohiy quvvatni avval inson o’zida qo’llab  ortiqchasini taraqqiyotga berganida hozirgi zamonamizda barchani xavotirga solayotgan turli kasalliklaru global  muammolar oldida tilini tishlab o’tirmagan bo’lardi. Iloh quvvatini faqat insonga berganini ongli insonlar unutib qo’ydilar.

Biz ilohdan kelgan ilohiy tizimlarni o’zimizda qabul qilmagan holda, uni jonsiz narsalarga burib yubordik va bunday ojiz holatimiz bilan Yaratganga bepisandlik ila qaradik. Hozir qayoqqa qaramang jonsiz narsalar harakatda. Insoniyat o’zi to’xtab qolgan holda, jonsiz narsalarga jon berish bilan ovvora. Biz Ilohning ne’mati bilan harakat qilmayapmiz, aksincha Ilohning ne’matini jonsiz narsalarga berib o’zimiz tomoshabin bo’lib, o’z o’rnida zavq olayapmiz va bunday rohatlar tizimi insoniyatni yanayam dunyoga bog’lab tashladi. Bu ham Yaratganning yana bir so’nggi sinovi emasligiga kim kafolat bera oladi. Balki bu usul ham  Yaratganning insoniyatning sinovi borasidagi yangicha bir usulidir. Balkim ming yillar davomida insoniyat o’z ustidan ishlamagani va ilohiy tizimlar ichiga kirolmagani va bunday mukammal  ilmdan foydalanmagani uchun ham Yaratganimiz quvvatni zoe ketkizmasdan uni jonsiz narsalarga berayotgandir. Olamning sirliligi ham shunda. Insoniyat tom ma’noda imkoniyatlar darajasidan chiqib ketdi va ana  shunday quvvat manbaalaridan mosuvo holda, manqurtizm sindromiga duchor bo’lib o’tiribdi. Tafakkurni, quvvatlar tizimini texnik taraqqiyot ilib ketdi. Uning domiga va asiriga tushib qolgan insoniyat bunday quvvatlar tizimini o’ziga qaytara olmayapti. Insoniyat aynan ilohiy quvvatlar tizimini ushlab qoluvchi manbaa emas, balki uni o’zidan o’tqazib yuboruvchi quvurga aylanib qoldi. Insoniyat ilohiy quvvatlar tizimini topayapti, faqat undan texnika foydalanayapti.  Bu holat insonning mukammal emasligidan, donishmand emasligidan va tafakkurning sustligidan ro’y bermoqda. O’zini anglamagan inson albatta, o’zga narsalardan kashfiyot izlaydi va topgan ixtirosini shaxsiyati bilan bog’lab o’zini daho darajasida biladi. Lekin bu ixtiro yoxud kashfiyotlarning zamirida qanday asos va quvvat borligini dunyoni   moddiylikdan iborat deb bilgan yaratuvchi olimimiz anglab etmaydi.

Tarixda avliyolar bunday quvvatlar tizimini me’yorda ushlab turganlar, ularkim Iloh bilan suhbatlashgan holda, uning quvvatlari ila bandalarning ko’nglini yoritib turardilar. Endi biz so’zlayotgan tarixiy avliyolarimiz bizdan deyarli besh asr yiroqlashib ketdilar. Bizni o’ylantirgan masala qolgan asrlar oralig’ida ko’zga ko’ringan biror bir buyuk avliyoning yo’qligidadir. Besh asrlik sukunatning boisi nima edi? Nega o’tgan besh yuz yillik tarix o’z sahnasiga buyuk avliyolarni chiqarmadi? Buning asosiy sabablari nimada? Har zamon va har davrning o’ziga xos qiyinchiliklari, bosqinlari , urushlari bo’lishi mumkin. Tarixda o’tgan buyuk avliyolar ham deyarli tinchlik zamonida yashamaganlar. Qolaversa, so’fiylik, ilohiy ishq davrasiga kirgan inson avvalo jonidan kechadi va butun borlig’ini  ilohiy  ishqqa bag’ishlaydi. Va unga xatarning hech qanday ahamiyati yo’q. Xalqni ezgulik va mardlikka chaqirib, kerak bo’lsa Najmiddin Kubrodek bu yo’lda jonlaridan kechadilar. Besh asr mavhumlik saltanatiga cho’kkan sukunat.  Biz tarix haqida buyuk avliyolarimiz haqida so’z yuritganimizda o’n beshinchi asrda yashagan Naqshbandiy hazratlariga kelib to’xtab qolamiz va qolgan asrlarda sukut saqlaymiz. Buyuk Turon zaminidan asrlar mobaynida ilohiy quvvatlarning ko’tarilgani bois ham, bu millat, bu vatan ko’plab bosqinlar va jaholatlarning qurboniga aylanib keldi. Ilohiy avliyolarning vujudga kelmagani bois ham millat tafakkuridan ko’plab milliy an’analar va qadriyatlar o’chirib tashlandi. Millat manqurtlik botqog’ida besh asr umr o’tkazdi. Turon zaminida ilohiy quvvatlar oqimi susaydi. Keyingi asrlarda ilohiyot manbai bo’lgan bizning zaminimizda  avliyolarning g’oyib bo’lishlari va ma’lum bir mukammal falsafaning vujudga kelmagani bizning moziydagi buyuk o’tmishimiz oldida aybdorligimizni anglatib turibdi va bunday holat davom etsa, tarix ichra tarix bizni kechirmagay.

Millatda tafakkur komilligi nega susayadi. Buning sababini ilohiy quvvatning zaminga uzatilmaganidan va ana shunday quvvatni  qabul qiluvchi vositaning bo’lmaganidan  anglasak bo’ladi. Bilasizmi, avliyolar, so’fiylar nima uchun  o’z davrida mansabdor va amirlar tomonidan hamisha siquvga olingan va yo badarg’a qilingan va bo’lmasa qatl etganlar. Bunga Mashrab, Nasimiy, Yahyo Suxravardiy, Mansur Xallojlar yorqin misoldir. Ilohiy ishq yo’liga kirgan inson avliyolik darajasida ilohiy quvvatni  ilmga aylantiradilar va xalqning tafakkurini uyg’otib yuboradilar. Shuning uchun ham ma’rifatdan yiroq ba’zi “to’ralar” o’z nafslari yo’lida davlat nomidan ish yuritib, avliyolarga turli tuhmatlar uyushtiradilar. Chunki xalqning tafakkuri uyg’onib ketsa qaramlik o’z kuchini yo’qotadi. Hokimiyatparastlikning illati shundaki, u hech qachon oddiy xalqni ilmli bo’lishini istamagan. Bu yo’lda hamisha so’fiy avliyolar jonfidolik va javonmardlik ko’rsatib kelganlar. Endi sukut alomatlarini  birinchidan bosqinchiliklar, qirg’in, genotsid bilan bog’laydigan bo’lsak, ikkinchi holatda millat ichidagi “to’ralar”ning ham qisman ayblari bor. So’fiylik ilmi garchi ilohiyotga bog’liq va dunyoga aloqasi bo’lmagan ilm bo’lsada, uni hamisha siyosatga bog’lab kelganlar. Buning sababi so’fiyning garchi o’zini ilohiyotga topshirgan bo’lsada, xalq yo’lida turib xalqni xalqparvarlikka, vatanparvarlikka undashi va tafakkur ilmini rivojlantirishidadir. O’z - o’zidan a’yonki siyosatga aloqasi bo’lmagan bunday “siyosat” hech qachon ayrim davlat boshliqlariga yoqmagan. Ayniqsa, o’tgan asrlarda Chor Rossiyasi bosqini va keyinroq qizil imperiya saltanatining vujudga kelishi natijasida millat tafakkuridan  ilohiy ilmlar asosi butunlay o’chirib tashlandi. Odamlar  Xudoni unutdilar... Milliy an’analar va ilohiy qadriyatlar millat tafakkuridan o’chirib tashlandi. Nihoyat... Biz hozir dorilomon davrda yashayapmiz. Lekin bizdan, millatimiz tafakkuridan o’sha davrlar asorati manqurtlik kasali batamom o’chib ketdi, deb aytolmaymiz. Yurtimiz ozodlikka erishganiga deyarli yigirma yil bo’lganiga qaramay millatimizda tafakkur darajasi aytarli darajada maqtovga loyiq emas. Biz o’tgan asrlarda hukmron bo’lgan manqurtlik sindromidan chiqib ketolmayapmiz. Bu holat esa davrlar o’tib, bizning kelajak avlodlarimizga ham o’z ta’sirini o’tkazmay qolmaydi. Biz Turon zaminimizda ilohiy quvvatni, ota - bobolarimiz quvvatini uyg’otmas ekanmiz, tafakkur olamida hech bir natijaga erisholmaymiz. Biz yana bir e’tiborli jihatga nazat tashlaylik, hech bir jamiyatni falsafasiz ushlab bo’lmaydi. Jamiyatda mukammal falsafa bo’lmasa, unda parokandalik boshlanadi. Ma’lum e’tiqodga asoslangan mukammal falsafagina millatni saqlaydi. Uning udumlarini, an’analarini himoya qiladi. Mukammal falsafasi bo’lmagan millat o’zga davlatlarning puxta, taktik siyosati qurboniga aylanib, qaramlik balosiga giriftor bo’ladi. Biz millatni  faqat mukammal bir yo’l, komillik falsafasi va uning ortidan tafakkurimizga mustahkam singadigan e’tiqod nashidasi bilan asray olamiz. Kamina dunyo kezib olam falsafalari haqida kerakli ma’lumotlarga egaman. Masalan, Tibetda, Hindistonda, Xitoyda, Yaponiyada hinduizm va buddizm ta’limotlarga asoslangan ilohiy quvvatlar tizimi kuchli. Buning sababi, ularning ajdodlaridan qolgan ilmiy - ilohiy quvvatlarni saqlab qolib, uning davomiyligini rivojlantirgan holda,   bunday jozibali ilm quvvatlarini an’anaga aylantirganlaridir. Ilm, kuchli  ilohiy quvvat mavjud bo’lgan zaminda, hayot jo’shqin va barokatli bo’ladi. Tibetda odamlarning yuzida ilohiy nurni ko’rish mumkin. Hindistonni qarang, aholisi milliarddan oshgan bo’lsada, har qanday boshpanasiz ham, ocharchilik soya tashlasa ham o’z e’tiqodlari yo’lida bardavom ketmoqdalar. Bizda hamma narsa muhayyo, hayotimizda normal yashashga imkoniyatlar mavjud, yurtimiz iqtisodiy jihatdan ulkan imkoniyatga ega, umuman olg’anda yomon yashamayapmiz, faqat... Faqat insonlarning yuzida tushkunlik alomatlari sezilib qolayapti. Kimdir doim nimadandir nolib turadi. Buning asl sababi aynan zaminimizdan ilohiy quvvatning ko’tarilganidandir. Va buning asosiy sababchilari ham o’zimizdir. Biz shunday ilohiy maskanlar mamlakati o’z yurtimizning qadriga etmayapmiz.  Bizda ilohiy quvvatlar tizimi qazilma boylikday o’z kashfiyotini kutib yotibdi. Lekin ”ilohiyotchilar” ilohiy quvvat izlab o’zga yurtlarda sarson bo’lmoqdalar. Biz tafakkurdan, ilmdan yiroqlashdik va buning oqibatida manqurtlikka olib boruvchi nafs kasaliga chalinayapmiz. Toki biz tafakkurimizni uyg’otib tarixiy buyuklarimiz ilohiy ilmlaridan bahra olgancha zamonaviy ma’lum bir falsafa yo’lidan bormas ekanmiz, milliy inqiroz domiga tushib qolishimiz hech gap emas...

YANGILANISHLAR

MAHSULOTLAR

Media-mahsulotlar pochta orqali

SAYT XARITASI

STATISTIKA