TOIFALAR

QATRON

SHOGIRDLARNING SHARXLARI

NURSAFARDIYYA
ISH FAOLIYATI

QIDIRUV

HAMKORLAR

Nursafardiyya va milliy e'tiqod...

Muallif: So'fiy-tabib shayx Nursafardiy

Joylashtirish vaqti: 2010-09-14

Haq yo'lida - Haqparvar!
Xalq yo'lida - xalqparvar!
Vatan ishqida - jonkuyar!
Millat qalbida yashar!

E'tiqod nadur? E'tiqod bu o'zlikni bag'ishlash ma'nosidir.  E'tiqod kangulning mustahkam qo'rg'onidir. E'tiqod kabi buyuk tuyg'uning inson ongida paydo bo'lishi bu oilaga, jamiyatdagi ijtimoiy muhitga va tarbiyaning asosiga bog'liqdir.       

Kimdir milliy e'tiqod, kimdir diniy e'tiqod, vatanga, oila e'tiqodi yo'lida yuradi.  E'tiqodli inson tanlagan yo'lida, hatto jonidan kechishi mumkin. E'tiqod avval shaxsni kuchaytiradi, vatanparvarlikni kuchaytiradi, millatparvarlikni kuchaytiradi. Bu bebaho tuyg'uning kuchli tomoni shundaki, inson o'zligidan hech qachon chiqib ketmaydi. Ya'ni tashqi ta'sir kuchlari uning ruhiyatiga bosim o'tkazolmaydi. Masalan, Turkiya davlatini olaylik. Evropaga tutash bu hududda zamonaviy modernizm juda rivojlangan. Televideniesiga qarasangiz, estradasi kliplarida deyarli yarim yalang'och qizlarning chiqishlarini ko'ramiz. Lekin bunday namoyishlardan so'ng, jamiyatda hech qanday  salbiy o'zgarishlarni ko'rmaymiz. Chunki aynan e'tiqodning kuchliligidan ular bunday holatga oddiy qarashadi.  Qanday ko'rinish bo'lmasin va yoxud qanday ta'sirlar ichida yurmasin  holat vaqtinchadir. E'tiqod esa davomiyligini hech qachon yo'qotmaydi. Insonda ayniqsa, oila e'tiqodi kuchli va o'z samarasini yo'qotmadi.  Aks holda, odam oiladan ketib qaerga borsa o'sha erda yashab qolaverardi.  Inson qaerda bo'lmasin, hamisha oilaga intilib yashaydi. Tafakkur va ilm rivojlanmagan insonda e'tiqod sust bo'ladi. Inson idrokidagi  nuqsonlarni biz hamisha aql bilan o'lchab keldik. Biror shaxs  ayb ish qilsa, aqlini egan yoki aqli yo'q deb ataymiz.  Butun boshli shaxsning odobini hamisha saqlab turishda aqlning kuchi etmaydimi? Shaxsga  aql uchun quvvat bo'ladigan yana qanday manbaani qo'shsak bo'ladi? Aql bu holat. Insonning hayvon bilan ajratib turadigan  printsip, xolos. Aql bo'lmasa inson ham hayvonning bir turidir. Aql bu odamiylikning eng oddiy  va dunyoviy ko'rinishi. Shuning uchun ham  aql bir qolipga ega manbaa. Aql bilan chegaralangan inson qafasdagi qushga o'xshaydi. O'z atrofida o'ralashib yuradi.   Aql bu holat, tafakkur bu holdir. E'tiqod esa yo'ldir. Shaxs holatdan holga o'tsa, aqlning qafasini sindirib tafakkur sarhadlariga chiqadi. Va e'tiqod orqali yo'lida bardavom ketadi. Endi u ozod, eha qarang, tafakkurning chegarasi yo'q. Ana sizga dunyoni, o'zlikni, Ollohni anglashning  chegarasiz, cheksiz dunyosi. Ishoning, siz bu sarhadga chiqsangiz, pastda aql bilan yurganlar ko'zingizga  ojizdek ko'rinib qoladi. Siz dunyoni e'tiqodsiz  angladingizmi, dunyodan ko'nglingiz soviydi. Bu dunyoda inson  e'tiqodsiz narsaga erisholmasligini bilgan holda, ularning boylik talashib manmanlik qilganlaridan, bir - birlariga hasad, adovat qilganlaridan ham kulasiz, ham yig'laysiz. Tafakkur insonni ulug'laydi. E'tiqod  yuksaltiradi va amallarga undaydi. Inson inson emas, chinakam inson bo'lish kerak. Aql bilan ish bitmaydi, insonga tafakkur kerak, e'tiqod kerak.  Inson aqldan o'zmasa, tafakkurda  shiddat qilmasa, e'tiqod birla ilmni  bilimga aylantirmasa,  komil bo'lolmaydi.  E'tiqodning salbiy jihatlari bormi? Inson agar Ilohdan tamoman yiroqlashib ketsa, unda nafsiy e'tiqod paydo bo'larkan. Bu  juda ayanchli holat, ya'ni manqurtlik belgisidir. Nafs shunday kuchli qurol ekanki, hatto u insonlarni o'ziga bo'ysundirish uchun e'tiqod yarata oladi. Bu haqiqat. Boylik  ortidan yugurgan insonni, bo'ldi etar, pul, boylik yig'ishni yig'ishtiring, taqvoga kiring, deb ko'ringchi, e'tiqodidan kecharmikin. E'tiqodning eng ulug'i ham , buyugi ham ilohiy e'tiqoddir. Ilohiy e'tiqod insonni insoniylik printsiplarini saqlab qolishiga vatan mehri va millat qayg'usi bilan yashashga o'rgatarkan. Kamina bu holatni o'z hayotiy tajribamda sinab ko'rdim. Dunyoning ilm izlab, ellikdan ortiq davlatlarida bo'lib, o'n ettitasida yashab dunyoviy jannatning nishonalarini ko'rdim. Lekin vatanga bo'lgan e'tiqodim kaminani hamisha o'z yurtimga tortaverdi. Vatan oldidagi burchimni his qilgan holda, chet eldagi shohona hayot ruhiyatimga tatimadi va yurtimning bir burda nonini  chet elning lazzat taomiga alishtirmadim va o'zga yurtdan ko'ra,  o'z yurtimni  ulug'rog'ini his qildim.

Biz o'zligimizni asrab, uni kelajak avlodlarga bekamu ko'st etkazmog'imiz uchun nimaga e'tibor qaratishimiz kerak? Milliy e'tiqodni kuchaytirmasak,  davlatimiz qudratini asray olmaymiz va faqat milliy e'tiqodgina millatimiz sha'nini, obro'sini uning mukammallikda davomiyligini saqlab qolishi  mumkin.  E'tiqod millatimiz uchun asosiy, ruhiy ozuqa manbaasi bo'lmasa, hech qanday natijaga erisholmaymiz. Millat hamisha e'tiqodga ehtiyoj sezib, e'tiqod rohati bilan yashashga o'rganishi kerak. Milliy e'tiqod nima? Milliy e'tiqod, milliy madaniyatimizni ma'naviyatimizni, ma'rifatimizni  asrash, qadrlash,  hurmat qilish, uning amallariga sodiq qolish va hech qachon bunday go'zal printsiplardan chiqib ketmaslikdir. Milliy e'tiqod oiladan boshlanadi. Buning uchun avvalambor ota - ona e'tiqoddan bahra olgan holda, milliylik udumlaridan boxabar bo'lib voyaga etayotgan farzandlarini ruhiyatiga aynan millatparvarlik, xalqparvarlik, vatanparvarlik tuyg'ularini singdirib borishi lozim bo'ladi. Yosh bolaning ongida yangilikka intilish kuchli bo'ladi va miyadagi informatsion manbaalar o'rnini aynan milliylik va milliy e'tiqod bilan sug'orish, o'zligini anglash tamoyillari uchun qulay fursatdir. Aynan shu davrda   bola ongiga kiritilgan milliy e'tiqod uning kelajakdagi butun umri uchun etarli bo'ladi. Aynan shu davrdan so'ng, bolaning ongida milliylik tushunchalari mustahkam o'rnashadi va uni hech kim, hech narsa bilan boshqa yo'lga olib kirolmaydi va bola milliylikda o'z e'tiqodiga sadoqat bilan yondashish printsiplariga bekamu - ko'st amal qiladi. Biz kimmiz, bolam, biz buyuk xalqmiz, ajdodlarimiz buyuk o'tishgan. O'zligimizni ruhiyatingga singdirishing lozim,  ilm o'rganish kasbing bo'lsin, milliy urf - odatlarimizni hurmat qilgin va o'rgan, sadoqat yo'lidan yurgin, hasadni unut, mehr - oqibatli bo'lgin, odamlarga yaxshilikni kanda qilma, vatanni sev, xalqingni hurmat et,  kabi doimiy o'gitlar farzand ruhiyatida milliylik tuyg'usini mustahkamlaydi. E'tiqod bu chinakam o'zlikdir. Nursafardiyya falsafasi e'tiqodni birinchi darajada ulug'laydi.  Biz millat yo'lida turib, ularning  vatanparvarlik e'tiqodlarini rivojlantirish, yuksaltirish borasida  amaliy dasturlarimizni yo'lga qo'ydik va har qanday qarshiliksiz  millatimiz komilligi yo'lida ildam bormoqdamiz. Biz o'z mukammal g'oyalarimiz va mustahkam e'tiqodimiz ila xalq ichiga kirib bordik, lekin bizning ba'zi kuchlar ta'siri ostidagi qiyin faoliyatimizni kuzatgan ba'zi insonlar, - bu erda nima qilib yuribsiz, chet elda maktablaringiz bor ekan, shohona hayot tarzi muhayyo bo'lsa, takliflar bisyor bo'lsa, o'zingizni qiynab nima qilasiz, - deyishadi. Lekin bizning millat yo'lida millatparvarlik, xalqparvarlik e'tiqodimiz kuchli bo'lgani uchun ham, rohat va farog'atdan voz kechdik va har qanday qarshilikka qaramasdan, komillik g'oyalarimiz ila millatimiz bilan yonma - yon turdik. Bizning birinchi amallarimizdan biri o'zbek millati shajarasini ishlab chiqib, ommaga taqdim qildik va bu bilan uzoq davrdan beri olimlarimizning amalga oshirmoqchi bo'lgan istaklarini yuzaga chiqardik. Bizning maqsadimiz nima?

Maqsadimiz millatni shakllantirgan holda, buyuk e'tiqodni xalqimiz ongiga singdirish, ularga vatanni, millatni sevish tuyg'ularini  anglatish va o'zligimizni asragan holda, mukammal millatni shakllantirishda  o'z hissamizni qo'shmoqlikdir. E'tiqodsiz millat o'zligini yo'qotadi. Milliy madaniyat va ma'naviyatga putur etadi. Vatan qudratining salohiyati so'nadi. Biz vatanni, millatni sevishimiz uchun milliy e'tiqodimizni kuchaytirishimiz lozim. Va ana shundagina ko'zlagan maqsadimizga erisha olamiz. E'tiqodni millat ongiga singdirishning maqbul yo'li bu ilmdir. Ilmli inson tafakkur orqali va tan qadrini, millat qadrini, el yurt qadrini teran his qiladi. Xalqni ilmga undash,  komilligini yuksaltirish va mukammalligini ta'minlash orqali e'tiqodni kuchaytirishimiz kerak. Mustahkam e'tiqod faqat ilm orqali namoyon bo'ladi. Va e'tiqodimizni yuksaltirishimiz uchun nafsga qarshi kurashishni ham unutmasligimiz kerak. Chunki nafs, avvalambor vatanga bo'lgan e'tiqodni susaytiradi. Odamlar boylik izlab nega vatandan chiqib ketadilar. Aynan vatanga bo'lgan e'tiqodning sustligidan emasmi. Nega? Keling oilada kamchilik bo'lsayu, o'z yurti turib o'zga yurtda qul bo'lishi kerakmi? Vatanni sevgan inson kerak bo'lsa, vatanida qul bo'ladi, o'zga yurtda emas. Biz shu holatni e'tiqod deb atay olamizmi? Boylik izlab vatanni tark etganlar qancha? Millatimizda aynan vatanga bo'lgan e'tiqod susayib ketmadimi? Eng achinarli holat shundaki, vatandan ketgan vatandoshlarimizning milliy an'analarimizni unutib, o'zga madaniyatlar ta'sirida ularning udumlariga singib ketishlaridir. Bunday holatda biz milliylikdan butunlay mahrum bo'lib qolmaymizmi? Yurtimizni tark etib pul ortidan o'zga yurtlarda ketayotgan vatandoshlarimiz o'zga yurtlarning hayotiga ko'nikishi, milliylik udumlarimizdan yiroqlashib ketganlari bois ham milliy e'tiqodimizga putur etmoqda. Bu holatning yana bir achinarli tomoni, aynan ular e'tiqodning sustligi tufayli ham vatanga qaytganlaridan so'ng, vatanimizga turli noan'anaviy rusumlarni olib kirmoqdalar. Ularning o'zlari bilmagan holda, milliy udumlarimizga salbiy modernizm g'oyalarini olib kirishi milliy e'tiqodimizni zaharlamaydimi? Shundoq ham madaniyatsiz bo'lgan vatandoshimiz vatanni tark etgach,  madaniyatsiz madaniyatni yurtimizga olib kirishlari achinarli holat emasmi?  Vatanni tark etganlar o'zga yurtda yaxshi hayotni ko'rishadi. Hech kim tergamaydi, (ba'zi holatlarda) eb ichadi,  shohona hayot. Ana shu holatda uning vatanga bo'lgan e'tiqodi yanayam susayadi. Hayot bu erda ekanku, degan xulosaga keladi. Oilasiga mehri pasayadi... Va eng yomoni har kelib ketganida u yoqdagi hayot tarzini og'zi ko'pirib maqtaydi va shundoq ham hafsalasi pir bo'lib turgan oilani  vatanga bo'lgan e'tiqodidan yanayam susaytiradi, salbiy ta'sir o'tqazadi. Masalaning ikkinchi tomoniga e'tiborni qaratadigan bo'lsak, shunday savol tug'iladi. Biz nega va nima uchun vatandan ketishimiz kerak. Nima o'zimizda yashash shuncha og'ir bo'lib qoldimi? Nimaga ketamiz? Yurtimiz jannat bir o'lka bo'lsa. Bu maskandan qaysi millat yo'qki non topmagan bo'lsa. Bu millat hamisha bag'ri kengligi bilan shuhrat qozongan, nonni bo'lishgan. Bizda nima kamchilik bor o'zi? Arab xalqlari singari cho'lda, afrika davlatlari kabi suvsizlikda va qo'shni davlatlar kabi tog'larda yashayapmizmi? Yurtimiz geografik jihatdan iqtisodiy salohiyatga ega imkoniyatlar mamlakati. Bizda milliy e'tiqod bo'lmagani uchun ham o'z yurtimizning jannatidan yuz burib, o'zga yurtlarda non axtarib yuribmiz. Nega haqqimizni talab qilmaymiz  Biz o'zga yurtda boylik izlab xor bo'lishdan qo'rqmaymiz, lekin o'z yurtimizda haqqimizni talab qilishdan cho'chiymiz? Odam savdosini, millat savdosini kimlar  amalga oshirayapti o'zi? Vatandoshlarimizning o'zga yurtlarda qul bo'lib ketayotgani balkim kimlargadir yoqayotgandir. Balkim kimlarningdir millatni sotish evaziga cho'ntagi qappayayotgandir. Haqiqat egilishi mumkin, lekin sinmasligini hech qachon unutmaylik. Millatni sotish, uning e'tiqodidan mahrum qilish bu eng og'ir jinoyatdir. Bunday jinoyatlarni aslo kechirib bo'lmaydi. Bokira qizlarimizning o'zga davlatlarga odam savdosi orqali ketib qolishi, xorlikda yashashi, turli kasalliklarni yuqtirib kelishlari achinarli va kechirilmas holatdir. Ba'zi ayollarimizning shohona hayot istab, o'zga yurtlarda turmushga chiqib millat qonini buzayotganlari bu, vatanga bo'lgan xiyonatdir. Ularning bir necha muddat chet elda yashab tag'in ajralib kelishlarini nima bilan izohlash mumkin. Vatan karvonsaroy emas. Unutmaylikki, millatimizning o'ziga xos udumlar, qonun - qoidalari bor. Uni e'tiqodsizlik ortidan toptashga hech kimning haqqi yo'q. Biz e'tiqodimizni yo'qotish evaziga butun bir millatni yo'q qilishga haqqimiz yo'q. Ajdodlar bizni kechirmasliklari va qarg'ishiga qolishimiz tayindir. Millatni millat asramasa kim asraydi. Millatda e'tiqodsizlar bo'lishi mumkin, lekin e'tiqodlilar ulardan ko'proqdir. Biz hali o'zligimizni yo'qotmadik. Millat hali milliyligini yo'qotmadi.   E'tiqodning yana bir turi o'z oldida turgan maqsaddan qaytmaslik va kurashishdir. Nazarimda milliy  mentalitetimizda kurashuvchanlik e'tiqodi etishmayapti. Oddiy Falastinni misol qilaylik. Yahudiylar bilan har bir qarich er uchun kurashib keladilar. Bu yo'lda qancha qurbonlar bo'lishiga qaramasdan hamon kurash to'xtagani yo'q. Mana sizga milliy e'tiqod namunasi. Bizdachi? Bizda shunday jannat vatanni qadriga etmay vatandan ketib qolmoqdalar. Vatanning ham uvoli bor. Millat millat bo'lmasa, vatan qoladimi? Biz qachon millat sifatida e'tiqodimizni yuksaltiramiz. Qachon millat sifatida yuksak e'tiqod bilan buyuk vatanni rivojlantiramiz? Biz bir millatmiz, lekin birligimizni unutib qo'ydik. Milliy parokandalik vatan obro'siga putur etkazadi, uning qudrati salohiyatini  pasaytiradi. Biz buyuk xalqmiz va buyukligimizcha qolishimiz kerak. Lekin bunday buyuklikni e'tiqodsiz asrab bo'lmaydi.

YANGILANISHLAR

MAHSULOTLAR

Media-mahsulotlar pochta orqali

SAYT XARITASI

STATISTIKA