TOIFALAR

QATRON

SHOGIRDLARNING SHARXLARI

NURSAFARDIYYA
ISH FAOLIYATI

QIDIRUV

HAMKORLAR

Dunyoviy taraqqiyot yoxud tafakkur tanazzulining oshkora ko'rinishlari

Muallif: So'fiy-tabib shayx Nursafardiy

Joylashtirish vaqti: 2010-09-12

Bizning taraqqiyot siyosiy, iqtisodiy yoxud
kimyoviy taraqqiyot emas, balki insoniy taraqqiyotdir.

Betga aytganning zahri yo'q deydilar.  Zamonaviy taraqqiyotning erka qiliqlari tarixiy ilmiy - ma'naviy va madaniy merosimizga nechog'li salbiy ta'sirlari va kelajakni bunyod etishdagi kerakli qurolimiz ma'rifat bulog'ining qurib qolishi sabablari bugungi kunda insoniy tafakkurning tanazzulga yuz tutgani bilan baholanmoqda. Zamonaviy taraqqiyot nafaqat bir millatning, balki umuminsoniy qadriyatlarning ham ma'naviyatiga genotsid printsipini olib kirdi. Global  madaniylashuv bu millatlarning azaliy madaniyati tomiriga bolta urib moziyona falsafiy qarashlaridan mahrum etmoqdakim, taraqqiyot sindromiga yo'liqqan millatlar uning to'fonida o'zliklarini yo'qotib qo'ymoqdalar. Tafakkurning tormozlanish ob'ekti yigirma birinchi asrning birinchi yuz yilligida taraqqiyotning nobop ko'rinishida bunyod etildi va bu jarayon ayanchli holatda  ro'y berdiki, uning yorqin sabablarini asosiy e'tiborga molik bo'lgan tafakkur taraqqiyotining asosi fundamental ilmga  qaratmaganimizdan izlashimiz kerak. Biz insoniyat xili o'z ongimiz bilan dunyoviy taraqqiyot ortidan shu qadar quvib ketdikki, biz yashab turgan musaffo olamni pokiza saqlash printsipiga asoslangan tafakkur taraqqiyoti bizdan ancha ortga qolib ketdi. Dunyoviy taraqqiyot bizni o'z qolipiga solib qo'ydi va insoniyatni istagan maqomida  o'ynatmoqda. Biz temirdan robot yasaymiz, deya o'zimiz robotga aylanib qoldik. Va taraqqiyot bizdan ayovsiz o'ch olmoqda. Biz nimani unutdik. Biz dunyoning ilohiyotga bog'liq tomonlarini unutdik. Biz o'zimizni Xudo deb atadik va Yaratganning printsiplaridan chiqib ketdik. Biz olamni zaharlashda davom etayapmiz, biz tafakkur tanazzuli sindromiga chuqurroq kirib borayapmiz. Buning yana bir sababi tafakkurimizdagi  fundamental ilmga bo'lgan informatsion markazlarni falaj holatga kelib qolganidir. Insoniyat fiziologik jarayonga, nafsiy  boqimandalik ob'ektiga ehtiyojni kuchaytirgani natijasida, uning ruhiy barkamollik sub'ektlari inqirozga uchradi. Dunyoviy tafakkur tanazzuli bugungi kunda biz yashab turgan olamni inqiroz yoqasiga olib kelganini  hammamiz birdek anglab turibmiz.    

Biz o'z nazariyalarimizga asoslanib bunyod etgan taraqqiyotimizni qoralayapmiz, lekin biz atayotgan taraqqiyot chindanam taraqqiyot nomiga munosibmi? Aslida  insoniyat chinakam  taraqqiyotga erisha oldimi? Anglagan bo'lsak, ko'pincha  yuksak  taraqqiyotga erishdik, deya o'zimizni  o'zimiz ovutishga o'rganib qolayapmiz. Lekin haqiqatni so'zlashga, olamni qanday ahvolga solib qo'yganimizni qoralashga tilimiz mum tishlab turibdi. Ne chog'li fikrimiz ayanchli bo'lmasin aytishimiz lozimki, biz hech qanday yuksak taraqqiyotga va ayni taraqqiyotning o'ziga erisha olmadik. Biz aslida taraqqiyot yo'lini tanladik va bu yo'l bizni na dunyoviy taraqqiyotga va na tafakkur taraqqiyotiga olib bordi... Agar taraqqiyot chindanam ro'y berganda, biz hozirgi echimi  murakkab bo'lgan global  muammolar  qarshisida gangib qolmagan bo'lardik. Biz hamisha global muammolar va tafakkur taraqqiyotiga ko'proq e'tibor qaratayapmiz... Asosiy inqiroz insonning ichki  hushyorlik printsipining yo'qolishidan  ro'y beradi... Bu holat o'ziga xos xavfli kasallik bo'lib bunday xastalikni alkogolizm va giyohvandlik kasali bilan tenglashimiz mumkin. Biz har bir qilayotgan harakatimizni to'g'ri deb baholashga o'rganib qolganmiz va biz to'g'ri hisoblagan  ixtiromizning ortida salbiy holatlar ko'rinib qolmoqda. Biz insoniyat uchun barcha sharoitlarni yaratib tashladik... Biz dunyoviy holatda jannat yaratdik... Bu jarayon nimaga olib keldi? Ommaviy manqurtlikka... Barcha sharoitlar yaratilgan bir paytda insonning fikrlash  qobiliyati bir qolibga tushadi, u hech narsa haqida qayg'urmaydi, tafakkur mexanizmi o'ladi va bu holat uni manqurtlik kasaliga yo'liqtiradi. Insoniyat tafakkuri inqirozining yana bir sababi insoniyat ongidan fundamental ilmga bo'lgan chanqoqlikning susayishi va undagi informatsion markazlar o'rnini nafs  funktsiyalari egallashidir. Insoniyat taraqqiyot ortidan yoppasiga molu - dunyoga berilib ketdi va o'z qadrini fundamental ilm bilan emas, aynan boylik bilan o'lchash printsipiga o'tdi. Inson insonning  qadrini ilmiy  salohiyati bilan o'lchash  odatidan chekindi. Bashariyatni komillik sarhadlariga etaklovchi tafakkur ilmi chetda qolib biznes sohasi insoniyat yashash tarzining birinchi darajasiga ko'tarildi. Odamlar puldorga qulluq qila boshladilar.  Bashariyatning madaniyati, ma'naviyati va hatto Xudosi ham  pulga aylandi. Biz o'zimiz yaratgan taraqqiyot bilan faqat dunyoga ko'milib pulga, boylikka berildik, xolos. Buning natijasida bashariyat uchun chinakam musaffo taraqqiyot yaratuvchi mukammal tafakkur manqurtlik iskanjasida qolib ketdi. Tafakkur va biznes... Tafakkur yorqin kelajak asosi bo'lishi va zaminimiz taqdirini ijobiyot bo'log'i ila sug'orishi lozim bo'lgan mukammal mexanizm ekanligini juda kech bo'lsada anglab etayapmiz. Biznes insoniyat yashash tarzini yaxshilagani bilan birga o'zining ortidan zamin kelajagini mavhumlik botqog'iga botiruvchi o'zining xavfli asoratlarini namoyon qila boshladikim, bu holat bashariyat ahlini ko'ngliga arosat urug'ini sochmoqda. Bizness insoniyatning fundamental ilmga bo'lgan chanqoqligini so'ndirdi... Inson o'z taqdirini ilm bilan emas, aynan biznes bilan bog'ladi. Albatta olam miqiyosida hamma ham birdek biznes bilan shug'ullanmaydi... Ammo yashash tarzining asosi biznesga aylangani uchun ham qolgan soha vakillari uning domiga tushib qolmoqdalar. Pul  inson hayotining manbaiga aylangani uchun ham, har qanday sohada uning qadri baland bo'lib odamlar imkon qadar ko'proq mablah yig'ish uchun, hatto poraxo'rlik, tovlamachilik yo'lida, kerak bo'lsa kasblari manbaini biznesga aylantiradilar. Bu holat esa birinchi navbatda jamiyatdagi sog'lom turmush tarziga zarba beradi. Biz aynan biznesni tafakkur ilmidan  yuqori qo'yganimiz uchun ham insoniylik printsipidan birmuncha yiroqlashdik. Tafakkur ilmining asosi bu nafaqat dunyoviy, balki ilohiy ilm bilan ham bog'liqligini unutib qo'ymasligimiz kerak, nazarimda. Biz moddiyatdan baholi qudrat chekingan holda, olamning ko'rinmas mavhum ilohiy quvvatlari haqida ham bir oz bosh qotirishimizga to'g'ri keladi va aynan Ilohning zamin uzra bog'liqlik printsiplarini  insoniyat hayot tarzida asta- sekinlik bilan qo'llash omillari  bashariyat uchun tarixiy musaffolik  buloqlarini ochib insoniyat qaytadan o'zligiga, chinakam o'zligiga qaytishiga xizmat qiladi. Bashariyatning  ilohsiz  vujudan soxta mukammaligi  ko'rinib qoldi  va tafakkurning falajligi o'zining halokatli ko'rinishlari bilan yaqqol namoyon bo'ldi. Biz zamonaviy madaniyatni nimaning evaziga qurdik. Aqlimiz dunyoviy biznes sohasini chindanam rivojlantirdi. Tafakkur tarbiyasi esa madaniylashuv printsipiga asos soldi. Albatta, biz tafakkur sarhadidan yiroqlashmadik. Insoniyat tafakkur tarbiyasi normal holatda, lekin faqat tarbiya usuli insoniyatning komilligini anglatmaydi. Tafakkurni ilmga qondirish lozimki, ana shunda u ham dunyoviy ham ilohiy ozuqaga ega bo'lib, biz kutgan natijalarni berish mumkin. Masalan, biz farzandimizni tarbiyalab, uni ma'lum bir kasbga yo'naltirmasak, aqlli bo'lgani bilan hunari bo'lmasa uning hoziri ham, kelajagi ham mavhumdir. U hayotda yo'lini yo'qotib, omonat olamning boshi berq ko'chasida manqurtlik kasali bilan cheklanib qolishi mumkin. Insoniyatni chalg'ituvchi texnik taraqqiyot ham baholi qudrat uning ilmiy tafakkuridan chetlashtirdi. Odamlar kitob o'qimay qo'ydilar. Ilmning asosi kitob ekanligini ongimizdan chiqarib, internet madaniyatiga bog'landilar.  Insoniyat tezkor axborot tizimiga o'rganib qoldi va informatsiyani qancha tez olsa, shuncha tezlik bilan tafakkuridan chiqarib tashlamoqda. Insoniyatning vazifasi yoxud, ilmiy chegarasi faqat axborot bilan cheklanib emas, balki o'ziga kerakli o'sha axborotning o'ziga, o'z ilmiy doirasi bilan ta'sir o'tkaza olish jarayoni bilan belgilanadi. Insoniyat taqdirini ijobiy hal qiladigan asosiy kuch bu fundamental ilmdir. Toki biz buyuk ajdodlarimiz, tariximiz qoldirgan ilmiy meroslarimizni madaniy, ma'rifiy qadriyatlarimizni qayta tiklamas ekanmiz, peshtaxtalarda chang bosgan ilmiy kitoblarimizni varaqlamas ekanmiz va bu yo'lda o'z ilmiy salohiyatimiz bilan o'z tafakkurimizni yuksaltirib musaffo taraqqiyot yaratmas ekanmiz, global muammolar iskanjasidan chiqib ketolmaymiz. Biz insoniyatdagi tafakkur inqirozini faqat fundamental ilm tanqisligi sindromi deb atasak bo'ladi. Va bu haqda allaqachon bosh qotirish vaqti keldi... Nima dedingiz, zamondosh!

YANGILANISHLAR

MAHSULOTLAR

Media-mahsulotlar pochta orqali

SAYT XARITASI

STATISTIKA