TOIFALAR

QATRON

SHOGIRDLARNING SHARXLARI

NURSAFARDIYYA
ISH FAOLIYATI

QIDIRUV

HAMKORLAR

Ma'naviy etuklik yoxud komillik sarhadlari

Muallif: So'fiy-tabib shayx Nursafardiy

Joylashtirish vaqti: 2010-09-11

Bizning  amallarimiz texnikaviy, kimyoviy yoxud
siyosiy taraqqiyot emas, balki insoniy taraqqiyotdir.

Nursafardiyya falsafasi  xaqida gap ketganda, to'la ishonch bilan aytish mumkinki, Haq inoyati birla xalqimiz komilligi yo'lida mukammallikka asoslangan  ilmiy  nazariyamiz  va amaliyotimiz  millatimiz uchun saodat sarhadlarini ochib beradigan   madaniy va ma'rifiy manbaa bo'lib qolishiga ishonchimiz komildir. Bizkim xalqimiz, millatimiz va vatanimiz manfaatlarini ko'zlagan holda, ushbu tizimga bekamu ko'st kirib keldik. Xalqimizning madaniyati, ma'naviyati va ma'rifiy salohiyati vatanimiz ravnaqi uchun xizmat qiladigan asosiy omillardan biridir. Va biz bunday omillarni o'z nazariya va amaliyotlarimizda mukammallashtirgan holda komillik  sarhadlariga qadam qo'ydik.

Biz tanlagan yo'lning asosiy maqsadlari nimalardan iborat?

Bizning  asosiy yutug'imiz xalq yo'lida turganimizdir... Biz xalq bo'lib tug'ildik va xalq birla birgamiz. Nimaiki ezgu - niyatlarimiz bo'lsa xalqqa bag'ishladik va Haq yo'lida turib amallarimizni doimiy  mukammalligini  ta'minladik. Xalqni  madaniy , ma'naviy darajasini ko'tarish, ilmiy salohiyatini oshirish nazariyamizning asosiy printsiplaridan biriga aylandi.

Bizning falsafa  jamiyatda o'z o'rniga ega komillik falsafasi bo'lib qoldi. Ilmiy nazariyalarimiz siyosiy ta'limot, iqtisodiy va yoyinki,  diniy ta'limotni o'z dasturlariga kiritmadi. Oddiy qilib aytadigan bo'lsak, bizning falsafa umummilliy  qadriyatlar namunasiga aylangan  odamiylik maktabiga asos soldi.  Bu maktabda siz ezgulikka yo'g'rilgan, komil inson va mukammal shaxs timsolini ko'rasiz...

Bizning jannat yurtimiz o'z ilmiy salohiyati bilan dunyoni lol qoldirib kelgan diyordir... Dunyo tafakkur tanqisligi ro'y bergan, nobop taraqqiyot ortidan olam ahli boshi berk ko'chaga kirib qolgan, global madaniylashuv quloch yoyib millatlar ma'naviy va madaniy meroslariga, azaliy urf - odatlariga  xavf solayotgan bir paytda millatimiz, xalqimizning asl o'zligini asrab qolish har bir vatandoshimizning muqaddas burchi bo'lib qolmog'i kerak. Keyingi yillarda tan olib aytishimiz lozimki, aynan global madaniylashuv va texnik nobop taraqqiyot ta'sirlari bizning yurtimizni ham chetlab o'tmadi. Xalqimizning madaniy boyligi evromadaniyat  uslubi bilan qorishib ketdi. Ma'rifiy ilmlar o'z kuchini yo'qota boshladi. Ma'naviyatimiz, global madaniylashuv ta'siridan xalqimiz tafakkuridan yiroqlashib bormoqda. Xalqimizning ilmga chanqoqligi salohiyati so'nib bormoqda. Agarkim, biz millat sifatida, xalqimizni turli madaniy oqimlardan xolos etmasak, millat sifatida o'z qadrimizni yo'qotib qo'yishimiz hech gap emas. Biz yuksak ilm chegaralaridan yiroqlashib oddiy hayot tarziga o'rganib qoldik. Asosiy yumushimiz boylik orttirish, chiroyli imorat qurish, mashina, komp'yuter, millatimizga xos bo'lmagan turli odatlar kashfiyoti, manmanlik bilan o'zimizni ko'z - ko'z qilish, bir - birimizga hasad bilan qarash bo'lib qoldi.  Biz millatimiz ko'zgusi bo'lgan mehr - oqibat, saxovat, saxiylik, adolat va haqiqat, ezgulik haqida o'ylamay qo'ydik. Olam ahli uchun namuna bo'ladigan bebaho urf - odatlarimiz unutilib bormoqda. Milliy liboslarimiz o'rnini evropa kiyimlari egalladi. So'zlashuv madaniyatimizni qadri susaydi. Bu holatlar nimadan darak beradi, ommaviy manqurtlik kasalidan...  Manqurtlikka chalingan millat o'zligini yo'qotadi, uning na kelajagi va na tarixi bo'ladi... Manqurt millat hamisha o'zga kuchlar ta'siri ostiga qolib ketadi. Shuning uchun ham millat ravnaqi, vatanimiz kelajagi uchun kurashish uni faqatgina ilmiy salohiyat bilan boyitish, bugungi kunda har birimizning muqaddas burchimiz bo'lmog'i kerak.

Xo'sh, nima qilmoq kerak, degan savol hammamizni o'ylantiradi. Birinchi navbatda xalqimizning madaniy hayotini yuksaltirishimiz kerak. Milliy madaniyat yuksalgan bir paytda xalqimiz ongida tafakkur durdonalari ko'z ochadi... Millatimiz ongida ilmga bo'lgan chanqoqlik o'z samarasini bera boshlaydi. Milliy madaniyatni qanday printsiplar asosida yuksaltirish mumkin?  Jamiyatda poraxo'rlik, ichkilikbozlik, giyohvandlik, manmanlik, mehr -oqibatning yo'qolishi, turli xil mayda va xavfli jinoyatlar nimaga sodir bo'ladi? Inson hayotda o'z o'rnini topishi uchun oilaviy tarbiyani o'zi kamlik qiladi. Har tomonlama  mukammal bo'lmagan shaxs hayotning  turli sinovlari yo'lida boshi gangib qolishi tabiiy holdir.  Shaxsni ana shunday murakkab hayot yo'lida adashmasligi va to'g'ri yo'l topishi uchun nazarimda insoniylik maktablarini tashkillashtirish kerak. Va biz bu yo'lda shaxsning ichki dunyosini kashf qilish sirlarini o'rganishimiz, insonning fiziologik ruhiy holatida ijobiy informatsiya qabul qilish markazlarini uyg'otishimiz orqali  komillik va  mukammallik sarhadlariga keng yo'l ochishimiz kerak. Millat ko'zgusiga aylanishi lozim bo'lgan insoniylik maktabi xalqimiz  uchun, jamiyatimiz uchun, vatanimiz uchun mukammallik timsoli bo'lib qolishi tabiiy holdir.  Bunday go'zal va beqiyos timsolga faqatgina o'zlikni anglash orqaligina erishishimiz mumkin. Biz bunday mukammallik maktablari alohida ochilishi fikridan yiroqmiz, albatta. Olaylik farzandlarimiz  to'qqiz yillik maktabni bitirishdi. Bu paytda ularning ongi ayni ilmga chanqoq bir davriga to'g'ri keladi. Hukumatimiz tomonidan bunyod etilgan   kasb - hunar kollejlari va litsey boshlang'ich oliy ta'lim maskanlari biz  taklif kiritayotgan ta'limot uchun ayni muddao va imkoniyat belgisidir.  Yoshlarimiz uch yillik o'qish davomida ikki yilini kasb va ilmga bag'ishlab, so'nggi bir yilini insoniylik maktabi kurslaridan dasturamal  o'tsalar o'ylaymizki,  ilmiy salohiyatlari bilan birga  teran tafakkur orqali va eng keragi milliylikka asoslangan  hayotiy faoliyatlarida millatimizga, xalqimizga nisbatan yorqin kelajakni ta'minlagan bo'lardilar.                                                   

Tasavvur qiling, uchinchi kurs insoniylik maktabi bosqichi... Bu kurslardan so'ng imtihon tizimini yo'lga qo'yish kerak... Har bir shaxs mustaqil hayotga qadam qo'yishdan oldin insoniylik imtihonidan o'tishi  lozim bo'ladi. Agar shaxsda insoniylik tuyg'ulari ojiz bo'lsa undagi ilm ham jamiyatga foyda berolmaydi. Aksincha, u o'z ilmini millat ravnaqi uchun emas, shaxsiy manfaati uchun foydalanadi. Jamiyatdagi  barcha qusurlar aynan insoniylik maktabi yo'qligidan paydo bo'lmayaptimi?  Insoniylik maktabida ta'lim olgan shaxsni ilmiy salohiyatini imtihon qilish shart emas. Chunki insoniylik imtihonidan o'tgan  farzand aqlan va tafakkuran ilmni ne chog'li qadrli ekanini yaxshi tushunadi va hech qanday bir buyruqsiz bilimga o'zi intiladi.                                              

Insoniylik maktabi  dasturida qanday qo'llanmalar mavjud va u shaxsga nima beradi? Birinchidan shaxs o'zligini anglaydi, kimligini, millatni anglaydi. Komillik va mukammallik sirlarini o'rganadi.  Bu yo'nalishda darsliklar ishlab chiqarish olimlarimiz ixtiyorida.  Milliy madaniyat nima, milliy ma'naviyat nima, millatimizning bebaho urf -odatlari, tarixiy buyuklik,  ma'rifat bu yorqin kelajak, men aslida kimman?  Biz buyuk millatmiz, odamiylik ehsonlari, borliq va borlig'im, salomatlik sirlari, hayvonot  va nabotot,  yurtim ta'rifimda, men vatanni sevaman, xalq o'yinlari, milliy pazandalik, o'zbegim liboslari, mumtoz navolar kabi darsliklar o'ylaymizki, millatimizning hayotiy tajriba va ilmiy salohiyatiga bebaho hissa qo'shadi. Va aynan ana shunday yo'nalishdan bitiruv imtihonlari joriy qilinsa,  farzandlarimizni vatanga, millatimizga, xalqimizning  madaniyati, ma'naviyati, urf -odatlarini naqadar teran anglashiga qarab uning komillik darajasini anglab olamiz. Insoniylik maktabida  insoniylikning eng go'zal ham ichki, ham tashqi qiyofasi mujassamlangan. Bunda farzandlarimiz insoniylikning eng go'zal tuyg'ularini o'rganadilar. Murakkab hayotga komil inson sifatida kirib boradilar. Biz umrimiz davomida hayotning oddiy ko'ringan go'zal tuyg'ularidan bahra olmas ekanmiz, hayotning murakkab yo'llarida adashib qolishimiz va buning oqibatida jamiyatga zarar keltiruvchi nobop harakatlarimiz doimiy odatimizga aylanib qolishi mumkin. Keling, quyida ana shunday tuyg'ular xaqida fikr yuritamiz.  

ODOB haqida, odob ko'ngil chashmasining gavhari. Odobning odatlari insonning bezagidir. Odobning xislatlari sizni kamolot bo'stoniga olib kiradi. Shirin muomala, kamtarlik, tilni noo'rin so'zlardan tiymoq, yomon xislatlardan ko'z yumish va hokazo.                      

AXLOQ xaqida. Axloq ko'ngilning shirin mevasidir, ota - ona maslahatiga quloq tutish, tarbiyachining sabog'iga amal qilish, ko'proq kitob mutoala qilish, do'st tanlashda ehtiyot bo'lish, yomonlar suhbatidan yiroq yurish, yaxshilar xizmatida bo'lish va hokazo. 

TARBIYA, ota - ona tarbiyasi, bog'cha tarbiyasi, maktab tarbiyasi, ustoz tarbiyasi, vujud tarbiyasi va hokazo.

TARTIB, tartib ko'ngil ko'chasini odob yo'rig'i bilan pok saqlashdir. Tartibli kishi doimo axloqiy udumlarni hurmat qiladi. Jamiyat oldida o'z burchini munosib bajarib, nojo'ya harakatlardan yiroq yuradi. Xiyonat qilmaslik, sabrli bo'lish, to'g'riso'zlik, kasbga mehr, oilada jonbozlik va hokazo.             

INTIZOM, ko'ngil bog'ining lolasidir. Intizomli shaxs kamolot  sari intiladi. Aql ko'zini ochmoq, udumlarga rioya etish, amallarni vaqtida bajarish, va'daning ustidan chiqish, yomon xislatlardan yuz o'girish va hokazo.                                         

HISSIYOT, hissiyot ko'ngil bog'ini ravshan etuvchi ongdagi botiniy kuchdir. O'zini tuta bilish, farosatni yuksaltirish, gunohdan yiroq turish, ko'ngilni pok saqlash va hokazo...

RUHIYAT, ko'ngilning bog'bonidir. Ruhiyat pok bo'lsa ko'ngil gulshani oboddir. Haromdan hazar qilish, ongni yuksaltirish va hokazo.          

KAYFIYAT, ruhiyatni boshqarish, kelajakka ishonch, yaxshi dam, mukammal ilm va hokazo. 

BOKIRALIK, xushxulqlik, nozik tuyg'u, chiroyli fe'l-atvor, mehribonlik, hayo, ehtiros, go'zal fazilatlar va hokazo.

OZODALIK,ruhiyatni poklash, chirkin odatlarni ko'ngilga sig'dirmaslik, vujudni pok saqlamoq, yomon illatlarni odat qilmaslik, sog'lom muhitni yaratish va hokazo.  

GO'ZALLIK, ko'ngil gavhari, ko'ngil go'zalligi insonning botiniy javohiri. E'tiqod, sodiqlik, saxiylik, xushxulqlik va hokazo. 

SABR, hayot sinovlariga bardosh, kelajakka ishonch bilan qarash, kurashuvchanlik va hokazo.   

MUOMALA,  inson ziynati, shirinsuxanlik, xushxulqlik, axloqiy tushunchalar va hokazo.                                         

SAXOVAT, saxiylik savoblari, insonparvarlik tuyg'ulari va hokazo.

SAXIYLIK, bahamjihatlik mezonlari, mehr - oqibat nishonalari, miskinlarga muruvvat va hokazo.

FAHM - FAROSAT, ilm o'rganish, donolar suhbatiga intilish, o'zgalarni hurmat etish, iymon e'tiqodli bo'lish, dunyoni anglash va hokazo.                                                 

AHDU - VAFO, qalb javohiri, ko'ngilning ko'zidir. Va'daning ustidan chiqmoq, muhabbatga ishonch, sevgiga dog' tushirmaslik, ota - ona burchini ado etmoqlik, xalq xizmatida bo'lish, Vatanga sodiqlik va hokazo...

BAHAMJIHATLIK, inson qudrati, xalq qudratidir, bahamjihatlik, xalq dardi bilan yashamoq,  uning ijtimoiy ma'naviy yuksalishiga hissa qo'shmoqdir. Himmat, xizmat, haqiqat va xokazo.                          

BAHODIRLIK, xalq manfaati yo'lida kurashmoq, milliy o'zlikni himoya etib, vatan tuprog'i uchun jonfidolikdir. Vatanparvarlik, xalqparvarlik, g'urur, mardlik, matonat, jonfidolik va xokazo. 

ZAHMAT, matonat timsolidir. Sabr, nafs odobi, o'zlikni anglash saboqlari va xokazo.                          

ZEHN, ongning bezagi, ruhiyatning gavxaridir. Vujud tarbiyasi, ilmga chanqoqlik, xotirani mustahkamlash, mutoala va hokazo.                          

ZIYORAT, savobning asl turlaridan biri. Oddiy odamlar ziyorati, avliyolar qabrini ziyorat qilish, ota -ona va yoru do'stlarni ziyorat etmoq va hokazo.                                              

ISTAK, ko'ngilning ishtiyoqidir. O'tkir zehn, tiniq nigoh, yumshoq mayl, harakat va maqsad va hokazo.

OILAPARVARLIK, muqaddas dargoh, kichik jamiyat. Farzandlarga nisbatan mehribonlik, komil tarbiya, ahillik va hokazo.                             

HAMDARDLIK, ko'ngil odobi, ko'ngilchanlik, kamtarlik, saxiylik, sheriklik va hokazo.

MOHIRLIK, ko'ngil ko'chasining ravonligidir, mehr, zahmat, matonat, mardlik va hokazo.

MEHMONDO'STLIK, kishiga kibru havo, manmanlik yotdir, odati kamsitmaslik, tortishmaslik, muomala madaniyatini namoyon etish va hokazo.                            

PARHEZKORLIK, vujudni salomat saqlamoq demakdir. Kundalik eb ichmoq, tilni yomon so'zlardan tiymoq va hokazo.                                   

RAHBARLIK, manmanlik kibru havo emasdir.  Kamtar, muloyim, o'z o'rnida qattiqqo'l tadbirli, talabchan va hokazo.                                    

RAHMDILLIK, mehr bulog'idan qaynab chiqqan malham. Mehribonlik, saxiylik va hokazo.               

SIPOHLIK, o'zini pok saqlash, g'ururli, noziktabiat, xalqchil, elparvar va hokazo.                 

FAZILAT,  oqibatli bo'lmoq, odobni yuksaltirish, axloqni o'zlashtirish, tarbiya ko'rganlik, intizomga rioya etish va hokazo.                                 

XAYR- EHSON, yaxshilik, oqibatlilik, saxovatli bo'lish va hokazo.     

ADOLAT,  iymonli bo'lmoq, mard va jasurlik, jaholatga qarshi mardona kurash, haqiqatparvarlik va oila, mahalla, yurt, vatan sha'nini himoya qilmoqlik va hokazo.  

EHTIYOTKORLIK,  zararli odatlardan chekinish, axloqi buzuqlardan yiroq yurish, tilni tiyish, yaxshi va yomonni farqiga borish, nafsni tiyish va hokazo.

EHTIROS, qalb ko'zgusining to'lqinidir. Yaxshilarga oshno tutinish, go'zal tuyg'ulardan bahra olish, hayotdan zavqlanish va hokazo. 

SODIQLIK, va'daga vafo turkumlari, vatanga, millatga, urf -odatlarga, o'zligiga sodiqlik.

SALOMATLIK, kundalik  rejim taqvimi, parhezkorlik amallari, sport turlari va hokazo.

ORIYaT, qalb go'zalligi. Nopoklikka yot va'dasiga sodiqlik, teran fikrli, parhezkor, kamgap, kamsuqumlik va hokazo.                                    

MADANIYAT, inson qiyofasi. Tarbiya, odob, axloq, intizom, tartib, ilm, ma'naviyat va hokazo.                       

O'ZNI TUTMOQ, aqlni charxlash, oriyatli bo'lmoq, kamtarlik, kamgaplik, g'ururli bo'lmoq, kattaga hurmat, kichikka izzat, ota - onaga mehribonlik, o'zgalarga xokisorlik, muomala madaniyatini yuksaltirish va chekish, ichish, giyohvandlik, kibru - havo, g'aflat, takabburlikdan yiroq yurish va hokazo.                                                  

DO'ST TANLASH,  uning ichki dunyosini anglash, sinov muhlati, odobi , ahloqiga nigoh, sodiqligini anglash va hokazo.                                        

KASBGA MEHR, sadoqatlilik, halollik,  yaratuvchanlik va hokazo.

FARZAND HAQIDA,  ota - onaga mehribonlik, oqibatlilik, nasihatlarga amal qilish, vatan oldida mardlik, matonat, qahramonlik, xalqqa hurmat, vatanga xizmat va hokazo.                                     

OTA- ONA, SOFDILLIK, AQL, ILM, QUVVAT, SHIJOAT, IXLOS, QADAM, TAFAKKUR, XIZMAT, XOTIRJAMLIK, ICHKI OLAM, FURSAT, SHUKR, FANO, BAQO HAQIDA, keling insoniylik faoliyatida neki ezgu niyatlar bor shu maktabda o'rgansinlar. Amaliyot borasida tarixiy muzeylarga  tashrif buyurib moziyni  o'rgansinlar, so'lim qishloqlarimizga  tadbir va sayr uyushtirib qadimiy urf -odatlarimizni, milliy o'yinlar va laparlarimizni momolarimiz, bobolarimizdan o'rganaylik, o'quv maskanlarida milliy liboslar ko'rgazmasi, urf - odatlarimizga asoslangan xalq o'yinlari musoboqalari, milliy taomlar tayyorlash borasida mohir pazandalik tanlovlarini tashkillashtirsak maqsadga muvofiqdir. Shunday qilib, yuqorida aytib o'tilgan darsliklar qatorida nazariy tomondan haftada kundalik o'quv dasturiga besh soatlik o'qish tartibi  kiritilsa, masalan, dushanba kuni  Ruhiyat darsi, Salomatlik darsi, Intizom darsi, Zehn darsi, Sofdillik darsi. Keyingi kun kundaligida Ahdu vafo darsi, Bahodirlik va mardlik darsi,  Mohirlik darsi, Parhezkorlik darsi, Oilaparvarlik darsi, Rahbarlik darsi va hokazo. Darsliklarni davom ettirishimiz mumkin. Vatanparvarlik darsi, Xalqparvarlik darsi, Orastalik darsi, Sodiqlik darsi, Bokiralik darsi, Odillik darsi, E'tiqod darsi, Muomala darsi, Go'zallik darsi, Savdo - sotiq va o'zbek bozori darsi va hokazo. Amaliyotda esa xalq o'yinlari, milliy an'analarga asoslangan liboslar ko'rigi, milliy taomlar bezagi, milliy hunarmandlik va hokazo... Ushbu biz taklif kiritayotgan o'quv dasturlarimiz faqat kollej va litseylarimiz uchun mo'ljallangan. Va ushbu tizim o'quv maskanlarining qaysi bir yo'nalishi  bo'lsin barchasi uchun birdek zarur hayotiy komillik  maktabidir.  Institut va universitetlarda  bu tarbiya usulida bir oz kech qolamiz. Chunki  oliy o'quv yurtlariga kirish har kimga ham nasib etavermaydi va ko'pchilik yoshlarimiz bunday mukammal ilmdan bebahra qolishlari mumkin. Ushbu maktab darsliklari hali farzandi voyaga etmagan oilalar, mahalla oqsoqollari, davlatimiz o'z himoyasiga olgan etimxonalar uchun ham muhim qo'llanmadir. Yoshlar  mustaqil hayotga qadam qo'yib biror muammoga duch kelsalar, aynan insoniylik printsipi mukammal bo'lmagani uchun, yo o'sha muammoni noto'g'ri hal qiladi va yo  muammodan qochadilar. Insoniylik maktabida ta'lim olgan shaxs nafaqat jamiyatda o'z o'rnini topadi, balki oilada ham tarbiya usuli kuchaytirilib bu holat kelajakda oilaviy an'anaga aylanadi.                                                   

Biz ushbu dastur bo'yicha barcha darsliklarni tayyorlashni, kerak bo'lsa o'z zimmamizga olamiz va bu borada  falsafiy nazariy, ilmiy va ruhiy bilim tajribamizga egamiz. Shu bilan bir qatorda qo'shimcha  o'quv dasturlarini mukammal tarzda tayyorlash xizmati olimlarimiz zimmasida va biz ham ularga yondosh turgan holda o'z, nazariyalarimiz bilan hissa qo'shishga tayyor holatdamiz. Biz istardikki, milliy hayot tarzimizni qayta oilamizga kiritaylik, milliy liboslarimizga qaytaylik, xalq o'yinlarini tiklaylik, muomala madaniyatimiz yuzimizda ufurib tursin. Ana shunda biz tafakkurimizga  salbiy ta'siri bilan manqurtlik botqog'iga botiruvchi  G'ARAZGO'YLIK, KIBRU-HAVO, MANMANLIK, GINA - KUDRAT, RIYOKORLIK , XIYONAT, HASAD, JAHOLAT, TUBANLIK, AXMOQLIK, IChKILIKBOZLIK,  KASHANDALIK, QO'RQOQLIK,SABRSIZLIK, AXLOQSIZLIK, JOHILLIK, OLIFTALIK, OCHKO'ZLIK, G'AM-ANDUH, ZULMAT, HIRS,  MAKR - HIYLA, ADOVAT, FISQU - FASOD, TAKABBURLIK,  G'AFLAT,  YARAMASLIK, XASTALIK,  BAXILLIK,  MANQURTLIK, ZINO, ZIYON - ZAHMAT, BO'HTON, TUHMAT, HAROMXO'RLIK VA FALOKATLARDAN  xoli turmush tarzini yaratamiz. Toki jamiyatimizni  izdan chiqaruvchi salbiy tuyg'ulardan xoli bo'lmas ekanmiz, musaffo hayot tarzini qurolmaymiz. Bizning pokiza elimizga, buyuk millatimizga, kelajagi porloq vatanimizga milliy madaniyatimiz, go'zal va yuksak ma'naviyatimiz, nurli  ma'rifatimiz   orqali o'zga davlatlar havas bilan qarashsin va bizdan o'rnak olishsin. Global madaniylashuv millatlarning asliyatiga soya tashlab turgan bir paytda  insoniylik printsiplarimizni milliy an'analarimizga va ma'naviyatimizga qaratmasak, hech qanday natijaga erisholmaymiz... O'zligimizga qaytish fasli keldi... Va xalqimiz ham o'z asliga qaytishni bajonidil istaydi. Va aynan o'zlikka qaytish borasidagi ilmiy dasturlarni ma'sul shaxslardan sabrsiz kutmoqdalar.  Va biz ham shu xalq uchun, shu el va vatan uchun o'z ma'sulligimizni his qildik va ilmiy nazariya va amaliyotimizni xalqimiz hukmiga havola etmoqdamizk, bu amallar millatimizning tafakkurini yuksaltirishiga zarracha shubhamiz yo'qdir.                        

Bizning nazariyalarimiz ana shunday milliylik va mukammal insoniylik omillarini o'z dasturiga kiritganki,  bunday komillik printsipi albatta, jamiyatimizga uning ma'naviy va madaniy yuksalishiga bebaho hissa qo'shadi. Nursafardiyya falsafasi ko'p yillar mobaynida ushbu tizim borasida  mukammal dasturlarni ishlab chiqqan, bular biz tomonimizdan chop etilgan ko'pchilik kitoblarimiz va risolalarimizda batafsil bayon qilingan. Bizning nazariy - ilmiy va amaliy qarashlarimiz umid qilamizki, ma'sul shaxslar uchun qadrli va hayotiy komillikka daxldor bo'lgan bir mukammal falsafani omma orasiga tadbiq qilishda o'zlari bosh - qosh bo'ladilar va biz bu yo'lda millatimizning mukammallik ilmidan boxabar komil insonlar bo'lib etishmoqlari uchun  ilmiy quvvatimiz bilan bajonidil turib beramiz. Va barchangizga insoniylik maktabi muborak bo'lsin deymiz.

YANGILANISHLAR

MAHSULOTLAR

Media-mahsulotlar pochta orqali

SAYT XARITASI

STATISTIKA