TOIFALAR

QATRON

SHOGIRDLARNING SHARXLARI

NURSAFARDIYYA
ISH FAOLIYATI

QIDIRUV

HAMKORLAR

Biz millatmizmi?... yoxud... Eh... elim!

Muallif: So'fiy - tabib shayx Nursafardiy

Joylashtirish vaqti: 2010-09-04

Haq yo'lida - Haqparvar!
Xalq yo'lida yo'lida -Xalqparvar!
Vatan ishqida - jonkuyar!
Millat  qalbida yashar!

 

Hikmat bitdim, hikmatim xizmatimdir, 
Gar man xizmat qildim, xizmatim   hikmatimdir.

Angla elim, ki sen milliy madaniyati dunyoni lol qoldirgan, ma'naviyati jahon xalqlariga o'rnak bo'lgan, ilmiy meroslari olam  tamadduniga qo'llanma bo'lib qo'llangan, tarixiy sarkardalari zaminni titratgan, donishmandlari samo qadar ziyo taratgan, mard o'g'lonlari vatan himoyasi uchun bir tomchi qoni qolguncha kurashgan, bokiralari hayo pardasi birla go'zallik timsoliga aylangan, kangullarida mehr - oqibat  saroylari bunyod etilgan, yuraklarda sadoqat, vafo nafaslari ufurgan, ko'zlarida saxovat va saxiylik  mevalari g'arq pishgan, shiddatlarida odillik va haqiqat qalqonlari mustahkam, amallarida komillik nashidalari mangulikka daxldor, ona tabiati ila etti iqlimga mashhur jannatmakon zamin qo'ynida Olloh nasibi va inoyati birla yashamoqdasan.

Sen shunday el eding, sen shunday millat eding, sen shunday vatan eding... Lekin...

O'zligingga qiyo boq... Senga nima kerak asli... Vataning tinch, bag'ring butun. Qorning to'q. Na g'aming bor, na armoning. Yashamoq uchun nima istading barchasi muhayyo... Qo'lingda telefon, tagingda mashina, uyingni tomi qo'shningnikidan balanddir, balkim.  Senga nima etishmaydi? Sening aqlingga tasannolar aytgim keldi. Sening aqlingga qoyillar qoldim,  sening aqlingga havas qildim, sening aqlingga atab she'rlar yozgim keldi... Lekin faqat aql bilan murod hosil bo'lmasligini angladingmi, elim. Aql manqurtlikning ko'rinmas holati ekanligini angladingmi, elim. Aqlli odam hamisha aqllidir, u birovga qo'lidan kelsa yaxshilik qiladi, kelmasa jimgina yuraveradi. Aqlli odamda intilish, fikrlash va harakat  sustdir. U misoli qo'y kabi beozordir...
Anglayapsanmi, elim, men sening yuz yillar davomida ongingda mudrab yotgan qudratli tafakkuringga ishora qildim... Men sening asrlar mobaynida parda tortib, alangasi o'chib qolgan ko'ngil otashingga ishora qildim.

Tarix sahnasini ilm bulog'i bilan qondirgan, olam bag'rida tamaddun urug'ini sochgan oliy tafakkuring, ilohiy ishq saltanatida javlon urgan donishmandlik harorating, dunyo xalqlarini lol qoldirgan tengsiz nafosating, borliq daholarini arosatda o'ylantirgan beqiyos farosating qayda qoldi? Urfu - odatingga putur ketdimi, oqibatingga qusur etdimi?

Muqaddas yurtda mukammal elligingni, dono xalqligingni, pokiza millatligingni o'rnini bu kun nima bilan baho beray?!

Manqurtlik sindromi deymi? Va yo nafsning ehtiromi, va yo shaytonning xiromi, tubanlik ehromi deymi?

Foniy olamda ilmsiz kishi johildir, ki ul nafsga quldir. Biz nafsimiz bilan cheklangan holda tafakkurni tarixga uloqtirdik va mavhum kelajak yukini elkamizga tashladik. Mabodo holimiz shu bo'lsa, kelajak uchun kechirilmas tarixga aylangaymiz, elim. Bizning manqurtligimiz kelajak avlodlarning  ilmiy salohiyatiga qaqshatgich zarba berib ojizlangan tafakkurini  falaj ahvolga solib qo'ymasmi?

Agar biz hozirgi ilmiy darajamizni taroziga solib ko'rsak, tarozining bir pallasidagi nafs toshi bunaqa engil bilimimizni ko'kka uloqtirgan bo'lardiki, biz aslida kimga aylanib qolganimizdan uyalib qolgan bo'lardik. Bizni tarix kechirmagay, bizni kelajak kechirmagay.

Biz o'z ilmiy salohiyatimizni, tafakkur bulog'imizni, ma'naviy qadriyatimizni  kangul istaklariga quloq tutmay nafsning buyrug'i bilan manqurtlik komiga ko'mib tashlayapmiz.

Eh elim, nega ilmdan yuz o'girding? Nega o'zligingni anglash o'rniga senga vafo qilmas boylikka qul bo'lding?... Pulni deb o'zga yurtlarda qullik ixtiyor etmoq  bizning millatga xosmidi? Pulni deb o'zga yurtlarda bokiralarimizning hayo pardalarining ko'tarilishi bu ham bizning millatga xosmidi? O'zga madaniyat o'zlikni emirmoqda, bu holat ham bizga xosmidi? O'zga ma'naviyat ma'naviyatimizni tomiriga suv quymoqda, bu ham bizga xosmidi? Urf - odatlarimiz odatdan tashqi holatda, bu ham bizga xosmidi? Bularning barchasini o'z ichiga oluvchi umumma'naviyat salohiyatimizni birgina nafs engmoqda. Mashaqqatdan cho'chib yashamoq, bu nafs sindromini kuchaytiradi. Biz nafsning turi, yo'lidan adashdik. Molu dunyoga  ruju' qo'ymoq tafakkurni falaj  qilgay. Ilmga bo'lgan nafs  uni yuksaltirgay. Ilmsizlikning kelib chiqishi bu boqimandalik oqibatidandir.

Bir inson farzandiga garchi boyligi bisyor bo'lsada, uning ilm olishida hech qanday yordam qo'lini cho'zmadi va dedikim, "agar sen kelajakda o'z yo'lingni topmoq istasang hayotda kurashib yasha, sinovlariga bardosh ber, shunda rohatda yashaysan". Va ota boyligini o'g'ilga emas, saxovatga bag'ishladi. O'g'il mashaqqat bilan o'qimoqda. Ota saxovat bilan ovvora. Otaning so'zlaridan xulosa qilgan o'g'il mehnat bilan topgan pulini ilm olishga bag'ishladi. Bir kuni o'sha ota bilan do'st kishi unga dedi, "seni shuncha puling bo'la turib nega farzandingga qarashmaysan? Ham o'qib, ham ishlamoqda".

Ota dedi, "mashaqqat chekmasa ilm tatimas, hayotda yo'lini topolmas".
 
Do'st kulib dedi, "yo'q, men o'g'limni qiynalishini istamayman"...

Shunday vaqt keldiki, mashaqqat bilan o'qigan otaning farzandi ilm bilan kuchli salohiyatga erishdi, boyligi ortdi va ota singari saxovat qila boshladi. Do'sti bir kuni otaga dedi, "men o'g'lim uchun jannat sharoit qilib berdim va angladimki, unda na bilim bor va na hayotiy tajriba... Giyohvandlikka berilib ketdi... To hanuz oilasini boqaman..."

Ota achinib qo'ydi, "mashaqqat chekmagan insondan insoniylik kutma!"

Biz mashaqqat chekmay qo'ydik, biz ilmni pisand qilmay qo'ydik. Biz ilmsizlik ortida jaholat tishini qayrab yotganini anglamayapmiz. El ilmsiz bo'lsa, millatning qadri yo'qoladi va bunday ojiz yurtda har qanday begona madaniyat, yalang'och ma'naviyatning silliqqina kirib kelishi, kerak bo'lsa butun bir vatanni boshqalarning qo'liga tutqazib qo'yadi. Vatan bizga kerakmi? Millat bizga kerakmi?

Vatanni qadrini vatanparvarlik bilan o'lchaydilar, millatni qadrini millatparvarlik bilan o'lchaydilar, xalqning qadrini xalqparvarlik bilan o'lchaydilar, elim. Agar biz faqat nafs haqida qayg'ursak, bunday tuyg'ularni qaerdan izlay, elim. Har bir so'zimizda nafs xaqida gapirsak, uyquga ketishdan oldin nafsni o'ylab uxlasak, tongda nafs ishqi bilan uyg'onsak, har bir harakatimizda nafsning ilinji ufurib tursa, men bunday tuyg'ularni qaerdan izlay, elim.

Kitob tutgan  qo'llarni sog'inmadikmi? Qadamidan ilm ungan ma'rifatli yo'llarni sog'inmadikmi? Mehr - oqibat, sadoqat va saxovatni sog'inmadikmi? Sog'indik, elim, sog'indik. Faqat bu sog'inchga qo'l uzatishga qurbimiz etmayapti. Uni bizning ma'naviyatimizni o'ldirayotgan nafs qilichlari kesib tashlamoqda.                                                  

Millat tafakkurini o'ldiradigan eng kuchli qurol, bu xalqni ijtimoiy hayotini nafsga aylantirishdir.

Eh, elim, o'z tafakkuringni nafsga aylantirib qo'ydingmi? Nafs qachon kuchayadi, qachonki jamiyatda iqtisodiy parokandalik yuz bersa.

Jamiyat bu o'zing emasmi, elim. Va yo, o'z elingni dardini nafsga aylantirdingmi, elim. Ilm bu elning yuzi, quvvati, belning so'zi emasmi,elim. Eh elim, ilmdan yiroq ketgan, elim. Sen kuchsan, sen qudratsan, o'zligingga qayt, elim, so'zligingga qayt, elim... O'z ulug'ligingga qaytmaslik, bu gunohligini bilmagan, elim... Sen ulug'san, sen buyuksan, elim. Qayt, elim, seni tarix sog'indi, seni buyuk kelajak sog'indi. O'zligingga qaytishingni tarix ham, kelajak ham kutmoqda. Va buning fursati har bir daqiqangdir, elim.
       
Tafakkur va kangul sultonligi  o'zligingga xosdir va buyuklik senga mosdir, elim.. Buyugim ham, kuyugim ham, suyugim ham sendir, elim... Qayt endi...

Alhamdilillahi robbil a'lamin...

YANGILANISHLAR

MAHSULOTLAR

Media-mahsulotlar pochta orqali

SAYT XARITASI

STATISTIKA