TOIFALAR

QATRON

SHOGIRDLARNING SHARXLARI

NURSAFARDIYYA
ISH FAOLIYATI

QIDIRUV

HAMKORLAR

Bir vujudda ikki olam

Muallif: So'fiy-tabib shayx Nursafardiy

Joylashtirish vaqti: 2010-09-03

Haq yo'lida - Haqparvar
Xalq yo'lida - xalqparvar
Vatan ishqida - jonkuyar

Vujud nadir, kelajagi qabr bo'lajagi tuproqdir.  Va ana shu tuproq mahsuli tuproqqa qaytguncha, dedimki, ikki olamni o'z bag'riga sig'dirib uning  ilohiyotga bog'liq lazzatini borlig'ida mujassam etganki, ularning biri tafakkur olami bo'lsa, biri kangul olamidir. Va yana dedimki, bu ikki olam o'z orazidan nafs pardasini ko'tarib  komillik saodati birla boqiylik javohirotidan bahramand bo'lmoq ilinjida  vujud qamog'idan ozodlik istar. Ojiz vujudning karomati shundadirki, ul ikki buyuk olamni birlashtirish va uning aniq manzili, saodat sarhadiga kuzatgan holda, qabrga xotirjam qaytmoq qobiliyatiga egadir. Ikki olam, bul birinchisi foniyga bog'liq tafakkur olami bo'lsa, ikkinchisi boqiy olamga ulanuvchi kangul olamidir. Ikki olam agarkim, oradagi nafs devorlari mashaqqat qurollari bilan yakson qilinmas ekan, alar tutashmasdir va murod hosil bo'lmagay. Tafakkur foniyni ko'rar, kangul baqoni.  Insonlar angladimki, aql bilan cheklanibdilar. Tafakkur va kangul chegaralarini nafsning qudratli dushmanlari mustahkam qo'riqlamoqdaki, ojiz bandalar bunday temir istehkomni o'z riyozatlari bilan buzib o'tmoqqa o'zlarida kuch topolmadilar. Tafakkur zindonband, kangul foniyga asirdir.

Bu asirlikdan  ozodlik istar tafakkur va kangulni qutqarmoq ilinji aql va iymon chekiga tushgay. Aql qo'shinini tafakkurga iymon lashkarlarini kangulga tashlamoq lozimki, toki ikki olam oraziga parda tortib turgan nafs dushmanlarini yakson qilsinlar...  Iymon lashkarlari kangul eshigi oldidagi  manmanlikni engsalar, aqlning chaqqon qo'shinlari tafakkurning asr etgan manqurtlik yovlariga zarba beradilar.  Kangulda adolat qilichlari jaholat qalqonlarini parchalab haqiqat  eshiklaridan kirsinlar. Tafakkurda  ilm  to'lqinlari ilmsizlik  kulbalarini o'z domiga tortib ketsin. Kangulda ilohiy ma'budalar foniylik istagan foniy  martabalarni  bekor qilsinlar...

Ikki olam ikki xilqat. Insonkim avval birinchi holatda tafakkur olamining kichik ong qo'rg'onida odamiyligini angladi. Va bu qo'rg'on saroyini aql kuchlari bilan qayta qurib uni tafakkur saroyiga aylantirgancha tashqi orazini ilm javohirlari bilan bezadi. Va tafakkur angladikim, saodat topmoq istagi ilm ummonlarida jo'sh urmoqda va ikkinchi olam kangul olamidagi  ishq tojini boshiga qo'ndirsagina chinakam haqiqatga erishar.

Bir vujuddagi ikki olam... Va lek avom aql bilan cheklandilar va bul ikki olam sukut saltanatida pinhona, nafs bo'roni ostida mavhumlik saltanatiga cho'kib ketmoqda.  Avom xalqda  manqurtlik nafasi nima bilan ifodalanadi? Manqurtlikni engish uchun, tafakkurni uyg'otish va kangul buloqlarini ochish uchun nima kerak edi? Manqurtlik nimaga olib keldi va qay manzilga boshlamoqda?  Manqurtlikning sababi xalq ichidan donishmandlikning yo'qolishidir... Xalqni vatanparvarlik va haqparvarlikka undovchi donishmandlar qaerda qoldi? Agar ularkim mavjud bo'lsalar xalqning manqurtligiga  sababchidirlar. Yoyinki, donishmandlarimiz qo'rqoqlik vajidan tayoqlarini elkalariga tashlab  xalqni  avomlik girdobiga tashlab vatandan chiqib ketdilarmi? Donishmandlik xalq birla birga bo'lib ularga ma'rifat ulashish bilan o'lchanmasmi? Donishmandlik kurashlarda toblanur... Xalq birla yonma - yon turmagan donishmand donishmand emasdir. Agar donishmandlar xalq orasida bo'lsalar ularning nafasidagi hikmatni ko'rmaganimiz va eshitmaganimiz bizni  manqurtlik girdobiga yanayam chuqurroq cho'ktirmoqda.  Xalqning tafakkur bulog'iga ilm suvlarini quymoq donishmandlar kasbi emasmi? Donishmandlar  kurashmasinlar so'zlarini aytsinlar... Bizning anglashimizcha donishmandlar yo xalqni ichiga kirib xalq bo'lib ketdilar va yoki  kuchli donishmandliklaridan xalqni nazarga  ilmayaptilar. Ularning omi xalqqa ilm berolmaganliklari xalqni manqurtlikka olib keldiki, bu holatni ularning qo'rqoqlik kasb qilib, haqiqatdan yiroq ketganliklari bilan baholash  mumkindir. Biz o'tmish donishmandlarimizni maqtash va maqtanishga e'tiborni ko'proq berayapmiz... Lekin ularning ta'limotlarini amaliyotimizda qo'llay olayapmizmi? Yoki ko'z bo'yamachilikni donishmandlar kasbiga aylantirayapmizmi? Chiroyli parda derazaga juda yarashgani bilan doimiy yopiq tursa xonadagi anjomlar mog'or bosadi.  Donishmandlar parda ortida qolib ketmasligi kerak. Ular xuddi har tongda quyosh sharqdan o'z orazini ko'rsatib, jahonga nur sochgani kabi xalq oldida yuzlarida balqib turgan donishmandlik nuri, hikmatlari sururi va xalqparvarlik g'ururi bilan namoyon bo'lsalar, ko'ngillarga ma'rifat nuri yog'iladi.

Donishmand zinhor o'zi uchun yashamagay . Donishmand bu xalqdir, vatandir. Iloh ilmi va donishmandlik javohiri har kimga ham berilmagay... Donishmandlik ko'tarilgan yurtda odamlar nafsga berilgaylar. Omma orasidan mehr - oqibat ko'tarilgay. Saxovat yo'qolgay, saxiylik so'ngay. Adolat ketib jaholat  urug'i sochilgay. Donishmandning  donishmandligi uning tayog'ida emas mayog'idadir.  Ilm manzillarini aniq va tiniq ko'rsatuvchi mayoq xalqni saodatga boshlab ommani ma'rifatga undasagina uning donishmandligi namoyon bo'lgay. Donishmandi bo'lmagan xalq avomlik girdobidadir...  Tarix donishmandlarining ilmiy - merosiy  hikmatlaridan vujudan zohir donishmandlarning ilmiy quvvati xalq ongiga tezroq kirib borgay... Va xalq bilan yuzma - yuz bo'lgan holda hikmat so'zlamoqning  ma'rifati ham kuchliroqdir...

Ming afsuski,  xalq orasida hayot tarzi faqat iqtisod bilan bog'lanib donishmandlikdan chekinish ro'y berdi. Shu ma'noda anglamoq lozimki, boylik omonatdir va lekin donishmandlikni hech qanday qurol bilan engib bo'lmagay.

Ikki olamni bir vujudda barpo qilib saodat saroyida o'zlikni namoyon qilmoq baxti har biringizga nasib etsin.

Donishmandlikni seving va uning so'nmas nurlari  har biringizning qalbingizni yoritgay, inshoolloh...

YANGILANISHLAR

MAHSULOTLAR

Media-mahsulotlar pochta orqali

SAYT XARITASI

STATISTIKA