TOIFALAR

QATRON

SHOGIRDLARNING SHARXLARI

NURSAFARDIYYA
ISH FAOLIYATI

QIDIRUV

HAMKORLAR

Amaliy ibodat yoxud vatanparvarlik tuyg'usi

Muallif: So'fiy-tabib shayx Nursafardiy

Joylashtirish vaqti: 2010-08-30

Dedim, ey farzand, dunyoning senga berilgan to'rt daqiqasi imkoniyating uchun mukofotdir. Daqiqang ibodatga aylanmas ekan, bilki, umring zoe ketibdur. Ibodat nadir desalar, degilki, ibodat bu nafaqat Ilohga bo'lgan amal, balki ibodat bu dunyoviy go'zal amaldir ham. Bilagingda quvvat, yuragingda shiddat jo'sh urib turgan bir paytda anglagilki vatanga, millatga, xalqqa bo'lgan sadoqating bu sening ibodatingdur. Va yana anglagilki, omonat olamning sinovlarga boy sahnasida  seni iymon yo'lidan chalg'ituvchi nafsiy kuchlar qalbing saroyini band etmasin. Ibodatni sukut bilan bajo keltir va seni g'urur bilan kuzatsinlar. Komillik nadur angla va mukammallik sirlarini o'rgan, toki bu amallar nafaqat sen uchun, balki millat va vatan uchun kerakdir... Vatanni bir siqim tuprog'ini o'z qadringdan baland bilsanggina, vatan qadrini bilgaysan. Millat qadrini o'z nafsingdan ustun qo'ysanggina millat qadrini bilgaysan. Va yana anglagilki, bu foniy dunyodan hech kim hech narsa olib ketolmagan. Va yana anglagilki, ibodatning eng yaxshisi bu saxovatdir. Topganini xalq bilan baham ko'rmoq savoblarning eng ulug'idir. Yaxshi inson bo'lmog'ingni o'zi bu millatga bo'lgan xizmatning bir turidir. Chunki yaxshi inson unvonidagi shaxs komillik amallarini ko'ra oladi va uning cho'qqilariga intila boshlaydi... Oilani muqaddas, vatanni ulug', millatni qadrli bil. Jahonga ko'z - ko'z qilgudek milliy madaniyat, bebaho urf - odatlar, tengsiz ma'naviyat, tuganmas azaliy ilm javohirlari, buyuk tarix va yorqin kelajak ko'z o'ngingda jilolanib  tursin.  Agarkim, sen bunday jilolar saltanatida turib o'zligingni anglamasang, bilginki, vatanparvarlik, millatparvarlik hissi seni tark etgay... O'zlikni anglamagan inson xiyonat yo'lidadir va manqurtlik kasali uni tuban etgay. O'zlikni anglashni istamagan inson bu o'ziga nisbatan xiyonatdir.  O'zligini topmagan va o'ziga xiyonat etgan inson vatanda vatansizdir. Chunki vatan va millat uchun qayg'urmagan insonning vatani ham, millati ham nafsdir.

Komil inson vatanni yuksakka ko'taradi, mukammal inson millatni asray biladi. Oqil inson uning ma'naviyati, madaniyatini  boyitadi, sadoqatlisi saxovatda, salomatlisi xizmatda turadi. Yaxshilikni odat qilib, yomonlikni o'zingga dushman bil. Saxovatni o'zingga do'st tutib, hasadni qalbingdan yiroq tut. Manmanlikni uloqtir, kamtarlikni qoningga singdir. Xiyonatdan nafrat qil, sadoqatni mangu bil... Unutmagilki, dangasalik jismoniy holatingni kasallikka giriftor qilsa, tafakkuringni manqurtga aylantiradi va sen keng olamning jozibaga boy ilmlari va hayratli kechinmalaridan bebahra qolgaysan. Olam ko'zingga tor ko'rinib, tushkunlik girdobida o'zingni xarob etgaysan.

 Sog'lik bo'lmasa qo'rqoqlik inson vujudini falaj holatga keltirib qo'yishini unutma. Inson ongida, tafakkurida tug'ilishi kerak bo'lgan har qanday ijobiy tuyg'ular fiziologik jarayonga borib taqaladiki, agar qondagi hujayra rivojlanmasa, har qanday fikrlash qobiliyati manqurtlik chegarasidan o'tolmaydi. Inson ojiz kimsaga aylanadi. Bunday kishida kurashuvchanlik yo'qoladi. Kurashuvchanlik bo'lmagan yurak vatanparvarlik haqida hech qachon qayg'urmaydi. Demak, millat ham, vatan ham faqat sog'lom vujud va komil tafakkur orqali rivojlanadi va yuksaladi.
 Sog'lom turmush tarzini ibodatga aylantirgil, toki vatanparvarlik, xalqparvarlik hissi seni hech qachon tark etmasin.Tafakkuringda vatan ishqi millat ishqi, xalq ishqi bo'lsa qalbingda Haq ishqi, ilohiy ishq, boqiy saodat ishqi bo'lsin.

Bu omonat olamda soqiy kabi insonlarga ilohiy ishq mayidan quyib bergilki, boqiy hayot manzillari senga mangulik eshiklarini ochib tursin.
 

Omonat olamdan mangulik izlama. Toki ilohiy olam sarhadlariga o'tmas ekansan, mangulikning manzillari ko'zingga ko'rinmasdir va boqiylik saltanatini faqatgina qalb ko'zi bilan ko'ra olsanggina, uning abadiyat saroyiga kirmoq baxtiga musharraf bo'lgaysan.

Odam bo'lmoq ham bir ibodatdir. Odam bo'lish qiyinligi uchun ham odamgarchilik yo'lidan yurmoq bir ibodatdir. Odam bo'lmoq uchun ibodat qil, odam bo'lmoq uchun irodat qil. Anglagilki, odamlik qiyofasi bu odamlikni bildirmaydi. Sen odamlik qiyofang orqali odamiyligingni namoyon qil. Tashqi qiyofa va go'zallik barcha jonzotlarda ham bor.  Odam odamiyligini ichki go'zallik orqali namoyon etmog'i lozimdir. Qalb go'zalligi, tafakkurning komilligi odamning odamiyligini bildiradi. Biz biror bir jonzotni hayvon deb ataymiz, zero odam ham jonzotdir va agar unda odamiylik bo'lmasa hayvonlikka munosibdir. Tafakkur va qalb, mana shu ikki buyuk xilqat sening odamiyligingni anglatadi. Va sen bu go'zal xilqatlarni hamisha pok saqlamog'ing kerakkim, unga dog' tushurmaslik amallari sening ibodating bo'lsin. To'g'ri so'zlamoq, mehribonlik, jonkuyarlik, mehr - oqibatli bo'lmoq ham ibodatdir. Vatanni, millatni sevmoq ham ibodatdir. Uning har bir qarich erini asramoq ham ibodatdir. O'zlikni sevmoq, o'zgani hurmat qilmoq ham ibodatdir. O'zlikni sevmoq bu o'zlikka qaytishdir. O'zlikka qaytish bu Haqni tan olishdir. Xaqni tan olgan odamning har bir harakati ibodatdir.

Vatan uchun o'zligingni parchalab tashla . Ko'zlaringni mehru - oqibatga ber va undan qaytarib olma. Qo'llaringni saxovatga tortiq qilib yubor. Yuragingni mardlikka, qalbingni ilohiy ishqqa ber, qadamingni ibodat saroyiga tashlab ket, ongingni ilm ummoniga cho'ktirib yubor. Aqlingni mehnatga, iymoningni shariatga, tafakkuringni tariqatga, ilmingni ma'rifatga, borlig'ingni haqiqatga fido qil. Ana shunda sen odamiylik saroyining gultojiga aylanib foniy olamning o'zidayoq Haqning jaloli va jamoliga musharraf bo'lgaysan. Odam ichra odamiylikda bilgilki, bundanda ortiq saodat va xotirjamlik bo'lmagay. Zero, yashashdan ma'no ham shudir. To'rt kunlik dunyoda toki o'lim eshiklari ochilib, ajal amali ojiz vujudga kafandan shohona libos bitgunga qadar mangulik saroyini barpo etgilki, boqiylik olamidan bebahra qolgaysan. Jannat bu haqiqatdir. Odamlar Ilohga ishonmaydilar, jannatga ishonadilarmi? Ular, -qani kim jannatdan qaytibdi, derlar. Anglagilki, qaysi ahmoq odam jannatdan qaytadi... Bu olam g'am - alamga, hasad va xiyonatga, jaholat va adovatga to'lgan bo'lsa, jannatni tashlab, kim bu g'amxonaga qaytishni istaydi. Mangulikdan o'lim mavjud olamga qaytishni kim istagay...

Mangulik uchun kurashmoq fasli keldi va mangulikka odamlik bilan emas odamiylik bilan erishish mumkinligini hech qachon unutmagil... Chunki odamiylik bu chinakam ibodat, chinakam saodatdir. Alhamdilillohi robbil a'lamin.

YANGILANISHLAR

MAHSULOTLAR

Media-mahsulotlar pochta orqali

SAYT XARITASI

STATISTIKA