TOIFALAR

QATRON

SHOGIRDLARNING SHARXLARI

NURSAFARDIYYA
ISH FAOLIYATI

QIDIRUV

HAMKORLAR

"Buyurtmani bajarish" borasida

Muallif: Sayt ma'muriyati

Joylashtirish vaqti: 2010-08-28

"Tariqatchilarning zamonaviy ko'rinishlari" X Yo'ldoshxo'jaevning 2010-yilda " Toshkent islom universiteti " nashriyot - matbaa birlashmasi tomonidan chop etilgan risolaga So'fiy - tabib shayx Nursafardiyning mulohazaviy javobi

Yoki...


"BUYURTMANI BAJARISH" BORASIDA

 

  Tepadan oqib kelayotgan suvni
kuchli to'g'on bilan to'xtatib
turish mumkin, lekin bu
hodisa vaqtinchalik ro'y beradi

Tarixiy manbaalarga tayangan holda aytishimiz mumkinki,  Turon zaminda etishib chiqqan buyuk allomalar silsilasi dunyo ilmiy ma'naviyatiga o'zining bebaho hissasini qo'shib kelgan.  Ming afsuski, keyingi yuz yilliklarda aynan ilohiy ilm yo'lida dunyoga tanilgan buyuk allomalarni ko'rmadik. Deylik, o'n beshinchi asr o'rtalarida Naqshbandiyya tariqatidan so'ng, oradagi besh yuz yillik sukutni  nima bilan baholaymiz.

Ma'lumki, tasavvuf ilmi so'fiy avliyolar ilmidir. Tariqatni biz ma'lum falsafa deb bilamiz. Aksariyat so'fiy avliyolar o'z tariqatlari yo'lida ilmiy meros qoldirganlar. Aytaylik, agar biz tariqatni ma'lum bir yo'l deb hisoblaydigan bo'lsak, so'fiylikning chegarasiz ilmi bir qolibga tushib qolishi mumkin.

Deylik, so'fiy avliyolar bilan tariqatchi avliyolar orasida ne chog'li farq bor va ularning ishq yo'lidagi mashaqqatlari qanday mazmunga ega?

Tariqat avliyolari ishq yo'lida turib xalq bilan birga ishlaydilar, insonlarni Haq yo'liga boshlaydilar... So'fiy avliyolar esa garchi xalq uchun hikmat bitsalarda, ular dunyo ishqidan tamoman yuz o'girib butun umrlarini Haqqa bag'ishlagan insonlardir. Bunga misol qilib, Haq yo'lida yurib o'z falsafasini targ'ib qilgan Nashqshbandiyya tariqatini va yoki aksincha dunyodan yuz o'girib tamoman Haq yo'liga kirgan hazrat Yassaviyni misol keltirishimiz mumkin.

So'fiylar parda ortidan ish yuritmaydilar. Ularning qalb pardalari dunyoviy ishqdan poklangan, amallari faqatgina ezgulikdir. Bizning maqsadlarimiz nimadan iborat bo'lsa, hammasi kitoblarimizda batafsil berilgan. Tilda boshqa dilda boshqa degan gaplar bizda tamoman yotdir. Bizning maqsadimiz millatparvarlik, vatanparvarlik, xalqparvarlik va Haqparvarlikdir. Uning zamirida hech qanday yashirin g'oya yoxud amal bo'lishi mumkin emas. Biz xalqni sevamiz, vatanni sevamiz, millatni sevamiz. Va qandaydir nopok g'oyalar bilan vatanga qarshi qurol ko'tarishga hech kimning haqqi yo'q.

Mana yaqinda bizning falsafamizga oid kitoblarning tavsifi nashrdan chiqib, undagi g'oyalarimiz musulmon olamida o'rinsizligi aytilgan. Deylik, ezgulikka yo'g'rilgan hikmatlar so'fiylarning ilohiy ilhomlari bo'lib xalqni Haq yo'liga chorlaydi. Ammo, ayrim diniy olimlarimizni xavotirga solayotgan so'fiy jang san'ati tizimi nima sababdan vujudga kelgan. Uning tarixi haqida nimalarni bilamiz?

Kitoblarimiz tavsifi haqidagi risolani o'qib chiqqanimdan so'ng shunday xulosaga keldimki, ayrim diniy olimlarimiz so'fiy jang san'atlari tizimidan hali to'laligicha boxabar emaslar. So'fiy jang san'ati bu jangari san'at emas, javonmardlik san'atidir. So'fiy jang san'ati hech qachon odamni odamga qarshi qo'ymaydi. Bu san'at turi insonni o'ziga qarshi kurash, nafsiga qarshi kurash, o'zligini poklash sirlarini o'rgatadi. Ichki immun tizimini mustahkamlaydi. Jismonan sog'lom, ruhan baquvvat bo'ladi. Takror va takror aytamanki, so'fiy jang san'ati insonni inson bilan emas, insonni o'ziga qarshi kurashni o'rgatadi. Bu holat mukammallikni eng yorqin ko'rinishidir. Uning asoslari insoniylik tamoyillariga asoslangan. Har tomonlama mukammallikka erishgan inson vatan uchun xalq uchun kerak emasmi?

Tarixda Najmiddin Kubrodek buyuk avliyo yoshi bir joyga borib qolgani bilan muridlari  qatorida mug'ul bosqinchilariga qarshi mardona jang qilmaganmidi? Jaloliddin Manguberdi o'z mamluk muridlari bilan vatan himoyasida turib dushmanlarni qoyil qoldirmaganmidi? Hatto Chor Rossiyasi bosqinchilariga qarshi jang qilganlar qatorida aynan so'fiy muridlari asosiy rol o'ynamaganmidi? Oxir - oqibat ularning engilmasliklarini hisobga olgan holda,  so'fiy murshidlarga teginmay ularning faoliyatiga hatto yo'l ochib bermaganmidi? Tarixga nazar tashlash kerak...

Biz yigirma yillik faoliyatimiz davomida  minglab shogirdlar etishtirdik aytingchi, o'z tamoyillarimiz bilan shuncha vaqt mobaynida qachon va kimni davlatga yoxud dinimizga qarshi qo'yibmiz? Yoxud qaysi kitobimizda siyosatimizga, davlatimizga qarshi biror og'iz noo'rin so'z topdingiz. Bizning millat jismoniy, ruhiy jihatdan sog'lom bo'lishga haqli emasmi? Yana bir gap. Bizni ayrim diniy "shaxslar" qanday tushunishadi, bu ularning o'zlarining muammosi. So'fiy jang san'ati asrlar davomida avliyolar tomonidan maxfiy tarzda qo'llanilib kelingan. Nega? Buning sababi so'fiy jang san'ati jang san'atlarining ichida ilohiyligi va mukammalligi bilan ajralib turadi. So'fiy jang san'ati o'zining maxfiyligi bilan kuchli bo'lib kelgan va uning bizning zamonamizda oshkor etilishi ko'pchilikka o'ylab topilgan san'at turi bo'lib tuyulmoqdaki, bu o'zimizning buyuk tariximizni yaxshi bilmasligimizdan dalolatdir. Biz millatimizning barkamolligi , mukammalligi yo'lida ushbu jang tizimini tortiq qildik. Va buning evaziga tanqidiy munozaralarga guvoh bo'lmoqdamiz. E'tibor qiling, Hindistonda yoga usuli keng qo'llaniladi. Uning tizimida kuchli falsafa bor. Va bu tizim millat an'anasiga aylangan... Nega siquvga olmaydilar? Xitoyda Shaolin monastri davlatning yuzi va obro'si. Agar ayrim diniy olimlarimizning xabarlari bo'lsa, ushbu jang san'atlarining asosi bizning yurtimizdan ketgan va aynan so'fiy jang san'atidan sarchashma olgan. So'fiy jang san'ati ilohiyotga asoslangani uchun, so'fiylar jang san'ati usuli bo'lgani uchun ham oddiy insonlarning bu jang san'atini to'laligicha egallash imkoniyatlari bo'lmagan. Shu sababli ham bu jang san'atidan ushu, karate, yoga, kungfu, aykido jang san'atlari  sifatida bo'laklar va tizimlar ajratib olingan. Endi jang san'atlarining asosiy negizi o'zimizda bo'la turib nega uni tan olmaymiz va nega dunyoga targ'ib qilmaymiz. Nega go'zal bu san'atni milliy an'anaga aylantirmaymiz. Mukammal va komil insonlar vatan uchun hamisha kerak emasmi?

* * * *

Barcha jang san'atlarining asosi so'fiy jang san'ati bizniki, millatimiznikidir.  Qarang, televizorni bizda ixtiro qilishdi, lekin uni boshqa makonda ishlab chiqarib rivojlantirdilar. Anglashimiz lozimki, jang san'atlarining qismati ham shunday bo'lgan.  Lekin uning tomirini  o'zimizda qolishi bu bizning yutug'imizdir. Millatimizning donoligi shundaki, dunyo xalqlariga jang san'ati turini bergan bo'lsada oxirgisi va asosini o'zida qoldirgan. Endi o'zimizda shunday kuchli jang san'ati bo'la turib nega biz o'zga yurtlarning an'anasiga aylangan  jang san'atini rivojlantirishimiz kerak. Nega o'zimizning mukammal jang tizimimizni o'rganmasligimiz va bu go'zal san'at bilan dunyoga chiqmasligimiz kerak? So'fiy jang san'ti mohiyatini istardimki olimlarimiz tubdan o'rganib, uni davlat dasturiga kiritsalar, xalqimiz ishonamanki engilmas kuch - qudratga daxldor bo'ladilar. Bu san'at usuli o'zining bebaho xarakatlari bilan juda go'zaldir. Marhamat ayrim diniy olimlarimiz kelsinlar muhokama qilamiz... Axir bu san'at bizning aslimiz o'zligimiz ma'naviy merosimiz, vatanimiz kuch - qudratiga hissa qo'shadigan yorqin tizim bo'lsa nega undan, o'zligimizdan xavotirlanib yashashimiz kerak. Nega bu san'atni sport dasturiga kiritmaslik kerak. Biz o'zimizga qarshi kurashaylik, lekin o'zligimizga qarshi kurashish faqatgina ojizlikka olib keladi. Biz mustaqillikka erishganimizga hali ko'p vaqt bo'lmadi. Qizil imperiya davrida madaniy meroslarimizning ko'pi unutilib ketgan edi. Oradan vaqt o'tib madaniy merosimizning yana bir yorqin qirrasini ochsak, nega erish tuyulishi kerak. Moziyga qaytib, darhol bu san'at turini o'rganmaymizmi? Yo bizning tuganmas merosimiz oxirlab bo'lganmi? Nima deysiz? Hali o'rganilsa milliy merosimizning ko'plab qirralari o'z sirining ochilishini kutib yotibdi. Kamina so'fiy jang san'atini havodan ilib olganim emas. Deyarli dunyoni yarmini  ilm izlab kezib chiqdim va xulosalarimga tayangan holda shunga amin bo'ldimki, dunyo  tamaddunining asosi faqat Turon zamindan boshlangan.  Biz atagan va bilgan jang san'atlarining asosi ham bizdan ketgan va boshqa davlatlarda rivojlantirilgan, ularning milliy an'anasiga aylanib ulgurgan. Bu bilan biz hech narsa boy bermadik, chunki uning asosiy negizi o'zimizda turibdi va ming afsuski, o'zimiz bunday go'zal san'at turini tan olishni istamayapmiz. Bizning xatoyimiz shundaki, biz qaerdan qaysidir informatsion xabarni olsak, buni o'sha xalqqa, o'sha millatga tegishli deb bilamiz. Biz krandan suv ichganimiz bilan uning asosiy negizi asl buloqdan kelayotganini hisobga olmaymiz... Olimimiz o'z risolasida bizning so'fiy jang san'ati usulimizni karate yoxud kungfudan olingan deb asossiz tarzda sharhlaganlar.  Biz ul donishmand olimimizga aytgan bo'lardikki,  yuqorida keltirilgan jang san'atlarining asosiy negizi qaerdaligini obdon o'rganib ko'rsinlar va ishonamizki noo'rin fikrlariga nisbatan ma'lum ijobiy xulosaga ega bo'ladilar.


* * * *

Nursafardiyyaga oid kitoblarning tavsifida shunday bitiklar bor, ya'ni  islom tinchlik va osoyishtalik dini, unda odamlarning o'zaro osoyishta hayot kechirishlari, o'z yurtlarini obod qilishlari tarannum etiladi. Shuning uchun islomda alohida urushish uslubi bo'lgani haqida gapirish o'rinsiz. Bundan tashqari, so'fiylar musulmonlar orasidagi eng xoksor, dunyo boyliklari - yu, boshqa manfaatlaridan yuz o'girib, faqat oxiratni o'ylaydiganlar hisoblanganlar...

Otangizga balli zamondosh, degim keldi. Muallif so'fiylar haqida juda aniq va tiniq fikr yuritibdilar. Aslida so'fiylik islomdan oldin paydo bo'lgan falsafalarning eng birinchisidir. Faqatgina islom davrida bu tizim rivojlanish fasliga kirdi desak, adashmagan bo'lamiz.

Endi aytingchi, biz zamonaviy so'fiylar siz so'zlagan so'fiylardan ne chog'li farqni ko'rdingiz. Bizga dunyo boyligi sariq chaqadir. Biz komillik va mukammallik istadik. Kitoblarimizda ezgulikdan o'zga nima topdingiz.  So'fiy jang san'atining mohiyatini anglab etmaganingiz sizni xavotirga solgan bo'lsa ajab emas.  Biz uning tarixiga nazar tashlaydigan bo'lsak, so'fiy jang san'ati usullari asosan musulmon jang san'ati sifatida qo'llanib kelingan. Faqat mukammal insongina o'z xalqi va vatanini himoya qila oladi. 1991-yilda A.M. Makashev  va S.E.Edilyan tomonidan nashrga tayyorlangan Kungfu kitobida shunday iboralar bor.

“В самом Китае есть школы, распространенные среди мусульманского населения (уйгуры, дунгане и проч.), которые до последнего времени были практически неизвестны за пределами Китая. Они очень интересны и эффективны в бою. Классическое Ву-Шу они дополнили принципами и методами мусульманских учений. Например, юмор, используемый суфийский школой как важний фактор в духовном развитии ученика, применяется и в бою. В неожиданный момент поединка боец строит уморительную гримасу или принимает смешную позу, зачастую совершая при этом невероятный акробатический прижок. Противник на долю секунду ошарашен. Этого довольно для завершения схватки”.

Bundan tashqari, ko'plab G'arb va Xitoy jang san'atlari bog'liq adabiyotlarda ayrim chalkashliklar mavjud. Bu aynan "so'fiy" so'zining o'rniga "musulman" iborasining ishlatilishidir. Gap shundaki, rasmiy ya'ni, arab xalifaligi bosib olingan hududlarda islomni so'fiylar olib kirishgan. Shular qatorida Xitoy, Indoneziya, Malayziya, Pokiston va hokazolar zikr etiladi. Islomning bu hududlarda paydo bo'lishi u bilan bog'liq so'fiylik ta'limotini rivojlantirdi. Buddizm, induizmlarning asta - sekinlik bilan ko'rsatilgan davlatlarda  chekinishi munosabati bilan norasmiy din rivojlana boshladi. Ularga so'fiylar, avliyolik darajasiga etganlar asos sola boshladilar. Adabiyotlarda diniy bilimlar bilan bir qatorda so'fiylar tariqat ilmlarini badan tarbiya, psixotexnik va jang san'ati tizimini rivojlantirdilar. Ular Buddizm, Konfutsizmdan mukammallik tizimlarini islomga kiritishdi. Aslida ko'pdan ko'p boshqa dindagilar islomni qabul qilishi natijasida ma'lum darajadagi so'fiylik tariqatiga ixlosmandlar ko'paya boshladi. Buning sababi islom ta'limotida san'at va shaxsning mukammalligi bilan bog'liq  jang san'atlari man etilgan edi. Yana aniqroq qilib aytsak, buddizm, induizm asoslarida so'fiylik yotadi. Ularning farqi shundaki, yuqorida tilga olingan dinlar (falsafalar) bir hudud va bir millat miqiyosida rivojlantirilib muqim holatga, an'anaga kelib to'xtagani va yangilanish jarayoni sustligidir. So'fiylikda esa na chegara va na hudud, na millat va na irq mavjud. Unda doimiy yangilanish, rivojlanish, ilhomlanish to'xtamagan. Shuning uchun jang san'atida "musulmon" iborasi ishlatilsa, uni "so'fiy" ma'nosida anglamoq lozim. Undan keyin shariat tizimida jang san'ati bilan mashg'ul bo'lish an'anaga kirmagan. Shu bilan  bir qatorda har dam ham so'fiylar o'zlarini ochiqdan ochiq so'fiymiz deb ayta olishmagan. Buning ko'p sabablari mavjud. Bundan tashqari so'fiylikning islom dini, ya'ni tasavvuf yo'nalishi bilan umuman diniy printsiplardan ilgarilab ketishi falsafiy hayot tizimi yo'nalishlari maxfiy holatda rivojlanib kelmoqda.

Musulmon, ya'ni so'fiy jang san'ati usullari bilan shug'ullangan insonlar tarixiy manbaalarda aniq ko'rsatilgan. Masalan, Shandunning g'arbiy qismi va Xenananing sharqiy qismida ushu, Shaolin maktablari ta'sirida shakllangan chatsyuan', Shandun', Xenani, Xebes musulmonlari yashirin jamoalari amaliyotida qo'llana boshladi. Asosiy musulmon usuli mafkurasi islom bilan yaqindan bog'langan edi. Chatsyuan mashqlari odatda masjidlarning ichkari hovlisida o'tar edi. Mashqlar oldidan xuddi namozdan oldingi kabi tahorat olinar edi. Marosimlashtirilganiga qaramay, chatsyuan jang san'ati ushu usulining eng ta'sirlisi bo'lib qoldi. Harakatning murakkab yo'li, sakrashlarning ko'pligi va shiddatli quloch otish bilan bu usul ajralib turadi. Chatsyuan amaliyotida ko'p musulmonlar "temir ko'ylak" san'atini qo'llaganlar, bu bilan ular omma oldiga o'z bilimlarini namoyon qilishdan iymanmaganlar. Xitoy hikoyanavisi Pu Sunlin (1640-1715) Sha degan bir musulmonning jasorati haqida yozadi. U og'ir tayoq bilan ko'kragiga tushirilgan zarbalarga dosh bergan, barmoqlari bilan ho'kiz kallasini uzib, qornini chavaqlab tashlagan. Hatto u o'z kuchini jamlab boshiga qo'ygan va yog'och tayoqda butun kuchi bilan savalaganlar. Hech qanday zarar etmagan... Tantitsyuan degan musulmon usuli esa u qadar mashhur bo'lmagan. Usulning nomi musulmon odatida ishlatiladigan tahorat toschasi ( tanpin) bilan bog'liq. Bu usulda faqat erkaklar istifoda qilgan, ayollarga esa hatto ularni kuzatib turish ham ruxsat etilmagan.

Musulmonlar butun mamlakat bo'ylab tijorat bilan va karvon soqchilari bo'lib safar qilganlar va turli joylarda turg'un bo'lib qolganlar. Shuning uchun ham musulmon ushu usulini ko'p joyda uchratish mumkin. Tsi Tsziguan risolalaridan birida Yan, Ma va Sha jamoalaridan uchta eng mashhur nayza bilan kurashuvchilar maktablari vujudga kelgani haqida yozadi. So'nggi ikkisini musulmonlar yaratgan bo'lib, xalq orasida g'oyat dong taratgan edi. "18 musulmonlar usuli" (xueyshibachjou") kurash san'atining mohiyati, javhari deb ta'riflangan. Yigirmanchi asr avvalida Xitoyda musulmon ushusining yuzlab maktablari bo'lgan, xueytslar, baguachjan va sinitsyuanni amaliyotda keng ko'llaganlar. Barcha millat maktablari bayramlar va diniy marosimlar o'tishi bilan bog'liq bo'lgan. Musulmonlar ushuni odatda islom bayramlari, Ramazon va Qurbon hayitlarida namoyish qilar edilar. Biz musulmonlar yoxud so'fiylar deganda nafaqat yurtimizdagi, balki butun dunyo musulmonlari va so'fiylarining ezgu maqsadlarini ham nazardan qochirmasligimiz kerak. So'fiylik bu umuminsoniylik qadriyatlar mezonidir.

Ushbu misollarni nega keltirdik anglagandirsiz. Demak, musulmon jang san'atining ildizi moziyga borib taqaladi va uning so'fiy jang san'atlari nomiga qaytarilishi maqsadga muvofiqdir. Islomda jang qilish man etilgan, lekin o'zini o'zi himoya qilish man etilmagan. Demak, o'zini himoya qilolmagan inson vatanni, millatni qanday himoya qiladi. Nega biz masalaning mana shu tomoniga e'tibor bermaymiz. Mukammallik istagan insonlarni nega millatga qarshi qo'yishimiz kerak. Biz vatanimiz, xalqimiz ma'naviyati, madaniyatiga go'zal ha, ha aynan go'zal jang san'ati usullari gimnastikasi, tabobati, xattotligi va hikmatlari bilan xolisona hissamizni qo'shmoqchi ekanmiz, nega yomon ko'zda karashlari kerak. Bizning falsafa bu hech qanday diniy oqim bo'lmagan va bo'lmaydi ham. Agar nohaq bo'lsak, aybimiz bo'lsa boshimizni kundaga qo'yishga tayyormiz. Bizning falsafa bu xolis oddiy qilib aytadigan bo'lsak, Xitoydagi Shaolin maktabi kabi xolis, vatanparvarlikka, xalqparvarlikka yo'g'rilgan mukammal tizimdir. Sizning xavotiringizga hech qanday o'rin yo'q. Mabodo bizning amallarimizga g'arazgo'ylik sifatida qaraydiganlar bo'lsa biz odilona amallarimiz bilan kurashishdan qaytmaymiz. Chunki biz xalq va millat yo'lida fidoyi insonlar sirasida faoliyat yuritmoqdamiz. Bizning ezgu amallarimiz millatimiz madaniyatiga , ma'naviyatiga o'z hissasini qo'shishiga aminmiz. Va shuni to'la anglashlarini istardimki, bizning falsafa odamiylik, insoniylik falsafasidir. Biz o'zimizni so'fiy deb atadik. Agar siz olim bo'lsangiz anglashingiz kerakki, so'fiy qurolni hikmatga aylantiradigan shaxsdir. Tarixda qachon ko'ribsizki, so'fiyni qo'liga qurol ko'targanini. So'fiylik bu hikmat emasmi? Nega siz bizning hikmatimizdan qurol yasayapsiz. Nega siz bizning hikmatimizni yovga aylantirayapsiz. Nega siz, biz vatan desak, xalq desak bizni vatanga, xalqqa qarshi qo'yapsiz? Nega biz vatan uchun, millatimiz uchun topgan tutganimizni sarflab maktab qursagu davlatimizga baholi qudrat hissa qo'shmoq uchun millatimiz bilan yonma - yon turgan holda mukammal farzandlar tarbiyalaymiz desak, bu maqsadimizni diniy oqimga yo'yapsiz? Bizkim komillik haqida nomalar bitdik va siz sinchiklab o'rgandingiz va aytingchi, undan vatanga, millatga va yoxud siyosatga nisbatan qanday qora niyat topdingiz. So'fiylikdan xabaringiz bor ekan, uning tamoyillari ezgulikdan iborat emasmi? Uning asoslari xalqni mukammallikka chorlash emasmi? Uning maqomlari Haqqa undash emasmi? So'fiylik avliyolik ilmi emasmi? Sizningcha so'fiylik ilmi xatarli ilm ekan, demak bu ilmdan boxabar emas ekansiz. Tarixda shohlar so'fiylik ilmini ixtiyor etib, taxtdan voz kechganlar, ammo hech bir avliyo hech qachon shohlik da'vo qilmagan, mansabga intilmagan. Kimki so'fiy jang san'ati bilan bir - biriga qurol ko'tardi, bilingki bu so'fiy jang san'ati emas. Bu ezgulik, komillik va mukammallik san'ati, donolik san'ati. Mukammal shaxs vatan uchun, xalq uchun hamisha kerak. Aslida so'fiyga dunyo ishqi begona. Zero vatan uchun qayg'urgan so'fiy uchun vatanparvar, xalqparvar shogirdlar etishtirish uning burchidir. Agar so'fiylik ilmidan boxabar bo'lsangiz bunday go'zal ilmni siyosatga, davlatga qarshi qayrash kimga kerak bo'lib qoldi. Siz janoblar bizning ezgu amallarimizni qoralashdan oldin o'ylab ko'rdingizmi, siz vatan uchun , xalq uchun nima qildingiz? Yo sizning kasbingiz bizning ezgu ishlarimizdan xato izlab millat uchun qayg'urganlarning tomiriga bolta urishmi?  Biz ezgulik yo'lida vatanga xizmat qilsak buning nimasi yomon... Albatta, vujudga kelgan falsafa bo'ladimi diniy oqim bo'ladimi, davlat idoralari ko'rib chiqishga to'la haqlidir. Chunki millatimiz xavfsizligini ta'minlash ularning zimmasidadir. Bizning amallarimiz xalq uchun millat uchun ezgulik ekan bizga imkon bersinlar, toki vatanimizga, xalqimizga ustozlik inoyatimizni ko'rsatib ularni millatparvarlik ruhida kamol topishlarida hissa qo'shaylik. Siz mehmonga borsangiz dasturxonga tortilgan ne'matlardan barchasidan tatib ko'rasizmi yoki faqat bittasidan. Biz ham ezgu niyatlar yo'lida xalqimiz dasturxoniga komillikka yo'g'rilgan ne'matimizni tortiq qildik. Bir tatib ko'ringchi, balki bizning oqilona harakatimiz bilan xalq, vatan yo'lida turganimizni zora anglab etsangiz. Bizning qo'l ostimizda tarbiya topgan shogirdlarimiz, uchib ketgan kaptarlarimiz davlatimizning nufuzli idoralarida faoliyat yuritib vatanga beminnat xizmat qilmoqdalar. Ularning qaysi birida xiyonatni ko'rdingiz? Bizning yana bir amalimiz so'fiy tabobatidir. Ayrim diniy olimlarimiz bu tabobatni xalq tabobatidan olingan deb xato so'zlabdilar. Agar biz ilohiy tabobatni inkor qilsak musulmonligimiz qaerda qoladi. Bandani Olloh yaratgani kabi uning davolanishi borasida maxsus o't - giyohlar turkumini ham yaratib, ularga shifo quvvatini ato etgan.  Agar giyohda quvvat bo'lmasa bemorni tuzatish mumkinmi? Hech bir narsa Ollohning izmisiz ro'y bermasligini bilasizmi? Ayrim diniy olimlarimiz  masalani mohiyatini anglamasdan noo'rin fikr bildirishlaridan maqsadlari nima to'g'risida anglamadik.  Keyingi yillarda so'fiy tabobati ancha yutuqlarga erishdi.  Biz bemorlarga bepul dori - darmon tarqatish bilan birga ko'plab davosiz dardlarni engdik. Xalq dardiga malham bo'ldik. Bizning tabobat usulimiz nafaqat yurtimizda, balki yaqin xorij va evropada juda ommalashdi. Evropaning yigirma to'rtta klinikasida Nursafardiyya tabobat usuli qo'llanilmoqda. Nursafardiyya gimnastikasi  Avstriyaning Vena universitetida darslik sifatida qo'llanilmoqda. Kuz oylarida Avstriyaning Vena poytaxtida Nursafardiyya universiteti ochilishi arafasida. Shveytsariyaning Tsyurix shahrida Nursafardiyya maktabi faoliyat yuritmoqda. Germaniyada Nursafardiyya ta'limoti bo'yicha ilmiy ishlar qilinmoqda. Bizning saytimizga kirsangiz albatta, bu so'zlarimizning guvohi bo'lasiz. Qarang dunyoning eng rivojlangan davlatlarida bizning amallarimiz tan olinib undan oqilona foydalanmoqdalar, Ming afsuski biz o'z vatanimizda  xalqimiz uchun xizmat qilmoq istasak, ba'zi kuchlar yo'limizga to'g'anoq bo'lmoqdalar. Nega buyuk allomolar etishib chiqqan go'zal yurtimizni yana bir komillik falsafasi bilan dunyoga taratmasligimiz kerak? Nega? Bu bilan biz dunyoga hech kimligimizni ko'rsatmoqchimizmi? Bir o'ylab ko'ringchi zamondosh...

 

Ma'lumot uchun adabiyotlar

“Кунгфу”  составители; А,М, Макашев. И С.Э. Эдилян. 1991.
Боевая добродетель. Секреты боевых искусств Китая. А. Маслов. Ростов на Дону, « Феникс», 2004 г.

Боевые и спортивные единоборства. Справочник. Мусульманские стили Ушу. А. Е. Тарас, Минск. «Хорвест», 2003 г.

YANGILANISHLAR

MAHSULOTLAR

Media-mahsulotlar pochta orqali

SAYT XARITASI

STATISTIKA