TOIFALAR

QATRON

SHOGIRDLARNING SHARXLARI

NURSAFARDIYYA
ISH FAOLIYATI

QIDIRUV

HAMKORLAR

Samoviy xilqat

Muallif: Nuru Sofiy tabib Nursafardiy

Joylashtirish vaqti: 2016-02-02

Dedimki, olamning sirli saltanatida o’zimni sirli bir xilqatga o’xshatdim. Menga ayon bo’lgani mening Tangri tomonidan yaratilganimdir. Men yaralgan bir xilqatman. Mening xilqatimda olamlarga sig’maydigan butun gallaktikalar maydonini qamrab olguchi tafakkur quvvati mavjud.

Men bunday borliqda o’zimga ma’lum bo’lmagan bir vujudan yo’qlik harorati bilan suzaman. Samoviy cheksizliklar ichra tafakkurim aynan cheki chegarasi bo’lmagan samoga aylanadi.

Demakkim, butun olamlarni qamrab olguchi tafakkurim aynan samoning o’zidir…

Men Olloh yaratgan butun borliqlar ichra ana shunday sayr qilgan holda Yaratganning beqiyos mo’’jizalariga hamdu sanolar aytaman. Men samoviy kengliklar uzra tafakkuran sayr etganimda ruhiyatimda aynan Yaratganning quvvatini sezaman. Zero, Uning quvvatisiz samoviy kengliklar uzra sayru sayohatning, Uning yaratib qo’ygan beqiyos borliq mo’’jizalarini ruhan hamda tafakkuran his qilishning imkoni yo’qligiga iymon keltiraman.

Men zamin farzandiman. Kichkina vujudimda omonat turgan jon ichra tafakkur uchqunlarini samoga yoyguchi pokiza qalbim bor. Men mana shu qalbimda butun olamlar borligini sig’dira olaman. Pokiza qalb ichra cheksiz samolarning darvozasini ochib yuborguchi bir tomchi iymonim mening uchqur tafakkurimga qanot bog’laydi. Men besh unsur doirasida samoviy kengliklarga chiqib Ollohning quvvatiga bog’lanaman.

Mening birinchi imkoniyatim - mening tirikligimdir. Mening ikkinchi imkoniyatim - mening omonat olamda insoniylik missiyamni bajarishimga imkon berguchi sog’lom vujudimdir.

Mening uchinchi imkoniyatim - meni to’g’ri yo’lga boshlovchi, iymon e’tiqod sarhadlarida mashaqqatlarga dosh berguchi mustahkam ruhiyatimdir.

Mening to’rtinchi imkoniyatim - samoviy kengliklar darvozasini ochguchi ibodat birla sug’orilgan pokiza qalbimdir.

Mening beshinchi imkoniyatim - fazoviy kengliklarga olib chiquvchi tafakkurimdir.

Mana shu besh unsur mening omonat olamdagi taqdirimni belgilaydi. Men omonat olamda mana shu besh unsur ichra yashayman.

Olamning mohiyati nimada?

Men o’tkinchi olam sahnasida umrimni g’animat bildim. Mening vazifam omonat olamda uning omonatligiga bog’lanish emas, aksincha omonat olamning omonatligini tan olishdir. Agarkim, men uning omonatligiga bog’lanib qolsam, omonat olamning omonatligini unutgan va dunyoning nafsiga bog’lanib tafakkur olamidan mosuvo bo’lgan bo’lardim.

Olamning mohiyati tafakkurda. Men tafakkurim orqali uning asl ma’nosini angladim. Anglashning kaliti insonning o’zida, uning qalbidadir. Men qalb ichra avvalo bir siqim iymon topdim. Ana shu siqim iymon menga e’tiqod darvozalarini ochib berdi. E’tiqod zamiridagi ishq meni nima maqsadda yashashim kerakligini tafakkurimga anglatib qo’ydi.

Ha, men qalbimdagi Ollohga bo’lgan cheksiz muhabbatim bilan samoviy kengliklarga sig’maydigan tafakkur olamini yaratdim.

Men mana shunday mo’’jizaviy bir ne’mat bilan vujudan borligimda ikki turdagi tuganmas rohat manbaiga erishdim. Men qalban hamisha zikrdaman.

Men Ollohning nomini zikr qilish barobarida omonat olamning hech bir ne’matida uchramaydigan cheksiz rohatni his qilaman.

Bunday mo’’jizaviy rohat mening qalbimga buyuk bir xotirjamlikni namoyon etib turadi. Vujudimga sig’may ketaman. Nima sababdan bu kichkina qafasda yashab yurganimga Uning benazir quvvatini his qila turib sabr etagidan tutganimga lol qolaman.

Mening tafakkurim samoviydir. Men samoviy kengliklarda sayr qilish barobarida shunday bir rohatni his qilamanki, uning harorati omonat turgan jonimni vujudimdan sug’urib olib ketganday tuyuladi. Albatta, men ana shu holatda vujudda siqilib turgan omonat jonimni samoviy ozodlikka qo’yib yuborishni juda istagan bo’lardim.

Mening tafakkurimdagi barcha hissiyotlarim o’zimga bog’liq emas. Men allaqachonlar o’zimdan chiqib ketgan ruhiyatimda uning quvvatining hosilasi bilan omonat olamga bog’liq bo’lmagan o’zgacha bir haroratni his qilmoqdaman. Men bunday haroratda muvozanatni sezmayman. Men chindanam o’zimni yo’qotib qo’ydim. Bu yo’qolishning samarasi meni Uning quvvatiga bog’lanib qolganim sababidan deb bilaman. Bunday sabab zamiridagi cheksiz muhabbat, ilohiy ishq meni uning quvvatiga bog’lab qo’ygan bo’lsa ajabmas.

Zero, men o’tkinchi olamning mohiyatini uning quvvatiga qisman bog’langanim sababi bilan anglaganimni tushinib turibman. Bundan ortiq qanday tushuncha bor? Yashashdan maqsad nima o’zi? Agar men Ollohning buyuk bir mo’’jizasi bilan yaralgan bo’lsam nega men bu holatni anglamasligim kerak. Hayvoniy nafs bilan vujudni boqib hech bir samarasiz manqurt misolida bir qop axlatni tuproqqa topshirishdan nima ma’no bor?

Mohiyat kaliti qalbda. Qalb amridadir. Nega men qalbimning tubida mudroq yotgan iymon nashidasini izlamasligim kerak? Mana shu nashida aynan mohiyat kalitining o’zidir. Men bu kalit bilan samoviy kengliklar uzra suzib yurgan kichkina zaminning siru asrorlarini anglashga intilaman. Mening izlaganim dunyoviy istak emas, aynan omonat jon ichidagi qonimda suzib yurgan milliardlab hujayram ichra bir zarradir. Agar men ana shu zarrani topgan holatim bilan uni uyg’otish barobarida samoviy kengliklarlar darvozasini ochgan bo’lardim.

Mening yashashdan maqsadim yashash emas, aynan yashash ichidagi mohiyatni topishdir. Yashash ichidagi yashashning mohiyati o’zlikni anglashdir. Agarkim, men yashash barobarida o’zligimni topmasam, demakkim yashamabman. Yashashning eng fojeali ko’rinishi bu nafsdir. Yashash bu fojeadir, qachonki, uning mazmuni nafsga bog’lanib qolsa. Yashash bu fojeadir qachonki, inson o’zligini anglash tuyg’ularini unutib o’zini nafs ummoniga uloqtirsa.

Agarkim men nafs olamida o’zimni hokim tutsam, vujudimdagi omonat jonimni qarg’ishiga qolibman.

Jonning manzili qaerda? Jon nima o’zi?

Jonning manzili ilohiy quvvatlar doirasidagi cheksiz saltanatdir. Jon kelgan manziliga qaytishi uchun unga ikkita qanot lozimdir. Bu qanotning biri qalb bo’lsa ikkinchisi tafakkurdir.

Agarkim, inson omonat olamning nafsiga qul bo’lsa demakkim, o’zligini topmabdi. Va anglamoq lozimki, manqurtlik xastaligi bilan olamdan ko’z yumgan banda uchun samoviy kengliklar darvozasi ochilmasdir. Va shuning sababi bilankim tanadan butunlay ozod bo’lmagan ruh hamisha bezovtadir. Uning tanada bajarmagan ishlari, chinakam vazifasi qolib ketgani sababi bilan ham arosatdadir.

Arosat nadir?

Arosat na boqiydir va na foniydir. Foniy durdonalari omonat jonning rohatidir va agarkim, bunday rohatga kim bog’landi, arosatning ko’rinmas doirasi bandani domiga tortibdir.

Jonning rohati o’tkinchi, qalbning rohati boqiydir. Tafakkur rohati abadiyatdir.

Qalbni tiriltirish, unga jon baxshida qilishning kaliti e’tiqoddir. Agarkim, men omonat olamda jonning o’zi bilan kifoyalanib qolsam, demakkim, yashashdan ma’no topmabman. Agarkim jonning samarasi bilan qalbimni uyg’otsam angladimki, tafakkurning cheksiz xilqatlariga yo’l ochibman.

Tanamdagi jon bu o’zimdir, qalbimni uyg’otganim bu o’zligimdir. Tafakkurimni uyg’otganim o’zagimdir. Mening yashashdan maqsadim o’zimdan ketib o’zagimga qaytishimdir.

Yashashdan maqsad o’zak bo’lmog’i lozimdir. Insonlar o’zlari bilan yashaydilar, o’zliklarini unutadilar. Insonlar o’zlaridan o’zliklariga o’tolmaydilar. O’zlari oldida turgan nafs devorlari o’zliklarini anglashga yo’l bermasdir. Va shu sabab ham o’zlik ortidagi o’zakdan mosuvodirlar.

O’zak nima?

O’zak asliyatdir. Ilohiy ne’matdir. Insonlar ana shu ne’matni izlab yashamoqliklari lozimdir. Insonning ko’zlari ochiq, lekin ko’rmasdir. Inson ko’rmasdir, lekin ko’zlari ochiqdir.

Fanoviy ko’zi ochiqlik baqoviy ko’rlikning ko’rinishidir. Baqoviy ko’zi ochiqlik fanoviy ko’rlikdir.

Fanoviy ko’zi ochiq inson nafsdan o’zgasini ko’rmas. Baqoviy ko’zi ochiq inson fanoviy nafsni ko’rmasdir. Insonlar o’lguchi jon haqida qayg’uradilar .

Jonning vazifasi nima?

Anglamoq lozimki, jonning vazifasi omonat olamda bir kuni kelib tuproqqa qorishib ketguchi tanani boqishdan iborat emas. Jonning o’z missiyasi mavjud. Vaqti kelib o’lguchi jonning tuproqqa qorishib ketguchi tanani, vujudni boqish bilan o’tkazgan behuda vaqti nodonlik va ko’rlikdan o’zgasini anglatmagaydir.

Anglamok lozimki, jonning vazifasi omonat vujudda mudroq yotgan qalb va tafakkur mexanizmini ishga tushirishdir. Va agarkim, bunday mexanizmlar ishga tushmas ekan, yashashdan nima ma’no va mantiq bor.

Jonning asosiy vazifasi o’zakni uyg’otishdir. Aynan o’zak zamirida quvvat manbai yashirindir. Ana shu quvvat uyg’otilsagina, ilohiy bir inson bunyoddir.

Nega men ilohiyotdan kelgan bo’lib tuproq bo’lib qolishim kerak. Meni omonat olamga jo’natgan Olloh mening qaytishimni kutmoqda. Nega men uning marhamatidan yuz burib tuproq bo’lishim kerak? Nega men uning oldiga qaytmasligim kerak? U menga qalbni, tafakkurni yashirin qilib berdi.

Men ana shu sirlar olamida o’zligimni topib uning huzuriga o’z missiyamni bajarib qaytmasam, tuproqdan o’zga nimaman? Agarkim, men o’zligimni anglamagan holda dunyoviy nafsning makrlariga chalg’igan holatda umrimni behuda o’tkazsam, manqurtmisol vujudni ko’tarib qaerga boraman? Mening manzilim qaerda?

Inson qalban ko’rligi uchun ham o’zini qaerga ketayotganini bilmasdir. Yashashning manzili qaerda? Yashashning manzili aniq va tiniqdir. Yashashning manzili tuproqdir. Inson tuproq emas, Ilohdir.

Inson o’zligini anglasa Ilohdir, anglamasa tuproqdir. Nafsning makri shundayki, u insonni zaminning o’zida olib qoladi. Nafsning istagi shundayki, u insonni Ilohga emas, tuproqqa aylantiradi.

Tuproqqa aylangan inson yo’qlikdir, Ilohga aylangan inson borliqdir. Borliqning asliyati abadiyatdir. Insonlar abadiyatni ko’rolmaydilar. Insonlar nafs ummonidan abadiyatga daxldor bo’lmagan abadiyatni izlaydilar. Qalban ko’rlikning hosilasi sarobga tengdir.

Haqiqat shundaki, men kechamni yo’qotdim, bugunim omonat, ertam qorong’u. Men yo’qotgan kechamni qaytib topolmasam, bugunim omonat bo’lib ertam qorong’u bo’lsa nega omonat olamdan mazmun izlashim kerak. Nega men har daqiqasi omonat bo’lgan o’tkinchi olamga o’zimni urib unga bog’lanishim kerak? Meni o’zidan itarib turgan olamga nega talpinishim kerak. Nega meni o’ziga chorlab turgan olamdan o’zimni olib qochishim kerak. Nega men kutganimga qaytish haqida qayg’urmasdan kutmaganimga talpinishim kerak? Meni kutganim menga saodatni, abadiyatni, boqiylikni va’da bersa-yu, nega men jaholatga to’la o’limi muqarrar olamga talpinib yashashim kerak?

Meni kutmaganim nima o’zi? Men kutmaganimdan o’limni kutmagandim. O’limi haq. Men kutmaganimdan adolatsizlikni kutmagandim. Adolatsizlik haq. Men kutmaganimdan nafsni kutmagandim. Nafs haq. Meni kutmaganim nega meni kutib olib o’ziga bog’lashi kerak?

Meni kutganim saodat, saodati haq. Meni kutganim ilohiy quvvat. Ilohiy quvvati haq. Meni kutganim boqiylik. Abadiyat haq.

Men uchun, omonat turgan jonim uchun qaysi biri haq. Kutganimmi, kutmaganimmi?

Kutganim haq. Shuning uchun ham mening missiyam kutganimga qaytish amaliyotini bajarishdan iborat bo’lmog’i lozimdir. Abadiyatdan yuz burib, nafsning ummonida cho’kmoq mantiqsiz, ma’nosiz umrdan manzili tuproqdan o’zga nimani anglatadi?

Abadiyat, boqiylikni seza bilish kerak. Agarkim, men tafakkur kalitini topa olmasam, abadiyatga daxldor buyuk bir rohatni topa olmagan bo’lardim. Agarkim, men qalbim tubidagi mudroq yotgan Ollohning quvvatini qabul qiluvchi bir zarra hujayramni uyg’ota olmaganimda, uning karomatidan bebahra qolgan bo’lardim.

Anglamoq lozimki, vaqt umrni siqib uni yo’qqa chiqaradi. Ana shu siquv jarayonida inson ilohiy quvvatga olib chiquvchi tuynuk topa olmasa demakkim, umr ana shu vaqt girdobida tamoman yo’qlikka yuz tutadi…

Bu o’tkinchi olamda barcha narsadan shavqat kutish mumkin, ammo vaqtdan shavqat kutib bo’lmas. Vaqtdan buyukroq jallod yo’qdir, aslida. Ana shu jallod insonning boshini nafs kundasiga qo’ymog’i bilan uni saodatdan mosuvo qilishi mumkin.

Chunki vaqtning o’zi insonni men bormanku, degan qonuniyati bilan uning ibodatini ortga suradi.

Vaqtning belgisi ko’rinmasdir. Umrning vaqti istalgan paytda tugab qolishi mumkin. Shunday ekan, nega endi men vaqtga ishonishim kerak. Nega mening umrimni oxir-oqibat besamar tuproqqa olib boruvchi vaqtga umid bog’lashim kerak? Vaqtning hoziri g’animat. Keyingi vaqt men uchun qoronu. Men kutgan vaqt bo’lmasligi mumkin. Insonlar qorong’ulik ichidagi vaqtga umid bog’laydilar.

Insonlar mening vaqtim yo’q, - deydilar. Men ularning bu fikrlarini haq deb, qabul qilaman. Chunki ibodatga daxldor bo’lmagan vaqt chindanam yo’qdir.

Vaqtning bir uchi tug’ilish bo’lsa, ikkinchi tomoni o’limdir. Oraliqdagi vaqt vaqt emasdir, agarkim uning missiyasida ibodat bo’lmasa.

Vaqtning qadri ibodatda. Ibodatsiz vaqt o’lim singari o’lik vaqtdir.

Inson mohiyatni vaqt ichidan izlamog’i lozimdir. Insonlar vaqt ichidan mohiyat emas, nafs izlaydilar. Insonlar tobora siquvga olayotgan vaqt tizimidan nafs izlaydilar.

Vaqt degani abadiyat emas. Abadiyatda vaqt yo’qdir. Vaqtning yo’qolgani abadiyatning boshlanishidir. Demak, inson bilan abadiyat orasidagi devor vaqtdir.

Vaqtning ortida nima bor?

Hamma bir ovozdan abadiyat bor demog’i tayin.

Abadiyat, agar yaratilsa abadiyatdir. Agarkim, vaqt oralig’ida abadiyat yaratilmasa, vaqt ortida tuproqdan o’zga nima bor?

Abadiyat o’z-o’zidan hosil bo’lguchi, tayyorlab qo’yilgan saltanat, deganlar xato qilajak. Agar men o’zim mehnat qilmasam hech kim tekinga mening qornimni to’yg’azmaydi. Shunga o’xshash abadiyat ham tekin emas. Abadiyatga erishmoq uchun abadiyatga daxldor ibodatni etagidan mahkam tutib dunyoviy nafs istaklaridan yiroq turmoq lozimdir.

Vaqtini havoga sovurib umrini xazon qilgan insonlar olamdan o’tganda xudo rahmat qilgan bo’lsin, deymiz. Ollohga ibodat qilmay dunyoning nafsiga qul bo’lib olamdan o’tgan insonni Olloh qanday rahmat qilsin. U Olloh uchun nima karomat ko’rsatdiki, uni rahmat qilsa.

U Ollohning huzuriga bordimi, bormadimi? Nima bilan bordi? Olloh ibodat qilganlarni huzuriga olib boradimi yoki ibodat qilmagan bo’lsa ham qabul qilaveradimi? Ibodat qilmagan inson Ollohning huzuriga boradimi yoki tuproqqa o’g’it bo’lib ketadimi?

Insonning vazifasi nima? Ibodat. Qalban e’tiqodning o’zi bir ibodatdir. Ollohga bo’lgan ishonchning o’zi bir ibodatdir. Agarkim, men kecha-yu kunduz boshimni erga qo’yib ibodat qilsamu, Unga nisbatan zarracha shubham bo’lsa umrimni behuda o’tkazibman. Ezgulik, mehr-oqibat, saxovat ham ibodatdir.

Men o’tkinchi vaqt tizimida yasharkanman, imkon qadar uning ichidan Ollohga daxldor ne’matlarni qidirdim.

O’zlikni anglash vaqti shunda. Vaqtni yo’qotmagan holda imkoniyatga ulgurgan inson o’zi uchun abadiyat eshiklarini ochgan holda xotirjam yashaydi. Men vaqt oralig’ida tafakkurim tizg’inidan qo’yilib kelayotgan ilohiy quvvatni qabul qilaman. Bu quvvat meni o’sha abadiyat eshiklari ostonasiga olib boradi. Men ortimga qarab fano olamining ishratlariga lol qolaman. Nahotki, shunchalar ko’r, shunchalar manqurt bo’lsak. O, Tangrim sen insonlarga nima vazifa berding-u ular nima bilan ovvoralar. Ular egasini yo’qotgan egasizlarga o’xshaydilar. Ular o’zlarini uyg’otmadilar. O’zlaridan yuz burdilar. O’zlari bu sen eding, sendan yuz burdilar. Ular sening abadiyatga daxldor qilib qo’yguchi tafakkuringdan foydalanmadilar, senga olib kelguchi qalblarini uyg’otmadilar. Ular sening abadiyatingdan ko’ra bergan omonat joningni afzal bildilar.

Anglamoq lozimki, vaqt girdobdir. Ibodatdan yiroq nafsiga qul insonlar o’lgandan so’ng ham uning domidan chiqolmagay. Demakkim, vaqt hech qachon tugamas va bandaning Ollohning oldiga bormog’iga imkon yo’qdir. Vaqt ibodatsizlar uchun abadiyatdir.

Vaqt bu imkondir, imkon ortidagi iymondir.

O’tkinchi olamning qonuniyati vaqt bilan o’lchanar ekan demak, uni yo’qotgan insonning o’zi vaqtga aylanib qoladi. Vaqtga aylangan inson o’lgandan so’ng ham vaqtligicha qoladi va u Ollohning jamolidan mosuvodir.

Jannat Olloh tomonidan yaratilgani kabi jahannam ham uning ne’matidir.

Agarkim, vaqt girdobida insonlar Ollohni unutib undan yuz burgancha nafs ummonida cho’ksalar, jahannam azobidanda ko’ra ko’proq azob ichra qolib Ollohning jannatini emas, jahannamini orzu qilib yashaydilar. Agarkim, inson Ollohning jannatidan mosuvo bo’lib Uning jahannamiga ham tushmasa demak, bunday banda Olloh uchun tamoman yo’qdir…

Alhamdulillahi Robbil A’lamin...

  

 

Dunyoga bog’lansam men bo’lib qolgum,

Andin uzilgan onim, sen bo’lib qolgum.

Sanga etishmoqqa zikrim etmagay,

Tasavvur qilsam orazing fikrim etmagay.

Go’zal jamolingdan qalbim erib ketar,

Quvvating menga quvvat berib ketar.

Zikrim sanosida menga qaytsang,

Senga o’xshaganimni asta aytsang.

Ne bo’lar orazing, ko’rsam jamolim,

Axir o’zingsanku jondan jalolim.

 

Ne topding kafandek sovutdan o’zga,

Minmaganing nima tobutdan o’zga.

YANGILANISHLAR

MAHSULOTLAR

Media-mahsulotlar pochta orqali

SAYT XARITASI

STATISTIKA