TOIFALAR

QATRON

SHOGIRDLARNING SHARXLARI

NURSAFARDIYYA
ISH FAOLIYATI

QIDIRUV

HAMKORLAR

Missiyasi ozgargan olam yoxud tanazzulga ishorat

Muallif: Nuru sofiy tabib Nursafardiy

Joylashtirish vaqti: 2016-01-16

Qadrdonim, olam miqiyosida kechayotgan siyosiy mojarolar sening qalbingda ham xavotir nishini qadagan bo’lsa ajabmas. Anglagilki, qaltis zamon sahnasida sening elim deb, yurtim deb yashash davring keldi. Siyosiy turli missiyalar oqimi millatlar ustida qora bulut qoplagan bir pallada vatan himoyasi, millat sha’ni muqaddas burching bo’lmog’i lozimdir. Anglagilki, tashqaridan kirib kelgan haqiqat soxtadir va uning g’oyalari jaholatdan o’zga narsa emas. Haqiqat o’zingdadir, o’z vataningdadir, o’z millatingdadir. Sen o’zga yurtlarda haqiqat izlab haqiqat niqobi bilan vataningga qarshi jaholat bilan kirib kelishing bu o’z aziz tuprog’ingni qon bilan bo’yash, o’z millatdoshingni qonini to’kish, o’z elingni qirg’in qilish, uning xotirjamligiga putur etkazib olam miqiyosida o’z millatingni obro’sini to’kish bilan barobardir.

Ma’lumki, epidemik xastalik singari millatlar orasida tarqalayotgan talvasali oqimlarning oqibati ko’plab begunoh qurbonlarni talab qilmoqda. Olam miqiyosida bugungi davr insoniyati o’z tajovuzkorligi bilan buyuk tarix va yorqin kelajak orasida parda tortib talvasali epidemik g’oyalarni vujudga keltirmoqdakim, uning oqibatida butun bir millatlarning yo’q bo’lib ketishi xavfi tug’ildi. Turli xil g’oyalarga asoslangan oqimlar epidemiyasi haqiqat qiyofasida millatlar ustiga yopirildi. Bu holat qaerda bo’lmasin urush o’chog’ini yoqishdan o’zga maqsadni anglatmagaydir.

Haqiqat nima?

Haqiqat tinch zamon sahnasida xotirjam yashab Tangriga buyuk bir e’tiqod birla intilmoqmiki yoki begunoh insonlarni qonini to’kib millatlarni orasida nizo chiqarib urush o’chog’ini yoqishmi?

Fikr qilingchi, qaysi millat vakili yurtimizga kirib o’z tilida o’z haqiqatini yoxud g’oyasini talab yoki targ’ib qilyapti. Haqqi yo’q. Va hech qachon bizning ichimizga kirib o’sha g’oyalarini targ’ib etish orqali zinhor maqsadiga erisholmaydi. Bizda himoya tizimi kuchli. Demak, anglamoq lozimki, maxfiy missionerlarning makri shunday, ular o’zimiznikini o’zimizga qarshi qo’yadilar. O’zimizni o’zimiz bilan urishtiradilar. O’zimizni o’zimiz orqali tinchligimizni buzadilar. O’zimizni o’zimiz orqali xonavayron qiladilar. O’zligidan ayrilgan ba’zi o’zimiznikilar ularning haqiqatlarini qalblariga singdirib haqiqat bu erda ekan, qabili bilan o’zlariga qarshi, o’z millatlariga, vatanlariga qarshi turishdan ham tap tortmaydilar. Ular o’zgalar haqiqatini o’z haqiqatlari sifatida anglab xalqni, yurtni, vatanni yillar mobaynida urush girdobiga solib qo’yishlari mumkinligini anglamaydilar. Ular o’z millatlarini qoniga tashna bo’lib qolmoqdalar. Anglamoq lozimki, faqatgina manqurt insongina o’z millatdoshiga qarshi qurol ko’taradi. Ular inson qiyofasidagi robortdirlar. Ularning onglari o’zga haqiqatlar g’oyalari bilan dasturlangandir. Ularning boshqaruvchi pultlari o’zga yurtdan turib boshqariladi. Hali Tangri haqiqatini anglamay turib o’zgalar haqiqati bilan begunohlarni qonini to’kish evaziga jannatga da’vogar bo’ladilar.

Xalqimizga berilgan ortiqcha erkinlik evaziga ko’plab vatandoshlarimiz pul topish maqsadida o’zga davlatlarga ravona bo’lishdi. Hukumatimiz xalqimiz uchun darvozalarimizni keng ochib qo’ydi. Bu yurtdan hech bir fuqaro haydalgan emas. Kim ixtiyor etdi, ketdi. Zindon misoli xalqimizni ushlab turmagan hukumat, bugungi kunda ana shu ortiqcha erkinlikni jabrini ko’rmoqda. Nega? Chunki erkinlikka nisbatan ba’zi vatandoshlarimiz o’z yurtlariga o’zga haqiqatlarni quchib kelmoqdalar. O’zga g’oyalar domiga ilinib qolmoqdalar. Vatanimizdan yaxshilik bilan chiqib yomonlik istab kirib kelmoqdalar. Mustaqillik buyuk ne’mat. Asrlar mobaynida qullik asoratida saqlangan millatning iqtisodiy jihatdan o’zini o’nglab olishi qiyin kechadi. Uning qoniga singdirilgan g’oyalarning muzlari sekin astalik bilan eriydi. O’zligini anglab mustaqilligini asrab tursa bora-bora qudratli davlatga aylanadi. Yurtimiz etmish yillik asoratdan so’ng qisqa yillar orasida ko’plab yutuqlarga erishgani haqiqat emasmi? Ellik yillab iqtisodiy tang ahvolga tushganimiz yo’q. Yigirma yildan sal yiroq bu ko’p muddat emas. Biz nima istayapmiz? Yigirma yil ichida hali eski bir tuzum asoratidan qutulmay turib jannat istab qoldiqmi? Yoki bozorlarimizda qaysi bir ne’matni topolmay xunob bo’ldingiz? Aslida kimdan kammiz? Ma’naviyatimiz kuchli, madaniyatimiz go’zal, buyuk ajdodlar merosi olam, ilm taraqqiyotiga hali hamon o’z ta’sir darajasini yo’qotmagan bo’lsa. Shunday yurtni qadriga etish kerak emasmi? Yo, ma’naviyatimizni chetga surib, madaniyatimizni toptab, buyuk ajdodlarimiz meroslaridan yuz burib nafs evaziga, pul evaziga o’zga g’oyalarga ergashib go’zallikka burkangan jannatmisol shaharlarimizni, bebaho bunyodkorlik mo’’jizalarini xonavayron qilamizmi? Ozodlikka erishgan vatanimiz bu kunlarga osonlik bilan erishdimi?

Adashganlarga so’zim shundan iboratki, -ko’zingni och birodar, bu yurtning tinchligiga rahna solma. Vatandoshingga qarshi, o’z millatingga qarshi turishing sening vatanvurushligingni, millatfurushligingni anglatadi. Aslida sen o’zgalar uchun sariq chaqaga arzimaysan. Sening jannat talab qilib joningni behuda qurbon qilganing, millatni qarg’ishiga uchraganing etti pushtingni xonavayron qiladi. Senga Xudo kerak bo’lsa, uni qalbingdan izla, o’zgalar haqiqatidan emas. Senga Xudo kerak bo’lsa, uni Islom ilm taraqqiyotiga buyuk hissa qo’shgan o’z yurtingning buyuk ajdodlari ilmidan top.

Xudoni haqiqatini jaholat bilan emas, haqiqat bilan topadilar. Senga jannat kerak bo’lsa, uni saxovat bilan, mehr-oqibat bilan, xotirjam ibodat bilan top.

Aslida diniy oqimlarning Olloh yo’liga da’vat qilish haqiqatini inkor qilmaymiz, qachonkim bu holat tinchlik, xotirjamlik bilan aynan saodatni ko’zlagan maqsad bo’lsa. Agarkim, ularning g’oyalari jaholat yo’li bilan amalga oshirishni maqsad qilgan bo’lsa, demak bunday urinishlarning Ollohga tamoman aloqasi yo’qdir. Olloh faqat tinchlikni yoqlaydi. Ammo bugungi davr holati tamoman boshqacha. Musulmon davlatlarida talvasali va tajovuzkor oqimlar ko’paygani sari millatlar orasida xotirjamlik yo’qolmoqda. Shundan kelib chiqadiki, bugungi zamon islom olamidagi diniy oqimlarning ko’pchilik qismini aynan Ollohga aloqasi bo’lmagan dunyoviy siyosiy missioner kuchlar boshqarmoqda. Ya’ni bunday maxfiy kuchlar Ollohni anglashga intilgan sokin oqimlarni yo’ldan urish orqali, ularni mablag’ bilan ta’minlab musulmonlarni musulmonlarga qarshi qayramoqdalar. Ana shunday, aslida haqiqat izlagan oqimlar ular ta’sirida tajavuzkorlik yo’liga o’tib qolmoqdalar. Yigirmanchi asr o’rtalarida g’arb siyosati uchun musulmonlar olamida diniy oqimlar singari kuchli bir qurol paydo bo’ldi. Ular aynan diniy oqimlardan qurol sifatida foydalanishni maqsad qildilar. Buni qarangki, hatto Olloh haqiqatini, uning saodatini, e’tiqodga boshqaruvchi pokiza tuyg’ularga asoslangan mustaqil g’oyalar bilan yurgan oqibatli insonlarni qo’g’irchoq robortlarga aylantirib islom olamida haqiqatga intiluvchi bunday musulmonlarni tajovuzkor bir xilqatga aylantirib qo’ydilar va buning evazi bilan musulmonlar bir-birlarini qirg’in qilmoqdalar. G’arb olamining osoyishta zamonida yashayotgan siyosiy missionerlar pullarini islom olamiga tashlab bir- birlari bilan urishtirib, ularni xonavayron qilib musulmonlar ustidan haqoratli tarzda kulgancha Islom qudratini pasaytirishga urinmoqdalar. Ular musulmonlar ichidan diniy oqimdek o’limdan qaytmaydigan, istagan paytda urush o’chog’ini yoqadigan qurol topib oldilar. Ular pullari evaziga ana shu quroldan ustalik bilan foydalanmoqdalar.

Osoyishta yashab Olloh e’tiqodida yurgan ba’zi musulmon davlatlariga nima bo’ldi? Olam miqiyosida kechayotgan siyosiy o’yinlarning nishoni nega aynan musulmon davlatlarga qaratilmoqda? Bu holatning zamirida nimalar yashirin?

Olloh insonni erda paydo qilganda o’zining aniq maqsadlari bo’lgan. Ya’ni haqiqiy ilohiy insonni yaratish Ollohning buyuk maqsadlaridan biri edi. Unga bo’ysunuvchi, ibodat qiluvchi va er yuzida yaxshilik urug’ini sochuvchi bir xilqatdan umid qilgandi. Tarixda shunday davrlar bo’lganki, buyuk Ollohning maqsadlari qisman bo’lsada amalga oshgan. U zamonlar ilohiyotga intiluvchi sahobalar avliyolarning mavjudligi bilan Islom olami, uning ilmiy taraqqiyotiga ulkan hissa qo’shgan davr edi.

Endilikda nimani ko’ryapmiz?

Bugungi zamon sahnasiga chiqayotgan ba’zi musulmonlar o’zlariga oqimlar tashkil etib ilohiy ilmga emas, qurolga intilib yashamoqdalar. O’zlarini ilm bilan emas, qurol bilan ko’rsatmoqdalar Ularning qo’llarida asrlarga tatiguvchi ilmlar bitadigan qalamni emas, begunoh insonlarni o’ldiruvchi qurollarni ko’ryapmiz.

Bugungi insoniyat xili butunlay Egamning niyatlarini teskarisini amalga oshirmoqda. Tinchlik va osoyishtalik zamonini chetga surib boshqa gallaktikalar salbiy quvvatiga ergashib er yuzida o’lim, vayronagarchilik va yo’q bo’lib ketish urug’ini sochmoqda. Shunday ekan, insoniyat Tangrining yaratgan bunday qaytarilmas va jannatmakon zaminida yashashga loyiq bo’lmay qoldi. Insoniyatning amaliyoti faqat nafs, yomonlikni yaratish va vayronagarchilik bo’lib qoldi. Shunday ekan, Olloh er yuzini boshqa jonzotlarga bo’shatib berishi ehtimoli yo’q emas. Bu holat ikki xil yo’l bilan amalga oshadi.

Birinchisi, -insoniyatning er yuzidan butunlay yo’qolib ketishi oqibati bilan...

Ikkinchisi, -inson o’z qiyofasini saqlagan holda uning ruhini ettinchi osmondan o’chirib o’rniga boshqa bir jonzotning vujudini kirgizadi. U jonzot esa insonga qaraganda aqlli mukammal va tafakkuri teran bo’ladi. Shu tariqa Olloh yana bir boshqa mavjudodni sinov maydoniga tashlaydi.

Insoniyatning yo’q bo’lib ketishining asl sababi nimada?

Sabab shundaki, inson Olloh yaratganni ko’rmasdan faqat o’zi yaratganni ko’rmoqda. Buyuk xato ana shundadir.

O’ziga ortiqcha baho bergan bugungi insoniyatning ahvoli nima kechmoqda?

Insoniyat yaxshilikka intilish immunitetini yo’qotdi. Yaxshilikni eshitish quloq pardalari teshildi. Yomonlik haqida gapirsangiz, jon qulog’i bilan eshitadi. Yaxshilikka oid informatsiyalarni qabul qilolmay qoldi. Buning sababini bugungi davr insoniyatining nafs ummoniga g’arq bo’lganidan anglasak bo’ladi. Dunyo, uning omonati, qarzi, ibodati, saxovati, mehr-oqibati unutildi. Nafs, hatto dunyoning o’zini ortda qoldirib ketdi.

O’tkinchi dunyoni lolarang qon bilan emas, ilm bilan bezamoq kerak.

Inson pulni evaziga jaholatga qo’l urishi gunohdir. Ba’zan o’ylab xafa bo’lib ketasan. Vatanni tashlab ketgan bokira qizlar, ayollar arab davlatlari puldorlarini to’shaklarini bezamoqdalar. Qul bozorida hayvondek sotilmoqdalar. Zabardast yigitlarimiz ularning domida turli xil oqimlarga qo’shilib besamar qurbon bo’lib ketmoqdalar.

Maxfiy o’yinlar makrini qachon anglaymiz? Ularning maqsadi nima? Maqsad millatlar orasida urush o’chog’ini yoqib, xonavayron bo’lgan yurtdan qullar oqimini ko’paytirish.

Savol tug’iladiki, Islom ilmiy taraqqiyotida buyuk hissa qo’shgan bizning buyuk millatimiz nega dinni niqob qilib olgan oqimlarning nog’oralarida o’ynashimiz kerak? Nega biz ularning g’oyalari bilan o’z tinchligimizni buzib xalqimizni arosatda qoldirishimiz kerak. Aminmanki, ularning maqsadi millatlar ustida urush o’chog’ini yoqishdir.

Nega ular musulmonni musulmonga qarshi qayraydilar? Islomning ilmiy taraqqiyotiga buyuk hissa qo’shgan zamin bugungi kunda ularning nazaricha dinsizlar vataniga aylanib qoldimi? Davlatimiz tomonidan qurilgan minglab machitlarni isboti yurtimizdagi islom taraqqiyotidan darak emasmi? Bu holat yurtimizga havas qilishdan ko’ra hasadni anglatmayaptimi? Ular tartibni bizda emas, avval o’zlarida o’rnatsinlar. Qizlarimizni mehmonxonalarda xorlamasinlar, yigitlarimizni qo’liga qurol tutib o’limga boshlamasinlar, insondek buyuk bir xilqatni bozorlarda quldek sotmasinlar. Telekanallarida hayosiz filmlarni namoyish qilmasinlar. Odam savdosi bilan mashg’ul bo’lmasinlar, o’zga millatlarni pul bilan aldab millatfurushga aylantirib qo’ymasinlar. Ular bizga nimani o’rgatmoqchi? Ilmiy taraqqiyotimizga daxldor ilmiy ilohiy meroslarimiz o’zimizda etarli. Qolaversa, millatimiz o’z milliy madaniyatini, ma’naviyatini asrlar osha kulik iskanjasida qolgan bo’lsada yo’qotmadi. Millatimiz sof o’zligini saqlab qoldi? Faqat zamon taqozosi talvasali bir davr talabi bilan ba’zi vatandoshlarimizni adashib o’zligidan mosuvo bo’lib qolayotgani achinarli holatga aylandi. Aslida millatimiz qanday kuchli bo’lsa shundayligichadir.

Anglamoq lozimki, bizning ana shunday ma’naviy qudratimizni, milliy madaniyatimizni, serhasham bunyodkorlik obidalarimizni, tinchligimizni ko’rolmayotganlar dushmanni ichimizdan izlamoqdalar. Aminmanki, vatanimizga, davlatimizga kuchli, teran tafakkurli yigitlar xizmat qilsa bu yurtga hech qanday kuch o’z ta’sirini o’tkaza olmaydi. Adashganlarga nasihatim shuki, vaqt borida vatanlariga qaytib vatan qimoyasida tursinlar. O’z millatlarini, o’z uylarini, ota-ona, farzandlarini himoya qilsinlar. Aks holda vatan ham, millat ham vatan tinchligini buzgan vatanfurushlarni hech qachon kechirmaydi.

Nega ular aynan bizning yurtimizga ko’z olaytiradilar? Nega bizning osoyishta zamonimizga rahna solishga urinmoqdalar? Boshqa millatlar Ollohga erishib bo’ldi-yu, biz ortda qolib ketdikmi? Bizning ajdodlar emasmi, ilm taraqqiyotning ildizlari?

Ularning maqsadlari nima? Jihodni emas, tinchlikni targ’ib qiladigan, donishmandlik hikmatlari bilan xalqni ibodatga undaydigan zamonamiz buyuklar qani? Islom olamida ilmu irfon ila buyuk hissa qo’shgan buyuk rahnamoni qaerda ko’ryapmiz? Go’zal bu xilqatda musulmonlarni osoyishtalikka chaqirayotgan, ularni urushmaslikka chorlagan, baralla ovozli donishmand shayxlar qaerda o’zi? Musulmon insonlar bir-birlarini qirg’in qilayotgan bir pallada nega ular jim? Islom olamida turgan buyuk shayxlar musulmon musulmonni o’ldirayotgan bir qaltis zamonda nega donishmandlik hikmatlari bilan tinchlikni yoqlab ezgulik bayrog’ini ko’tarib chiqmayaptilar?

Islom bu qurol emas, ilmdir. Donishmandlikdir . Ollohga nisbatan buyuk e’tiqoddir, tinchlik xotirjamlikdir. Islom olamida so’fiy avliyolarning ilmu irfon bilan yozib qoldirgan ilmiy meroslari Islom taraqqiyotiga buyuk hissa qo’shgan. So’fiylik olami bu qalban xotirjamlikdir. Saxovatdir, mehr-oqibatdir, hikmatdir, donishmandlikdir. Xalqni ezgulikka chorlovchi nurli bir maktabdir.

Bugungi davr sahnasida olam miqiyosida yashayotgan so’fiy avliyolarning ilohiy ilmga asoslangan ezgulikni targ’ib qiluvchi ilmlaridan bahra olish u yoqda tursin, hatto so’fiylik ilmiga, ezgulik tariqatlariga nisbatan tajovuzkorlik nigohi bilan qaramoqdalar. Axir dunyoning nafsidan kechib uning amalidan yiroq turgan, Haqning yodi, Uning ishqi bilan yonib o’zini kechayu kunduz ibodat olamiga tashlab Ollohni zikr qilgan avliyo ezgulik yo’li bilan donishmandlik hikmatini elga berib ularni xotirjamlik yo’li bilan saodatga boshlasa, nega bunday avliyolarga qarshi kurashish kerak? Bugungi davr diniy siyosiy oqimlarning ba’zi guruhlari so’fiylikni tan olish u yoqda tursin, balki uni to’xtatish ilinjiga tushib qolganlar. Bu holatni terroristik guruhlardan tortib gumanizm bayrog’ini ko’tarib olgan davlatlar ham amalga oshirishga harakat qilmoqdalar. Terroristik guruhlarning so’fiylik bilan kelishmasligining sababi, ular o’zlaridan yuqori tabaqani ko’rishni xohlamasliklari bo’lsa, gumanizmga asoslangan davlat arboblari o’z mavqelarini yo’qotishdan qo’rqqan holda ko’r-ko’rona tubanlik, qorong’ulik sari qadam tashlamoqdalar.

Birinchi holatni tushunish mumkin. Ammo ikkinchi holatdagilar o’z tomirlariga bolta urayotganliklarini anglamayaptilar. Chunki so’fiyliksiz ular birinchilarni engolmaydilar.

So’fiylik ilmi bu donishmandlik, hikmat ilmidir. Donishmandga dunyo kerakmas. Uning ishqi yagona Ollohga qaratilgan. Elni ezgulikka, vatan himoyasiga, uning ravnaqiga ko’mak bo’luvchi hikmat durdonalari hamisha insoniyatning insoniylik taraqqiyotiga hissa qo’shib kelgan. Aynan so’fiylar dunyoviy nafsdan uzilib Ollohga nisbatan buyuk muhabbatlari evaziga avliyolik darajasiga ko’tariladilar. Ularning duolari ijobatdir. Qarg’ishlari halokatdir. So’fiylar Olloh bilan uzviy aloqada bo’lib insoniyatga uning quvvatini etkazib turuvchi vositachi omonat dunyoda omonat turganlardir. So’fiylar Olloh bilan insonlar orasidagi misoli bir ko’prikdir. Ularning maqsadi esa ana shu ko’prikni vayron qilishdir.

Kamina Islom universitetining o’qituvchisi bilan uchrashganimda ul zot, -sufizm to’g’ri emas, dinga aloqasi yo’q, buzuvchi falsafa, - dedi. Agarkim, o’qituvchi haq bo’lsa Hazrat Naqshbandiy,Najmiddin Kubro, Ahmad Yassaviy kabi so’fiy avliyolarimiz kim bo’lgan? So’fiylikni qaysi zamonda qo’liga qurol ko’tarib jang qilganini bilasiz? So’fiylikni dinga aloqasi bo’lmasa shariatga ozori ham tegmagan. Aksincha, so’fiylar Islom ilmiy taraqqiyotiga o’z hissalarini qo’shganlar.

Keling, so’fiylik, o’qituvchi aytganidek buzg’unchi falsafa ekan, unda din ichidagi terroristik guruhlar kimlar? Musulmon musulmonni o’ldirayotgan, portlatayotgan turli oqimlar bilan terroristik aktlar uyushtirib tinch aholini xonavayron qilayotgan so’fiylarmi yoxud dinni qurol qilib olgan terroristik guruhlarmi?

So’fiy avliyolarni qoralashni qoyillatamiz-u, lekin ilmlarini, hikmatlarini o’rganib qabrlariga sig’inamiz. Ziyoratga kelayotgan e’tiqodli insonlardan chipta puli teramiz. Avliyolar ortidan biznes qilamiz. Ana shu avliyolar so’fiylik ilmi irfonlari bilan Haqqa erishganlar. So’fiylik falsafasining mohiyati bu ezgulikdir.

Anglamoq lozimki, so’fiylik ilmiga qarshi kurashib bo’lmaydi. Ollohning haqiqatiga erishgan bunday avliyolarning qarg’ishi bu xilqatni qoralaganni xonavayron qiladi. Buni qarangki, haqiqiy odamiylikni targ’ib qiluvchi so’fiylik tariqatlariga nisbatan qarshi kurashga shay turganlar ham yo’q emas. O’zlari odamiylik qiyofasida odamiyliklarini yo’qotib qon to’kadilar. O’z millatdoshi o’z musulmon qavmiga qarshi qurol ko’taradilar. Bu holatni qanday tushunish mumkin? So’fiylikda hikmat bor, lekin qurol yo’q. Ularda esa qurol bor, lekin hikmat yo’qdir.

So’fiylarning quroli bu ezgulikdir, Olloh quvvatidir. Demakkim, ezgulik haqiqati odamiylikdir. Odamiylik ichra Ollohga e’tiqod bilar intilgan inson uning quvvatiga musharrafdir va bu quvvat duosi yaxshini komillik sari undasa, yomonlik istaganni er bilan yakson qilgay.

Islomni tinchlik yo’li bilan, ilmu irfon bilan targ’ib qiladilar. Musulmon musulmonni qonini to’kib jihod qilishi bu jihod emas, jaholatdir. Ular zinhor jannatdan umidvor bo’lmasinlar. Islomni, muqaddas dinimizni Ollohga buyuk e’tiqod bilan ibodat olamida javlon urib ilm bilan targ’ib qiladilar.

Nazarimda musulmon olamidagi diniy oqimlarning ilmdan yiroqlashib tajovuzkor ruhda qo’llariga qurol olayotganliklarining sababi bu G’arbning maxfiy missionerlarining astoydil ishlayotganliklaridan darak beradi. Ularning maqsadi islomning buyuk qudratiga putur etkazib musulmon olamini falaj holatga keltirish bo’lsa ajabmas. Keling, fikr qilaylik, biz muqaddas dinimizni asrashimiz uchun ilm o’rganib ezgulik bilan xotirjamlik olamida Ollohga buyuk e’tiqodimizni kanda qilmay ibodat qilishimiz kerakmi yoki qo’limizda qurol tutib bir-birimizni qonimizni to’kishimiz kerakmi? Biz kimga qarshi kurashmoqchi bo’lyapmiz o’zi? Millatni millatga qarshi qo’yayotganlar kimlar? Musulmonni musulmonga qarshi qo’yayotgan kimlar?

Qaltis zamon o’yinlariga tushunmaysan. Shunday ekan, har bir millat o’z milliy g’ururi bilan o’zi yashab turgan vatanini himoya qilishi davri keldi. Ogohlikning davri keldi. Bu muqaddas zaminning tinchligini buzishga hech kimning haqqi yo’q. Islom olamiga buyuk hissa qo’shgan bu zaminga o’zlarining zamonaviy g’oyalarini, soxta intizomlarini, puch ilmlarini olib kiraman deb xomtama bo’lmasinlar. Bizning o’zimizda ming yillarga tatiydigan buyuk ilmiy meroslarimiz bor.

Bu millatning xavfsizligiga rahna solmoqchi o’zimizning ichimizdagi buzg’unchilar, shu millatning g’azabiga, qolaversa buyuk ajdodlarning qarg’ishiga duchor bo’ladilar. O’sha vatandoshlarimiz o’zgalarning qo’lida qo’g’irchoq robort bo’lguncha, ularning nayrangiga o’ynab odamiylik hislarlarini yo’qotgancha o’zimizdagi ajdodlar merosini, ilmu irfonlarini o’rganib odamiylik darajasida e’tibor qozonib el-yurt oldida, Olloh oldida saodatli bo’lsinlar. Turli xil oqimlar falsafasini emas, qur’onni o’rgansinlar.

Ilmga emas, qonga tashna har qanday falsafa odamiylikka qaratilgan jaholat, insoniyatga nisbatan jinoyatdir.

Vatandan ketganlar o’zga falsafalar oqimida suzadilar. Keyin haqiqat olamiga o’zlarini bir quchoq haqiqatlarini ko’tarib keladilar. Bilmaydilarki, bu haqiqatlari zamirida el-yurtni tinchligini buzadigan g’oyalar limmo lim. Shu vatanga o’z kindik qoni to’kilgan ona yurtlarining nonini eydilar, lekin unga nisbatan g’araz bilan yashaydilar. Payt poylaydilar. Omad qo’ldan ketib qamoq jazosiga bir umrga tortilib ketsa keyin pushaymonda qoladilar. Adashdim, deb yolg’ondan yig’laydilar.

Kechirasan, sen adashmading sen jaholatni ko’ra bila turib unga oshno bo’lding. Sen asir tushmaganingda pushaymon haqida gap ochmas eding. Endi ming turli azobdasan. Qani rahnamolaring. Sen ular uchun bir tiyingga arzimas matohsan. Vaqti kelib seni hukumat avf etishi mumkin. Lekin bu millat vatan xoinlarini hech qachon kechirmaydi. Umringni oxirigacha xoinlik tamg’asi bilan yashaysan. Ana shunday oriyatli millatda yashab shu millatga qarshi borsang, sen bu millat uchun begonasan.

Hech bir o’zga millat vakili yurtimizga kirib yigitlarimizni qullikka yoki qizlarimizni fohishaxonalarga olib ketolgan emas. Tafakkuran sust, iqtisodini ro’kach qilgan ba’zi vatandoshlarimiz o’zlari borib qo’llarini kishanga tutib bermoqdalar. O’zlarini o’zlari sotmoqdalar. Millatfurushlar pul evaziga qizlarimizni o’zga to’ralar to’shaklariga yotishga majburlamoqdalar.

Hukumat erkinlik bersa unga javoban munosabatimiz shumi?

Demak, biz ortiqcha erkinlikni ko’tarolmas ekanmizda. Xohlasak ketamiz, xohlasak kelamiz. Ko’ngil tusab qolsa turli xil oqimlarga sherik bo’lib ana shu ozodlikda yurganimizni, o’zimizni o’zimiz ko’rolmay qolamiz. O’zimizga o’zimiz qarshi boramiz. Qizlarimizni sotamiz, o’z ilmimizdan kechib o’zga ilmlarni o’rganamiz... Istasak qo’limizga qurol olamiz. Haqiqatni ozod vatandan emas, qullik iskanjasi bilan, birovlarning qo’lida qo’g’irchoq robortlarga o’xshab o’zga oqimlarning hukmiga bo’ysinib axtaramizmi?

Ortiqcha erkinlikka javobimiz shumi?

Faloncha qiz arabga tegibdi, faloncha qiz turk bir biznesmenga tegibdi, koreyga tegibdi, qator mashinalar, villalari bor emish.

Havas bilan gapirishini qarang. Bu erda gap faqat nafs ortidagi boylik haqida ketyapti. Hech kimning o’z millatining qoni buzilib ketayotgani bilan sariq chaqalik ishi yo’q. Boylik evaziga, shohona hayot evaziga to’rt tomonga tarqalib ketaversalar, millat qoladimi, qadrdon. Buyuk ajdodlarning ilmini, bebaho ma’naviyatni, go’zal madaniyatni, qadr-qimmatni, qaytarilmas urf-odatlarni tashlab qayoqqa ketyaptilar?

O’zga, taraqqiy topgan davlatlar taraqqiyot ortidan o’z tarixlarini unutib, ma’naviyatlarini toptab ommaviy madaniyat girdobiga tushganlaricha o’zlariga yo’l topolmay jarlik yoqasiga kelib qolgan bir paytda biz ham ularning ortidan o’zimizni tubsizlikka uloqtiramizmi?

Ortiqcha erkinlikka javobimiz shumi?

Qatagon davri ocharchilik yillari ko’plab vatandoshlarimiz o’z vatanlarini tashlab o’zga yurtlarga ketib qoldilar. Ular vatangadolikda yashab, vatan tuprog’iga zor bo’lib, bir umr vatan sog’inchi bilan yashadilar. Yurtimizning istiqlolini orziqib kutdilar. Ko’z yosh to’kdilar.

Ollohning inoyati shunda ediki, biz hech qanday qon to’kishlarsiz mustaqillikka erishdik. Qaramlikdan ozod bo’ldik, lekin bir umr vatan tuprog’ini sog’inib vatangadolikda yurgan, vatan deb ko’z yosh to’kkan vatandoshlarimizning vatanga oqib kelganlarini ko’rmadik. Hech bir joyda, manavi inson Turkiyada yoki Germaniyada yoki Arabistonda yoki Amerikada musofirchilikda bir umr vatan sog’inchi bilan yashaganlar. Mana Tangriga shukrlar aytgancha, o’z vatanlariga qaytib jannatmisol yurtlarida yashamoqdalar, -degan gapni eshitmadik.

Vatan deb, millat deb ayuhannos solgan musofirchilikdagi vatandoshlarimiz qani?

Iqtisodiy qudratli davlatlarda yashab iqtisodlarini kuchaytirib olgan qaysi bir vatandoshimiz O’zbekistonimiz mustaqilligining ilk davrlarida yordam qo’lini cho’zdi.

Ortiqcha erkinlikka javobimiz shumi?

Vatan deb, millat deb jar solish, tilda gapirish oson. Lekin bunaqa soxta qahramonlikning umri qisqadir. Vaqtning o’zi kimning qandayligini yuzaga chiqarib qo’yadi. Millatimiz hali hamon ba’zi bir eski tuzum asoratlaridan qutulolmagan bo’lsada, uning ma’naviyati buyukdir. Ana shu qudratning o’zi kimning qandayligini ko’rsatadi. Ana shu kuch millatga kimning qandayligini anglatadi. Yurtimiz ozodlikka erishgandan so’ng iqtisodiy- siyosiy jihatdan jahon sahnasiga chiqdi.

Nega endi ba’zi bir vatangadolikda yashagan, vatan ozodligini orzu qilgan vatandoshlarimizning bugungi kun ozodligini, iqtisodiy taraqqiyotini tinchligini ko’rolmay paytavalariga qurt tushib qoldi?

Biz vatanda yashab o’zga yurtni maqtaymiz, o’zga yurtga ketsak, ba’zi kafangado vatandoshlarga qo’shilib o’z yurtimizni maqtash o’rniga qoralaymiz.

Ortiqcha erkinlikka javobimiz shumi?

Nima ular hali endigina yigirma yildan oshgan ozod yurtda uch yuz yillab taraqqiyotda ilgarilab ketgan Amerika hayotini ko’rishni istaydilarmi? Taraqqiyot sekin astalik bilan emasmi? O’sha manaman degan Amerika ham qirq sakkiz yil mobaynida iqtisodiy inqirozni boshidan kechirgan. Kechirasiz-u ocharchilikdan chiqqan oyog’ida zo’rg’a turgan insonni ham sekin astalik bilan kuchga to’ldirib o’ziga keltiradilar, asl holatiga qaytaradilar. Agar uning och holatida ovqatni ayamay bersangiz joyida tap tortmay o’ladi. Nazarimda ular hali yosh rivojlanayotgan bir davlatda Amerikacha iqtisodiy jamiyatni ko’rishni xohlashlari orqali bu yurtning ma’naviyatini madaniyatini o’ldirib, tarixiga bolta urishni istaydilar.

Yillar shiddatini qarang. Yigirma yildan sal ziyod vaqt bir zumda o’tdi. Shaharlarimizni ko’ring, ko’rkam va obod, bozorlarimiz mahsulotga to’lib toshgan... Taraqqiyotda Markaziy Osiyo davlatlari orasida oldingi o’rinda. Shu holat davom etsa, qirq sakkiz yilda nimalarga erishish mumkinligini tasavvur qilyapsizmi? Butun boyligi talab ketilgan yurt qisqa muddatlarda shu darajada yuksalgani yutuq emasmi? Ha, biz kambag’almiz, lekin to’y hashamlarimizni manaman degan Evropa boyvachchasi qilolmaydi. Ha, biz kambag’almiz, har bir xonadonda uchta to’rttalab mashina bor. Harakat qilyapmiz, erishayapmiz. Hammasi mehnat ortidan. Hech kim ochligidan o’lgan emas.

Vatan nonini eb, vatanni ko’rolmayotgan vatan xoinlarining maqsadi yurtimiz tinchligini buzib, uni yana qaram holatiga tushirish bo’lsa xato qiladilar. Ular o’zga oqimlarga ergashib o’z yurtlarini tinchligini buzsalar, urush o’chog’iga aylangan ana shu yurtni go’yo tinchitish uchun boshqa kuchlar kirib keladilar. Qarabsizki, eski tos, eski xamom deganday yana qullik asorati. Ularning maqsadi shumi? Vatanga nisbatan bundanda ortiq xoinlik bormi? Millatga nisbatan bundan ortiq xoinlik bormi?

Adashganlarga nasihatim, ko’zingni och, birodar. Agar sen o’z tomiringga bolta urmasang, tashqaridan hech kim igna sancha olmaydi. O’zligingni asra.

Agar sen uz yurtingni ilmu irfonini o’rganib jannat topolmasang, men senga jannatdagi joyimni bo’shatib beraman. Agar nasib aylasa. Agar sen o’z yurting ajdodlarining ilmini o’rganib do’zaxga tushadigan bo’lsang, sening o’rningda o’sha do’zaxga men da’vogar bo’laman.

Fakt o’z yurtingga, o’z millatingga qarshi borma, uning tinchligini buzma. O’zga oqimlar ta’sirida ona tuprog’ingga g’arazli niyatda boqma. Ma’naviyatingga, madaniyatingga zarar etkazib buyuk ajdodlaring ilmini toptama. O’zga yurtlarda qurol ko’tarib besamar urushib izsiz o’lim topib ketgancha, ozod yurtingga kelib uning himoyasida tur. Begunohni o’ldirib topgan pulingni quvvati ham tajovuzkor bo’ladi. Uni bola-chaqangga edirib, gunohlarni shu orqali farzanding vujudiga singdirib qo’yishing mumkinligini angla. Gunohga sug’orilgan pulning kasriga begunoh bolang azob tortmasin. Bu olamda har narsaning javobi bor

Olam miqiyosiga nazar tashlasak, insoniy qiyofani har kimda ko’ramiz, lekin odamiylik tuyg’ulariga intiluvchi insonlarning soni qisqarib bormoqda. Insoniy tafakkur anqoning urug’iday topilmas bir xazinaga aylandi. Insoniyatni qutqaruvchi kuch, bu tobora yuksalib ketayotgan taraqqiyot omillari emas, aksincha o’zligini kashf etgan holda odamiylikka qaytib buyuk e’tiqod ila Ollohga ibodatdir. Insoniyatni ezgulik qutqaradi, mehr-oqibat qutqaradi.

Taraqqiyot insoniyatning yashashi uchundir, Ollohga erishishi uchun emas. Ollohga erishish uchun e’tiqod ila ibodat kerak. Insoniyat yashash uchun yashamasliklari kerak, chunki uning qonuniyati abadiyatga daxldor emasdir. Insoniyat Haqiqatga qaytish uchun omonat olamni, omonat bilib yashashlari lozimdir. Insoniyat er yuzida yashashi uchun odamiylik xislatlarini qadrlab yashashi lozimdir. O’zligini anglashi, texnik, texnokratik taraqqiyot bilan emas, insoniy taraqqiet bilan o’zga gallaktikalarni zabt etishi lozimdir. Dunyoviy texnik taraqqiyot insoniy taraqqiyotning rivojini bir necha asrlar ortga surib yubordi. Insoniy taraqqiyot insoniyatga texnokratik taraqqiyotdanda yuksak kashfiyotlarni tortiq etishi mumkin edi. Texnokratik taraqqiyot jarayonida jonsiz narsalarni jonlantirdik. Jonli insoniyat jonli bo’lib turgan jonini insoniylik taraqqiyotiga undaganda allaqachonlar o’zga gallaktikalar sirlari ochilgan sayyoralararo munosabatlar yo’lga qo’yilgan bo’lardi. Insoniyat dunyoviy omonat olamning kashfiyotlari bilan aldanib, o’tkinchi dunyoning o’ziga bog’lanib qoldi. Dunyoviy taraqqiyot esa ma’lum ma’noda insoniyatni yuksak kashfiyotlar cho’qqisiga olib chiquvchi tafakkur olamiga o’z zarbalarini bergancha uning insoniy taraqqiyotini bir necha asrlarga ortga surib yubordi. Tafakkuri muzlatilgan insoniyat olamning o’tkinchiligini anglamay yoppasiga nafs ummoniga o’zini uloqtirgancha, odamiylik qiyofasini yo’qotib bormoqda. Bir-birini qirg’in qilmoqda. Ollohdan ham, o’zga gallaktikalar mo’’jizalaridan ham mosuvo bo’layotgan bugungi insoniyat xili o’z-o’zini inqiroz tomonga boshlab ketmoqda. Millatlar ommaviy madaniyat ta’sirida o’z madaniyatlari ma’naviyatlarini yo’qotib qo’yishlari bu milliy inqirozdan darak deganidir. Milliy inqiroz esa insoniy inqirozdir. Ana shunday inqirozlarning to’foni olam miqiyosida kezib yurgan qaltis bir zamondan o’zlikni anglamoqni fursati etdi, deb o’ylayman. Ollohni anlamoq fursati etdi, deb o’ylayman. Olloh har birimizning qalbimizga ezgulik urug’ini sochsin. Mehr-oqibat nashidalarini nasib aylasin. Xotirjamlik, barqarorlik bilan uning ibodatida yashab, huzuriga komil va saodatli bo’lib qaytishimizga o’zi madadkor bo’lsin. Yurtimizni balo qazolardan asrasin.

Alhamdulillohi Robbil A’lamin.

Mening vazifam nasihatdir. Amal qilsa saodat, topgay aksida jaholat. Aminmanki, yurtimizdagi har bir insonning tilagi ham shunday.

YANGILANISHLAR

MAHSULOTLAR

Media-mahsulotlar pochta orqali

SAYT XARITASI

STATISTIKA