TOIFALAR

QATRON

SHOGIRDLARNING SHARXLARI

NURSAFARDIYYA
ISH FAOLIYATI

QIDIRUV

HAMKORLAR

Tafakkurga otilgan oq... Yoxud kochmanchi amfiteatr zamiridagi tajovuzkorlik sindromi

Muallif: Nuru sofiy tabib Nursafardiy

Joylashtirish vaqti: 2015-12-03

Bu kichkina zamin bag’rida mana necha asrlardan buyon Tangri yaratgan ongli insoniyat xili yashab kelmoqda. Bu zaminning deyarli har bir qarichi ana shunday ongli insonning qoni bilan sug’orilgan. Urushning ashaddiy qiyofasi insoniyat paydo bo’lgandan buyon uning ovuliga, qabilasiga, jamiyatiga, mamlakatiga ko’z tikib xonavayron qilib kelmoqda. Qadimgi Troya urushlari, qabilalar orasidagi janglar, Makedonskiy hukmronligi, Arablar bosqini, Chingizxon bosqini, Chor Rossiyasi istilolari, birinchi jahon urushi, (o’ttiz to’rt davlatda, qurbonlar soni o’n million) ikkinchi jahon urushi, (etmish ikki davlatda, qurbonlar soni o’ttiz million) Yaponiya-Xitoy mojarolari, Amerikadagi grajdanlar urushi, atom bombasining tashlanishi, Amerika-Ve’tnam urushi, Koreyadagi urushlar, Pokiston-Hindiston mojarolari, Falastin-Isroil fojealari, Iroq-Eron urushlari, Afrikadagi grajdanlar urushi, Iroq-Quvayt urushi, Amerika-Iroq janglari, Serbiyadagi qotilliklar, Chechenistondagi janglar, Rossiyadagi terroristik aktlar, Amerikadagi terrorchilik hujumlari, Afg’onistondagi urushlar, Angliya, Amerika, Ittifoq diversiyasi, Ukrainadagi grajdanlar urushi, Suriyadagi janglar qo’yaveringki, asrlardan buyon davom etib kelayotgan bu olam sahnidagi qon to’kishlar millionlab insonlarning yostig’ini quritdi. Tarix davomidagi insoniyatning bir-birini qirishi, yostig’ini quritishi bilan dunyoviy, tabiiy ofatlar bilan (tabiiy o’lim bundan mustasno) o’lim topgan insonlarni taqqoslasak, insoniyatning insoniyatga qilgan tajovuzkorligi bilan tabiiy ofatlar orasidagi farq, ya’ni qirilib ketish darajasi mingdan ikki darajaga teng. (Agar Atlantida afsonasi haqiqat bo’lsa mingdan uch daraja).

O’tkinchi olamning mohiyati nimadan iborat? Urush atalmish ajal quroli insoniyat qismatining ma’noli qiyofasiga aylanib qoldimi?...

Insoniyat ustida hukmronlik qilib uning taqdirini, kelajagini belgilaydigan, kerak bo’lganda ajal misoli o’z domiga tortadigan olam miqiyosidagi yagona qudratli kuch bu urush siyosatidir. Qaerda, qaysi mamlakatda harbiy to’qnashuv yoki istilo ro’y bermasin, uning zamirida siyosiy mojarolarning qiyofasi ko’rinadi. O’tkinchi dunyoga daxldor ana shu siyosat qudrati insoniyatning mana bir necha asrlardan buyon uning boshiga kulfat keltiruvchi qirg’in quroliga aylanib qoldi.

Yigirma birinchi asr olamida harbiy siyosatning mavqei yanada ko’tarildi. Bu holat o’z o’rnida mamlakatlar orasida milliy munosabatlarning keskinlashuviga, ba’zi davlat hududlarida urush dahshatining alanga olishida sabab bo’lmoqda.

Aslida insoniyat taqdirini Tangri belgilaydi. Lekin dunyoviy siyosatning keskin tarzda qudratlashuvi Tangriga daxldor insoniyatni taqdirini achchiq qismatga aylantirib qo’ymoqdakim, buning oqibatida asosan oddiy xalq orasida qurbonlar soni olam miqiyosida kundan kunga ortib bormoqda. Millatlar orasidagi siyosiy mojarolarning domiga tushgan oddiy xalq jabr ko’rmoqda.

Omonat jon Tangri ixtiyorida. Leking insoniyatning qil ustida turgan ana shu joni ustida aynan dunyoviy, maxviy siyosat hukmronlik qilmoqda. Istagan paytda xonavayron qilib, xohlagan daqiqasida jonini olmoqda. Yigirma birinchi asrning sirli siyosati shunday qudratga egaki u istagan mamlakatida, istagan hududida urush o’chog’ini yoqish imkoniyatiga ega. Hushyorlik va ogohlikning qadr-qimmati yo’qolmagan mamlakatda bunday dahshatli to’fon chetlab o’tishi mumkin. Millatparvarlik, milliy g’urur har bir insonda muqaddas burch bo’lsagina o’z ona vatani uchun himoya qobig’ini yarata oladi.Agar millat qudratli bo’lsa olam miqiyosidagi qudratli siyosiy o’yinlar bu mamlakatga ta’sir darajasini o’tkaza olmaydi. Yigirma birinchi asr maxfiy siyosatining makri shundayki, qaerda bir millat iqtisodiy yoxud harbiy inqiroz yoqasida tursa u o’z nishonini o’sha davlatga buradi. Millatning tafakkuriga qarab otilgan o’q uning osuda hayotini arosat qurboniga aylantiradi va birinchi navbatda millatni bir-biriga qarshi qo’ysa, ikkinchi navbatda milliy mojarolarni yuzaga chiqaradi. Buning oqibatida siyosiy mojarolar keskin tus olib, oxir-oqibat urush alanga oladi

Tafakkurga otilgan o’q insonni o’zini o’ldirmaydi, o’zligini o’ldiradi. O’zligi o’ldirilgan inson esa o’z-o’ziga millatiga, millatdoshiga qarshi qurol ko’taradi. Bir-birini qirg’in qiladi. Dunyoviy makkor siyosatning o’ta maxfiy missiyasi shundan iborat. Bu holat siyosatning maydonda ikki askarni o’lim jangiga chiqarib yuqoridan turib tomosha qilib turgan amfiteatriga o’xshaydi. Demak, yigirma birinchi asr taraqqiyotining boshqaruv sistemasini siyosiy amfiteatr deb atasak ham bo’ladi. Yangi asr taraqqiyotining bunday amfiteatri ikki shakli bilan qadimgisidan farq qiladi. Ya’ni:

Birinchisi- sahnaga ikki askar emas, butun bir millat bir- biriga qarshi chiqadi yoxud ikki millat bir-birini qirg’in qiladi.

Ikkinchisi- u birinchi davlatdan, istagan ikkinchi davlat hududiga ko’chib yuradi. Ya’ni ko’chmanchi amfiteatr.

Dunyoviy siyosatning missiyasi nimadan iborat?

Birinchi maqsad-harbiy taraqqiyot.

Ikkinchi maqsad -iqtisodiy qudrat...

Uchinchi maqsad-texnokratik kashfiyot.

Harbiy taraqqiyot davlatning himoyasini mustahkamlaydi.

Iqtisodiy qudrat-davlatlar orasida nufuzini oshiradi.

Texnokratik taraqqiyot-ilg’or rivojlangan davlatlar qatoriga qo’shadi.

Uchlamchi bosqichning birlashmasi qudratli siyosatni vujudga keltiradi.

Qudratli siyosat istagan paytda istagan mamlakatga iqtisodiy bosim o’tkazishi yoxud uning davlat tizimi boshqaruviga qo’pol tarzda aralashishi mumkin.

Qudratli siyosat zamiridagi harbiy taraqqiyot insoniyat boshiga xavf solib tursa, iqtisodiy qudrat birinchi davlatni ikkinchi bir davlatga qaram qilib qo’yadi. Texnokratik kashfiyotlar esa insonni harakatdan to’xtatib tafakkurini manqurtga aylantiradi.

Yangi asr siyosati qanchalik qudratga ega bo’lmasin, insonlar siyosatga qarshi siyosat formulasini kashf etdilar. Olam miqiyosida kuchsiz davlatlar orasida turli xil tajovuzkor oqimlarning paydo bo’lishi xavfi kuchaydi.

Ular o’z navbatida qudratli siyosatga qarshi isyon ko’tardilar. Bu yo’lda jonlarini tikdilar.Turli xil terrorchilik usullari bilan tinch aholining boshiga kulfat yog’dirdilar.

Inson tajovuzkorligining asosi qaerda?

Birinchisi-tafakkuran manqurtlik.

Ikkinchisi-iqtisodiy tang ahvol.

Uchinchisi-siyosiy qaramlik.

O’z-o’zidan ma’lumki, tafakkuran manqurtlik iqtisodiy tang ahvolni barpo etsa, oqibat siyosiy qaramlikni yuzaga keltiradi.

Millatning qudrati uning texnokratik yoxud harbiy taraqqiyotida emas, balki tafakkuran o’zligini anglashidadir. O’zligini anglagan millat qudratlidir va bunday millatni hech qanday qurol bilan engib bo’lmas, qaram qilib bo’lmasdir.

O’zlik nima? O’zlik bu buyuk ajdodlar quvvatidir, tarixidir, madaniyatidir, ma’naviyatidir, urf-odatlari ilmiy meroslaridir. Millat qonida oqayotgan ana shu o’zlik falsafasi milliy qudratni namoyon etadi. O’zlik bu millatni himoya qiluvchi qudratli qalqondir. Bu qalqonga hech qanday qurol o’tmas.

Millatni himoya qilgan inson o’zini himoya qiladi. O’zligini himoya qiladi. Tarixini, madaniyatini, ma’naviyatini himoya qiladi.

Jahon miqiyosida ommaviy madaniyat iblislari millatlar atrofida izg’ib yurgan bir paytda har bir shaxs o’z millati ravnaqi, uning kelajagi uchun qalbida himoya qalqonini yaratishi lozim.

Buning uchun;

Birinchidan, o’zlikni anglash, tafakkuran ilmga ega bo’lish kerak.

Ikkinchidan, milliy qadriyatlarni asrab avaylamoq, madaniyatni asramoq, ma’naviyatni qadrlamoq, milliylikka daxldor go’zal tuyg’ularni qalbga singdirmoq.

Uchinchidan, turli xil oqimlarga ergashib ketmasdan ajdodlar qoldirgan ilmiy meroslarni mukammal tarzda o’rganmoq.

To’rtinchidan, milliy urf-odatlarni davomiyligini saqlab qolmoq, unutilganlarini qayta tiklamoq.

Beshinchidan, ommaviy madaniyat turiga ilinmaslik, millatga xos bo’lmagan udumlarga qarshi milliy g’urur bilan himoyada turmoq.

Oltinchidan, xalqparvarlik, vatanparvarlik tuyg’usi bilan yashamoq.

Anglamoq lozimki, agar inson o’z manfaatidan xalq manfaatini, vatan manfaatini ustun ko’rmasa u hech qachon millatparvar bo’lolmaydi. O’tkinchi olamda har bir inson o’zi uchun emas, o’zligi, millati uchun qayg’urib yashamog’i lozim. Millatning qudrati shundadir.

Bugungi davr insoniyati o’ziga xos talvasa bilan yashamoqda. Olam miqiyosida siyosiy, iqtisodiy inqirozlarning oqibati insoniyatning ongiga tajovuzkorlik sindromini olib kirdi.

Shundan anglamoq lozimki, ogohlikning kulminatsion davri bizning zamonimizda to’g’ri keladi. Agarkim, bugungi qaltis davrda hushyorlikni yo’qotib ogohlikdan yiroq tursak, nimalar ro’y berishi mumkin?

Birinchidan, o’zga oqimlarning yopirilib kirishi xavfi kuchayadi.

Ikkinchidan, tafakkuran ilmga ega bo’lmagan yoshlarimizning o’zga oqimlarga qo’shilishi ta’siri kuchayadi.

Uchinchidan, ommaviy madaniyat turiga ilinish darajasi ortadi. Bu holat milliy o’zligimizni yo’qotib qo’yishimizga asos bo’ladi.

To’rtingchidan, ilmdan yiroqlashib ketish holatlari samarasi ortadi, tafakkuran manqurtlik sindromi ro’y beradi.

Beshinchidan, eng xavflisi milliy parokandalik yuz beradi. Osoyishta hayotimizga putur etadi.

Millat boshiga yopirilib kelayotgan har qanday ommaviy madaniyat yoxud oqim bu qudratli, o’z o’rnida maxfiy siyosatdir. Millat tafakkuriga tegadigan o’q ana shu quroldan otiladi.

Bu holat avvalgi bosqinchilik urushlaridanda dahshatliroqdir. Bunga sabab tarixda qudratli davlatlar ikkinchi bir davlatga ko’proq hollarda uning boyligini talash, boylik orttirish maqsadida istilochilik urushlarini olib borganlar. Lekin ko’pchilik hollarda ularning madaniyatiga, ma’naviyatiga, milliy urf- odatlariga daxldor udumlarga tegmaganlar. Hozir davr boshqacha. Yangi asrda buning tamoman aksi qo’llanilmoqda. Hozir bir davlatning ikkinchi bir davlat ustiga bostirib kirishi shart emas. Qolaversa, endi ko’pchilik hollarda boylik orttirish ilinji bilan emas, balki millatni tafakkuridan mosufo qilib uni bir-biriga qarshi qo’yish yoxud ikki millat orasida mojarolarni yuzaga chiqarish, o’z oqimlari yoxud madaniyatlarini kiritish borasida missionerlik faoliyatlarini olib bormoqdalar. Eng ayanchli tomoni bir millatga bir vaqtning o’zida bir davlat emas, bir necha siyosiy kuchlar o’z missionerlarini kiritib millatlarni bo’lib tashlashga urinish holatlari ro’y bermoqda.

Olam miqiyosida daydib yurgan ommaviy madaniyat bu o’ta maxfiy tarzda millatlar ongiga singdirilayotgan siyosiy bosimdir. Ommaviy madaniyat sindromiga yo’liqqan inson o’z millati doirasidan chiqib ketadi. Bunday tafakkuran falaj inson o’z milliy qadriyatlariga bepisand qaraydi. Anglamoq lozimki, o’z milliy qadriyatidan, madaniyatidan kechib o’zga madaniyatga qaramlik qilgan shaxs manqurtdir. Aslida o’zligini anglamagan inson o’zga madaniyat axtaradi va uning domiga oson ilinadi. O’zga oqimlarga qo’shilib ketayotganlar ham bundan mustasno emaslar. Bizning zaminimizdan buyuk allomalar etishib chiqqanlar va ular qoldirgan ilmiy meroslarning chegarasi ko’rinmasdir. O’zimizda bebaho ilmlar xazinasi turib o’zga oqimlar ilmiga ergashib ketayotganlar o’zligini anglamaganlardir. Avval o’zingni angla, buyuk ajdodlaring qoldirgan ilmiy meroslarni o’rgan. Kamlik qilsa unda bor. Aminmanki, uch bora olamga qayta tug’ilsa ham ota-bobolar ilmiy merosini oxiriga etkazib bo’lmas. Butun tarix davomida olam ahli bizdan kelib ilm o’rgangan. Ba’zan, yangi asr avlodi ilm izlab o’zga oqimlar yoxud madaniyatlar domiga ilinib qolyapti. Tushunish qiyin. O’zga oqimlarga qo’shilganlar o’sha ilm ortidan qo’liga qurol tutib uni o’z vatandoshlariga qarshi ko’tarmasliklariga hech kim kafolat berolmaydi... Har qanday oqimning missiyasi shundan iborat. Bu ham o’sha qudratli siyosatning tafakkurga otilgan o’qining bir ko’rinishidir.

Vatanni pulga sotmaydilar. Millatni pulga sotmaydilar. Shunday holat yuz bersa u inson chinakam vatanfurush, xoindir. Bunday insonlar kechirilmaydilar.

Davlatimiz siyosiy barqarorlik, iqtisodiy rivojlanish yo’lidan bormoqda... Hatto eng rivojlangan davlatda ham mehnat qilmaganga non yo’qdir. Bizga nima etishmayapti? Bozorlarimiz anqoning urug’igacha, jannatning mevalarigacha to’lib toshgan bo’lsa.

Qudratli maxfiy siyosatning asosiy ozuqasi bu- qaramlikdir.

U bag’rini ochib o’ljasining qornini to’yg’azadi va tafakkuran manqurtligidan ustalik bilan foydalanadi. Kerak bo’lsa o’zi chetda turib uni qurol sifatida qo’llab maqsadini amalga oshiradi.

Tafakkuri bo’sh insonga turli xil axborot informatsiyasini kiritish qulaydir. O’zligini anglamay, o’sha bo’shlikni ilmga to’ldirmay turib chetga ketgan insonlar uning domiga osongina ilinadilar. Shuning oqibatida o’z vatanlariga ommaviy madaniyat yoxud o’zga oqimlar falsafasini bir dasta gul misoli quchoqlab keladilar. Lekin ular bu guldastaning ichida o’z madaniyatiga, ma’naviyatiga, o’zligiga, milliy tafakkuriga zarba beruvchi maxfiy qurollar yashiringanini bilmaydilar, anglamaydilar. Ular ana shu gul iforidan haqiqat izlaydilar. Ular endi boshqa insonlar. Shu sabab o’zlari yashab turgan o’z vatanlariga nisbatan g’arazli niyatlari, jamiyatdan, davlat siyosatidan qoniqmaslik, millatiga nisbatan bepisandlik tuyg’ularini namoyon qila boshlaydilar. O’z vataniga sodiq qolmagan, o’zga madaniyat yoxud begona bir oqimni etaklab kelgan noshud vatandoshdan nima kutish mumkin?

Ular o’z vatanlariga vatan farzandi sifatida emas, aksincha missionerlar sifatida kirib keladilar desak, haq gapni aytgan bo’lamiz. Qudratli siyosatning eng maxfiy sirlaridan biri ana shu holatda namoyon bo’ladi.

Aslida tafakkuran manqurt insonni o’z millatiga qarshi qayrab o’tirish shart emas. Uning qornini to’yg’azilsa bas, o’zi xulosa chiqaradi. U haqiqatni faqat nafsda deb o’ylaydi. Qadriyatni qalbdan emas, qorindan axtaradi

U nafaqat o’zi yashab turgan jamiyatdan, balki nega shu erda tug’ilganman, degan fikr bilan hatto o’zidan nafratlanadi. O’z-o’zidan, vatanidan, millatidan mahrum bo’lgan insondan har qanday tajovuzkorlikni kutish mumkin.

Shunday ekan, millatimizni asrash, himoya qilishning yagona usuli bu tafakkuran o’zlikni anglashdir. Milliy g’urur, millat dardi bilan yashashdir

Vatandosh inson eng avvalo qaerda, qaysi makonda yashayotganini anglashi kerak. Uning tomirida kimlarning qoni oqmoqda, anglashi lozim. Bu vatan olam ilm taraqqiyotiga tamal toshi qo’ygan, buyuk allomalarni etishtirgan, cho’pni suqsang daraxt undiradigan , har qarichi oltin, bebaho va muqaddas zamindir. Shuning o’zi biz uchun g’urur emasmi?

Bizning g’ururli bo’lishimiz kerak, deb o’zimizni mashaqqatga undab millat uchun kurashmoq, milliy g’urur pritsiplarini kashf qilish haqida qayg’urib arosatda qolishimizga hojat bormi? Kechirasiz, sizdan hech narsa talab qilinmaydi. Chunki buyuk ajdodlar biz uchun, kelajak avlodlar uchun ming yilliklarga tatiguvchi g’ururni yaratib ketganlar.

Bizdan talab qilinadigan istak ana shu buyuk g’ururni asrab avaylashdir, unga sodiq qolishdir.

Anglamoq lozimki, buyuk ajdodlar ilmu-irfonlarini o’rganib ularning yaratib ketgan milliy g’ururlarini qalbimizda saqlamog’imiz va amal qilmog’imiz sharofati bilan, illo milliy o’zligimizni o’zga madaniyat va oqimlardan qalqon misoli himoyalaydi.

Nega biz buyuk ajdodlarning quvvatini tafakkurimizga singdira olmayapmiz? Nega ba’zi hollarda o’zga oqimlarga yoxud milliyligimizga yot bo’lgan madaniyatlarga ergashib ketyapmiz?

Kechirasiz, biz olam tafakkur taraqqiyotiga ulkan hissa qo’shgan ilm o’chog’ining aynan o’zida yashab turib buyuk ajdodlar ilmiy merosini davom ettirmoq maqsadida falsafa yaratsak qabul etmaydilar, aksincha tosh otadilar. Nega endi biz ularning qalamlaridan qonning hidi anqib turgan, qon bilan yozilgan ilmlarini o’rganishimiz kerak?...

Bir odam, -bizda davlat kuchli, xalq bir oz ortda qoldi, deb hasrat qildi. Men u insonga tushunmadim.

-Siz nima istayapsiz? Xalqimiz hecham kuchsiz emas. Keling, sizningcha xalq kuchli bo’lib davlat kuchsiz bo’lsa nima ro’y beradi? Davlat kuchsiz bo’lsa sizdaqa kuchlining o’zini ham, topgan boyligini ham o’zga davlatlar, kerak bo’lsa bir kunda talab ketadi. Siz shuni istaysizmi? Davlat kuchli bo’lsa bu sizning kafolatli himoyangiz emasmi?...

Agar biror inson adashib o’zga madaniyatga ergashib ketsa bu erda davlatning nima aybi bor? Har bir insonda avvalo milliy g’urur bo’lsa u qaerda bo’lmasin, kechirasiz, hatto ochidan o’lsa ham o’z g’ururini poymol qilmaydi. Vatanini, millatini sotmaydi. Millatiga, vataniga, eng keragi talvasali zamonda osoyishtaligini saqlab turgan davlatiga nisbatan g’arazli xayollarga berilmaydi. Ocharchilik zamonlarini sabr bilan enggan xalq bozorlarda mahsulotlar ko’pligidan oyoq qo’yishga joy topolmagan zamonda besabr bo’lamizmi?

Mard inson nafaqat o’z yurtida, balki o’zga yurtda ham mard bo’ladi. Ana shu tuyg’u milliy g’ururdir. Milliy g’ururi bor insonni hech qanday o’zga madaniyat chalg’ita olmaydi. U o’z millatiga sodiq qoladi. Agar bir millat ichida inson tafakkuriga o’zga madaniyatni singdirish borasida bir marta o’q otilsa, chetga chiqqan vatandoshning tafakkur o’rnidagi bo’shliqqa o’n marta otilishi mumkin.

To’ldirilgan chelakka ortiqcha suv quya olmaysiz, bo’shini esa oson va bemalol to’ldirasiz. Tafakkur bo’shlig’i ham shunday. Agar u milliy g’urur bilan to’ldirib ketilsa, dunyoning qaysi burchagiga bormasin va hatto jannat misoli diyorga tushib qolsa ham uni o’zgartirib bo’lmaydi. O’zligiga, o’z vataniga sodiq qoladi. Chunki uning tafakkuri milliy g’urur bilan to’ldirilgan, o’zga madaniyatni qabul qilolmaydi. Va agarkim, uning tafakkurida bo’shliq bo’lsa jannat yurtdan ketib urush o’chog’iga kirsa ham uni bo’sh turgan tafakkur o’rnini o’zlari istagan g’oyalar bilan to’ldirib o’zlariga og’diradilar. Shuning uchun ham tafakkuran bo’sh insonlar ko’proq hollarda tajovuzkor bo’ladilar.

Qo’yingki, tafakkuran bo’sh inson robort misolidir. Faqat uning boshqaruv pulti qo’lingizda bo’lsa bas. Pul't ataluvchi ana shu bo’shliqni milliy g’urur boshqarmasa, uni o’zgalar boshqaradi. Bu holat qullikdan o’zga hech narsa emas.

Maqsad nima? Maqsad dunyo mamlakatlarida siyosiy mojarolarning avj olayotgan bir pallasida ogohlikni yo’qotmaslik, millatimizni turli madaniyatlardan himoya qilish, milliy g’ururimizga mardona sodiq qolgan holda davlatimiz va millatimiz himoyasida turishdir.

Biz oddiy xalq sifatida oldimizda davlatimiz himoyasidan ko’proq ma’suliyat turibdi. Bu o’zlikni asrash va himoyalashdir. Agar biz milliy o’zligimizni qadrlab, ma’naviyatimizga daxldor xislatlarimizni asrab avaylasak, milliy urf-odatlarimizni, tarixiy qadriyatlarimizni, bebaho ilmiy meroslarimizni kelajak avlodlarga etkazib berish ma’suliyatiga sodiq qolsak, davlatimiz bunday yuksak qadriyatli millatimizni asrab avaylaydi va bu zaminda hali jannatning dunyoviy bir qiyofasini yaratadi.

Alhamdulilloh...

YANGILANISHLAR

MAHSULOTLAR

Media-mahsulotlar pochta orqali

SAYT XARITASI

STATISTIKA