TOIFALAR

QATRON

SHOGIRDLARNING SHARXLARI

NURSAFARDIYYA
ISH FAOLIYATI

QIDIRUV

HAMKORLAR

Ilohiy muhabbat

Muallif: So’fiy tabib Nursafardiy

Joylashtirish vaqti: 2015-11-30

Assalomu alaykum qadrdonim.

Men ilohiy ilm shaydosi Tangri  ishqida uning jamoliga oshufta bir qalb fano olamining omonat bir olamidirman. Kamina moziydan hatlab kelajakdan keldimmi yoxud kelajakdan qaytib  moziy qa’ridan chiqib keldimmi, vujudim yashab turgan davr sahnasida ilmimni anglamaslar. Tangri taoloning kaminaga marhamat qilgan ilohiy ne’mat sifatidagi ilmiy, laduniy,  falsafiy ilmlari kelajakka daxldormi yoxud moziy qa’rining uyg’otilgan mukammal ilmlar silsilasining taraqqiyot davriga  noxosligimi anglamasman.  Men ishq olamida tug’ilgan bir ishqi devonadirmanki, Tangri  ibodatidan yiroq yurgan, qalbi shuurlari dunyoviy nafs  zanjirida asir qullar, ajdodlarning zikriy quvvatlarini uyg’otib Tangrining inoyati ila komillik va mukammallik falsafasiga asos solganimni  his qilolmaslar... Balkim, ilohiy ibodat ummoniga cho’kkanim boisi bilan dunyoviy ishtiyoq istaklaridan yiroq ketganim sababidan dunyoning o’tkinchi hissiyotlarini men his qilmayotgandirman… Men anglashimcha, holatimning mag’zida charx urayotgan hissiyotlarning barchasi dunyoviy amaliyotdan yiroqqa o’xshaydi. Sababini tushunish qiyin emas. Nazarimda inson xili koinot sarhadlarini qamrab oluvchi buyuk tafakkur sohibiga aylanib cheksiz olamlarning istalgan sarhadlariga sayr qilib kelguchi imkoniyatga ega. Mening ilohiy ibodatim bilan dunyoviy rohat, yashash ilinjidagi jannatiy sharoitlar, faqat fanoviy lazzat ila yashayotganlar orasida koinot sarhadlaricha farq borga o’xshaydi. Chunki olami fanoda yashayotgan dunyoviy tafakkur sohiblari zamin uzra nimaiki unsur bo’lsa dunyoviy taraqqiyot  amaliyotida qo’llab, fanoviy jannat ilinjiga tushgan bo’lsalar kamina olami fanodagi dunyoviy tafakkurdan yiroqlab ilohiy tafakkur sarhadlariga chiqib bordim. Demak,  masalaga oydinlik kiritmoqchi bo’lsak, dunyoviy taraqqiyot tafakkuri zamin unsurlari ichiga kirib borib o’tkinchi olam uzra yuksak taraqqiyot nashidalarini namoyon qilgan bo’lsalar, kamina dunyoviy unsurlar zamiriga emas, o’zimning, ya’ni insonning o’zidagi tafakkur chegaralariga  kirib bordim.

Mening ilohiy ibodatim samarasi ila insoniy tafakkurning  holatimdagi namoyonligi avvalo nimani anglatdi?

Angladimki, insoniyatning o’zidan tashqaridagi har qanday dunyoviy kashfiyoti, fanoviy unsurlar sababidagi har qanday yuksak taraqqiyoti  olamning asl qonuniyatini o’zgartira  olmaydi. Aksincha, davrlar o’tib insoniyat o’zi kashf qilgan dunyoviy unsurlar taraqqiyotining salbiy holatlari insoniyatning o’ziga qarshi qurol bo’lishi  hali taraqqiyotning ikkinchi asridayoq ma’lum bo’lib qoldi.

Tafakkurning chegaralari cheklanmagan. Shuning uchun ham tafakkur ilohiydir. Va aynan tafakkur ilohiy bo’lgani uchun ham uning sarhadlari chegarasizdir. Tafakkur degan quvvat tuyg’usi ilohiy ne’matdir.  Insonning insoniy kashfiyoti ilohiyotdan boshlanadi. Tafakkurning uyg’onishi ibodat bo’lsa oxiri quvvatdir. Tafakkur ilohiy nurga ilohiy ibodat orqali erishadi va insoniy kashfiyotning eng yuqori darajalarida uni Tangri huzuriga yaqinlashtiradi. Inson hali tirikligidayoq  o’zidan tashqari holatda yashash qobiliyatiga ega bo’lsagina  ilohiy ibodatning samarasi namoyon bo’ladi. Ya’ni u tafakkuran nafaqat fanoning istalgan burchagida, balki cheksiz samolarning olis galaktikalariga sayr qilish, axborot yig’ish qobiliyatiga ega bo’ladi.

Insoniyat xilida ilmning uch xil manbasi berilgan. Ulardan ikkitasi dunyoviy bo’lsa, bittasi ilohiydir. Dunyoviy ilmning birinchisi ilmi kasbiydir. Ya’ni inson o’zi ilm istab istagan kasbiga ega bo’lishi mumkin. Dunyoviy ilmning ikkinchisi ilmi xuniydir, ya’ni qondan qonga, avloddan avlodga o’tib keluvchi ilmdir, kasbdir.  Uchinchi ilm dunyoviy manbalarga asoslanmagan  ilmi laduniy ilmi bo’lib, uni Tangrining o’zi istagan insoniga yuqoridan tortiq etadi.

Dunyoviy ilmlar insonning vujudan yashashi ilmi laduniy sarhadlariga chiqib borishi uchun berilgan imkoniyatdir. Nazarimda insoniyat xili mana shu ikki ilm bilan to’xtab qolishi noto’g’ri. Aminmanki, agar inson o’zligini anglash ilinjida ilohiy ibodat doirasiga kirsa, u albatta ilmi laduniy  marhamatiga sazovor bo’ladi. Anglamoq lozimki, ibodat olamida turgan insonga Tangrining marhamati cheksizdir. Demak, insoniyat Tangrining marhamatini kutmasdan o’zi unga intilib borsa, ilmi laduniy marhamatiga musharraf bo’ladi.

Tafakkur shundayin buyuk ne’matdir. Tafakkur ichidagi birinchi ko’rinish bu xotirjamlikdir. Xotirjam inson fanoning tashvishlaridan yiroqdir. U o’z yashab turgan olamida unga berilgan umrini sabr bilan o’tkazadi. Dunyoviy g’am-tashvishlardan qayg’urmaydi. Chunki olami fanoning g’am-alamlari ham, aysh- ishrati ham o’tkinchidir. Eng asosiysi, unga oldinda buyuk bir ne’mat, ilohiy jamol  Tangrining huzuridagi jannatiy rohat turibdi. Ana shu jannatiy rohatga olib boruvchi yo’l ilohiy ibodatlar samarasi bilan namoyon bulgan tafakkurning  boqiy xilqatidir.

Men ana shu xilqat ichida yashamoqdaman. Mening fanoning o’tkinchi karvonida borligimning ham yo’qligimning ham ahamiyati yo’q. Garchi men vujudan fano olamining o’tkinchi  bekatida bir zum to’xtab turgan bo’lsamda, tafakkurim xilqatlari cheksiz gallaktikalardan ham olislab ketgan. Men deyarli manzildaman. Men tafakkuran  Uning quvvatiga qo’shilib ketganimni har daqiqa his qilaman. Chunki mening har bir harakatim ibodatdir.

Tangri abadiyatdir. Inson abadiyatga qaytmog’i uchun ilohiy ibodat yo’lida tafakkurini uyg’otmog’i va uning samarasi ila ilohiy jalolga va Uning beqiyos jamoliga intilib bormog’i lozimdir.

Buning uchun insonga dunyoviy aysh-ishrat emas, tafakkur sarhadlariga yo’l ochuvchi mashaqqatli mukammal ilm kerak.

Kamina insonlarni insoniy qiyofalarida namoyon bo’lib saodat topmoqlarini juda istayman. Dunyoviy nafs to’riga ilinib aysh-ishrat saroylarida umrlarini o’tkazib hayotlari so’ngida arosatda qolgan ojizlarni ko’rsam rahmim keladi. Men insonlarni o’zliklarini anglab o’tkinchi olamning mohiyatini tushunishlarini, haqiqat ilmi bilan saodat topishlarini chin dildan istardim.

Shu sabab, bilmadim, asrlar osha moziy qayrida mudroq yotgan buyuk ustozlar, aziz ajdodlar ilohiy quvvatini ilohiy ibodatim birla uyg’otib so’fiylik tariqatiga asos solgan bo’lsam ajabmas.

Agarkim, ilohiy bir ne’mat ila Tangrining marhamati bo’lmish ilmi laduniy  nurlaridan bahramand  bo’lgan tafakkurim ilohiy bir falsafaga asos  solgani bilan uni anglamoq tushunchasidan yiroq bo’lsalar, zinhor taajjubga tushmasman. Illo,  asrlar osha sukunat olamida sayr etgan ajdodlar quvvatining  so’fiylik maqomidagi ilm chashmalarini bugungi davr taraqqiyoti insoniyati ongi shuuriga uyg’otmoq mushkuldir .

Nazarimda tarixda yashab o’tgan so’fiy avliyolarning barchasining mashaqqati mening elkamga tushganga o’xshaydi. Nega deganda, moziyning musaffo davrlarida  taraqqiyotning  temiri bo’lgani bilan hali u mudroq edi. Shuning sababidan insonlarning ilmga bo’lgan ishtiyoqlari kuchli, ularning fikrlarini chalg’ituvchi hech qanday texnologik taraqqiyot  bo’lmagan. Ya’ni insoniy taraqqiyot birinchi o’rinda bo’lib ilmi toliblar ilm istab odamiylik qiyofasida hikmat durdonalarini terardilar. Shuning sababi bilan ham tarix buyukdir, tarix ilmdir, tarix o’zlik, madaniyat, ma’naviyatdir.

Taraqqiyot o’rgimchagi butun dunyoni to’r bilan o’rab tashlagan bir zamonlar keldikim, moziy qa’ridan chiqib kelgan ilohiy falsafalar ilmini  texnokratik taraqqiyot  mexanizmiga qorishib ketgan, taraqqiyot olami bilan chalg’ib yurgan  insonlar ongini ilmga undash cheksiz mashaqqat talab qilib qoldi.

Nobop taraqqiyot ongsizlar maktabiga aylanib qolmoqda. Nega? O’ylab ko’ring, manaman degan ilmga ega katta korxona rahbari ham agar kal»kulyator bo’lmasa hisob-kitobni bilmaydi. Nega korxona mahsulotini hisob-kitobi uning ongida emas. Mahsulot oldi-sottisi kal»kulyator orqali amalga oshiriladi. Chunki unda ilm yo’q. Hammasini texnika, taraqqiyot boshqaradi. Shundan anglasa bo’ladiki, tarixda yashagan karvonboshining ongidan ko’ra katta korxona rahbarining ongi past darajada. Chunki karvonboshi taraqqiyotsiz ham ikki ming tuyada olib ketilayotgan barcha mahsulotning ipidan ignasigacha hisobotiga ega bo’lgan. Ong mexanizmi mukammal ishlagan.

Tarix nimasi bilan buyuk?

Insoniy tafakkuri bilan buyukdir. Tarixdan insonlar o’z ustlaridan ishlaganlar, o’zliklarini kashf qilgan holda ilohiy ilmlar borasida bebaho xazinalar qoldirganlar. Milliy an’analar, madaniyat, qadriyatlar, donishmandlik hikmatlari barchasi tarixda yaratilgan.

« Biz taraqqiyot davrida insoniyat ma’naviyatiga daxldor hech narsa yaratmadik. Ma’naviyatni tarix yaratdi. Hozirgi zamon insoniyati temir taraqqiyoti rivojlangan asrlar oralig’ida  mudroq tafakkur sindromini boshidan kechirmoqda».

 Biz tarixiy udumlardan foydalanayapmiz, xolos. Tarix bilan cheklanib qoldik, xolos. Insoniy tafakkur  mexanizmi to’xtab qolgan. Biz tarixdan ozuqa olib yashayapmiz. Tarix bizning o’zligimizni namoyon qilib turibdi. Tarix bizni ushlab turibdi. O’z tarixini madaniyatini, ma’naviyatini unutib yuborgan Evropa hududlari taraqqiyotning chinakam quliga aylanib qoldi.

Tarix o’zlikdir. O’zlikni unutgan inson insoniylik qiyofasidan tashqaridadir. O’zlikni unutgan inson Tangrini unutadi. Inson doimiy ravishda insoniy taraqqiyot davrini boshidan kechirmog’i lozim.

Biz tarixni o’zlik deymiz. To’g’ri. Agar biz ajdodlar quvvatini yo’qotib qo’ysak, o’zligimizni yo’qotgan bo’lamiz. Bizning tomirimiz tarixdir. Bizni insoniylik qiyofamizni namoyon etib turgan, odamiylik  xislatlarimizni anglatib turgan tarixiy tomirimizni quritsak, aminmanki o’zimiz ham dunyoviy nafs qullariga aylanib yuksak ma’naviyatimizga putur etkazgan va ommaviy madaniyat asoratida qolib manqurtlik sindromiga yo’liqqan bo’lamiz.

Chunki aynan inson moziy an’analarini kelajakka etkazuvchi ko’prik misolidir. Insoniy taraqqiyotdan to’xtagan inson agar o’z tarixini ham unutsa u manqurtdir. Bugungi insoniyat xilini taraqqiyotning nobop mexanizmi chalg’itib qo’ydi. Ayniqsa, evrozonadagi tarixiy an’analarning barham topishi ularning yorqin kelajagidan dalolat emas. Bu holatning sabablari tarixiy ilmlarning unutilgani bo’lib agar taraqqiyot bo’lmasa yo’llaridan adashib qoladigan insonlarning sanog’i yo’qdir. Chin ma’noda ularni o’zlarini o’zlari emas, taraqqiyot boshqarmoqda.

Kamina taraqqiyotga zinhor qarshi emasman. Lekin aynan taraqqiyot ortidan insoniyatning manqurtga aylanib ilmdan yiroqlashib qolayotgani  insonni nafaqat o’ylantiradi, balki qayg’uga solib qo’ymoqda...

Texnokratik taraqqiyotning insoniyat tafakkur tarbiyasiga ta’siri  shu qadar aniq va ravshanki, bugungi insoniyat olamining ilmiy darajasini susaytirgani, ayniqsa evro hududda aks sado bermoqda.

Tafakkurning asl holati qanday. Ilohiy olamda ilohiyotdan kelgan va oxir-oqibat Ilohga qaytuvchi insoniyatning tafakkur darajasini ilg’or taraqqiyot  kashfiyotlari bilan o’lchab bo’lmaydi. Buning sababi shundan iboratki,  har qanday  texnokratik taraqqiyot faqatgina o’tkinchi fano qonuniyati bilan o’lchanadi. Keling, agar texnokratik taraqqiyot  koinot doirasidagi minglab gallaktikalarga etib borsa ham uning quvvati va yoyinki mo’’jizalari hech qachon Tangrining huzuriga olib borolmaydi.

Tangriga faqatgina ilohiy ilm va yuksak tafakkur bilan erishiladi.

Texnokratik taraqqiyot iinsoniyatning tafakkur tarbiyasiga ta’siri birinchi navbatda uning ilohiy olam bilan orasida kalin parda tortishidir. Nega? Chunki texnokratik taraqqiyotning har qanday yutug’i fakatgina dunyoviy qonuniyat bilan o’lchanadi. Fano olamining asl mohiyati esa baqo olamiga taradduddir. Bizning texnokratik taraqqiyotimiz esa insoniyatni saodat manzillariga olib borolmaydi. Insoniyatning texnokratik taraqqiyoti  aynan insoniyatning vaqtini o’g’irlashga qaratilgan  missiyadir. Shu sabab bilan ham texnokratik taraqqiyot bilan chalg’igan insoniyat insoniy taraqqiyotdan bir necha asrlar ortga qolib ketdi.

Kamina ilohiy ilmlar olamida yashadim. Bu olamni his qilmoqning o’zi ko’ngilga xotirjamlik bag’ishlaydi. Uning ichida yashamoq esa chinakam rohatdir. Insonlarning o’tkinchi olamdan rohat izlab  umrlarini xazon qilganlari insoniy  xislatga to’g’ri kelmaydi.  Bizning borar joyimiz aniq va tiniqdir. Biz o’sha borar joyimizga bir qop axlat emas,  mukammal ilm va saodat xazinalari bilan kirib borishimiz kerak.

Bizni Tangri kutmoqda. Bizning oyog’imizni kishanlagan nafsning lashkarlari  dunyoviy  rohatga  asir etganligi boisi bilan  fano olamidan tashqari olamni ko’rolmayapmiz.

Tafakkur kaliti qaerda. Tafakkur kaliti ibodatning ichida turibdi.  Qalban ibodat qilmoq kerak.

Inson nima? Taraqqiyot ortidan manqurtga aylandimi?

Inkor etish qiyin, dunyoviy taraqqiyot ortidan savlatlari olamga sig’magan rahbarlar, o’zini qobiliyatda yuksak sanaydigan, oldiga yaqinlashib bo’lmaydigan dunyoviy  to’ralar sanoqsiz. Lekin ularning  osmonga tik qarab yurishlari sababi taraqqiyot vajidan paydo bo’lgan soxta manmanlikdir.

Ilohiy falsafalar asosidagi ilmiy qarashlar insoniyatni avvalo odamiylik olamiga olib kirgaykim,  Tangri ne’mati bo’lmish bunday go’zal ilmning asl mohiyati donishmandlikdir.

Kamina donishmandlikka da’vogar emasman, illo insonlarni mukammallik va komillik darajalarini yuksaltirmoq bobidagi harakatlarim donishmandlikning bir tomchisidir. Mana shu tomchida cheksiz bir olam bor. Bu olamning chegarasi yo’qdir. Bu olam mukammaldir. Bu olam tubsiz ummon, sarhadsiz koinotdir. Ana shu olam ichida men yashayman.

Bismillahir rohmanir rohiym..

Dedimki, butun koinotlar sarvari Tangri taoloning mo’’jizasini bir tomchida ko’rdim. Bu tomchi suvdir, tuproqdir, havodir, olovdir jamlanmasi zamindir. Men anna shu zaminni samodan turib kuzataman. Uning muallaq bir holatini ushlab turgan ilohiy quvvatning bir tomchisida asl haqiqatni anglayman.

Mening tafakkurim zamin sarhadlariga sig’maydi. Mening tafakkurimning bir zarrasida butun galaktikalarning umumiy qiyofasi jamlangan. Men ilohiy ibodatim orqali tafakkurimni cheksiz sarhadlar osha bir soniya oralig’ida qilgan sayridan hosil bo’lgan  hayratimning  hududlari samolarga sig’may Tangrimning yaratgan mo’’jizalariga hamdu sanolar aytaman. Men tafakkurimni ilohiy ne’mat sifatida angladim.

Aminmanki,  odamiylik sifatlaridan uzib ilohiy ibodat sarhadlariga etgan insongina tafakkur ne’matiga musharraf bo’lgan holda Tangrining haqiqatiga erishadi.  Tangrining haqiqati qalbdadir. Qalb samo sarhadlaridan Tangrining buyuk marhamati bo’lgan ilohiy nurning qabul qiluvchi muqaddas manzildir. Qalb hissiyotdir, hisdir, tuyg’udir. Qalb tafakkur olamiga olib boruvchi ko’prikdir. Qalb Tangrining quvvatini, jalolini qabul qiluvchi makondir. Tafakkur Tangrining jamolini namoyon qiluvchi chashmadir. Qalb  oshiqni sevuvchi tafakkur, uning visoliga etkazuvchi ishqning eng yuksak darajasidir…

Agar inson umriboqiy bo’lganda ham jannat va do’zax haqiqatligi yolg’on bo’lganda ham men Tangrini sevgan bo’lardim. Odamlar bor-yo’g’i etmish-sakson yillik, daqiqalarga teng umrlari bilan o’zlarini,  Tangrini unutib yashaydilar. Boqiylik umr berilganida yaratuvchi tamoman unutilar edimi...

Men Tangrini qisqa umrim samarasi bilan emas,  Uning boqiyligi hakiqati bilan sevaman. Men Tangrini uning jannatidagi vujudan rohatim istagi ila emas,  Uning haqiqatligidagi tengsiz jamoliga etishmoq ilinji bilan sevaman. Men ilohiy ibodatim oynasida jannatning  mo’’jizalarga limmo-lim haroratni emas, Tangrimning beqiyos jamolini ko’rinmog’ini istayman.

Foniy olamida bir daqiqalik umrim samarasi Uning jamoliga intizorlik istagini bayon etar ekan, demakkim qalbim tubida paydo bo’lgan ilohiy nurning  fanoviy namoyon bo’lishi bu ilohiy karomatdir.

Men Tangrimdan keldim va Tangrimga qaytmoq istayman. Mening ibodatim samarasi jannat ilinji emasdir. Insonlar Tangridan kelib jannatga qaytmoq istaydilar. Mening fano olamidagi Tangriga bo’lgan ishqim va bu ishqim zamiridagi zikriy ibodatlarimning rohati jannat rohatidan kam emasdir. Men fano olamidagi bir daqiqalik umrim bilan na jannat istarman va na do’zax istarman. Mening jannatim, mening Tangriga bo’lgan buyuk muhabbatimdir. Mening do’zaxda yashaganim, mening fano olamida ezgulik ilmimni ko’rolmagan ba’zi bir ilmdan yiroq iblissifatlar bilan kurashmog’imdir…

Fano olami umrning qisqaligi bilan ikki sifatga bo’linadi. Fano aslida jannatga  yoki do’zaxga qo’yilgan birinchi qadamdir. Bu olami kubroda kimdir rohat ila do’zaxda, kimdir  mashaqqat birla jannatda  yashamoqda. Chunki fano olamining rohati oxirida  do’zax azobi bo’lsa uning mashaqqati  ortida jannat rohati yotadi. O’tkinchi bu fanoning qisqa umrida boylik ilinji bilan Tangrini unutib rohat ortidan quvganlar, fano olamining o’zida do’zax azobida yashaydilar. Ularning rohatlari sarobdir. Chunki vujudiy rohat boqiylik samarasini tortiq etmagay. Aksincha, ilohiy ibodat birla nafsidan yiroq ketib o’zini mashaqqat olamida bunyod etganlar abadiyatga daxldor bo’lib fano olamining o’zidayoq jannatda yashaydilar.

Jannat qaerda?

Insonlar ilohiy ibodatda Tangriga muhabbat birla fanoning o’zidayoq jannatda yashayotganlarini bilmaydilar.

Do’zax qaerda?

Insonlar fano olamining o’tkinchiligi anglaydilar, lekin nafslariga qullik qilib do’zaxda yashayotganlarini bilmaydilar.

Men ana shu ikki sifat mavjud fano olamida jannatda yashayotgan bo’lsam ham do’zax sifatlarini ko’rdim. Men ba’zi bir insonlar qiyofasida aynan do’zaxning  haqiqiy nishonasini ko’rdim.

Tangrisiz inson do’zaxiydir, ya’ni u aynan do’zaxning o’zidir.

Tangrini sevgan inson jannatiydir, ya’ni u jannatning o’zidir.

Biz jannat istab qaerga bormoqchimiz. Jannat  ham o’zimiz, do’zax ham o’zimiz. Fano olamida ikki sifatning qaysi bir yo’lidan bormog’i insonning o’ziga bog’liq.

Mening jannatda yashayotganimning  birinchi sifati, avvalo o’zligimni anglaganim bo’lsa ikkinchi sifati Tangriga bo’lgan buyuk muhabbatimdir. Agar insonlarda Tangri haqida tushuncha bo’lmaganda bizning hayvondan hech bir farqimiz qolmagan bo’lardi. Shunday bo’lsada, ba’zi bir insonlarning hayvondan farqi yo’qdir. Or-nomusi bo’lmagan, mehr-oqibatdan  yiroq odamning ongsiz hayvondan farqlab ko’ring-chi.

Tangri butun borliqni yaratdi. Insoniyatni yaratdi. Insoniyatni Tangri yaratgani uchun ham u Tangrining bir zarrasidir. Demak, unda ham yaratuvchilik qobiliyati mavjud. Shuning sababi bilan ham insonlar fano olamining o’zidayoq o’zlari uchun  yo jannatni yo do’zaxni yaratadilar. Demak, inson o’zida yaratuvchanlik qobiliyati bor ekan, u nimani yaratdi…

Yaratuvchanlik nimadan boshlanmog’i lozim?

Agarkim inson yaratuvchanlikni o’zidan boshlamas ekan, uning hayvondan farqi yo’qdir. Tangri taolo insoniyatga uning yaratuvchanlik mexanizmini to’la-to’kis bergandir. Inson nimani yaratadi? Tangri unga ongni bergan, tafakkurni bergan, insoniylik xislatlarida nimaiki bo’lsa hammasi insonning imon ixtiyoridadir. Faqat bunday mexanizmni ishga tushirmoq lozim. Inson avvalo odamiylikni yaratish kerak. Ilohiy ne’matlarning eng sodda va yumshoq ko’rinishi, ya’ni odamiylikka qo’yiladigan birinchi qadam, bu vijdon amridir. Aqlu farosat, odob-axloq, mehr-oqibat, saxovat bu odamiylikning namoyon qiladigan  birinchi xislatlardir.

Men omonat olamning shunday bir insonimanki, menga bu olami fanoning na ayshu-ishrati va na amali kerak. Aslida mening ishqim Tangri jamoliga  qaratilgan buyuk bir muhabbatga o’xshaydi. Kamina dunyoviy istaklardan kechganim bilan xalq orasida, muqaddas vatanim bag’rida yashashim barobarida insonlarga insoniy xislatlarga yo’g’rilgan hikmat durdonalarini tortiq etgim keladi. Kamina oddiy inson sifatida dunyoda kechayotgan turli xil mojaro va ommaviy madaniyatga o’xshagan o’zga udumlar soyasidan xavotirga tushib xalqimizni ogohlikka chorlagim keladi. Biz millatimizni himoya qilmog’imiz o’z madaniyatimiz va ma’naviyatimizni asrab qolmog’imiz uchun avvalo o’zligimizni anglashimiz kerak.

Mening ilohiy ilm yo’lidagi ibodatim o’zimning saodatga erishmog’imga sababdir, lekin xalqimiz orasida tortiq etgan donishmandlik hikmatlarim millatimiz yo’lidagi beminnat xizmatdir va agar ular mening hikmatlarim samarasidan bir chimdim saodat topib  millat yo’lida xizmatda tursalar, ularning saodatidir. Xalq yo’lida xizmat bu saodatning birinchi ko’rinishidir.

Kamina ustoz sifatida insoniylik xislatlarini yuksaltiruvchi, insoniy mukammallik sarhadlariga olib boruvchi, odamiylikning komillik saltanatida uning go’zal qiyofasini namoyon ettiruvchi, o’zlik nishonalarini anglatib tafakkur darajasini yuksaltiruvchi falsafiy bir maktabga asos solganimga ko’p yillar bo’ldi. Ne ajabki, bunday komillik maktabiga ilm istab o’zlik durdonalarini termoq istaganlar sanoqsizdir, lekin  bunday durdonadan bahramand bo’lmoqqa jur’at etolmaydilar. Chunki falsafiy qarashlarim zamirida ilohiy ibodatning nafasi mavjud. Lekin bu nafasda hech qanday diniy oqimning  na aloqasi va na o’zi bor. Mening ilmim tariqatdir. So’fiylik tariqatidir. So’fiylik tariqati donishmandlikdir. So’fiylik tariqati bu chinakam insoniylik, xalqparvarlik, millatparvarlikdir. Tarixda yashab o’tgan so’fiy avliyolar millat yo’lida jonlarini qurbon qilganlar. Bunga misol Najmiddir Kubrodir. Biz buyuk ustozlar yo’lidamiz. 

Men mukammal bir falsafaga asos soldim. Bu holatni chinakam ilohiy ne’mat sifatida qadrlayman. Lekin insoniylik maktabiga asos solganim ba’zi bir insonlar ochig’i amaldorlar nazarida diniy bir oqim sifatida ko’ringani boisi bilan ancha to’siqlarni engib o’tishga to’g’ri keldi. Lekin men o’z vatanimda cheksiz ilmiy falsafiy xazina turib o’zga vatanga ketishni hecham istamayman. O’z yurtimning ilohiy-ilmiy xazinalarini tashlab ketmayman. Nima bo’lsa o’zimdan o’rganaman. Kaminaga o’zga diyorning ilmlari kerak emas. Va men o’z yurtimni tashlab o’z vatanimdagi ilohiy ilmlar xazinasini o’zga yurtlarga sotmoqchi ham emasman.  Men o’z yurtim ilohiy ilmini ustoz sifatida o’z millatimga beraman. Ularning komilligi yo’lida, vatanparvarligi, xalqparvarligi, millatparvarligi yo’lida mardona turishlari uchun xizmat qilaman.

Bizning millatparvarlik, xalqparvarlik, millatparvarlik yo’limizda dinning hech qanday aloqasi yo’qdir. Kamina yaratgan donishmandlik maktabining davlatimizga ham, xalqimizga ham foydasi teksa tegar, illo zarari tegmagay. Biz shariat yo’lida ibodat qilamiz, tariqat yo’lida zikrimizni kanda qilmasak, davlat yo’lida, xalq yo’lida, millatimiz yo’lida xizmatimizni ayamaymiz. Biz barchaga barobarmiz. Chunki biz bir shariat, bir tariqat, bir xalq, bir millat va bir davlatmiz. Biz bir vatanda yashaymiz. Biz bir-birimizni himoya qilamiz. Madaniyatimizni, ma’naviyatimizni, o’zligimizni, millatimizni osoyishta davlatimizni hamisha asrab avaylaymiz. Millatimizning quvvati ham qudrati, ham birlikda. Biz bir yoqadan bosh chiqaramiz. Biz o’zga ilmlar, o’zga oqimlar ortidan ergashmaymiz. O’zga oqimlarga ergashganlar xato qiladilar. Chunki ilohiy ilmning asosi bizning zaminimizdadir. Biz o’z ilmimizni o’rganamiz. Buyuk ajdodlarimiz izlaridan borib ularning ajdodiy quvvatlarini uyg’otib ilohiy saodat yo’lida o’z saodatimizga erishamiz. 

Alhamdilillohi Robbil A’lamin...

YANGILANISHLAR

MAHSULOTLAR

Media-mahsulotlar pochta orqali

SAYT XARITASI

STATISTIKA