TOIFALAR

QATRON

SHOGIRDLARNING SHARXLARI

NURSAFARDIYYA
ISH FAOLIYATI

QIDIRUV

HAMKORLAR

Ozbek millati ayrim vakillaridagi psixologik, axloqiy va fahm-farosat (ichki madaniyat) tushunchalariga taqriziy nazar

Muallif: Sofiy tabib Nursafardiy

Joylashtirish vaqti: 2015-08-20

Assalomu alaykum qadrdon millatdoshim.

Kamina anglab turibmanki, siz buyuk bir millatning kelajagi yorqin avlodi ekaningizdan faxrlanib turibsiz. Va siz bunga haqlisiz. Agar psixologik nuqtai nazar bilan olamda yashayotgan butun millatlarning fundamental kelib chiqishi va hozirgi zamonda tutgan o’rni bilan qiyoslab xoh ilmiy, xoh madaniy, ma’rifiy va yoxud milliy an’analari, tarixiy urf-odatlari bilan bizning millatimiz shajarasini taqqoslab ko’rsangiz, anglaysizki, bizdek buyuk va qudratli millat olamda yo’qdir. Amin bo’ling va shubhaga asos yo’qdir. Sizkim, dunyoviy texnik, texnologik taraqqiyot bilan insoniyatning qadr-qimmatini o’lchaydigan bo’lsangiz, albatta xatoga yo’l qo’ygan bo’lasiz. Nega deganda olam sahnida o’tkinchi bir vaqt tizimi oralig’ida yashab o’tayotgan insonlar uchun insoniylik tuyg’ularidan o’zga buyuk ne’mat yo’qdir. Bunday bebaho tuyg’ular inson qonida aylanib turgan millati qadrini yuksaltiradi. Uning millati milliy an’analari tarixiy udumlarini asrab avaylaydi. Kamina taraqqiyotni qoralamoqchi emasman. Chunki taraqqiyot jabhalarida yuz berayotgan kashfiyotlar insoniyat hayot tarzini bir tomonlama engillashtirdi. Dunyoviy taraqqiyotning asosida biznesdan o’zga narsani topish qiyinroqdir. Biznes negizidagi barcha istaklar nafsdan o’zga narsa emas. Nafs esa o’z o’rnida birinchi navbatda ommaviy madaniyatga yo’l ochadi, ikkinchidan milliy an’analar tarixiga soya tashlaydi. Nega? Chunki insondagi insoniylik tuyg’ularining yo’qolishiga asosiy sabab bo’luvchi bu nafsdir.

Ishoning, biz chin ma’noda notinch zamonda yashayapmiz. Olamga nigoh tashlang, taraqqiyot olamida millatlar orasidagi har qanday tanazzul yaxshi oqibatlarga olib kelmaydi. Uning oqibatlari osuda yashayotgan osmoni musaffo vatanga ta’sir qilmasligiga hech kim kafolat bera olmaydi.

Tangriga shukrlar bo’lsinkim, biz ozod va obod vatanda yashayapmiz. G’alaba bizniki. Lekin g’alabaga erishmoq osondir, ammo uni ushlab turish mushkulligini har bir vatan farzandi anglamog’i lozimdir. Biz ozod yurtda yashamoqdamiz, deb beparvo bo’lsak, tarixiy qadriyatlarimizga bepisand qarasak, milliy qadriyatlarimizni unutib ommaviy madaniyatlarga ergashib ketsak, anglangki, biz sezdirmagan holatda ana shu buyuk g’alabamizni boy berib qo’yamiz.

Kamina ilohiy bir ishqqa oshno bo’lib Tangri jamoliga intilgan so’fiyman. Mening ibodat olamiga kirib borishim bilan elkamdagi xalqimiz, millatimiz dardi og’irlashib boraveradi. Shundan anglaymanki, Tangri millatlarni alohida-alohida qilib yaratib kimningdir elkasiga uning haqiqatini yuklab qo’yarkan. Men ustozman. Men ibodat kishisiman. Mening dardim millatdir. O’tkinchi olamda amal talashmadik, qadr talashdik. Milliy madaniyatimizni, azaliy qadriyatlarimizni, ilmiy meroslarimizni asraylik, deya kuyindik. Davlatimiz qudratini jahonga ko’z-ko’z qilayotgan yuksak lavozimli shogirdlarimizdan nasihatlarimizni ayamadik. Bu vatanda xalq bitta, millat bitta, davlat bitta, siyosat va iqtisod bitta. Istaymizmi yo’qmi, bu birlik asosida bo’linish hech qachon sodir bo’lmasligi kerak. Biz buyuk millat vakillari buyukligimizni hamisha asrab qolmog’imiz lozimdir.

Kechirasiz, mabodo siz taraqqiyot ortidan yo’rg’alab ketgan davlatlarga havas qilib haqiqat izlab ketsangiz siz haqiqatni yo’qotasiz. Siz Amerikani orzu qildingiz. Amerika mustaqilligining yigirma uch yilligini bir yodga oling. Qullik davri hukmron edi. Negr bo’lsa ham inson. Inson qadri toptalgan zamon edi. Oq tanli ochlarning ham sanog’i yo’q edi. Amerika yarim asrdan so’nggina Amerika bo’ldi va hamon Amerika.

Bizning yigirma uch yillik davrimizni misoliga qarang. Amerikaning yigirma uch yillik taraqqiyot davridan o’tib ketmadikmi? Endi angladingizmi, millatimizning buyukligini. Hali bu holva. Agar taraqqiyot ortidan ketgan davlatlar tarixidan tortib taraqqiyotigacha hammasini ishlatib tugatib qo’ygan bo’lsa bizning xazinamizning eshigi xali ochilgani yo’q.

Bizning ilmiy iqtisodiy, madaniy ma’rifiy, tarixiy tafakkur xazinalarimiz hali ochilgan emas. Shuncha xazinani tashlab siz qayoqqa ketayapsiz?

Agar siz taraqqiyot bilan rivojlangan davlatlarga havas qilib ketsangiz bo’m-bo’sh xazinaga borasiz. Chunki u xazinalar nobop taraqqiyot ortidan talab bo’lingan. U yoqda tarix unutilgan, falsafa unutilgan, madaniyat, ma’naviyat unutilgan. Siz u yoqda biznesdan o’zgasini topmaysiz. Nafsdan o’zgasini topmaysiz. Va agar urinishlaringiz zoe ketib biznes topmasangiz siz sariq chaqalik odam emassiz. Yo, gaplarimga e’tirozingiz bormi? Shunday ekan, siz o’zingizni tashlab qayoqqa ketayapsiz, millatingizni milliy madaniyatingizni tashlab qayoqqa ketayapsiz?

Siz vatan uchun keraksiz.

Avvalo, o’zim shunday buyuk vatanda tug’ilganimdan faxrlanaman. Siz ham faxrlanasizmi? Kamina hamisha bir narsadan achinaman. Biz chin ma’noda o’zimizni asrab qola oldik, lekin o’zligimizni asrab qola olmayapmiz. Biz fundamental asosda o’zimizni asradik, milliy madaniyatimizni, azaliy qadriyatlarimizni tiklab o’zbekona mentalitetga asosan bunyodkorlik, me’morchilik san’atini yuksaltirdik. Anglamoq lozimki, agar biz o’zligimizni asrab o’zimizni asrab qololmasak, bizning bunyodkorligimiz qo’g’irchoqqa o’xshab qoladi. Mana davlatimiz hammasini qurib qo’ydi. Sizga ko’rkam shahar kerakmi, tarixiy obidalar kerakmi, machitlar kerakmi, marhamat. Davlatimiz ko’rkam obidalarni, muhtasham saroylarni millatimiz shon-shuhrati uchun qurib qo’ymadimi? Nima bu ko’rgazmami? Davlat hammasini qurib qo’ysa-yu, biz xalq bo’lib uni qadriga etmasak, o’zimizni unutib qo’ysak, qanday millat bo’ldik. Agar biz o’zimizni asramasak, o’zimizga o’xshatib qo’yganlarimiz yuzakilikka o’xshab qolmaydimi?

Xo’sh, o’zimiz nima?

O’zimiz bu g’urur, millat sha’ni, or-nomusi. Qonimizda aylanayotgan mentalitet. Milliylik. Milliy urf- odatlarimizga hamisha amal qilishimiz. O’zbekistonda millat millatga xos tarzda yashashi kerak. Agar biz milliy mentalitetdan bir oz bo’lsada yiroqlashsak, genetikamizda soxta madaniyatlar aralashsa, bilingki, bu yurtning qudratining ichi bo’sh bo’lib qoladi. Yana anglamoq lozimki, shu vatanda yashayotgan o’zbekmi qozoqmi, tojikmi, rusmi, buning ahamiyati yo’q. Shu vatanda tug’ilgan insonlar bitta millatdir. Shu vatanda kindik qoni to’kilgan insonlarning qoni bittadir. Vatan bittadir, millatidan qat’iy nazar millat bittadir, O’zbekistondir. O’zbekiston millatdir, millat O’zbekistondir.

Biz dunyo ilmiy taraqqiyotida hali ming yillar ildamligimizcha qolamiz. Chunki bizning ilmiy meroslarimiz xazinasining yuzdan biri ochilgani emas. Bizning ortimizda buyuk qudratimiz turibdi. Millatimizning qudratli ekanidan dalolat shudir. Sizkim, o’z millatingiz negizida turgan ilmiy xazinaning mohiyatini anglay olmaganingiz uchun ham o’zga davlatlar taraqqiyotiga havas bilan boqib o’zingizni nochor his qilayotgan bo’lishingiz mumkin. Kechirasiz, buyuklik hammaga ham nasib etavermaydi. O’zga davlatlarning qudrati faqat taraqqiyot ortidan. Bizning qudratimiz ilm ortidan. Har qanday ilg’or taraqqiyotning ichi bo’sh bo’lishi mumkin. Nobop taraqqiyotning hozirgi zamondagi ba’zi halokatli oqibatlaridan o’zingiz yaxshigina xabardorsiz. Ilmiy xazinalari cheksiz bo’lgan millat qudratlimi yoxud butun insoniyatni ham ekologik va ham harbiy yoxud iqtisodiy goho siyosiy inqirozga ro’paro’ qilayotgan davlatlar qudratlimi?

Bizda mentalitet kuchli, milliy qadriyatlarimiz musaffo, ilmiy xazinalarimiz bebaho, milliy madaniyatimiz tengsiz, buyuk ajdodlarimizning ilohiy quvvatlari uyg’oq yuksak ma’naviyatli millatmiz.

Siz qoningizdagi buyuklikni anglang. O’shanda o’z millatingizga nisbatan baho berish qobiliyatiga ega bo’lasiz. O’shanda siz oldingizda bug’doy turib somon izlab ketayotganingizni anglaysiz...

Inson xili shunaqa ekanda. Biroz qiynalib qolsa o’z vatanini tashlab o’zga yurtlarga yoki boylik izlab ketadi yoxud falsafa izlab ketadi. Biz ko’z oldimizdagi buyuk xazinalarni ko’ra olmay o’z qadriyatlarimizni toptab qayoqqa ketamiz. Biz boylik izlab, taraqqiyot izlab taraqqiyoti ildam davlatlarga ketaversak, vatanda buyuk kelajakni kim ko’radi. Biz o’zga madaniyat, keling ommaviy madaniyat istab cho’ntakdagi pullarni qoplab xorijda hashamatli saroylarni sotib olsak, chet mamlakatlar odatiga moslashib yarim yalang’och dengizlar bo’yida hordiq chiqarib yursak yoxud o’zga millatlar qo’lida qullar singari ishlab milliy qadrimizni tushirib yursak bu erda, Vatanda buyuk kelajakni kim quradi?...

Insoniy taraqqiyot negizi ilmda. Texnokratik taraqqiyot insoniyatning tafakkur tomiriga bolta urgani haqiqat. Agar siz texnokratik taraqqiyot ostonasidan turib bundoq qarasangiz yuzingizga ommaviy madaniyatning shamoli tegadi. Millatlar ustida qora soya tashlab turgan mana shunday epidemik xastalik juda xavflidir. Bizning milliy qudratimizni falaj holatga keltiradigan, milliy madaniyatimizni, tarixiy qadriyatlarimizni ustiga parda tortadigan ushbu xastalik ming yillik o’zligimizni, birligimizni parokandalikka yuz tuttirmasligiga hech kim kafolat bera olmaydi. Biz o’z kamchiliklarimiz sababidan nega davlatni ayblashimiz kerak. Hukumat rahbarlari jahon taraqqiyoti bilan tenglashishga harakat qilsa, milliy qudratimizni, iqtisodiy, siyosiy rivojlanayotganini o’zga davlatlarga ko’z-ko’z qilib hech kimdan kam emasligimizni isbotlab tursa biz davlatdan boqimandalik sifatida nima so’rashimiz kerak. Haet nimadan iborat? Kurashdan iborat, mehnatdan iborat, rohatdan iborat. Bizda mehnat bor, rohat bor, lekin kurash yo’q. Biz ilm o’rganmasdan chet elga shoshamiz. Shoshganimiz bizga qullikni tortiq qiladi. Bizda kurash yo’q. Biz milliy g’urur uchun nega kurashmaymiz? Millat sha’nini pulga sotmaslik kerak. O’zbekistonda hamma sharoitlar bor. Darvozalar ochiq. Sizning ketishingizga hech kim to’sqinlik qilgani emas. Faqat g’urursiz ketmaslik kerak. Qaerda bo’lsangiz millat sha’ni, millat g’ururi bilan yashamoq lozim...

Vatanimizning buyukligi nimada. Buyuklik bu ulug’vorlikdir. Ulug’vorlikda esa mustahkam tomir bo’ladi. Bizning tomirimiz baquvvat. Tarixga bir nazar tashlang. Ajdodlarimiz qanday insonlar bo’lishgan. Osmonni zabt etgan mirzo Ulug’bek. Zaminni teng yarmiga hukmronlik qilgan Amir Temur, Chingizxonga qarshi mardlik matonatini ko’rsatgan Jaloliddin, Shiroq, To’maris, Bobur Mirzo. Bu yurtdan ne sarkardalar etishib chiqmadi. Olimu fuzalolarning sanog’i yo’qdir, ilohiy ilm donishmandlarining sanog’i yo’qdir.

Biz tarixga suyanib o’zimizni buyuk demoqqa o’rganib ham qoldik. Biz o’zimizni buyuk millat deymiz. Lekin buyukligimiz parda ortida qolib ketayapti. Kechirasiz-u biz tariximizni buyukligi bilan ko’krak kerib yuribmiz. Bizda yangi zamon millatida buyuklikning qaysi jihatini ko’rdik? O’tgan yuz yillikda olamshumul nima yuz berdi. Biz dunyoni lol qoldiradigan nima kashf qildik? Buyuklik kamarini ushlab turish osonmi? Ilmdan yiroq ketsak, manmanlik, maishatbozlikka berilsak, boylikka mukkasidan ketsak buyukligimiz qaerda qoladi. Buyuklik kamarini ushlab qolish uchun ilmiy kashfiyotlar qilmoq kerakmi yoki sobiq buyuklarning sustlashgan avlodi bo’lib qolamizmi?

Demak, buyuklik tarixda ekan, biz ana shu tarixga murojaat qilib ajdodlar quvvatini uyg’otmog’imiz lozim. Bu holat insoniylikni yuksaltirib ilmga qaytish, ya’ni tafakkur mexanizmini ishga tushirish ma’nosini anglatadi. Toki millatimiz genetikasida ajdodlar quvvati uyg’otilmasa biz chinakam mukammal millat bo’lolmaymiz.

Biz o’zga davlatlar taraqqiyoti ortidagi shohona hayotga havas qilmay qo’ya qolaylik. O’zimizda havasga arzigulik manbaalar juda ko’p. Xazina oyog’imiz ostida turibdi. Faqat uni tafakkur chirog’i bilan yoritsakgina topamiz.

Aslida millatimiz mard va jasur, o’z o’rnida ochiq ko’ngil, mehmondo’st, kamtarin millatdir. Bunaqa xosiyatli millatni dunyoni ellikdan oshiq davlatida bo’lib ko’rmaganman. Lekin taraqqiyot ta’sirimi yoxud nafsning g’olib kelishimi, ba’zi millatdoshlarimizning millatimizga nisbatan bepisandligini ma’naviy ko’rlik oqibati deb bilaman. O’z millatdoshini pisanda qilmaslik, milliy qadriyatlarini unutib ommaviy madaniyat ortidan ergashib ketishi, milliy liboslardan voz kechib evro usulda kiyinishi uning o’z millatidan chiqib ketishi xavfini anglatadi.

Anglamoq lozimki, Olloh tomonidan berilgan genetik yo’ldan chiqib ketish va g’arbiy genetik jarayonga qo’shilish istagi oqibati millatni parokandalikka olib keladi. Ya’ni genetik holatdan chiqish oqibatida o’zga genetikaga kirolmaslik insonni vakum holatga tushiradi. Inson o’z genetikasidan ixtiyoriy ravishda kechib o’zga yurtlarda o’zga millatlar madaniyatini o’ziga madaniyat qilmoqchi bo’ladi. Ammo o’zga madaniyat o’zga millatni qabul qilolmagach u inson ham o’zligidan ayrilib ham o’zga madaniyatga kirolmay arosatda qoladi. Vatangado termini ana shunday insonlarga nisbatan aytiladi.

Xo’sh, ommaviy madaniyat, g’arb taraqqiyoti ortidagi soxta jannat istab o’zligini unutayotgan insonlar o’z vatanlariga sodiq qolmog’i uchun nima qilmoq kerak.

Avvalo, o’tgan ajdodlar ruhlarini shod aylamoq, ularni hurmat bilan tilga olmoq lozim. Milliy genetikani uyg’otmoq uchun ajdodlar qilgan ijobiy amallarni davom ettirmoq kerak. Ilohiy zikrni ham tilda, ham dilda kuchaytirmoq kerak. Ibodatni susaytirmaslik kerak. Tafakkurda mudroq yotgan ilmga yuz burib ana shu genetikani qayta uyg’otmoq lozim.

Nima dedingiz? Taraqqiyot shiddat bilan rivojlanayotgan davrda, pul topish uchun vaqt tig’iz bo’lsa-yu ibodatga balo bormi, dedingizmi?

Ibodatda rohat bor, qadrdon. Siz topgan boyligingizni narigi dunyoga ko’tarib ketolmaysiz. Ibodat degani kechayu kunduz joynamoz ustida o’tirib ibodat qilish degani emas. Halol mehnat ham ibodatdir. Saxiylik ibodatdir, saxovat ibodatdir. Chin insoniylik, o’zlikni anglash, millatni asrash, ajdodlar ilmiga sodiq qolish ibodatdir. Birovni ko’nglini topmoq, beva-bechoradan xabar olmoq bu olamda chinakam inson bo’lmoq ibodatdir. Bu olamda halol mehnat bilan vujudni shunday ishlatish kerakki, toki tana o’z vazifasini bajarmasa inson olamdan o’tgandan so’ng ruh hamisha tana og’irligi bilan yuradi. Tana tugab ketmog’i uchun uni hamisha mehnatga jalb qilmoq lozim. Ana shunda ruh absolyut ozodlikka chiqadi.

Inson mukammal bo’lsa millat mukammal bo’ladi. Biz millatimizning ijobiy tomonlari ko’pligini aytib o’tirmasakda u barchaga a’yondir.

Aslida har bir millatning ulug’ligi nima bilan belgilanadi?

Ajdodlar quvvati bilan, irsiyat bilan, yashab turgan makoni, ajdodlar quvvatiga bog’liqligi, genetikani muhimligi, Ilohga yaqinligi va hozirgi davrda tutgan mavqei bilan belgilanadi.

Kamina dunyoning ellikdan ortiq davlatida bo’lib ularning tarixi, madaniyatini o’rganib shu narsaga amin bo’ldimki, bizning milliy darajamiz ularnikidan ancha ilgarilab ketgandir. Nega? Chunki bizda insoniy taraqqiyot birinchi o’rinda turadi. Insoniy taraqqiyot uning madaniyati, ma’naviyati qadriyatlari bilan belgilanadi. Bizda bunday go’zal va bebaho udumlarning barchasi asralgan va asrab kelinmoqda. Qolaversa, davlat arboblarining tarixiy qadamjolarning obod qilishi bu ajdodlar quvvatini uyg’onganidan darak beradi.

Anglamoq lozimki, davlat bizga har qancha sharoit yaratib bermasin insonni o’ziga bog’liq faktorlar mavjud. Biz talab qilamizu o’zimizdagi kamchilik va nuqsonlarni tuzatishga harakat qilmaymiz. Albatta, o’zbek iborasining o’zi millatimizning peshonasiga katta muhrni muhrlab qo’ygan. Bunda ijobiy tomoni bilan birga salbiy tomonlarning ham ko’rinib qolayotganiga amin bo’lamiz. Bu holatni bir necha raqamga bo’lib ko’rsatishimiz mumkin.

1. Manmanlikning xilma-xil ko’rinishi.

O’ta salbiy holat. Millatimizga yarashmaydigan xastalikning biror ko’rinishi. Tabiatida beg’uborlik, bag’ri kenglik, ezgulik bo’lgan millatga bunday kasallik xislatlari paydo bo’lsa u bachkanalikka o’xshab qoladi. Manmanlik millatimizga xos emas. Boyib ketgan inson avval qanday edi. Hammaga bir nazar bilan qarar qo’ni-qo’shnilarni hurmat qilar, oqil va mehribon edi. Endi nima bo’ldi. Insonlarni qo’lini uchi bilan ko’rsatadigan bo’ldi. Chunki uning hisobsiz boyligi bor. Ilgarigi pokiza qalbini nafs pardasi qopladi. U hatto yon qo’shnisini pisand qilmay qo’ydi. Aslida kamtarlik uning qonida bor. U qanday bo’lsa shundayligicha turibdi. Faqat uning tabiatini boylik ortidagi nafs manmanlik kasaliga yo’liqtirib qo’ygan. Davolasa bo’ladigan xastalik. Ibodat qilmog’i va o’zligini anglamog’i, olamni o’tkinchiligini anglab mehr-oqibat saroyiga kirib saxovat mevalaridan tatimog’i lozim.

2. O’z millatimizdan chiqqan iste’dodlarni pisand qilmaslik.

Bu oltin zamin o’z tarixidan tortib hozirgi davrigacha olam ilmiy taraqqiyotiga minglab daholarni etishtirib bergan. Ozod yurtning dorilomon kunlarida o’z ilmiy iste’dodlari ila milliy taraqqiyotimizga o’z hissasini qo’shmoqchi bo’lgan yuksak iste’dod sohiblari juda ko’p. Tarixi buyuk bo’lgan yurtning kelajagi ham buyukdir. Kelajakning buyukligi bugundan boshlanadi. Shunday ekan, biz tafakkurimiz chegaralaridan olislab taraqqiyotning oltin davriga asos solmoqchi bo’lgan iste’dodlarni nega qo’llamaylik. Kimda pul, kimda talant-iste’dod. Ilmiy taraqqiyotni , milliy taraqqiyotni iqtisod bilan o’lchab iste’dod sohiblariga nopisand qarab ularning ilmiy darajalariga o’z vaqtida baho berib qo’llamasak, milliy taraqqiyotdan ortda qolib ketmog’imiz hech gap emas. Inson agar o’z manfaatidan millat manfaatini , vatan manfaatini ustun qo’ymas ekan, na vatanparvar va na millatparvar bo’la oladi. Agarkim, shu qadar imkoniyati keng bo’la turib vatan uchun, millat uchun nimadir manfaat keltirmasa uning shu vatanda turib tatigan taomi halol emasdir. Agar siz badavlat bo’la turib yon qo’shningizni istedodli farzandi bir burda qotgan nonga sabr qilib o’qishida qiynalayotib siz unga nisbatan nopisand qarasangiz, bilingki luqmangiz haromdir. Bir millat, bir vatanda yashaydigan insonlar har tomonlama bir-birini qo’llasa, demakkim, milliy taraqqiyot, vatan taraqqiyoti mustahkam va qudratli bo’ladi.

3. O’zga yurt va millatlarga havas bilan qarash va o’zimizdagi chuqur ijobiy voqea va manbaalarni ko’rolmaslik yoxud ularga nisbatan bepisandlik.

Shu mavzuda juda ko’p bora bahslashib ko’plab maqolalarni berib borayapmiz. Ba’zi bir bilmadim yangi o’zbek deymizmi yoki Evropa taraqqiyoti ortidan ergashib o’zlarini tafakkuran ilg’or hisoblovchi jeltenmenlar deymizmi, xullas kim bo’lsalar ham o’shalarga aytar ikki og’iz achchiq so’zlarimiz bor.

Nima siz o’zbek millatining qudratiga shubha bilan qarayapsizmi? O’zimizning buyuk tarixiy madaniyatimiz siz uchun eskilik bo’lib qoldimi? Bunday go’zal madaniyat, javohir qadriyatlar, milliy urf-odatlarni qaerda ko’rdingiz? Siz buyuk ajdodlarimiz ilmiy darajalari bilan faxrlanmay, go’zal va takrorlanmas qadriyatlarimizni ko’z-ko’z qilish o’rniga kimlarga havas qilayapsiz?

Shu narsaga aminmanki, o’z millati qadriyatlariga nopisand qarab o’zga taraqqiyot ortidan ergashayotgan insonlar ma’naviy ko’rlikka duchor bo’lganlardir. Aminmanki, ularda boylik etarli va shu boylik ortidan ular taraqqiyot doirasida javlon urmoqni niyat qilib o’zga madaniyatlar ixtiyor etdilar. Kechirasizu bu holat sizning genetikangizni, milliy o’zligingizni yo’qqa chiqaradi. Siz o’zga millat madaniyati ichida otlar podasiga qo’shilgan kiyikka o’xshab qolasiz. Chunki otlar hech qachon kiyik yoxud kiyik hech qachon ot bo’lolmaydi. Genetik qon baribir ajralib turadi. Siz o’zga davlatlarning qaysi madaniyatiga havas qildingiz? Yarim yalang’och ommaviy madaniyatigami? Nobop taraqqiyotning xavfli epidemiyasi bo’lgan ommaviy madaniyat ortidan ergashib o’zligini yo’qotayotgan millatlar qancha? Siz ularga havas qilib etti pushtingizni unutmoqqa qaror qildingizmi? Buyuk ajdodlar quvvati doirasidan, vatan, millat doirasidan chiqib o’zingizga ommaviy madaniyat xastaligini yuqtirmoqchisizmi?

Agar bir bog’da sanoqsiz daraxt bo’lsa uning ko’pchilik qismining tomiriga qurt tushgan. Hozirgi savlat to’kib turgan bu daraxtlar bir kuni quriydi.

Siz tomiri baquvvat daraxtdan voz kechib vaqtinchalik savlat to’kib turgan daraxtga havas qilayapsizmi?

O’zligingizga bir nazar soling. Sizda nima etishmaydi. Milliy tafakkur, ilm, tafakkur etishmaydi. Siz o’zga millatlar taraqqiyotiga havas bilan qarab o’z milliy qadriyatlaringizga bepisand qaraysiz. Sizda milliy tafakkur etishmasligi sababi bilan o’zga millatlar madaniyatiga havas bilan qaraysiz? To’g’ri o’zga taraqqiyotiy topgan davlatlar taraqqiyot ortidan ildamlab ketishgan bo’lishi mumkin. Lekin bu holat nimaning evaziga ro’y berdi? Ilohiy falsafalar, milliy madaniyatlar, azaliy qadriyatlarning yo’qotilishi evaziga shu darajada ildamlab ketdilar. Ular ortlaridagi ajdodlar tarixi, madaniyati va o’zlik falsafalariga etak qoqdilar. Anglamoq lozimki, faqat taraqqiyot nafasi bilan yashaydigan insoniyatning robortdan farqi qolmaydi. Ilohiy falsafasi bo’lmagan taraqqiyot olamida millat madaniyati so’nadi. Ma’naviyatiga putur etadi, tarixiy urf-odatlar unutiladi. Insoniyat o’zligini unutsa, uning robortdan nima farqi qoladi? Shunday ekan, nima uchun o’zlikdan kechmoq kerak. Nima uchun o’zga madaniyatlarga havas qilmoq kerak.

Taraqqiyot o’z yo’lida. O’zlikni yo’qotmaslik kerak. Millatni qoniga o’zga madaniyatlarni tiqishtirmaslik kerak. Biz o’zimizni kashf qila olmayapmiz. Kimligimizni, qanday qudratli millat ekanimizni anglay olmayapmiz. Va shuning uchun ham o’zga millatlar madaniyati ko’zimizga oltinday ko’rinayapti.

Taraqqiyot ortidan yo’rg’alab ketgan davlatlarning taraqqiyotdan o’zga ermaklari qolmadi, hisob. Endi ular tarixiy madaniyat istab bizning yurtimizga oshiqmoqdalar. Siz esa puch yong’ok istab taraqqiyoti ildam, lekin madaniyati unutilgan yurtlarni orzu qilib ommaviy madaniyat etagidan tutib ketavering, bir kuni qo’lingizda aso, elkangizda xurjun tutib o’z yurtingiz tarixi madaniyati, qadriyatlariga havas qilib, qadriga etgancha ko’zingizdan yosh bilan kirib kelasiz va tuprog’ini ko’zingizga surtasiz.

4. Ko’rolmaslik.

Millatimizga xos bo’lmagan chirkin odat. Ruhiy xastalikning xavfli ko’rinishi. Bu holat ayniqsa qo’shnichilik munosobatlariga yaqqol ko’rinadi. Bir qo’shni boyib ketsa, ikkinchisi hasadda yonadi. Keyingi paytlarda ko’rolmaslik holatlari qarindoshlar, aka- ukalar munosabatlarida ham ko’rinib qolmoqda. Mehr-oqibat tuyg’ulari qaerda qoldi. Nima uchun bir vatanda, bir millatda, bir mahallada yonma-yon yashab o’z millatdoshimizga, o’z qondoshimizga nisbatan yuzaki muloyim ichki holatda esa hasad o’tida yonmog’imiz kerak. Nazarimda ko’rolmaslik xastaligining sababi qo’shni boyning xasisligida bo’lsa kerak. Agarkim, badavlat inson saxovat yo’lida turib, qo’ni-qo’shniga, mahalla obodonchiliga hissa qo’shsa, o’ylanmanki nochor qo’shni ham hasad qilmoq istagidan ko’ra havas qilish mayliga o’rgansa kerak. Aslida inson boylikka emas, ilmga intilib yashamog’i lozim. Chunki xasis va ilmsiz boydan ko’ra kamtar va ilmli insonning vatanga, millatga ko’prok foydasi tegadi. Chunki ilmli insonda tafakkur ilg’or bo’ladi. Tafakkuri ulug’ insonlar esa o’z manfaatidan ko’ra millat va vatan manfaatini ustun qo’yadilar.

5. Ilmga bo’lgan intilishning susayishi.

Oldin ilmlilar ko’p edi, hozir nega yo’q.

Istaymizmi yo’qmi Evropa taraqqiyoti yurtimizga yopirilib kirdi. Ommaviy axborot vositalari doirasi kengaydi. Telefon, kompyuter, internet tarmoqlari, mashinalar, xullas insonlar kitob o’qish ishtiyoqidan yiroqlashdilar. Taraqqiyot rivojlangani sari ilmiy daraja sustlashib bormoqda. Bu holat qandaydir o’tish davriga o’xshab qoldi. Mana shu tig’iz davrdan eson-omon o’zligimizni yo’qotmagan holda o’tib olsak, o’zligimiz o’zimizda taraqqiyot foydamizda qoladi. Millatimiz oldida anchagina mushkul sinov turibdi. Biz dengizda ikkita qayiqqa oyoq qo’yishimizga to’g’ri kelmoqda. Birinchi qayiq milliy madaniyatlar, azaliy qadriyatlarimiz, ilohiy falsafalarimiz bo’lsa, ikkinchi qayiq zamonaviy taraqqiyot qayig’i. Agar biz o’zligimiz qayig’iga minsak, havas qilganimiz dunyoviy taraqqiyotdan ortda qolamiz va agar taraqqiyot qayig’iga o’tirsak, azaliy falsafamizdan ayrilamiz. Mana faqat taraqqiyot qayig’ini tanlagan taraqqiyot ortidan ergashib taraqqiy topgan davlatlar tarixiy falsafalaridan voz kechdilar. Va bu qayiq ularni oxir-oqibat ummonning o’rtasida balandligi tog’dek keladigan po’rtanalarga, to’lqinlarga duchor qildi. Ularning o’z manzillariga etib bormoqlari gumondir. Chunki nobop taraqqiyotning salbiy oqibatlari insoniyatni boshi berk ko’chaga kiritib qo’ygani ko’pchilikka sir emas.

Biz o’zga davlatlardan istaymizmi, yo’qmi kam bo’lmaslikni istamagan holda ularning taraqqiyoti ortidan ergashmoqqa majburmiz. Ko’pdan ayrilmaymiz. Va agar bir kuni kelib taraqqiyot deganlari tanazzulga yuz tutib, inqiroz yoqasiga kelib qolgan taqdirda bizning millatimizni qutqaradigan bir kuch bor. Bu bizning falsafamiz, madaniyatimiz, tarixiy qadriyatlarimiz, ajdodlar quvvatidir.

Anlayapsizmi, millatimiz qanday mushkul sinovlar ro’parasida turibdi. Mana shunday sinovlarga chiday olmagan ba’zi vatandoshlarimiz o’zga madaniyatlarga havas qilib o’zga taraqqiyot istab ketmoqdalar

Agar tariximizga nazar solsangiz, olam miqiyosida ilmiy daholarning o’ndan etti foizi bizning yurtimizga to’g’ri kelgan. Bu vatan o’zining ma’rifati va madaniyati, falsafa, tafakkur bulog’i ila butun dunyo ilmiy taraqqiyotiga buyuk hissa qo’shgan zamin sifatida muqaddas sanaladi. Faqat keyingi asrlarda ilm daholarining yo’qolib qolgani tushunarsiz holat. Balkim zamonaviy taraqqiyot ta’siridir. Nima bo’lganda ham texnik taraqqiyot insoniyatni fikrlash, ilm o’rganish , tafakkur darajalarini yuksaltirish chegaralaridan chiqarib tashladi. Nobob taraqqiyot bizning fikrimizdan, tafakkurimizdan tarixiy ilmlar xazinasini tortib olmoqchiga o’xshab turibdi. Ogohlik faqat qurolga nisbatan emas, tafakkurga nisbatan qo’llanmog’i kerak. Chunki bir millatni qurol bilan engish mumkindir, lekin tafakkuran engib bo’lmas, agar u o’zligida turib falsafiy qarashlari qudratli bo’lsa.

6. Maishatga berilib ketish.

Dabdabalar, ichkilikbozlik, gashtaklar, g’iybatlar.

Evropa usulining soxta ko’rinishi. Ba’zilar o’zlarini evro usulda ko’rsatmoqchi bo’ladilar. Maishatbozlik, dabdaba, manmanlikdan o’zga narsa emas. Baraka topkur, pulingiz ko’p bo’lsa vatan uchun, millat uchun ishlating. Hech bo’lmasa mahallang ko’chasini asfalt qilib qo’ygin. Xalqni duosini olasan, obro’ying oshadi. Mana sizga dabdaba. O’zbekcha dabdaba mana shunaqa bo’ladi. Bizda millatimiz psixologiyasi qandayligini bilmaysizmi? Siz qancha dabdabaga berilib to’y qilsangiz ham baribir kamchilik topishadi. Bu holat pulingizni havoga sochganingiz bilan barobar. Va agar siz savobli bir ishga qo’l urib ko’chani obod qilsangiz yoxud maktab qurishga hissa qo’shib, bog’ yaratsangiz, bu millatni qalbidan hech qachon o’chmaysiz. Umringiz tugab, suyagingiz qabrda chirib ketsa ham nomingiz tillarda doston bo’lib yuradi. Chunki saxovatni sevadigan millat, yaxshilikni qadrlaydigan xalq bu. Sizning dabdabangiz, maishatbozligingiz hech kimga kerak emas. Chunki bu millat nafsdan ko’ra ko’proq ma’naviyatni, madaniyatni qadrlaydi. O’zlikni anglamoq kerak. O’zlikka mos tarzda amaliyot qilmoq lozim.

7. Soxta laganbardorlik.

Tilida vatanparvarlik, ichida yomon ko’radi.

Bunaqalarni ko’pini ko’rayapmiz. Katta davralarda tilidan bol tomib o’zlarini vatanparvar ko’rsatadilar. Lekin ichidan vatanga nisbatan qandaydir hasadni ilg’aysiz. Shu o’rinda aniq va ravshan bo’ladiki, yuzaki vatanparvarlikning soxta ko’rinishi bu shaxsiy manfaatning ustunligidandir. Demak, o’zi bir amalga va yoxud yutuqqa erisholmagach omadsizligi sababini o’zidan emas, vatandan ko’radi. Uning fikrida o’zga yurt ishtiyoqi tushadi. U yoqdan yaxshi pul topaman bizda undoq, bizda bundoq qabilida o’z vataniga nisbatan hasad uyg’onadi. Millat qadrini, vatan qadrini bilgan inson vatan menga nima berdi, deb emas, men vatanga, millatga nima berdim deb yashamog’i kerak. Vatanni yomonlamoq o’zini yomonlamoqdir. Vatanga hasad qilmoq bu o’ziga hasad qilmoqdir. Bu holat o’z ko’ksiga o’zi xanjar urmoq bilan tengdir. Kimdir ilmga intilib amalga o’tirsa unga laganbardorlik qilmoq inson qadrini tushiradi. Laganbardor insonni qadri bo’lmaydi. Ilmli insonga havas qilmoq kerak. O’zi ham ilmga intilmog’i kerak. Ilmli insonning amali bo’lmasa ham qadrlidir...

8. Norozilik kayfiyati.

Qorni to’q, usti but, mashinalar, qasr uyda yashab yana norozi.

Kutilmagan yangicha epidemik ruhiy xastalikning bunday turi qaerdan paydo bo’ldi? Iqtisodiy nochor oilaning sabr qilgani hikmatdir. Ularning boy xonadonlarga nisbatan qalban beg’uborligi yuqoriroq turadi. Garchi hayotlarida kamchilik sezsalarda yurtimizda tinchlik bo’lsin, deya duo qilib turadilar. Ular kam bersin, g’am bermasin qabilida sabr etagidan tutadilar. Lekin uylari qasr bo’lib taglarida inomarka minib yurgan ko’pchilik insonlarning norozilik kayfiyatlarini ko’rib kayfiyating tushadi. Ularga yana nima kerak? Mehnat qilding boy bo’lding, jannatmakon yurtda istaganingcha yashayapsan. Nazarimda bu holat eskitdan qolgan boqimandalik kayfiyatining asorati bo’lsa kerak. Ularning nazaricha soya salqinda cho’zilib yotsalaru davlat boqib qo’ysa. Kechirasizu davlatning sizdan boshqa ishi yo’qmi? Ichkarida hamma sharoitlarni yaratib qo’ygan bo’lsa. Ishbilarmonlikning hamma turiga yo’l ochiq. Istagancha korxona oching. Qonunni biling. Ba’zi bir poraxo’r davlat doirasidan tashqarida turgan amaldorlardan cho’chib davlatni ayblamang. O’z haq- huquqingizni bilsangiz, siz cheksiz imkoniyatlar mamlakatida yashayotganingizni his qilasiz. Agar siz o’z yurtingizning butun noniga qanoat qilmay shohona hayotingizdan norozi kayfiyatda yurgan bo’lsangiz o’zga yurtga bir aylanib keling. O’shanda o’z uyingiz o’lan to’shagingizni qadriga etasiz. Vatan qadriga etasiz, millatingiz qadriga etasiz. Inson o’z kindik qoni to’kilgan vatanidan norozi bo’lsa uning kelajagi yo’qdir.

9. Ajdodlarimizda mavjud bo’lgan g’ayrat va shijoatning pasayishi. Dangasalik. Engil pul topish. Aldov birovni haqiga xiyonat.

Tarixdan ma’lumki, bizning ajdodlarimiz ruhan tetik, jismonan baquvvat, tafakkuran ilg’or bo’lishgan. Qonimizda jo’sh urgan g’ayrat va shijoat sustlashgandek nazarimda. Insonlar engil pul topish yo’liga o’tib olganga o’xshaydilar. Bu juda salbiy oqibatlarga olib keladi. Birovni aldab haqiga xiyonat qilib pul topish gunohi azimdir. Engil yo’l bilan osongina pul topgan inson o’sha mablag’ini bola chaqasiga ediradi. Harom yo’lda topilgan pulning salbiy quvvati farzandlarning kelajagini barbod qiladi. Biz ajdodlarimiz quvvatini yo’qotib qo’ymasligimiz kerak. Balkim shu sabab ham ba’zi millatdoshlarimiz mehnat intizomidan cheklanib engil pul topish, aldov va xiyonat singari salbiy xislatlarga yo’l qo’yayotgandirlar. Bag’ri keng millatimiz sha’niga dog’ tushirmaslik lozim. Aqlan ilg’or inson hayotga bir tomonlama qaramaydi. Halollikda hikmat ko’pdir. Mehnat ortidan kelgan boylikning barakasi ulug’ bo’ladi. Birovning haqiga xiyonat qilib topilgan pulning barakasi yo’qdir va uning luqmasi zarardir. Inson mehnat bilan ulug’dir. Biz yashab turgan vujud halol mehnat bilan o’z funktsiyasini tamoman bajarib bo’lsagina ruh ozodlikka chiqadi. Biz bu masalani yuqorida keltirib o’tdik. Agarkim, vujud dunyoviy barcha harakatlari tizimidan xoli bo’lib u o’lgandan so’ng tuproqqa qorishib ketmasa ruh hamisha tana og’irligi bilan yuradi. Halol mehnatdan toliqmang. Ruhan sog’lom jismonan baquvvat bo’lasiz.

10. Kurashuvchanlik xususiyatining sustligi va pasayishi. Byurokratiyaga qarshi tura olmaslik. Poraga o’rgatishi.

Davlat deb tushinadi. Aslida u poraxo’r.

Yurtimizda keng tarqalgan epidemik xastalik. Ko’ngli ochiq, bag’ri keng xalqmiz. Biror bir masalada ishimizni hal qilmoqchi bo’lamiz-u aynan o’sha ishimizni osongina hal bo’lgani sababidan saxovat qilib sekingina pul qistiramiz. Biz o’zimizni o’zimiz poraxo’rga aylantirib qo’ydik. Endi esa davlatni ayblab o’tiramiz. Sizda pul bor. Muammoyingizni osongina hal qilasiz. Poraxo’rlikni kasb qilgan amaldor porasiz yashay olmaydi. Uning oldiga nochor insonning ishi tushib kelsa poraxo’r uni har maqomda yugurtiradi. Nochor esa aybni davlatga to’nkaydi. Amaldorlarni poraxo’rlikka o’rgatgan o’zimiz emasmi? Davlat poraxo’rlikka qarshi kurashib keragicha choralarni ko’rmoqda. Biz esa hali hamon pora berishdan charchamayapmiz. Davlatning o’z qonuni bor. Uning hech bir hujjatida pora olinsin, degan qonuniyat mavjud emas. Poraxo’r esa davlat emas. Siz poraxo’r amaldorni davlat deb tushunasiz. Haq huquqingizni bilmaysiz. Sizda kurashuvchanlik mavjud emas. Poraxo’rlikka qarshi tura olmaysiz. Axir uni hayotga tadbiq etgan o’zingiz emasmi? Hozir shunday bir davrki, hatto oddiy bir dalolatnoma yozdirib olsangiz ham kotibaning oldiga pul tashlaysiz. Ko’zini lo’q qilib turgan kotibani ko’nglini og’ritgingiz kelmaydi. Shunaqa ochiq ko’ngil xalqmiz. Sabr qilamizda endi.

11. Poraxo’rlikni hayot tarziga aylantirish.

Hech bir hujjat porasiz bitmaydi. Aybdor bu erda davlat emas. O’zimiz o’rgatib qo’ydik. Keyin davlatni ayblaymiz. Bu holat davlat funktsiyasiga kirmaydi. Qamalgan qancha chora ko’rayaptiku...

Biz yuqorida shu masalada so’zlashdik. Agarkim davlatimiz poraxo’rlikka qarshi kurashgani bilan biz pora cho’zishdan charchamasak, bilingki bunday illatni hech qachon yo’qotib bo’lmaydi. Davlatimiz amalida o’tirib davlat qonuniga xilof ravishda pora olayotgan ba’zi amaldorlarni qamalib ketayotgani bor gap. Har kim aybiga yarasha jazosini oladi. Qonunga bo’ysinish kerak. Qonun bo’lmagan joyda jamiyat rivojlanmaydi. Bu illatga o’zimiz chek qo’ymasak o’z haq huquqimizni qonunan talab qilmasak, qog’ozbozlik ortidan ham iqtisodimizga va ham oilaviy sharoitimizga kerakli imkoniyatlarni yarata olmaymiz. Poraxo’rlikning eng zararli ko’rinishi bu asosan kasalxonalarda ko’rinadi. Agar bemor pul uzatmasa uning hayoti bilan hech kimning ishi yo’q. Pulni vaqtida bera olmay o’lib ketgan bemorlarni ko’pini ko’rdik. Inson taqdirini pul bilan o’lchamaslik lozim. Pul mehr-oqibatni o’ldiradi. Ana shu borada xatolarimiz juda ko’p. Uni tuzatish vao’ti kelmadimi, qadrdon.

12. O’ziga va o’zgalarga nisbatan ijobiy talabni pasayishi, masalan passiv holat paydo bo’lsa o’zgadan talab qilolmaydi.

Biz mijozi issiq, qaynoq xalqmiz. Bizda shijoat kuchli bo’lmog’i lozim. Ilmga, mehnatda toblangan millatmiz... Tushkunlik degan ruhiy xastalik bor narsa. Ana shunday doira ichida qolgan insonda hayotga nisbatan qiziqish qolmaydi. Agar iqtisodiy nochor holda bo’lsangiz zinhor tushkunlikka berilish shart emas. Siz o’zligingizga nazar soling. Qanday millat qoningizda aylanayotganini anglang. Siz buyuklar avlodisiz. Sizning millatingiz kuchli. Madaniyatingiz kuchli, ma’naviyatingiz kuchli. Demak, siz har qanday tushkunlik yoxud qiyinchilikdan chiqib keta olasiz.

Inson o’zligini anglasa, o’z haq huquqini talab qila oladi. Buning uchun insonga ilm kerak. Madaniyatni, ma’naviyatni o’rganishi kerak. Ilmli inson, o’zligini anglagan inson nafaqat o’zi yoxud oilasi, balki jamiyat uchun, xalq uchun, millat uchun ijobiy fikrlarini olg’a suradi, milliy qadriyatimizni rivoji uchun hissa qo’shadi. Bir millatda tug’ilgan inson oddiy dehqon bo’ladimi, yuksak lavozimdagi rahbar bo’ladimi, o’sha millatning shon-shavkati, qadri, yorqin kelajagi uchun ma’suldir.

13. Qo’rqoqlik.

Ya’ni har bir qilayotgan ishidan hadiksirab turish, nima bo’larkin, qanday bo’larkin deb ikkilanish. Bu holat ijobiy harakatlarni o’ldiradi.

Mamlakatimizda yuksak imkoniyatlar qonuniyati yuzaga kelgan. Mustaqillik davri har bir inson uchun iqtisodiy yuksalish sharoitini yaratib berdi. Har bir fuqaro istagan sohasida ish yuritish va uning ortidan ham xalqimizga va ham davlatimiz iqtisodiga hissa qo’shish imkoniyatiga ega. Bunday sharoit dunyoning har bir mamlakatida uchrayvermaydi. Shunday bo’lsada ayrim millatimiz fuqarolarida garchi mablag’lari etarli bo’lsada korxona, biznes markazlari yoxud qo’shma korxona ochish ishtiyoqidan cho’chib turishadi. Korxona ochilsa, demak so’raydigan ko’payadi. Tekshirish boshlanadi. Kimgadir pora berish kerak. Yo’qsa qarzga botirib ketishadi. Bizning zamonda korxona ochish muammo emas, uni yopish muammo. Siz yaxshi niyatda korxona ochasiz. Davlatga, xalqqa xizmat qilishni niyat qilasiz. Davlat idorasida o’tirgan ba’zi poraxo’r amaldorlar qiyiqdan qil axtarib korxonangizga ko’z olaytirishadi. Siz esa yana davlatni ayblaysiz. Sizdagi ikkilanish qo’rqoqlikning sababi nimada?

O’z haq huquqingizni bilmasligingizda. Siz korxona ochishdan oldin qonunni o’rganing. Hujjatlarni to’la- to’kis rasmiylashtiring. Mahsulotingiz sifatiga e’tibor qiling. Elektr, gaz to’lovlarini vaqtida to’lang. Ishchilarningizni oylik maoshini vaqtida berib boring. Davlat bojini oldindan to’lab boring. Siz qonun asosida korxona ishlaringingizni to’la- to’kis amalga oshirsangiz nega pora berishingiz kerak. Sizni cho’chitayotgan, ikkilantirayotgan narsa nima?

14. Birovni yoki davlatni tashabbusi bilan yashashni ma’qul ko’rish. Tashabbuskorlik yo’q.

Biz bir millatda, bir jamiyatda, bir mahallada yashasakda, tashabbuskorlik shijoatimiz pasaygandek. Biz nima uchun faqat o’z manfaatimizni o’ylab yashashimiz kerak. Yaqinda bir insonning tashabbusi bilan mahallamiz ko’chasini asfaltga tayyorladik. Shu atrofdan o’tayotgan bir fuqaro, bu amalni kim qildirayapti, davlatmi deb so’radi. Kamina, nima hammasini davlat qilib berishi kerakmi, dedim. U fuqaro esa, bundan sizga nima foyda, dedi. Kamina unga, nima hamma narsadan foyda ko’zlash kerakmi, dedim. Anglagan bo’lsangiz, insonlar foydasi bo’lmagan yumushga qo’l urmaydigan, har qanday savob va saxovatdan yiroqlashib ketibdilar. Xalq manfaati uchun, jamiyat manfaati uchun tashabbuskorlik ishtiyoqi so’ngan... Bir xulosa qilib ko’ringchi.

15. Fahm-farosatning kamayishi...

Farosatning etishmasligini ruhiy xastalikning bir turiga o’xshatish mumkin. Buning asl sababi inson o’zligini anglamasligida. Ilmning sustligida deb tushunishimish kerak. Biz shu o’rinda eng oddiy misolni keltirib o’tamiz. Mana yurtimiz jannatmakon bir diyor bo’lishiga qaramasdan vatanimiz fuqarolarining ko’pchilik qismi o’zga yurtlarda pul izlab, boylik istab ketib qolmoqdalar. O’zga yurtlarda og’ir mehnatga jalb qilinib kasallik ortirib kelganlar qancha. Ayniqsa, zamonamizning oydek qiz va ayollari Turkiya davlatida qariyalarga enagalik qilish, kasallarga qarash kasbini odat qilishdi. O’z qizi yoxud ayolini kasallarga qarashga jo’natayotgan qo’shtirnoq ichidagi erkaklarga bir haqiqatni aytishni lozim topdimki, o’zga yurtda kasalga qaragan sog’lom inson kasalni yukini yuz foizga o’ziga oladi. Ko’p o’tmay o’zi kasallikka chalinadi. Shaxsan o’zim guvohmanki, o’zga vatanda kasal qarab kasallikka chalinib vatanlariga qaytgan qancha-qancha go’zal ayollar olamdan o’tib ketishdi. Bu holat fahm-farosatning etishmasligi oqibati emasmi? Tabobat ilmi bilan insonlarni davolashim sababi bilan bir yigit qabulimda bo’lib dardini doston qildi. Ustoz, dedi u, suhbati davomida, kamina Rossiyada Sankt-Peterburgda ishlayman. Bir kuni metroning oldidan ketayotsam soqollari o’sib ketgan, ustida etti qavat futbolka kiygan bir yigit oldimga yaqinlashib men bilan o’zbekchasiga salom alik qildi. Ruslarda bunaqa insonlar bomj deb ataladi. Men o’zbeklarning Rossiyada bomij bo’lib yurganini ko’rib hayron qoldim. Uni xonamga olim ketib yuvintirtim, ovqat berdim, soqollarini oldirib qarasam, qiyomatdek yigit bo’ldi. Ish bilan ta’minladim. Ammo bir oy o’tmay yana ichkilikka berildi. Ishni tashlab ketdi. Oradan uch oy o’tib uni yana uchratdim. Metro oldida yana o’sha holat. Soqollari uch qarich isqirt kiyingan podvalda yashab kun kechirarkan. Siz nima deysiz?

Nima derdim. Insonda fahm-farosat bo’lmasa hayvondan farqi yo’qdir. Uni na millat qadri va na vatan mehri qiziqtiradi. Biz millatimiz sha’nini unutib nimalar qilib qo’ydik? Bunday holatlar vatanga nisbatan, millatga nisbatan xiyonat emasmi? Davlatimiz jahon miqiyosida millat sha’ni uchun kurashib uning madaniyati, ma’naviyati, iqtisodiy-siyosiy salohiyatini ko’z-ko’z qilishga bel bog’lagan bir paytda kuchli xalq bo’lib davlatimizga birlashib shu qudrat bilan yonma-yon turish o’rniga o’zga yurtlarda belida quvvati, shijoati bo’la turib isqirt kiyingan holatda soqollari o’sib ruscha bomj bo’lish ishtiyoqi qaerdan paydo bo’ldi? Sharmandali bunday holatlar buyuk millatimiz sha’niga dog’ emasmi? O’ylab ko’ring, qadrdon.

 

Olloh doimiy tarzda quvvat tushiradi, lekin uni oddiy odamlar qabul qilolmaydilar. Chunki diapazon boshqa, doira boshqa. So’fiylar odamlarga uzatuvchi kuch...

Ollohdan kelayotgan quvvatni qabul qiluvchi va avomga etkazuvchi bu so’fiylardir.

Agar mendan so’rasalar sening baxting nadur, dedimki, mening baxtim buyuk bir millatning avlodi ekanimdir.

Siz ham millatim vakili shuni sezishga va tafakkuran qabul qilishga urinayapsizmi...

YANGILANISHLAR

MAHSULOTLAR

Media-mahsulotlar pochta orqali

SAYT XARITASI

STATISTIKA