TOIFALAR

QATRON

SHOGIRDLARNING SHARXLARI

NURSAFARDIYYA
ISH FAOLIYATI

QIDIRUV

HAMKORLAR

Nurli olam yog'dulari

Muallif: Sofiy tabib Nursafardiy

Joylashtirish vaqti: 2015-06-01

Assalomu alaykum. Dedimki, olamning sirli saltanatida yashayotgan har bir qalb ilm oshyonida o’zligini anglab, fano imtihonidan mukammallik istagi bilan komillik saltanatiga ko’tarilib ilohiy bir darajada Tangrining quvvatiga musharraf bo’lsa demakkim, saodat manzillarida  g’uncha misoli ochilibdi.

Dunyo nafsning hukmidadir. Olamning imtihonida yashirin bir quvvat manbai borkim, agarkim, kim ana shunday sirli quvvat kalitini topibdir, o’zligini anglabdir. Tangrining suvratini topmoq mushkuldir, ki to qiyomat qadar ilohiy ishqqa ko’milgan qalblar Uning orazini ko’rmoq ilinjida kunu tun ibodat qilurlar. Butun olamlar hukmdori Tangri taoloning marhamati shundaydirkim, aning ishqida kim tushdi, ikki olam saodatiga musharrafdir. Nafs hukmron fano olamining sinov maydonlari tikanzordir, ki bu manzil ichra kechib o’tmoq mashaqqat talab qilar.

Anglangki, sizning nafs ortidan quvib, kimningdir haqiga xiyonat istab boylik to’plamoq orzularingiz, mehr- oqibat, adolat va haqiqatdan yiroq ketganingiz tobora vujudingizni tuproqqa yaqinlashtirayotgan vaqtning aldamchi tuyg’ularidan o’zga narsa emasdir.

Vaqt tuyg’usi nima. Vaqtning ixtiyori nafsning hukmida ekan, umringizning deyarli asosiy qismi behuda ishtiyoqlar, dunyoning yolgonchi ishratlari bilan badnom bo’lgaydir.

Dedimki, olami fanoning rizqu nasibasi, nozu ne’matlari halollik istagi bilan topilsa, Tangri ul insonning barokat mevalaridan bahramand  qilib oilasiga xotirjamlik ato etgay.

Nadir fano? O’tkinchidir. Bugun ochilgan gul erta so’lgaydir. Olam qonuniyati shundan iboratdir. O’tkinchi olamning to’rt kunlik vaqtida ezgulik saltanatini yaratmoq mardning ishidir.

Deydilarki, ilohiy ishqsiz ezgulik amaliyoti amalga oshmas. Nafs olamining pardasini ko’tarib haqiqat olamida nur misoli porlagan insonning topgan mulki ezgulik xazinasidir.

Ilohiy tuyg’ular ilohiy bir jarayon bilan qalb tubida uyg’ongan ishq otashi orqali yuzaga kelur va aning samarasi ma’lum bir falsafalar tamoyili quvvati ila hikmat tarzida insonlarning qalbiga kirib borar.

Men angladimki, shariat mulki oshiyonidan yuqorilab so’fiylik falsafasiga qadam qo’ygan inson ilohiy bir olamning sirli manbasiga aylanib qolarkankim, uning ilohiy darajasi orqali vujudga kelgan ilhom falsafasi haqiqat izlagan insonlar qalbiga nur bo’lib kirarkan.

Kamina buyuk zaminimizdan etishib chiqqan avliyo anbiyolarning ilmiy-ilohiy falsafalarini mukammal tarzda o’rganib amin bo’ldimki, so’fiylik falsafasidan o’zga ezgulik va mehr-oqibat, haqiqat va adolat tamoyillarini insonlar qalbiga hikmat tarzida kiritib ularning o’zligini anglatuvchi tafakkur sarhadlarini ochib yuboradigan kuch yo’qdir.

Kamina buyuk ajdodlar izidan borib o’z ilmiy darajam sarhadlarida  o’zligimni anglab Tangri ishqida ibodat qildim. Angladimki, olamning o’tkinchi bekatida qo’ngan har bir inson, agarkim qalbini pok aylab haqiqat istagida tursa uni olib ketuvchi o’lim sharbati oxir-oqibat sirli olamning nurli saltanatiga olib o’tgay. Agarkim aksi bo’lsakim, nafs istagini istab qalbini vayron qildi, ruhi ham o’likdir va o’lim sarhadida qolib ketgaydir.

Insonlar qalbiga ezgulik ulashmoq hikmatidan o’zga buyuk hikmat yo’qdir. Odamlar nega bir-birlarini o’ldiradilar, o’zlari o’lmaydilarmi, odamlar nega bir- birlarini aldaydilar, o’zlari aldanmaydilarmi, odamlar nega bir-birlariga xiyonat qiladilar, o’zlari xiyonat girdobiga tushmaydilarmi? To’rt kunlik olamda nechun zulm, nechun adovat?

Angladimki, ilohiy  ishqning samarasi boqiylikdir. Fanodagi natijasi ezgulikdir. Ezgulik saltanatiga kamol topmoq fursati inson istagidadir. Bu istakning tug’ilmog’i ishq otashidadir. Otashning nur sochmog’i quvvati Tangrini sevmoqdadir.

So’fiylik falsafasining tamoyili nadur deganda dedimki, insonlar qalbiga nur ulashmoq, ezgulik hikmatini sochmoqdir. Kim o’zligini angladi, Tangri ibodatidadur. Saodati tiniqdir. So’fiylik tariqatining hikmati ezgulik ekan, bu yo’lni tanlab Tangrining ishqiga tushmoq har bir qalbning imon ixtiyoridadir.

Tangriga shukrlar bo’lsinkim, buyuk ajdodlar ilmini davom ettirmoq istagi va  Tangri taoloning ilohiy ilhomi orqali kamina ilohiy bir go’zal falsafa manziliga qadam qo’ydim.  Muqaddas zaminimiz  ilmiy-ilohiy falsafalarini davom ettirmoq majburiyati bizning gardanimizdadir. Shunday ekan, qalbimiz tubida ilohiy bir ishq otashi orqali yuzaga kelgan Tangri taoloning in’omi, mukammallik va komillik falsafasi, illo  xalqimizning milliy ma’naviyatiga, madaniy yuksalishiga, ilohiy-ilmiy  darajalarini yuksaltirishga xizmat qilgay. Nursafardiyya falsafasining vujudga kelishi bu yurtimizda tarixiy buyuk ajdodlarning quvvatiy manbalarini qayta uyg’onishiga , tarixiy so’fiylik falsafasini tiklanishiga sabab bo’ldi.

So’fiylik tariqati bu ezgulik falsafasidir. Nursafardiyya so’fiylik tariqatining yigirma yillik faoliyati  xalqimizning tafakkur tarbiyasiga baholi qudrat hissasiga tengdir. Bizkim, komillik yo’lidamiz, mukammallik yo’lidamiz. Ilohiy bir tuyg’ular asosida vujudga kelgan ilmiy risola va donishmandlik hikmatlari xalqimiz orasida komillik nashidasi bo’lib kirib bordi. 

Dedimki, bizning hikmatlar ko’zga ko’rinmasdir. Va, lekin anglamoq lozimki, gap vujudda emas, uning ichidagi quvvatdadir. Bizkim chinorning savlatiga qarab baho beramiz, lekin uning savlatini yuksaltirib turgan tomiriga e’tibor qaratmaymiz. So’fiylik ana shu tomirdir. Ko’zga ko’rinmas quvvatdir. So’fiylikning siru sinoatlar Tangri taoloning quvvati ila paydo bo’lur, lekin uning amaliyotda sodir bo’lishini insonlar anglamaslar. Nursafardiyya so’fiylik tariqatining millatimiz ma’naviyatiga qo’shgan hissasi ezgulik tamoyillari orqali hikmat durdonalarida namoyon bo’lsa uning sirli ilohiy quvvati ma’naviy rivojlanishga beqiyos hissa qo’shdi. Turkiy xalqlarning tarixiy shajarasi tiklandi. Tarixda ma’lumki, so’fiylik tariqatlari gullagan paytda millatning milliy ma’naviyati, madaniyati, ilmiy tafakkuriy darajasi yuqori bo’lgan. Agar e’tibor qiladigan bo’lsak, keyingi besh asr davomida so’fiylik tariqatining ko’zga ko’rinmaganligi oqibatida ma’naviy etuklik, ilmiy yuksalishlar pasayib madaniy qaramlik holatlari yuz berdi. Buyuk daholar shajarasi to’xtab qoldi. Xalqimiz asorat iskanjasiga tushdi. Ma’naviyatimiz, madaniyatimiz, milliy qadriyatlarimiz siquvga olindi.

Nega?

Anglamoq lozimki, fano olamining nafsidan kechib ilohiy ishq orqali Tangriga yuz burgan avliyolarning quvvatiy duolari, nafaslari balo qazolardan asragay. Bizkim, keyingi asrlarda ana shunday avliyolar ilmidan yiroqlashdik. Tangri marhamatiga musharraf ulug’ zotlarning quvvatiy manbalari pasaydi.

So’fiylik tariqatida turgan insonga Tangridan o’zga hech vaqo kerak emas. So’fiyning vazifasi insonlarga ilohiy ilm orqali donishmandlik hikmatini ulashmoqdir.

Bir podsho so’fiy avliyoning oldiga kelib uning duosini olgach oldilariga bir hovuch tilloni qo’yadi. Avliyo aytadiki, - bu matohingni ko’tar. Bizga bunday matoh bilan tuproqning qadri tengdir.

Donishmandlarning aqlu zakovatiga nega tahsinlar aytmaylik. Tarixda yashab o’tgan buyuk sarkardalar ham azizu avliyolarni o’zlarini pirlari deb qabul qilishgan. Duolarini olishgan.

So’fiylik tariqatining quvvatiy ilhomi insonlarning qalbiga sezdirmasdan kirib boradi. Insonlarning tafakkur tarbiyasiga beqiyos hissa qo’shuvchi bunday go’zal falsafa orqali insonlar avvalo odamiylikni o’rganadilar.

Nursafardiyya tariqatining asosiy tamoyillaridan biri bu avvalo insoniylik tuyg’ularini rivojlantirishdir. Agarkim, xalqimiz orasida milliy ma’naviyatimiz, madaniyatimiz, asl qadriyatlarimiz tiklangan va o’z o’rnida rivojlanayotganligini sezgan bo’lsak, demakkim muqaddas zaminimizda buyuk ajdodlarimizning quvvatiy manbalari aynan Nursafardiyya so’fiylik tariqati orqali ko’z ochibdi.So’fiylik tariqati ilmining mohiyatida Tangri taoloning ibodati namoyondir. Demakkim, biz so’fiylik tariqati yo’lida ilohiy ibodat orqali Tangriga yuzlanib uning ibodatida turgan ekanmiz, illo bu zaminga balo- qazolar begonadir. Chunki ibodat qilgan kishining iltijosi albatta Tangriga etib borgaydir.

Xalqimiz donishmand xalqdir. Bu millatning ma’naviyatiga, madaniyatiga hissa qo’shmok, uning qadriyatlarini kelajak avlodlar hukmiga bekamu-ko’st etkazmoq yuki avvalo shu yurtda yashab turgan so’fiyning gardanidadir. Chunki so’fiy ana shu yukni  donishmandlik sifati bilan hikmat tarzida insonlarga burch  qilib beradikim, bunday  go’zal ma’naviyatga sodiq qolgan avlod hech qachon o’zligini yo’qotmagaydir. So’fiy garchi o’zi Tangri ishqida tursada uning elkasida xalqning dardi yotadi. Chunki olami fanoda hamma birdek so’fiychalik ibodatning yuksak cho’qqisida turolmagay. So’fiyning ishqi Tangri, dardi xalqdir. Biz so’fiylik tariqatida, uning mashaqqatu, riyozatlarida o’zimizni Tangriga bag’ishlab xalqimizni duo qilsak, illo millatimiz hech kimdan kam bo’lmagay.

Kamina shu narsadan benihoya quvonamanki, oxir-oqibat so’fiylik tariqatini avliyolar ilmi ekanligiga iymon keltirishdi. Umuminsoniyat qadriyatlariga asoslangan ilohiy bunday go’zal falsafani oqimga yoyish adolatdan emas. So’fiylik tariqatida ilohiy ishqdan, ezgulik amallaridan, hikmat buloqlaridan, haqiqat ne’matidan o’zga tuyg’u bo’lmagan va bo’lmaydi ham.

Nursafardiyya so’fiylik tariqati millatimizning milliy ma’naviyatiga, madaniy yuksalishiga, azaliy qadriyatlar asosida xalqimizga xizmat qilishiga, illo, shubhamiz yo’qdir.

Nursafardiyya tariqati falsafasi ichidagi o’n to’rtta ilmiy-ilohiy hikmatlar xazinasi bu har bir insonning mukammallik darajasini yuksaltirib, tafakkuriy komillik hujayralarini uyg’otadi. Bu olamda o’zlikni anglash, Tangrini anglashdanda ortiq mukofot bormi? Ne’mat bormi?

Nursafardiyya tariqatidagi so’fiy jang san’ati yo’nalishidagi amaliyotlar insonga nima beradi?

Qadrdonim, so’fiy jang san’atining mohiyati insonning insonga qo’l ko’tarishini emas, aksincha o’z nafsiga qarshi o’zi kurashishini anglatadi. So’fiylik ezgulik falsafasi bo’lsa-yu, bunday guzal ilmiy g’oyalar qanday qilib insonni insonga qo’l ko’tarishini o’rgatsin. Bunday jang san’ati inson qalbidagi nafs pardalarini ko’tarishga xizmat qiladi. Inson borki, so’fiy jang san’ati orqali mukammallikka erishadi, komillik sarhadlarida o’z darajasiga ega bo’ladi. Nursafardiyya so’fiylik tariqatining insoniylik cho’qqilarini zabt etishi uchun xizmat qiladigan so’fiy jang san’atining har bir harakatida ilohiy quvvatiy manbalar namoyon bo’ladi. So’fiylik tariqatini anglamoq uchun mukammal falsafaning ilm buloqlari suvlaridan qonmoq kerak. So’fiy jang san’atidagi ilohiy harakatlar tizimi bu ilohiy ibodatdir.

Tarixdan ma’lumki, so’fiy avliyo Najmiddin Kubroning mo’g’ullarga qarshi kurashi bu, ul zotning etmish yoshdan o’tganlariga qaramay naqadar mukammal zot bo’lganlaridan darak emasmi? So’fiy jang san’ati bu jismonan etuklik, ruhan tetiklik va tafakkuran quvvatga erishmoq manbaidir. Agarkim, so’fiyga jang qilish majburiyati tug’ilsa uning nigohi kifoyadir. Ki uning karomati ilohiy bir ibodat orqali namoyon bo’lib nafasidagi quvvatning yoxud shunchaki bir nigohning o’zi samara bergaydir.

So’fiylik tariqatining mohiyati shundaydir. Nursafardiyya so’fiylik tariqatining mazmuni, bu insonlarga ilhom beruvchi, ijobiy quvvat tarqatuvchi, ichki quvvatlarni uyg’otuvchi go’zal bir falsafadir. Uning mohiyati inson qalbini Tangri ishqidan bekitib turgan nafs pardalarini ko’tarib, zamonaviy tilda aytadigan bo’lsak, ichki kechinmalardagi viruslarni tozalaydigan kuchli mexanizm demakdir.

Faxrlanib ayta olamizki, Nursafardiyya so’fiylik tariqatining millatimiz ma’naviyatiga qo’shgan hissasini Evropa  olimlari ham yuksak baho berdilar va ularning Sharqqa bo’lgan qiziqishlari yanada kuchaydi. Bu ham so’fiylik tariqatining  yurtimiz sha’niga uning ilmiy- ilohiy bir jarayonda jahon miqiyosidagi tutgan yuksak o’rnini yana bir bor isbotladi. Evropaning nufuzli mamlakatlaridan bir Germaniyada Nursafardiyya so’fiylik tariqati haqida «Ix ben so’fiy» ya’ni «Men so’fiyman» nomli katta kitob chop etildi.  Evropadagi Nursafardiyya maktabining vakili shuni ta’kidladiki, ilm maskanining faoliyati boshlangan davrda so’fiylik maktablarida yigirmatacha shogird bo’lgan bo’lsa bugungi kunda ularning soni ikki mingdan oshib ketdi.

Nursafardiyya falsafasining asosi bu xotirjamlikdir. Zero, inson ilohiy bir ishq orqali Tangrini sevarkan, unga fano olamining ishqi begonadir.

Nursafardiyya falsafasining insonlar qalbiga kirib borishining asosiy sababi bu ilohiy quvvat orqali yuzaga kelgan buyuk ajdodlarning ilmiy ilohiy meroslarining davomiyligidir.

So’fiylik tariqatining falsafasi ilohiy bir ilhom, Tangrining ne’mati bo’lgani uchun ham bunday go’zal falsafaga qarshi borib bo’lmasdir. Chunki uning zamirida ezgulik va adolat, haqiqat va yuksak tafakkur, pokiza qalb va insoniylik amallaridan o’zga hech vaqo yo’qdir. Bu holat faqat ilohiy ibodat orqali yuzaga kelgan ekan, uning tamoyillarini kamsitgan inson illo Tangrining qahriga duchor bo’lgaydir. Biz ham insonlar qatoridagi oddiy bir insonmiz. Tarixiy so’fiylik tariqatining vazifasi bizning gardanimizda ekan, Tangrining buyuk ilhomini xalqqa donishmandlik va ezgulik sifatlarini  tortiq etmoqni muqaddas burchimiz deb bilamiz.

Kamina dunyo ishqidan kechdim va butun umrimni Uning jamoli va jaloliga qaratdim ki uning menga bergan ne’matini uvol qilmasman. Ki men shunday mukofotga sazovor ekanman, demakkim Tangrining ezgulik ilmiga yo’g’rilgan ilmini xalqqa berib ularning tafakkur chashmalariga ilm sharbatlarini qo’ymoqni ilohiy bir vazifa deb qabul qilaman.

Ezgulik falsafasidagi insoniylik tamoyillari tafakkur g’unchalarini uyg’otib, yaxshini yaxshiga, yomonni yomonga ajratadi, ularni yot oqimlar ta’siridan saqlaydi. O’zimizda ilohiy ilmlar bulog’i qaynab etganidan quvonib o’zliklarini anglagan holda millatparvarlik ruhida kamol topadilar.

Nursafardiyya so’fiylik tariqati jamiyatimizga nima berdi?

Aminmanki, yuksak ma’naviyatni, milliy qadriyatlarimizni, madaniy meroslarimizni tiklashga hissa qo’shayotgan tariqatimizning bu o’rinda hissasi baholi qudrat namoyondir. So’fiy jang san’ati, so’fiy xattotlik san’ati, so’fiy harakatiyoti, so’fiy tabobati, so’fiylik raqs tizimi, qolaversa falsafa ichida turgan o’n to’rt yo’nalishning barchasi o’z ilmiy tamoyillari bilan millatimizning ma’naviy yuksalishiga, ularning  jismonan sog’lom, ruhan tetik bo’lishlariga  xizmat qilmoqda. Aminmanki, ilohiy ilm quvvati muqaddas yurtimizda ko’z ochdi.

So’fiylik tariqatining quvvati shundaki, u tarixda yo’qolib ketgan ba’zi an’analarning  uyg’otib yuboradi. Nursafardiyya tariqatidagi falsafiy qarashlar, uning amaliyotidagi ajdodiy-ilmiy  tiklanishlar samarasi bundan dalolatdir. Shu sabab ham yangi tariqatning ilmiy- ilohiy amaliyotlari ko’pchilik uchun yangilik sifatida qabul qilindi. Biz tarixda yashab o’tgan buyuk avliyolarimizning ilmiy falsafalarini, unutilib ketgan amaliyotlarini ilohiy bir ibodat orqali, Tangrining mukofoti sifatida uyg’otdik, desak haqiqatga yaqin bo’ladi. Shu bois ham ishonch bilan ayta olamizki, Nursafardiyya tariqati, agarkim nomi kamina sharofati bilan atalsada, bunday go’zal falsafa chin ma’noda xalqimizniki, millatimiznikidir.

Biz ezgulikni sevamiz. Millatimiz saxovatni mehr- oqibatni, adolat va haqiqatni , har qancha dunyo ishqida bo’lmasin, baribir Tangrini sevadi. Biz Tangridanmiz. Bizning maqsadimiz ezgulikni asrash, insoniylikni kamol toptirishdir.

Ezgulikka muhtojlik hamisha bor bo’lgan. Ezgulikni hamma sevadi. Nursafardiyya so’fiylik tariqatining mohiyatidagi ezgulik sof va barqarordir. Evropa davlatlarining vakillari ham bu borada ko’plab maqolalar chop etmoqdakim, bu holatdan quvonmay ilojimiz yo’qdir. Germaniyalik nufuzli adib Hayyo Berkmanning «Baland tog’larga sayohat» kitobi aynan Nursafardiyya so’fiylik tariqati ilohiy tamoyillari ichidagi ezgulik  haqidadir.

Bu holat nimadan darak?

Birinchidan, muqaddas yurtimizning buyuk ajdodlarining ilmiy-ilohiy meroslarining davomiyligidan va to hanuz Evropada ta’siri yuqoriligidan darakdir.

Ikkinchidan, taraqqiet ortidan yo’l olganga asl qadriyatlarini unutgan Evropaning asl holati, milliy o’zligiga qaytish istagining uyg’onganidan darakdir.

Anglamoq lozimki, ilohiy falsafalarsiz inson o’zligini yo’qotadi. Bu holatni Evropa va Amerika mintaqasida kuzatish mukin.

Kamina Shveytsariyaning Tsyurix shahrida so’fiylik maktabim bor. Men bu maskanga ilm izlab kelgan insonlar bilan suhbatlashaman.

Ular nima istaydilar?

Gap shundaki, taraqqiyot ortidan ildamlab ketgan «tafakkuri ilg’or» Evrozona aholisiga avvalo gap uqtirish qiyin masala. Ammo taraqqiyot oxir-oqibat ularni shu darajaga olib keldiki, ular milliy qadriyatlarini unutib qo’ydilar. Vaqti kelib esa ilmga, o’zlikni anglash tuyg’ulariga muhtojlik sezib qoldilar. Asliyatlarini qo’msadilar.

Mana biz jannatni yaratdik, endi nima qilaylik, yashash faqat nafsni qondirishdan iborat bo’lmasa kerak, yashashning mohiyati nimada? - deyishadi.

Anglamoq lozimki, jannat faqat eb-ichishdan, ayshu- ishratdan iborat emasdir.

Jannat bu qalbdir, tafakkurdir, o’zlikdir, Tangridir.

Qolgani o’tkinchidir. Nafsning hiylasidir. Ular yaratgan jannat shundayki, unda to’kin-sochindir, lekin qalblari parda ortidadir. Nafsdan o’zgasini ko’rmaslar.

Ularda ayshu-ishratdir, taraqqiyot barcha yumushlarni bajarar,  lekin tafakkurlari muzlatilgandir.

Ularning xudosi taraqqiyotdir.

Bizdachi?

Bizda ilm bor, ilohiy falsafalar bor, ma’naviyat va madaniyat bor, milliy o’zlik bor, tarixiy qadriyatlarimiz bor. Eng asosiysi o’zlikni anglash va Tangrini anglab unga ibodat va e’tiqod istagi bor, tuyg’usi bor. Bunday anglashning kaliti so’fiylik tariqatidadir. So’fiylik tariqati butun dunyo millatlarining ajdodlar qadriyatlarini saqlab qolgan yagnona manbadir. So’fiylik tariqatining ilohiy quvvat mexanizmi ajdodiy qadriyatlarni o’zida hamisha saqlaydi. Ruscha aytganda «soxranit» qilib qo’yadi. Va shunday davr keladiki, ilohiy bir ishq bilan Tangriga yuzlangan inson zikr orqali, ibodat orqali ana shu asralgan manbalarni qayta uyg’otadi. Ya’ni, unutilgan, lekin saqlangan qadriyatlar papkasini ochadi. So’fiyning bunday papkani topmoq hunari  ilohiy jarayon bilan zikr orqali Tangrining ixtiyori ila ro’y beradi.

Aslida insoniylik tuyg’ulari ko’rinmas bo’lgan so’fiylik quvvatidan ozuqa oladi.  Donishmandlik hikmatlari, ezgulik amaliyotlari bu so’fiylikning asosiy tamoyilidir. Bunday go’zal falsafa ichida kamol topgan buyuk allomalar hikmatiga amal qilib ulardan o’rnak olishni har bir inson istaydi. Demakkim, hikmatlar olami so’fiylik tariqati ajdodlar ilmi quvvatida namoyon ekan, illo, ajdodlar ilmiga hurmat bildirgan inson chin insoniylikning ostonasidadir…

So’fiylik tariqati chin ma’noda ko’rinmas ustundir. U ko’z ilg’amas xabarlar bilan insonlar qalbiga kirib boradi. Inson borki, hamisha ilmga muhtojlik sezadi. Tafakkur sandiqchasini o’zlikni anglash ilmi bilan to’ldirish lozim. Ilohiyotdan kelgan, Tangri yaratgan insoniyatning  ilmga chanqoq o’sha tafakkur sandiqchasidagi bo’shliqni to’ldiruvchi quvvatiy ilm bu so’fiylik falsafasidir. Insonlar buyuk ajdodlar hikmatidan bahra olib ularning donishmandlik ilmidan xabar topadilar va hayotlarida to’g’ri yo’l topishga asosiy manba sifatida  foydalanadilar.

Demakkim, bizning so’fiylik falsafamizga ham shogird tushmoq shart emasdir. Maqtovga muhtoj bo’lmagan ilmiy falsafamizdan bahra olib jamiyatda o’z o’rinlarini topib xalqparvarlik , millatparvarlik ruhida kamol topib vatanimizga munosib xizmat qilsalar boshimiz ko’kka etgaydir.

Nursafardiyya so’fiylik tariqati mukammallik va komillik yo’lidagi insoniylikni qadrlaydigan amaliyot maktabidir. Agarkim, tariqat zarvaraqlarida bitilgan so’fiylik tariqatlarining ilmiy g’oyalariga nazar tashlaydigan bo’lsak, nazariyot ilmi birinchi pog’onada turadi. Nursafardiyya so’fiylik tariqatining  masalan, Evropada keng yoyilishining asosiy sabablaridan biri uning ilmiy g’oyalarning, falsafiy nazariyaning amaliyotda qo’llanilishi bo’ldi. Inson borki, ilm o’rgangandan so’ng uni amaliyotda qo’llamasa behudadir. Tafakkurda ilm bulog’i qaynab uni shogirdga uqtirib tafakkuriga quyib qo’yish bilan murod hosil bo’lmagay. Ilmni amaliyotda qo’llamoq lozimki, bu holat insonni komillik darajasida uning ham jismonan mukammalligini, ruhan tetikligini amalda isbotlaydi. Mukammallik bu harakatdir. Ibodat bu harakatdir. Ilm bu harakatdir.

Dedimki, insonga insoniylik kerak, odamiylik kerak. Inson odam bo’lib tug’iladi, lekin odam bo’lmasdan ulg’ayishi mumkin.

Inson nimaga muhtoj?

Tafakkurga muhtoj. O’zligiga muhtoj. Ulg’ayib kelayotgan insonga to’g’ri yo’l ko’rsatmoq lozim. Ilmga chanqoq ongini rivojlantirib tafakkur eshiklarini ochib yubormoq lozim. Ana shunda u inson bu olamga nega kelganini anglaydi. Aminmanki, Tangrini anglamagan inson avvalo odamiylik qiyofasidan emas, odam qiyofasidan chiqib ketadi. Odamning odamiylik qiyofasiga kirishi uchun unga munosib tarbiya kerak, odob-axloq printsiplarini o’rganishi kerak.

Bu olamda eng qiyin hunar nima desalar, dedimki, odamiylikdir. Odamiylikka qanday erishadilar, desalar dedimki, odamiylikka pokiza qalb, yuksak tafakkur ila erishadilar. Odamiylik xazinasini topmoq ishqida turgan inson olamning har turli nafsil amriga bo’ysunmagaydir. Saxovat, saxiylik etagidan tutar. Ezgulik amallarini kanda qilmasdir. Ibodat saroyida Tangrini anglagaydir. Qalbidan nafs istaklarini haydab uni vatanparvarlik, xalqparlik, millatparvarlik ruhi bilan to’ldirgaydir.

Aminmanki, bag’ri keng xalqimiz orasida bunday insonlarning sanog’i yo’qdir. Biz o’z milliy ma’naviyatimiz, madaniyatimiz, tarixiy qadriyatlarimiz bilan kuchlimiz, qudratlimiz. Nechun shunday yurtni qadriga etmasligimiz kerak.

Anglamoq lozimki, muqaddas yurtimizda buyuk ajdodlarimizning ilmiy-ilohiy xazinalari o’z o’quvchisini kutib yotibdi. Qolaversa, yurtimizda bunday go’zal falsafalarning bardavomligi ko’z ochib ilmiy ilohiy falsafalar tizimi ro’yobga chiqqan bo’lsa ilm izlab yurtdan nechun ketish kerak?

Kerak bo’lsa ilm istab bizga kelsinlar. Biz ularga qurol ko’tarib jang qilishni emas, odamiylikni, mehr- oqibatni, saxiylikni, saxovatni, ma’naviyat va madaniyatni, nafosat va go’zallikni, o’zlikni, komillik va mukammalikni o’rgatamiz.

Mehr-oqibatli, bag’ri kenglikni sevgan millatimizga xotirjamlikdan o’zga hech narsa kerak emas. Nega adovat, nega urushmoq kerak? Nega kimdir otasiz, kimdir bolasiz qolishi kerak? Nega kimdir etim, kimdir beva qolishi kerak. Yashashdan ma’no nima? G’urbatmi, kulfatmi, g’am alammi? Armonmi?

Ilmdan o’zga go’zal istak bormi dunyoda?

Bizning jannatimiz u yoqda. Jannat yarataman deb do’zaxni barpo qilish kimga kerak? Tinchlikka, xotirjamlikka nima etsin. Hech qachon yurtimiz osmonida qora bulutlar tushmasin.

Bizkim jahon miqiyosida milliy madaniyatimiz, ma’naviy go’zalligimiz, tarixiy qadriyatlarimiz ulug’vorligi bilan  yuqori o’rinda turamiz. Butun tarix davomida muqaddas yurtimizga chet elliklarning oqimi to’xtamagan. Va hozirgi zamonimizda ularning soni ikki barobarga ko’paydi. Nega?

Anglamoq lozimki, chet elliklar chet ellarga asosan megapolis shaharlarni tomosha qilgani, dengizlar bo’yida hordiq chiqargani boradilar. Bizdachi. Garchi bizda megapolis bo’lmasada chet elliklarning oqimi to’xtamasligining sababi nimada?

Anglamoq lozimki, ular bizdan madaniyatni, ma’naviyatni, tarixiy qadriyatlarni o’rgangani keladilar. Ilm istab ma’naviyat istab keladilar. Ular ko’rgan megapolis hali bizda ham ko’riladi. Ularda bor narsa bizda ham bo’ladi. Lekin bizda bor narsa ularda yo’qdir. Shuning uchun ham millatimiz kuchlidir. Qudratlidir.

Nursafardiyya so’fiylik tariqati maktabiga chet elliklarning qiziqishi tufayli ham yurtimizga tashrif buyurgan mehmonlarning aksariyat qismi falsafamiz ilmi bilan tanishib tarixiy, milliy an’analarimizning davomiyligiga tahsinlar aytadilar. Biz bu holatdan albatta, quvonamiz. Ularning tashrifi chog’ida milliy raqslarimizdan bahra oladilar, sharqning ilohiy tabobati va ajdodlar ilmi ilohiy meroslaridan unib chiqqan Nursafardiyya falsafasining amaliyotlari samarasi bilan ko’rgazmali chiqishlarimizni ko’rib hayratda qoladilar. Harakatlar tizimi, ibodat tizimi, jang san’atining mohiyati, xattotlik san’ati, zikr tizimi haqida beqiyos taassurotga ega bo’lgan ilm ishtiyoqmandlarining  sharq ma’naviyatining bir bo’lagi hisoblangan Nursafardiyya falsafasiga nisbatan e’tibor va hurmatlaridan quvonamiz.

Dedimki, so’fiylik tariqati irq tanlamas, millat tanlamas, ki u umuminsoniy qadriyatlarga asoslangan mukammal bir falsafadir. Odamiylik va ilohiylik falsafasidir.

Mendan so’radilarki, ilohiylik nima? Men dedimki, ilohiylik bu chinakam odamiylikdir. Yana so’radilar, odamiylik nima? Men dedimki, odamiylik bu ilohiylikdir.

Xonaga yolg’iz qolganda ko’rpachaga o’tirib do’ppini erga qo’ygancha bir fikr qiling.

Qarang,  Tangri taollo sizni qanday go’zal va mukammal qilib yaratgan. Bunday go’zallikni ko’kka ko’tarish ham tubanlikka itarish ham o’z qo’lingizdadir. Tangrining marhamatini nega uvol qilmoq kerak. Nega tafakkur bulog’ini uyg’otib qalb oynasini ravshan etmaslik kerak. Tangrini qaerdan izlamoq kerak. Osmonga tikilib Tangriga iltijo qilmoqdan oldin qalbga iltijo qilmoq kerak. Tangri qalbdadir. Qalb pardasi ortida buyuk xazina yashirindir. Bunday xazinani topmasdan dunyoning ayshu- ishrati bilan umrini xazon qilganlar qancha.

Men o’zimni anglamog’im uchun avvalo qalbimni angladim. Qalbim menga Tangrini anglatdi. Biz nega Tangriga shukr qilmaylik. Biz qaerdan keldik va qaerga ketamiz? Tangrini ko’rmaslik bu Tangrini yo’q degani emas. Anglamoq lozimki, misol tariqasida agar Tangri tomir bo’lsa daraxt bu hayotdir, mevasi bu insondir. Biz daraxtni anglaymiz, shunda gullab mevaga aylanamiz...  Lekin bu daraxt nimadan quvvat olib nega ko’karib yashnab turganini anglamaymiz. Tomiri ko’rinmasdir. Uning asosidagi ozuqa manbaini ko’rolmaymiz.

Anglamoq lozimki, inson o’zlikni anglash orqali Yaratganni anglaydi. O’tkinchi olamning mohiyatiga tushunadi, fikr qiladi, tafakkur ilmiga oshno bo’lib ibodat olamiga qadam qo’yadi.

Ibodat nima?

Ibodat bu avvalo qalbni poklashdir. Ana shuning o’zi ibodat. Qalb poklansa, demakkim, bunday pok va musaffo olamga Tangrining ilohiy nurlari yog’ilgaydir. Garchi sizning qalbingizda manmanlik tuyg’ulari bo’lsa, saxovatni bilmasangiz, mehr-oqibatni unutgan bo’lsangiz ovvora bo’lib ibodat qilganingiz inobatga olinmasdir. 

Qalb pokligi bu chinakam ibodat sanaladi.

Nursafardiyyaning jamiyatdagi o’rni qanday?

Ilohiy olamning sirli saltanatida ibodat shodalari ila zikr marvaridlarini tergan har bir qalb sohibi ezgulikni sevadi. Nursafardiyya so’fiylik tariqatining sinchi aynan ezgulik amaliyoti bilan xalqimiz ichiga kirib bordi. Ilohiy ibodat har bir mo’min-musulmonning burchidir. Ibodat olamiga kirmaganlar dunyoviy yumushda bo’lsalar Tangrining nomini hamisha qalban yod etsinlar. Zero, Tangri aytadiki, meni bir bora eslaganga mukofotim bordir. Qalban Tangri taolo zikrida bo’lib dunyoviy yumushlarini kanda qilmagan insonlar ham ibodat olamida sanaladi. Qalb ibodati muhimdir. Zero, pokiza qalbdagina ilohiy bir ishtiyoq bo’lar.

Ezgulik amaliyoti. Bunday go’zal tuyg’u insonni insoniylik darajasiga ko’taradi. Odam degani bilan odamiylik o’z-o’zidan paydo bo’ladigan hosila emas. Odam aslida barcha mavjudodlar singari bir mavjudoddir. Odam aslida bu olamning sir-sinoatlarini anglab o’zidan odamiylik yarata oladigan ongli mavjudoddir. Odam o’zini o’zi kashf qilmog’i lozim. Ilmga chanqoq tafakkurini o’tkinchi olamning pokiza tuyg’ulari bilan sug’orsa demakkim, odamiylik kashf qilinibdi. Nursafardiyya so’fiylik falsafasining amaliyotida ana shunday kashfiyotning asosi yotadi. Tafakkur ilmi va qalb pokligi. Ana shu ikki xilqat odamni odamiylik darajasida yuksaltirib, el-yurt orasida hurmat e’tibor qozonishida xizmat qiladi.

Nursafardiyya so’fiylik falsafasidagi o’n to’rt yo’nalish, nazariy va amaliyot g’oyalari aynan inson muhtoj bo’lgan, lekin topa olmagan ilohiy insoniy qiyofalarini namoyon etishga xizmat qilib ularning komillik va mukammallik darajalarini ta’minlab beradi.

Yuqorida biz so’fiy jang san’ati haqida fikr yuritdik. So’fiy jang san’ati bu o’sha odamiylikning namoyon bo’lishida, uning komillik maktablaridan yuqorilab mukammallik sirlaridan oshno holatda Tangrining ilohiy quvvatiga musharraf etishda asosiy rolni o’ynaydigan amaliyot jarayonidir.

So’fiy jang san’ati bu insonning o’zini topishida muhim ahamiyat kasb etadigan mukammallik siridir. Ma’lumki, fano olamida inson yashar ekan, uning umrining ko’p qismi nafsning iskanjasida bo’lib ko’p hollarda o’zligini anglamay ham ruhiy va ham jismoniy xastaliklar qurshovida umr kechiradi. Inson umrini o’g’irlovchi, uni Tangridan yiroqlashtirib qalbiga parda tortuvchi asosiy kuch bu nafsdir. So’fiy jang sana’tning maqsadi ana shu nafsga qarshi kurashni anglatadi. Aslida insonda sabr degan tuyg’u etishmaydi. Insonlarning aksariyat qismi sabrsizdir. Chunki nafs tuyg’ularining yoqimli hissiyotlari ularni hamisha tanlagan yo’llaridan og’dirib turadi. Dunyoning mazmuni faqat nafsdan iborat emasdir. Sabr ortida yotgan mashaqqat zamiridagi rohat bu chinakam rohatdir. Xotirjamlik rohatidan o’zga buyuk rohat bormi? Aminmanki, Tangrini anglab o’zligini kashf qilgan inson dunyo nafsidan yiroqdir. Nafs nima? Qadrdonim nafs bu eb ichmoqdan iborat emas. Tangrining yaratgan nozu- ne’matlari osh bo’lsin. Ammo dunyoga mukkasidan ketib hisobsiz boylik evaziga manmanlik qilmoq, xasislik birla nochorga bepisand qaramoq, birovni haqini emoq, zulm qilmoq, adovat qilmoq, g’iybat, zo’ravonlik qilmoq bu nafsning chinakam ko’rinishidir.

So’fiy jang san’ati insonni vujudidagi, uning hujayrasidagi quvvatiy markazlarni uyg’otib yuboradi. Tarixda ma’lumki, ilohiy ilm ishqida Tangrining quvvatiga intilgan, uning jamoliga oshufta pokiza qalblar bo’lmish avliyolar karomat sohiblari bo’lganlar. Suv ustida yura olish, birinchi makonda turib boshqa manzilda paydo bo’lish, birgina nigoh bilan inson ruhiyatiga ta’sir o’tkazish sirlari, qo’yingki, inson tasavvuriga sig’dira olmagan mo’’jizalarning  asosi avliyolik ilmi bilan bog’liqdir. Aslida avliyolik darajasiga etgan insonlar o’z karomatlarini hamisha sir tutadilar. Karomatning siri nimada? Ilohiy ilmda. Ilohiy ilmning asosi esa so’fiy jang san’ati bilan bog’liq. So’fiy jang san’atining mohiyati esa o’z nafsiga qarshi o’zi kurashib o’zligini kashf qilmoqdir. So’fiy jang san’atidagi ilohiy harakatlar tizimi bu ilohiy ibodat demakdir. Chunki inson qalbini dunyo nafsidan poklab ilohiy olam saltanatiga qadam qo’yarkan, agar uning o’rgangan ilmi amaliyotga ko’chmasa murod hosil bo’lmasdir. So’fiy jang san’ati ilohiy ilmni nazariyadan amaliyotga o’tkazuvchi muhim manba hisoblanadi.

Nursafardiyya so’fiylik falsafasidagi tabobat ilmiga nazar tashlaydigan bo’lsak, uning ilohiy bir jarayonda insonlarning  sihat-salomatliklarini ta’minlash borasidagi xizmatlari ham beqiyosdir. Texnik taraqqiyot shiddat bilan rivojlangan, ekologik muhitning buzilishi oqibatlari sabablari, zamonaviy meditsinaning ximiyaviy dori-darmonlarining salbiy oqibatlari natijasi bilan insonlarning sog’liklari borasida ijobiy bir fikrni aytolmaymiz.

Keyingi davrlarda olam miqiyosida turli xil xastaliklarning paydo bo’lishining sababi nimada?

Ishonch bilan aytish mumkinki, nobop taraqqiyot ortidagi qora tutunlar insoniyat yashab turgan musaffo olamni  xastaga aylantirdi. Ekologik halokat  insoniyat vujudidagi hujayralar tizimigacha kirib bordi. Go’yoki, bugungi davrda har qanday xavfli kasallikning paydo bo’lishi odatiy tusga aylanmoqda. Zamonaviy meditsinaning inson sog’ligini tiklash borasida emas, ko’proq biznes taraqqiyotini rivojlantirish ilinji bilan turli xildagi ximiyaviy dori-darmonlarning ko’paytirishi inson vujudida birinchi kasallikni davolash orqali ikkinchi bir xastalikni paydo bo’lishi sabablarini namoyon qilmoqda. Inson vujudiga tabiiy musaffolik kerak. Ximiyaviy dori-darmonlarning inson organizmiga ta’siri nechog’li foyda berib, uning yana navbatdagi xastalikka duchor qilayotganligi achinarli xolatdir.

Nursafardiyya so’fiylik tariqatidagi tabobat olami bu  tabiiy toza, musaffo, ul»trabinafsha nurlariga to’yingan o’t-giyohlar yordamida avvalo profilaktik, ya’ni xastalikka chalinmasdan oldingi davolash uslubini qo’llab inson organizmida immun tizimini kuchaytirsa, ikkinchidan bu inson organizmining hujayra darajasigacha kirib borgan o’ta xavfli kasalliklarni davolash uslubini ham yo’lga qo’ygandir.

Kamina tabobat ilmida turganim sababidan tashrifimga kelayotgan insonlarning turli xildagi kasalliklariga tashxis qo’yar ekanman, xastaliklarning asosiy paydo bo’lish sabablarini ekologik halokat oqibatlaridan deb bilaman. Kamina huzuriga kelayotgan bemorlarning ko’pchilik qismi avvalida zamonaviy meditsinaga murojaat qiladilar va oxir-oqibat najot istab so’nggi ilinj bilan markazimizga qadam qo’yadilar. Markazimizga tashrif buyurgan xastalarning ko’pchiligi og’ir holatda  keltiriladi. Kamina shu holatdan xursand bo’lamanki, tabobat ilmi ila orttirgan tajribam sababi bilan ko’pchilik hayotdan umidini uzgan insonlarni sog’lom hayotga qaytardik. Markazimizga tashrif buyurayotgan  mijozlar ko’pchilik. Ularning og’ir yukini ko’tarmoq og’ir. Agarkim, kamina ilohiy tabobat sirlari bilan davolash uslubini yo’lga qo’ymaganimda bunday yukni ko’tarmoq, albatta, og’ir bo’lardi. Nursafardiyya tabobati jamiyatimizda yashab turgan insonlarning sog’liklarini saqlashda munosib hissa qo’shayotganligidan faxrlanamiz.

Nursafardiyya so’fiylik tariqatining insonlarning komillik va mukammalik darajalarini yuksaltirish borasidagi sayi-harakatlari bu avvalo xalqimiz ichra xalqparvarlikni vatan ichra vatanparvarlikni namoyon etadi. Falsafa ichida turgan amaliy jarayonlarning barchasi insoniy taraqqiyotga hissa qo’shmog’iga ishonchimiz komildir.

Har bir inson borki, sog’lom bo’lishni istaydi. Sog’lomlikning kaliti qalbdadir. Agarkim qalbingiz pok bo’lib Tangri ishqida doimiy ibodatda bo’lsangiz,  aminmanki, musaffo  manzilga har qanday kasallik kirib borolmaydi. Ruhingizni poklang. Qalb ustidagi nafs pardalarini ko’tarmasangiz u sizni ruhiy xastalikka yo’liqtiradi. Ruhiy xastalik bora-bora vujudiy xastalikni paydo qiladi. Inson ruhiyati sog’lom bo’lmog’i lozim. Ruhiy sog’lom bo’lmoq uchun esa qalbni poklamoq lozim. Tafakkurni ilmga qondirmoq lozim. Tangrini anglamoq lozim.

Nursafardiyya so’fiylik tariqati bu umuminsoniy qadriyatlarni o’z ichiga olganligi bilan  e’tibor qozonganini alohida ta’kidlash o’rinlidir. Shu sabab bilan ham insonlarning irqi, millati, dinidan qat’iy nazar tariqat falsafasidagi ilmiy g’oyalardan o’rnak olib o’rganmoq ilinjiga tushgan insonlarning hozirgi kunda dunyoning istalgan burchagidan topish mumkin. Buyuk ajdodlarimizdan biri so’fiylik tariqatida yuksak e’tiborga sazovor bo’lgan hazrat Naqshbandiyning ilmida turgan insonlarni mana besh asr o’tganiga qaramasdan dunyoning istalgan makonida uchratish mumkin.

So’fiylik tariqatining izdoshlari sifatida  Tangrining inoyati birla asos solingan bizning ezgulik falsafamiz ham ajdodlrimizning ilmi kabi butun dunyo bo’ylab qanot yozdi. Nursafardiyya elektron saytiga berilayotgan ilmiy g’oyalarimizdan, hikmat durdonalarimizdan bahra olayotgan insonlar turli mamlakat fuqarolaridir. Tariqat falsafasiga, ayniqsa Evrozonaning e’tibori bu ularning unutilgan o’zlik falsafalariga murojaat qilishlariga sabab bo’lmoqda.

Kamina bir haqiqatni aytishni lozim topamanki, Nursafardiyya so’fiylik tariqatining asosi, uning tarkibidagi g’oyalar diniy aqidalardan, siyosiy qarashlardan, iqtisodiy ilinjdan mutlaqo yiroqdir.

Nursafardiyya so’fiylik tariqatining asosiy mezoni bu faqat va faqat insonning komilligiga, insoniy mukammalligini ta’minlashga xizmat qiladi.

Siyosat bilan, iqtisod bilan, diniy ilmlar bilan siz kamol toping. Bizning dunyoviy kasbimiz yo’qdir. Bizning ilmimiz ilohiy ilm orqali insoniy tafakkurni rivojlantirish, mukammalik darajasi ila Tangriga yuz burishdir.

Mendan so’radilar, insoniylik nima?

Dedimki, insoniylik ilmdir.

Mendan so’radilar, ilm nima?

Dedimki, ilm qudratdir.

Mendan so’radilar, qudrat nima?

Dedimki, qudrat ilohiylikdir.

Mendan so’radilar, ilohiylik nima?

Dedimki, ilohiylik bu – Tangridir.

Demakkim, inson Tangridan kelgan va Tangriga qaytardir. Foniy olamida ezgulikni kasb aylab ilohiy ibodat orqali mukammallik sifati bilan o’zlikni anglab musaffo hayot kechirmoq oqil insonning kasbidur. 

So’radilarkim, ezgulik nima?

Dedimki, ezgulik bu buyuk insoniy qiyofadir. Inson neki ezgulik bo’lsa qalbiga sig’dira olar. Ezgulik amallari qancha ko’p qalbga sindirilsa inson yuzida shunchalik ilohiy bir nur paydo bo’lar.

Agarkim ezgulikka qarama qarshi bo’lgan salbiy tuyg’ularning ozrog’i qalbga parda tortsa inson bu xastalikni ko’tara olmasdir va ruhiyat xastaligi birla tubanlik orqali halokatga yuz tutar.

Qadrdonim, komillikning fursati etdi. Mukammallikning fursati etdi. O’zlikni anglash, tafakkurni ulug’lash fursati etdi. Ozod va obod yurtimizda ilm o’rganmoqning fursati etdi. Shukronalik davri etdi. Buyuk ajdodlarimizning ilmiy-ilohiy xazinalaridan bahra olib kelajak avlodlarga munosib ilm qoldirish fursatim etdi. Xalqimiz buyukdir, millatimiz buyukdir. Illo, hech kimdan kam emasdirmiz. Insoniy mukammallikni taraqqiyot rivoji bilan o’lchaganlar xato qiladilar. Taraqqiyot qudratini texnika ko’rsatadi. Insoniy taraqqiyot bu o’zlikdir, asl qadriyatdir, madaniyatdir, ma’naviyatdir. Agarkim, bizning madaniyatimiz, ma’naviyatimiz, tariximiz buyuk ekan, anglamoq lozimki, har qanday rivojlangan taraqqiyotdanda buyukroqmiz. Olam ichra bizning tarixchalik buyuk tarix, bizning madaniyatimizchalik  maftunkor madaniyat, bizning ma’naviyatimizchalik go’zal ma’naviyat yo’qdir. Azali buyuk bo’lgan millatning kelajagi ham buyuk bo’lmog’i aniqdir, ravshandir.

Aminmanki, ilohiy ilmlar rivoj topgan yurtda balo yog’ilmas. Aminmanki, ilohiy ibodat yo’lida yurt xotirjamligini tilab duo qilgan duogo’ylarning duosi ijobatdir. Aminmanki, jannatmakon yurtimizning shonu shuhrati hali tillarda doston bo’lgay. Bir kun kelib dunyo ahli bizga havas qilib yasharlar. O’rnak olarlar. Madaniyat va ma’naviyatni bizdan o’rganurlar.

Ilohiy ibodat birla Tangri ishqida uning jamoli va jaloliga intilib kunu tun zikr qilar ekanmiz bizga ma’lum bo’lgani shudir.

Alhamdulillahi Robbil A’lamin.

 

P.S Dunyo banklarida yig’ilgan xazinalarga kafolat yo’q shu kunda. Faqat qalb moviy bo’shlig’ida yig’ilgan ilohiy quvvatgina kafolatlidir.

YANGILANISHLAR

MAHSULOTLAR

Media-mahsulotlar pochta orqali

SAYT XARITASI

STATISTIKA