TOIFALAR

QATRON

SHOGIRDLARNING SHARXLARI

NURSAFARDIYYA
ISH FAOLIYATI

QIDIRUV

HAMKORLAR

Biz zaboniy millat bolib qola olamizmi yoxud english sindromi

Muallif: Sofiy tabib Nursafardiy

Joylashtirish vaqti: 2015-04-08

Men nadin angladim millat qadrini,
Avvalo dildan, so’ng qadrdon tildan.

Bismillahir rohmanir rohiym…

Dedimki,  millat ishqida turgan inson borki, dilni poklagay, o’zlikni anglagay. O’zlik nadir desalar, dedimki, o’zlik avvalo Tangrini anglashdir. Inson foniy olamida Tangrining mo’’jizasi bilan  yorug’lik nashidasi ila umr atalmish bir ne’matga sazovor bo’lar ekan, uning irqi, elati, millati g’ururi qalbida jo’sh urib  ma’lum bir an’analari, go’zal madaniyatlari asosi bilan rivoj topib boradi.

Olamda millatning soni ko’p, elatning soni ko’p. Har bir irq borki, uning ichida turfa millatlar, elatlar, qabila va qavmlar yashar.

Millat nima?

Millat bir qondan kamol topib o’z milliy an’analari, milliy udumlar asosida rivojlangan, o’z tarix-tamadduniga ega, moziy qa’ridan chiqib kelgan asl qabila va qavmdir. Bir elatdir, eldir. Tangri taolo insonlarni qavmga, elga, elatga, millatga bo’lib yaratgan. Agarkim, insonlar orasida bir xillik mavjud bo’lganida hayotning qizig’i, ma’nosi bo’lmasdi. Demakkim, shunday ekan, millatlarga ajratilgan insonlarning  asl kelib chiqishi tarixi, madaniyati, milliy an’analari o’zga millat insonlari uchun mo’’jizakor bir manzarani namoyon etadikim, ular o’zlarining  jozibakor udumlari ila hamisha faxrlangaylar.

Millatning azali nimadan boshlanur?

Millatni til ila farqlagaylar. Agarkim til bo’lmasa millat millat emasdir. Millat tilini asramoq esa har bir millatdoshning burchi bo’lmog’i lozimdir. Har bir millatning moziy qa’ridan paydo bo’lgan so’zlashuv uslubi avvalo ilohiyot sirlari ila mujassamdir. Hech bir til borki o’z-o’zidan paydo bo’lmagan. O’tgan asrning etmishinchi yillarida jahon miqiyosida yagona tilda so’zlashuv uslubini kashf qilishva muomalaga kiritish borasida Esperanto nomi bilan lug’at tashkil qilingan edi. Ne ajabki, bunday urinishlarning barisi zoya ketdi.

Nega? Chunki bunday soxta ko’rilgan tilda hech qanday ilohiyot  quvvati namoyon emasdi. Tangri quvvati bo’lmagan bunday yasama til qanday paydo bo’lgan bo’lsa shundayligicha g’oyib buldi. Shundan xulosa qilish mumkinki, millatlarning so’zlashuv tili uning paydo bo’lishi omillari ilohiy olamga bog’liq bo’lib Tangrining ixtiyorisiz hech bir til o’z-o’zidan paydo bo’lish xususiyatiga ega emas...

Olam paydo bo’lgandan buyon bu zamin ichra ne-ne mavjudodlar yashab o’tmadi. Ming yilliklar avvalida paydo bo’lgan insoniyat xili o’z ongi va aqliy qobiliyatlari inqilobidan so’ng insoniy taraqiyot ro’y berib avval qabilalar, keyin qavmlar va elatlar, so’ngra millatlar paydo bo’lib zamin bag’rida o’z hududlariga ega bo’ldilar. Ularning  qonlarida, hujayralarida birlik, birlashuv, anglashuv tushunchalari namoyon bo’lib bir-birlari ila muloqot qilish tarzi uchun uz ona tillarida so’zlasha boshladilar. Ona tilining kelib chiqishi qondagi hujayradan boshlanib shu orqali millat asliyatini namoyon qilish genetikasi ro’yobga chiqdi va ana shu sabab bilan millatlar shakllana boshladi. Genetika asosida paydo bo’lgan til millatlarni millatlardan farqlay boshladi. Har bir millat o’z tili bilan millatdir. Agarkim, bir millat egasi genetik tilga e’tiborini susaytirsa va boshqa millat ichida yashab o’z tilini unutib yuborsa, bunda integratsiya holati ro’y beradi, ya’ni singib ketish jarayoni bilan o’z madaniyati, milliy urf-odatidan mosuvo bo’lishi oqibati orqali madaniyatsiz kishiga aylanadi.

Men aslimni qanday angladim? Men naslimni, millatimni qanday angladim. Ona tilim bilan. Men Ilohni qanday angladim, ona tilim bilan. Men Tangrimni qanday angladim, ona tilim bilan. Bu tilning nechog’li xazina ekanligini anglamoq lozim.

Til millat ko’zgusidir. Ming yillar osha buyuk ajdodlar so’zlab kelgan ona tilimiz yangi asrlar oralig’ida qanday kunlarni boshidan kechirdi?

O’tgan asrlarda millatimizning o’zga tuzum asoratida yashagan davrlarida uning asl holatiga zarba berilib so’zlashuv uslubiga o’zga tillar lahjasi aralashib ketishi holatlari ro’y berdi. O’zbek tili davlat tili maqomidan o’chirib tashlandi. Uzoq yillar qullik asorati oqibatida ona tilimizning asl holati o’z uslubidan chiqib ketdi.

Har bir asoratning ham umri tugaydi. Har bir zo’ravonlik yoxud istilo oqibatidagi qaramlikning oxiri bor. Yangi asr bo’sag’asidagi yurtimizda ro’y bergan istiqlol sharofati har bir millatdoshimizni quvontirgani tabiiy holdir. Mustaqilligimizdan sal avval, ya’ni 1989-yilning 21-dekabrida o’zbek tilini davlat tili sifatida qabul qilingani bu eski tuzumning allaqachonlar emirilganidan dalolat berib turardi.  Va ozod yurtimizda ona tilimizning qaytishi bilan unga yana qo’shimcha yangiliklar kiritildi. Davlat tilini himoya qilish va rivojlantirish qo’mitasi o’z faoliyatini boshladi.

Xo’sh, biz mustaqillik sharofati ila ozodlik nashidalari ichra ko’milib erkin yashamoqdamiz. Shunday ekan mustaqillik davrida bizning o’z ona tilimizga munosabatimiz qanday kechmoqda?

Biz o’z ona tilimizni qayta tiklash davrida emasmizmi? Ming yilliklar qilingan  ozodlik orzulari, mustaqillik nashidalari oldimizga qanday maqsadlarni qo’ymoqda?

Moziyga nazar tashlasak, bag’ri keng millatimiz azal- azaldan sanoqsiz  bosqinchiliklarni guvohi bo’lib ularning zulmidan jabr chekib kelgan bo’lsada o’z tilini, madaniyatini, milliy an’analarini asrab keldi. Miloddan oldingi Iskandar bosqini, keyinchalik  Arablar bosqini, Chingizxon bosqini, Chor Rossiyasi bosqini... Qizil imperiya qulligi asoratlari...
Ne kunlarni ko’rmadi bu millat.

Tangriga shukrlar bo’lsinkim, bugungi millatimiz osmonida ozodlik shamoli esmoqda... Shunday ekan, biz  nima uchun mustaqillik qadriga etmasligimiz kerak. Ozodlik nashidasi bizga qanday imkoniyatlarni berdi. O’zbek o’ziga bek millat. Dunyo miqiyosida bu millatning o’ziga xos o’rni va mavqei bo’lishi kerak. Chunki butun olam insoniyat taraqqiyotiga buyuk hissa qo’shgan millat bu.

Chor Rossiyasi davrida bizning madaniyatimiz, buyuk tariximiz, ajdodlar ilmi o’zga millatlar nomi bilan atalgani ko’pchilikka sir emas. Bundan maqsad millatimizni avom qilib ko’rsatish emasmidi? Ko’pchilik manbaalarda Boburiylar sulolasi mongollar deb ataladi. Ibn Sino Buxoroning Afshonasida tug’ilgan... Kelib chiqishi forslardan deb ko’rsatiladi. Kechirasizu, o’zbek nomini keltirib, uni tilga olish kimlarga og’ir botdi? Bizning millat tarixiy jarayon bilan o’z qudratini, savlatini saqlab kelgan. Faqat qullik asorati tufayligina allomalar ilmi yo’q qilindi, kuchli millat tomiriga bolta urishga urinishlar ko’p bo’ldi. Yurtimizda bosqinchilik siyosatini yurgizgan istilochilar bu millatning nimalarga qodirligini juda yaxshi anglashadi. Shu bois ham yurtimizga ko’z olaytirganlar, avvalo ilm ahlini o’ldirib, tarixiy madaniyatini, tilini yo’qotishga urinib kelganlar. O’zbek millatining tarixi kuchli, madaniyati kuchli. Shu bois ham bu millatning milliy an’analari jahon miqiyosida sehrli bir olamni namoyon qilgan holda  ularni lol qoldirib kelgan.

Bizga nima kerak? Biz millat uchun nima qilayapmiz? Bizning o’zligimizni anglashimiz nega shu qadar qiyin kechmoqda? Nega biz ozodlik nasibasiga shukr qilgan holda o’zligimizni anglashga shoshilmayapmiz? Nega biz o’z millatimizning asliy qadriyatlarini tiklagan holda, asl o’zbekligimiz uchun bosh qotirmayapmiz?  Biz kuchli millatni qachon yaratamiz? Millatimiz ko’zgusi til ekan, biz zaboniy millat bo’lib qola olamizmi?

Kamina bir narsadan hamisha qayg’uraman. Go’yo, bu olamda o’zbek  degan millatga o’rin yo’qdek? Rossiyaga ishlagani borgan oddiy o’zbek yigiti o’zini o’zbek deb tanishtirishga uyalsa… O’zbek degan nomga nega past nazar bilan qaraydilar? Nima, millatimiz shu qadar qadrsiz bo’lib qoldimi? Kechirasizu, o’zi o’zbek bo’la turib o’zbekligidan norozilar qancha.

Kamina so’fiy tabib bo’lganim uchun qabulimga kelgan ba’zi o’zbeklar, -mojno po russkiy, uzbekskiy ne ponimayu, -deb tursa, kimdan gila qilish mumkin. Nima, bu o’z millatiga nisbatan nopisandlikmi? Tarixi buyuk bo’lgan, madaniyati butun olam insoniyati taraqqiyotiga bebaho hissa qo’shgan millatning bugungi davrda qadri shu qadar tushib ketdimi? O’zbek o’z o’zbekligidan uyaladigan davr keldimi?
Bu holatni qanday izohlash mumkin. Birinchidan, o’zi o’zbek bo’la turib o’zini boshqa millatga yoyganlar soni ko’payib ketmoqda. Shunday xonadonlar borki, ular oilada umuman o’zbek tilida gaplashishmaydi. Oilada tarbiya topgan farzandlar o’z tillarini bilishmaydi. Bu nima? O’z qoniga, o’z genetikasiga, ajdodlar silsilasiga nisbatan xiyonatmi? O’z-o’ziga xiyonat qilishmi? O’zini o’zi yo’qotishmi? Madaniyatning soxta ko’rinishi shu bo’lsa kerak. Yoki, ommaviy madaniyatning boshlanishimi, bu?  Bu holat ular o’ylaganchalik madaniyatning oliy ko’rinishimi yoki manqurtlik?

Ikkinchi holat nima? Bu jarayon o’zbek bolalarining yoppasiga rus yoxud ingliz tili maktablariga borishi. Baraka topkur, til o’rgangan yaxshi. Lekin hali o’z tilini mukammal anglashga ulgurmagan bolani boshqa tilni o’rganishi bu o’z tiliga nisbatan nopisandlikni anglatmaydimi? Hali yosh bola o’z ona tilini o’rganmasdan unga o’zga tilni tiqishtirish bu o’sha bolaning kelajakda o’z millatidan ayro tushib qolishidan darak bermaydimi? O’zligini anglamay o’zga madaniyatga yopishgan insondan vatanparvar, millatparvar, xalqparvar chiqishi gumondir. Nima, o’zbek tili qo’l uchida o’rganadigan til bo’lib qoldimi? Millat ichida yashayotgan millatdosh millat kelajagini o’ylagan holda avvalo o’z zurriyodiga vatan mehrini, ona tilini, millat g’ururini singdirishi kerak emasmi? O’zini anglab ulgurmagan yosh bolaning ertangi kuni ommaviy madaniyat bilan sug’orilsa millat kelajagi nima bo’ladi?
Hozirgi davrda bog’chalarda  ingliz tilini o’rgatish uslubi keng yo’lga qo’yilmoqda. Hali ona tilida artikulyatsiyaga o’rgatilmagan bola tili umuman hujayradagi yo’q informatsiyaga to’sqinlik qilmoqda. Hali yosh bola o’z tilini o’rganmasdan, o’zbek millatidan ekanligini, bu millatning tarixi, madaniyati buyukligini anglamasdan, faxrlanish tuyg’ularini tuymasdan ilmga chanqoq ongini nima bilan to’ldirayapmiz? Shu yo’l bilan biz kelajakda robotlarni yaratmoqdamizmi? Qabulimga kelgan ba’zi o’zbeklarning, o’zbekcha bilmayman, rus tilida gaplashaylik, -deganlari nimadan dalolat.  Ular ham yoshlik chog’laridanoq  rus maktablariga berilib onglarida o’zga madaniyat manbaalari kiritilgandan so’ng mana shunday holatga tushib qolganlar. Men ularga, -o’zbekmisan, o’zbekcha gapir, men ruscha bilmayman, - deyman. O’zbek bo’la turib tag’in, - da v chto, -deb qo’yadi. O’z tarixingni bilasanmi, - deb so’rayman. Sukunat.

O’z tiliga befarqlik bu o’z millatiga nopisandlikni anglatadi. Demakkim, bunday insonlardan qanday qilib vatanparvarlikni, millatparvarlikni kutish mumkin. Yana takror aytamankim, o’zga tilni o’rganmoq  yaxshi, lekin o’z tilini unutmoq bu chinakam fojeadir. Kamina rus tili, ingliz tili, frantsuz, turk, ital»yan, xitoy tillarini bilaman. Lekin bu tillar orqali ularning egasi bilan muloqot qilaman. Men o’z millatdoshim bilan o’zga tilda gaplashmayman. Men xonadonimda, o’z millatimga soxta madaniyatni olib kirmayman. Oilamda begona tilda gaplashmayman. Har bir millatning o’ziga xos madaniyati, milliy an’analari mavjud. O’zga millat madaniyatini xonadoniga olib kirib o’z millatini nopisand qilgan inson, illo madaniyatsiz hisoblanadi. Millat bo’lib o’z udumiga sodiq qolmagan millatdoshning  kelajakdagi avlodlari taqdiri parokandalikka yuz tutadi. Millatda qon bor. Bunday sof ajdodlar qoniga xiyonat qilmoq uning o’tgan etti pushtiga va kelajakdagi etti avlodiga bekamu ko’st ta’sir qiladi. Agarkim, yashab turgan insonning amallari yaxshi bo’lsa, o’tib ketgan ajdodlarning gunohini ham yuvgan holda ularni ruhini shod aylagay. Va agarkim, ajdodlar savob qilib ketgan bo’lsalarda yashab turgan inson  xiyonat yo’lida bo’lsa ularning savoblari sarobga aylangay. Shunday ekan, fano olamida yashab turgan insonning elkasida uning ajdodlari va kelajak avlodlarining  taqdir tamoyili turibdi. Etti pushtning qonuniyati shunday.

O’zbekni avom deydiganlar, qattiq adashadilar. Bunday bag’ri keng, mehmondo’st, ko’ngli ochiq, saxovatpesha millat hech qaerda yo’q. Hamisha qo’li ko’ksida. O’zi emasada o’zgaga ediradigan xalq bu. O’zga millatlarga non bergan millat bu. Bu xalqni, bu millatni avom deydiganlar Tangrining g’azabiga duchordir... Bu millat andishali millatdir. Andishani otini qo’rqoq qo’yganlar ham adashadilar.

Shunday ekan, biz o’z millatimiz qadrini o’zimiz tushirib qo’ymasligimiz lozimdir. Agarkim o’zligimizni anglamagan holda zamonning qaltis o’yinlariga yon bersak, kelajak avlodlar oldida tilimizni tishlab qolishimiz ehtimoldan xoli bo’lmay qoladi. O’z ona tilini asramoq har bir vatan farzandining muqaddas burchiga aylansin. Biz ommaviy madaniyatlar ortidan ergashgan qudratli davlatlarning madaniy taraqqiyotiga tenglashaman, deb o’z madaniyatimizdan mosuvo bo’lib qolishimiz hech gap emas. Butun olam miqiyosini o’rgimchak to’riday egallab olayotgan o’shanday madaniyatning nechog’li xavfli eganligini anglamoq lozim. Tarixi, madaniyati yo’qotilgan millat manqurtga aylanadi. Olam miqiyosidagi rivojlanayotgan  ommaviy madaniyatning maxfiy qonuniyati shunday.

Hozirgi zamonda dunyo miqiyosida umumstandart jarayonlardan cheklanib individual shaxsiy qobiliyatlarni hisobga olgan holda ilm berishga kirishilgan. Biz hammaga, yoppasiga qobiliyatlarini bilmagan holda o’zga tilni o’rgataversak, kimlarni tarbiyalab chiqargan bo’lamiz? Hali o’z tili va madaniyatini o’rganmagan bolaga o’zga tilni o’rgatib ommaviy madaniyatga yo’l ochmoqchimizmi? Biz nima, ruslar asoratidan chiqib inglizlar asoratiga tutilmoqchimizmi? Nima uchun kuchli davlatlarga borganlar ularning tilida so’zlashishga majburlar. Chunki vatangado bo’lib non so’rab bordimi, uning tilini o’rganishga majbursan. Bizdachi. Yurtimizning iqtisodiy salohiyati dunyo iqtisodidan yuksak bo’lsa borki, kam emas. Nima uchun biz ulardan non so’rab bormasdan ularning tilini o’rganishimiz kerak.

Agarkim, bizning yurtimiz madaniyati, milliy an’analariga qiziqsalar kelib o’zbek tilini o’rgansinlar. Prezidentimiz aytganlaridek, -biz hech kimdan kam emasmiz va kam bo’lmaymiz ham.

Biz o’zimizning buyuk madaniyatimiz qolib o’zga madaniyatlarga muhtojlik sezib qoldikmi? Nima biz endigina erishgan ozodlik davrimizda o’zbek zaminida ingliz yoxud rus saltanatini yaratmoqchimizmi? Inson ongi oshqozon emaski hamma narsani hazm qilaversa. Biz ozodlik davrimizda o’zimizga, o’z tilimizga, madaniyatimizga, milliy an’nanalarimizni rivojlantirishga imkoniyat yaratishimiz kerakmi, yoki o’zga tillar yoxud madaniyatlarga yo’l ochib berishimiz kerakmi? Yoxud biz oz fursatlarda ming yilliklarga taqaluvchi ilmiy xazinalar, ajdodlar merosini o’rganib bo’ldikmi? Hali bizning uyg’otilmagan mudroq madaniyatimizning chegarasi yo’q. Buyuk ajdodlar qoldirib ketgan bebaho madaniyatimizni o’rganishga ulgurmasdan, uning serqirra tilsimotlarini ochmasdan o’zga madaniyat yoxud tillarni o’rganamizmi?
     

Anlamoq lozimki, milliy qadriyatlardan cheklanmagan holda bolalarimizni individual rivojlanishiga qarab ilm berish to’g’riroq bo’lardi. Axir sigirni qaerga olib borsangiz shunga yarasha sut beradi. Bebaho ilmiy meroslarimiz bir yonda qolib ommaviy madaniyat taraqqiyotiga ergashib arosatda qolmasligimiz muhim. Biz farzandlarimizni ilmiy ajdodiy bebaho xazinalardan cheklanib o’tishlariga va o’zga madaniyatlar domiga tushib qolishlariga yo’l berib qo’ymasligimiz lozimdir.

Biz Amir Temur, Boburiylar avlodimiz. Nima uchun buyuk ajdodlarimiz bilan mag’rurlanmasligimiz kerak?

Biz o’z tariximizni, madaniyatimizni kuchli deb, maqtanamiz. Ko’klarga ko’tarib tillarda doston qilamiz-u, lekin uni o’rganish o’rniga o’zga tillarga qiziqishimizni izhor qilamiz. O’zga tillarni bilishimiz bilan faxrlanamiz. Biz ozodlikka nima uchun erishdik? O’z madaniyatimizni, o’z tariximizni, milliy an’analarimizni o’rganib uni olamga ko’z-ko’z qilish uchunmi, yoki o’zga millat tillarini o’rganib o’zga madaniyatlarga sho’ng’ib ketish uchunmi? Hali o’z tilini mukammal o’rganmagan farzandlarimizga nimani o’rgatmoqchi bo’lyapmiz? Ilmga chanqoq onglariga o’zga tillarni tiqishtirsak o’z tillariga nisbatan, o’z millatlariga nisbatan mehrlari so’nib qolmaydimi? Nima, biz ularga tilni o’rgatib yoppasiga mamlakatdan tashqariga chiqarib o’zga millatlar madaniyatiga qo’shgancha o’z millatlariga nisbatan nafrat uyg’otmoqchimizmi?

Kamina dunyoning juda ko’p mamlakatlarida yashaganman. Qaerda millatdoshimni uchratsam o’zga tilda gaplashishadi. O’z ona tillarini butunlay unutib yuborishgan. Til bilish madaniyat. Lekin qaerda bo’lsa ham o’zbek, o’zbek bilan o’z tilida gaplashsa ma’qul emasmi? O’z tilini yo’qotgan arosatda qoladi. O’zga millatning o’z madaniyati bor, o’z urf-odati, milliy an’analari bor. Qaerda bo’lmasin, millat vakili o’zga til ishtiyoqi bilan o’z tilini unutsa u chindanam hech kim emas va hech narsasiz qoladi. Dunyoning qaysi mamlakatiga borsangiz hindistonlik ayollarning o’z milliy sarpolarida, sarida uchratasiz. Nega bizning qizlarimiz, ayollarimiz atlas yoxud adrasda yurib o’zbek ekanliklaridan, bu millatning madaniyati dunyo millatlari madaniyatidan hecham kam emasligini anglatmaydilar. Chet elda o’zbek qizlarini tanimaysiz. Sochlarini sariqqa, qizilga bo’yab o’zga millat qiyofasiga aylanadilar. Bu holat o’z millatiga nopisandlik emasmi? Kiyinish uslubini gapirmasa ham bo’ladi. Atlas ko’ylakli, qirq kokilli qizlar, boshiga oppoq bahori gulli do’ppi qo’ndirgan qizlarimiz qaerda qoldi?

Uchinchi xolat bu, eski tuzum arosatidan meros qolgan ko’chalardagi barcha e’lon va reklamalarning rus tilida yozilishi. Hatto rus zabonida so’zlashadigan aholi bo’lmagan joylarda ham ba’zi e’lonlarning rus tilida yozilishi kulgili holat. Nima uchun biz, tarixi buyuk o’tgan millat  mana ozodlikka erishganimizga yigirma yildan oshgan bo’lsada  eski asoratdan qutila olmayapmiz? Nima, qullik asorati bizning qonimizga singib ketganmi? Nima uchun biz, -biz o’zbekmiz, o’zbek tilida gaplashamiz, - deya mag’rurlana olmaymiz? Nega o’z tilimizni rivojlantirish yoxud uni himoya qilishga shu qadar sustmiz? Balkim zaboniy til bo’lib qolishimiz kimlargadir og’ir botayotgandir.
     

Anglamoq lozimki, bir millat ichida lahja, shevalarning ko’pligi sababi bilan umumiy badiiy til davlat tili maqomida turadi. Nazarimda badiiy tilni bir chekkaga surib qo’yganga o’xshaymiz. O’qimishli, madaniyatli inson borki, avvalo badiiy til ustasi bo’lishi kerak. Yurtimizda shaharlar ko’p va har bir shaharning o’ziga xos shevasi mavjud. Toshkent shevasi, Namangan, Buxorocha sheva,  Xorazm shevasi. Inkor qilish qiyinkim, har bir shevaning o’ziga xos jozibali jarangi va shirasi bor. Hozirgi ko’plab ko’rsatuv va shoularni tomosha qilsangiz tilda umumiy badiiylikni ko’rmaysiz. Sheva jarangi badiiy til shirasidan yuqori darajaga chiqib oldi.  Nima, bu holat sekin-astalik bilan badiiy tilimizga zarba berib uni yo’qotishmi? 

O’zbekistonda ayrim hududlar o’zlarini madaniyatlarida boshqa tillarni madaniyat qilib olishgan va o’zbek davlat tilini bilishni xohlamaydi... Natijada esa o’zbek milliy madaniyatiga integratsiya, ya’ni singib ketish jarayoni yo’qligidan madaniyatsiz bo’lib qolishgan. Mahallachilik bilan ovvora bo’lgan holda o’zlari yashab turgan O’zbekiston hududida o’zbek millatining milliy an’analariga nisbatan befarq qaraydilar.

Bizkim o’zbek millati o’z ona vatanimizda yashab turib o’z tilimizga befarq qaraganimizdan so’ng o’zga millat vakillaridan nima kutishimiz mumkin. Biz O’zbekistonda yashayapmiz. Lekin yurtimiz shaharlarida sayr qilsangiz, xuddi chet elda yurgandek his qilasiz o’zingizni. Restoran, kafelarning aksariyat qismida evropacha nomlar chizilgan. Xuddi o’zbekcha nom bilan atalganda mijozlar kamayib qoladigandek, imkon qadar evropa uslubini qo’llashadi. Nima, bu holat o’z millatidan qochishmi? Yoki pul ishlash ilinjida o’ziga xiyonat qilishmi? Va shu xiyonat puli bilan bola-chaqa boqishmi?  Biz chet eldan kelgan sayyohga  o’zidan kirib kelgan o’z udumini ko’z-ko’z qilamizmi yoki o’zimiznikinimi? Nima taraqqiyot faqat chet elnikimi? O’zbekcha taraqqiyot bo’lishi mumkin emasmi? Biz chet ellik sayyohlarga Grand hotelni reklama qilishimiz kerakmi yoxud o’zbekcha «mehmondo’st» mehmonxonasinimi? Qaysi ma’qul? O’zbekistonda o’zbekcha so’zlar ma’qul.
Aslida chet ellik mehmonlar o’z madaniyatlarini o’rganib bo’lishgach, qiziqishlar asosida o’zga madaniyat izlab sayohatga chiqishadi. Biz ularga o’z madaniyatimizni tortiq qilish o’rniga o’zlarinikini tiqishtirsak, ularda millatimizga nisbatan qiziqish qoladimi? Aksincha, o’z yurtlariga qaytganlaridan so’ng bizda qanday bo’lsa ularda ham shundoq, bizni madaniyatimizni o’rganib, o’zlashtirib olishibdi deyishmaydimi? Ular ham bizning madaniyatimizni o’rganib ketishsin, baraka topkur. Qachongacha biz ularnikini o’rganamiz.

O’zbekistonimiz buyuk madaniyat beshigi bo’lgan va shunday bo’lib qolishga haqlidir.  Deylik, nima uchun Evropa va Amerika davlatlarida madaniy inqirozning ro’y berishi kuchaymoqda? Chunki bu makonga kelgan emigrantlarning ko’pchiligi o’z tilini unutib yuborgan, unutishga majbur bo’lgan. Sobiq tuzum davri tugatilishi arafasida  ham minglab o’zbek tilini bilmagan o’zbeklar o’z yurtlarini tashlab ketishmadimi? Ular chin ma’noda yo’qlikka yuz tutdilar. Nega? Chunki o’z tilini bilmagan inson ajdodiy quvvatidan mahrum bo’ladi. Shu sabab buyraklarda paydo bo’ladigan oqsil moddaning boyitilishi kamayadi... Buning oqibatida kelajakda avlodning dunyoga keltirishda muammolar paydo bo’ladi. Nogironlik, aqli zaiflik holatlari kuzatiladi. Bunday insonlar chin ma’noda hech kimi yo’q, madaniyatsiz manqurtga aylanadilar... O’z milliy madaniyatlarini unutib o’zga madaniyatlarga ham qo’shilmagan holda yakkalanib qoladilar va narkomaniya, ichkilikbozlik kabi xastaliklarga yo’liqadilar. Tushkunlikka tushadilar. O’z davlatida yashab turib o’z millatini, o’z tilini hurmat qilmaganlar esa oxir-oqibat vatanlarini tashlab chiqib ketadilar. O’zligini anglamagan inson uchun bundan ortiq fojea bo’lmasa kerak.

Nima uchun biz o’z tilimizni bilishga majburmiz?
Til Iloh tomonidan berilgan ne’matdir, nasibadir. Tilni odamzodning o’zi yarata olmaydi. Til millat uchun muhimdir.  Til insonga Iloh tomonidan berilgan ajdodiy hujayralarni jonlantirib uni kelajak avlodlarga uzatadi.

Sobiq tuzum davri va undan oldingi Chor Rossiyasi istilolaridan qolgan tushkunlik asoratlari millatimizning o’zlikni anglash tuyg’ulariga  kuchli zarba bergani hech kimga sir emas. Bosqinchilarga qarshi kurash uchun bel bog’lagan kuchli sarkardalar ham ularning bosqini oldida ojiz qoldilar. Evropada avj olgan qurol-yarog’ taraqqiyoti hammasini hal qildi. Millatimiz o’z ozodlik yo’lida kurashganlari zoya ketib vatanimiz osmonida qullik asorati bo’y ko’rsatdi. Tangriga shukrlar bo’lsinki, bir yuzu o’ttiz yildan ko’proq davom etgan bu asoratdan  o’zligini yo’qotmagan millatimiz mana yangi asrda ozodlik nashidalari bilan mustaqillik davrida yashamoqdalar. Milliy an’analarimizni, madaniyatimizning qayta uyg’onishi, tiklanishi bu yorqin kelajakdan dalolatdir. Ammo keyingi asrda taraqqiyotning epidemik sindromiga aylangan yangicha bosqini, millatlar ustida ommaviy madaniyatning yopirilishi bu milliy  madaniyatimiz osmonida  har qanday qullik asoratidan qam xavfli, o’z o’rnida ko’rinmas nigohini tashlamoqda...

Anglamoq lozimki, o’zligini anglagan millatni engish qiyinligini anglagan maxfiy missiya kashfiyotchilari har qanday urushsiz, bosqinchiliksiz millatlar tafakkurini o’ziga og’dirib, qullikka etaklovchi maxfiy va o’ziga xos sezdirmasdan zarba berish usulini kashf etdilar.
      Yosh bolalarga hali o’z millatini anglamasdan, jozibali boy tilida so’zlashmasdan, milliy qadriyatlarni o’rganmasdan, o’z madaniyatiga mehr qo’ymasdan ularni dunyo miqiyosidagi zabonlar sharofati bilan umumtaraqqiyot sahnasiga chiqarib qo’yishimiz ham ana shu hodisaning boshlanishi va birinchi zarbasidir. Biz buyuk millat vakillari ana shu zarbalarga ko’ksimizni ochib qo’ymayapmizmi?

Agar kamina o’zbekcha gapirib, o’zbekcha kiyinaman. O’zbekcha gapirib sochiga naqsh urgan, evropacha kiyingan, burniga halka taqqan holatda o’zbekcha gapirilsa bachkana tuyuladi. Bu holat millatimizga xos an’ana emas. Bu holat ommaviy madaniyatning bir ko’rinishi. U go’yo o’zining jozibali qirralari bilan millatlar madaniyatini maxfiy tarzda domiga tortmoqda. Ommaviy madaniyatni ma’qul ko’rganlar aminmanki, modalar olamiga kirganlaridan so’ng o’zbekcha gaplashmoq istagidan uyala boshlaydilar. Uning asoratiga tushgandan so’ng esa millatidan, o’zligidan ayrilib yot madaniyat turiga ilinadilar...

Biz nima qilib qo’ydik, deganda nigohimizni ochiq qolgan darvozalarga qaratmog’imiz lozim.

Ochiq qolgan darvozalar. Shahar bedarvoza emas, degan gaplar bor xalqimiz orasida. Bu darvozalardan kirib kelish ruxsatsiz bo’lmaydi aslida. Biz kirib kelmoqchi bo’lganlarni kutish o’rniga bu darvozalardan ko’plab millatdoshlarimizni chiqarib yubordik. Aslida bizga kirib kelmadilar va taajjubki, aslida chiqib ketdilar. Bu holatning sababini nima bilan izohlash mumkin?

Birinchidan, sobiq tuzum davrida yurtimiz boyliklarining aksariyati qismi olib ketildi. O’g’irlandi, talandi. Xalqimizga egulik qoldirishmadi. Ikkinchidan, shuncha davrlar millatimizni millat ichida o’ziga qaram qilganlar endi o’zlarining millati ichida  qaram qilishga ulgurdilar... Biz uchun hech qaysi usul ma’qul emas, lekin oldingi qullikdan ko’ra hozirgi qaramlik bir oz engilroqdir. Chunki vatanda qul bo’lib topganini berib yuborgandan o’zga yurtda mehnat qilib vatanga olib kirgani yaxshiroqdir.

Lekin mana shu holatning ayanchli tomonlari ham sodir bo’lmoqdaki, ko’plab yurtdoshlarimiz o’zga yurtlarda xorlik azobini boshidan kechirmoqda. Ba’zilari nobut bo’lib, kimlarnidir qo’lida o’lim lazzatini tatimoqda. Bola- chaqasi etim qolib qarovsiz qolmoqda. Hukumatimiz tomonidan qullik asoratiga tushib qolmaslik haqidagi ogohlantirishga qaramasdan yurtdan chiqib ketish holatlari hali hamon kuzatilmoqda. Yana bir achinarli tomoni shundaki, ba’zi vatandoshlarimiz o’zga millat vakillariga turmushga chiqib, ayollariga uylanish holati ko’paydi.
Bu nimadan darak?

Millat qonini buzish, bu o’z millatidan chiqib ketishini anglatmaydimi? Boylik ilinjida Dubayga uchib ketgan qizlarimizning soni qancha? Adashgan vatandoshlarimizning ertaga qaysi yuz bilan qaytib kelishi haqida nega bosh qotirmayapmiz?  O’zga millat vakillariga turmushga chiqib ketganlari qancha? Turkiya davlati o’zbek enagalariga to’lib ketdi. Turk oilalarining deyarli  ko’pchilik qismida o’zbek enagalar bolaga qarash bilan band. Qariyalarga qarash bilan band. Agar mul»timillioner qo’liga tushsa oyligi yaxshi, chunki uning itini boqadi. Omadni qarang. Baraka topkur, shumi o’zbekning ahvoli?
     

O’zbek faqat qorin uchun yashaydi, degan iborani kimlar kashf qildi? Qani bizdagi ajdodlar g’ururi? Ota- bobolarimiz g’ururi qaerda qoldi? Nega O’zbekistonda o’zga yurt vakillari kelib enagalik qilishmaydi. Bizda nima kam. Hammaga non tarqatgan millat biz emasmi?

Kechirasizu, hamma aybni hukumatga to’nkarish ham insofdan emas. Amerika Qo’shma Shtatlari ham istiqloldan so’ng qirq sakkiz yil iqtisodiy inqirozni boshidan kechirgan. Lekin Amerikani hech kim tark etmadiku. Nega biz jannatmakon yurtni tark etishimiz kerak. Oltmishinchi yillardagi Amerika prizidenti Jon Kennedining bir hikmatomuz gapi bor. Qadrdonlar, siz Amerika men uchun nima qildi deb emas, men Amerika uchun nima qildim, shiori bilan yashang,- degan.

Biz O’zbekiston uchun nima qildik? Hukumat qonunlar chiqaradi. Millat tuyg’usi esa har bir millatdoshning qalbida bo’lishi kerak. Millatni, millatdoshni o’zi asramasa uni kim asraydi? Biz O’zbekiston uchun nima qildik?

E’tibor qilsak, chet ellarga chiqib ketayapmiz. O’zga millat vakillariga turmushga chiqayaptilar, o’zga millat vakillariga uylanib qolib ketdilar. Enagalik qilayaptilar, qullik qilayaptilar, it boqayaptilar. Mehmonxonalarda nojo’ya ishlarni, gunoh ishlarni qilayaptilar. Shumi O’zbekiston uchun qilganimiz? Ba’zilar aytishi mumkinki, shu yo’l bilan yurtimizga qancha sarmoya kirib kelayapti, - deb. Sarmoya yaxshi. Ammo millat sha’nichi? Millat sha’ni nima bo’ladi, qadrdon? Biz qullik evaziga topilgan sarmoya bilan faxrlanib yuraversak, kelajak avlodlarimizning obro’siga,  shonu shavkatiga putur etkazib qo’ymaymizmi? Ozodlik degani beboshlik degani emasku. Davlatimiz qo’lidan kelgan barcha imkoniyatlarni  yaratmoqda. Shaharlarimiz ko’rkini ko’ring. Bozorlarimizni ko’ring. Bizga nima etishmaydi o’zi? Yoki to’qlikka sho’xlikmi? Millat sha’ni bilan hazillashib bo’lmaydi, birodar. O’z nafsini o’ylagan inson o’zi bilmagan holda millat sha’niga dog’ tushirib qo’ysa uning asorati butun davlatga tegadi, millatga tegadi... Millat davlatni, davlat millatni asramasa parokandalik yuz beradi.  Davlat bizga erkinlik berdi qabilida ish tutib yurtdan chiqib ketganlar borgan joylarida millatni himoya qilmasalar, o’zga madaniyatni o’zlariga odat qilsalar o’zliklariga xiyonat qilgan bo’lmaydilarmi? Millat sha’nini pul bilan o’lchab bo’lmaydi. Chet elda it boqib yurtiga qaytgan ba’zi vatandoshlarimiz tagida o’zbekning mashinasini minib tag’in, o’z vatandoshiga manmanlik qilib yurishi erish tuyuladi. Baraka topkur, chet elda qullik qilib it boqishga yaraysanu, ona yurtingda sabr qilib yurgan vatandoshingga nopisand qaraysan. Nazaring ilmaydi. O’zbekni ahvoli shu-da, deb qo’yasan. Lekin shu vatan noniga sabr qilib yurgan ana shu vatandoshingni sha’niga putur etkazib kelganingni anglamaysan. Millat sha’niga putur etkazib qo’yganingni anglamaysan. Chet elda pul topish ilinjida it bilan yotib,it bilan turasanu, lekin yurtingda halol mehnat qilib oziga sabr qilgan yurtdoshingga nopisand qaraysan.

Nega biz qullik asoratidan chiqib keta olmayapmiz? Bir yuzu o’ttiz yillik asorat  kichik davr emas. Bu birinchidan. Ikkinchidan olam miqiyosida ommaviy madaniyatga qorishib ketgan iqtisodiy inqirozlarning ta’siri istaymizmi, yo’qmi ta’siri sezildi.

Aslida qo’shni davlatlar iqtisodidan ko’ra bizning iqtisodiy-siyosiy salohiyatimiz yuqori darajada  namoyon bo’lishi bu Markaziy Osiyo davlatlari orasida O’zbekistonimizning o’ziga xos yuksalish darajasini aniq ifodalab turibdi. Agar biz iqtisodni ro’kach qilib millatimizning qullik asoratini tahlil qiladigan bo’lsak qo’shni davlatlar milliychiligiga qanday izoh beramiz. Nazarimda ularda iqtisodiy salohiyatdan ko’ra milliychilik sha’ni birmuncha ustunroq ko’rinadi. Chunki ularda birlashish, bir-birini himoya qilish uslubi ancha rivojlangan. Yurtdoshlarimizning vatanlarini tashlab iqtisod ortidan quvganlarini hisobga oladigan bo’lsak millat sha’nidan ko’ra iqtisodiy istaklar yuqoriroq ko’rinadi. Chet elda mehnat qilayotgan ko’pchilik qo’shni davlat vakillari  asosan kafe, restoranlarni boshqarishadi. Firmalarga egalik qilishadi. Xullas, ular imkon qadar qullik iskanjasidan cheklanib lavozim sari intiladilar. Qo’l ostilarida sanoqsiz qora ishchilarni saqlaydilar. Ana shu qora ishchilarning ko’pchilik soni o’zbek millatiga mansub vatandoshlarimiz bo’lib aksariyat hollarda ularning tuzog’iga ilinib qolmoqdalar.  Ixtiyoriy qullik sindromi qaerdan paydo bo’ldi?

Millatini qadrlagan inson o’z-o’zidan qullik ixtiyor etmaydi. Bu holat avvalo o’zlikni anglamasdan yo’l qo’yilgan birinchi xatodir.
 

O’z jannatmakon yurtlarini tashlab o’zga yurtlarda qullik iskanjasini ma’qul ko’rgan yurtdoshlarimiz millatning parokandaligiga sabab bo’lmayaptilarmi?  To’g’ri, bir kun kelib ularning o’z ona yurtlariga qaytishlari tayindir. Lekin ularning o’zga yurtlarda orttirib, hamda qoldirib kelgan qullik tamg’alari bilan o’zbekning bosh ko’tarib yurishi qanday kechadi? Bir kun kelib tarixiy asoratlardan kutilgan millatimiz jahonning eng qudratli davlatlaridan biriga aylanadi, inshoolloh. Lekin bugungi davr qullik iskanjasi osonlik bilan unutilishiga kim kafolat bera oladi? Moziy buyuklari o’rniga qullar saltanati degan nomga munosib ko’radilarmi?

Ozod yurtda yashaganimizga nega shukrona qilmaymiz? Kechirasizu, sobiq tuzum davridagi ocharchilik yillarida odamlar o’t eb shishib o’lganlar. Lekin yoppasiga vatanni tashlab ketmaganlarku. Non izlab millatni parokanda qilmaganlarku. Yoxud puldor, amaldorlar, beklar chet ellardan villalar sotib olmaganlar. Nega? Chunki vatan mehri har qanday nafs turidan ustun bo’lgan.

Biz qaysi zamonda yashayapmiz. Ocharchilik zamoni bilan hozirgi sharoitlarni taqqoslab ko’raylikchi. Bizga nima etishmayapti. Biz kelajak avlodlarning yorqin kelajagi uchun o’zimizda bunyodkorlik ishlariga hissa qo’shmog’imiz kerakmi yoxud o’zga yurtlarda qullik qilib ularning shaharlarini obod qilib berishimiz kerakmi? Biz o’zimiz uchun nima qilayapmiz? Yurtimizdan qancha ishchi kuchi chet ellarda mehnat qilmoqda. Qudratli o’sha kuchlar o’zimizda bunyodkorlik ishlariga jalb qilinganda yurtimizning qudrati salohiyati yanada yuksakroq bo’lardi. Sabr tagi sariq oltin deydilar. Biz yaxshi hayot izlab chet ellarda o’zimizni qurbon qilgan holda millatimiz sha’niga dog’ ham tushirib qo’ymoqdamiz. Obro’ni pul bilan topmaydilar. G’urur bilan topadilar. Milliy g’ururni asragan holda kelajak avlodlarning yuksak salohiyatiga zamin yaratish mumkin. Milliy tilni asragan holda millat qadriyatlarini, uning an’analarini himoya qilgan holda millatimiz salohiyatini jahon miqiyosida namoyon qilish mumkin.

Agar o’zbek degani o’zbekcha bilmasa, o’zbekligidan or qilsa, hali aqlini tanimagan bolasiga o’zga madaniyatni o’rgatgan holda boshiga do’ppi qo’ndirishga uyalsa, pul ortidan quvib chet ellarda parokanda bo’lib  yursa biz kelajak avlod uchun qanday nasl qoldiramiz?  Bu millat oxir-oqibat inqirozga yuz tutmaydimi?

Nima uchun biz o’zimiz haqimizda qayg’urmay qo’ydik? Davlatimiz millatimizni tashqaridan xavf solgan siyosatlardan himoya qiladi. Millatni asraydi. Biz bir millat bo’lib ichkaridan emirilamizmi? O’z-o’zimizni emiramizmi? Anglamoq lozimki, millatni himoya qilish har bir oilaning burchi bo’lmog’i kerak. Millat sha’nini har bir oila o’ylashi, shunga yarasha ma’suliyatni his qilishi kerak. Vatan ostonadan boshlanadi.

Agar bir mamlakatda urush bo’lsa  o’z vatanini tashlab ketishga majbur bo’lgan qochoqlarning soni ko’payadi. Biz tinchlik zamonida, ozodlik, mustaqillik zamonida yashab qaerga qochayapmiz? Bozorlar to’kin-sochin, shaharlar obod, hamma sharoitlar muhayyo bo’lsa poezd karvonlariga o’tirib qaerga ketayapmiz? Qullikkami? Baraka topkur, o’sha mehnatingni, kuchingni o’z vataningga ko’rsat. Bir yil qiynalasan, ikki yil qiynalasan... Sening qiynalganingni rohatini kelajak avlodlaring ko’radi. Obod vatan mehnat ortidan qoladi. Sendan obod va ozod vatan, g’ururli millat qoladi. Sen vatandan ketding, ketmaganlar kam bo’lmadi. Boshlari xam bo’lmadi. Eng keragi g’am bo’lmadi.

Yurtimiz mustaqillikka ancha oldin erishmog’i lozim edi. Afsuski, sobiq tuzumning temir darvozalarining ochilib ketishi bir oz ortga surildi. Biz hozirgi zamonda taraqqiyotning nobop kashfiyotlari davrida yashamoqdamiz. Hali millatimiz o’zini o’nglab olmasidan olam miqiyosida ro’y berayotgan siyosiy o’yinlar, ommaviy madaniyatlar sindromi bizning iqtisodiy, siyosiy, madaniy taraqqiyotimizga to’sqinlik qilishi mumkin.

Buning uchun nima qilmoq kerak? Har bir millat vakili vatanparvar, xalqparvar, millatparvar bo’lmog’i lozim. Hamisha millat, vatan himoyasida turmog’i lozim. Ozod va obod yurtimizga ko’z olaytirganlar kam deb o’ylaganlar xato qilmasin. Vatan himoyasi birinchi o’rinda tursagina millatni asrash  mumkin.

Har bir farzand vatan bu mening g’ururim, millatim shonu shavkatim, xalqim or-nomusim, degan g’oya bilan yashashi kerak.

Biz nima qilayapmiz? Qizlarimiz Dubayga uchsa, zabardast yigitlarimiz Rossiyada qullik qilsa, yoshi ulug’ ayollarimiz Turkiyada enagalikka mahrum bo’lsa, pokizalar Koreya, Malayziya, hatto Afrikalik qora tanlilarga turmushga chiqib millat qonini buzsa, millatni asrab bo’ladimi?

Or-nomus pulga sotilmaydi, qadrdon. Millat sha’ni, vatan nomi pulga sotilmaydi. Gastrabayter o’zbekka xos nom emas...

Bu millatning tarixini bilmasang, ajdodlarimizning jahon ilm taraqqiyotiga bebaho hissa qo’shganini bilmasang, millat qadrini nafsing qarichi bilan o’lchab nima qilasan.

Dedimki, o’zlikni anglash oiladan boshlanur. Har bir farzand  uchun ota-ona ma’suldir. Farzand  kim? Farzand bu kelajak avloddir,  farzand bu millatdir. Uni noto’g’ri tarbiyalamoq, o’zga yurtlarda o’zgalar ixtiyoriga topshirib pul evaziga, boylik ilinjida turmushga berib millat qonini buzmoq bu o’ziga, o’z qoniga nisbatan xiyonatdir.

Millatdan ayro tushgan vatangadodir. Bu yurtning hali kelajagi bor. Hali bu vatanga non izlab keladilar. O’shanda vatanni tashlab ketganlar, o’z tilini unutib ketganlar uyalib qoladilar.
Maqolamizni o’qigan har bir inson fikr qilsa kerak, bu inson kim ekanki, buncha kuyunchaklik bilan muammolarga qo’l ursa deb.

Qadrdonim, men so’fiyman. Aslida dunyo ishqi menga begona. Tangri yo’lida ibodat qilib faqirlik yo’lida turgan  insonman. Kamina ilohiy bir ilm birla tunlarni bedor o’tkazib, ibodat sharofati ila o’zlikni anglash dardi bilan Tangriga yuz burgan kishiman. Menga dunyoning zebu- ziynati, amali begona. O’tkinchi olamning to’rt kunlik nafasida insonlarga  xalqparvar, vatanparvar , millatparvar bo’lishlarini tilab duo qilgim keladi. Yoshlarimizning chet ellarda qiynalib yurganlaridan achinib ketaman. Ularning vatanda turib vatanparvar bo’lishlarini, el-yurtga xizmat qilib mukammal bir millat sifatida kamol topishlarini istayman. Biz shunday bir vatanda yashaymizki, uning har qarichi oltindir. Oltinni qadriga etmoq kerak. Bu oltin ajdodlar duosi, avliyolar quvvati, Ilohning nazari , Tangrining qo’llaganidir.

Aminmanki, Tangrini anglamagan inson o’zini anglamaydi. O’zlikni anglamagan inson esa millatini anglamaydi. Vatan qadriga etmaydi. Insonga ilm kerak, tafakkur kerak. Iymon, e’tiqod kerak. Tafakkuri yuksak yigitlarimiz chet ellarda kata-katta firmalarni boshqarsinlar. Bu holat millat obro’si. Aksincha, bir-birlarini aldab o’zgalarga sotmasinlar. Pulni millat g’ururidan ustun ko’rmasinlar.

Qadrdonim, Tangri har bir millatni qoni bilan yaratgan. Avvalo mana shu qon ajdodlar tomiridan oqib kelganini unutma. Tilingni unutma. Qaerda bo’lsang ham millating g’ururi bilan yasha, vatandoshing bilan yonma-yon tur. Uni kamsitishlariga yo’l qo’yma. Birlashgan millat kuchli bo’ladi. G’ururni hamisha ustun qo’ygin. Mardlikni shior qil. Harakating, amaling millat sha’niga dog’ tushirmasin. Vatan ishqi bilan yasha. Tangriga e’tiqoding butun bo’lsin. Olamni o’tkinchiligini angla. Odamlar o’tib ketar, ammo millat yashayveradi. Millatingga suyangin. Millating sening quvvatingdir. Yiroqda bo’lsang ham millat sha’ni bilan yasha. Milliy urf-odatingni unutma. O’zga madaniyatlarga ergashib ketma. Ona tilingni unutib madaniyatsiz bo’lib qolma. Buyuk kelajak millating barkamolligi va mukamalligi ila boshlanur.

Ona vatan himoyasi uchun har bir yurt farzandi ma’suldir. Men ilohiy olam saltanati ichra ibodat rishtalarimni Tangriga bog’lagan o’tkinchi bir insonman. Men ilohiy zaminda tug’ilganman. Tangri quvvati ila, ajdodlar quvvati ila ilm ummonida ko’milgan pokiza bir qalb orqali insonlarni to’g’ri yo’lga boshlab, ularga hikmatomuz so’zlar, donishmandlik saboqlari bilan o’zliklarini anglashga undayman. Men so’fiyman. So’fiyning ishqi Tangrida bo’lsa, dardi millat, xalq dardidir. Ibodat ila qo’llarimni ochib duo qilamanki, millatimiz boshiga hech qachon kulfat tushmasin. Osmoni hamisha musaffo bo’lsin.

Dedimki,  siyosat menga begona, amal, iqtisod, dunyoviy nima istak borki, undan yiroqman. Ammo kamina butun umr yig’ib qalbimga, tafakkurimga jo etgan ilmimni o’zim bilan olib ketmayman. Ustoz sifatida insonlarga ilm quvvatini ulashsam, hikmat so’zlasam maqsadga muvofiqdir. Axir biz Najmiddin Kubro, Bahovuddin Naqshbandiylarning izdoshlarimiz. Ilohiy ilm yo’lida Tangri Taologa o’zimizni bag’ishlab dunyo istagidan yiroq ketdik, ibodat manzillarida o’zligimizni topdik, Tangriga yuzlashdik, illo duolarimiz ijobat bo’lgay. Istagimiz farzandlarimiz komil inson bo’lib yurtni boshqarsinlar. Jahon miqiyosida obro’sini yuksaltirib, milliy an’analarini ko’z-ko’z qilib millatimizning nimalarga qodirligini namoyon qilsinlar.
Jahon miqiyosida ro’y bergan iqtisodiy inqirozlar, nobop taraqqiyotning nojo’ya ta’sirlari, ommaviy madaniyatning qora bulutlari millatimizning asliyatiga ta’sir qilmasin.

Hozirgi davr o’tish jarayoni qaltis va murakkabdir. Yangi asrda millatlar ustida har qanday urushlarsiz axborot informatsiyasi orqali, ommaviy madaniyat sindromini yuqtirish orqali, missionerlik yo’llari bilan millat tafakkurini o’ziga bo’ysindirish  epidemiyasi paydo bo’ldi.

Demak, har qanday millat borki, ularning oldida yuksak bir ma’suliyat paydo bo’ldikim, agar millat qayg’usida , millat himoyasida vatanparvarlik g’oyalari yangi avlod tafakkuriga singdirilmasa nobop taraqqiyotning ortidan, orqasiga qaramay quvib ketgan kuchsiz millatlarning yo’qolib ketishi xavfi ko’rinib qoldi.

Tangriga shukrlar bo’lsinkim, millatimiz jahon miqiyosida o’zining buyuk tarixi, milliy an’analarining jozibasi, madaniyatining ko’rkamligi bilan yuqori o’rinlarda turadi. Demakkim, yuqorida keltirganimizdek, hozirgi zamonning qaltis taraqqiyoti buyuk millatning buyuk tarixiga, yorqin kelajagiga o’zining salbiy oqibatlarini ko’rsatmasligi uchun millatmiz tafakkurida o’zlikni anglash g’oyalarini singdirish lozimdir. Shu bois ham hozirgi zamon davri millatimiz yoshlarining elkalarida millatni asrashdek yuksak bir ma’suliyat turibdi.

Yaqin kelajakda yoshlarimizning oldidagi yangi g’oyalari va amaliyotlari nimadan iborat bo’lmog’i lozim? Shu o’rinda kamina  ko’ngil istaklarimni bayon qilsam, zora hukumatimiz rahbariyati Tangri yo’lida turgan bir ustozning ushbu takliflarini inobatga olib maqsadga muvofiq deb ko’rishsa.
Jahon miqiyosida ro’y berayotgan turfa siyosiy o’yinlar, iqtisodiy inqirozlar, epidemik xastaliklar, ommaviy madaniyatlar,  harbiy xavf-xatarlardan millatimizni himoya qilish uchun har bir millat vakili o’zida ma’suliyat sezsin.  Buning uchun nima qilmoq kerak? Millatni asrab, uning tarixini qadrlab, yorqin kelajakka yo’l ochmoq uchun nima qilmoq kerak?

Birinchidan, milliy g’oya, milliy mafkurani amaliyotda qo’llash kerak. Milliy g’oya oilaviy qonuniyatga aylanmog’i lozim. «Vatan or-nomusim, millatim shonu shavkatim» shiori har bir oilaning muqaddas yodnomasi bo’lsin.

Ikkinchidan, har yili «biz qudratli millatmiz» shiori ostida sport musobaqalari o’tkazilsa. Musobaqalar ro’yxatida kurash, o’zbek jang san’ati, tosh ko’tarish, milliy o’yinlar (yuz metr masofaga arqonda yuz kiloli toshni tortib borish, elkaga qo’yni qo’ndirgan holatda yuz metrli yugurish musobaqalari. Sovringa qo’yning o’zi) Arqon tortish bellashuvlarida sovrinlar qo’yilsa. Ommaviy sport musobaqalari orqali mahalla, tuman va viloyatlarda yosh avlodning komillik va jismonan  mukammallik darajalari yuksaltirilsa. Ruhan tetik, jismonan baquvvat yigit-qizlarimiz yurtimiz sha’ni va iftixoriga aylansa.

Uchinchidan, milliy an’analar haqida darsliklar chiqarilsa. Unda millatimizning urf-odatlarining jozibali qirralari ochilsa. Navro’zi olam, milliy o’yinlar, o’zbekona liboslar, xalq og’zaki ijodidan namunalar kiritilsa.

To’rtinchidan, «biz buyuklar avlodimiz» darsligi chop etilib u nafaqat maktablarda, balki har bir xonadon kitob javonidan o’rin olsa. Unda millatimizning buyuk sarkardalari,  azizu avliyolari, olimu fuzalolarining hayotlari, ilmiy risolalari, jahon miqiyosida tutgan o’rni haqida batafsil ma’lumot berilsa.

Beshinchidan, «millatimizning jahon ilm taraqqiyotiga qo’shgan hissasi» nomli to’laqonli kitob nashr etilib, ushbu qimmatli asar ham har bir oilaning asosiy o’quv quroliga aylansa. Farzandlarimiz tarixiy buyuk ajdodlarning yuksak ma’naviyatini anglab, ularga havas qilgan holda ilmiy meroslarini davom ettirishga ishtiyoqmand bo’lsalar.

Oltinchidan,  «o’zbegim g’ururim» nomi bilan turli mushoiralar o’tkazilsa. Unda millatimizning milliy an’analari, madaniyati, ilm ahlining badiiy asarlari buyuk ilmiy tariximiz, bebaho obidalarimiz qurilishi tarixi haqida bilimdonlik bellashuvlari o’tkazilsa.

Ettinchidan, «biz Manguberdi avlodlari» shiori ostida chavandozlik, ot poygalari tuman, viloyat va respublika musobaqalari tashkil qilinsa. Unda yurtimizning polvonlari mahoratlarini ko’rsatsalar. «O’zbegim polvonlari» nomi bilan kitob nashrdan chiqsa.

Sakkizinchidan, o’zbek milliy raqs to’garaklari har bir maktab darsligidan o’rin olsa. Laparlar haqida, maqom yo’nalishi, oqinlar, dostonchilik san’ati milliy uslubda yo’lga qo’yilib ajdodiy an’analar davom ettirilsa.

To’qqizinchidan, milliy liboslar to’garaklari tashkil qilinsa. Atlas, adras, shoyi, qolaversa o’zimizning milliy matolardan o’zbekona liboslar konkursi maktab, mahalla,  tuman, viloyat va respublika miqiyosida muttasil tashkil qilinib, milliy liboslarning tarixiy va yangi uslubdagi zamonaviy ko’rkam dizaynlari haqida bellashuvlar qizg’in tus olsa. Manlikka uchragan milliy do’ppimizga oydinlik kiritilsa. Uni nafaqat xafalik kunlar belgisi sifatida foydalanmasdan, quvonch ramzi ham bo’lib qolishini ham istardik. 

O’ninchidan, millatimizning buyuk adiblari, tarixiy she’riyat sultonlarining asarlarini yodlash, Navoiy, Bobur, Mashrab, Nodira, Uvaysiy,Muqimiy, Furqat, yangi asr shoirlaridan Muhammad Yusuf kabi shoirlarning badiiy she’riyatidan keng miqiyosda bahramand bo’lib mushoiralar o’tkazish, ularning hayotlari, badiiy asarlari asosida muntazam teatr sahnalarini tashkil qilish yo’lga qo’yilsa.

O’n birinchidan, yurtimizdan etishib chiqqan buyuk allomalar Imom al-Buxoriy, Burxoniddin Marg’iloniy, Abduxoliq G’ijduvoniy, Bahovuddin Naqshbandiy, Moturidiy, At Doromiy, Najmiddin Kubro, Xo’ja Ahmad Yassaviy singari buyuk ajdodlarimizning ilmiy-ilohiy, donishmandlik asarlaridan bahramand bo’lish, ularning hikmatlari orqali o’zlikni anglash, iymon e’tiqod yo’lida millatparvarlik, xalqparvarlik namunalarini namoyon etib, chin insoniylik burchlari ila millatsevarlik tuyg’ularini muqaddas burch sifatida anglash g’oyalari yo’lga qo’yilsa.

O’n ikkinchidan, har bir mahallalarda milliy o’yinlar bellashuvlarini tashkil etish orqali ajdodiy an’analarni davom ettirish. Yo’qolib borayotgan milliy o’yinlarni qayta tiklash va kitob holatida chop ettirib omma ixtiyoriga havola etish yo’lga qo’yilsa.

O’n uchinchidan, ”yurtim jannatim” mavzusida ona zaminimizning tabiiy boyliklari, jannatmakon go’shalari, tabiati, nabototi, tarixiy ahamiyati, ekologiyasi jahon miqiyosida tutgan o’rni haqida to’laqonli ma’lumot beruvchi kitoblar chiqarish va maktab darsligiga kiritish yo’lga qo’yilsa.

O’n to’rtinchidan, «yuksak madaniyatli buyuk millatman» shiori ostida maktab, institut va boshqa o’quv yurtlarining talabalari, mahallaning oddiy fuqarolari hamkorligida yurtimizning tarixiy  obidalari mavjud shaharlarga muntazam ravishda sayohatlar uyushtirish. Obida va madrasalar tarixi haqida keng ma’lumotga ega bo’lish istaklari amalga oshsa.

O’n beshinchidan, «vatan mening himoyamda» shiori har bir vatan fuqarosi qalbida jo’sh ursa. Tashqi kuchlardan vatanni himoya qilish nafaqat harbiy zobitlarimizni, balki har bir fuqaroning muqaddas burchi bo’lmog’i lozimdir. Buning uchun yigit va qizlarimizning yoshlari to’lib pasport olish jarayonlarida shunday qasamyodni qabul qilsinlarki, bu qasamyodlari harbiy xizmatga borsalar, bormasalar hamisha o’z kuchini yo’qotmasin... Tasavvur qiling, maktab yoxud kollej va yoyinki litsey o’quvchisi o’qishni tugatib tantanali ravishda qo’liga pasportini oldi. Qasamyodning matni taxminan shunday bo’lsa maqsadga muvofiqdir.

- Men bugun ozod va obod, jannatmakon yurtimda voyaga etib qo’limda fuqarolik pasportimni tutib turar ekanman, g’urur va iftixor ila o’z millatim bilan faxrlangan holda hamisha vatan himoyasida turishga, millatimni avaylashga, milliy qadriyatlarimizni qadrlashga, millatim madaniyati va ma’naviyatini davom ettirishga, ajdodiy an’analarimizni kelajak avlodlarga bekamu-ko’st etkazishga tantanali ravishda qasamyod qilaman.

Aziz farzandim, millat g’ururi qalbingda jo’sh urib vatan ishqi bilan yashasang anglagilki, seni hech kim enga olmagay. Sening qudrating, millating bilandir, xalqing bilandir, so’zlashib turgan tiling, pokiza diling bilandir. Birinchi so’zing Tangriga shukrona bo’lsin, ikkinchi so’zing millat qadriyati bo’lsin, uchinchi so’zing vatan himoyasi bo’lsin, to’rtinchi so’zing milliy madaniyating, ajdodiy an’analaring bo’lsin, beshinchi so’zing komillik va mukammallik bo’lsin. Odamiylik kasbing, o’zlikni anglash ilming, ezguliging ibodating bo’lsin. Tasavvuf olami orqali tafakkur saltanatiga qadam qo’ygilki, bu olamda ezgulikning xazinasini topgaysan. Bu olam senga Tangrining borligini, millatning qadrini, vatanning muqaddasligini, o’zlikning o’zagini anglatadi.  Sening muqaddas burching ajdodlarning musaffo qonini buzmagan holatda uni kelajak avlodlarga uzatishdir. To’rt kunlik olamning ajdodiy milliy qonuniyati shundan iborat. Sen bu qonuniyatni buzmagan holda millating yo’lida sobitqadam turgin. Anglagilki, zamonning qaltis o’yinlari ichra millatingni asl qiyofasini kelajak avlodlarga pokiza etkazmoq mas’uliyati sening elkangga tushibdir...

Alhamdulillahi Robbil A’lamin.

YANGILANISHLAR

MAHSULOTLAR

Media-mahsulotlar pochta orqali

SAYT XARITASI

STATISTIKA