TOIFALAR

QATRON

SHOGIRDLARNING SHARXLARI

NURSAFARDIYYA
ISH FAOLIYATI

QIDIRUV

HAMKORLAR

Hikmat olamidagi rohat

Muallif: Sofiy tabib Nursafardiy

Joylashtirish vaqti: 2015-03-16

Farzandim, agar hech kimga vafo qilmagan dunyoning o’tkinchiligini anglagan bo’lsang, hikmatli so’zlarim orqali qalbingga quloq tut. Bu olamda kimlar kelib kimlar ketmadilar. Dunyoning azali ham, hoziri ham, kelajagi ham mavhumiyatga to’la sinoatdir. Qisqa hayotda insoniylik xislatlarini egallamog’ing, seni saodatli olamga boshlab kiradi. Sening vujuding fano olamiga bog’lik xilqatdir. Bu xilqat ichra aql va onging hayotda to’g’ri yo’l tanlashingga omil bo’ladi. Sen aqlingni taniganingdan boshlab ilmga intilgin. Zero, ilm qudratdir. Sen bu qudrat ila sening manqurtlik olamiga etaklamoqchi bo’lgan nafs dushmaniga qarshi kurashmog’ingga asos bo’ladi. Sen o’zligingni anglaguningga qadar besh bosqichdan o’tmog’ing lozim bo’ladi. Birinchi bosqich ota-onangga xizmat qilish, ikkinchi bosqich vatanga xizmatda turmoq, uchinchi bosqich millatni sevib uning xizmatini o’zingga yuksak burch deb bilmog’ing, to’rtinchi bosqich ilm o’rganmog’ing bo’lsa, beshinchi bosqich Ollohga ibodatdir.
Senkim, ana shu bosqichlarni qalbingga jo etib o’z insoniylik vazifangni ado etishing bilan birga senda tafakkur nishonalari ko’rina boshlaydi. Ana shu yo’lda senkim o’zligingni anglay boshlaysan.  Dunyoning azali nimadan iborat? Uning yaratuvchisi kim? Olamda nima uchun yashamoqdasan? Yashashdan maqsad nima? Ezgulik va yovuzlik nimadan iborat? Sen bunday tuyg’ularning  farqiga borib mohiyatni anglaganing sari senda ilohiy ishqqa nisbatan ishtiyoqing kuchayadi. Senda mehr-oqibat, ezgulik g’oyalari uyg’onadi. 
Sen mendan so’rading, dunyoning mohiyati nimada?
Men dedimki, dunyoning mohiyati uning o’tkinchiligida. Men o’tkinchi olamda o’zligimdan boshqa o’zlik topmadim. Yolg’onchi bu dunyoning zebu-ziynatlari mening tafakkurim o’g’rilaridir. Men bunday o’g’rilarga aldanmadim. Qalbimni nafs tamoyillaridan poklab saodatli bir olamga qadam qo’ydimki, bu olamda rohatdan o’zga narsa yo’qdir. Bu olamda xotirjamlikdan o’zga tuyg’u yo’qdir. Bu olam Tangriga nisbatan ibodat olamidir. Men zikrim tumorlarida uning quvvatini his qildim, men zikrim oynasida uning jamolini ko’rishni orzu qildim. Men ibodat olamida Uning bilan suhbat qilishga oshiqdim. Naqadar rohatli olam bu. Naqadar xotirjam olam bu. Mening fano olamidagi hayotim sariq chaqaga arzimasdir. Mening bu olamda qimmatim yo’qdir. Chunki olamning o’zida qimmat yo’qdir. Chunki tug’ilmoqning o’lmog’i muqarrardir. Muqarrar o’lmoq olamida insonning ham qadri tuproqqa tengdir. Inson tuproqdir. Tuproqqa qaytadir. Mening Tangriga qaytadigan xilqatim bor. Bu xilqat tafakkurdir. Tafakkur ila qalb chambarchas bog’liqdir. Omonat olamda garchi ular ayro bo’lsalarda haqiqatga qaytar onlarida birlashadilar. Tafakkur va qalb. Fano olamiga bog’liq bo’lmagan xilqat. Fanoda yashagan chog’lari ustiga nafs pardasi tortilgan nochor qalb. Ilmdan yiroq mudroq tafakkur... Insonlar mana shu buyuk tuyg’ularsiz o’zliklarini anglamay yashaydilar. Qalb va tafakkurni  bemajol aylab o’zlari bilan nimani olib ketadilar. Nafs insonning pokiza tuyg’ularini halok etib dunyoni tark etar chog’ida uning ortidan kulib qoladigan aldamchi sarobdir. Insonlar qalb va tafakkurni chetga surib biriga parda tortib, birini muzlatib nafs ortidan yuguradilar. O’tkinchi dunyodan nima olib ketadilar?
Sen mendan so’radingki, insoniylik xislatlari nimada ko’rinadi?
Men dedimki, chin insoniylik  bu sening har bir oningdadir... Insoniylik xislatlari insoniylik tuyg’ularini anglashdan boshlanadi. Avvalo o’zingni tarbiya qil. Toza kiyin, pokiza yurgil. Tilingdan shirin so’z arimasin. Ilmga ko’proq extiyoj sezgil. Vaqtingni behudaga sarflama. Iloji boricha kitob mutoala qilgin. Hamisha fikrda bo’l, agar qaerdan kelganingni, qaerga ketishingni anglagan bo’lsang Tangriga zikr qil. Beva-bechora, xastaning holidan xabar ol. Agar moddiy tomonlama ko’mak bera olmasang ko’ngil so’ra. Ko’ngil olmoq har qanday yordamdan afzaldir. Avvalo ota-onangni hurmat qilgin. Qo’ling hamisha ko’ksingda bo’lsin. Mehr-oqibatni o’zingga kasb qilib olginki, bu xislat sening odamiylik xislatlaringni yuksaltiradi. El aro obro’ topasan. Mahallangda ilg’or bo’l. Uning to’ylarida beminnat xizmat qil. Azasida hamdard bo’lgil. Vatan ostonadan boshlanadi. Ostonangdan chiqishdan oldin ortingga qara. Hamisha ota-onang rizoligi bilan yurgil. Oilangni muqaddas bil. Ayolingni qadrla, farzandlaringni ilmga o’rgat. Ularni vatanni sevishga, xalqqa xizmat qilishga, millatni qadrlashga, milliy an’analarni asrashga, milliy madaniyat va meroslarni toptamaslikka da’vat qil. Ularni qalbini uyg’otgil. Tafakkurlariga ilm buloqlarini ko’z ochishiga madad ber.
Sen mendan so’radingki, vatan nima?
      Men dedimki, vatan bu sening joningdir. Sen hech qachon bu jondan ayro tushma. O’z joningga sadoqatli bo’l. Vatan bu sendir. Vatanni tashlab vatangado bo’lma, qadringni yo’qotasan. O’zga yurtda shaxs sifatida yo’q bo’lib ketasan, chunki u erda na tiling, na madaniyating mavjuddir.  Och bo’lsangda o’z vataningda shohday yurgil. To’q bo’lib o’zga yurtda gado bo’lgandan ko’ra. Vatan bu qalbdir, vatan bu millat, vatan bu xalqdir. Vatan bu sendir. Hech qachon senligingdan ayrilma. Sen vatanni sevsang millatni sevasan, xalqni sevasan. Vatan himoyasi bu sening insoniylik burchingdir. Vatan himoyasidan qochgan xoindir. Vatan uchun jon berganlar jannatidir.
Sen mendan so’rading, millat nima?
      Men dedimki, millat bu sening qoningdir. Millat bu sening qavmingdir, qarindoshingdir, urug’ingdir, ulusingdir. Millating shudir. Millat bu sendir. Millat bu vatandir, vatan bu millatdir. Sen shu vatan ichra bir qonsan, millat qonida aylangan jonsan. Sen millatni qadrlasang, o’zingni qadrlagan bo’lasan. Sen millatni qadrlasang ota-onangni, qomu qarindoshingni, urug’ingni, ulusingni qadrlagan bo’lasan. Sen millatingni qadrlasang, uning tarixidan faxrlanasan. Ajdodlaring qoldirgan ilmiy meroslarni asraysan, ilmini davom ettirasan. Millatingga muhabbat bu o’zingga nisbatan hurmatdir. Millatni asraganing o’zingni asraganingdir. Millatni qadrlaganing o’zingni qadrlaganingdir. Millatni himoya qilganing o’zingni himoya qilganingdir.
Sen mendan so’radingki, xalq nima?
 Men dedimki, xalq bu sening vijdoningdir. Agarkim vijdonsiz bo’lsang xalqingdan ayro tushasan. Xalq bu sendir. Sening og’iring ham engiling ham xalq bilandir. Sening to’yingda xalqing sen bilan yondosh, azangda hamdard, xastaligingda darmondir. Sen xalqni qadrla, uning xizmatida tur. Olamdan o’tsang tobutingni ko’taradigan xalqdir. Sening yaxshi odatlaringni, xizmatlaringni yodga oladigan xalqdir. Yomoningni yashirib yaxshiligingni oshiradigan xalqdir.
Sen mendan so’radingki, ibodat nima?
      Men dedimki, ibodat bu sening iymoningdir. Ibodat bu pokiza qalbingdir. Ezgu niyatingdir. Ilohiy ilmingdir. Ibodat bu o’zlikka qo’yilgan birinchi qadamdir. Ibodat bu asl vatan ostonasidir. Ibodat Tangriga nisbatan buyuk e’tiqoddir. E’tiqod o’zini Tangriga topshirishdir. Tangriga o’zini topshirmoq iymondandir. Ibodat pokizalikdir. Mehr-oqibatdir, saxiylik va saxovatdir. Ezgulikdir. Iymon bu nafsning qudratini engishga qodir birinchi zarbadir. Iymon bu ibodatdir. Ibodat Tangriga zikrdir. Zikr uning jaloli ila jamoliga olib boruvchi quvvat tizimidir. Ibodat bu xotirjamlikdir.

Sen mendan so’radingki, Tangri o’zi qanday zot?
Men dedimki, Tangri sening paymoningdir. Sening ahdingdir. Maqsadingdir. Sen o’z Yaratuvchingga qaytishni istaganing sening unga bo’lgan buyuk muhabbatingdir. Tangri butun olamlar hukmdori uning yaratuvchisi benuqson va rahmdil buyuk qudrat sohibidir. Tangri bordan yo’q qiladigan, yo’qdan bor qiladigan ulug’ zotdir. Uning tengi yo’q, tengsizdir. U ulug’larning ulug’idir. Sening unga bo’lgan muhabbating seni saodat manzillariga eltadi. Sen Tangrining nomini zikr qilasan, ibodat olamida uning quvvatini his etib omonat olamning sinov maydonida o’lmay burun saodat topgaysan. Sen uning mavjudligiga iymon keltirgil. Ibodat olamida diling ham, tiling ham uning zikrida bo’lsinkim, ilohiy ilm xazinasi sening tafakkuringda nur sochgay va sen umring davomida rohat ichra yashagaysan...
Sen mendan so’radingki milliy meros nima?
      Men dedimki, milliy meros bu sening o’zligingdir. Tarixingdir. Azalingdir. Ota-bobolaring qoldirgan ilmiy-madaniy meroslarni asramoq ularni qadrlamoq oliy burching bo’lsin. Sening tarixing ulug’dir, buyukdir. Sening ajdodlaring qoldirgan ilmiy meroslar butun olam ilm taraqqiyotiga tamal toshi qo’ygan buyuk allomalardir. Sen shunday allomalar ajdodi ekanligingdan faxrlan. Ularning ilmiy meroslarini davom ettirgil, toki ularning abadiyatga daxldor ruhlari shod bo’lsin.  Olam sahnini bezatib turgan muhtasham obidalarni asrab avaylashga hissa qo’sh. Buyuk millat ichra kamol topgil.
Sen mendan so’radingki, ilm nima?
 Men dedimki, ilm bu sening o’zagingdir. Sening shoh tomiringdir. Sen ilm birla kamol topgaysan. Komillik, mukammallik olamida javlon urgaysan. Tangrini anglagaysan. Ilm qudratdir. Ilm seni samo qadar yuksaltirgay. Dunyoviy ilmlar sening dunyoviy hayotingni bir maromga solsa, ilohiy ilmlar silsilasi saodat sarhadlari tomon etaklaydi. O’zlikni anglash kaliti ilmdadir. Ilm bu iymonga qo’yilgan birinchi qadamdir. Iymon bu e’tiqodga qo’yilgan ikkinchi qadamdir. E’tiqod bu Tangri tomonga qo’yilgan hal qiluvchi qadamdir. Ilmsiz saodat topilmas. Ilmsiz kamol topilmas. Ilmsiz insoniylik xislatlari ko’rinmasdir. Ilm sening qoningga aylansagina, ilm sening joningga aylansagina, ilm sening iymoningga aylansagina Tangrining saodatiga musharraf bo’lgaysan...
Sen mendan so’radingki, o’zlik nima?
Men dedimki, o’zlik bu o’zligingdan tashqaridagi so’zingdir. O’zligingdir. Inson bir umr o’zi bilan yashashga intiladi. O’zidan tashqarida turguchi o’zlik bu nafsdan xoli musaffo o’zlikdir. Nafsdan kechmoq oson yumush emasdir. O’zlikni anglash saodati har kimga nasib etavermaydigan jarayondir.  Chunki insonlar istasa istamasa nafs istaklaridan kecholmaydilar.  O’zlik bu chinakam pokizalikdir. O’zlikda manmanlik yo’q, g’iybat yo’q, zulm yo’q. O’zlik bu chinakam haqiqatdir. O’zlik bu haqiqatdir, haqiqat bu o’zlikdir. Haqiqat olamidagi inson Tangriga butun borlig’i bilan ibodat qiladi. O’tkinchi dunyoning rohatidan voz kechib qalbini Uning ibodatiga bog’laydi. Uning ishqi bilan nafas oladi. O’tkinchi olamda har bir harakatini ibodatga aylantiradi. O’zlikni anglash bu Tangrini anglashdir. O’zlik bu Tangriga buyuk e’tiqoddir...
Sen mendan so’radingki, dunyo nima?
Men dedimki, dunyo o’tkinchi bir sarobdir. Dunyo sinovdir. Dunyo g’iybatdir, zulmdir, zulmatdir... Dunyo o’tkinchi bir karvondir. Oxiri narvondir. Dunyo tug’ilmoqdir, o’lmoqdir. Umri bir daqiqalik g’unchadir.  Insonning dunyodan olib ketadigani kafan solingan tugunchadir. Aysh-ishrati bugunchadir. O’lmog’i ko’z ochib yumgunchadir. Dunyo bevafodir. Dunyo kimga armon, kimga darmondir. Dunyo darmonidan dardi ko’p, armonida gardi ko’p, quvonsang yig’laydilar, yiqilsang kuladilar, ilmli bo’lsang hasadda yiqitaman, degan maqsadda turguvchi makkordir.
Sen mendan so’radingki, tafakkur nima?
Men dedimki, tafakkur fano olamida, lekin fanodan tashqarida turuvchi buyuk bir olamdir. Tafakkur insonlarda mudroqdir. Ani uyg’otmoq fasli kelibdir. Nafs bor joyda tafakkur nishona bermas. Tafakkurning uyg’onishi ilohiy ilmdadir. Uning ko’z ochmog’iga birinchi qadam iymondir, ikkinchi qadam ilmdir, uchinchi qadam e’tiqoddir. Mana shu uch bosqich tafakkur olamini kashf qilgay. Tafakkur bu o’zlikni anglashdir. Qalbni nafs ammorasidan poklashdir. Tafakkur nafsdan xoli olam Tangriga ibodati, zikrlari sado berguchi muhtasham saltanatdir. Tafakkur bu mohiyatdir, anglashdir... Agarkim sen yuksak ong chegaralaridan o’tib tafakkur sarhadlariga chiqsang chinakam saodat topgaysan. Yuksak ong dunyoviy xilqatdir, tafakkur baqo olamiga olib o’tuvchi ilohiy olam ko’prigidir.
Sen mendan so’radingki, qalb nima?
Men dedimki, qalb bu o’zlikdir. Inson tug’ilibdiki, unda nafs tuyg’ulari sherikdir. Senkim ana shu sheriklikdan voz kechsanggina qalbingni nafs istaklaridan poklagaysan. Qalb bu ilohiy ibodat saltanatidir. Sen bu saltanat ichra shoh bo’lgil. Qalbingga quloq tutsang u sening kimligingni anglatadi. Sening qalbingda qalb gapirsin, sening qalbingda nafs gapirmasin. Agarkim, qalbing ustida parda bo’lib nafs gapirsa sen sen emasdirsan. Bu nafsdir. Sen nafsingni qalbing ustidan ko’tarib tashla. Ana shundan so’ng o’zligingni anglaysan. Ana shunda nafs emas, o’zing gapira boshlaysan. Ana o’shanda sen dunyo lazzati haqida uning aysh- ishrati haqida emas, iymon haqida gapirasan, e’tiqod haqida gapirasan, Tangri haqida gapirasan. O’zing gapirgil, o’zingdan qolma.
Sen mendan so’radingki, nafs nima?
Men dedimki, nafs bu sening haqiqiy dushmaningdir. Nafs seni yo’ldan ozdiruvchi, adolatdan yuz burdirib zulmga olib boruvchi, mehr-oqibatingni unuttirib qarga eltuvchi, saxovatni kanda qildirib, xasislikka etaklovchi kuchdir. Nafs bu sening o’zligingni tortib olgan jallod, tafakkuringni muzlatgan yovuz, qalbingga parda tortgan dushmandir. Nafs bu manmanlikdir, g’iybatdir, ko’rolmaslikdir, xiyonatdir, hasaddir, zulmdir, adovatdir. Nafs xastaliklaridan yiroq yurmasang tubanlashib borgaysan. Nafs insonni halok etguchi kuchdir. Insonni o’ldiruvchi nafsdir. Ruhiy xastaliklarni, vujudiy kasalliklarni keltirib chiqaruvchi bu nafsdir. Birovga hasad qilsang bu sening nafsingdir, ko’rolmasang, zulm qilsang, g’iybat qilsang, manmanlik qilsang, o’g’rilik, kashandalik, ichkilikbozlik qilsang, kambag’alni mensimasang, xasis bo’lsang bu nafsdir. Agar shunday xislatlardan qochmasang unga qul bo’lgaysan. Nafs seni boshqargay. Sen o’zligingdan ayrilib nafsingni izmiga bo’ysunib qolgaysan. Nafsing nima desa ado etgaysan. Oxiri o’zingni ado etgaysan, qalbingni gado etgaysan. Nafsingni engmog’ing uchun qalbingga quloq tut. Agar qalbingda nafs pardasi bo’lsa sen sabr bardosh birla uni ko’tarib tashlashga harakat qil. Iymon keltir. Tangrini yod ayla. Shaytonga hay ber. Ezgulik ostonasiga qadam qo’y, yaxshilikni kanda qilma, saxiylikka qo’l urgil. Anglaysan, qalbingdan o’sha nafs pardasi ko’tarila boshlaydi. O’zligingni anglay boshlaysan. Saodat manzilini his qilasan. Xotirjamlikka erishasan. Qalbing orom oladi, tafakkuring yuksaladi, saodat topgaysan.
Sen mendan so’radingki, inson nima?
Men dedimki, inson yuksak ongga ega buyuk xilqat. Inson bu sendir, mendir, udir, ulardir, inson tafakkurdir, qalbdir. Insoniylik ana shunda namoyondir. Agar olam sahniga nazar tashlasang, insonlarning insoniylik qiyofasidan uzoqlashib qolganini guvohi bo’lasan. Insonlar bir-birlarini o’ldirmoqdalar, tabiatga ozor berib o’rmonlarini kesmoqdalar, ona zamin bag’rini o’yib qonini so’rib olmoqdalar, musaffo havoni zaharlamoqdalar. Buning oqibatida bedavo xastaliklar turi ko’payib ketmoqda, ommaviy qirg’in qurollari bosh ko’tarmoqda. Insoniyat boshi berk ko’chaga kirib qolmoqda. Insonlar insoniylik vazifasidan chiqib nafsiy ammoralar izmida yashamoqdalar. Inson buyuk xilqat agarkim, uning qalbida poklik bo’lsa, agarkim uning tafakkuri ilmga muhtoj bo’lsa, ilm istasa, ezgulik qilsa, saxovat qilsa... Insonlar nega urushadilar, nimani talashadilar... Insonlar insonsifat bo’lsinlar, insoniylik tamoyillari bilan yashasinlar, toki ona zaminimiz boqiy bo’lsin, toki kelajak avlodlar oldiga yuzimiz shuvut bo’lib qarg’ishga qolmaylik. Insonning insonligi uning vatan mehri, xalq dardi, millat muhabbati bilan yashashidir. 
Sen mendan so’radingki, odamiylik nadir?
Men dedimki, odamiylik bu iymondir, e’tiqoddir, mehr-oqibatdir, saxovatdir, saxiylikdir, kamtarinlik, komillikdir. Odamiylik ilmdir, matonatdir, ma’rifatdir, madaniyatdir, odamiylik adolatdir, haqiqatdir, harakatdir, ibodatdir. Odamiylik do’stlikdir, halol mehnatdir, hikmatdir, xizmatdir, halovatdir, xotirjamlikdir. Odamiylik xalqdir, millatdir, vatandir. Odamiylik sabrdir, bardoshdir, qardoshdir, qahramonlikdir. Odamiylik bahordir, bahodirlikdir, mardlikdir, mardonavorlikdir, muruvvatdir, muhabbatdir.
Sen mendan so’radingki, shariat nima?
Men dedimki, shariat bu iymondir. Islom qonuniyatidir. Islom musulmonlarning muqaddas dinidir. Islom so’zining asl ma’nosi “maxsus” degan ma’noni anglatib, “dayni islam”, ya’ni islom dini deganda “maxsus berilgan qarz” ma’nosini bildiradi.  O’zini xudoga topshirish, itoat, bo’ysinish ma’nosini ham beradi. Islom dini Muhammad salolohu alayhi vassalam davrilarida vujudga  kelib unda yagona Ollohga itoat etish borasidagi mukammal ilohiy qonuniyat  buyuk Qur’oni karim Payg’ambarimizga nozil etilgandir. Ilohiyotdan muqaddas dinimiz uch elementdan iborat deb talqin etilgandir. Bular iymon, islom va ehsondir. Iymon talablari ettita aqidani o’z ichiga olgay. Bular Ollohga, farishtalarga, muqaddas kitoblarga, payg’ambarlarga, oxirat kuniga, taqdirning ilohiyligiga va o’lgandan keyin tirilishga ishonishdir. Islom talablariga kiruvchi beshta marosimchilik shartlari kalima keltirish, namoz o’qish, ro’za tutish, zakot berish va imkoniyat topilsa haj safariga borishdir. Ehson esa ilohiyotda sidqidildan uning aqidalariga ishonish va marosimlarni ado etishdir. Qurbon hayiti, ro’za hayiti, xatna, mavlud oyi marosimlari va boshqa marosimlar jumlasidir. Islom bu iymon saltanati, ilm olami, ilohiyotga yo’l ko’rsatuvchi  maskan, ezgulik va mehr-oqibat dunyosi, Ollohning insoniyatga bergan ne’matidir.
Sen mendan so’radingki, tariqat nima?
Men dedimki, tariqat bu yo’ldir, ilohiy falsafadir. Ilohiy olamidagi o’ziga xos ilmlar  majmuidir. Tariqatlar falsafiy  ilmlar silsilasiga qarab turli yo’nalishlarda bo’lishi mumkin. Zohidlik, obidlik, faqirlik ilmi tariqat falsafasining ko’rinishlaridan biridir. Ilohiy olamda juda ko’p tariqatlar vujudga kelgandir. Masalan, ona yurtimiz tarixida vujudga kelgan Bahovuddin Naqshbandiyning Naqshbandiya tasavvuf tariqatlari, Najmiddin Kubro bobomizning Kubraviya so’fiylik tariqatlari, Ahmad Yassaviy bobomizning Yassaviyya so’fiylik tariqatlari, ilmiy falsafalari ilm ahlining durdona qo’llanmalari hisoblanadi. Bundan tashqari Turkiyada Mavlaviya, Bektashiya, Hindistonda Suxravardiya, Qodiriya tasavvuf tariqatlari vujudga kelgan. Chishtiya, Malikiya, Shoziliya singari ko’plab tariqatlarning o’ziga xos falsafiy yo’nalishlari bor. Hazrat Naqshbandiy bobomizning tariqatlaridan so’ng mana besh asr o’tib yurtimizda yangi bir ilohiy, ezgulik falsafasi Nursafardiyya so’fiylik tariqati yuzaga keldi. Ajdodlar ilmiy merosini davom ettirish, ularning ezgulik g’oyalari asosida yuzaga kelgan yondosh falsafa sifatida ilohiy bir mukammal falsafaning yurtimizda ko’z ochishi, bu birinchidan ilohiy ibodat orqali Tangriga e’tiqodimizni kuchaytirsa, ikkinchi navbatda insonlar qalbiga ilm nurlarini sochib, hikmat ilmi orqali xalqimizni ezgulikka, xalqparvarlikka, haqparvarlikka, vatanparvarlikka, millatparvarlikka undagay. Illo, maqsadimiz amalga oshgaydir.
Sen mendan so’radingki, ma’rifat nima?
Men dedimki, ma’rifat bu ilmdir. Ma’rifat bu yuksak tafakkur va musaffo qalbdir. Ilm insonni ulug’lagay. Ilmning chegarasi yo’qdir. Qur’oni karim ilmi, hadis ilmi, tariqatlar ilmi. Falsafiy ilmlar, dunyoviy, ilmi ilohiy ilmlar barchasi bir-biriga chambarchas bog’liq mukammal ilmlar silsilasidir. Ilm qudratdir, ilm quvvatdir. Ilm insonni Ollohga yaqinlashtiradi. Ilm qalbni yoritadi, ilm tafakkurni ulug’laydi.  Ma’rifatli inson ezgulik yo’lidadir. Ma’rifatning o’zi chinakam ezgulikdir. Ilm insonlarni bir-biriga yaqinlashtirib, darajalarini yuqoriga ko’taradi.
Sen mendan so’radingki, haqiqat nima?
Men dedimki, haqiqat bu Tangridir, Ollohdir, Robbiydir, Xudodir va Huvadir.  Undan o’zga haqiqat yo’qdir. Ollohning saodatiga erishmoqning eng yaqin yo’li bu haqiqatga yuz burishdir. Haqiqatga erishmoq mashaqqatlidir. Haqiqatga erishmoq uchun haqiqat ilmidan bahra olmoq kerakdir. Dunyoning nafsi ammorasidan yuz burmoq kerakdir. Qalbni poklamoq, tafakkurni ulug’lamoq lozimdir. Haqiqatning samarasi ilohiy ishqdir, muhabbatdir, riyozatdir. Manzili ilohiy,  Uning buyuk Jamolidir, Jalolidir.
Sen mendan so’radingki, so’fiylik nima?
Men dedimki, so’fiylik bu ilohiy ishqdir. Tunu kun ibodatdir, e’tiqoddir, riyozatdir, muhabbatdir. So’fiylik dunyodan yuz burib Ilohga, Tangri taologa yuzlanishdir. Zikrdir. Ilohiy olam sirlarini anglashdir. Komillik va mukammallik darajasidir. So’fiylik bu Iloh olami bilan suhbatdir. So’fiyga dunyo ishqi begona, so’fiy faqirdir, qalandardir, darveshdir, devonadir. So’fiy o’zini o’tkinchi dunyoga ortiqcha sezar, vujudan olamda mavjud bo’lsada ruhan ilohiy olamga bog’liq obiddir, goho zohiddir. Uning fano olamidagi dardi xalq, el, millat, vatan manfaatida sobitqadam turmog’i bo’lsa baqo olamidagi riyozati zikrdir va har bir harakati ibodatdir. So’fiy Ollohning jalolini istab jamolini orzu qilgan qalandardir. So’fiy dunyoning zebu-ziynatidan qochgan, aysh-ishratidan etagini qoqqan, boshiga faqirlik kulohini qo’ndirib yagona Ollohni suygan oshiqdir.
Sen mendan so’radingki, fano nima?
Men dedimki, fano o’tkinchidir. Fano aldamchi makkordir. Fano nafsi qalbga parda tortar, tafakkurni mudroq etar, o’zlikdan mosuvo etar. Fano sinovdir. Aldanganlar aysh-ishratda, zebu-ziynatga ko’milarlar, Tangrini unutarlar. Ibodatni unutarlar. Nafs xastaliklariga berilib manmanlik qilarlar, hasad qilarlar, zulm, adovat, g’iybat qilarlar. Fano aldamchidir. Avvaliga boylikni berar oxirida ikki karich kafanda jo’natar. Fano o’limdir, fano tuproqdir. Fano mavjudlikdir, mavhumlikni ko’rolmas. Qisqa umrda insonlar boylik talasharlar, bir-birlariga zulm qilarlar, adovat qilarlar. Fano alamdir, armondir, darddir, g’urbatdir. Bu g’urbat ichra o’zligini anglaganlar saodatlidir. Bu olam ichra ibodatga kirganlar jannatidirlar. Fanoning chirkin xastaliklaridan o’zini poklab haqiqat olamiga kirganlar boqiydirlar.
Sen mendan so’radingki, baqo nima?
Men dedimki, baqo bu haqiqat olamidir, Tangri olamidir. Baqo fano olamida o’zligini anglaganlar uchun saodat olami, nafsga ko’milganlar uchun yo’qlik olamidir. Fanoda nafs mavjud, nafssiz fano bo’lmas. Fanoda baqo izlaganlar yo’q edilar. Endikim, baqoda fano izlaganlar yo’qdirlar. Fanoda baqo izlaganlar fanosiz edilar. Baqoda ham fano izlaganlar baqosiz bo’ldilar. Baqo olami bu boqiy parvozdir.  Ruhan mukammal parvozdir. Bu rohatning oxiri bo’lmas. Bu parvoz Ollohning quvvatiga etib borgunga qadar, Uning jamoliga musharraf bo’lgunga qadar, to qiyomat ming yillar davom etar. Haqiqat kishilarining boqiyga parvozi shu qadar rohat va lazzatlidir. Ibodat olamidagi saodatli insonlar baqoga munosib bo’ldilar. Boqiy hayotga munosib topildilar.
Sen so’radingki, Qur’oni karim nima?
Men dedimki, Qur’oni karim Ollohning ilmidir, Tangrining mo’’jizasidir. Olamning siru sinoati unda mujassamdir. Qur’oni karim Muhammad payg’ambarimizga nozil bo’lgan durdona, javohir xazina, buyuk xilqatdir. Qur’oni karim sirlarini  zamiriga etib bo’lmas. «Siz butun dunyoning daraxtlarini kesib qalam qilsangizu, olam dengizlarini siyoh qilsangiz ham uning mohiyati tagiga etib borolmassiz» deyiladi. Demakkim, ilmning asosi, mohiyati, mazmuni, Tangrining buyuk kalomidadir. Qur’oni karim olamda Olloh nozil qilgan ilohiy mo’’jizadir.
Sen mendan so’radingki, umr nima?
Men dedimki, umr bu vaqtdir, vaqt bu umrdir. Umr ilm uchun uzundir, nafs uchun qisqadir. Umr tug’ilmoq va o’lmoq orasidagi tiriklikdir. Umr fursatdir, sinovdir, bekatdir, karvondir, sarbondir. Umr ko’z ochib yumgunchadir. Tug’ilmoq birla o’lmoqning orasida ikki yo’l bordir. Biri nafsdir, biri ilmdir. Biri dunyoviy yo’ldir, biri ilohiy yo’ldir. Ilm yo’li saodatlidir, nafs yo’li tubanlikdir. Umr mazmunlidir, mazmunsizdir, umr tafakkurdir, manqurtlikdir... Umr quvonchdir, qayg’udir, orzudir, armondir, mashaqqatdir, aysh-ishratdir, manmanlikdir, kamtarinlikdir. Umr xasislikdir, saxovatdir. Umr o’tkinchi bir sarobdir.
Sen mendan so’radingki, o’lim nima?
Men dedimki, o’lim Ollohning buyuk sirlaridandir. O’lim fano va baqo orasidagi ko’prikdir. O’lim kimnidir saodatga, kimnidir jahannamga olib o’tar. O’lim yo’qlik emas, o’lim borliqning boshlanishidir. O’lim Ollohni suyganlar uchun lazzatlidir, dunyoni suyganlar uchun qayg’udir. O’lim hikmatdir, xislatdir. O’lim hikmati insonning fano olamidagi amaliga qarab Olloh bilan yuzlashtiradigan donishmand bo’lsa uning saodat va yoyinki jaholat topishiga avvali sabab  o’lim xislatidir.
Ey farzandim, anglagilki o’tkinchi dunyo zebu- ziynatlaridan, ayshu-ishratidan mazmun, mohiyat topmagaysan. Buguning o’tdi qaytmasdir, kechagi kuning o’lib, o’tgan kuning qabrga kirdi. Anglagilki, ertangni ham indiningni ham, kelajak hayotingni ham qismati shudir. Vaqtni to’xtatib bo’lmas, yoshlikni asrab bo’lmas, qarilikka etmasa bo’lmas, keksalikni tark etmasa bo’lmas. Dunyo shudir. Bevafodir, bemajoldir, xastadir. O’tkinchi olamda ezgulikka nima etsin, mehr-oqibatga nima etsin. Men dunyo istamadim kam bo’lmadim. Sen boylik istab ko’p bo’lib qolmading. Halol yo’lda topgan puling bilan shohona yasha, ibodatiningni kanda qilma. Harom yo’lda topgan pul yuqmasdir, ibodating o’tmasdir. Men buncha yashayman deb kerilma. Ertang qorong’udir. O’limni o’zingga do’st bil. O’limdan o’zga lazzat seni Ollohning huzuriga olib borolmaydi. O’limdan qo’rqqan odamdan har narsani kutish mumkin. Unday inson jonini saqlash umidida kerak bo’lsa millatini, vatanini, el, ulusini sotishga tayyor bo’ladi. Insonsan, odamiylikni o’rgan. Vatanga sadoqat bilan xizmat qil, millatingni asra, milliy meroslarini avaylab, madaniy qadriyatlarini himoya qil, milliy an’analarini davom ettirgil. Ibodatingni kanda qilma. O’tkinchi dunyoda yaxshi nom qoldirki, olamdan o’tganingda seni faxr bilan eslasinlar. Yaxshilardan o’rnak ol. Odamiylik xislatlariga amal qil. Har qanday kasbni egallashdan oldin odamiylik kasbini o’rgan. O’shanda sening xalqqa, el-ulusga, vatanga, millatga foydang tegadi. Qalbing Olloh zikrida, tafakkuring doimiy ilmda harakating  halol mehnatda bo’lsin. Alhamdulillahi Robbil a’lamin…

Men Tangri ishqi bilan yondim, netayin,
Bir kun Uning huzuriga ketmog’im, tayin.

Ishqim tumorida lolarang zikrim manim,
Tangrim jamolin istab Anga fikrim manim.

Yo’llarimda mashaqqatning rangi tizilgan,
Qon bag’rimda Tangrimning nomi chizilgan.

Ishqin istab aning tunu kun bedor o’ldim,
Toki ko’rmadim jamolin bunda bemor o’ldim...

YANGILANISHLAR

MAHSULOTLAR

Media-mahsulotlar pochta orqali

SAYT XARITASI

STATISTIKA