TOIFALAR

QATRON

SHOGIRDLARNING SHARXLARI

NURSAFARDIYYA
ISH FAOLIYATI

QIDIRUV

HAMKORLAR

Uchinchi olamda nafs taraqqiyoti va uning echimi

Muallif: Sofiy tabib Nursafardiy

Joylashtirish vaqti: 2015-03-16

Dedimki, olami fanoda jannatning nishonasi qalbdadur. Umr ustida turgan vaqt hukmronligi insonni ma’lum chegaralarga tutashtirgandan so’ng qazoning qadri etgay. Qalb ostidagi jannatning baqodan mosuvo bo’lmog’ining birinchi sababi aynan qalb ustida qora bulut bo’lib turgan nafs pardasining inson tafakkurining muzlanishi oqibatidir. Nafs olami bu ko’pchilik, qalbi baqo jannatini kashf qilmagan insonlarning soxta jannatidir. Anglamoq lozimki, olami fano ichra keng quloch yoygan nafs saltanati insonning zulmat dunyosidir. Agarkim, men bu zulmat ichra o’zimni yo’qotsam ikki dunyo saodati armondir. Nafs olamining zulmatida yorug’lik istagan inson qo’lida ibodat mash’alasini tutmog’i lozimki, undan taralgan yorug’lik nuri insonni saodat sarhadlariga olib chiqqaydir.
Mavjudlik sarobdir, aslida. Modomiki, umr qisqa ekan ko’zning mavjudlik olamidagi faoliyati vaqt soatiga qarab qazoi qadarga yaqinlashib boradi va mavjudlik, ya’ni moddiylik xossalari ko’z nurining so’nishi bilan nihoya topadi. Jonning vujuddan ayrilishi bu vujudning asl holati tuproqqa qaytishini anglatsa, qalbning ostidagi ibodat mash’alasi tafakkurni ulug’lab mukammal ruhiyatni Tangriga etkazadi. Zero, ruh o’lmasdir, agar u ilohiyat darajasiga intilgan bo’lsa.
Insonning o’zligi bu ruhiyatdadir. Agarkim, ruhning mavjudligi haqiqat ekan, inson avvalo tafakkur orqali uning mukammallik darajasini ta’minlab ilmi ilohiy bir manba orqali Tangriga qaytmog’iga mas’ul bo’lmog’i lozim. Bu holat aynan  vujudda mehmon bo’lib turgan ruhiyat uchun ikki olam saodatini namoyon qilib beradi. Demak, inson qazosi etib ko’z yumishi bilan uning uchun moddiyat olami nihoya topib asl borliqqa namoyon bo’lishi uchun tafakkurning o’rni beqiyos ekan.
Anglamoq lozimki,  moddiyat olamida o’zligini anglamagan inson qazosidan so’ng ham arosatda qolur. Chunki iymon e’tiqodsiz, Tangrini anlamay olamni tark etmoq bandasi uchun gunohi azimdan o’zga narsa emasdir. Fano olamining bashariyat uchun sinov maydoni ekanligini har bir banda yodda tutmog’i lozimki, agar u olam ishtiyoqidan bir oz cheklanib e’tiqod etagidan tutsa, illo, saodat manzillari charog’ondir. Magarkim, nafsning quliga aylanib insoniylik qiyofasini tark etar ekan, fano olami ham, baqo abadiyati ham uning uchun zulmatdir.
Fanoning umr qonuniyatida qismat atalmish azaliyat mexanizmi mavjud. Bunday qismat mexanizmi toki insoniyat mavjud ekan, doimo harakatdadir. Tug’ilmoq taqdir, o’lmoq qismatdir. Mana shu ikki manba orasidagi umrning nechog’li g’animatligini o’zligini anglagan inson borki anglab etgay. Insonning o’zligini anglamoq kaliti iymondadir. Iymon bu insoniylikka qo’yilgan birinchi qadamdir. Zero, bu olam fikrlar olami, tasavvur va taraddud olamidir. Iymon olamida inson o’zini muqaddas e’tiqod nashidalari bilan sug’orib tafakkur sarhadlariga qadam qo’yadi. O’zlikni anglash mana shu makondan boshlanadi. Har qanday iymonli inson borki, ezgulikni sevadi, ilmga intiladi, saxovat yo’lida turib, ko’ngil oshyonini poklaydi. Iymon bu fano sinovining birinchi darajasidir. Ikkinchi darajasida turguchi e’tiqod iymonga qaraganda bir oz mashaqqatli bo’lib unda  insonning fano ishtiyoqidagi istagidan ko’ra Tangriga bo’lgan muhabbati yuksakroq bo’lib u chinakam ibodat saroyida ibodat etagidan mahkam tutadi. E’tiqod bu xotirjamlik saltanati. Tafakkur qasri, qalbga ilohiy nurning kirib kelishi sifatlari namoyon bo’lib Tangri ishqida turgan inson darajasi karomat kashfiyotlariga tutashadi. Yuksak e’tiqod tafakkur olamini yaratadi. Bu olam ichra  ibodatga aylangan ruhiyat fano olamida yashab turgan insonni avliyolik darajasiga ko’tarib uning tiriklik davrining o’zida ikki olam saodatiga musharraf etadi.
Aslida vujud Tangrinikidir. Tangri uni yaratgan. Va istagan paytda Tangri omonat vujudni tuproqqa qaytarib borliq mavjud bo’lgan mavhumiyatda ruhiyatni o’ziga qaytarib oladi. Moddiylikdagi mavjud vujud insonning ixtiyorida emasdir. Vujud sizga bo’ysunmas. Uning ixtiyori qo’lingizda bo’lsa qarigan chog’ingizda uni yoshartiring, qo’lingizdan kelmas. Xastaliksiz yashating, qo’lingizdan kelmas. Siz bunda mehmonsiz, xolos. Vujud vaqtinchalik qolibdirkim, uning biologik, anatomik o’zgarishlariga to’sqinlik qilolmaysiz. Jo’n qilib aytadigan bo’lsak, mehmonxonada qo’nganingiz bu erdan ketishingizni anglatadi. Aslida fano olami zulmatdirkim, uning qorong’u saltanatidan nurli olamga chiqishning yagona yo’li bu qalb tarbiyasi va tafakkur mukammalligidir.
        Fano nafsning hukmronligi ostida ekan, bu olamga kelgan inson istaydimi yo’qmi uning izmiga tushadi. Hamma gap ana shu makrning tuzog’iga ilinmasdan zulmat ichra o’ziga yo’l topib yorug’lik olamiga etishmog’idadir. Mavhumiyat olami bu insonning tug’ilmasdan ilgarigi holati bo’lsa, zulmat olami uning nafsga ko’milgan dunyo ichra yashashidir. Mavhumiyatning siru sinoatlari avvali olamga bog’liq bo’lib uning ma’lum bir asoslari mavjud emas. Ya’ni olamning qachon va qanday yaralganini Tangridan o’zgasi bilmasdir. Ikkinchi olam, ya’ni nafs olamida tug’ilgan vujud ham nafsning domiga tushgan ruhiyati bilan fano ishqida mast bo’lishi  orqali sirlar olami ochilmay qolaveradi. Shu o’rinda butun borliq sirlariga oshno etguchi uchinchi haqiqat olami mavjudkim, uning sarhadlariga bormoqning yagona yo’li Yaratgan Tangrining ishqida e’tiqoddir. Agarkim, olamning siru- sinoatlari yagona Tangriga ma’lum ekan, ruhiyat uchun bu sirlarning oshkora bo’lishi insonning Tangriga qaytgani sababi bilan namoyon bo’lgay. Biz yashab turgan olami fano agarkim, vujudning o’limi muqarrar ekan, sinov olamidir. Zulmatdan ziyoga chiqishning yo’li e’tiqod chashmasidagi ibodat sharoblari orqali namoyon bo’lgaykim, nafs hukmron bo’lgan olami fanoda saodat topmoq hikmati har kimga ham nasib etavermagaydir. Olami fano aslida yo’qlik saltanati bo’lib vaqt atalmish qismat belgisi bir kuni uni o’z domiga tortib ketgaydir.
Agarkim, qisqa umr vajidan olami fano yo’qligidan iborat ekan,  borliqning boshlanishi nima bilan belgilanadi? Olami fanoning yo’qligining birinchi sababi bu nihoyatda qisqa umrdir. Umr shunday bir karvonki, uning ortida iz yo’qdir. Ya’ni ortga qaytish yo’qdir. Inson umr yo’lidan bir marta o’tgay. Shundan xulosa qilmoq lozimki, umrning har oni g’animat, har dami o’lguchidir. Umr ko’z ochib yumguncha o’tar. Bunda na tarix bor va na kelajak. Xotiralar esa sarobdir. Agar inson o’tgan umrini tahlil qilsa shodona davrlariga, baxtli onlariga qaytgisi keladi. Ammo buning imkoniyati yo’qdir. Demak, xotira sarobdan o’zga narsa emas. Umr degani qisqa vaqt chegaralaridan o’tib ketguchi bir kichkina nurdir. Insonlarning ko’pchiligi nafs olamida tug’ilganlaridan so’ng uning domiga tushib ana shu nurni so’ndiradilar va zulmat olamida o’zlariga yo’l topa olmaydilar. Tangri, olami fanoni bir qismini jannat qilib yaratgandir. Nafs olami aslida sinov ma’nosini anglatadi. Insonlar bu olamda ana shu nafsga qarshi kurashmoq  o’niga uni o’zlariga oshno tutadilar, do’st tutadilar, haqiqiy Do’st qaerdaligini unutadilar. Olami fanoning nafsi shu qadar kuchliki, inson uning domiga tushgandan so’ng insoniylik qiyofasini yo’qotadi. Bu bor gap.
Fano olami yo’qlikdan iborat ekan, borliqning boshlanishi o’limning kelishi bilan namoyon  bo’ladi. Nurli olamga o’tishning yagona yo’li esa  Yaratuvchiga e’tiqod ila qaytmoqlikdir. Fanodagi inson umrini emirib boruvchi vaqt tizimi o’lim chizig’i orqali baqo chegaralariga tutashgandan so’ng o’z ta’sirini yo’qotib inson ruhiyatini baqo ixtiyoriga uzatadi. Ana shu qisqa va bir zumda ro’y beruvchi hodisa bu o’limdir. Fano va baqoning orasidagi devor bu o’lim sharbati bo’lib insonlar nafs komiga berilib uning tubida tubanlik qilib yurganlari uchun ham o’zga olam  haroratini  his qilolmaydilar. Eng qizig’i shundaki, insonda nafsning lazzati kuchaygani sari o’lim sharbatining  achchig’i shu qadar kuchayib boraveradi.
Inson nafsga berilgani sari fano olamiga bo’lgan muhabbati oshib boraveradi va shu jarayon uni Tangridan yiroqlashtirib baqoga nisbatan ishonchini so’ndiradi.  Baqoning lazzatini fanoda yashab turib ham his qilish mumkinmi?
Albatta mumkin va bu  holat ayni haqiqatdir. Faqat bu lazzatni his qilishning sirlarini anglamoq lozimdir. Birinchi lazzat, bu iymondir. Ikkinchi lazzat, bu e’tiqoddir. Uchinchi lazzat, bu xotirjamlikdir.
Iymon Tangriga yuzlashtiradi, e’tiqod Tangri tomonga yurgizadi, xotirjamlik uning borligi va quvvatiga erishgandan so’nggi holatdir. Eng lazzatli holat bu xotirjamlikdir. Xotirjamlik faqat oliy tavba darajasiga etgandagina ro’y beradi. Oliy tavba deganda insonning fano olamida har qanday hodisayu voqealarga tayyorligini va Iloh istagan davrda yo’qotish va bu dunyoni tark etishga tayyorligini anglatadi. Xotirjam insonda  fanoning nafsi bo’lmaydi. Uning xotirjamligi Tangrining haqiqatligida. Yuksak e’tiqod uning qalbini poklaydi. Iymoni xalq, vatan, millat xizmatiga undaydi. Chirkin odatlardan yiroqlashtiradi. Komil va mukammal inson sifatida shakllantiradi. Xotirjamlik esa Unga qaytishini anglatadi.
Fano olamidagi iymon va e’tiqod, Tangriga bo’lgan muhabbat bu baqo olamidagi abadiyat borligining namoyon bo’lishining birinchi ko’rinishidir. Demakkim, nafs olamidagi zulmat aro nur topmoqning asosiy yo’li bu iymondir, e’tiqoddir, muhabbatdir.
E’tiqodning ham darajalari mavjud. Bu holatni ikki turga bo’lib misol keltirishimiz mumkin. Birinchi darajali e’tiqod bu iymondir. Chunki Tangriga ishongan, unga e’tiqodini namoyon qilmoqchi bo’lgan inson birinchi navbatda iymon olamiga kiradi. Demak, e’tiqodning boshlanishi bu iymondir. Iymon  darajasi bilan belgilangan  e’tiqod bu,  ham dunyoviy amalda va ham ilohiy ibodatda turguchi ibodat kishilaridir. Ikkinchi darajali e’tiqod bu ilohiy muhabbatdir. Bunday darajada turgan inson dunyoviy lazzatlardan kechib o’zini  Tangri ixtiyoriga topshiradi. Ishq va muhabbat olami bu tariqatning so’fiylik ilmidir.
Insonning o’zi bir olamdir. Sirli olamdir. Bunday sirli olamning kaliti esa tafakkurda. Toki insonda tafakkur uyg’onmas ekan, bu olamni hech qachon kashf qilolmaydi. Demak, insonning o’zida turgan tafakkur, sirlarni ochuvchi kashfiyotchi ekan, nega insoniyat uning kalitini qidirishga shoshilmagan holda insoniy taraqqiyotni bir chetga surib yangi asrlarda paydo bo’lgan texnokratik kashfiyotlar ortidan sho’ng’ib ketdi? To’g’ri, olamda insonni lol qoldirguchi kashfiyotlar ro’y bermoqda. Nimaning evaziga? Temir-tersak va boshqa unsurlar evaziga. Insoniyatning o’zida nima ro’y berdi? Insoniyat o’ziga nima yangilik kiritdi? Insoniy taraqqiyot qachon ro’y beradi? Avvalo o’z ustida ishlamagan insoniyat, tafakkurni kashf qilmagan insoniyat birdaniga taraqqiyotga qo’l urib oxir-oqibat nimalarga erishdi? Bedavo epidemik xastaliklar, qirg’inbarot urushlar, zamin bag’rini talon-taroj qilishlar, musaffo havo, ekologiyaga putur etkazishlar…
Nafs olamidagi fano vaqtida insonlarning muhabbatlari yangi asr oralig’idagi taraqqiyot  lazzatlari bilan o’lchanib qoldi. Agar moziyga nazar tashlaydigan bo’lsak, insoniyat xili Tangriga nisbatan e’tiqodlari minus bir, plyus to’rt pog’onada turgan bo’lsa, taraqqiyot davridagi e’tiqod darajasi  minus to’rt, plyus bir darajaga tushib qoldi. Ya’ni, tarixda yashagan insoniyatning to’rt foizi e’tiqod qilgan bo’lsa bir foizi, ibodatdan tashqari holatda turgan, yangi asrlar taraqqiyot davrida to’rt foizi ibodatdan tashqarida qolib, bir foizi e’tiqod etagidan tutdi.
Shu holatda biz taraqqiyotni insonni chalg’ituvchi vositaga o’xshatamiz.
Aslida insonning Tangriga e’tiqod qilishi jarayoniga taraqqiyotning nima aloqasi bor?
        Istaymizmi, yo’qmi fano olami qonuniyati ikki asr oralig’ida naqd ikkiga bo’linib ketdi. Birinchisi insoniy taraqqiyot yo’li, ikkinchisi texnokratik taraqqiyot yo’li. Nazarimda insoniyat insoniy taraqqiyotning   pog’onasidan hatlab o’tib ikkinchi pog’onasiga chiqib ketganga o’xshaydi. Bu holatni qanday izohlash mumkin?
Fano olami qonuniyati avvalo insoniylik  g’oyalari bilan o’lchanadi. Chunki fano qonuniyati bu avvalo Tangri qonuniyatidir. Tangri bu olamni sinov maydoni qilib yaratdi. Lekin insoniyat bunday sinovlarni pisand qilmagan holatda insoniy taraqqiyotdan cheklanib chinakam nafs qasrini yaratdiki, uning lazzatli iskanjasidan chiqishning imkoniyati chegaralanib, baqoning asl borligi ularning nazdida afsonaga aylandi.
Aslida fano olamining qonuniyati insoniylik qonuniyati bilan chambarchas bog’liq bo’lsagina kashfiyotlar ortidagi taraqqiyotning keyingi bosqichlari samarali kechadi. Mana shu holat insoniylik omillarini shakllantirishi orqali butun insoniyatining musaffo yashash qonuniyatini yaratib beradi. Fano qonuniyatini o’ziga bo’ysundirgan insoniyatning bugungi ahvoli, uning nobop taraqqiyot ortidagi qurolli vasvasalari chindanam bugungi insoniyat taqdiriga xavf solib qo’ymadimi?
Bu holat qanday ro’y berdi?
Birinchidan, insoniyat avvalo fano qonuniyatidan chiqib ketdi. Ikkinchidan, insoniyat insoniylik qonuniyatiga bo’ysunmay, uni mukammal holatda keltirmasdan oldinroq musaffo bir muhitni kashf qilmagan jarayon bilan shakllantirilmagan quyi darajadagi bir manbalar asosida nobob taraqqiyot yo’liga kirdi. Ya’ni, oqibatlari nimalarga olib kelishini anglanmagan kashfiyotlar asri aynan ikkinchi pog’onada turguchi taraqqiyot pog’onasiga qadam qo’ydi. Biz tarix taraqqiyoti davrini muzlik davri, tosh asri, mis asri degan iboralar bilan insoniyat taraqqiyot davrigacha bo’lgan fano qonuniyatini bir necha pog’onalarga bo’lib tashlaymiz. Biz fano olamida taraqqiyotning bir necha davrlarini boshimizdan kechirib kelgan ekanmiz, yangi asr taraqqiyotini qanday asr deb baholaymiz. Temir asri. Chindanam texnokratik taraqqiyotning asosida temir mavjud. Temirsiz taraqqiyot bo’lmaydi. Demak, taraqqiyot temir bilan baholangan davrda yashamoqdamiz. Temir asri insoniyatni  insoniylik qonuniyatidan surib chiqardimi?
Agarkim, nobop taraqqiyot o’zining qirg’inbarot ommaviy qirg’in qurollari bilan rivojlanishni davom ettirsa, demak insoniyat asri bo’lmas ekanda. Fano qonuniyatiga yangilik kiritgan insoniyat oxir-oqibat hamma narsadan quruq qolgan holda manqurtlik girdobiga tushadimi? Insoniyat va taraqqiyot, ikki olamdir. Aslida baqo va fanoning asl qonuniyati ikki olam shartlarini izohlab unga urg’u beradi. Uchinchi, texnokratik taraqqiyot olami qaerdan paydo bo’lib qoldi?
Sir emaski, uchinchi olamni yaratgan insoniyatning o’zi bo’ladi. Taraqqiyot asri o’ziga xos olamga ega. Bu holat ona zamin bag’rida, uning ko’ksida paydo bo’lgan xastalikka qiyosdir. Bu xastalik o’z epidemiyasi bilan virus tarqatib zaminning barcha joylariga yoyilmoqda. Nobop taraqqiyotning samaralari nafaqat insoniyatning o’ziga, balki ona zaminning bag’riga ham o’zining salbiy ta’sirini ko’rsatib ulgurdi.
Uchinchi olam, ya’ni taraqqiyot olami insoniyatga shart- sharoitlarni muhayyo qilish bilan birga uning asorati insoniyatning buzilayotgan genetikasi orqali kelajak avlodlarga etib borishini isbotlab qo’ymoqda. Xususan, bedavo xastaliklar epidemiyasi, ommaviy qirg’in qurollar asoratidagi nurlanishlar, ximiyaviy oziq-ovqatlar inson hujayralaridagi tabiiy, biologik asl musaffolikni yo’qqa chiqarmoqda.  Nobop taraqqiyot ortidagi hali ko’zga ko’rinmagan, o’ta bedavo xastalik biologik buzilishning yangi holati mutatsion epidemik sindromi ro’y berishi ehtimoldan xoli emas. Nobop taraqqiyot ortidagi biologik buzilishlar insoniyat qiyofasini tubdan o’zgartirib tafakkur nishonalarini yo’qqa chiqarsa bu holat uning fojeali qismatidir.
Insoniyat asl qonuniyatga asoslangan ikki olam chegaralaridan o’tib uchinchi olam sarhadlariga qadam qo’yganidan buyon mana ikki asr o’tmoqda. Ana shu ikki asr oralig’idagi insoniyat tarixi va kelajagiga noto’g’ri tamal toshini qo’ygan taraqqiyot mevalari  bu yo’lda adashgan insoniyatning o’zini boshi berk ko’chaga kiritib qo’ydi.
Taraqqiyotning birinchi bosqichi bu tug’ilish. Insoniyat yangi tug’ilgan taraqqiyotning shirin iforidan mast holatda uni astoydil rivojlantirdi. Lekin tarbiya usulini qo’llamadi. Birinchi davr, dastlabki bosqichda taraqqiyot insoniyatga muhtojlik sezdi. Insoniyatga suyandi. Angi asrda insoniyatga tenglashdi. Ba’zi jabhalarda uni quvib o’tdi. Kelajak taraqqiyoti qanday bo’ladi? Insoniyat bilan texnik taraqqiyot orasida ayovsiz raqobat paydo bo’ladi. U yog’i Tangriga a’yon...
Uchinchi olamning karomatlari shunday. Taraqqiyotning noto’g’ri maxfiy missiyasi insoniyatni tanazzulga boshlab borayotgan karvonga o’xshaydi.
Uchinchi olamning paydo bo’lishi insoniyatni arosatga solib qo’ygani haqiqat. Nega?
Birinchidan, insoniyat nobop taraqqiyot ortidan ergashib o’zligini unutib qo’ymoqda. Ikkinchidan, insoniyat taraqqiyot va baqo orasida ikkilanib qoldi. Insoniyat taraqqiyot kashfiyotlari sababi bilan o’zini yaratuvchilik imkoniyatlari doirasini kengaytirib olganidan so’ng o’zini nimalarga qodir ekanligini mana ikki asr davomida isbotlab, go’yo haqiqatning qaerda ekanligini ko’rsatib qo’ymoqdalar. Aslida esa nobop taraqqiyot bu insoniyatning o’ziga qaratilgan qurol ekanligini anglamayaptilar. Insoniyat tomonidan yaratilgan uchinchi olam o’zi yashab turgan birinchi olamning musaffo ekologiyasiga putur etkazgani butun jahon hamjamiyatiga ma’lum. Ne ajabki, insoniyat o’zi yaratgan nobop taraqqiyotga qarshi borishga cho’chib qoldi. Qolaversa, insoniyat bunday jarayonga ko’nikdi ham. Mana olam miqiyosidagi paydo bo’layotgan bedavo epidemik xastaliklarning aksariyati nobop texnokratik taraqqiyot asoratlari bo’lib bunday xavfli epidemiyalarga oddiy ko’z bilan qarash odat tusiga kirdi. Eng keragi ilgarilagan texnika va texnalogiya paydo bo’layotgan potologik jarayonlarga qarshi kurashishga qodir emas.
Nima bo’ldi? Nimalar bo’layapti? Qayoqqa qarab ketayapmiz?... To’xtanglar, deydigan odam kamdan kam.
Nega shunday?
Chunki insonlar o’z shaxsini, o’z manfaatini o’ylaydigan zamon keldi. Umuminsoniy qadriyatlar, butun insoniyat taqdiri, uning sog’ligi, ona zamin taqdiri, tabiati, nabototi  haqidagi qayg’urishlar odat tusidan chiqib ketganga o’xshaydi. Insoniyat nafs ortidan kim o’zarga kirishib ketdi. Ettita umrga etadigan mablag’ni bitta umrda jamlash evaziga ona zamin bag’rini vayron qilmoqdalar. Nafs o’zini Xudo sifatida namoyon qilmoqdakim, insonlar unga sig’inib asl haqiqat chegarasidan chiqib ketmoqda. Olam miqiyosida ro’y berayotgan qirg’inbarot urushlarning negizida ham nafsning alomatlari yotadi.Insoniyatning haqiqiy olami unutilmoqda. O’zlari boradigan asl makonlarini unutmoqdalar.
Nobop taraqqiyotning  ayanchli ko’rinishlaridan biri  bu ommaviy madaniyatning epidemik miqiyosda tarqalishidir. Bu holat millatlarning tarixiy an’analari, milliy madaniyatlari silsilasiga kuchli zarba bermoqda.
Butun insoniyat uyg’onish davri qachon ro’y beradi? Keyingi davr nobop taraqqiyotning ba’zi asoratlari insoniyatning uyg’onish davri boshlanishiga  bir oz bo’lsada turtki bo’ldi, albatta.
Buning sababi nimadan kelib chiqdi?
Insoniyat taraqqiyot davrida yashab baribir o’ziga kerakli narsani topa olmadi. Ular garchi o’zlari uchun jannat yaratgan bo’lsalarda yaratgan bu jannatlari ham zerikarli chiqib qolmoqda. Nega?
Chunki dunyoviy jannatning har qanday ko’rinishi bu nafsga borib taqaladi. Nafsning chegarasi bo’lmagani bilan umrning chegarasi mavjud. Insoniyat xuddi mana shu erda mohiyatni bir oz bo’lsada tushunib dunyoviy lazzatning, o’zlari yaratgan jannatning umri qisqaligini bilgan holda tafakkurga ehtiyoj sezish bilan bir qatorda javobsiz savollarga ro’baro’  kelishmoqda. Dunyoviy jannatning asosida nafs bo’lib nafsning rohati vujudga qaratilgan, vujud esa vaqtning hukmidagi omonat bir xilqatdir. Insoniyat izlagan mohiyat shu erda. Fanoning lazzati vujudni rohatlantiradi. Afsuski, bu rohat o’tkinchidir. Chinakam rohat tafakkurda. Insoniyat ana shu manbaga ehtiyoj sezsagina aynan insoniyat istagan taraqqiyot musaffo bo’ladi.
Tafakkur musaffo karvondir. Bu karvonga o’tirgan insonning manzili aniq va ravondir. Ana shu xilqat insonni borliq olamiga olib chiqadi. Borliqning boshlanishi yuksak ong manbalari bilan emas, tafakkurning uyg’onishi bilan izoqlanadi. Yuksak ong bu dunyoviy tasavvur va kashfiyotlar jarayoni bo’lib uning borliq kashfiyotini kashf qilishga qurbi etmaydi. Taraqqiyot har qancha rivojlanmasin, u baribir ilohiyotga aloqasi bo’lmagan bir jarayondir. Shuning uchun ham taraqqiyot asrini uchinchi olam deb atasak, haqiqatga yaqin bo’ladi. Balkim, taraqqiyotni insoniyatga Tangrining o’zi bergandir? Savolimiz o’rinli bo’lsa, nega insoniyat Tangri bergan taraqqiyot ortidan ergashib Uning o’zini unutib qo’ymoqda? Agarkim, taraqqiyotning Tangriga aloqador tomonlari bo’lganda bunday taraqqiyot shak-shubhasiz musaffo taraqqiyot bo’lib bugungi insoniyat har qanday muammolarsiz, xastaliklarsiz, urushlarsiz yashar edi... Mashinalarga Ollohning inoyati, samolyotlarga Ollohning karomati degan yozuvlar bo’lardi. Bu olamning o’zi bir mo’’jiza. Insoniyat o’zi yaratgan mo’’jizalar oldida o’zi shoshib qolmoqda.  Hamma narsa mumkin ekan, degan ibora qo’llanilmoqda. Musaffo taraqqiyot insoniyatning to’la- to’kis yashash imkoniyatlarini yaratadi. Lekin taraqqiyotga ham ko’r-ko’rona munosabatda bo’lish oqibati ertangi kun insoniyatini ayanchli bir qismat sari boshlamasligiga hech kim kafolat berolmaydi. Tangri ibodatida turish degani bu to’xtab qolish degani emas. Istaymizmi, yo’qmi taraqqiyot rivojlanishda davom etadi. Muammo shundan iboratki, insondagi mavjud tafakkur to’xtab qolmasligi lozim. Chunki ilm istagan tafakkurgina insoniyatni har qanday ofatdan saqlab qolishi mumkin. Chunki tafakkurday go’zal va mukammal olamda Tangriga nisbatan muhabbat va e’tiqod chashmalari bor. Ibodat qasrlari, xotirjamlik tuyg’ulari mavjud. Fano olamining o’tkinchiligi insoniyat uchun unga tafakkur ehtiyojini hamisha anglatib tursada insoniyat bunday xilqatga kirishni ko’pam istayvermaydi. Chunki dunyoviy nafs tuyg’ulari uning ko’z oldida hamisha parda tortib turadi. Nafs insonni manqurtlikka undaydi. Baqo olamining asosida turguchi jannat sirlidir. Shu sabab ham moddiyatga ko’nikkan insoniyat mavjud olamda o’zlari uchun jannat yaratishga urinadilar. Haqiqat olamini anglamoq uchun esa tafakkur lozim. Bunday go’zal xilqat uzoqda emas. Etib bo’lmaydigan makonlarda emas, o’zida turibdi. Bu makonni kashf qilish kerak. Inson o’zini tarbiya qilmog’i kerak, o’zligini anglamog’i kerak. Ilm orqali mukammallik darajasiga erishib komillik durdonalari bilan donishmandlik martabasida turmog’i lozim. Ana shundagina insoniyat go’zal va sog’lom, mukammal va benuqson, sog’lom olamda yashash imkoniyatiga ega bo’ladi.
Alhamdulillahi Robbil A’lamin. Sinovdan ibratli o’tishimizga Ilohning o’zi madad bersin.

YANGILANISHLAR

MAHSULOTLAR

Media-mahsulotlar pochta orqali

SAYT XARITASI

STATISTIKA