TOIFALAR

QATRON

SHOGIRDLARNING SHARXLARI

NURSAFARDIYYA
ISH FAOLIYATI

QIDIRUV

HAMKORLAR

Tanazzulga ishorat. Globalizm mavzusi

Muallif: Sofiy tabib Nursafardiy

Joylashtirish vaqti: 2015-03-05

Dedimki, insoniyat ming yilliklar o’tgan tarix silsilasidagi osuda sukunat saltanatidan yiroqlashib davr va kelajak qonuniyatining yuksak mexanizmiga aylandi. Ishonch bilan aytish mumkinki, so’nggi asrlarda insoniyat yuksak ongida paydo bo’lgan texnokratik evrilishlar beqiyos, o’z o’rnida omonat taraqqiyotga ishora qildi va uning bebaho  natijalariga umid bog’lab samarasidan bahra olganlar oxir-oqibat zamin hukmronligini o’z qo’llariga oldilar. Afsuski, bunday o’zboshimcha hukmronlik ona zamin taqdirini ayanchli bir qismat sari etaklab uning kelajakdagi musaffo hayotini boshi berk ko’chaga kiritib qo’ymoqda.

Bu gaplarimizda o’ziga xos asos bor. Million yillar osha musaffo holda yashab kelgan ona zamin keyingi ikki yuz yilliklar mobaynida nobop taraqqiyotning qora tutunlari ichra cheksiz gallaktikalar orasidagi tabiati, atmosferasi, biosferasi xastalangan, qo’shimcha holda biologik, kosmogonik qiyofasini yo’qotayotgan planetaga aylanib bormoqda.

Insoniyat qanday yo’lni tanladi? Keyingi asrlar davomida insoniyatning shohona  yashash tarzini yaratish ilinjida kashf qilingan va uning hayotiga yashinday kirib kelgan nobop texnik taraqqiyot ona zaminga muntazam ravishda salbiy oqibatlarini namoyon qilmoqda. Insoniyat taraqqiyot ortidan beqiyos qudrat yarataman degan umidda oqibat tanazzul manzillariga yaqinlashib qolmoqda.

Fikrimizni nobop taraqqiyot mavzusiga qaratadigan bo’lsak, uning salbiy oqibatlari haqida so’z yuritmoq davrimizning eng dolzarb muammolari sirasiga kiradi. Agar taraqqiyotning insoniyatga keltirgan qulayligi va salbiy oqibatlari haqida to’xtaladigan bo’lsak, bu jarayon uchdan bir foizga teng natijada namoyon bo’ladi. Ya’ni, uch foiz salbiy oqibatlar samarasi tarozining pallasini bosib bugungi davr insoniyatining qanday kuyga tushib qolganini anglatib turibdi. Tan olish kerakki, texnokratik taraqqiyotning bir foizigina insonning yashash tarzini yaxshilab ularning qulay imkoniyatlarini yaratib berdi.

Yuqorida keltirilgan uch foiz salbiy oqibatlar nimadan iborat?

Birinchidan, texnokratik taraqqiyot davlatlarning siyosiy qudratini oshirishga xizmat qildi. Siyosiy qudratning asosida zamonaviy qurol-yarog’lar, ommaviy qirg’in qurollarini yaratish, kimyoviy qurol yarog’larni ko’paytirishga zo’r berish, atom bombasi singari nafaqat insoniyat, balki tabiatu nabotot, qolaversa kurrai zamin taqdirini hal qiladigan ajal qurolini kashf qilish oqibatigacha olib keldi.

Ikkinchidan, ming yillar osha zamin bag’ridagi teginilmagan musaffo olam qonuniyati buzilib texnokratik jarayon bilan ona zamin bag’riga xanjar misol kirib borildi va uning qoni ayovsiz tarzda so’rila boshlandi. Neft boyliklari, ko’mir,  temir, uran, mis, sulfat karbonad, marmar qo’yaveringki, zamin bag’ridan insoniyat uchun  nimaiki foydalanish vositasi bo’lsa sug’urib olinmoqda. Kechirasizu, tirik inson vujudidan qonni so’rib olaversangiz avval boshi aylanib yiqiladi, so’ng oqibat halok bo’ladi. Zamin ham inson singari tirik olam. Zaminning ham o’ziga xos tabiiy, biologik qonuniyati mavjud.  Bundan tashqari ona zamin bag’rida kimyoviy, neftni qayta ishlash zavodlari, dunyo sadhini chumoliday bosib ketgan milliardlab mashinalarning tutunlari musaffo osmonimizni qora tutunga aylantirmoqda. Bu holat janubiy va shimoliy muzliklarning erishiga, chuchuk suvlarning yo’qolib, dunyo sadhida suvning ko’tarilishiga sabab bo’lmoqda. Insonlarning ko’pchilik qismi shaharlarda istiqomat qilishadi. Bu erdagi ekologik holat turli xil kasalliklarning tomir otishiga omil bo’la oladi...

Uchinchidan, insoniyatning yashash tarzi taraqqiyot mexanizmiga aylanib qoldi. Insoniyat tafakkuran fikrlashdan yiroqlashdi. Deyarli barcha xizmatlarni texnika bajarmoqda. Insoniyat borgan sari harakatdan to’xtab bormoqda. Taraqqiyotning texnokratik omillari avvalo insoniyatni Tangridan yiroqlashtirib qo’ydi. Insonlar Tangri haqida o’ylamay qo’ydilar. Dunyo miqiyosida o’rgimchak misol o’ralgan internet texnokratik taraqqiyotning so’nggi kashfiyotlaridan biridir. Dunyoning deyarli olmish foizi internetga yoppasiga sho’ng’ib ketdilar. Millatlar orasida ommaviy madaniyatning tarqalishiga, uning qiyofasini o’zgartirishga qodir internet vositalari tafakkur tarbiyasiga salbiy ta’sirini o’tkazdi. Insoniyat ilmdan, kitobdan yiroqlashdi.Texnokratik davr talabi bilan biznes birinchi darajaga ko’tarildi. Taraqqiyot sharofati bilan qurilgan gigant zavod va fabrikalarda arzon ishchi kuchiga talab kuchaydi. Buning oqibatida qullikning yangicha uslubi paydo bo’ldi. Bu holatni xususiy korxonalarda ko’proq kuzatish mumkin. Taraqqiyot iqtisodiyotining yuksaltirish bahonasi odam savdosining paydo bo’lishiga sabab bo’ldi.

Nobop taraqqiyotning qudrati aslida nimada ko’rindi?

Javob bitta. Taraqqiyotning qudrati qurol-yarog’da namoyon bo’ldi. Insoniyat o’ziga qarshi o’zi qurol yaratib yangi asrlar oralig’ida nafaqat o’z taqdirini, balki samo bag’rida mittigina ko’ringan  kurrai zaminning ham taqdiriga xavf solib qo’ydi. Taraqqiyot davrining iqtisodiy siyosiy raqobatlashuv sistemasi ko’pincha tinchlik  mavzusida bo’lsada uning zamirida yakka hokimlik borasidagi kuchli yashirin missionerlik siyosati ko’rinib qolmoqda. Qudratli davlatlar iqtisodiy salohiyatini ko’pincha o’zga  yangi rivojlanayotgan davlatlar tabiiy boyliklari ortidan yanada yuksaltirishga, o’zlaridagi milliy boyliklarning zaxirasini kelajak avlodlarga qoldirishga intiladilar. Bu holat o’sha davlatning kelajakdagi ravnaqiga zamin yaratsa, ikkinchi tomondan zaxirasi tugab borayotgan  kichik davlatlarning  bo’sag’ada ularga yanada qaramligini boshlab beradi. Taraqqiyotning asosiy qonuniyati dunyo miqiyosida yakka hokimlik siyosatini yanada kuchaytirdi.

Taraqqiyot bosqichi asosan uch ko’rinishda namoyon bo’ladi. Yangi asr taraqqiyotining eng yovuz ko’rinishidan biri bu ommaviy qirg’in qurollarini yaratish borasidagi qurollanish poygasining yangicha tus olishi bilan baholanadi. Chin ma’noda xulosa qilish mumkinki, harbiy taraqqiyot siyosiy va iqtisodiy taraqqiyotni ortda qoldirgan hukmron qudratga ega bo’ldi. Hozirgi davrda atom quroliga ega davlatlar iqtisodiy salohiyatidan qat’iy nazar har qanday qudratli davlat bilan raqobatlasha oladigan qudrat sifatida siyosat maydoniga chiqmoqda.

Insoniyat cheksiz koinot bag’rida yashash imkoniyati mavjud bo’lgan bebaho ona zaminni boshi berk ko’chaga kiritib qo’ymadimi? Insoniyat xili yagona zaminda yashamoqda. Ana shu yagona zamin ichra qaerga qarasangiz urush o’chog’lari alanga oladi. Millatlar bir-biriga qarshi kurashgan. Bir qudratli davlat ikkinchi bir davlat ustidan zo’ravonlik siyosatini yurgizadi. Yoyinki, iqtisodiy qudratini ushlab turish uchun rivojlanayotgan ikki davlatni bir-biriga qarshi qo’yib ularni sindirish payiga tushadi. Taraqqiyotning asl qonuniyati shundan iboratmi?

Agar haqiqat tomonlama qaraydigan bo’lsak taraqqiyoti rivojlangan davlatlar ham siyosiy ham iqtisodiy va ham harbiy jihatdan o’z qudratini namoyon qilib o’zga davlatlar ustida qora bulutlarini tashlab turishi yangi davrning o’ziga xos uslubiga aylandi... Insoniyat taraqqiyot sindromiga mubtalo bo’lgan asrlar ichra chindanam o’z  taqdiriga xavf solib qo’ygani bugungi davrda hech kimga sir emas? Ishoning, hozirgi davr taraqqiyoti ortidagi yurgizilayotgan siyosiy kurashlar o’tgan asrning sovuq urushi davridanda ming marta xavfliroqdir. Nega? Chunki yangi asr, insoniyatning birmuncha uyg’onish davriga to’g’ri keldi. O’tgan asrlar davomidagi qilingan xatolarning savol javobi bugungi kun davri insoniyatining chekiga tushib  ularda ajdodlar qoldirgan mulkka, milliy meroslarga, azaliy makonlariga talabgorlik orqali o’z haq-huquqlarini talab qilish ishtiyoqi kuchaydi... Bunday uyg’onish davri nimaga ishora qilmoqda. Bu holat aniq va ravshanki millatlar orasida birinchidan milliy nizolarni yuzaga keltirmoqda, ikkinchi navbatda rivojlangan davlatlarning zaiflashgan bunday millatlar ustida bosimi kuchaymoqda. Agar olam sadhida ikkita qudratli davlat bo’lsa bir-biriga qarshi kurashayotgan ikki millatni ikki tomonida turib urush o’chog’ini yanada kuchliroq alanga olishiga turtki bo’lib turadilar. Jabrini esa jafokash xalq tortadi. Insoniyat taqdirini boshi berk ko’chaga kiritayotgan harbiy taraqqiyot vaqti soati kelib siyosiy inqirozni yuzaga keltiradi. Kuchli harbiy salohiyatga ega davlatlar  rivojlanayotgan kichik davlatlar siyosatiga, iqtisodiyotiga bosim o’tkaza boshlaydilar.  Eng qiziq holat shundan iboratki, davlat qudratining yuqorisida turgan harbiy taraqqiyot siyosiy, iqtisodiy inqirozdan so’nggina o’z kuchini ko’rsatadi. Ya’ni harbiy taraqqiyot millatni siyosiy tanazzul orqali parokanda qilib, iqtisodini boshi berk ko’chaga kiritadi, so’ng ommaviy qirg’in darajasidagi qudrati bilan harakatga keladi. Demak, harbiy taraqqiyot avvalo iqtisodiy va siyosiy taraqqiyotni sindirsa oqibat ortidan epidemik inqirozni boshlab beradi. Insoniyat harbiy taraqqiyot ortidan inqirozga yuz tutishi mumkin bo’lgan xilqatga o’xshab qolmoqda.

Jo’n qilib aytadigan bo’lsak, nobop taraqqiyot insoniyatning tafakkur mexanizmini falaj holatga keltirdi. Bu birinchidan... Ikkinchidan dunyoviy falaj holatga tushirilgan tafakkur Tangrining ilohiy manbasi, quvvatidan mahrum bo’ldi. Tafakkur va Tangri orasida texnokratik parda paydo bo’ldi. Ming afsuski, endi ortga yo’l yo’q. Insoniyat xili taraqqiyotning uchar poezdida o’tirgancha inqirozga yuz tutadigan manzillarga yaqinlashib qoldi. Hozirgi davrda olam miqiyosida yashayotgan insoniyatning ko’pchilik qismiga taraqqiyot masalasidan o’zga narsa ularning onglariga sig’may qoldi. Ular Tangridan yiroqlashib parda ortidagi haqiqiy haqiqatlarni mohiyatini anglamay qoldilar. Texnokratik taraqqiyot ommaviy madaniyatning asosiga aylanib qolmayaptimi? Aslida biz taraqqiyot negizini texnokratik taraqqiyot bilan belgilaymiz. Ommaviy madaniyatning o’rgimchak misol to’r tortishiga ham aslida texnokratik taraqqiyotning kashfiyotlari sabab bo’lmoqda. Tarixda o’lim xastaliklari turiga kiruvchi birgina vabo ma’lum bo’lgan. Hozirgi zamon insoniyati hayotiga kirib kelgan spid, ebola, paranda grippi singari xastaliklar turi aslida insoniyat o’zi kashf qilgan o’lim elchilari bo’lishi mumkin. Ikkinchidan, bunday kasalliklar ortida texnokratik taraqqiyot qoldirayotgan halokatli ekologik muhit va biznes turibdi. Qizig’i, o’lim xastaliklarining bunday turlari taraqqiyot etib bormagan qora qit’ada paydo bo’lishi ham insonni bir oz o’ylashga undab qoladi. Nazarimda qora qit’a xastaliklarni sinovdan o’tkazadigan tajriba maydoniga aylanib qolganga o’xshaydi. Agarkim, insoniyatga qarshi o’lim xastaliklarini tarqatuvchi  biror bir omil paydo bo’ladigan bo’lsa anglamoq lozimki, bu holat maxfiyat urushini boshlab beradi. Ushbu  jarayonda bir davlatning ikkinchi bir davlatga qarshi qurolli urushi kuzatilmaydi. Aksincha o’ta maxfiy yo’llar bilan osongina kasallik epidemiyasi yuqtirilsa bas. O’shanda  jafokash millatning iqtisodidan tortib unda yashayotgan insonlarning ko’pchilik qismining hayoti inqirozga yuz tutadi.

Tarixda insonlar, millatlar bir-biriga qarshi kurashib kelganlar. Bu holat hozir ham mavjud. Lekin tarixiy janglar bilan hozirga urushlarni taqqoslab bo’lmaydi. Tarixda agar bitta qilich quroli bilan bir necha odamni o’ldirish mumkin bo’lgan bo’lsa, texnokratik ommaviy qirg’in quroli bilan butun insoniyat yo’qolib ketishi mumkin. Ya’ni stolida xotirjam o’tirgan birgina inson  buyruq orqali ajal quroli mexanizmini barmog’i bilan bossa insoniyat taqdiri hal bo’ladigan qaltis zamon kelib qoldi.

Insoniyat texnokratik taraqqiyot ortidan sho’ng’ib ketdi. Ortga esa yo’l yo’q. Bu yo’ldan ortga qaytishning imkoniyati yo’q ekan, nima qilmoq kerak? Ortga qaytmasa ham to’xtash kerak. Ommaviy qirg’in qurollarni ishlab chiqarishni to’xtatish lozim. Ona tabiatga mehr-shavqat bilan munosabatga kirishmoq lozim. Ekologik muhitni asrab qolmoq kerak. Kimyoviy o’g’itlarni kamroq ishlab chiqarmoq lozim. Paydo bo’layotgan yangi epidemik kasalliklarga qarshi tabiiy immunitet tizimini yaratmoq kerak. Taraqqiyot ortidan tushib ketgan insoniyatning qadrini tiklash kerak, odam savdosiga, narkotik balosiga, kimyoviy dori-darmonlarga, ommaviy madaniyatlarga barham berish kerak.  Insoniyatga texnokratik taraqqiyotdan ko’ra insoniy taraqqiyot kerak bo’lib qoldi. Tafakkur taraqqiyoti kerak bo’lib qoldi. Texnokratik nobop taraqqiyotning insoniyat hayoti uchun naqadar xavfli tus olganini bugungi davr insoniyati tushunib etdi... Sog’lom taraqqiyot bu boshqa narsa. Taraqqiyotning shunday jabhalari borki, ular insoniyat yashash tarzi uchun qulay imkoniyatlarni yaratib berdi. Ammo insoniyat texnokratik taraqqiyotning musaffo kashfiyotlari bilan cheklanmadi. Chegaradan olislab chiqib ketdi. Musaffo taraqqiyot doirasidan chiqib ketdi. Buning oqibati esa bugungi kunda insoniyatni larzaga solib qo’ymoqda. Ommaviy qirg’in qurollari, ekologik muhit, epidemik xastaliklar, ximikatlarning barchasi doiradan tashqari holatda kirib keldi. Insoniyat taraqqiyotdan boshqa  narsa kutgandi. Ammo uning aksi bo’lib chiqdi. Insoniyat tafakkursiz ham nimalarga qodirligini isbot qilmoqchi bo’ldi. Ammo o’ylanmay qilingan xatolar oqibatida texnokratik taraqqiyot insoniyatni o’z yo’liga soldi. Insoniyat taraqqiyotga qullik qilish darajasiga etib qoldi. Taraqqiyotsiz yashay olmaydigan darajada o’z qiyofasidan chiqib ketdi. Agarkim olam miqiyosida insoniyatning bugungi hayotiga nazar tashlaydigan bo’lsak, nafs sindromi insonni robotsifat bir mexanizmga aylantirib qo’yganga o’xshaydi. Boylikka ruju qo’yish insonni manmanlikka etaklaydi. Zebu-ziynatlar uning qalbini so’qir etadi. Boylikni o’zidan ustun qo’yishi insonni tafakkurini manqurtlashtiradi.

Jahon taraqqiyoti ildamlab ketgan bir davrda insoniyat ongidagi tub burilishlar davri faqat iqtisodiyot bilan bog’liq bo’lib qoldi. Shohona hayot bu sog’lom turmush tarzi degani emas. Insonlar iqtisodiy sharoitlarini bir maromga keltirib o’zlari uchun keyingi bosqichga o’tishlari muhimligini unutib faqatgina moddiy qulayliklar bilan cheklanib qolmoqdalar. Bunday cheklanish o’z o’rnida tafakkur tarbiyasini bir qolipga solib insonning o’zligini kashf qilish asoslari ishdan chiqmoqda. Tom ma’noda aytish mumkinki, ortda qolgan yuz yillikning meros qoldirgan nobop taraqqiyotiga berilib ketgan insoniyat sog’lom hayot, musaffo iqtisodiyot, go’zal taraqqiyot manbalariga eltuvchi tafakkur mexanizmini o’zidan chiqarib tashladi. Shu bois ham olam miqiyosida rivojlanayotgan nafs sindromi iqtisodiy-siyosiy, madaniy-ma’rifiy munosobatlarni boshi berk ko’chaga kiritib ko’pchilik hollarda millatlar orasida siyosiy mojarolarning kelib chiqishiga sabab bo’lmoqda.

Nafs bu insonlar orasida nizo keltirib chiqaradigan birinchi manba. Ikkinchidan u odamlar orasida mehr- oqibatni o’ldiradi. Uchinchidan tafakkur olami ustiga qora pardasini tortadi. Nafs bu zulmat olamidir. Unda yashaydigan inson o’z ixtiyori bilan emas, nafs mexanizmi bilan nafas oladi. Bunday zaharli nafas avvalo uning vujudini xastalantirsa, keyin tafakkurini manqurtlashtiradi. Nafs bu insonlarning tabaqaga bo’luvchi kuch bo’lib dunyoviy tamoyil bilan u kimlarnidir ko’kka ko’tarsa, kimlarnidir tuproqqa teng qiladi. Nafsiga ko’milgan inson beva-bechoraga saxovat qilish u yoqda tursin uning azobidan rohatlanadi.

Nafs bu boshqaruvchi mexanizmdir. Uning domiga tushgan inson vujudini rohat bilan ta’minlaydi. Nafsning o’ta makkorligi ham shunda. U insonning qisqa hayotini mana shunday aldov yo’li bilan o’g’irlaydi. Nafs insonning o’zini anglatuvchi tafakkur tamoyillarini o’ziga dushman biladi. Imkon qadar insonni bu yo’ldan chalg’itib tubanlik sari boshlaydi.

Insoniyat tanazzul ostonasiga yaqinlashdimi? Yaqinlashdi. Lekin yaqinlashgani sari ilmiy tafakkurga ham ehtiyoj sezmoqda. Bu quvonarli holat. Chunki o’tgan asrlarda yuz bergan qaltis kashfiyotlar samarasi insoniyat qismatini jar yoqasiga keltirib qo’yganini bugungi davr avlodlari anglab etmoqdalar. Qaltis taraqqiyot mevalari insoniyatning nafaqat sog’lom turmush tarziga, balki uning kelajak taqdiriga xavf solib qo’yganidan xavotirga tushmoqdalar. Musaffo havoning ifloslanishi, ekologik muhitning izdan chiqishi natijasida inson tasavvuriga sig’dira olmagan epidemik xastaliklarning paydo bo’lishi, bu insoniyat tanazzulining birinchi ko’rinishidir. Agar spid xastaligi singari kasallik turini misol keltiradigan bo’lsak bunday davosi yo’q o’lim xastaligi epidemiyasi butun insoniyat taqdiriga chinakam halokat impul»sini namoyon qilmoqda. Vabo epidemiyasidanda kuchli bo’lgan bunday xastaliklarning paydo bo’lishi sabablari nimada?

 

1. Noto’g’ri taraqqiyot yo’li (zararli kashfiyotlar)

2. Ekologik halokat (atrof-muhitning ifloslanishi)

3. Kimyoviy oziq-ovqatlar va dori-darmonlar (zaharlanish va zararlanish)

4. Vaktsina tanqisligi (qarshi kurashuvchi kuchning yo’qligi)

5. Nurlanish (majruh nasl qodirish, xastalikka moyillik)

6. Narkomaniya sindromi (bedavo kasalliklar saqlanayotgan epidemik sandiqcha va bedavo kasalliklar kashfiyotchisi)

7. Davolanish tizimida noto’g’ri tashxis qo’yilishi va o’ta kuchli antibiotik va kimyoviy dori-darmonlarning qo’llanishi (farmakalogiya mafiyasining paydo bo’lishi va kuchayishi)

8. Ilohiy jarayonlardan va tabiiylikdan uzoqlashish (manfaatning ustunlashuvi)

 

Insonda immun tizimining tanqisligi bu chinakam o’limdir. Bunday halokatli xastalik turi bugungi davr insoniyati hayotiga xavf solmoqda. Ushbu xastalik paydo bo’lgandan buyon dunyo bo’ylab yigirma milliondan ziyod inson vafot etdi. Bu holat ikkita kichikroq davlatning yo’q bo’lib ketishiga teng jarayondir. Insoniyat taraqqiyotining xato yo’ldan ketishiga sabab nima?

Tafakkur tanqisligi. Tan olish kerakki, inson ongi tirik mavjudodlar orasida eng yuqori darajadagi xilqat sifatida baholanadi. Unda fikrlash qobiliyati mavjud, u o’zi uchun yashash imkoniyatlarini yarata oladigan xilqatdir. Lekin ana shu yuksak ong qulay imkoniyatlar sarhadiga intilib oxir-oqibat boshi berk ko’chaga kirib qolmadimi? Dunyoning musaffo ekologiyasiga ongsiz mavjudodlar, hayvonot va nabotot olami ta’sir o’tkazmadi. Ular olamni qanday qabul qilishgan bo’lsa uni o’z holiga qo’yib yashash tizimidan chiqmadilar. Zero, ular ham yashamoqdalar. Zero, ular ham nafs istaydilar. Ammo dunyoga, dunyo qonuniyatiga o’zgarish kiritmadilar. Aslida dunyo qonuniyatiga uning biologik, kosmogonik atmosferasiga salbiy ta’sir ko’rsatgan ongli insoniyat emasmi? Biz insonlar ba’zi hayvonlar zotini vahshiy hayvonlar qatoriga qo’shamiz. Lekin ular ona zaminga, uning ekologik muhitiga qanday ta’sir o’tkazdilar. Ular o’z qonuniyatlari asosida yashamoqdalar. Ona zamin taqdirini halokat yoqasiga keltirayotgan ongli insoniyatning o’zi emasmi? Hayvonlar ongsiz ravishda bir-birlarini o’ldiradilar. Biz ularni ongsizda, deymiz. Ongli insonlarchi? Ular bir-birlarini o’ldirmayaptilarmi? Hayvonlar jangda asosan bir-birlarini o’ldiradilar. Yoppasiga to’dasiga hujum qilib qirg’in qilmaydilar. Insoniyat xili bir makonda urush bo’lsa ommaviy qirg’in qurollari bilan yoshu qarini, go’dak va o’spirinni ustiga qirg’in qurollarini tashlamayaptimi? Agar nobop siyosat orqali bir millatga qarshi urush boshlansa  uning ortidagi yuz mingta begunohlar, dunyoni hali anglamagan go’daklar halok bo’lmayaptimi? Jabrini oddiy jafokash xalq tortmayaptimi? Yuksak ong insoniyatni qaerga boshladi? Taraqqiyotni guldasta qilib ko’ksiga quchgan insoniyat bu gulni gul emas, portlovchi mina ekanini angladimi?  Bu guldasta ichidagi ommaviy qirg’in qurollari, ximikatlar, ekologik halokatlar, epidemik o’lim xastaliklari, narkomaniya bir kuni insoniyatning yostig’ini quritmasligiga kim kafolat bera oladi?

Yuksak ong nima?

Yuksak ong bu dunyoviy hayot qonuniyatini bir tizimga solib turuvchi manba bo’lib unda insonning o’zini o’zi anglashi huquqi berilgan. (O’zligini emas, o’zlik tafakkurda) Ammo insoniyat xili bu mukofotdan oqilona foydalana olmayapti. Buning sababini esa tafakkur tanqisligi bilan baholash mumkin. Tangri taoloning omonat olamda berilgan sinovi ana shundan iborat. Inson dunyoviy ong darajasidan ilohiy olam tafakkuri manzillariga qadam qo’ymas ekan, hech qachon o’zini ham, olam mohiyatini ham anglash huquqiga ega bo’lolmaydi. Dunyoviy yuksak ong o’zini nimaga qodirligini ijobiy tomondan emas, salbiy tomonlama ko’proq namoyon qildi. Ommaviy qirg’inlar, ximikatlar, ekologik halokatlar, epidemik xastaliklar yuksak ongning xatolarini anglatdi.

Insoniyatning yuksak ongida ochilmagan qirralarning eng yuqori darajasi bu tafakkurdir. Tafakkur bu o’zini o’zi anglash orqali chin insoniylik qirralarini kashf qilishdir. Tafakkur shunday bir xazinaki unda insoniylikning asl qonuniyati yashirilgan. Bunday xazinani topgan inson olamda neki ezgulik bo’lsa hammasiga bekamu-ko’st erishadi. Eng asosiysi inson ongidan yomonlik qilish, zulm qilish  istaklari, nafsning barcha salbiy ko’rinishlari o’z-o’zidan yo’qoladi. Tafakkur bu ilohiy tuyg’uga burkangan go’zal bir xilqatdir. Unda o’tkinchi dunyoning mohiyati, sirlari mavjud bo’lib inson o’z yaratuvchisini anglaydi. Tafakkur bu qalbga yo’l ochuvchi anglash saltanatidir. Ma’lumki, inson hamisha nafs dushmanlari ichra umr kechiradi. Nafs bu qalb yuziga parda tortuvchi temirniqob bo’lib ba’zi insonlar bir umr o’zliklarini anglamay, dunyo mohiyatiga tushunmay hayotlarini besamar o’tkazib, dunyoga nima uchun yashaganlarini anglamasdan ko’z yumadilar.

Tafakkurga yo’l bormi?

Yashash yaxshi bo’lsa, kamchilik bo’lmasa, tafakkurga ne hojat, deydiganlar ham topiladi? Lekin insonga ong nima uchun berilgan. Inson tug’ilib go’dakligicha qolib ketmaydi. U o’sadi, o’spirin bo’ladi, ulg’ayadi, yigit bo’ladi, qirchillama yoshga kirib savlatga kiradi. Ong ham ongligicha qolib ketmasligi kerakda. U vaqti kelib tafakkur sarhadlarigacha o’sib o’zini anglashi kerak. Ong hayvonda ham bor.  Inson o’zidan ayro tushib o’zligiga erishmas ekan, tafakkur olamiga kirolmaydi.

Tafakkurni qanday rivojlantirish mumkin?

Tafakkur ilm orqali quvvatga kiradi. Ibodat orqali quvvatga kiradi. Tangriga e’tiqod qilish orqali quvvatga kiradi. Tafakkur ilmi, ilohiylik ilmi. Musaffolik ilmi. Komillik, mukammallik ilmi... Inson toki mukammal darajaga erishmas ekan, uning har qanday kashfiyotida salbiy oqibatlar ko’rinib qolaveradi. Mukammal inson mukammal kashfiyot yaratadi. Mukammallik esa bu tafakkur ilmidir.

Biz nima uchun dunyoda yashayapmiz o’zi? Keling, texnokratik taraqqiyot bizga barcha sharoitlarni yaratib berdi, deylik. Bu bilan nima o’zgardi? Biz taraqqiyot ortidan umriboqiylikka erishdikmi? Unutmangki, Tangrining qonuniyatini hech bir taraqqiyot o’zgartirolmaydi. Inson kuni bitib baribir o’ladi? Dunyoviy nobop taraqqiyot esa insoniyatni o’z izmiga solib uni vaqtini o’g’irlashdan, yangi epidemik xastaliklarni yuzaga keltirishdan, ekologik halokatga boshlashdan boshqa hech narsaga yaragan emas. Misol uchun, keling taraqqiyot siz uchun hamma narsani yaratib berdi, deylik. Keyin nima? O’lim qonuniyati mavjud bu olamda shohona yashashdan o’zga kasb yo’qmi? Kechirasiz, bekamu-ko’st  yashash ham insonni zeriktiradi. Hayot faqat eb ichishdan, aysh-ishratdan iborat emasku.  Evropada hozir xuddi shunday holatni kuzatish mumkin. Ular o’zlaricha jannat hayotni yaratdilar va endi savol bermoqdalar, - mana jannat hayotda yashayapmiz, hamma sharoitlar muhayyo, endi nima qilaylik...

Anglamoq lozimki, inson uchun uning tarixi, milliy an’analari, urf-odatlari, go’zal madaniyati,Tangrini anglatuvchi falsafasi eng muhimdir. Agar insoniyatning go’zalligini anglatuvchi ana shunday xazinasi bo’lmasa insonning insoniyligi tugab u chinakam manqurtga aylanadi. Nobop taraqqiyot esa insoniyatning ana shunday nozik jabhalariga zarba berdi. Shu sabab ham olam miqiyosida taraqqiyotga sho’ng’ib ketganlar o’zlariga jannat hayotni yaratgan bo’lsalarda xotirjamlik istab talvasaga tushib qolmoqdalar. Ularning onglarida tafakkurga atalgan ilmiy bo’shliq tinchlik bermayapti. Xotirjamlik mana shu erda. Jannatiy hayotda ham nimagadir ehtiyoj sezmoqdalar. Nimaligini esa anglashga qurblari etmaydi. Chunki dunyoviy  nafs ularning ana shu bo’shliqqa murojaat qilishlariga yo’l bermaydi.

Tangrisiz xotirjamlik bormi? Ilohiy yo’ldan boshqa hech bir haqiqatda xotirjamlik bo’lmagan va bo’lmaydi ham. Tangri unutilgan joyda balo qazoning har turlari yopiriladi. Axir panohida asrovchi Tangri emasmi? Insoniyat buyuk xilqat. Faqat nobop taraqqiyot uni chalg’itib yo’lidan anchagina adashtirib qo’ydi. Oqibatini bugungi davr insoniyati yaxshigina anglab turibdi. Ilohga bog’liq bo’lmagan nobop taraqqiyot halokatlidir. Bugungi insoniyat bugunini emas, ertasini o’ylab yashashi lozim. Buning uchun butun insoniyatga tafakkurning yangicha kashfiyoti kerak. Tafakkur bu go’zal olamdir. Bu olam manmanlikdan, g’iybatdan, g’urbatdan, urush va nizolardan, poraxo’rlik, narkomaniyadan, har qanday nobop  aldamchi tuyg’ulardan yiroqdir. Bu olam mehr-oqibatga to’la, tinchlik, xotirjamlik, mehr-oqibat, adolat va haqiqat olamidir. Tangri olamidir. Tafakkur bu insoniyat uchun so’nggi najot yo’li, so’nggi bekatdir. Aks holda ortda qoladigan sahroi kabirdek taqir olam uchun kelajak avlodlar oldida buyuk qarg’ishga qoladilar.

YANGILANISHLAR

MAHSULOTLAR

Media-mahsulotlar pochta orqali

SAYT XARITASI

STATISTIKA