TOIFALAR

QATRON

SHOGIRDLARNING SHARXLARI

NURSAFARDIYYA
ISH FAOLIYATI

QIDIRUV

HAMKORLAR

Hikmatli javob

Muallif: Sofiy tabib Nursafardiy

Joylashtirish vaqti: 2015-03-03

Mening ishq olamidagi sarguzashtim samarasi ilohiy bir falsafaning namoyon bo’lmog’iga sabab bo’ldikim, ushbu tariqat falsafasi tarixiy tariqatlarga uyg’un holda Tangriga e’tiqod birla xalqqa ezgulik amallarini ulashmoqni yuksak qadriyat sifatida baholaydi.

Tariqatimiz falsafasidagi barcha amaliyotlar ilohiy bir ishq ichra ezgulik tamoyillari orqali xalqimizning komillik va mukammallik darajalarini o’stirmoqqa madad bo’lar ekan, albatta biz o’z kamtarona xizmatlarimiz bilan faxrlanish tuyg’usini his qilamiz. Biz mana yigirma to’rt yillik faoliyatimiz davomida elimizni dardiga darmon bo’lish bilan birga ularning insoniylik tamoyillarini mustahkamlash borasidagi ilmiy amaliyotlarimiz samarasi ularning  tafakkur darajalarini yuksaltirishga xizmat qildi.
So’fiylik tariqatining vazifasi nima bo’lmog’i kerak?

So’fiylik tariqati ma’lum bir falsafaga asoslangan  ilohiy yo’ldir. Uning tamoyillari ilohiy muhabbat bilan xalqqa ezgulik urug’ini sochish, insonlarni insoniylik  amallariga sodiq qolishlari uchun hikmat ilmidan saboq bermoq, pokiza qalblarni haqiqat manzillariga boshlashdir.  So’fiyning qalbi, shuuri ilohiy olamga bog’liq bo’lib uning  fano olamida qarori yo’qdir. So’fiy uchun vujud qolipi ortiqcha, ruhiyat kamoloti, tafakkur darajasi Tangrining jamoliga intilmoq ishqida tunu kun bedordir.

Mening dardim shunday. Men so’fiylikni sevaman.  Men bu olamda tug’ilmasdan oldin o’zligimni tanimasdim. Olamni anglamasdim. Borliqni tushunmasdim. Angladimki, ilmdan o’zga hech narsa insonni kamolot manzillariga olib bora olmaydi. Men bu manzilga etib kelgunimga qadar nafsning qancha-qancha yovuz dushmanlari bilan kurashib keldim. Men fano olamida toki tirik ekanman, nafs olamining bunday dushmanlariga qarshi kurashim davom etaveradi. Men to’g’ri yo’ldaman. Men to’g’ri yo’lda ekanimni, Tangrining yo’lida turganimni bilaman. Tangri yo’lida turmoq uchun  musaffo qalb,  pokiza e’tiqod va yuksak tafakkur ilmi talab etiladi. Men Tangri yo’liga kirmoq uchun avvalo qalbimni musaffo aylab unga pokiza e’tiqodni kiritdim. Tafakkurimni ilm bulog’i birla sug’ordim. Men Tangri yo’lidaman. Bu yo’ldan boshqa to’g’ri yo’l yo’qdir. Bu yo’l mening ham dunyoviy va ham ilohiy saodatimga yo’l ochguchi muqaddas yo’ldir. Men kamtarlikni sevaman, adolatni, haqiqatni, mehr-oqibatni sevaman.

Vatanparvarlikni, Haqparvarlik, Xalqparvarlikni sevaman... Men Tangrim buyurgan vazifani bajaraman. Nafs olami ichra o’zini xon bilgan xiyonat mening dushmanimdir. Manmanlik, zulm, adovat, g’iybat, ko’rolmaslik, poraxo’rlik mening dushmanimdir. Men bunday dushmanlardan zinhor  cho’chimayman. Men to’g’ri yo’lda turganim uchun ham cho’chimayman. Men Tangrim ishqi bilan yashasam, unga nisbatan e’tiqodim buyuk bo’lsa, uning ishqida tinmay ibodat qilsam, o’lim qonuniyati mavjud olamdan nimaga qo’rqishim kerak? Men o’z e’tiqodimda sodiqman. Omonat jonimni asrab, o’limdan qochib Tangrim huzuriga borishdek muqaddas yo’ldan voz kechmayman. Shu sabab ham o’limga tik qarayman. Men o’limni o’zimga do’st bilaman. Chunki o’limdan boshqa hech narsa meni Tangrim huzuriga olib bora olmaydi. Men Tangrimni sevib uning ishqida ibodatimni umrim qonuniyati deb bilaman. Mening xalqona falsafam xalqimizni ezgulikka boshlaydi. Mening falsafam so’fiylik falsafasi. Men hazrat Yassaviy, Bahovuddin Naqshband, Najmiddin Kubroning izdoshlariman. Mening falsafamni diniy oqimga yoyib ortimdan g’iybat uyushtirayotganlar so’fiylik ilmidan bexabardirlar. Ular o’zlariga ilmni amal qilib olganlardir. Ilm amal emas, ilm hikmatdir. Hikmat ezgulikdir, g’iybat va yoyinki ko’rolmaslik emas. Amalparastlik, poraxo’rlik emas.  Biz to’g’ri yo’lda tursak ular bizni ko’rolmadilar. Biz hikmat so’zlasak g’urbatga yoydilar. Kamina Islom amallariga yuksak ehtiromdaman. Kamina shariat ilmidan daraja topib ilohiy falsafa tamoyillari bilan so’fiylik tariqatiga asos solganman.  Mening ezgulik falsafamga tuhmat toshi otayotgan ba’zi ilm amaldorlari shunday jumlalarni keltiribdilarki, go’yo Payg’ambarimizning nomlarini kitoblarimizda tilga olmagan ekanmiz. Ilm ahli bo’lsalar anglamaydilarmi, Payg’ambarimiz Ollohning saodatiga musharraf bo’lmishlar va ul zot maqtovga muhtoj emas. Va payg’ambarimiz o’zlariga emas, Ollohga sig’inishni vasiyat qilmishlar.

Biz o’z falsafamizda aslida kimning o’gitlariga amal qilayapmiz? Payg’ambarimiz Muhammad sallallohi alayhi vassalam deydilarki, - “o’lmasdan burun o’linglar”

Biz ishq ahlidanmiz. Zikr ahlidanmiz... So’fiy emasmi o’lmasdan burun o’lgan? Payg’ambarimiz nasihatlariga amal qilgan holda o’lmasdan burun o’lgan biz emasmi? Biz emasmi, o’lmasdan oldin nafsidan kechgan? Biz emasmi, dunyoning boyligidan, amalidan kechib o’zimizni Tangriga topshirib uning ishqida tunu kun ibodat qilgan? Siz ilmning amaliga o’tirib Payg’ambarimizni  maqtaysizu o’gitlariga amal qilmaysiz. Siz o’zingizni hokim to’ralardek tutib o’zganing Olloh yo’lidagi ilmiga, falsafasiga bemalol tosh otasiz. Sizda gap bor, amal bor, ammo amaliyot yo’q. Chunki siz dunyoning ishqidan kecholmaysiz. Dunyoning lazzatidan kecholmaysiz. Chunki u yoqdagi hayot har qancha o’zingizni Xudojo’y qilib ko’rsatmang siz uchun qorong’u. Shubhangiz etarli. Olloh aslida sizning ko’nglingizda nima borligini ko’rib turibdi. Siz Xudoni shu qadar sevar ekansiz, Xudo yo’lida nafsingizdan kechib faqirlik ilmini hunar eting, bir ko’raylik... Mashaqqat ichra, riyozat ichra Tangrining saodatiga erishganingizni guvohi bo’laylik... Qani, qaerdasiz janob... Ollohning jannati va do’zaxiga shubha bilan qarab dunyoviy nafs ilinjida amalparastlik qilib, go’yo Xudoni sevganingizni xudoga namoyon qilmoqchisiz. Xudoni aldab bo’lmaydi. Xudoni sevgan inson Xudoni sevgan insonga tosh otmaydi. Manmanlik bilan o’z ilmingizni ko’z-ko’z qilib Tangrining yo’lida turgan zikr ahliga tosh otasiz. Sizning tagingizda mashina, uyingiz qasrmonand. Shumi sizning o’lmay turib o’lganingiz? Shumi, sizning Payg’ambarimiz o’gitlariga amal qilganingiz. Payg’ambarimiz nomlarini qurol qilib tilni burro aylagancha u zotning o’gitlariga amal qilib ko’ringchi qo’lingizdan kelarmikan. Kechirasizu besh vaqt o’qigan namozingiz bilan maqtanib o’tirmang. Oddiy kosib ham bunday vazifani bekamu-ko’st ado etadi. Siz mashaqqat bilan yuqori darajalarga erishing. Hasad va manmanlikdan yiroq turib dunyoning nafsidan cheklaning. Ilm ahliga tosh otmasdan ezgulik yo’lida turing. Ana shunda anglaysiz so’fiylik tariqatini. Ana shunda anglaysiz Payg’ambarimiz o’gitlarini. Nima, shohona yashash bizning qo’limizdan kelmaydimi? Bizga o’tkinchi dunyoning shohona hayotidan Ollohga bir kechalik qilgan zikrimiz ming chandon rohatlidir. Biz bir burda nonga toqat qilib ibodatimizdan ozuqa oladigan ilm ahlimiz. Siz bizning ilmimiz mohiyatini anglaganingizda tosh otmagan bo’lardingiz. Biz nega bir burda nonga toqat qilamiz? Chunki dunyoning o’tkinchiligini bilamiz. Siz ham bilasiz. Lekin sizning Payg’ambarimiz nasihatlariga amal qilishga toqatingiz etmaydi. Gap esa qop-qop. Siz ham o’lmay turib o’lib ko’ringchi? Qo’lingizdan keladimi? Siz Payg’ambarimizni shu qadar qadrlar ekansiz, maqtov bilan birga  nasihatlariga bir amal qilingchi. Qo’lingizdan kelmaydi? Payg’ambarimizni sevgan inson Payg’ambarimiz nasihatida turgan bo’lishi kerak. Aks holda sizning vasvasangiz cho’pchakdan o’zga narsa emas. Biz Payg’ambarimiz nomlarini kitobimizda tilga olmagan bo’lsakda ul zotning o’gitlari bilan nafas olmayapmizmi? So’fiylik degani nima o’zi? Qachon anglaysiz bu go’zal falsafa mohiyatini? Maqsad nima? Ezgulik yo’lida turgan ilm ahliga tosh otib nimaga erishmoqchisiz o’zi? Yoyinki, bizning falsafa, tariqatimizning noto’g’riligi haqida Ollohdan vahiy oldingizmi? Agar shunday bo’lsa ayting, biz yo’limizdan qaytaylik. Agarkim, biz to’g’ri yo’lda ekanmiz, siz bizga  tosh otish o’rniga biror hikmat kitob yozib insonlarni mehr-oqibatga undang. Savobga qolasiz. Yoyinki vatanni tashlab o’zga yurtlarda begona oqimlarga qo’shilib ketayotgan farzandlarni ortga qaytarishga hissa qo’shing. Kashandalikka, ichkilikbozlikka qarshi kurashing, yo’lidan adashayotgan qizlarimizga nasihat qiling. Sizning ilm ahliga tosh otishdan boshqa kasbingiz yo’qmi? Sizning zikr ahliga tosh otishdan o’zga muammoyingiz yo’qmi? Manmanlik qilish o’rniga beva-bechora, xastani holidan xabar oling. Vaqtingiz bo’lsa hasharga chiqing. Jismoniy harakat vujudingizdagi immun tizimni kuchaytiradi. Hozirgi davrda gap bilan ish bitmaydi. Amaliyot kerak. Ilmda ham, hunarda ham amaliyot kerak. Aks holda insonda dogmatizm sindromi yuz beradi. Ong, tafakkur bir joyda qotib qolishi kerak emas. Ilmda ham, hunarda ham doimo oldinga intilish kerak.

So’fiylik ilmiga qarshi kurashib bo’lmaydi. So’fiyni o’z e’tiqodidan qaytara olmaysiz. Chunki Payg’ambarimiz aytganlaridek o’lmay turib o’lganmiz. So’fiylikning qonuniyatiga aylangan bu nasihat. Zalolatga dalolat degani nima? Demak, bizning Ollohni suyganimiz, xalqimizni ezgulikka chorlaganimiz, vatanparvarligimiz, xalqparvarligimiz zalolat bo’lsa siz qaysi yo’ldasiz? Sizning saodat yo’lingiz nimadan iborat?  Agar Tangrini sevmoq, xalqqa xizmat qilmoq, vatanparvarlik ishqida yashamoq, millatni sevmoq zalolat bo’lsa sizningcha adolat nima? Siz zalolatga dalolat deb, nimaga ishora qilayapsiz? Nima, siz Ollohni sevmog’imizga qarshimisiz, vatanparvarlik, xalqparvarlik, millatsevarlikka qarshimisiz? Sizning maqsadingiz nima o’zi? Biz insonlarni ezgulikka boshlaymiz. Mehr-oqibatli bo’lishlariga, vatanga sodiq qolishlariga, millatni sevishlariga undaymiz. Biz dunyo ishqidan yiroq tursakda, uning boyligi, amallaridan voz kechgan bo’lsakda, toki hayot ekanmiz insoniylik burchimiz insonlarni ezgulikka chorlashdan  iborat. Agarkim, bizning maqsadimiz ana shunday ezgulikdan iborat ekan, turli xil tuhmatlar orqali insoniylik tamoyillariga asoslangan ilohiy bir falsafaga qarshi borib  xalqimizni zalolatga boshlayotgan bizmi yoki siz? Agar sizda ilm etarli bo’lmasa manmanlik qilmangki, sharmanda bo’lib qolasiz... Shariat olamida katta-katta shayxlarimiz, ilmli ulamolarimiz  bor. Ulardan saboq oling. So’fiylik ilmini nechog’li ulug’ligini zora anglasangiz. Agar ilmingiz shu qadar oshib ketgan bo’lsa odob-axloq qoidalari haqida hikmatli bir kitob yozing. Qarang zamonamiz yaxshi bo’lgani bilan ko’plab yoshlarimiz begona yurtlarga  pul topish ilinjida vatanni tashlab ketmoqdalar. O’zga oqimlarga aralashib qolmoqdalar. Ommaviy madaniyat millatimiz mentalitetiga salbiy ta’sir o’tkazmoqda... Siz ana shunday madaniyatlarga qarshi turish uchun millatimiz farzandlariga chiroyli nasihat qilish borasida, ularni ba’zi oqimlarga kirib qolishi mumkinligi haqida qayg’urmaysiz-u,  Tangri yo’lida sobitqadam turgan insonlarning kamtarona ilmiga tosh otasiz. Sizning maqsadingiz nima?

Turon zaminda buyuk allomalar etishib chiqqan. Va yana bu an’ana davom etadi. Bu yurtdan hali ko’p allomalar chiqadi. Nima siz ilmga intilganlarga qarshi borib millatni manqurtligini ta’minlamoqchimisiz. Siz millat ustidan bosim o’tkazmoqchimisiz. Siz o’zingiz uchun javob bering. Olloh oldida agar gunohimiz bo’lsa biz javob beramiz. Siz biz uchun javob berolmaysiz,
Ma’lumki Hazrat Bahovuddin Naqshbandiy hazratlarining  tariqat ilmlari nafaqat o’zimizda, balki butun dunyoga yoyilgan. U kishining izdoshlari hozir ham Malayziyadan tortib Turkiyagacha mavjud. Ul zotning qoldirgan ilmlari Islom olamida munosib o’ringa egadir. Biz ham ajdodlar izidan borib ilohiy zaminimizda so’fiylik falsafasiga asos solib jahon miqiyosida yurtimiz Islom olamining obro’siga obro’ qo’shishni niyat qildik. Bizning falsafa Evropada keng obro’ topdi. Italiya, Frantsiya, Shveytsariya kabi dunyoning ilg’or mamlakatlarida falsafamizga qiziqish kuchaydi. Mukammallik falsafamiz orqali Islom dinini qabul qilganlar ko’pchilikni tashkil qiladi. Sizningcha bu holat quvonchlimi yoki zalolatmi?

Falsafamizga  dunyo miqiyosida qiziqish bor ekan, bu holdan siz quvonmasangiz ham biz quvonamiz. Ezgulik ilmini sevganlar quvonadilar.  Bu holatni qanday izohlash mumkin? Birinchidan, so’fiylik falsafasiga  hukumatimiz to’g’ri baho berdi. Ilohiy bunday go’zal falsafa rivojiga imkon yaratib ezgulik yo’lidagi amallarimizni qo’llab quvvatladi. Ikkinchidan, Evropa mamlakatlari o’zlarini tafakkuran ilg’or hisoblasalarda bizning falsafamizga katta ishtiyoq bildirishdi. Mana shu holat bizning to’g’ri yo’lda turganimizdan dalolat emasmi?

Kamina shogirdlarim juda ko’p... Ularning deyarli ko’pchilik qismi davlatimizga, xalqimizga sadoqat bilan xizmat qilmoqdalar. Sizga sadoqat bilan xizmat qilib turgan xizmatkoringiz ham aslida mening shogirdim bo’lishi mumkin.
Yashashdan maqsad nima qadrdon? To’rt kunlik dunyoda bir-birini g’iybat qilishmi? Bir - biriga zulm qilishmi, adovat qilishmi? Nega mehr-oqibat bilan birlasha olmaymiz? Nega bir vatanda turib, bir xalq, bir el, bir mahalla bo’lib bir-birimizni ko’rolmasligimiz kerak? Nega? Nega davlatimiz qonunlariga amal qilib, Islom olamida Tangri ibodati birla rohat topib, xalqimizga ezgulik ulashgan holda ahil yashay olmaymiz. Nega?

Siz Tangri zikrida turgan, ilohiy jamol istab, dunyo lazzatidan yuz o’girgan ilm ahliga tosh otib savob topayapsizmi? Kimki Tangrini sevdi, u Tangrining panohidadir. Olloh aytadiki, - Meni bir bora eslaganga mukofotim bor, - deb. Biz hayotimiz mazmunini zikr deb bildik. Zikr bu Olloh nomini ham tilda ham qalban takrorlash, uning ishqi bilan yashashdir. Siz Ollohni sevgan zikr ahliga tosh otib jannat istayapsizmi? Siz Tangri oldida o’zingiz uchun javob berasiz, biz uchun emas. Go’yo bizning gunohimiz (agar u gunoh bo’lsa) sizni do’zaxga boshlayotganday  buncha bezovtasiz? Buncha talvasaga tushasiz?

O’tkinchi olamda mehr-oqibatdan o’zgasi qolmas. Xalqimiz aslida ezgulikdan yaralgan buyuk bir millatdir. Siz har qancha tosh otmang bu yurtdan hali buyuk allomalar etishib chiqadi. Chunki bu zaminning har bir qarich erida avliyolarning nafasi bor. Achinarli tomoni shundan iboratki, tarixda yashab o’tgan ko’pchilik avliyolarning, buyuk ilm ahllarining qismati ayanchli bo’lgan. Ular shariat ichida turgan ba’zi ilmsiz ulamolarning g’iybat va tuhmatlari bilan quvg’in qilinganlar yoki o’ldirilganlar. Masalan, Islom olamida sunniylik mashabimizga asos solgan Abu Hanifa ibn Sobit, Imomi A’zam zindonga tashlanib jonlariga qasd qilingan. Islom olamining buyuk namoyondasi, Islom ilmiy taraqqiyotiga  benazir hissa qo’shgan imom al-Buxoriy Buxorodan ketib Samarqanddan qo’nim topganlar. Devona Boborahim Mashrabning qismati hammaga ma’lum. Yana bir necha misollarni keltirish mumkin. Bu olamda chinakam ilm ahlining nomi mangulikka yozilgay. G’iybatchi, buzg’unchilar nomsiz o’chgaylar. Aslida avliyolarni o’lgancha toptaydilar, o’lgandan so’ng ilmini o’rganib unga sig’inadilar. Biz avliyolik talab qilmaymiz. Qolaversa, tarixiy avliyolarning qismati bizning boshimizga tushadigan bo’lsa bu holdan zinhor achinmaymiz ham. Besamar o’lmoqdan Tangri yo’lida kurashib o’lmoq ming chandon ulug’ hikmatdir. Kim saodat topib kim qarg’ishga qoladi, bu Ollohning ixtiyoridadir.
Nima sabab ilm ahlini ko’rolmaydilar? O’zlarida ilm bo’lmagani uchunmi? Nima uchun avval tosh otadilaru, keyin avliyo darajasida ko’tarib ilmini qadrlaydilar. Yoki ilm ahlining tirikligi shunchalik xavflimi? Yo, ilm ahli siqqan dunyoga sig’may qoladilarmi? Yo, ilm ahlini o’ldirib o’zlari o’lmaydilarmi?  O’zlari ustun bo’ldilarmi? Insoniyat uchun bir-birini o’ldirishdan, bir-birini g’iybat qilishdan, bir-biriga zulm qilishdan o’zga chora yo’qmi? Dunyoni qarang har joy, har makonda urush o’choqlari alanga olmoqda. Insonlar bir-birlarini o’ldirmoqdalar. Ular to’rt kunlik dunyoda nima talashadilar o’zi? Bizning jannatmisol zaminimizga ko’z olaytirib turganlar kammi, dunyoda. Shunday qaltis zamonda vatan himoyasida sodiq bo’lishlari uchun farzandlarimizga saboq berish o’rniga bir-birimizni g’iybat qilib, bir-birimizga tuzoq qo’yamizmi? Bo’linganni bo’ri emaydimi?  Ommaviy axborot vositalari orqali yurtimizga qanday informatsiyalar kirib kelishi mumkin. Farzandlarimizni milliy ruhda kamol topishlari uchun ularga komillik ilmidan saboq bersak bizni kim engadi. Vatanga vatanparvar kerak, xalqparvar, millatparvar kerak. Davlatning qudrati ana shunda ko’rinadi. Bizning xizmatimiz nimadan iborat? Biz allaqachonlar dunyo mohiyatini anglab, Ollohning ishqida mast, dunyo rohatidan kechgan insonlarmiz. Bizning maqsadimiz, xizmatimiz farzandlarimizga mehr-oqibatni, vatanparvarlikni, xalqparvarlikni, millatparvarlikni o’rgatish, hikmat ulashishdir. Istardimki, shariat ichidagi ilmli ulamolarimiz juma namozlarida Payg’ambarimiz nasihatlari, hadis ilmlari bilan birga farzandlarimizga vatanparvarlik, millatparvarlik tuyg’ulari haqida ham ko’proq amri ma’ruf qilsalar. Ishonchim komilki, bunday pandu- nasihatlar farzandlarimiz tafakkur tarbiyasini yanada rivojlantirib,  ham Ollohga va ham Vatanga nisbatan e’tiqodlari kuchayadi. Millatparvarlik ruhida kamol topgan avlodni esa hech bir g’anim engolmaydi. Bizning istagimiz vatanda Najmiddin Kubrodek, Jaloliddin Manguberdidek o’g’illarimiz mard va jasur bo’lsinlar, qizlarimiz To’marisdek engilmas malikaga aylansinlar. Agar bizning ezgulik istagimiz va nasihatlarimizni zalolat deydiganlar yana ig’vo yo’liga o’tsalar illo, ular millatimiz tafakkur kamolotiga to’sqinlik qiladigan vatan xoinidirlar.

YANGILANISHLAR

MAHSULOTLAR

Media-mahsulotlar pochta orqali

SAYT XARITASI

STATISTIKA