TOIFALAR

QATRON

SHOGIRDLARNING SHARXLARI

NURSAFARDIYYA
ISH FAOLIYATI

QIDIRUV

HAMKORLAR

Ibtido va intiho

Muallif: Sufiy tabib Nursafardiy

Joylashtirish vaqti: 2015-01-19

Anglamoq lozimki, inson dunyoga kelgach uning yashash jarayoni faqatgina hayot bilan bog’lik emas. Tirik jon hamisha hayot va o’lim orasida turadi. Jonning omonatligi ham shunda. Hayot, inson va o’lim. Har bir jarayon ibtido bilan boshlanib intiho bilan tugaydi. Ibtido va intiho o’rtasidagi vaqt bu tiriklikdir. Agar ibtidoni biz hayot deb ataydigan bo’lsak, vaqt bu insonning o’zi, intiho esa o’limdir. Vaqt insonning o’zi ekan demak, intihoning, ya’ni o’limning kelishi bilan vaqt o’ladi. Intiho ibtidoni, ya’ni hayotni ham, vaqt atalmish insonni ham, oxir-oqibat o’z domiga tortib ketadi. Dunyoning o’tkinchi falsafasi shundan iborat. Ammo anglamoq lozimki, ibtido va vaqtni o’z domiga tortgan intiho oxir-oqibat ibtidosiz va hamda vaqtsiz olamni kashf qilib beradi. Ibtido bu hayot, hayotning intihosi o’lim, ya’ni intihoning o’zi. Ibtido va intiho oralig’ida turuvchi vaqt chegaralangan. Intihoning ibtido hayot va vaqt, ya’ni insonga tortiq etadigan olamida na ibtido bor va na vaqt. So’nggi manzil intiho ekan, demak oxir-oqibat intihoning o’zi ham o’ladi.

Aslida ibtido, vaqt va intiho tiriklikka xos xususiyatdir. Har bir ibtido bilan vaqt tug’iladi, ya’ni hayot vujudga keladi va intiho bilan tugaydi. Fano olami deganimizda tiriklik atrofini o’rab turuvchi pardani tushunishimiz lozim. Biz yashab turgan zaminimizga ibtidoning ham vaqtning ham va intihoning ham hech qanday aloqasi yo’q. Chunki cheksiz koinot qonuniyati hech qachon yo’qolib ketmaydi. Ona zamin parchalanib ketgan taqdirda ham u koinotning, ya’ni abadiyat olamining bir bo’lagi bo’lgani uchun tamoman yo’qolmaydi, aksincha yangi bir qonuniyat asosida boshqa bir qiyofada shakllanadi. Fano qonuniyati bo’lgan ibtido, intiho va vaqt bu tiriklik mahsulidir. Aslida ibtido bu tug’ilish, vaqt bu yashash, intiho esa o’limdir. Ular bir biridan yiroq bo’lmagan, bir-biriga bog’lik tiriklik mohiyatidagi qonuniyatdir. Demak, ibtido ham, vaqt ham va intiho ham insonning o’zida yashaydi, o’zida tugaydi. Biz fano olami deb zaminimizni tushunamiz. Aslida zamin koinotning ajralmas bir a’zosidir, ya’ni abadiyatga daxldor xilqatdir. Fano insonning va boshqa barcha tiriklikning o’zidir. Zaminning tabiiy o’zgarishi, uning dahshatli tarzda boshqa qiyofaga kirishi bu, tiriklik uchun qiyomat bo’lsada aslida dunyoning tugashi emas, koinot qonuniyati asosidagi yangicha evrilishdir. Agar qachondir bunday evrilish ro’y bersa insoniyat yoppasiga o’z fano olamidan abadiyat olamiga o’tadi.

Aslida biz abadiyat olamining aynan o’zida yashaymiz. Bu olam ichidagi shar, ya’ni fano olami bizni abadiyat olami bilan oramizda parda tortib turadi. Fano bu ibtido, intiho va vaqt qonuniyatiga asoslangan omonat mavjudlikka xos xususiyat. Demak, fano deganimiz ibtido, vaqt va intihodir. Hayot tugadi, degani bilan yashash tugamaydi. Biz mavjudlikdan mavhumiyat olamiga o’tamiz. Bu ruhiyat olami bo’lib qarshimizdagi abadiyat olamini oddiy ko’z va insoniy ong bilan ko’rolmaymiz. Ishongingiz kelmaydi. Ko’rinmas degani bu yo’q degani emas. Nega havo boru biz uni ko’rolmaymiz. Nega shamol boru biz uni ko’rolmaymiz. Havo va shamol ko’rinmas ekan bu yo’q degani emasku. Biz borliq va yo’qlikni o’z insoniy qarichimiz bilan o’lchashga odatlanib qolganmiz. Sirli olamda biz bilmagan qonuniyatlar juda ko’p.

Mavjud tanamizni tark etuvchi ruhiyatimiz ham shamol va havo kabidir. U ko’rinmas, lekin yo’q emas. Masalan, siz xotirjam uxlaganingizda fikrlashdan to’xtaysiz. Sokin tinib uxlar ekansiz, bir vaqtlar o’tib ketgan ruhlar sizni qo’msab ana shu ongingizga ohista qo’nadilar. Siz tush ko’ra boshlaysiz. Aslida bezovta uxlangan tushda fanoviy hodisalar, sokin tushda ruhiyat olami namoyon bo’ladi.

Abadiyat olamida hayot yo’q, ammo yashash bor, o’lim haqida gap yo’q, ya’ni intihosiz. Demak, abadiyat olamida hayot falsafasi mavjud emas. Ibtidosi va intihosi bo’lmagan olam abadiyat olamidir. Biz ibtido va intiho oralig’ida turguchi vaqt xilqatimiz. Vaqtning umrini intiho belgilaydi.

Nazarimda intiho ibtidodan oldin tursa kerak. Chunki u avval ibtidoni o’ldirib aynan ibtido orqali vujudga kelgan vaqtni oldinga suradi va ortidagi barcha tiriklikni o’ldirib kelaveradi. Ya’ni kechagi kunni hech qachon qaytarib bo’lmaydi. So’nggi vaqtni o’ldirgan intiho oxir-oqibat o’zi ham o’ladi. Agar ibtido bo’lmasa intiho bo’lmasdi. Ibtido va intihoning harakatini vaqt belgilaydi. Ammo ibtidoning tug’ilishi jarayoni bilan uning taqdiri intihoning qo’liga o’tadi. Ibtido va intihoning mavjudligini esa vaqt ko’rsatib turadi. Bir- biriga chambarchas bog’liq ushbu uchlik fano olamining chinakam qonuniyatidir. Aslida ibtidoni intiho vujudga keltiradi. Chunki intiho o’zining yashashi uchun ham ibtidoga muhtojlik sezadi va uni vujudga keltiradi. Demak, ibtidosiz intiho ham yashamagan, vujudga kelmagan bo’lardi. Ammo ibtido va intihoning mavjudligini anglatib turuvchi kuch bu vaqtdir. Agar vaqt bo’lmasa ibtido ham intiho ham vujudga kelmasdi. Demak, intiho ibtidoni vujudga ketirsa, ibtido vaqtni harakatga keltiradi. Vaqt esa oxir-oqibat ibtidoni ham intihoni ham o’ldiradi. Har uchala xilqat ham bir-birini vujudga keltiruvchi va hamda o’ldiruvchi fano qonuniyatidir.

Agar ibtido, intiho va vaqtning qonuniyati fanodan tashqarida turuvchi abadiyat olami bilan oralarida parda mavjud bo’lmaganda aynan fanoning o’zida mana shu uchala qonuniyat o’z kuchini yo’qotib o’sha abadiyat olamiga qo’shilib ketgan bo’lardi. Shundan anglasak bo’ladiki, bizdan tashqarida turuvchi abadiyat olami bilan fano olami orasida ko’rinmas parda mavjud.

Tirik mavjudod shishirilgan sharning ichida yashab turgan xilqatga o’xshaydi. Demakkim, mana shu sharning paydo bo’lishi bu ibtidodir. Parda ichidagi tiriklik bu vaqtdir. Intiho esa bu sharning yorilishi, ya’ni abadiyat olamining namoyon bo’lishidir. Biz hozir mavjudmiz, lekin hech narsani anglamaymiz. Olamning ibtidosi qaerda, vaqt qonuniyati, intihoning qachon ro’y berishi, abadiyat qonuniyatining siru asrorlari haqida aniq bir xulosa mavjud emas. Bu holatni shunday izohlash mumkinki, mavjudlik bu ona qornidagi embrionga o’xshaydi. Unda ibtido, vaqt va intiho mavjud. Ona qornidagi rivojlanayotgan go’dak hali dunyoni anglamaydi. U hali boshka olamda. Demak, go’dak yashab turgan makonini xech qachon anglamaydi. U ona qornidan ozuqa oladi, unadi, o’sadi yashaydi. Lekin ong va tasavvur, haqiqatni ko’rishva anglash unga hali berilmagan. U tug’ilgandan so’ng haqiqiy olamga kelib hammasini anglay boshlaydi. Demak, insonning zamindagi hayoti bu yashash emas, rivojlanishdir. Ya’ni embriondir. U ona qornidagi kabi zamin bag’rida paydo bo’ldi. Uning yaratuvchisi Ollohdir. Demak, zamin inson uchun embrion vazifasini o’taydi. Inson bunda eb- ichadi, ozuqa oladi... Mukammal rivojlanib haqiqiy qiyofaga kelsada, baribir dunyoning asl mohiyatini anglamaydi, uning siru asrorlariga aqli etmaydi. Vaqti kelib u o’lim orqali tashqariga chiqadi. Demak, o’lim bu tug’ilishlir. Ya’ni abadiyat olamida tug’iladi. Agar bu zamin embrionida to’g’ri o’smasa, xarom suvlar yutsa abadiyat olamida nogiron bo’lib o’tgani uning jannatdan mosuvoligini anglatadi. Zamin embrionida o’sib abadiyat olamida chala tug’ilganlar jannatga munosib emasdirlar. Chunki bu embrionda ona qornidanda ziyoda yashash, unish, o’sish va rivojlanish imkoniyatlari berilgan. Bu embrionni hali hech narsani anglamasdan, tushunmasdan, bilmasdan changallab yaralash kerak emas. Ozuqa berayotgan, rivojlantirayotgan abadiyat olamida tug’ilishga tayyorlayotgan embrionni xarob qilish kerak emas. Chunki bu embrionda qolib ketmaysiz, pishasiz va vaqti kelib tug’ilasiz. Ya’ni haqiqiy hayotga chiqasiz. Bu embrionda hali ko’plar paydo bo’ladilar va tug’iladilar. Biz ularga nosog’lom embrion qoldirishga haqqimiz yo’q. Aks holda bizlar ham ular ham Yaratganning abadiyat olamidagi jannatidan mosuvo bo’lamiz.

YANGILANISHLAR

MAHSULOTLAR

Media-mahsulotlar pochta orqali

SAYT XARITASI

STATISTIKA