TOIFALAR

QATRON

SHOGIRDLARNING SHARXLARI

NURSAFARDIYYA
ISH FAOLIYATI

QIDIRUV

HAMKORLAR

Genotsid sharpalari

Muallif: So’fiy tabib Nursafardiy

Joylashtirish vaqti: 2015-01-13

Dedimki, biz dunyo ishqidan yiroq yursakda, dunyo dardi bilan yashagan inson, haqiqat olami ichra tursakda, insonlarni saodatga boshlamoq imkon. Mana shu imkoniyat doirasidagi vaqt har birimiz uchun g’animatdir, qadrdon. Ne ajabki, tarixning musaffo barqaror osmoni ikki asr oralig’ida moziy qa’rining davomchilari bo’lgan keyingi davr insoniyatining texnokratik taraqqiyoti natijasida qora tutunga aylansa. Dedimki, taraqqiyotning birinchi davridayoq insoniyat ona zaminga nisbatan ko’r-ko’rona munosobat yo’lidan bordi. Zamin insoniyat uchun yashash manbai bo’lib Tangrining inoyati bilan barcha nozu- ne’matlar muhayyo qilingan va bunday jannatmisol zamindan oqilona foydalanmoq insoniyatning asl burchi bo’lib qolmog’i lozim... Afsuski, shiddat bilan rivojlangan texnokratik taraqqiyotning ba’zi oqibatlari koinotning cheksiz olamida omonatgina turgan ona zaminga shavqatsizlarcha munosabat  ta’sirini o’tkazdi va bu holat insoniyatning  borliqqa nisbatan, o’zi yashab turgan makonga nisbatan qo’llagan genotsid usulidan boshqa narsa emasligi namoyon bo’lib qolmoqda... Shu o’rinda aytish joizki, insoniyat keyingi davrda ana shunday genotsid usulini bir necha turini kashf qildi. Keling aytaylik, tarixda urushlar natijasida siyosiy genotsidlar sodir bo’lgan bo’lsa bugungi taraqqiyotning ayovsiz rivojlanishi natijasida uning bir necha turlari paydo bo’ldi. Masalan, kashfiyot asrining keyingi davrda ko’rinib qolgan maxfiy genotsid sharpalaridan  texnokratik, tijorat,  ekologik, tibbiy, madaniy, ma’naviy genotsidlar turlarini misol keltirishimiz mumkin. Jahon miqiyosida ommaviy madaniyat paydo bo’lgandan buyon yuqorida keltirilgan misollar millatlarning moziy tarixidan tortib kelajak avlodlar shajarasiga qadar o’zining o’ta salbiy oqibatlari ta’sirini o’tkazishi ayni haqiqatdir. Aytish joizki, ommaviy madaniyatlar tarix zarvaraqlaridagi har bir millatning asl urf-odatlari, o’zligini anglatuvchi madaniyati va ma’naviyati tomiriga bolta urib millat o’z tarixini, milliyligini unutsa kelajak avlod ham o’z ma’naviyatisiz manqurtga aylanadi. Demak, ommaviy madaniyat tafakkur ildiziga bolta uruvchi maxfiy genotsidning eng xavfli turidir. Shu o’rinda texnokratik taraqqiyot asrida paydo bo’lgan genotsidlarning bir necha turiga imkon qadar izoh berib o’tamiz.

1. Siyosiy genotsid - insoniyatga yoxud bir millatga nisbatan qo’llanilishi mumkin bo’lgan qirg’in usuli.

Siyosiy genotsid insoniyat uchun yangilik emas va uning paydo bo’lishi tarixi moziyga borib taqaladi. Bir davlat yoxud millatning ikkinchi millat ustiga qo’shin tortib kelishi, yoxud qabilaviy tortishuvlar natijasida qirg’inbarot urushlarning sodir bo’lganidan xabardormiz. Tarixda siyosiy genotsidning ikki turi mavjud bo’lgan va bu holatlar yangi davr texnokratik genotsidi xavfidan  birmuncha farq qiladi... Birinchi tur genotsidi engil qurollar bilan amalga oshirilgan ommaviy qirg’in bo’lsa, ikkinchi turi tafakkuriy genotsid, ya’ni bir millatni qulga aylantirib qaram holatga keltirish, uning milliy tarixini tomiriga bolta urib manqurtga aylantirish holatlarini kuzatishimiz mumkin. To’g’ri tarixda ro’y bergan ommaviy genotsidlarning oqibati ko’pincha epidemik kasalliklarning tarqalishiga sabab bo’lgan, lekin ular qisqa vaqt o’tishi bilan tezda tugatilgan. Ammo ma’lum bir makonda qo’llanilgan jismonan yo’q qilish genotsidi turidan ko’ra butun mamlakatni qamrab oluvchi tafakkur genotsidi o’ta xavflidir. Bunday holatda butun bir millat qullik asoratida asrlar mobaynida aziyat chekishi mumkin. Va bunday yuz yilliklar orasida uning asl tarixi, ma’naviyati va madaniyati yo’qolib ketishi tabiiy holdir. 

Ma’lumki, qaysi bir o’lka  boyliklari hisobsiz bo’lsa-yu uning millati nisbatan kuchsizroq bo’lsa bu davlatga nisbatan hasad qilguvchilar, bunday zaminni har tomonlama zabt etuvchilar istagancha topiladi. Xoh siyosiy yo’l bilan, xoh harbiy soha orqali va yoxud missionerlik yo’llari bilan millat tafakkurini egallab uni qulga aylantirish orqali maxfiy genotsid usulini qo’llaydilar. Shu o’rinda aytish joizki, boyligini yo’qotgan millat emas, o’zligini yo’qotgan millatgina genotsid domiga tushadi. Chunki tafakkuridan ayrilgan inson o’zligini anglamaydi va u o’zgalarning sodiq quliga aylanadi. Bunday manqurt kimsa o’likdir, ya’ni o’ldirilgan  tirik murdadir. Siyosiy genotsidning mohiyati nafaqat jismonan yo’q qilish orqali insonni ommaviy qirg’in qilinishi, balki tafakkuran falaj qilinishi oqibatini ham anglatadi.

Mohiyat

Dedimki, ey farzand  fano olamida mavjud erursanki,  hayot kurashdan iborat. O’z millating, vataning himoyasida hamisha sodiq bo’l. Avvalo o’zligingni angla. Ilm o’rgan. Ilohiy ishq hamisha qalbingda bo’lsin. Sen o’zlikni anglash orqali Tangrini anglagaysan. Oqibat Tangri senga quvvat bergay. Sen bu quvvat orqali tafakkuringni ulug’lagaysan. Tafakkuri ulug’ inson komil va mukammal bo’lgaykim u hamisha millat ishqi va vatan mehri ila yashamoq istagida javlon urguchi mard inson sifatida el orasida obro’ topgay. Komillik istagan inson ilm o’rganur mukammallik istagan inson ham ruhan ham jismonan baquvvat bo’lgay. Sen bir yo’lda turib ikki maqsadni ko’zlagilkim, biri komillik va biri mukammallikdir. Ana shu ikki maqsad seni chinakam saodat sarhadlari tomon boshlagaykim, oqibat fano olamining o’tkinchi davrida noming uchmagay, oxirating saodatli bo’lgay. Vatan va millat ishqi sening birinchi darajali vazifang bo’lsinkim el xizmatida, vatan himoyasida, millat dardida kuyunchak inson millatparvarligi, ishqi bilan uning tarixini, milliy an’ana, moziy merosini, urf-odatlarini hamisha qadrlagay. Senkim bir millat farzandisankim sen yashab turgan vatan ichra ota-bobong, volidang yashar, singling yashar, aka-ukang, qonu- qarindoshing yashar mahalla, tumaning, vatan ichra vataning, millat ichra millatdoshing yashar. Anglamoq lozimki, bir millatda millatparvar, vatanda vatanparvar ziyoda bo’lsa davlat qudratli bo’lgay va bunday mukammal mamlakatni zinhor engib bo’lmagay.

2. Texnokratik genotsid - ona zamin yoxud insoniyatga nisbatan ko’llanilishi mumkin bo’lgan qirg’in usuli.

Insoniyat xilida nafs istagi qudratli kuchga aylangan bir davr texnokratik taraqqiyot jarayoni bilan bog’lik desak haqiqatga yaqinroq bo’ladi. Taraqqiyotning noto’g’ri yo’ldan ketishi oqibatida ona zamin bag’ridagi  boyliklar ayovsiz surib olinmoqdakim, buning oqibati shundoq ham omonat turgan zaminimizning musaffo hayotini halokat yoqasiga keltirib qo’yish mumkin. Inkor etish mushkulkim, zaminning tabiiy boyliklari bir davlat iqtisodiyotini rivojlantirsa ikkinchi tomondan  zamin bag’riga bo’lgan ayovsiz munosobatlar insoniyat uchun salbiy oqibatlarga olib kelish muqarrardir. Bu holat  ijobiy tomondan bir davlat iqtisodini rivojlantirsa ikkinchi tomondan ona zamin bag’ridagi tabiiy boyliklarga nisbatan kullanilgan genotsid usuli ekanligini ham inkor etolmaymiz. Bugungi davr taraqqiyotining eng salbiy oqibatlaridan biri ommaviy qirg’in qurollarining paydo bo’lishidir. Insoniyat Tangridan yiroqlashib nobop taraqqiyot ortidan ko’r ko’rona ergashib ketayotgan qaltis bir zamonda ommaviy qirg’in qurollarning ishlatilishi oqibatida nafaqat insoniyat, balkim ma’lum bir makonning  borligi ustida halokatli genotsidning ro’y bermasligiga hech kim kafolat berolmaydi. Haqiqatni inkor etolmaymizkim, hozirgi davr taraqqiyoti ortidan kashf qilingan ommaviy qirg’in qurollari  bir makonda yashab turgan insoniyatning yolg’iz o’zigagina emas, balkim uning tabiatini, nabototini butun musaffo osmonini kulini ko’kka sovurib uning mavjud hayotini asrlar mobaynida falaj holatga keltirib halokatli oqibatlarni yuz yilliklarga tutashtirib yuboradi. Ming yilliklar oddiy qurollar bilan yashab kelgan insoniyat keyingi ikki asr texnokratik taraqqiyoti natijasida kashf qilgan ommaviy qirg’in qurollari bilan  butun insoniyat bilan birga ona zaminni boshi berk ko’chaga kiritib qo’ydikim, bu holat insoniyatning o’z-o’ziga qaratilgan, o’zi yashab turgan olamiga qaratilgan genotsidini anglatadi...

Mohiyat

Dedimki, Olloh yaratgan zamin nechun xastadir, nechun insonning biri osmon biri pastdadur. Nahot yangi zamon ko’ngillarga g’ulg’ula solsa. Nahot bobolardan qolgan tarix yo’qolsa. Biz majruh kelajakka asos soldikmi. Va yo kechirilmas qarg’ishga qoldikmi. Qismatimiz qarg’ish tegar asr bo’ldimi. Ilohiy tafakkur unsiz so’ldimi, o’zlik uchun kurashmoq tugab bo’ldimi. Agar pobop taraqqiyot zahar ichirsa ulay agar yangi avlod bizni kechirsa. Agar nogoh portlasa ajal bombasi, qolmagay bu zamindan bir parcha asar. Zamon bular ming yilliklar bir o’lim yashar.

3. Tijoriy genotsid - jahon miqiyosida narkotik savdosining avj olishi natijasida insonlarga nisbatan maxfiy genotsid usuli qo’llanmoqda. Narkotik savdo olamida aylanayotgan milliardlab pullarning daromadi ba’zilarning shohona hayotini ta’minlasa, uning domiga tushib qolgan insonlarning yoppasiga ajal ostonasiga etaklamoqdakim bu holat ham yangi davr maxfiy genotsidiga aylandi. Narkotik modda iste’mol qilgan insonlarning aksariyat qismi o’ta xavfli kasalliklar domiga tushib o’lim ostonasiga qisqa vaqtda etib kelgunlariga qadar sog’lom insonlarga virus tarqatib qo’ymoqdalarkim bu holat insoniyat orasida epidemik kasalliklarning tezda tarqalib keng ko’lam olishiga imkon yaratmoqda. Tijorat, ya’ni biznesning qora qonunlari asosida kashf qilingan  yangi genotsidning o’ta xavfli turi insoniyat uchun echib bo’lmas muammoga aylanib qolmoqda. Narkotik modda ortidan orttirilgan kasalliklar, tug’ilayotgan nogiron go’daklar, yuktirilayotgan virus, paydo bo’layotgan epidemik xastaliklar insoniyat uchun halokatli oqibatlar bo’lib uning asosi  va asoschisi (qora biznes) tijoriy genotsidga borib taqaladi. Odam savdosi va texnokratik taraqqiyotning nobop qonunlari insoniyatning domiga tortishi, uni o’ziga bo’ysindirishi, insoniyatni o’zligidan yiroqlashtirib tafakkuran manqurtga aylantirishi ham tijoriy genotsid turlaridan biridir.

Mohiyat

Dedimki, tijoriy genotsid butun insoniyatga qaratilgan yovuz va dahshatli qurol bo’lib uning asosi tuzalmas xastaliklar va muqarrar o’limdan iborat. Insoniyat o’z yaratuvchisidan yiroqlashib nobop taraqqiyot ortidan sho’ng’ib ketgan asrlar oralig’ida tijorat usuli bilan pulga sig’inib ketdilar. Qora tijorat pullari insoniyatni bir-birlariga nisbatan genotsid usulini qo’llashiga sabab bo’lmoqda. Tijorat pullari quvvatini Xudo quvvatidan ustun ko’rmoqdalar. Va buning oqibati ajdodlar quvvatining so’nishi bilan birga ilohiy olamning unutilishi holatlari ro’y berdikim, insoniyat fano olamining o’zida boshqa insonlarga nisbatan maxfiy genotsid usulini qo’llab o’zlarining qisqa umrlarini jannatga aylantirish ilinjiga tushib qoldilar.

4. Ekologik genotsid – atrof-muhitga nisbatan insoniyatning ko’r ko’rona munosobati sababidan yuzaga kelgan salbiy oqibatlar nafaqat insonlarning o’ziga, balki tabiat va nabotot olamiga ham zaharli ta’sirlarini o’tkazib turli xil kasalliklarning paydo bo’lishiga omil bo’lmoqda. Keyingi davrda o’rmonlarning ayovsiz qirg’in qilinishi, to’xtovsiz yong’inlar,  texnokratik taraqqiyot ortidan samoni qoplayotgan qora tutunlar musaffo havoni buzib insoniyat osmonidagi sof atmosferaga zahar tutunlarini yoymoqda. Ekologik muhitning keskin buzilishi natijasida hayvonlar va qushlar, hatto dengiz hayvonot olamining sog’lom qatlamlariga halokatli oqibatlarni namoyon qilmoqda. Yangi asrda paydo bo’lgan epidemiya paranda gripi, cho’chqa gripi singari xastaliklarning insoniyatga yuqumli kasallik sifatida o’tishi o’ta achinarli holatlardan biridir. Sog’lom atrof- muhitda sog’lom insonlar yashaydi. Qaerda atrof-muhit nosog’lom bo’lsa bilingki, o’sha erda insonlarning xastalikka chalinishi ehtimoli yuqori bo’ladi. Nosog’lom muhit avvalo insonning immun tizimini keskin pasaytirib osongina xastalikka chalinadi.

Aytish joizki, biz istaymizmi yo’qmi taraqqiyot insoniyatni to’laqonli o’ziga bo’ysundirib bashariyat ustidan hukmronlikni o’z qo’liga oldi. Yangi asr insonlari taraqqiyotsiz yashash mumkin emasligini tan oldilar. Aslida taraqqiyotga hech kim qarshi emas. Lekin yangi asr kashfiyotining birmuncha noto’g’ri yo’ldan ketgani anglab turganingizdek insoniyat uchun bir qancha salbiy va hatto halokatli oqibatlarni namoyon qilib turibdi. Aytaylik neft kompaniyalari  qora oltinni zamin bag’ridan ayovsiz sug’urib olmoqdalar, kimyoviy zavodlar trubalari va hisobsiz mashinalardan chiqayotgan ajal tutunlari atmosferani zaharlamoqda, ommaviy qirg’in qurollaridan  sinovdan o’tkazilmoqda, internet tarmoqlari ommaviy madaniyatga beqiyos hissa qo’shib axborot informatsiyasi orqali ko’pchilik insonlarning tafakkurini chalg’itmoqda, telefondan nurlanish holatlari kuzatilmoqda, dunyoning narigi burchagida paydo bo’lgan virus zum o’tmay ikkinchi burchagida namoyon bo’lmoqda, o’rmonlar ayovsiz kesilmoqda, musaffo koinot chiqindilarga to’lmoqda, odam savdosi gullab ketmoqda. Qissadan hissa taraqqiyotning insoniyatga tortiq etgan tuhfasi shumi? Biz qanday taraqqiyot istagandik? 

Insoniyat musaffo taraqqiyot yo’lidan borishi mumkinmidi? Nazarimizcha endi ortga yo’l yo’qqa o’xshaydi. Insoniyat nobop taraqqiyot ortidan ergashib zamonlar osha ancha ilgarilab ketdi. Eng achinarli holat shundan iboratki  taraqqiyotning nopob yo’lidan ildamlab ketayotgan insoniyat o’z ortidan bedavo xastaliklar turini meros qoldirmoqdakim  o’tayotgan ikki asr kelajak avlodlar qarg’ishiga duchor bo’lmasligiga hech kim kafolat berolmaydi.

Mohiyat

Ilohdan uzoqlashib ketgan insoniyat nafs qasrida o’ziga haykal o’rnatdi. Omonat bu qasrda omonlikni orzu qilgan odamlar Tangrini unutdilar. Orzulari sarob odamlar sarobdan o’zlariga haykal o’rnatdilar. Asli jannat bo’lgan zaminda jannat istab jannatni do’zaxga aylantirdilar. Zamin sarob emas, odam sarobdir. Odam ichra ona zamin xarobdir. Jannatni buzdilar, odam xillari. Odamni ko’rolmagan odam baxillari. Musaffo osmonga tegmagin zinhor. So’lmasin ona zamin bag’rida bahor. Nega xastaliklar odamni qirar. Nega har bir qalbda nafs hukm so’rar. Musaffo olamni etdikmi xasta. Nega odamlarga zulm payvasta.

5. Tibbiy genotsid - xastaliklarga bog’liq bo’lgan genotsid turi bo’lgani uchun biz bu atamani tibbiy genotsid deb nomladik. Jahon sog’likni saqlash tashkiloti xabarlariga ko’ra saksoninchi yillar boshida paydo bo’lgan spid xastaligidan bugungi kunga qadar yigirma million inson hayotdan bevaqt ko’z yumgan. Agar o’tgan asrning qirq beshinchi yilida Amerika qo’shma shtatlari tomonidan Yaponiyaning Xirosima shahriga tashlangan atom bomba uch yuz mingdan ziyod insonni hayotiga zomin bo’lgan bo’lsa spidning bugungi kunga qadar insoniyatni yostig’ini quritgan kuchi  ettita atom bombaning quvvatiga tenglashibdi. Yangi asrda paydo bo’lgan epidemik xastaliklar turi o’ta xavfli bo’lib insoniyat uchun maxfiy genotsid usulini qo’llash quvvati bilan yashirin  sharpalarini ko’rsatmoqda. Nazarimda tibbiy xastaliklarning uch xil turi mavjud. Birinchisi  o’lim xastaliklari. Jumladan, spid xastaligi yuzdan to’qson to’qqiz foiz o’lim bilan tugaydi. Vabo xastaligi deyarli yuzdan yuz foiz o’lim bilan tugaydi. Ebola xastaligi yuzdan to’qson sakkiz foiz o’lim bilan tugaydi. Saraton xastaligi yuzdan to’qson sakkiz foiz o’lim bilan tugaydi. Xastaliklarning ikkinchi turi bu insonning umri mobayning ta’qib qiluvchi vujudda muqim o’rnashgan xastaliklardir. Jumladan, qon bosimi ko’tarilishi, qandli diabet, tutqanoq, vitiligo va taqdir xastaliklariga kiruvchi tug’ma xastaliklar turidir.

Xastaliklarning uchinchi turi bu ruhiy xastaliklardir. Ruhiy xastalikka chalingan (aqlan zaif insonlardan tashqari) insonlarning  aksariyati o’zlarini tibbiy yordamga muhtoj sezmaydilar. Manmanlik, ko’rolmaslik, g’iybat, boylikka ruju qo’yish, xushomadgo’ylik, laganbardorlik, o’ziga ishonchsizlik, qo’rqoqlik, giyohvandlik, ichkilikbozlik, o’g’rilik, birovning haqiga xiyonat qilish bularning barchasi ruhiy xastaliklardir.

Ma’naviy va madaniy xastaliklar ham ruhiy xastaliklar jumlasiga aloqador xastalikdir. O’zlikni anglamaslik, sotqinlik, vatanfurushlik, millatfurushlik ma’naviy xastalik zamirida yotgan ruhiy ojizlik  hisoblanadi. Inson o’z millati qadrini anglab etmog’i lozim. Ommaviy madaniyat millatlar ustida xavf solib turgan zamonda o’z tarixi, milliy an’analarini himoya qilib yashash har bir millat farzandining muqaddas burchidir. Masalan, kecha o’zga yurtga ketgan millatimiz farzandi bugun sochiga ming xil yozuvlar bilan kirib kelsa, qulog’ida halqa ko’rinsa, bilagida tatiurovka bo’lsa buni qanday anglash mumkin. Bu holat o’zligiga nisbatan hurmatsizlik emasmi? Bunday holatlarning ro’y berishining asosiy sababi insonlarda milliy tafakkur etishmasligidir. Bu holat ajdodlar milliy udumlariga nisbatan oyoq qo’yish emasmi. Madaniy xastaliklar domiga tushgan inson milliy an’analarini qadrlamaydi, tarixiy meroslarga nisbatan bepisandlik bilan qaraydi. Bunday insonlar o’zga yot madaniyatlar domiga tez ilingancha o’zligini unutib qo’yadi. Axloqiy jinsiy xastalikka chalingan inson fohishabozlik ortidan kasallikka tez chalinib xavfli viruslarni goho bilib goho bilmagan usulda tarqatishga moyil bo’ladi. Umumiy jarayonda bunday holatlar ruhiy xastaliklar turiga kiradi.

O’tgan va yangi asr davrida paydo bo’lgan o’ta xavfli epidemik xastaliklar bugungi kun insoniyati uchun maxfiy genotsid sharpalarini namoyon qilmoqda. Bugungi davrda har bir insoniyat ustiga o’lim sharpalarini yoymoqchi bo’lgan spid xastaligiga qarshi kurashmoq har bir insonning burchiga aylanishi kerak. Bunday yovuz xastalikning yurtimizda paydo bo’lishi har birimiz uchun ayanchli holatdir. Biz o’z millatimizni qadrlashimiz kerak. O’zligimizni asrashimiz ruhan sog’lom va jismonan baquvvatligimizni hamisha namoyon etmog’imiz darkor. Sog’ligimiz haqida qayg’urishimiz yomondan qochmay uni to’g’ri yo’lga boshlashimiz, muhtojga yordam qilishimiz, xastadan xabar olishimiz burchimiz bo’lsin. Axir biz bir millatmiz. Buyuk millatmiz. Ollohning nazari tushgan zaminimizni o’zga nobop taraqqiyot ortidan orttirilgan tuzalmas xastaliklar bilan bulg’ab qo’ysak illo Tangri bizni kechirmagay.

Mohiyat

Ey farzand, dedimki fikr qilib o’ltirgil, Tangrini zikr qilib o’ltirgil. Anglagil, sen qalb amridamisan yoxud qalb sening amringda. Agarkim, sen qalb amrida bo’lsang illo saodat topibsan va lek qalb sening amringda bo’lsa begumon ziyon topibsan. Dunyoning vafosizligi nafsning ustunligidandir. Istaysanmi yo’qmi sen uning sharti ilinjiga tushib qolgaysan. Bu holat sening qalb ustida hukmronligingni va sening nafsga qulligingni anglatgay. Agarkim sen qalbga bo’ysinsang nafs sening qulingdir. Nafsning makkorligi sening qalbing ustiga parda tortgaykim uning ma’nosi dunyo ishqidan o’zga chora emas. O’tkinchi olamning oraziga oshiq qolib na ma’no va na mohiyat topgaysan. O’tkinchi olamda  o’zlikni anglab qalbingni musaffo et. Vatanni sev, millatingni qadrla, oilangni sog’lom turmush tarzi bilan ta’minla. Ibodat qil, ilohiy zikrni kanda qilmagilki umring mazmunli o’tib oxirating saodatli bo’lgay.

Alhamdulillohi Robbil a’lamin.

Duolarimiz ijobat bo’lsin

Ey Tangrim, Senkim butun koinotlar saltanatida yagona hukmdorsan. Sen kim bizning omonat olamingda omonat qilib yaratding. Biz angladikki, Sening abadiyat olaming biz uchun qurilgandir. Sening abadiyat olamingga iymon va e’tiqod ila senga bo’lgan buyuk muhabbatimiz bilan qaytishimizga bizga quvvat bergaysankim, toki ibodat ishqi bilan senga talpinib yashamoq baxti har birimizga nasib etsin. Ey Tangrim, Senkim yaratgan bandalaringni o’z panohingda asrab adashganlarning qalbiga iymon nurini sochguchi buyuk zotsan. Senga bo’lgan buyuk muhabbatimiz sharafi ila marhamatingni darig’ tutmagaysankim, toki vatanimizning osmoni musaffo bo’lsin, xalqimizning nasibasi ziyoda bo’lsin, bunday bag’ri keng ochiq ko’ngil va sening ilohiy ilmlaringni olamga yoygan buyuk ajdodlardan meros millatimizni o’z panohingda asragaysan. Balo qazolardan asragaysan  yo Tangrim...

Alhamdulillohi Robbil A’lamin.

YANGILANISHLAR

MAHSULOTLAR

Media-mahsulotlar pochta orqali

SAYT XARITASI

STATISTIKA