TOIFALAR

QATRON

SHOGIRDLARNING SHARXLARI

NURSAFARDIYYA
ISH FAOLIYATI

QIDIRUV

HAMKORLAR

Sofiylikda ijobiy va salbiy quvvatlar toqnashuvi yoxud amaliyotning hal qiluvchi roli

Muallif: Sofiy tabib Nursafardiy

Joylashtirish vaqti: 2015-01-08

Dedimki, buyuk millatimiz toki mustaqillikka erishgunga qadar o’tgan ikki asr oralig’ida uning milliy an’analari, go’zal madaniyati asorat ostida qolib tarixiy ilmlarimiz, azaliy qadriyatlarimiz muzlatib qo’yilgan edi. Shukronalar bo’lsinkim, mana yigirma yildan oshdikim, millatimiz ozod va hurlik nafasi bilan jahon miqiyosida o’z o’rniga, obro’siga ega mamlakatlar qatoridan joy oldi. Milliy an’analarimiz, azaliy qadriyatlarimiz tiklandi. Buyuk qadamjolar obod qilindi. Bu zamindan etishib chiqqan buyuk allomalar insoniyatning  ilmiy taraqqiyotiga yuksak hissa qo’shganlar. Buyuklik aslida nima bilan bog’lik? Buyuklik bu ilmdir. Taraqqiyotdan yiroq tarix sahnasida yulduzdek porlagan buyuk allomalarning ilmi ilohiyot sirlariga oshno tafakkurlari insoniyatning ilmiy taraqqiyoti uchun durdona meros qoldirdilarkim, ularning ham dunyoviy ham ilohiy qo’lyozmalariga jahon ahli tahsinlar aytar. O’tgan asrlar mobaynida millatimizni qullik asoratida saqlab turgan Marksizm, Leninizm  singari siyosiy mafkuralar ongli ravishda millatimiz tafakkuridan uning azaliy qadriyatlarini supurib tashlashga ko’p urindi. Siyosiy asoratning samarasi o’laroq azaliy ilmlarning ba’zilari yo’q qilindi, ba’zilari unutildi. Shu sabab ham yangi asrda ozod yurtimizning dorilomon kunlarida  unutilib ketgan va yoyinki, tarix kitoblarida mudroq yotgan ba’zi ilmiy, ilohiy meroslarimizni tiklanish davrida ko’pchilik insonlar bunday ilmlar mohiyatiga tushunolmay loldirlar. Buyuk ajdodlarimizdan meros ana shunday go’zal ilm bu so’fiylik tariqatidir. Sufiylik tariqati bu buyuk ajdodlardan bizga etib kelgan ilohiyot ilmidir. Ilmli insonlar anglaydilarki, tarixda yashab o’tgan Bahovuddin Naqshband, Hoja Ahmad Yassaviy, Najmiddin Kubro singari buyuk ajdodlar ilohiy falsafalar  majmuasida o’z tariqatlariga asos solib insonlar qalbiga donishmandlik urug’ini sochganlar. Moziy qa’rida qolib ketgan bunday mukammal ilm ilohiyot zamini bo’lgan ona diyorimizda qayta tiklanishi tabiiy holdir. Ammo shuni alohida ta’kidlamoq lozimki, hech bir inson o’z-o’zidan bu yo’lga kirolmaydi va yoyinki so’fiylikni o’zicha kashf qilolmaydi. Bu ilm Tangrining inoyati bilan xos insonlarga berilguchi muqaddas ilmdir. Bu ilm o’z nafsidan kechgan, dunyoning tashvishidan yiroq, doimiy Tangri yodi bilan yashab tunu kun Unga zikr qilguchi, ilohiy bir ishq bilan Tangriga o’zini topshirgan insonlarga berilgay. So’fiylar avliyolik darajasida turgan,  tafakkurlari Tangrining quvvatiga bog’langan muqaddas insonlardir. Ilohiyot zamini bo’lgan ona diyorimizda xalqimizning tinchligi musaffo osmonini barqarorligi, rizqu-ro’zini ziyoda bo’lishini, balo-qazolardan asrashini  tilab duo qilguchi avliyolar nechun tug’ilmasin? Bunday mukammal ilmning mohiyatini anglamoq lozim. Agarkim falon joyda shunday bir tariqat yuz ochibdi desalar va tariqat ichida ilohiy ilmlar majmui mujassam ekan desalaru, ba’zilarning o’ylamay netmay bunday tariqatni, ezgulikka boshlovchi, xalq va millatga, jamiyatga o’zligini anglatuvchi go’zal falsafani diniy bir oqimga yoyishi ularning  haqiqatdan yuz burishi bilan barobardir. Axir ilohiy ilmlar faqat diniy oqimdan iborat emasku. Biz  har qanday tariqatni diniy oqimga yoyaversak, unda ota- bobolar ilmi, ajdodlar ilmining barchasi diniy oqim ekanda, degan xayolga boruvchilar ko’payib qolmaydimi? Biz tariqatga qarshi borib ajdodlar ilmiga nisbatan hurmatsizlik bildirib qo’ymaymizmi? Yangi avlodni ularning ongida tariqat ilmiga nisbatan shubha uyg’otib qo’ymaymizmi? Olamni ezgulik qutqaradi. Donishmandlik urug’ini sochuvchi, insonlarni mehr-oqibatga, saxovatga o’rgatuvchi, tafakkurni komillik va mukammallik darajasida yuksaltiruvchi, insonlarda vatanparvarlik, millatparvarlik tuyg’ularini uyg’otuchi go’zal falsafalardan nega yuz burishimiz kerak. So’fiylik tariqatining mohiyati Tangrining ishqidir va garchi so’fiyning  tafakkuri ilohiyot ichida zikrga aylangan bir ibodat saltanati bo’lsada u o’zi yashab turgan millati, xalqi, dardi bilan yashaydi. O’zi mavjud olamga bog’lik bo’lmasada, insonlarni Xalqparvar, Haqparvar bo’lishlariga undaydi. Biz so’fiylik tariqatiga nisbatan hurmat ko’zi bilan qarab ajdodlar ilmini qadrlagan shu bilan birga ularning ruhlarini shod etgan bo’lamiz. Unutmasinlarki, tariqat ilmiga diniy oqim nuqtai nazari bilan nafrat ichra qaraganlar ajdodlar ilmiga nisbatan g’arazlik qilganlar, yurtimizda bunday komillik ilmiga qarshi borgan ilmning farqiga bormagan ilmsizlar buyuk ajdodlar qarg’ishiga duchor bo’lgaylar.

 

Men bu so’zlarni bejiz aytmadim. Kamina tariqat ahlidanman. Men ajdodlari buyuk o’tgan bir zaminda yashayman. Muqaddas zaminda yashayman. Men bu zaminni qanchalik muqaddas bilsam, uning bag’rida yashayotgan buyuk millatimni ham muqaddas bilaman. Vatanni nechog’li ulug’ligini his qilib, uning osmoni hamisha musaffo bo’lishini  Tangridan so’rayman. Men olam ishqidan yiroq insonman. Lekin mening Tangriga nisbatan buyuk muhabbatim evaziga Yaratganning o’zi shunday bir ilmni nasib etdiki, men ezgulikka yo’g’rilgan bu ilmni xalqqa bermasam, avvalo Tangrining ishonchini yo’qotgan bo’laman, keyin ajdodlarning ilmiga nisbatan hurmatsizlik qilgan bo’laman va ularning ruhi meni kechirmagay. Menga berilgan ilm ilohiy ilm va bu ilm Tangri ilmidir. Men Tangri bergan ilmdan yuz burmayman va o’z falsafam yo’lida sobitqadamman. Mening ilmim so’fiylik ilmi. Men haqiqat ahlidanman. Agar mening falsafam noto’g’ri bo’lsa uning mazmun mohiyati xalqni chalg’itsa, jamiyatga yoxud millatim manfaatiga ziyon keltirsa, men Tangrining menga bergan ilmiga nisbatan hurmatsizlik qilgan bo’laman va Uning nazaridan qolaman. Men bu suzlarni bejiz aytmadim. Men bir umr Tangri ishqi bilan Uning quvvatini istab ibodat ichida yashayapman... Tariqat ilmini tushunmagan ba’zi amaldorlar mana bir necha yildirki,  so’fiylik tariqatiga qarshi kurashib keladilar. Mening ibodatim evaziga Tangri bergan ilmni orqalab ketmayman. Men ustozman. Men ezgulikka yo’g’rilgan ilmimni xalqqa bersam ularni vatanni sevishga, millatni qadrlashga, milliy qadriyatlarimizni asrashga undasam, Tangriga nisbatan iymonli, e’tiqodli bo’lishlariga chorlab o’zliklarini anglashga, tafakkurlarini ilm chiroqlari bilan yoritishga baholi qudrat hissa qo’shsam noto’g’ri yo’lda turgan bo’lamanmi? Ular tariqat ilmining mohiyatini qachon anglaydilarki, biz ezgulik niyatlarimizni, ilmimizni ilm istaganlar bilan bemalol baham ko’rsak. Bizni ataylab qoralab qachongacha ilm ahlini bizdan qochiradilar. Biz nima yomonlik qildik? Umrimiz kurash bilan o’tib ketsa ilm nima bo’ladi? Ilm istagan insonlarning savobini qachon olamiz? Nahotki ajdodlar ilmini davom ettirmoq jinoyat bo’lsa? Tariqatga qarshi kurashgan kimlar? Biz ularning amaliga ko’z olaytirmasak, boyliklariga ko’z olaytirmasak, dunyo ishqidan yiroq turgan majnunsifat  ilm ahli bo’lsak bizdan nima istaydilar o’zi? Ajdodlar ilmiga yo’l bormi? Tangrining ilmiga yo’l bormi? Tariqat ilmiga yo’l bormi?

 

Anglamoq lozimki, tariqat ilmiga qarshi borganlar avvalo Tangrini g’azabiga duchor bo’lsalar keyin ajdodlar qarg’ishiga duchor bo’ladilar. Biz so’fiylik tariqatida turdik. Ular bizga qarshi kurashdilar. Biz ularga qarshi kurashmadik, aksincha o’z yo’limizda sobitqadam turdik. Bizning sobitqadamligimiz ular uchun kurash ma’nosini anglatdi. Anglamoq lozimki, tariqatni o’ldirib bo’lmas, ilohiy ilmlarni o’ldirib bo’lmas. Bu zamin buyuk allomalar zamini. Agarkim, biz alloma bo’lolmasak, allomalar albatta chiqar.

 

Osmonlaring uzra sayr,

Qilmoq edi niyatim.

Yaratgan olamlaring,

Ko’rmoq edi armonim.

 

Tangri tomonidan so’fiyga berilgan tariqatning ilohiy falsafasi agar xalq manfaati uchun xizmat qilmasa u tariqat emas. Tariqat falsafasi uning ichidagi ilmiy amaliy g’oyalar zamon taqozosi bilan mazmuniga ko’ra tarixiy tariqatlardan farq qilishi mumkin, lekin mohiyati bittadir. Tarix zarvaraqlarida bitilgan so’fiylik tariqatlaridan, masalan Bahovuddin Naqshbandiyning falsafa negizida turuvchi shiorlaridan biri « Dil ba Yoru dast ba kor»dir. Ma’nosi qalbing Ollohda qo’ling mehnatda bo’lsin deydilar. O’n beshinchi asrdan buyon sukut saqlagan tarixiy tariqatlarning yangi asrda vujudga kelishi bu bir tomondan texnokratik taraqqiyot bilan ham bog’liklik tomoni yo’q emas. Insoniyat xili zamonaviy taraqqiyot ortidan ergashib ketayotgan bir zamonda Ilohiy tariqatlar, ilohiyot ilmini unutish haqiqatga to’g’ri kelmaydi. Ilohiyot ilmi bu o’zlikni anglash ilmidir. Qolaversa ommaviy madaniyat millatlar ustida soya tashlab turgan bir davrda tariqatlarni vujudga kelishi muhimdir. Chunki ilohiy tariqatning mohiyati ezgulik bo’lib u har qanday millatning asl o’zligini saqlab qolishga xizmat qiladi. Masalan, Evropa mamlakatlarida milliylik udumlarining unutilishi nobop  taraqqiyot ortidagi salbiy oqibatlar insoniyatni manqurtlikka olib boruvchi yo’l sifatida baholanmoqda. Milliy madaniyatlarning unutilishi oqibatida jahon miqiyosida ommaviy madaniyatlar epidemiyasi tarqalganligi hech kimga sir emas. Bizning tariqat mazmunidagi asosiy shior bu «Haq yo’lida Haqparvarlik, Xalq yo’lida Xalqparvarlik, Vatan ishqida jonkuyar, Millat qalbida yashar».

       

Xo’sh, bizning tariqat shiori bilan tarixiy tariqatlarning shiori orasida qanday farq bor. Naqshbandiy bobomizning «Dilba yor» deganlari, ya’ni qalbingda Olloh bo’lsin ma’nosi tariqatimizning «Haq yo’lida Haqparvarlik» ma’nosiga uyqashdir. «Dast ba kor», ya’ni qo’ling mehnatda bo’lsin, ma’nosi insonning halol mehnati orqali o’ziga, xalqqa, jamiyatga foydasi tegishiga ishora qiladikim, bu g’oya bizning «Xalq yo’lida xalqparvarlik»  shioriga uyqashdir. Vatan ishqida jonkuyarlik, millat qalbida yashashi bu tariqatimizning zamon talablaridan kelib chiqqan mustahkam g’oyalaridan biridir. Biz Evropa mamlakatlari qatorida zamonaviy taraqqiyot ortidan mukkasiga ketishga haqqimiz yo’q. Agarkim, bu holat ularning boshiga tushgan o’zlikni anglatuvchi tarixning ilmiy meroslariga zarba berib azaliy qadriyatlarning unutilishiga sabab bo’lsa. Bizda mentalitet mavjud, bizning azaliy qadriyatlarimiz bebaho xazinadir. Talato’p zamonda o’z milliy udumlaridan yiroqlashib ortiga qaramay oldinni ko’rish manqurtlikka olib keladi. Evropa mamlakatlarining taraqqiyot ortidan sho’ng’ib ketishi ularning milliy an’analarining yo’qolishiga sabab bo’ldi. Endilikda ular  o’zga millatlarning madaniyatini o’rganmoqdalar. Qiziqmoqdalar. Tarix izlab sharq mamlaktlariga oqib kelmoqdalar. Kamina Tangrining inoyati bilan tarixiy bir falsafaga ro’paro’ kelganimdan buyon mana necha yillar o’tdikim, bunday falsafaga qiziqish bildirgan jahonning bir kancha mamlakatlaridan kelgan sayyohlar markazlarimiz faoliyati bilan tanishib milliy g’oyalarimizga yuksak baho berdilar. Shuning o’zi nimadan darak? Bizning xalq yo’lida, Tangri yo’lida turib milliy an’analarimizni, tarixiy udumlarimizni, ilohiy ilmlarimizni davom ettirayotganimizdan darak emasmi? Tariqat ilmi ko’proq shariat ahliga yaqinroqdir. Ammo shariat ilmi ichida turgan ba’zi ulamolarimizning bizning tariqatga nisbatan begona bir nigoh bilan qarashlari bizni o’ylantirib qo’ydi. Ilohiy ilmning  avvali shariat, keyini tariqat va ma’rifat, oxirgisi haqiqatdir. Tariqat ilmini men o’ylab chiqarganim, yoxud kashf qilganim yo’q. Tariqat ilmi tarixiy ilm, ajdodlar ilmidir. Men shariat ilmidan chiqqan so’fiyman. Kecha dunyo nafsiga berilib bugun o’z-o’zimdan so’fiy bo’lib qolganim yo’q. Umrim ibodat olamida, zikr marvaridlarini terish bilan o’tgan. Men bu olamdan allaqachonlar o’tib ketganman. Men insonlarga vatanparvarlik, millatparvarlik, o’zlik tuyg’ularini bo’lishini istayman. Agar mening g’oyalarim kimlargadir yoqmayotgan bo’lsa ortimdan g’iybat qilmasdan mardona kelsinlar. Mazmunli suhbat quraylik. Bir vatanda yashab, bir millat kishisi bo’lib bir-biriga tosh otmoq sharmandalikdan o’zga narsa emas. Agar mening yo’lim noto’g’ri bo’lsa isbot qilsinlar. Kamina ilohiy yo’lda turgan insonman. Men bu yo’lga kirishimdan ancha oldin Tangrining bunday falsafasiga toshlar otilishini sezganman. Men Tangrining aytganini qilaman. Har qanday bo’hton bo’lmasin, men o’z yo’limda sobitqadamman. Chunki men to’g’ri yo’ldaman. Men umrimni Tangri ibodati bilan o’tkazdim. Demak, kamina ilohiy bir doira ichida turibmankim, menga qarshi otilayotgan tosh avvalo ilohiy doiraning o’ziga tegib otganlarga qarg’ish bo’lib qaytmoqda.

 

Armonlarga etmoq uchun,

Sendan kerak iloh-kuch.

Metin ruh,vujud kerak,

Sendan bo’lsa ijozat.

 

So’fiylik tariqati asosan o’n ikkinchi aslarga kelib rivoj topgan falsafalar tizimidir. Islom olamida vujudga kelgan ba’zi tariqatlar islom manfaatlari uchun xizmat qilsa ba’zi tariqatlarni Islomga aloqasi bo’lmagan tariqat sifatida tan oladilar. Bizning tariqatni Islomiy tariqat sifatida tan olishlarini istagan bo’lardim. Islom chin ma’noda poklik, iymon e’tiqod va ezgulikka yo’g’rilgan buyuk bir qonuniyatdir. Falsafamiz negizidagi g’oyalar Islomiy qonuniyatlardan chekinmagan holda aynan ezgulik tarafdori sifatida ziyo taratishi bu tariqatimizning asosiy yutug’idir. Islom asosi shariat qonunlari bilan belgilanadi. Tariqatning mazmun mohiyati shariat qonunlaridan farqli tomoni shundaki, unda  so’fiylikka xos tariqat ilmining falsafasi, Tangri tomonidan xoslarga berilgan alohida falsafiy tizimlar va ilohiy g’oyalar  baribir Islom qonuniyatlari asosida vujudga kelgan falsafa hisoblanadi. So’fiylik tariqati bu chin ma’noda donishmandlik falsafasidir. Ezgulik va komillik falsafasi, o’zlikni anglatish falsafasidir. Yangi asrda texnik texnokratik taraqqiyotning shiddat bilan rivojlanishi, insonlarning ilmdan yiroqlashib ketayotganlari, ommaviy madaniyatlarning milliy mentalitetimizga xavf solayotgan bir zamonda komillik falsafasining nechog’li kerakligini his qilayapsizmi?

 

Aslidan fano olamida so’fiyga hech narsa kerak emas. Ulkim Iloh ishqi bilan yashaydigan darveshsifat bir insondir. Ilohiyot ichida javlon urgan insonga qarshi tosh otish menimcha gunohdir. Kamina o’z ilmim bilan insonlarning komillik darajalarini yuksaltirishda baholi qudrat hissa qo’shmoqchi bo’lib ezgulik g’oyalarimni jamiyat ichra yo’naltirsamu mening xalqparvarlik ishtiyoqimga qarshi borgan ba’zi amalparastlar kimlar? Ular xalqning manqurtligi tarafdorlarimi?  Yoki biz ularning o’tirgan kursilariga da’vo qildikmi? Yoki biz ularning shohona hayotlariga rahna soldikmi? Demak, o’zligini anglagan inson ular uchun xavfli shaxs ekan, insonlarni manqurtlikda saqlash ilmga qarshi kurashish ularning asosiy shiorimi? O’n yillik tariqatni tintuv qilib bir siqim ayb topolmaydilar. Lekin kuzatishdan charchamaydilar. Ularning maqsadi biz o’z yo’limizdan qaytib komillik falsafamizga barham berishimizga erishmoqlikdir. Ularning fikricha ajdodlar ilmi hech kimga kerak emas. Kechirasizu kaminani ustoz bilganlar yuz mingdan ziyod. Ular el-yurt xizmatida javlon urmoqdalar. Davlatimizning iqtisodiy ma’naviy, madaniy rivojiga hissa qo’shmoqdalar. Ular vatanparvarlik,  xalqparvarlik ruhini hamisha his qiladilar. Vatanga sadoqat bilan xizmat qiladilar. Bizning yomonligimiz shumi?

 

Men o’tkinchi odamman, kimlargadir o’xshab fano olamida ustunlik talab qilmayman. Ular hisobsiz boyliklarini har narsadan afzal bilsalar, men bir siqim tuproqni ularning boyliklaridan afzal bilaman. Inson obro’ni pul bilan topishga urinadi. Bunday soxtalikning kimga keragi bor. Obro’ni, hurmat e’tiborni ilm bilan topmoq kerak. Inson pul bilan obro’ topishi mumkin, lekin zinhor saodat topmagay. Pul ortidan orttirilgan obro’ soxta va omonat obro’dir. Boylik qo’ldan ketgan kun u insonning sariq chaqalik qiymati qolmaydi. Ilmni sizdan kim tortib olardi. Ba’zi amaldorlar uchun bizning xavfli tomonimiz shundaki, bizda ilm va duo bor. Ular ilmning qudratini anglaydilar. Shu sabab ham bir qozonda qo’chqorning ikki kallasi qaynashini istamaydilar. Demoqchimanki, biz sizning nafsga to’ldirilgan qozoningizga da’vogar emasmiz. Sizning qozoningiz boshqa, bizniki boshqadir... Bizning bu olamda qozon talashishga vaqtimiz ham imkonimiz ham yo’qdir. Biz ilohiyot olamidagi qozonimizda pishib etilganmiz.

 

Bir bo’lishlik xosdir Sanga,

Xoslik esa do’stingga mos.

Sen ila xos birdam bo’lsa,

Olam bo’lur guliston.

 

Ba’zan ilohiyot olami faqat oqimdan iboratmi, - degan xayolga borib qolaman. Nega hamma oqimga yopishib olgan. Oqimning tariqatga nima aloqasi bor? Tariqat haqida tushuncha bormi? Yoki aynan tariqatning o’ziga yo’l yo’qmi?

 

Biz tariximizni qadrlaymiz. Buyuk ajdodlar ilmi bilan faxrlanamiz. Endi aytingchi, ilmiy meroslarimizning sakson foizi ilohiy ilmlar xazinasi bo’lsa biz ana shunday buyuk tariximizdan nimani o’rganishimiz kerak? Islom ilmiy ilohiy taraqqiyotiga buyuk hissa qo’shgan ajdodlarimizning aksariyat ko’pchiligi so’fiylar bo’lishgan. Moziyga yuz burmoq ajdodlar ilohiy falsafalarini davom ettirmoq kimlarga og’ir botmoqda?

 

Men xalqlar dohiysi Lenin emasman. Menga nima qilmoq kerak, - degan asar yozishga  zaruratim yo’q. Hamma narsa aytib bo’lingan. Agar so’fiy Tangri bergan ilmga nisbatan nopisand bo’lib  dunyoni qo’limda degan nafsiga qul amaldorlarning  po’pisasi bilan o’z e’tiqodidan qaytsa, demak, u Tangriga xiyonat qilibdi.

Unutmaslik kerakki, aslida har bir inson falsafaga muhtojdir. U o’zicha go’zal bir olamni kashf qilgisi keladi. Har bir inson tafakkurida shunday  bir bo’shliq borki, u ilohiy bir falsafaga daxldor. Inson o’tkinchi dunyoning tashvishlaridan charchab xotirjamlik istaydi. Inson ruhiyati shuni taqozo etadi. Endi savolimga javob beringchi, nima uchun yurtimizga foydasi tegadigan ba’zi zabardast yoshlarimiz vatandan ketib o’zga yot oqimlarga ergashib ketmoqdalar? Bizningcha yot oqimlarning barcha xususiyatlari salbiydir, lekin ular o’zlarini to’g’ri yo’ldaman, deb o’ylaydilar. Ular yot oqimlardan o’zlariga ma’lum bir falsafa izlaydilar va adashadilar. Tabiiyki biz ularni qoralaymiz.

 

Aytingchi, nega ular yot oqimlarga ergashib ketmoqdalar? Javob bitta. Chunki bizning o’zimizda  inson ruhiyatini kamolotga etaklovchi ilohiy falsafa yo’q. Va faqat o’zimizda milliy mentalitetimizga xos holda vujudga kelgan ilohiy falsafalargina ularni to’xtatib qolishi mumkin. Inson izlaganini o’zidan topmasa uni o’zga joydan qidiradi. Uning uchun falsafa kerak. Agar u o’ziga xos musaffo falsafani topolmasa hayotga nisbatan nafrati kuchayadi. “Protest” qolibiga tushadi. Ana shunda uning uchun har qanday oqim falsafasining salbiy, yoxud ijobiy xususiyatining ahamiyati qolmaydi. Oqim qonuniyati qanday bo’lsa shu holatda tarbiya topadi. Ilohiy tabarruk ona yurtimizda agar go’zal falsafalarga yo’g’rilgan ilohiy amaliy tariqatlarga yo’l berilsa aminmankim, yoshlarimiz o’z vatanlarini tashlab o’zga yurtlardan falsafa izlamaydilar. Ular o’zlariga kerakli tafakkur tarbiyasini vatandan topib o’zliklarini anglagancha vatanparvarlik ruhida kamol topadilar. Qorni och inson ovqatga talpinadi. Tafakkuri ilmga muhtoj inson falsafaga talpinadi. Jannatmisol yurtimiz to’kin-sochin, vatanini tark etganlarning ma’lum qismi qorin ilinjida emas, falsafa ilinjida ketib qoladilar. Ko’pchilik holatlarda ular qanday oqimga ergashib ketganlarini anglamaydilar. Ularning ruhiyatidagi falsafaga chanqoqligi shu erga etaklab keladiki, ko’p holatlarda suv deganlari zahar bo’lib chiqadi. Oxir- oqibat ilmga chanqoq tafakkurga singdirilgan ba’zi salbiy oqimlar ta’siridan chiqolmay bu yo’lda o’zlarini bevaqt qurbon qiladilar.

 

Biz ularga ketmang deymiz, ketganlarni qoralaymiz. Axir biz ular istagan tafakkur ozuqasini berolmadik-ku. Kechirasizu, agar siz uyingizdagi itingizni boqolmasangiz u qo’shninikiga o’tib ketadi. U umidini qo’shningizga bog’laydi. Tafakkurda ham nafs bor. U ilm istaydi. Falsafa istaydi. Agar falsafa go’zal bo’lsa, uning manfaatlari insonni o’zligini anglatib tafakkuriga ilm chiroqlarini yoqsa aminmankim, hech bir inson o’z jannatmisol vatanini tashlab vatangado bo’lishni istamasa kerak. O’z vataniga xiyonat qilib millatiga qarshi qurol ko’tarmasa kerak.

Endi masalaning ikkinchi tomoniga o’tamiz.

 

Aytingchi, nima uchun keyingi yillarda yurtimizda milliy mentalitetimizga yot bo’lgan begona oqimlarning osongina oqib kelishi kuzatildi?

 

Javob bitta. Bu ham milliy mentalitetimizga xos ilohiy bir falsafaning yo’qligi. Bizda  chetdan kirib keladigan oqimlarga qarshi turuvchi ilohiy falsafa yo’q. Agar yot oqimlarning maqsadi ilm bo’lsa ularga ilm bilan, qurol bo’lsa qurol bilan  javob berish kerak. Ilmni qurol kuchi yoxud qurolni ilm bilan engib bo’lmaydi. E’tibor qiling, bizning tarixda yashab o’tgan buyuk ajdodlarimizning qoldirgan ilohiy ilmlaridan hatto taraqqiyot davrida ham qancha-qancha musulmon davlatlari ezgulik sifatida foydalanadilar. Ular ajdodlarimiz  ilmidan  ezgulik sifatida foydalanib bir-birlarini asrab qadrlasalaru nima uchun biz ularning oqimlari domiga tushib millatimiz bir-biriga qurol ko’tarib, bir-birini o’ldirishi kerak. Bu nima? Maqsad, oqim ta’siriga tushirib bir millatni bir-biriga qayragan holatda urishtirib chetdan turib tomosha qilishmi? Aytingchi, nima uchun islom olamida muqaddas dinimizning taraqqiyotiga buyuk hissa qo’shgan allomalarimiz o’zimizdan bo’la turib, ilohiy ilmlarning asl qonuniyatlari bizda yaratilgan bo’lsa-yu, nega biz o’zga yurtlardan falsafa izlab turli oqimlarga tobe’ bo’lib ularga ergashib ketishimiz kerak? Aytishingiz mumkin, bizda shariat ilmi bor, ilm olaverishsin deb. Shariat ilmi hamma musulmon davlatlarida bor. Shariat ilmi qonuniyati barcha insonlarga teng qonuniyatdir. Masalan, oddiy kosib ham ibodat qiladi. Lekin unda ilm yo’q. Qur’onning «Zumar» surasida shunday bir oyat bor. Unda deyiladiki, «Ilmlilar bilan ilmsizlar teng bo’lurmi?». Demak, shariat ichida turgan oddiy kosib bilan bu olamning etuk shayxlarini ular bilan tenglashtirib bo’lmaydi. Inson Tangrining oldida teng bo’lgani bilan ular o’z ilmiy darajalari bilan farqlanadilar. Oddiy musulmon kishisi dunyo tashvishlariga o’ralashib qolishi mumkin, lekin shariat ulamolari o’z ilmiy xazinalari ila shayxlik darajasida so’fiylikka daxldor insondirlar. Demak, shariat barcha musulmonlar uchun teng bulgan islom qonuniyatlari ekan, anglamoq lozimki, ko’pchilik ilmga muxtoj insonlar ana shu tenglikdan yuqorilab ma’lum bir falsafaga muhtojlik sezib Tangriga yanada yaqinroq bo’lishlarini istaydilar. Tarixiy tariqatlarning vujudga kelishining asosiy sabablaridan biri shudir.

 

Agar bizda milliy mentalitetimizga xos kuchli tariqat ichra mukammal falsafalar vujudga kelsa demak, biz har qanday oqimlarning yurtimiz osmoniga qora bulut singari yopirilib kelishini oldini olgan va shu barobarida yot oqimlarga ergashib ketayotgan navqiron yigitlarimizning vatandan ketib o’zgalar ta’siriga tushib qolishidan asragan bo’lamiz. Mukammal falsafaning inson uchun qanday foydasi bor. Komillik falsafasi avvalo insonni o’zligini anglatadi. Tafakkuridagi ilmga muhtoj bo’lgan bo’sh o’rinni to’ldirib mukammal holatga keltiradi. Mukammal inson kim? U vatanparvar, millatparvar, xalqparvar, ezgulik namoyondasi, odob-axloq printsiplariga rioya qiluvchi ilmga chanqoq, jamiyatning oldigi pog’onalarida millat uchun xizmatga shay mard va jasur o’g’londir. U vatanni sevadi, millatni sevadi, kindik qoni to’kilgan ona zamini himoyasi uchun hamma narsaga tayyor.

 

Vatanga xiyonat qilgan, o’zga yot oqimlarga ergashib ketgan insonlarda nima etishmaydi, desak hamma barobariga tafakkur etishmaydi, deymiz. Axir ularning vatangado bo’lishlariga  o’zimiz aybdor  emasmi? Chindanam ularga tafakkur etishmadi. Chunki ular istagan tafakkurni biz berolmadik. Ularni saqlab qololmadik. Ularning ilm istaganlari zulm bo’lib chiqdi. Ular bir umr pushaymondalar. Ular adashdilar. Va yo, ularni o’zimiz berparvoligimiz oqibatida adashtirib qo’ydik. Biz ularga ilm berolmasak, ular o’z hollaricha bilib bilmay yot oqimlarga ergashib ketsalaru biz ularga vatangado sifatida qarasak, ularning ayanchli hollarini tomosha qilib o’tirsak, haqiqatga yaqin ish tutgan bo’lamizmi?

       

Bitta kasal qo’y butun podani kasallantiradi. Biz o’z beparvoligimiz bilan sog’lom yigitlarimizni tafakkurlarini zaharlanishiga yo’l berib ertangi kunda yot oqimlar ta’sirida o’zimiz ham zaharlanishimiz kerakmi? Ba’zi amaldorlarga aytar so’zim, agar olamni qo’lingizda tutib turgan bo’lsangiz ham anglamog’ingiz lozimki, dunyo faqat dunyoviy ilmdan iborat emas. Bu olam ilohiyot olami hamdir. Bu ilohiyot olamiga andak yuz burib tafakkurimiz istagiga bo’ysinmasak, insoniylik qiyofamizni yo’qotib qo’yamiz. Mukammal falsafa insoniyat uchun hamisha kerak. Agar biz  ilohiyotga yo’g’rilgan komillik falsafalaridan yuz bursak, chetdan kirib kelayotgan turli oqimlar, ommaviy madaniyatlar ta’siridan hech qachon xotirjamlik topolmaysiz. Bu oqimlarning ta’siri ertaga jamiyatga, xalq tinchligiga, oilangiz osoyishtaligiga rahna solmaydi, deb kafolat bera olasizmi? Nega unda vatan ichra milliy mentalitetimizga xos ilohiy falsafamizga qarshi kurashasiz? Maqsad o’z falsafamizga barham berib o’zga oqimlarga yo’l ochishmi? Nega bizning xalqimizning tafakkur tarbiyasi haqidagi kuyunchakligimiz sizga og’ir botmoqda? O’ylab ko’ringchi, bizning yo’limiz nechog’li to’g’ri va haqiqatga yaqin. Xulosa o’zingizdan. Yoki tushunishga tafakkuringiz etmaydi yoki tushunishni xohlamaysiz. Chunki sizga shunday tafakkur berilmaganidan alam qilasiz.

 

Dunyoviy taraqqiyot har qancha rivojlanmasin insoniyat ilohiy falsafalarsiz yashay olmaydi. Chunki o’tkinchi olamda faqat ilohiy falsafalargina inson tafakkuriga  chinakam xotirjamlik ato etadi. Inson xoh, shoh bo’lsin xoh gado, hatto qalbi Tangridan yiroq kimsa ham istasa istamasa o’lim qonuniyatini tan oladi. Har qanday boylikka ko’milgan insonning ham qalbining bir tomoni kemtikdir. U har qancha boylik topmasin unga faqat xotirjamlik etishmaydi. Bunday xotirjamlikning yo’qligining sababi uning tafakkurida ilohiy falsafaning kiritilmaganidir. Insonlar ba’zan izlaganini topa olmay hayotdan ko’pincha noliydilar. Garchi barcha sharoitlar mavjud bo’lsada ularga hamisha nimadir etishmayotgandek tuyulaveradi. Nimaligini anglolmay xunob yuradilar. Insonni bezovta qiladigan ana shu unsur bu tafakkur bo’shligidir. Unda ma’lum bir falsafa kerak. Xotirjamlikning asosi shu erda. Ana shu holatdagina inson o’zini mukammal his qiladi. Masalan, Evropa mamlakatlarida shaxsan o’zim guvoh bo’ldimki, o’z o’rnida ularda voyaga etgan yoshlarning qiziq savolidan kamina taajjubda qoldim. Dedilarki, - bizda hamma narsa muhayyo, jannatda yashayapmiz, endi nima qilaylik? Ya’ni biz o’zimiz uchun jannat yaratdik, lekin faqat eb- ichish, aysh-ishrat, o’yin-kulgi bilan yashashdan maqsad nima?

 

Anglayapsizmi, ular falsafa istashayapti. Falsafa istab jangari nomini olib hozirgi atalmish “islom davlati” armiyasida jang qilmoqdalar. Lekin falsafa yo’q. Taraqqiyot ortidan yo’rg’alab ketilgan rivojlangan davlatlarda allaqachon tarix unutilgan, falsafalar unutilgan. Jannatda yashab zerikib qolmoqdalar. Ko’plari bunday yashashdan charchab o’zlariga ma’lum bir yo’lni topolmay jonlariga qasd qilgan yoshlarni ham dunyodan bevaqt ko’z yumganlarini eshitib achindim ham.

 

Agar biz ham inson tafakkurini xotirjamlikka etaklovchi ilohiy falsafalarga chek qo’ysak Evropa yoshlarining kuni bizning boshimizga tushmasligiga kim kafolat bera oladi? Tasavvur qiling, siz farzandingiz uchun barcha sharoitlarni muhayyo qilgansiz. Quvonmang, bu holat uning uchun jannat ma’nosini anglatmaydi. U o’zi uchun nimanidir qidiradi. Izlaganini topa olmay tungi barlarga yuguradi, aysh-ishratga beriladi, oxir-oqibat giyohvandlik, yoxud ichkilikka ruju qo’yadi. Badavlat bo’la turib hayoti zahar-zaqumga aylangan bunday insonlarning ko’pchiligini ko’rganman. Bu holatning asl sababi o’sha tafakkur bo’shligida ilohiy falsafaning etishmasligidir. Xotirjamlikdan yiroq inson o’zini har kuyga soladi.

       

Insoniyatga ilohiy falsafaning nechog’li zarurligini anglayapsizmi? Xotirjamlikning zamirida ilohiy falsafa bor. Xotirjam inson hamisha ilmga chanqoq bo’ladi. Hayot tashvishlaridan chekiniboq qo’liga kitob tutadi. Tafakkurini yanada ulug’laydi. Uning hayotda bo’sh vaqti bo’lmaydi. Vaqtini behuda sarflamaydi. Umrining har bir daqiqasidan unumli foydalanadi. Ilm insonni yuksakka ko’taradi. Tangriga yaqinlashtiradi. Ilmli inson vataniga xiyonat qilmaydi, milliy qadriyatlarini asraydi, millati bilan faxrlanib hayotdan mamnun yashaydi. Jamiyatga foydasi tegadi.

 

So’fiylik tariqatining falsafasi shunday. U inson tafakkurining bo’sh o’rnini to’ldirib hayotida chinakam xotirjamlik baxsh etadi. Olamda hamma so’fiy bo’lolmaydi. Lekin so’fiydan, piru komildan olingan ilm quvvati bilan insonlar kamolot topadilar. Ustozning quvvatiy doirasidan donishmandlik durlarini teradilar. Hayot tashvishlaridan charchagan paytlari ustoz suhbatiga oshiqadilar. So’fiylik tariqati garchi piru komilning o’zi ilohiy doira ichida tursada vatanda yashayotgan insonlarni hamisha vatanparvarlikka, xalqparvarlikka undaydi. Bunday go’zal va ezgulik falsafasi millatni birlashtiradi. Ularni parokanda bo’lib yot oqimlarga ergashib ketishidan saqlaydi. So’fiylik tariqati uning ichidagi ezgulik falsafalari insoniyatning insoniy taraqqiyoti uchun muhim ahamiyatga egadir.

 

Sendan o’zga bekor ekan,

Hatto o’zlik vujudim.

Ruhimni iloh ayla,

O’zliging namoyon qil.

 

Dedimki, biz buyuk millat davomchilarimiz. Anglamoq lozimki, ommaviy madaniyat tahdid solib turgan keskin bir zamonda milliy e’tiqod va ma’naviyatimizni asrab avaylamoq har birimizni muqaddas burchimiz bo’lib qolmog’i kerak. Shukronalar bo’lsinki, zamonamiz tinch va osuda. Bozorlarimiz nozu-ne’matlarga to’lgan, to’yu tomoshalar avjiga chiqqan dorilomon kunlarning qadriga etmoq  ham savobdir. Milliy an’analarimiz bilan yuksak madaniyatga ega saxovatpesha xalqimizning o’ziga xos ma’naviyati,  milliy udumlarimiz va go’zal madaniyatimizning ulug’vorligi jahon ahlini lol qoldirib kelgan. Shunday ekan, fano olamida butun insoniyat qatorida  buyuk bir millat sifatida yashar ekanmiz,  o’z tarixiy meroslarimiz, ajdodlar qoldirgan ilmiy meroslar, o’lmas madaniyatimiz, maftunkor ma’naviyatimiz bilan har qancha faxrlansak arziydi. Ota- bobolardan meros qolgan bunday go’zal qadriyatlarni asrab avaylamoq va uni kelajak avlodlarga bekamu ko’st etkazmoq istagi qalblarda jo’sh o’rsagina avlodlar oldida yuzimiz yorug’ bo’lgay. Buning uchun har bir millat farzandi xoh vatanda, xoh vatandan tashqarida bo’lsin vatanparvar, millatparvar, xalqparvar bo’lmog’i lozimdir.

 

Dedimki, ey farzand senkim olam ichra mavjud vujudsan. Vujud ichra bir jonsan, jon ichra bir insonsan, inson ichra bir millatsan, millat ichra bir vatansan. O’zligingni angla, millatingni anglagaysan. Ilm o’rgan, millatingni qadrlab vatan himoyasida turgaysan. Vatan ostonadan boshlanur, Millat ostonangdan boshlanur. Oilangni muqaddas bil. Farzandlaringni milliy ruhda vatanparvarlik tuyg’usi ila tarbiyalab xalqparvarlik ishqi bilan kamol toptirgil. Toki o’zga udumlar, yot an’analar, begona oqimlar uning fikri zikrini chalg’itmasin. Odob- axloq, mehr-oqibat, saxovat va haqiqat tuyg’ulari millatimiz ko’zgusidir. Bag’ri keng bu millatdek, ochiq ko’ngil, saxovatpesha, oriyatli bu millatdek millat olamda topilmas.  Milliy qadriyatlarini sevgan, millat an’analarini ulug’lab moziy meroslarini senga etkazgan buyuk xalqdir bu. O’zgalarga ergashib o’zligingni unutma. Senkim, taqdiring taqozosi bilan talato’p bir zamonda tug’ildingki milliy qadriyatlar, go’zal madaniyatimizni asrab qolmoq cheki elkangga tushibdir. Ommaviy madaniyat tahdid solgan zamon bu. Kelajak avlod meros talab qilgay. Milliy madaniyat, go’zal ma’naviyat talab qilgay. Sening elkangdagi og’ir yuk bu ana shanday qaltis zamonda qadriyatlarimizning asrab qolish ma’suliyatidir. Taraqqiyotdan unumli foydalankim, uning domiga tushib qul bo’lsang ilmdan yiroqlashib  Tangrini unutasan.  Tangri ishqi qalbingda, millat manfaati qalbingda bo’lsin... Tafakkuri uyg’oq inson millatini sevadi, vatanini sevadi, milliy qadriyatlarini asrab avaylaydi. Tafakkuri uyg’oq millat hech qachon birovga qul bo’lmagay. O’zlikni asrash milliy tafakkurning uyg’oqligiga bog’likdir. Ajdodlar ilmi yuksak tafakkuri ila dunyoni zabt etgan millat bu. Jahon ilmiy taraqqiyotiga yuksak hissa qo’shgan buyuk millat bu. Bu zamindan hali musaffo taraqqiyotning olimlariyu, ilohiy olamning ulug’ avliyolari etishib chiqar inshoolloh.

 

Osmoning o’par bo’ldim,

Tanho yuzing ko’rmasdan.

Lablarim qurib qolmasdan,

O’zliging namoyon qil.

 

So’radilarki, tariqat nadur? Dedimki, tariqat ilohiy bir yo’ldir. Tariqat ilohiy falsafaga asoslangan ma’lum bir manzilkim, uning asoslari insoniyatni ezgulikka, komillik va mukammallikga boshlovchi  muqaddas ilmlar turkumidir. So’fiylik tariqatining mazmuni ilohiy ishqdir, mohiyati haqiqatga erishmokdir. Bu yo’lda turguchi murshid piru komillik darajasida muridlari qalbiga ilohiy donishmandlik urug’ini sochgaykim, ilmi tolib shu yo’l birla saodatli manzil topgay. Aslida so’fiylik yo’liga kirgan piru ustozning ilohiy darajasi haqiqat olami bilan tutashgan bo’ladi. Piru komil vujudan bor bo’lsada, vujuddan tashqari holatda turadi. U o’ziga begona boshqalar atrofida parvona insondir. So’fiylik tariqati ilohiy ishqdan o’zga narsa emas. So’fiyning ibodati zikrdir.  Tangri nomi bitilgan zikr marvaridlari qalb xazinasiga aylanib tafakkur uchqunlarini ilohiy nurga tutashtiradi. So’fiylik tariqatida ilohiy falsafalarning mazmun mohiyati faqat va faqat ezgulikdir. So’fiyning fano olamidagi vazifasi insonlarni donishmandlik yo’li bilan ilm orqali saodatga boshlashidir. So’fiy fano olamida o’zi uchun barcha imkoniyatlarni cheklab Haqning muhabbatiga erishgan, ibodatlari evaziga avliyolik darajasiga ko’tarilgan fano olamida yashasada, olamdan tashqarida turguchi insondir. So’fiy uchun fano olamining zebu-ziynatlari, oltinu zarlari, amallari-yu toju taxti begonadir. U xalq ichida turib xalqparvarlikni, Haq birla bo’lib haqparvarlikni, vatan ichra vatanparvarlikni targ’ib qiluvchi, insonlarni yaxshilikka, odob-axloqqa, saxovatga, odamgarchilikka qolaversa odamiylikning qancha tuyg’ulari bo’lsa ana shu tuyg’ular ichra yashashga chorlovchi pokdomon shaxsdir. So’fiylik tariqatining falsafasidagi qonuniyat ana shundan iborat. Agarkim tariqatda ezgulik ichra odamiylik asoslari mavjud ekan ilmi toliblar bu tariqat ichra saodat topibdirlar. So’fiylik tariqatida turgan piru komilning baqo olamida topgani  Haqning jaloli bo’lsa, istagi  Tangrining jamolidir. Fano olamidagi maqsadi donishmandlik ilmi bilan insonlarni ezgulikka boshlamoqdir.  So’fiyning qalbi shuuri ilohiy ishqqa to’lgan tafakkuri Uning quvvatiga bog’langandir. Shuning uchun ham bunday insonlarning duosi hamisha ijobatdir. Ular dunyoning ishqidan, ayshu ishratidan kechdilar va Tangriga nisbatan buyuk muhabbatlari bilan oliy mukofotga erishdilar. So’fiylar chin ma’noda ezgulik elchilari, fano olamida insonlar qalbini ilmga oshno qilguchi ustozdirlar.

 

Kuygan ko’ngil yarasini,

Malham ila bitirgil.

Sof tafakkur bo’stonida,

O’zing ila hamxona qil.

 

Ey Tangrim, sening buyuk qudrating oldida ta’zimdaman. Fano olamingada sinovlar ichra tikanzor kechdim. Angladimki, utkinchi olamda sening ishqingdan ko’ra muqaddas ishq, jamolingdan ko’ra buyuk jamol yo’qdir. Sening marhamating evaziga kamol topdim, mukammallik olamida pishib etildim. Mening ayshu ishratdan kechib mashaqqat istaganim, dunyo zebu-ziynatidan ko’ra sening ibodatingni boylik bilganim, nafsdan kechib riyozat izlaganim, tunu kungi senga bo’lgan muhabbatim samarasi menga ato etgan ezgulik falsafangni seni suyguchi insonlar bilan insonlar qalbiga donishmandlik nuri sifatida sochdik. Mendagi ilmu falsafa ilohiy falsafadir va bu falsafa menga berilgan sening falsafangdir. Men menga berilgan falsafang ichida ezgulikdan o’zga ilm topmadim. Senday buyuk va marhamatli zot mening senga nisbatan qilgan ibodatlarim evaziga shunday go’zal  bir ilohiy falsafani tortiq etganingdan shukronalar keltirurmankim, senga bo’lgan muhabbatim ming chandon ziyoda bulgay. Sening menga bir chimdim nazaringni o’zi mening buyuk saodatimdir.

 

Dedimki, ilohiy falsafa so’fiylik tariqatining mag’zi bo’lib unda ilmning ham nazariy ham amaliy yo’nalishlari mujassamdir. Ilohiy falsafa ilmlar shajarasining eng yuqori darajasida turur. So’fiylik falsafasi dunyo ishqiga bog’liq bo’lmay ilohiy bir jarayonda namoyon bo’lgani tufayli bu yo’lda turguchi insonlar sanoqlidir. Ammo dunyoviy amalda turib ilohiy olamda riyozat chekkan piru komilning  shogirdlari sanoqsiz bo’lishi mumkin. Chunki so’fiylik tariqati ichra turgan piru komilning martabasi ulug’ bo’lib qalbida Tangri ishqi bo’lsada dunyoviy  kasblari bilan mashg’ul minglab shogirdlar bunday ustozni yuksak qadrlaydilar. So’fiylik tariqatining asosida ilohiy ishq yotgani bilan piru komil Tangriga nisbatan buyuk muhabbati orqali undan ilohiy quvvat oladi. Buyuk karam sohibi bilan sirli ravishda bog’lanadi. Shu sabab ham bunday insonlarni avliyo deydilar. Piru komilga sadoqat qilgan minglab shogirdlar ustozning quvvatiy duolari bilan martaba topadilar, ilm o’rganadilar. Dunyo mohiyatini anglab Tangriga nisbatan e’tiqodlari ortadi.

 

Dedimki, ilohiy falsafa so’fiylik tariqatining mazmuni bo’lib inson kamolot yo’lining  ma’lum bir manzilidir. Mukammallik sari intilgan inson o’tkinchi olamda ma’lum bir falsafaga e’tiqod qilib o’ziga komillik olamini kashf qiladi. Dunyoviy ilm insonning jamiyatga xalqqa bo’lgan xizmatini belgilasa ilohiy ilm uning  donishmand sifatida Tangriga yaqinlashtiradi. Oxirati uchun saodat eshiklarini ochadi. Aslida ilohiy ilmning jamiyat uchun foydasi cheksizdir. Chunki bunday ilmlar falsafalar zamirida insonning kamoloti, mukammalligiga asos bo’luvchi  qudratli omillar yashirindir. So’fiylik falsafasi bu ezgulik falsafasidir. Agarkim, dunyo ishqi inson qalbini zabt etib nafs rohati uni domiga tortsa avvalo tafakkur manqurtlashadi. Inson atrofdagilarga bepisand qaraydi. Manmanlikka berilib mehr-oqibatni unutadi. So’fiylik tariqatining asosiy vazifasi qalbni poklashdir. Qalb ustiga parda tortgan nafs ammorasini ko’tarishdir. Inson toki qalbini poklamas ekan, o’zligini anglamaydi. O’zligini anglamagan inson Tangrini anglamaydi. Bunday insonning hayvondan farqi yo’qdir. Insonni qiyofa bilan emas, insoniylik tuyg’ulari bilan inson deydilar. So’fiylik tariqati uning ichida turgan go’zal ilohiy falsafalar chinakam insoniylik namunalarini namoyon etibgina qolmay, o’z o’rnida shaxs qalbini Tangriga yaqinlashtiradi. Ikki olam saodatiga tutashtiradi. So’fiylik tariqatida javlon urguchi kamdan kamdir. Bu yo’lning mashaqqati, riyozati oldida har qanday vujud dosh berolmagay. Och insonning oldiga qotgan non qo’ying, yonida issiq osh bilan. Och inson qotgan nonga qiyo ham boqmay shirin bo’y taratib turgan issik oshga talpinadi. So’fiyda buning aksidir. U qotgan nonga qanoat qilguchi nafsidan tiyilgan, ozuqani zikrdan olguchi ilohiy shaxsdir. So’fiylik tariqatidan nafs tushunchasi o’zgacha ma’noni anglatadi. Tangri garchi o’tkinchi bo’lsada biz yashab turgan olamni jannatning birinchi ko’rinishi qilib yaratgan. Afsuski, insoniyat xili bunday jannat zaminning umrini qisqartirmoqda. Musaffo nozu-ne’matlar kimyoviy dorilar bilan zaharlanmoqda, taraqqiyotning nobop rivojlanishi musaffo osmonimizni bulg’amoqda, kimyoviy dori-darmonlar inson vujudini sog’lom muhitdan mosuvo qilmoqda xullas, muammolar etarlicha topiladi. Dunyoviy nozu-ne’matlar insoniyatning go’zal yashash tarzi uchun Tangri tomonidan yaratilgan. Nafs deganda ana shunday nozu-ne’matlardan tiyilish degani emas, aksincha insonni manqurtlikka olib boruvchi ruhiy xastaliklar  nafs turlari bo’lib insonning go’zal ma’naviyatiga salbiy ta’sir ko’rsatuvchi bunday chirkin odatlarga qarshi kurash ma’nosini anglatadi. Demakkim, inson komolot cho’qqisiga intilar ekan, ana shunday nafs xastaliklaridan qalblarnini poklamoq lozim buladi. Komillik istagan insonning qalbida g’araz bo’lmaydi, manmanlik kibru-havo, xiyonat, zulm, amalparastlik, laganbardorlik, birovni haqiga xiyonat qilish, poraxo’rlik, kashandalik, g’iybat , makkorlik,  xullas yomonlik, chirkin odatlarga daxldor nafsning har qanday odatlari yo’q bo’lishi kerak. Ana shunda inson iymon olamiga, komillik olamiga dastlabki qadamini qo’yadi.

 

Qolib ketay dargohingda,

Ming azoblar ato etsang.

Yiqilg’ay bo’lsam ostonangda,

Ko’makchi bo’lgan, O’zing bo’l.

 

Inson avvalo dunyoning o’tkinchiligini anglashi lozim. Umr eldek o’tib ketadi. G’animat olamda yaxshilikni bilmay o’z nafsiga bo’ysinib umrlarini xazon qilgan insonlar saodat topmay pushaymon qiladilar. Qarilik saltanatiga etmoq har bir insonning orzusi. Lekin guldek umrni xazon qilib xasta vujud, ojiz ko’z, bemajol xotira bilan bu saltanatga etib kelganlarning hayotidan mazmun yo’qoladi. Manqurtlikka chalingan tafakkurlari bilan injiq bo’lib qoladilar. Hatto farzandlari, nevaralariga ham yoqmaydilar. O’limdan oldingi so’nggi manzillari qariyalar uyiga aylangan insonlar qancha. Nazarimda oqil va dono  qariyaning  donishmandlik bobida nafaqat farzandlari balki nevaralarini ham jamiyatga cheksiz foydasi tegadi. Qari bilganni pari bilmas. Yosh avlodni kamsitishdan nima foyda. Hozirgi yoshlar ilmga chanqoq, tafakkuri rivojlangan o’zligini anglayotgan mukammal avloddir. Agarkim, qarilik davrida muammo bo’lsa avvalo aybni o’zimizdan axtarmog’imiz lozim bo’ladi. Hech bir farzand o’z padarini agar u oqilu dono, donishmand bo’lsa unga nisbatan hurmatdan o’zga marhamat ko’rsatmagay.

 

So’fiylik tariqatining asosi mukammallik ekan, bunday go’zal olamning jamiyatga berguchi durdonasi, oltinu javohiri to’g’ri yo’l, kamolot va  donishmandlikdan o’zga narsa emas. Qalbning poklanishi tafakkurning ilmga yo’naltirilishi bu sog’lom jamiyatning gullab yashnashidir. So’fiylik tariqatining ezgulikka boshlovchi go’zal falsafalari bir millat ichida, vatan ichida Tangrining inoyati bilan vujudga kelsa, demak bunday mukammal falsafa shu vatanniki, shu xalqnikidir. Demak, bunday falsafa xalqqa, millat manfaatiga yo’naltirilgan hikmatli falsafadir.Chunki uning ezgu g’oyalari vatan ichra vatanga,  millat ichra millatga xizmat qiladi.

 

Jihod ila umrim o’tdi,

Charchamadim, umidsizlik narida.

Bo’ldi metin ruhi-vujudim,

Dargohingdan uzmasang bas.

 

Tarixda so’fiylik tariqatining asoschilaridan bo’lgan Bahovuddin Naqshband singari ajdodlarimizning ilmiy ilohiy falsafalari jamiyat uchun, xalq uchun ularning komillik tarbiyalariga tafakkuran yuksak darajaga etishmoqlariga ulkan hissa qo’shgan. Agarkim tarixda ilmi ilohiy ilmlar nazariyot jihatdan komillikka omil sifatida xizmat qilgan bo’lsa mana besh asrdan buyon sukut saqlagan so’fiylik tariqatining moziy qa’ridan uyg’onib kelgan zamonaviy ko’rinishi bizning falsafamizda  namoyon bo’ldikim, uning asoslari ham nazariyot va ham amaliyot tariqasida faoliyat ko’rsatmoqda. Texnokratik taraqqiyot  ildam rivojlanib ketgan bir zamonda moziy ilmlarini davom ettirmoq savoblidir. Biz yangi asr insonlari tarix ilmlarini unutib yoppasiga yangi madaniyatlar ortidan ergashib ketsak milliy an’analar asriy udumlarimiz, ilmiy ilohiy meroslarimiz shajarasiga salbiy ta’sir o’tkazib qo’yishimiz ehtimoli haqiqatdan yiroq emas. Moziyni unutmoq o’zlikni unutmoqdir. Olam ahlining ko’pchilik qismi o’z tarixi madaniyati, ilmiy merosini unutib taraqqiyot ortidan yo’rg’alab ketdilar. Biz ularni kuzatib o’zimizcha xulosa chiqarish davrimiz allaqachon etib kelgan. Chunki ularning qadamlari allaqachon tarixdan uzilgan bo’lsa bizning bir oyog’imiz taraqqiyotda ikkinchisi tarixda turibdi. Shu sabab ham millatimiz kuchli, tafakkuri ulug’, bag’ri keng noyob millatdirmiz. Insoniyat taraqqiyotdan go’zal hayot topishi mumkin, lekin mazmun mohiyat topolmaydilar. Chunki olamning o’tkinchi qonuniyati bunga yo’l bermaydi.   Hayotning, umrning ma’nosi, yashashning mohiyati ilohiy ilmdadir. Chunki bu ilmlar silsilasi insoniyatni faqat to’g’ri yo’lga, komillik va mukammallik yo’liga, musaffo hayot tarziga yo’naltirib ularning qalblarida buyuk bir xotirjamlikni jamlaydi. Xotirjamlik bu quvonch kelganda quvnab g’am kelganda qo’rqmay yashashdir. Xotirjam inson o’limdan qo’rqmaydi. U millat himoyasi, vatan himoyasi uchun hamisha mard insondir. Xotirjam insonning xotirjamligi uning Tangriga nisbatan buyuk muhabbatidir. Shu sabab ham u fano olamining har qanday nohaqligiga mardona turadi. Agar bu yo’lda halok bo’lmog’i tayin bo’lsa ham o’z tanlagan qaroridan qaytmaydi. Chunki u fanoning o’tkinchi olamidan ko’ra baqo abadiyatida intilishi istagi ko’proq bo’ladi. Inson Tangriga e’tiqod qilmas ekan chin ma’noda u qo’rqoqdir. Qo’rqoq odam omonat jonidan ayrilib qolishdan cho’chiydi. Bunday insonlar jonlarini saqlab qolish umidida hatto  vatanga, millatga xiyonat qilishdan ham toymaydilar. O’lim qonuniyati hammaga tengdir. Tangriga e’tiqodsiz jon ilinjida qo’rqoq yashagandan ko’ra mard o’lmoq ming chandon ulug’dir. So’fiylik tariqatida mardlik  asosiy omildir. So’fiyning qalb ko’zi ilohiy olam ilmlariga oshno bo’lib Tangrining jaloli va jamolini istab mashaqqat ichra bardam tursa, tafakkur olami fano ichra haqiqat va  adolat uchun kurashadi. So’fiyning fikri va zikri Tangri ishqiga qaratilgan bo’lib Undan olgan quvvati silsilasida musaffo ilmlar yotadi va bu ilmlarni donishmandlik sifatida xalqqa berib ularni saodat yo’liga boshlash uning oliy vazifasi sanaladi. Demak, so’fiylik tariqatida turgan piru komil shunchaki inson emas, aksincha Haqning nazariga tushgan xos shaxsdir.

 

So’fiylik tariqatida komillik falsafasi agar insoniyatning go’zal hayot ko’rishlarida  omil bo’ladigan jihatlari kuchli bo’lsa uning ko’lami millat tanlamaydi. Chunki olam miqiyosida komillik istagan insonlar bisyordir. Masalan,  bir necha asrlar o’tishiga qaramasdan piru komilimiz Xo’ja Ahmad Yassaviy , Bahovuddin Naqshband  singari ajdodlarimiz falsafasiga e’tiqod qilguchi insonlarni hozirgi zamonda ham dunyoning har burchagidan topish mumkin. Nega? Chunki ular qoldirgan go’zal falsafalar insoniyat tafakkur omiliga ijobiy ta’sir o’tkazgan va shuning uchun ham ilohiy ilmlarning bunday mukammal falsafasi o’lmasdir. O’lmas falsafalar davomiyligi bilan jamiyat rivojiga, insonlarning tafakkur darajalarini o’sishiga xizmat qilib keladi.

 

Osmonlarda uchar bo’lib,

Darajani ko’targil.

Osmoningga etar bo’lib,

Yuzma-yuz ko’rar bo’ldim.

 

        So’fiylik tariqatining davrlar o’tishi bilan mazmuni o’zgarishi mumkin, lekin mohiyati bittadir. Har qanday so’fiylik tariqati faqat ezgulikni targ’ib qiladi. Komillik va mukammallikni targ’ib qiladi. Insonlarni saxovatli bo’lishga, ilmli bo’lishga, haqiqat tomonda turishga, Haqni sevib, vatanda vatanparvar, xalq ichra xalqparvar bo’lishlariga undaydi.

 

Bizning so’fiylik falsafamizning asosi shudir. Tarixiy  so’fiylik falsafalaridan farqli o’laroq bizning falsafamizning mazmun mohiyati nazariy ilmlardan ko’ra ko’proq amaliyot kurslarini namoyon etadi. Falsafa ichidagi ilmlar shajarasining  asosi komillik va mukammallikka qaratilgankim,  aslida mukammallikning cho’qqisiga etmoq mushkul masala bo’lib bu holat anchagina vaqt talab etadi. Nazariyot ilmidan ko’ra amaliyot usullari insonning komillik darajasiga etishi omilini tezlashtiradi. Hozirgi zamon vaqti bilan moziy vaqtini solishtirib bo’lmaydi. Taraqqiyot davrida hayot tashvishlari shu qadar ko’payib ketganki, insonlar umrlarini bir zumda o’tib ketganini sezmay qolmoqdalar. Shiddat bilan o’tayotgan umrda hayot tashvishlari insonlarni o’z ustidan ishlab o’zliklarini topmoq imkoniyatini cheklab qo’ymoqda. Umrning shiddati insoniyatni chalg’itib qo’ydi. Hayot mazmuni boylikka aylanmoqda. Insonlar boylik ortidan quvib ilm haqida, o’zlik haqida, hatto sog’liklari haqida qayg’urmay qo’ydilar. Insoniyat qayoqqa shoshmoqda. Boylik ilinjida kim o’zarga talpinib yashash hayot mazmunimi? Bizni tashlab qayoqqa ketayapsiz, degim keladi. Biz burda nonga toqat qilib Tangriga e’tiqod bilan xotirjam o’tirsak, siz xurjunni ko’tarib qayoqqa shoshayapsiz? Hamma pul ortidan quvdilar, ilm ortidan quvgan ko’rinmas. Kitob o’qing desam, kallaga kirmaydi, dedilar. Kallani nafs bilan to’ldirgan bo’lsa ilm qanday kirsin. Kallada ilmga joy bo’lmasa qanday joylansin. Nafsdan kechmoq kerak.  Kallani nafs ammorasidan bo’shatmoq kerak. Ana shunda bo’sh o’ringa ilm sig’adi. Ilm tafakkurni uyg’otadi. Tafakkur qalb eshiklarini ochadi. Ochilgan qalb Tangriga tutashadi. Saodat hosil bo’ladi. Saodatli inson el ichra obro’ topadi, hurmat topadi.

 

So’fiylik tariqatida turgan piru komilning dardi xalq manfaati, insoniyat manfaatidir. Uning elkasida turgan og’ir yuk insoniyatni komillik sarhadlariga etaklamog’i, ularni mukammalikka erishmog’i uchun kuyunchakligidir.

       

Biz komillik va mukammallik istab o’z falsafamizni, Tangri ato etgan ilmiy, amaliy falsafamizni insoniy taraqqiyot omiliga yo’naltirdik. Amaliyotdagi birinchi ko’rinish bu so’fiy jang san’ati bo’lib, uning zamiridagi harakatlar insoniyatni ham ruhan, ham jismonan kamol toptirishiga ishonchimiz komildir. So’fiy jang san’atining mohiyati insonni insonga qarshi emas, aksincha o’ziga qarshi, o’z nafsiga qarshi kurash ma’nosini anglatadi.  Shunisi ajablanarliki, so’fiy jang san’atini mazmun mohiyatini anglamagan ba’zi shaxslar bir qolipga sig’magan, dogmatik usullardan yiroq erkin ilohiy harakatlar tizimiga nisbatan qandaydir qo’rqinch nigohi bilan qaradilar. Go’yoki bu harakatlar tizimi jamiyat uchun xavfli emish. Karate, Taekvando, Ushu singari o’zga yurtlarning jang san’atlarini o’rganayotgan yoshlarimiz ham ruhan va ham jismonan kamolot cho’qqisiga olib chiquvchi o’zimizning ajdodlar merosi bo’lgan  jang san’ati usullarini o’rganish nahotki taqiqlansa. Biz o’zga yurt jang san’atlari usuli bilan emas, o’z yurtimiz jang  san’atlari kuchi bilan faxrlansak arziydi. Qolaversa so’fiy jang san’atining mohiyati birovga zo’ravonlik emas, aksincha mukammallikka erishgan holda o’zini o’zi himoya qilishdir. So’fiy jang san’ati insonni nafaqat jismonan baquvvat qilibgina qolmay uning ruhiy kamolotini yuksak cho’qqilarga olib chiqadi. Bunday insonning nafaqat bilagida, balki nafasida quvvat bo’lib uning nigohidagi shiddatdan har qanday dushman ham cho’chib turadi. Ajdodlarimizning buyuk qudratiga so’fiy jang san’ati quvvat bergani hech birimizga sir emas. Zaminning uchdan bir qismiga hukmronlik qilgan Amir Temurdek sarkarda bobomizning piru ustozlarinining dushman tomonga tosh otib yov qochdi, degan so’zlarining nafasi ana shunday so’fiy jang san’atining quvvatiga ega bo’lganligidan darak berib buning natijasida  kuchli dushman ham ojizlik domiga tushib mag’lub bo’lgan. So’fiy jang san’ati bu qurol emas, quvvatdir. Vujudida, ruhiyatida quvvat bo’lgan mukammal vatan, mukammal xalqqa esa hech kim rahna sololmagay.

 

Tanamni-yu, vujudimni tugat butkul,

Aqlimni-yu ongimni tamom ayla.

Nafsimni-yu niyatimni xarob qilg’il,

Yo’qlikdagi borlig’imni qaytarsang bas.

 

So’fiy tariqatida turgan yo’lboshchi, ya’ni piru komil olamda yashasada, olamdan tashqari holatda turadi. Uning jismi, ruhi ilohiyot bilan chambarchas bog’likdir. Piru komilga berilgan ilm uning orqali xalqqa, elga o’tadi. Insonlar ustoz istab komillik yo’lidan borishni xohlaydilar. Agarkim piru komilning dunyoviy istagi ko’proq  bo’lib uning donishmandligida nuqsonlar bo’lsa demakkim, shogirdning kamolot cho’qqisiga etmog’i dargumondir. Pirning ishqi Ilohga bog’lanib fano olamidan uzilmas ekan, uning shogirdlariga bergan ilmi samarasizdir. Piru komil baqo va fano orasida turgan ko’prikka o’xshaydi. Ulkim bir vaqtning o’zida baqo ilmlarini Tangridan qabul qilib fano olamidagi insonlarga donishmandlik urug’i sifatida sochsa, ikkinchi navbatda fano olamidagi insonlar duosi, istak va tilaklarini baqoga, Tangriga etkazuvchi shaxsdir. So’fiy tariqatida turgan piru komil Tangrining jaloliga musharraf zotdir, ammo Uning jamolini ko’rmasalarda his qilarlar. Ularning ishq sharobidan mastlig’lari quvvati qalblarida Tangrining jamolini oydinlashtiradi. So’fiyning ozuqasi ibodatdir. Ichmagi sabr, kechmagi riyozatdir. So’fiylar mashaqqatni sevguchi, riyozatni quchguchi zotdirlar.                                                                                          

 

Kamina tariqat ichra javlon urib ilohiy falsafaning mashaqqatini rohat, dunyoviy lazzatning oromini achchiq bildim. Odamlar bu olamdan rohat farog’at izlasalar, men mashaqqat istadim. Men ham insonlar singari qasrda yashab aysh-ishratda yurishim mumkin edimi? Kim mening rohatimga qarshi edi? Hech kim. Men o’zimga qarshi bordim. Istagimga qarshi bordim, tilagimga, nafsimga qarshi bordim. Men omonat ortidan quvmadim. Bir umr yig’ib bir kunda yo’qotgan qancha olamda. Umrni xazonga aylantirib, birovni haqini eb, xiyonat ortidan gunohdan o’zga nima topaman. Men rohatdan kechdim, farog’atdan kechdim, bir burda nonga toqat qildim, sabr qildim. Men xiyonat uchun, zulm uchun, manmanlik, kibru havo uchun, laganbardorlik uchun yashamadim. Men umrimni bunday chirkin odatlarga berib qo’ymadim. Men umrimni saxovatga, adolatga, saodatga berdim. Men umrimni bunday pok tuyg’ularga berib yuborsam arziydi. Men o’zim uchun yashamadim. Saodat uchun, saxiylik uchun, mehr-oqibat uchun yashadim. Men olamda, balkim bordirman, lekin o’zim uchun yo’qdirman. Menga bu olamda borligimning ham yo’qligimning ham ahamiyati yo’qdir. Ezgulik yashayveradi, haqiqat o’lmaydi. Bizning vazifamiz o’lmas haqiqatlarga zeb bermoqdir. Inson agar u tafakkuri gulshanida bog’bon bo’lmasa uni nafs tikanzori vayron etar. Inson agar qalb oshyonini obod etmasa, uni nafs dushmanlari vayron etar. Inson agar ruhiyati poklanmasa, tafakkuri manqurtlashar. Nafs dushmani insonni halokatga boshlovchi eng yovuz kuchdir. Bu dushman insondan tashqarida emas, insonning o’zidadur. Boshingga kelgan baloni o’zingdan ko’r demishlar. Inson har qanday baloga yo’liqmasin sababchisi o’zidir. Nafsidir. Toki nafs balosi vujud ichra ruhiyatni tark etmas ekan, inson hayoti hamisha xatar ostidadir. Iymon saltanatiga qadam qo’ygan insondan nafs bir qadam chekinsa, ibodat saltanatidagi insondan o’n qadam chekinadi, ilohiy olamga, Tangrining ishqi bilan yongan insondan tamoman chekinadi. Demakkim, nafsni engishning yagona usuli bu iymon ila ibodatdir.

 

Holimni mendan emas Undin so’ring,

Vujudim ichinda turgandin so’ring.

Buyruq berib O’zi bajargan Qoldin so’ring,

Yurgazib tiriklayin o’ldirgandin so’ring.

 

So’fiylik tariqatining mohiyatida turguchi ezgulik asoslari insonlarni komillikka eltuvchi manbaa sifatida faoliyat yuritib kelgan va har qanday taraqqiyot asri bo’lmasin uning  pokiza g’oyalari hech qachon o’lmasdir. Aslida ilohiy falsafalarsiz inson ezgulik ichra yashash  qonuniyatidan chiqib ketadi. Bunday qonuniyatning yo’qolishi insoniyatni halokatidan o’zga narsa emas.

 

Men foniy olamining rohatini vaqt ichra sezdim. Vaqt bu to’xtovsiz o’tib borguchi shunday tizimki, uni to’xtatib qoluvchi hech bir unsur mavjud emas. Demak, mening fanoviy rohatim vaqt tizimining hukmida ekan, mening bu olamda istagan rohatim ana shu vaqt oralig’ida o’lib boraveradi . Ya’ni men istagan rohatni o’tkinchi vaqt domiga tortib mening kechagi rohatimdan bugun asar qolmaydi va navbatdagi rohat ilinjida arosat ichra qolaman.  Aslida foniy olamining rohati nafsdan iboratki, ko’pincha bunday rohat aynan vaqt tizimini o’z domiga tortib ketadi. Va buning oqibati o’laroq insonlar dunyoviy rohat izidan quvib umrlari o’tib ketganini bilmay qoladilar.

 

Dedimki, abadiyat olami Tangrining ilohiy doirasida bo’lib unda vaqt tizimi degan tushuncha mavjud emas. Ilohiy olamning bir daqiqasi fano olamining ming yilliklariga tengdir. Men bunday go’zal va boqiy abadiyat olamiga erishmoqning siri tafakkurda deb bilamanki, insondagi samoviy tafakkurning, ilohiy tafakkurning uyg’onishiga asosiy sabab va turtki bo’luvchi yagona yo’l bu qalb amridir. Chunki Tangrini sevguchi istak va chinakam ishq qalbning o’zidadir. Angladimki, ilohiy ishq fano olamining har qanday rohatidanda lazzatliroqdir. Tangriga e’tiqod qo’ygan insonning qalbida kechadigan eng buyuk tuyg’u bu xotirjamlikdir. Xotirjam inson fano olamidan ko’ra ko’proq baqo olamiga intilib yashaydi. Uning uchun dunyo boyliklari, zebu-ziynatlari tuproqqa tengdir. Uning uchun dunyoning g’am g’ussasi, quvonchi, shodligining ta’mi bir xildir. O’tkinchi olamning o’tkinchiligi uning qalbiga g’ulg’ula solmas. Chunki u aniq biladikim, saodat olamining uning uchun eshiklari ochiqdir. U haqiqat ostonasida turguchi inson. Uning fikri zikrda, zikri ilohiy olam bilan chambarchas bog’likdir. Uning dunyo bozoridan xarid qilguchi yagona boyligi ikki qarich matohdir. Uning kulbasi g’aribdir, lekin tafakkuri shohona qasrdir. Uning dasturxoni iymon, taomi ibodatdir. Insonlar qasr qurib obod qildilar, lek o’zlikni obod qilmadilar.

 

So’radilarkim, g’aribona kulba ichra yashamoq nechun? Dedimki, mening uchun qasr bilan kulbaning qiymati tengdir. Yana dedimki, mening kulbam vujudimdir. Men vujudimni obod qilib tafakkurdan qasr qurdim. Sen fanoda qasr ko’rding, tafakkuring nechun g’aribdir? 

 

So’radilarki, nechun sizning cho’ntagingiz yo’q?

 

Dedimki mening cho’ntakka soladigan mablag’im yo’q. Mening mablag’im ilmdan o’zga narsa emasdirkim, uni soladigan sandiq tafakkurdir. Dedimki, sen sarob birla nafs sandig’ini to’ldirgan bo’lsang men ilm birla tafakkur sandig’ini to’ldirdim.

 

So’radilarki, ilm kuchlimi, pul kuchlimi?

 

Dedimki, meningcha ilm kuchli bo’lsa seningcha pul kuchli. Yana dedimki, sen istagan kuch qalbingni vayron qilsa men istagan kuch tafakkurimni ulug’lagay. Dedimki, sen istagan kuch tafakkuringni manqurt aylab qalbingni zanglatgan holati birla Tangridan yiroqlashtirsa, men istagan kuch Uning jamolini oydinlashtirib quvvatiga tutashtiradi... 

 

So’radilarki, o’limdan qo’rqmaysizmi?

 

Dedimki, men o’lmay turib o’lib bo’lganman. Dedimki, men vujud ichra emas, tafakkur ichra yashayman. Vujud allaqachonlar menga begona. Vujud kulbasini vayron qilsalar ham men tafakkur ichra tirik insonman. Bu tafakkur ilohiy bir zikrdan bunyod etilgan. Ilohiy tafakkurda  yashagan inson vujudiga shunchaki mehmon.

 

So’radilarki, ibodat nima?

 

Dedimki ibodat bu nafasdir. Har bir olayotgan nafasda Tangri nomidir. Har bir nafas, har bir harakat ibodatga aylangan ibodat chinakam ibodatdir. Ibodat o’zidan kechib o’zlikka intilishdir.

 

So’radilarki,  e’tiqod nima?

 

Dedimki, inson havosiz yashay olmaganidek bandaning Tangrisiz yashay olmasligidir. E’tiqod Tangriga nisbatan buyuk muhabbatdir.

 

So’radilarki, sizning fano olamidagi boyligingiz nimadan iborat?

       

Dedimki, fano olamidagi boyligim omonat jon va tuproqdan iborat. Omonat jon toki mavjud ekan, qalb qasrining obod etmoq fursati va tafakkur olamining ilohiyot dunyosiga bog’lamoq imkoniyatini baxshida etur. Tuproq tafakkur va qalbning saodatiga sabab bo’lgan omonat vujudning so’nggi manzilidir.

 

So’radilarki, o’lmay turib o’lmak nima?

       

Dedimki, Payg’ambarimiz o’lmay turib o’linglar, demishlar. Uning ma’nosi dunyo makridan qochib, nafs istagini o’ldirib faqat Tangriga ibodat ishqi bilan nafas olmoqdir.

 

So’radilarki, so’fiylik tariqati nima?

 

Dedimki, so’fiylik tariqati Tangriga nisbatan buyuk bir ishqdir. Bu shundayin bir yo’lki unda shirin mashaqqat va lazzatli riyozat bor. Mashaqqati dunyo ishqidan kechmoqdir, riyozati tunu kun ibodatdir. Ikki sinov orasida turgani rohatdir. So’fiylik tariqati bu ilohiy bir buyuk falsafadir. Unda insonlarni to’g’ri yo’lga boshlovchi muqaddas tuyg’ular mujassamdir. So’fiylik tariqati bu ilohiy olamning o’zginasidir. Har kim ham so’fiy bo’lolmas. Sababi shudirki, inson so’fiylik darajasini o’zicha kashf qilolmaydi, aksincha inson  Tangriga nisbatan buyuk bir ishqi orqali tinimsiz ibodatlari bilan so’fiylikning ilohiy olamiga kiradi. Shu sabab ham ilohiy doira ichida turgan so’fiyga ozor berib bo’lmas. So’fiy darajasi ulug’, qadami qutlug’, duosi ijobat bo’lguchi avliyo shaxsdir. Uning har bir nafasi va harakati ibodatdir. Insonlarni ezgulikka boshlovchi, komillik va mukammallik sarhadlariga etaklovchi hikmatlar xazinasi bu so’fiylik tariqatidir.

 

So’radilarki dunyo nima?

 

Dedimki, dunyoning avvali ozor, keyini bozor, oxiri mozordir. Ma’nosi shundaki, dunyoni asli nafsdan iborat, keyini bozorda nafs talashib qalbni ko’r qilurlar va oxir-oqibat zebu-ziynatlarini tashlab ikki qarich kafanga o’ralib bo’sh qullari bilan mozorga keturlar. Bir qasrni ko’rdimki misoli jannat. Hovli sohibini so’rasam mozorda dedilar. Angladimki, sohibi qasr bevaqt dunyoni tark etibdi. Shumi bevafo dunyoning vafo qilgani? G’animat olamda jon omonatdir. Vafosiz olamdan nima istadik? Inson Tangriga oshiq bo’lmoq o’rniga boylikka oshiq. Bu holat bulbulning gulga emas, tikanga oshiqligiga o’xshaydi. Ertasidan bexabar inson indini g’ami bilan yashar. Ikki qarich kafandan o’zgasiga yaramaydigan inson boylik talashar. Nafs talashar. Oqibatni unutar, mehrni unutar, saxovatni unutar. Nochor qo’shnisining qiynalganidan rohatlanar, haqiqat kishisiga nisbatan hasad qilar, manmanligi bilan o’zini zo’r bilar.

 

Dunyoning odati shundan iborat. Bu bozor ichra nafs xurujlarini engib musaffo olamga qadam qo’ygan insongina saodatga erishgay. Nafs domiga tushgan inson ma’naviy ko’rdirki unda na iymon va na e’tiqod bo’lmas. Qalb ko’zi ko’r ikki ko’z boylikdan o’zgasini ko’rmas.

 

Tangrini eslagan insonda tafakkur nishonasi bor, Tangriga e’tiqod qilib unga ibodat qilgan insonda ham dunyoviy ham ilohiy tafakkur mavjud.  Dunyo ishqidan kechib tunu kun Tangriga zikr qilgan inson ilohiy tafakkur ichra yashagaykim,  bu holat uning avliyolik darajasini namoyon qilgay.

 

Dunyo bozoridan riyozat ozorigacha bo’lgan manzil mashaqqatlidir.  Men bu bozor ichra hayronlik topdim. Qanacha qancha qalblari vayronlik topdim. Nafs ortidan quvgan insonlar qancha, nafs talashur paymonasi to’lgancha. Ibodat olamiga kirmoq istamas, olam sirlarini bilmoq istamas. Dedimki, o’zlikni anglamoq asr ahli bo’l, qalbingda bir qasr qurib qasr ahli bo’l.

 

Osmonu er Sening kursingda,

Kursing yana inson qalbida.

Yaraladi qalblar aro muhabbat,

Qani endi u kursida yaralsa mendagi borliq.

 

Mening makonim bitta xona kulbam erur. Mohiyat  hashamatli qasrda ma’naviy ko’r yashash emas, oddiy kulbada tafakkuran  shohona  yashashdir. Shunday badavlat inson borki, manmanligidan yaqiniga borib bo’lmas. Go’yo olamni kaftida tutib turgan darajada ongi ma’naviy manqurtlashgan. Uning ruhan ojizligi o’tkinchi dunyoning mohiyatini anglamasligidir. Uning qudrati pulda. Boylik esa vafo qilmas.  Vafosiz olamdan najot istab soxta manmanliklar ortidan kerilgan insonlar saxovatni, mehr-oqibatni bilmaslar, haqiqatni anglamaslar.

 

Bir kuni badavlat bir inson uyiga mehmonga chorlaganida shohona qasriga uning nochor qo’shnisi bilan kirdim. Tortinib turgan qo’shniga uy sohibi yoqimsiz bir ohangda qarab qo’ydi. Buni qarangki, menga mevali sharbatdan quyilgan qadahning narxi ikki yuz dollar turarkan. Ne ajabki, qo’shniga sharbatdan oddiy piyolaga quyib uzatdi. Badavlat inson tashqariga chiqqanida qo’shnidan bu holatni sababini so’rasam sindirib qo’yishi mumkin ekan. To’g’risi achchig’im kelib ataylab qo’limdagi qadahni tushirib yubordim. Badavlat inson bu holatdan juda xafa bo’lib dedi, qiziq ekansiz mavlono, axir hushyorroq bo’lsangiz bo’lmaydimi. Bilasizmi buning narxi qancha turadi. Manavi qo’shniga uzatishga qizg’anib turgandim. Siz bo’lsangiz... Shunday chiroyli qadahni sindirib o’tiribsiz.

 

Haligi nochor qo’shni o’rnidan turib tashqariga chiqib ketib bir zumda qaytib keldi va badavlat insonning oldiga qadahni pulini qo’ydi. Mana kecha qo’yimni sotgandim. Shayx uchun men to’layman.

 

Kamina uzurimni so’rab chiqib ketdim. Angladimki, arzimas boylik insonni ko’zini ko’r qilarkan. Men uning gaplaridan xafa bo’lmadim, aksincha ma’naviy ko’rligiga achindim, xolos. Ko’chaga chiqdimu kichkina sumkamdagi ikki qo’yga etarli pulni olib haligi qo’shnining xovlisida ekilgan makkajo’xori ichiga otib yubordim. Oradan ko’p o’tmay haligi qo’shnini bozorda uchratsam piyoz sotib o’tirgan ekan. Yaktak olmoqqa bozorga chiquvdim, omonmisiz,-dedim. Omonlik so’rab xijolatomuz dedi. Sizdek ilmli insonga bunday munosabat qilish yaxshimasdi. Men uyalib ketdim. Mana bizga kam bersa ham sabr bilan shukr qilib yashayapmizku... Men dedimki,- ko’pida nafs bo’lsa, ozida hikmat bor. Unday insonlar o’zliklarini anglaguncha umrlari o’tib ketar. O’zingizdan so’zlang. Dedikim, birovdan bir qo’yning puli qarzi bor ekan, sotib qarzidan qutilibdi. Shundan xursand. Men dedimki, sizning menga qilgan saxovatingiz evaziga hovlingizdagi makkajo’xori ichida ikkita qo’yning puli turibdi. Sizning men kabi bandasiga qilgan saxovatingiz evaziga xudo sizga ikkita qo’yning pulini nasib etdi.

 

Qo’shni o’zi nochor bo’la turib qadahning pulini saxovat qildikim, Tangrining o’zi bizning qalbimizga ikki barobar  saxovat urug’ini sochdi.

 

Saxovat shunday bir ulug’ tuyg’uki, bunda inson bergan puliga yoxud buyumiga zarracha achinmay, aksincha qilgan saxiyligidan buyuk bir rohat topadi. Ma’naviy  ko’r inson boyligi bilan kerilib atrofdagilarni mensimasa, tafakkuran boy insonlar  o’z saxovat va saxiyliklari bilan hamisha xotirjamdirlar. Nazarimda boylikdan ko’ra ilmga ko’proq intilmoq lozim. Chunki boylik qo’lning kiri bo’lib  bir sabab bilan havoga sovurilishi mumkin. Ilmni esa hech kim tortib ololmagay. Ilmning qudrati beqiyosdir. Ilm qalbni ravshan etar. Mohiyatni anglatgay. Ilm insoniy darajani yuksaltirib komillik va mukammallik darajasida insonni ulug’lagay. Nafs dunyoviy istakdir. Ilm ilohiy istakdir. Ilmli inson uchun ikki olam saodati namoyondir. Ma’naviy ko’rlik bilan birovni haqiga xiyonat qilib badavlat bo’lgandan ko’ra oddiy imorat ichra tafakkuran boy yashagan ming chandon ulug’dir. Yashashdan maqsad avvalo Yaratganga shukrona bilan unga ibodat ishqi bo’lsin. Kim o’tmadi bu olamdan, kimlar o’tmagay. O’lim qismati taqdiri azaldir. Mehr-oqibat, saxovat va haqiqat har bir insonning asl burchi bo’lsagina osmon musaffo hayot go’zaldir.

 

Anglatmoqlik Sendin bo’lsa, bandang neni anglasin,

Qalbga kirmoq Sendin bo’lsa, senli qalbni nerdan olsin.

O’z yo’lini Sendin olmaganlar nerda yursin,

Taqdiriga taqdir qo’shgil, Sendan o’zga nerga borsin.

 

 

Hikmatlar xazinasi

 

Inson agar o’zi uchun tafakkur olamini kashf qilmasa demakkim, tug’ilibdi-yu yashamabdi.

 Yashashning ma’nosi zebu-ziynat ichra  qasr ko’rish emas, o’zlikni anglab o’zlik ichra shohona yashashdir.

Sening shohona qasring ichra dunyoviy g’urur bo’lsa mening nochor kulbam ichra tafakkur bor.

Men uchun fano yo’qlikdir, sen uchun borliqdir, baqo men uchun borliq, sen uchun yo’qlikdir.

Ba’zi insonlar yolg’onchi dunyo makriga uchib qalblari pardasi ortida yashiringan eng buyuk go’zal jamolni his qilmay olamdan o’tib ketadilar.

Sen Tangrini sevmog’ing uchun dunyo lazzatini urmog’ing kerak. Ko’zing qiymas nafsdan yuz burmog’ing kerak. Dunyo lazzatidan kechmoq qanchalik qiyin bo’lsa Tangrini sevmog’ing ham shuncha qiyin kechadi.

Tafakkuri ulug’lar dunyoni o’tkinchiligini anglab baqo ishqi bilan yashasalar, qalbi nafsga aylangan kimsalar fano ortidan quvadilar.

O’tkinchi olamda najotni zebu-ziynatdan emas, ibodatdan izlamoq kerak.

Fikr qilgan odam zikr qiladi, zikr qilgan odam Tangrini hamfikr qiladi. Hamfikrlar hamisha birlashadi.

Foniy olamida Tangrining jamoli mavhum bo’lgani bilan uning jaloliga erishmoq mumkinligi aniq va tiniqdir.

Taroziga qo’yib ko’ringchi, nafsingiz og’irroqmi, ibodatingiz. Ibodat og’irroq bo’lsa demak, nafsingiz haloldir. Nafsingiz og’irroq bo’lsa demak, ibodatingiz qabul qilinmabdi.

Ibodat qilmagan kishi tirik murdadir.

Mavjud zebu-ziynatdan mavhum muhabbat ming chandon lazzatliroqdir.

Qasr qurib vujudni shox aylab  tafakkurni gado qilgandan,

G’arib kulba ichra vujudni gado aylab tafakkurni shoh etgan afzaldir.

Qalbing vatanga, vatan qalbingga aylansa, bir millat bir tanga aylansa bunday qudratli elni hech kim engolmaydi.

Hikmatlar chang bosmaganda to’rt kunlik olamdan ham jannat yaratish mumkin edi.

Qalbning poklanishi bu saodat  olamining eshigini ochilishidir.

 

Kim saodat istadi yomon odat istamas.

Kim yomonlik ichrakim,  saodat istamas.

YANGILANISHLAR

MAHSULOTLAR

Media-mahsulotlar pochta orqali

SAYT XARITASI

STATISTIKA