TOIFALAR

QATRON

SHOGIRDLARNING SHARXLARI

NURSAFARDIYYA
ISH FAOLIYATI

QIDIRUV

HAMKORLAR

Eng keragi togri yoldamiz

Muallif: Sofiy tabib (Nuru) Nursafardiy

Joylashtirish vaqti: 2012-07-19

Sizning hushyorligingizni yuksak qadrlaymiz. Albatta, millatimiz yo’lida uning tinchlik va osoyishtaligini asramoq har birimizning muqaddas burchimiz bo’lmog’i lozimdir. Biz hamisha xalq yo’lida turib Haqparvarlikni o’zimizga odat qildik. Ezgulik amallarimiz xalqimiz va millatimizning mukammalligi uchun qilingan kamtarona bir xizmatdir. Siz vatandosh biz qaerda bo’lmaylik, ortimizdan har qadamda kuzatasiz... Xavotir qilasiz. Biz sizning kuzatuvlaringizni oldindan sezib  mayin kulib qo’yamiz. Lekin sizning hushyorligingizni yana bir bor qadrlaymiz. Axir har qanday falsafa zamirida g’arazli niyatlar bo’lishi ham mumkin axir. Yashirin missiyalar millat ma’naviyatini o’zligini manqurtlashtirish va o’z madaniyatini tiqishtirish uchun nimalar qilmaydi, deysiz.

Biz xalq ichidan chiqdik, vatandosh. Biz xalqimizni, o’zligiimizni yuksak qadrlaymiz. O’zimiz uchun xizmat qilib o’zligimizni asrash yo’lida davlatimiz bilan yonma yon har qanday kuchga qarshi kurashga tayyormiz. Biz siz bilan bir vatanda bitta jonmiz. Bizning ortimizdan kuzatib nimadir ayb izlab, o’z millatingizga qarshi borib adashmang.  Siz ezgulik yo’lida, xalq yo’lida turgan millatim uchun xizmat qilsam degan insonlarning ortidan yugurib nimadir izlab bekorga ovvora bo’lib yuribsiz.  Ezgulik va saxovatni engaman, - deb vaqtingizni o’tkazib ham o’zingizga ziyon, ham davlatimizga zarar keltirayapsiz. Axir sizning harakatingiz, ish kuningizga davlat qancha maosh to’layapti. Siz bola- chaqangizga edirayotgan maoshingizni halol qilib edirsangiz, ularning kelajagi porloq bo’lishiga biz kafil. Agar siz Ollohning yo’lida ibodat qilib, xalqqa xizmat qilib yurgan beozor insonlarga ozor berib ularni qarg’ishiga mubtalo bo’lsangiz uning quvvati bola- chaqalaringizga urib ketadi. Xudoning o’zi asrasin biz duoyibad qilmaymiz. Chunki har qanday tizimni tekshirib, uni xavfsiz emasligini aniqlash, bu sizning vazifangiz. Bir kun kelib bizning to’g’ri yo’lda ekanimizni anglaysiz. Biz buni yaxshi tushungan holda sizga munosabatimizni kamtarligini aytib o’tmoqchimiz. Siz vatandoshlar   xotirjam bo’lib xizmatingizda davom eting. Bizning ota-bobolarimizdan qolgan jang san’ati bilan shug’ullanishimizning yagona boisi bu vatanimiz himoyasi uchun komil va mukammal yigitlarni etkazib berish edi. Biz hech qachon siyosatga aralashmaganmiz. Biz hech qachon shariatimiz ishlariga aralashmaganmiz. Biz har tomonlama har biringizga hurmat yuzasidan qarab, o’z kasbimiz bilan jamiyatimizning bir bo’lagi sifatida vatanimizda vatanparvar, xalqimiz orasida xalqparvar bo’lib yuribmiz. Biz dunyo kezib ilm o’rgangan insonmiz. Siz olam kezgan ilm kishisidan xavotir qilib uni qandaydir yot missiyaga aloqador  sifatida xato qilmang tag’in.

O’zga yurtda yashab o’z yurtiga yashirin missiya olib kirib, o’z millatiga qarshi boradigan bu kafangadodir, millatgadodir. Biz o’z yurtimizda tarixiy ajdodlarimizning ruhiy quvvatlari bilan o’z milliy an’analarimizni uyg’otdik va uni amaliyotda qo’lladik. Bizning millat o’z jangovar jang san’atlari bilan shu aziz yurtda tug’ilgan buyuk sarkardalarimiz orqali dunyoni zabt etishgan. Biz ajdodlar yo’lidan borib, o’z mukammalligimizni saqlashimiz, kerak bo’lsa uni vatanimiz himoyasi uchun sarf qilishimiz kerak emasmi? Qaltis zamonda yashayotganingizni unutmang. Qo’shni davlatlardagi holatni hisobga oling. Siz o’z amalingiz orqali topgan pulingizga jannatda yashab yuribsiz. Biz, bizning ham himoyamiz kerak bo’lar, shu vatan uchun, - deb mukammallik yo’lida turibmiz. Amaliyot qilamiz, mehnat qilamiz. Xudo ko’rsatmasin davlatimizga chetdan xavf tug’ilsa, biz ham o’z jang san’atimiz va tabobatimiz bilan davlatimiz bilan birga mardona turib beramiz. Xitoyda jang san’atini o’rgatadigan Shaolin monastiri mavjud. Hindistonda yoga usulida ichki quvvatiy markazlar bilan ishlaydigan jang san’atlari mavjud. Biz ham o’z davlatimizda, vatanimizda ana shunday mukammallik maktabini bo’lishini istadik. Bizning maktabdan ta’lim olgan yigitlar davlatimizga har tomonlama ham jismonan va ham aqlan xizmat qilsin, - dedik. Bizning maktab ham Shaolin kabi tarixda qolib, kelajak avlodlarning xizmatida bo’lsin, - dedik.

Ammo biz mukammallik yo’lida yosh avlodga xizmatimizni boshlagan davrdanoq to’siqlar kuchayganiga hayronu lol qoldik. Nega o’zga davlatlar jang san’ati tizimlari bizda ro’yxatdan o’tib faoliyat yuritishadi-yu, o’zimizning o’z milliy jang san’atimizni ro’yxatdan o’tkazmay uning faoliyatiga yo’l bermaydilar.

Bu holatni qanday tushinish mumkin.    Nima mukammal milliy jang san’ati bizga kerak emasmi? Jang tizimining bir qancha usullari mavjud. Bizga ota-bobolarimizdan qolgan so’fiyona Zo’rmergan jang san’ati bilakni emas, ruhiyatni mukammallikka erishtiradi. Ruhan baquvvat inson hech narsadan qaytmaydi. Ortga chekinmaydi. Bilakda kuch bo’lib qo’rqoq bo’lsa u, hatto o’zini himoya qilolmaydi. Biz yosh avlod uchun maktab qurdik, sharoitlar yaratdik, komillik markazlari ochdik, nega undan yoshlarimiz foydalanmasligi kerak. Biz qachon bir-birimizga ishonib bir millat bo’lib shakllanamiz. Qachongacha bir- birimizni oyog’imizdan chalishga urinamiz. Anglangki, biz to’g’ri yo’ldamiz. Va haqiqatni engish mushkuldir. Siz bizdan ayb topaman, - deb vaqtingizni o’tkazganingiz qoladi. Bizga butun dunyo qiziqmoqda, bizni butun dunyo biladi. Ular bizning to’g’ri yo’lda ekanimizni anglagan holda bizdan ilm olib ketmoqdalar. Bizga qarshi kurashib olam miqiyosida millatimiz nomiga turli gaplarni vujudga keltirib tinch vaziyatni buzishga urinmang. Shov-shuv ko’tarishning kimga keragi bor. Tuhmatdan, g’arazgo’ylikdan tiyiling. Xudodan qo’rqing.

Siz jang san’atini bilasizmi? Siz bizni kuzatganingiz singari biz ham sizni kuzatamiz. Bizni kuzatib yurganingizni oldindan sezib turamiz. Anglangki, olam nafsdan iborat emas. Inson hamisha hushyor bo’lmog’i lozim. Tarix jangu jadallarga to’la. Qudratli davlatlar soni ko’payib bormoqda. Erta sizu biz bir-birimizni g’iybat qilib bir- birimizni falaj qilib yursak, bu jannatmakon yurtga ko’z olaytirib yurgan kam deysizmi? Sizning kuzatuvlaringiz, va tazyiqlaringizning barchasi befoyda harakatlardir. Chunki bizning yo’limiz faqat to’g’rilik va ezgulikdir, hech qachon bizning amallarimizdan yomonlikni topolmaysiz. Chunki yomonlik degan so’zni biz tanimaymiz. Lekin yomonlik bo’lsa yomonlikka qarshi kurashishga hamisha tayyormiz. Xalqimiz ezgulikni sevadigan ochiq ko’ngil xalqdir. Biz ana shu xalq ichidan chiqqan xalqimizni xizmatini, vatanimizni xizmatini qilishga bel bog’lagan insonlarmiz...

Biz hali xalqimizga ma’lum bo’lmagan tarixiy ajdodlarimizning ba’zi udumlarini ilm sifatida qo’lladik. Bizning ilmimizga dunyo qiziqmoqda. Qiziquvchilar Evropa mamlakatlaridan ko’proq kelmoqda. Ilmimizni o’rganmoqda. Davlatimiz har tomonlama olam miqiyosida o’zini ko’rsatdi. Shuhrat topdi. Endi biz ham o’z ilmimizni olamga taratib O’zbekistonimiz nomini yana bir bor ko’tarmoqchimiz. Maqsadimiz ezgulik va yana ezgulikdir.

Biz bir millatmiz... Siz millatga xalqqa qarshi borib obro’yingizni to’kmang. Xalqimiz bizni hurmat qildimi, demak biz to’g’ri yo’ldamiz. Biz buyuk avliyolar yurtida tug’ilgan baxtli insonlarmiz.  Ularning muqaddas yo’llaridan kimdir borishi kerak. Bu ilohiy zamindan hali ko’plab aziz avliyolar chiqadi. Biz azizlarning yo’lida turdik. Ilm oldik. Balkim biz avliyo emasdirmiz, lekin bu yurtda chiqadigan avliyolarning yo’liga to’g’anoq bo’lish bu buyuk qarg’ish va butun bir avlodiy tomirning bedavo xastalikka chalinishi va yoyinki yo’qolib ketishiga sabab bo’ladi. Yodda tutingki, avliyo Ollohning suyukli bandasidir. Uning duolari tezda ijobat bo’ladi. Siz to’rt kunlik dunyoning bir zumlik amalida imkon qadar yaxshilik qiling. Aks holda oqibati pushtingizga urib ketadi. Bu erda avliyoning rozi noroziligi shart emas, tepada Olloh hammasini ko’rib harakat va fikrga qarab jazoni beraveradi. Oxirgi pushaymonning chorasi yo’qdir. Agar birov kambag’al bir insonning haqini esa uning uvoli nimaga qodir ekanini bilasiz. Xalqimiz orasida birovning haqqi teshib chiqadi, - degan gap bor. Bu gapning zamirida yo bedavo xastalik va yo oxiri xorlik bor. Endi kambag’alni haqqi shu qadar uvol ekan, Olloh yo’lida yurgan kecha-yu kunduz Olloh zikrida bo’lgan insonga qarshi borishning oqibatini tasavvur qilayapsizmi? Bizning sizga sira yomonlik niyatimiz yo’q. Lekin hammasini Ollohning o’zi ko’rib turibdi-ku. Buyuk jazoni bizdan emas, yuqoridan kelishini unutmang. Hozirgi ommaviy madaniylashuv davrida, har xil yot missiyalarning yurtimizga kelib o’zlarining safsatalarini o’qishi mumkin bo’lgan ochiq axborot davrida, internet tarmoqlaridagi yalang’och madaniyat unsurlariga berilib ketmaslik uchun xalqimiz bilan yonma yon bo’lib o’zlikni yo’qotmaylik, madaniyatimizni asraylik, ma’naviyatimizni qadrlaylik, milliy an’analarimizga sodiq qolaylik, - deb jon koyitib yursak, siz bizning ortimizdan poylab yurasiz. Siz chindanam xalqparvar, millatparvarmisiz o’zi? Bizning hikmatlarimizni o’qiyapsiz,  millat va xalqimiz yo’lida xizmat qilayotganimizni bilib turibsiz, har bir gapimiz yaxshilikdan iborat bo’lsa siz kimga qarshi kurashayapsiz. Yigirma yil ichida bizdan nima yomonlik topdingiz o’zi?  Anglangki, yaxshilikdan hech qachon yomonlik yaratib bo’lmaydi. Xalq orasida bizga nisbatan xurmatsizlik, shubxa va qo’rquv o’yg’otish maqsadida har qanday propagandadan ham qaytmayapsiz. Bilinki, odamlarni ma’lum darajagacha qo’rqitish mumkin, lekin ulardagi adolatga bo’lgan ishonchni yo’q qilib bo’lmaydi. Siz bilmaysizki, bizdagi ilohiy quvvat qay darajada insonlar taffakuriga kirib borganini... Bizga tuhmat qilayotganlar esa Xudoning g’azabiga mubtalo bo’lgaylar. Biz bu dunyoning to’rt kunlik o’tkinchi ekanini allaqachonlar anglaganmiz. Insonlar amal talashib, boylik talashib bir-birlarini o’ldirishlari, bir-biriga yomonlik qilishlari, mehr-oqibatni unutishlari nimaga kerak, birodar. Ko’z ochib yumguncha dunyo o’tadi. Yoshlik mehmondir, o’tar. Qarilik nishonasi yuzga ajin tushirgandan so’ng pushaymonda er tishlab qolmang. Saxovatli bo’ling, mehr-oqibatli bo’ling. Eng keragi millat uchun, xalq uchun xizmat qilishni o’z burchingiz biling. Mana ozod yurtda yashayapmiz. Hamma narsa muhayyo.  To’qlikka sho’xlik qilib, bir-birimizni oyog’imizdan chalish, o’rniga milliy qadriyatlarimizni,tarixiy urf- odatlarimizni har qanday yalang’och madaniyatlardan asrab, uni kelajak avlodlarga musaffo tarzda etkazaylik. Qo’shni va o’zga davlatlar kuchayib ketganda, nega bizning davlatimiz qudratli bo’lishi kerak emas? Nega? Biz bir-birimizdan xavotir qilib, bir-birimizni ortimizdan poylab bir-birimizga qarshi kurashib o’z- o’zimizni falaj qilib, tashqi kuchlar uchun  qullik girdobiga tushib qolmaymizmi? Nega bitta millat bo’lib davlatimizga birlashib buyuk millat bo’lib, dunyoga dong taratmasligimiz kerak. Biz siyosat talashib sizning yo’lingizda g’ov bo’lmadik. Biz siyosatni anglamaymiz. Bizga siyosat kerak emas. Biz davlatimiz yo’lida xizmat qiladigan xalqparvar, millatparvar insonlarni kamol  toptirish uchun hikmat aytamiz. Nahotki, xalq, millat va vatan darajasi qandaydir kimningdir “buyurtmasdan” past bo’lsa. “Buyurtmani” bajarishga majbursiz, lekin xozirgi dunyo holatini, qarshi kurashiyotgan tizim darajasini xisobga olmasangiz katta xato qilgan bo’lasiz. Biz xalq yo’lidamiz. Bizni bo’ynimizdan tortib hech bir dunyoviy amalga o’tqizolmaysiz. Biz amaldan yiroqmiz. Olloh yo’lini tanlab xalq yo’lida turdikmi, bu yo’ldan boshqasi bizga begona. Agar Ollohga umrimizni baxshida qilib yana dunyoviy amalga intilsak, Olloh oldida qasamimizni buzgan bo’lamiz. Xudo asrasin. Amalga siz o’tiring, biz sizni duo qilaylik. Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo bo’lsin. Har birimizga davlatimiz, vatanimiz, xalqimiz yo’lida xizmat qilish baxti nasib etsin. Ollohning ishqi qalbimizni tark etmasin. Robbil a’lamin.   

YANGILANISHLAR

MAHSULOTLAR

Media-mahsulotlar pochta orqali

SAYT XARITASI

STATISTIKA