TOIFALAR

QATRON

SHOGIRDLARNING SHARXLARI

NURSAFARDIYYA
ISH FAOLIYATI

QIDIRUV

HAMKORLAR

Xalqparvarlik aybmi yoxud ba’zi janoblarga gapimiz bor...

Muallif: So’fiy tabib Nursafardiy

Joylashtirish vaqti: 2012-05-03

Xalq ila bir vatanda, bitta tanda bo’lgaymiz,
Shu vatanda tug’ildik, shu vatanda o’lgaymiz.

Rahmdil va mehribon Olloh nomi bilan boshlayman.

Agar siz Nursafardiyni topmoqchi bo’lsangiz uni xalqning ichidan izlang. Chunki Nursafardiyya falsafasi ilohiy bir tariqat sifatida xalq falsafasi bo’lib yuzaga chiqdi. Buyuk ajdodlar yo’lidan borib, xalqparvarlik, vatanparvarlik tamoyillari asosida vujudga kelgan Nursafardiyya millatimiz orasida ezgulik amallarini, saxovat urug’ini, yaxshilik, adolat, xokisorlik, millatimizning o’zligini asrashga undash, tafakkurini ulug’lashga, milliy qadriyatlarimizni yoshlarimizning ongiga singdirishga, vatanni, millatni sevishga, davlatga sidqidildan xizmat qilishga o’rgatsa, kimlardir xalqona bunday falsafani diniy oqimga yoyib, dinni niqob qilgan holatda bizning ezgulik amallarimizga tosh otmoqdalar.

Sizning maqsadingizni anglay olmayapmiz, janoblar.

Biz muqaddas dinimizni hurmat qilamiz, lekin dindan yiroqmiz.

Biz davlatimiz siyosatini yuksak qadrlaymiz, lekin siyosatdan yiroqmiz.

Bizning ezgulik amallarimiz xalqona va uning biror bir negiziga hech qanday diniy oqimning asosi yo’q.

Nursafardiyyaning yo’li bu ruhiy ustozlarimiz Najmiddin Kubroning, Bahouddin Naqshbandning, Hoja Ahmad Yassaviyning yo’lidir. Biz buyuk ajdodlar yo’lidan borib, xalqimizga hikmat aytmoqqa jazm etdik. Millatimiz farzandlarini vatanni sevishga, davlatimizga sidqidildan xizmat qilishga, milliy an’analarni qadrlashga o’rgatdik.

Siz bizdan nima istaysiz o’zi? Nursafardiyyaning xalqona ezgulik falsafasiga tosh otib nimaga erishasiz?

Nima, millatimiz ichidan go’zal bir millatparvarlik tuyg’usi bilan xalqimizga ezgulik ulashadigan falsafa chiqsa buning nimasi yomon. Biz tanlagan buyuk ajdodlar yo’li sizga nimasi bilan yoqmay qoldi?

Siz kursingizda o’tirgan holda amalingizni yo’qotishdan qo’rqmoqdasizmi? Siz xalqona falsafa bo’lgan xalq falsafasiga qarshi borayapsizmi? Ajdodlar udumiga qarshi borayapsizmi?

Sizningcha buyuk avliyolar yo’lini sizning zamoningizda o’chirib tashlash kerak ekanda.

Anglab turibmizki, sizni har qanday ezgulik falsafasiga qarshi kurashadigan qaltis qurolingiz bor. Bu yurtdan har qanday ezgulik amali chiqsa bu diniy oqim deb jar solasiz. Diniy oqimlarni qurol qilib olgansiz. Tap tortmasdan har qanday ezgulikni ezib tashlashga oshiqasiz.

Shoshmang birodar. Xalq falsafasini yo’q qilib bo’lmaydi. Nursafardiyya falsafasi xalqona tamoyillar, milliy an’analar asosida vujudga kelgan. Siz bu an’anani yo’q qilolmaysiz. Bizning amallarimizda millatimiz ravnaqi, kamoloti va mukammalligi mujassamdir. Biz davlatimiz rahbariyati siyosatini qo’llab quvvatlaymiz. Biz xalq ichida bo’lganimiz uchun ham milliy qadriyatlarimizni asrashga bel bog’lab, uni kelajak avlodlarga etkazmoqqa, azaliy mukammallik sirlarini o’rganmoqqa qadam qo’yganmiz.

Siz janoblar o’z amallaringizdan foydalanib shaxsiy manfaat, boylik orttirishdan o’zga nimani o’ylaysiz? Sizga boylik kerak, xalq manfaati, millat ravnaqi esa sizni qiziqtirmasligini anglab turibmiz. Aks holda milliy qadriyatlar yo’lida turib topgan pulini xalq manfaati yo’lida sarf qilayotgan Nursafardiyya falsafasiga, xalq falsafasiga qarshi kurashmagan bo’lardingiz. Biz saxovat qilayapmiz, - deb maqtanmaymiz, el sog’ligi yo’lida oyog’imizni tog’u- toshlar kesib, mashaqqat bilan tergan dorivor giyohlarimiz bilan xalqimizning dardiga malham bo’layapmiz, - deb o’zimizni reklama qilmaymiz. Siz bizning ezgulik tomonimizni ko’rolmaysiz. Yaxshilik aytilmaydi, minnat qilinmaydi. Siz esa ana shu yaxshilikdan ayb izlaysiz, sizningcha xalqqa yaxshilik qilish kerak emas, sizningcha mehr-oqibat bo’lishi kerak emas. Sizningcha millatni manqurtlikda ushlab turish ko’proq foyda keltirsa kerak. Siz millatparvarlik, vatanparvarlik, xalqparvarlik tuyg’ularidan yiroqdasiz.

Siz o’zingiz uchun jannat barpo etib rohatda yuribsiz. Xatoyingiz juda ko’pligini yaxshi anglaysiz. Shu sabab ham hamisha amalingizni yo’qotib qo’yishdan qo’rqib, ezgulikni sindirishga urinib turasiz. Sizningcha, xalqning ko’zi ochilishi kerak emas. Xalq manqurt bo’lsa siz uchun shuncha yaxshi. Pishagingizni pisht demasa-yu istaganingizcha yashayversangiz. Yo, davlatimiz rahbariyatini pisand qilmay, davlatni o’zingizniki qilib oldingizmi?

Nursafardiyya falsafasining vujudga kelganiga yigirma yil bo’ldi. Deyarli mustaqil yurtimiz bilan teng yoshda. Vijdonan aytingchi, shu vaqt mobaynida bizdan nima yomonlik ko’rdingiz? Xalq ichida ezgulik amallarimiz bilan yashab yuribmiz. Biror bir kitobimizda, ilmiy risolamizda yoxud amalimizda va yoyinki so’zimizda davlatga nisbatan nojo’ya gap yoxud siyosatimizga qarshi varaqa yozuv topdingizmi? Topolmaysiz ham. Chunki biz siz kabi o’z vataniga, o’z xalqiga, o’z davlatiga tosh otadiganlar xilidan emasmiz?

Davlatimiz tomonidan ozod yurt, misoli jannatga aylantirildi. Shaharlarimizning ko’rkamligi hech bir davlatning go’zalligidan qolishmaydi. Bu yurtdagi tinchlik osoyishtalikni yuksak qadrlaymiz. Har qanday davlat ham mustaqilligining ilk davrlarida iqtisodiy qiyinchilikni boshidan kechiradi. Amerikadek qudratli davlat ham mustaqil bo’lganidan so’ng qirq sakkiz yil iqtisodiy qiyinchilik ichida turgan. Nima, biz yomon yashayapmizmi? Agar iqtisodiy qiyinchilik bo’lsa xalqimiz chidab beradi. O’z tinchligini buzib, siz kabi bosh ko’tarmaydi. Xalqimiz sabr bardoshli xalq. Hali buyuk kelajak oldinda. Biz xalqni sabrga o’rgatamiz. Biz mehr-oqibat kuychilarimiz. Yurtda osoyishtalik bo’lmasa bizning ezgulik amallarimiz zoe ketadi. Biz xalqmiz, siz esa xalqni tinchligini buzib nimalargadir erishmoqchisiz. Siz tinch va osoyishta yurtda yashashni ko’tara olmayapsiz. Sizning harakatlaringizda millatni millatga qarshi qo’yish, yurt osoyishtaligini buzish singari yovuz niyat ko’rinib qolmoqda. Tinchlik, xotirjamlikka shukr qilmoqdan yiroq ketganga o’xshaysiz.

Nima, sizning maqsadingiz ana shu tinchlikka, osoyishtalikka putur etkazishmi?

Biz tinchlik, osoyishtalik, xalqimizni ezgulikka chorlash, milliy an’analarimizni eson-omon kelajak avlodlarga etkazmoq, tinchlikni qadriga etmoq tuyg’ulari bilan yashamoqdamiz.

Sizga nima kerak? Siz xalq falsafasiga qarshi borib, tinch va ozod yurtga buzg’unchilikni olib kirmoqchimisiz? Yo, Nursafardiyyani qurol qilib olib bu yurtdagi tinchlik, osoyishtalikka putur etkazmoqchi bo’layapsizmi? Yo, siz Nursafardiyyani qurol qilib olib xalqni ko’zg’ab davlatga egalik qilmoqchi bo’layapsizmi? Siz Nursafardiyya evaziga davlatga qarshi borayapsizmi?

Sizning fikringiz to’g’ri bo’lganda matbuot orqali ezgulik, xalqona falsafani qoralamay, bizning hikmatlarimizdan bahra olgan bo’lardingiz. Sizning fikringiz to’g’ri bo’lganda, Ozodlik radiosi orqali butun dunyoga o’zbek millati nomiga loy chaplash o’rniga, kelib duolarimizni olgan bo’lardingiz.

 

Sizning har safar takrorlayotgan asossiz tanqidingiz va noto’g’ri axborotingiz to’tiqushning sayrashiga o’xshaydi. Lekin to’tiqush yaxshi xabarlarni takrorlaydi. Sizchi... Sizning hatti-harakatlaringiz g’iybatchi va tuhmatchi ayollarnikiga o’xshab qolmoqda. Balkim, haqiqatdan ham siz ayoldirsiz, yaxshi ayol bo’lishingizni tilab qolardik.

Biz bir millat ichidamiz. Yaxshimizmi, yomonmizmi oramizda qolishi kerak emasmi? Bir millat bo’lib o’z- o’zimizni butun olamga sharmanda qilish sizga nimaga kerak bo’lib qoldi? Keling, biz xalq yo’lida turib yomon ekanmiz, lekin butun millat nomini olam miqiyosida bulg’ashga nima haqqingiz bor? Sizga mohiyatni anglamasdan turib, aybimizni isbot etmasdan, kamtar bir ezgulik falsafasidan fil yasab O’zbekistonimizning tinch hayotini notinchlikka yoyib, olam miqiyosida shov-shuv qilishga kim huquq berdi. Yo, davlat boshliqlarini pisand qilmay, davlatni o’zingizniki qilib oldingizmi? Bu holat boshimizda turgan davlatimiz sha’niga ham putur etkazmaydimi?

Sizga millat sha’ni kerakmi o’zi? Kerak bo’lganda nega o’zbek millatini kichkina ezguligini qoralab, butun dunyoga jar solasiz? Maqsadingizni tushuna olmadik... Nega bizning xalqona falsafamizni bahona qilib butun O’zbekiston nomini olamga jar solgancha millatdoshlar orasida g’ulg’ula, vahima uyg’otasiz? Bu harakatingiz bilan O’zbekistonimizdagi tinchlik, xotirjamlikni yo’qqa chiqarmoqchimisiz?

Bunday narsa ro’y beradigan bo’lsa nima bo’lishini siz hatto tasavvur ham qilolmaysiz...

Agar bizning ezgulik amallarimiz xato bo’lsa millat sha’ni uchun o’limga ham tayyor edik. Sizga millat sha’nini ahamiyati yo’qqa o’xshaydi. Istaganingizcha olam miqiyosida o’zbeklarning ichki muammolari haqida jar solishdan ham tap tortmaydiganga o’xshaysiz. Biz o’zbekmiz, siz o’zbeksiz bizning sha’nimizga yog’ilgan nojo’ya tanqid bu sizning o’zingizga ham tegmaydimi? Xalqimizda ajoyib bir hikmat bor. “Yaxshi kelin uydagi gapni ko’chaga chiqarmaydi...” O’zbekiston bu bizning uyimiz... Siz, hatto yaxshi kelinlar sir saqlaydigan, uyimizning munosabatlarini g’iybat qilib olamga chiqarib o’tiribsiz. Sizda o’zbekona g’urur, erkaklik g’ururini ko’rmadik...

Anglangki, siz janoblar, Nursafardiyya falsafasining mohiyatini anglamasdan uni qoralashga haqqingiz yo’q. Siz vahima ko’tarayotgan muridlarim haqidagi fikrlaringiz noo’rin. Bizning falsafa ezgulikdan o’zga hech narsa emas. Siz qo’rqib turgan jangarilarni boshqa yoqdan izlang. Biz jang san’atini o’z mukammalligimiz uchun olib borib, uni san’at darajasiga ko’taramiz. Ajdodlarimizdan meros bo’lib kelgan o’zimizning jang san’ati bilan shug’ullansak, buning nimasi qo’rqinchli? Nega Yaponiya karate bilan, Tailand tayboks bilan, Xitoy o’z ushusi bilan faxrlanadi-yu, biz o’z jang san’atimiz bilan faxrlanmaylik? Nega ular o’z jang san’atlarini davlat miqiyosida ko’tarib uning shon-shuhratini butun olamga yoyadilaru, bizga mumkin emas? Nega? Sizga mukammal millat kerak emasmi? Biz vatan ichida siz bilan bitta millatmiz. Biz o’z jang san’atimizni yuksaltirib, siz kabi millatdoshimizga qarshi jang qilamizmi? Biz o’z millatimizga o’zimiz qo’l ko’taramizmi?

Siz o’z amallaringiz orqali o’z manfaatingizni boyitib amal kursingizdan qo’rqib yursangiz, sizni bizdan boshqa jazolaydigan yo’qmi? Demak, siz davlatdan qo’rqmaysiz. Siz mukammallik yo’lida xalq yo’lida turgan bizning falsafadan cho’chiysiz. Siz davlatni pisand qilmaysiz. Nursafardiyya xalqona falsafa bo’lgani uchun ham bu tariqatning shogirdlari chindanam ko’pchilikdir. Ular sizning yoningizda turgan bo’lishlari ham mumkin. Lekin sizga qarshi bormayaptilarku. Bizning shogirdlar sizning xizmatingizda turibdilarku. Ular yoningizda tursalar ham yomonlik qilmaydilar. Ularning onglaridan yomonlik tuyg’ularini o’chirib tashlaganmiz. Ular siz yomon bo’lsangiz ham yaxshilik bilan javob bermoqdalar. Ana shu bizning falsafa, ana shu bizning tariqat.

Zikr nima, Zikr Ollohni ham tilda, ham qalbda yod olishdir. Siz ajdodlar udumini, avliyolar ilmini o’rganing. O’shanda bizning amallar hech qanday diniy oqim emasligiga amin bo’lasiz.

Nursafardiyya bu Iloh izmi bilan ro’y bergan xalq orasidagi mukammal falsafadir.

Siz kabi dunyoviy rohatda yashamoqni biz xohlamasmidik. Kamina ilohiy olam ichidaman va nimaiki ro’y berayotgan bo’lsa faqat Iloh izmi bilan ro’y bermoqda. Siz ilohiy olam falsafasiga qarshi borib, etti pushtingizni badnom qilasiz. Bizning ortimizda Yaratuvchi turibdi. Olloh turibdi. Men tunlarni tongga ulab ilohiy olam ichra zikrim orqali Unga murojaat qilaman, - ey Olloh, nega bu falsafani menga berding. Bandalaring baribir meni tushunmaydilar, bu yo’l bilan meni azobga solding, - deganimda, Olloh aytadi, - Sening ishing aytmoqdir. Yo’lingda davom et, quvvat mendandir...

Kubroni tush ko’raman, - tarikat muborak, - deydilar ul zot. Naqshbandiy tushlarimga kirib, - shariatga yaqin tur... - deydilar. Ruhiy ustozimiz Yassaviy, - uzlat sen uchun emas, kurashmoq kerak, - deydilar. Olloh aytadi, - Seni ilm uchun joningni saqlayman...

Menga bunday og’ir yukni ko’tarish oson emas, birodar. Siz dunyoviy rohatda yurib, ilohiy ishq mashaqqatini qaerdan ham bilasiz. Agar siz Ollohning mavjudligini bir soniya his qilganingizda, sizga ko’zimiz uchib turmagan bo’lsada, Ollohning suyukli bandasi bo’lganimiz uchun ham kelib, etagimizdan o’pgan, duolarimizni olgan bo’lardingiz. Ollohga iymon keltirmoq kerak. To’rt kunlik dunyo o’tar ketar. Sezmay qolasiz.

Sizning xarakatlaringizdan ma’lumki, xalqning o’zligini anglashi sizga kerak emas. Demak, siz xalq dushmani bo’lib chiqayapsiz. Demak, bizni xalkparvarlik falsafasini emas, sizni jazolash kerakka o’xshaydi. Millatimiz dono xalq. Ajdodlari buyuk o’tgan bu millat yaxshi yomonni tezda ajratib olishini unutmang. Oqibatni o’ylang. Xalq qudratdir, uning oyog’i ostida chivindek ezilib qolishingiz mumkin. O’shanda sizning amalingiz ham yordam berolmaydi. Xalqning osoyishtaligini buzmang.

Biz anglayapmizki, siz davlat dushmaniga o’xshab turibsiz. Bizku xalq ichida oddiy, ezgulik kishilarimiz. Bizga siyosatning ham, iqtisodning ham qizig’i yo’q. Davlatimiz tinchligi yo’lida davlatimizning o’zi bosh qosh. Biz anglab turibmizki, sizning istagingiz davlatning yuqori lavozimlarida o’tirishdir. Siz xalqimizni manqurtlik girdobida ushlab xalq ustidan hukm yuritmoqchisiz. Nazarimizda sizga manqurt xalq kerak.

Anglashingiz lozimki, davlatimiz ezgulik va hikmat yo’lida turgan ezgulik kuychilarini hamisha qadrlab kelgan. Biz davlatimizni qancha hurmat qilsak, davlatimiz bizni shuncha himoyalaydi. Siz kabi millat obro’sini to’kib, olamga jar solayotganlar esa xalqning g’azabi va qarg’ishiga uchrashiga shubhamiz yo’q.

Biz ajdodlarning ilohiy ilmlarini yuzaga olib chiqqan holatda uni davlatimiz sharafi va obro’si uchun butun dunyoga ko’z-ko’z qilamiz. Bizning jannat yurtimiz ilohiy avliyolar yurti. Biz ularning izidan borgan holatda davlatimiz taraqqiyoti bilan yonma yon moziyning buyuk ilmlarini olam sahniga olib chiqib ilohiy ilmlar borasida ham hech kimdan kam emasligimizni isbot qilamiz.

Amalingizga putur etmasligi uchun xalq falsafasiga tosh otmasdan vatanni xizmatini qilib yuravering. Siz boylik orttirish ilinjida rohat farog’atda yashang. Gunohingiz uchun bizga emas, Olloh oldida javob berasiz. Sizning rohatingiz o’zingizniki. Ko’rinib turibdiki, sizning soxta vatanparvarligingiz vatan uchun xalq uchun qiymatga ega emas. Vatanparvarlik, xalqparvarlik yo’lida xizmat qilmoq bizga himmat bo’lsin. Bunday tuyg’ularni davlatimiz bilan yonma yon turib, o’z rohatimizdan kechib xalqimizga ulashaylik. Bizning savoblarimiz sizga ham tegsin. To’rt kunlik dunyoda yaxshilik, mehr- oqibatdan o’zga nima qoladi? Ikki qarich kafandan o’zgasiga hech bir banda arzimas. Mohiyatni anglamoq onlari kelmadimi?

Nursafardiy...

YANGILANISHLAR

MAHSULOTLAR

Media-mahsulotlar pochta orqali

SAYT XARITASI

STATISTIKA