TOIFALAR

QATRON

SHOGIRDLARNING SHARXLARI

NURSAFARDIYYA
ISH FAOLIYATI

QIDIRUV

HAMKORLAR

Yalang'och madaniyatning yalangoyoq missiyasi

Muallif: Sofiy tabib Nursafardiy

Joylashtirish vaqti: 2012-05-02

Dedimki, vatan ishqi har narsadan ulug’dir. Kindik qoni to’kilgan yurtning qadriga etmoq shu yurtda kamol topayotgan farzandning muqaddas burchi bo’lmog’i lozimdir. Tuprog’i oltinga teng bunday jannatmakon yurtni milliy e’tiqod nashidalari ila sevmoqlik millat farzandining milliy g’ururiga aylansagina kelajak avlodlarning tahsini va faxriga munosib bo’lguchi buyuk millat qoldirishimiz mumkin. O’tmishi buyuk bo’lgan milliy qadriyatlarimizning milliylik an’analari bizning davrimizga kelib xastalanib qolishiga sabab, kelajak avlodlar oldida bizning kechirilmas xatolarimizni anglatib qo’yishi mumkin va bu holat ila kelgusi avlodlar moziydan biz orqali o’tguchi milliy an’analarimiz karvoni yo’lini yo’qotib, ommaviy madaniyatlar to’foni ichra qolib ketishi mumkinligini his qilmog’imiz va anglamog’imiz kerakdir.

O’rmonga o’t ketsa ho’lu quruq barobar yonganidek, taraqqiyot davrida yaratilgan yalang’och madaniyat butun zamin bag’rini o’rgimchak turi misol qamrab olmoqda. Millatlarning milliyligiga ayovsiz qurol sifatida yo’naltirilgan bunday to’fondan himoyalanish tizimining asosi bu, millatning milliy e’tiqodi va vatanparvarlik tuyg’ulariga bog’liqdir. Ommaviy madaniyatning iblisona missiyasi istagan millatning milliy an’nalari tomiriga bolta uradi. Milliy falsafani falaj holatga keltiradi. Millatga xos sharm-hayo pardasi ko’tarilib, milliy e’tiqod nashidalari so’nadi. Keyingi davr yalang’och madaniyat taraqqiyoti ma’lum ma’noda millatlar milliy mentaliteti asoslariga sezilarli darajada zarba berdi.

Hozirgi davr taraqqiyoti davrida har bir vatan farzandi o’z millatini qurol bilan emas, milliy e’tiqod g’ururi orqali himoyalashi dolzarb muammoga aylandi. Chunki bir millatni engish va uni qul qilish uchun vatan ustiga qurol bilan emas, aksincha o’ta puxta rejalashtirilgan yashirin va oshkora yalang’och madaniyatning behayo, mislsiz qudrati bilan to’g’ridan to’g’ri kirib kelmoqdalar. Millat tomiriga bolta urib milliy an’analarni yo’q qiluvchi bunday dushmanni engishning birdan bir yo’li bu milliy e’tiqoddir. Faqat milliy e’tiqodgina millatlar ustiga soya tashlab turgan yalang’och madaniyat xurujidan qutqarib qolishi mumkin.

Axborot tizimlari, internet orqali yashin tezligida tarqalayotgan ommaviy madaniyat o’zining behayo kashfiyotlari bilan hayvoniy hissiyotlarni qo’zg’ovchi, insoniyat ruhiy olamini parokandalikka olib keluvchi, milliy e’tiqodidan ayiruvchi turli xildagi "taraqqiyot an’analari" ni targ’ib qilmoqda va shu orqali amalga oshirilayotgan yashirin va oshkora ommaviy madaniyat har qanday millatni milliylik mentalitetini so’ndirmoqda.

Balkim kimgadir milliylik yoqmas, balkim uni tushunmas, balkim o’z manfaati yo’lida tushunishni ham xohlamas.

Anglamoq lozimki, zamonaviy taraqqiyotning ba’zi kashfiyotlari nafaqat insoniyatning turmush tarzi va yoyinki sog’ligiga ta’sir qilib qolmasdan, balki uning milliy an’analari doirasidan ham chiqib ketishiga sabab bo’lmoqda. Yalang’och madaniyatning yalangoyoq missiyalari millatlar ichiga kirib olgan holatda  axborot tizimi orqali o’ta mukammal va puxta harakat olib bormoqdaki, milliy e’tiqodi sust millatlar uning domiga tushib qolishi orqali milliy falsafa va an’analaridan ayrilib kelajak avlodlarining yorqin kelajagini boshi berk ko’chaga kiritib qo’ymoqdalar.

Zamonaviy yalang’och madaniyatning taraqqiyot niqobi ostidagi yashirin missiyalari millatlarning globallushuv ommaviy madaniyatining bardavomligini ta’minlamoqda.
Bu holat anglamoq lozimki, butun boshli millatning milliy falsafasidan tortib milliy an’analarigacha yo’qolib ketishiga sabab bo’ladi. Yalang’och madaniyatning uzoq muddatga ko’zlangan missiyasi asta-sekinlik bilan millatlarning yuziga aylanishga, uning o’zligidan ayirgan holatga olib kelish bilan birga ommaviy madaniyatning tarix sahnasida yangi era sifatida muhrlamoqqa qaratilgan rejasini bugungi davr insoniyati engil ozuqadek qabul qilmoqda. Insoniyat bu holat bilan yangi era yalang’och madaniyat doirasidagi globalizm olamiga kirmoqda.

Bunday yangi eraning qolipga sig’maydigan ommaviy madaniyati birinchi holatda insoniyat yuzidagi hayo pardasini ko’tarib tashlaydi. Ikkinchi holatda insoniyatda hayvoniy xarakter shakllanadi, bu holat esa insoniyatning birinchi navbatda irsiy buzilishga olib keladi. Genetik zaharlanish millatlarni yo’qolishiga sabab bo’ladi. Hayo pardasi ortidagi jinsiy quvvatlar tizimi o’ladi, impotenttsiya ko’payadi. yuqumli kasalliklar sindromi avj oladi, ayollar orasida ichkilik, kashandalik odatlari hayot tarziga aylanadi. Insonlar orasida mehr-oqibat, saxovat tuyg’ulari so’nadi. Manmanlik, zo’ravonlik, soxta kibr, shaxsiy manfaatni ko’zlovchilik tuyg’ulari rivojlanadi. Ota-ona va farzandlar orasida hurmat e’tiborga, oshna-og’aynichilik, qarindosh-urug’chilik an’analariga putur etadi. Shaxsiy biznes, pul birinchi darajali manbaaga aylanadi. Ana shu jarayon zamonaviy yalang’och taraqqiyotning asosiy belgilaridir. Agar e’tibor qiladigan bo’lsak, zamonaviy nobop taraqqiyotning salbiy madaniyati ba’zi bir millatlarning milliy an’analarini yo’qqa chiqardi. Achinarlisi shundaki, bunday yangi kashfiyotning nomaqbul an’analari insonlarning haet tarziga aylanib qolmoqda.

Taraqqiyot davrida yalang’och madaniyat millatlar ustida shunday xavf solmoqdaki, xatto vatanga yopirilib kelgan xavfli dushmandan ko’ra bunday yovuz madaniyat ustidan g’olib bo’lmoq qiyin bo’lib qoldi. Bunday yalang’och yov millatlar chegarasidan to’g’ridan to’g’ri har qanday to’siqlarsiz o’tgan holda ularning onglariga ayovsiz zarba bermoqda. Ayyor kashfiyotchilar taraqqiyot niqobi ostida millatlarni qurol bilan emas, yalang’och madaniyat bilan engish usulini kashf qildilar. Yalang’och madaniyatning zamirida avvalo qullik iskanjasi yotadi. Inson bunday behayo madaniyat ortidan ergashganidan so’ng avvalo milliy e’tiqodini yo’qotib hayvoniy manqurtlik sindromiga yo’liqadi. Faqatgina hirsiy va nafs tuyg’ulari bilan sug’orilgan insonni engish juda osondir. U misoli robotga, bajaruvchi mexanizmga aylanadi. Misol uchun, bir millatning ustiga yopirilib kelgan dushman uning ma’lum qismini qirib yuborishi mumkin. Lekin qolgan qismi o’sha millatning milliy an’analarini albatta davom ettiradi.

Anglagan bo’lsangiz, hatto dushman ham butun boshli millatni yo’q qilish imkoniyatiga ega bo’lolmasligi mumkin, lekin yalang’och madaniyatdek behayo qurol millatni ongiga kirib, uni milliyligini yoppasiga yo’q qilish qudratiga ega. Yalang’och madaniyat millatni qirg’in qilmaydi, aksincha uning tomiri bo’lgan milliy tuyg’ularni, milliy an’analarni qirg’in qiladi. Bu holat bir millatning yo’q bo’lishi va manqurtlikka mahkum shu millat ichida qullik erasining boshlanishiga tengdir. Bu jarayon millatdan qul, robot va bajaruvchi mexanizm yaratish degani.

Aslida yalang’och taraqqiyotga o’z e’tiqodida sobit va sodiq turuvchi millat kerak emas. Yalang’och madaniyatga millatning qirg’in qilishi ham hech qanday foyda bermaydi. O’zligini anglagan millatni esa qul qilib bo’lmas. Yalang’och madaniyatning asl maqsadi esa millatlarni milliy o’zligidan ayirishdir. Bunday oshkora va puxta ishlab chiqilgan missiya taraqqiyotning so’nggi davrida shiddat bilan tus oldi. Va uning amaliyoti millatlararo milliy ong va tafakkurga silliqqina kirib bormoqda.
Anglash lozimki, bu holat bilan qullik davrini boshlash imkoniyati paydo bo’lib insoniyatda manqurtizm erasi paydo bo’ladi. Nobop taraqqiyotning yalang’och madaniyati ana shunday yo’ldan bormoqda. O’ta puxta va uzoq muddatga mo’ljallangan bunday kashfiyot allaqachonlar millatlar ustidan o’z missiyalarini boshlab yubordilar...

Azaliy urf-odatlari va milliy falsafalarini yo’qotgan ommaviy madaniyat kashfiyotchilari o’zga millatlarni qullik iskanjasiga solishning zamonaviy metodikasini juda puxta ishlab chiqdilar. Bu holat har qanday siyosiy zo’ravonliksiz xamirdan qil sug’urgandek amalga oshirilmoqda. Bunday madaniyat kashfiyoti namoyondalari o’zlarining ana shunday yashirin metodikalari orqali millatlar ustidan milliy manqurtlikni rivojlantirishni surunkali modelini yaratishdi. Bu model millatlarning milliy an’analarini yo’q qilishga qaratilgan yashirin quroldir. 

Anglamok lozimki, zamonaviy yalang’och madaniyatning chang to’zonida qolib ketmaslik, millatning yuksak an’analari va milliy merosini kelajak avlodlarga etkazmoqning usuli bu milliy e’tiqod va vatanparvarlik tuyg’usidir. Agar millatimiz milliy tafakkurida milliy e’tiqodning immun tizimini yaratmasak, global madaniyatning yalang’och unsurlari milliy mentalitetimizning asriy qadriyatlariga zarba berishi mumkindir.

Yalang’och madaniyatning asl maqsadi millat ko’zgusidan milliy an’analarni o’chirib tashlashdir va uning bunday oshkora missiyasi millatparvarlik tuygularini falaj kilgan xolatda vatanparvarlik hissini so’ndiradi. Yalang’och madaniyatning asosida nafs va hayvoniy hirs mujassam bo’lib, inson uning domiga tushgach odamiylik tamoyillarini pisand qilmay qo’yadi. Uning dunyo qarashida zamonaviylikning yangicha bosqichi hukm suradi. Taraqqiyotning niqobi ostida yashirin bunday ommaviy madaniyat insoniyat nazarida taraqqiyotning yuksak kashfiyoti bo’lib ko’rinadikim, uning tagida millatning asl tomiriga zarba beruvchi "nafs rohatlari" milliy an’analar ichida turgan millat kishisini chalg’itgan holda uning ongida o’rnashib oladi. Arqoni uzun tashlangan  yalang’och madaniyatning salbiy ta’sirlari ko’zga tashlanmasdan asta-sekinlik bilan millat qoniga singib boradi.

O’rgimchak to’ri misol dunyoni qamrab olgan axborot va video, telefon, internet va boshqa tarmoqlarda paydo bo’layotgan turli xildagi madaniyat uslublarining yalang’och ko’rinishlari bir millat ichida yashayotgan millat farzandlarini ma’naviy tarbiyasini buzgan holda ularni odob-axloq printsiplari doirasidan chiqarib qo’ymoqda. Axborot tizimlari orqali o’zgalar madaniyatini odat qilayotgan, yot falsafalar e’tiqodiga kirib ketayotgan, o’z dinidan kechib o’zga dinni qabul qilayotgan, milliy hayo, or- nomus pardasidan chiqib yalang’och madaniyat uslublarini hayotga tadbiq etayotgan insonlar oramizda paydo bo’lib qolganidan xabarimiz bor, albatta. Bu holat ham o’zini, ham u bilan hamnafas yashayotgan millatdoshimizni  milliy g’urur va e’tiqodini sindirmoqda. 

Axborot olamidagi yalang’och madaniyat istaymizmi, yo’qmi taraqqiyotning turli yo’llari orqali yurtimizga silliqqina kirib keldi. Bunday chaqirilmagan mehmonning oshkora missiyalari ozod yurtning yangilikka uch farzandlari ongini zaharlab qo’ymasligiga hech kim kafolat berolmaydi. Milliy qadriyatlar silsilasini yangi asr avlodi, ozod yurt farzandlari ongida mustahkamlash, milliy mentalitetimiz an’analariga sodiq qolishlari uchun asriy meroslarimizning o’lmas udumlarini ular ongiga singdirish, aqli teran va milliy qadriyatlar olamida turgan har bir vatandoshning muqaddas burchi bo’lmog’i lozimdir.

Milliy dunyoqarashni shakllantirish uchun har bir vatan farzandini milliy ruhda kamol toptirmoq ularning ham jismonan va ham ruhan mukammallik darajasiga ko’tarmoq uchun tarixiy ajdodlarimizning genetik quvvatlarini uyg’otishimiz va bunday ruhiy ozuqaning bardavomligini ta’minlash rejasini barpo etishimiz bu yorqin kelajak yaratishning asosiy tamoyillaridan biridir.

Agar millat ongining tarixiy ajdodlardan o’tib kelayotgan genetik quvvati sust bo’lsa u misoli xasdir.

Har qanday madaniyat to’foni uni istagan tomonga uchirib ketishi va parchalab yuborishi mumkin. Milliy g’urur va e’tiqod chinordek mustahkam bo’lsa, neki to’fon bo’lmasin uni egib o’tishi mumkin, lekin tomirini sug’ura olmaydi. Millatimizning milliy e’tiqodi ajdodlar tomiridan uzilmasin. Toki shiddat bilan oqib kelayotgan taraqqiyotning yalang’och madaniyati ostida qolib ketgan millat ajdodlarning yuksak obro’siga, ularning bebaho an’analariga salbiy ta’sir ko’rsatib qo’ymasin. Zero, tarixi buyuk o’tgan elning kelajagi ham buyuk bo’lmog’i kerak.

Millatimiz orasida mehr-oqibat o’lmasin, saxovat, ezgulik amallari nur sochaversin. Javonmardlik, xalqparvarlik, vatanparvarlik tuyg’ulari har bir vatandoshimiz qalbida jo’sh urib tursin. Milliy qadriyatlarimiz mezoni bilan nafas olaylik. Har qadamimizda shijoat, mardlik tuyg’ulari unib chiqsin. Vatan ishqi, millat ishqi, xalk dardi bilan yashaylik. Vatanni sevmoq, millatni asramoq har birimizning muqaddas burchimiz bo’lib qolsin. Iymon nuri, Olloh nazari sizni tark etmasin, aziz vatandosh.

YANGILANISHLAR

MAHSULOTLAR

Media-mahsulotlar pochta orqali

SAYT XARITASI

STATISTIKA