TOIFALAR

QATRON

SHOGIRDLARNING SHARXLARI

NURSAFARDIYYA
ISH FAOLIYATI

QIDIRUV

HAMKORLAR

Senga ne boldi xalqim...?! Yoxud holingga achinar kimlar...?!

Muallif: Sofiy tabib Nursafardiy

Joylashtirish vaqti: 2012-05-01

Rahmdil va mehribon Olloh nomi bilan boshlayman.

Dedimki, millat ravnaqi milliy o’zlikni anglash negizidagi millatparvarlikdadir. Milliy mentalitet haqida gap ketganda, moziyning asrlar osha bardavom bo’lib kelayotgan bir millat qonidagi asriy udumlarning davomiyligi anglanadi. Asrlar osha milliy o’zbekchiligimizning tarixiy tamadduniga nazar tashlasak, uning milliy davlatchilik g’oyalari hamisha yuqori mavqe’larda yuksak printsiplarga ega bo’lgan. Xususan, buyuk ajdodlarimiz shajarasida, Amir Temur bobomizning milliy davlatchilik barpo etish borasidagi o’zining beqiyos siyosiy mavqei dunyo miqiyosida yuksak ahamiyatga egadir. Biz o’z tariximiz bilan qanchalik faxrlansak arziydi. Ajdodlarning milliylik o’zlik printsiplari zamiridagi bebaho udumlari bugungi davr millati uchun bebaho xazinadir. Hech bir millatda uchramaydigan milliylikning pok udumlari boshqa millat vakillari uchun chinakam o’rnakdir. Neki ezgulik bo’lsin, saxovat bo’lsin, kamtarlik va mehmonnavozlik bo’lsin, millatimiz qonida mujassamdir. Jannatmakon bu yurtda yashayotgan bag’ri keng xalqimiz o’zining bebaho udumlari bilan olam miqiyosida maqtovga arzigulik buyuk bir millat bo’lib shakllandi va buyuk ajdodlar qoldirgan bebaho udumlar xazinasini yorug’ yuz bilan kelajak avlodlarga etkazmoqqa bajonidil harakat qilib keldi. Milliy udumlarimiz sof o’zbekona mavjudizm, hatto qizil imperiya davrida ham o’z milliyligini yo’qotmadi. Avval chor Rossiyasi va keyingi etmish yillik asorat ham bu millatning qaddini bukolmadi... Millatimiz boshiga quyosh chiqib mustaqillik davri boshlangach o’zligimiz tiklana boshlandi. Azaliy urf- odatlarimizning yo’qolib borayotgan xazinalari qayta topildi. Milliy davlatchilik barpo etildi. Davlatimizning bu boradagi olib borayotgan siyosati tahsinga sazovordir. Bir vaqtlar qarovsiz qolib ketgan butun boshli millat mustaqillik davrida yuksak obro’ e’tibor bilan jahon davlatlari orasida hurmat e’tiborga sazovor bo’ldi. O’zbekistonimizni  mustaqil va ozod millat sifatida jahon mamlakatlari tan oldilar... Bugungi davr O’zbekistoni uning oltin zamini misoli jannatga aylantirildi. Millatga erkinlik berildi. Insonlar yashash uchun o’z iqtisodiy mavqe’larini yuksaltirish uchun cheksiz imkoniyatlarga egadirlar. Mana shunday erkinlik va imkoniyatlar zaminida yashab shunday bebaho yurtning qadriga etmoq har bir millat vakilining burchi bo’lmog’i lozim...

Aslida ham shundaymi?

Bu yurtda millat uchun qanday sharoitlar yaratilmadi. Deyarli barcha sharoitlar mavjud. Lekin butun dunyoni titratib o’zining buyuk nomi bilan tarixga iz qoldirgan Amir Temur bobomizning bugungi avlodiga nima bo’ldi? Millatimiz vakillari o’z yurtidagi imkoniyatlardan qochib o’zga yurtlarda nega qullikni ixtiyor etmoqdalar? Milliy g’urur qaerda qoldi?... Nahotki tarixiy genlar quvvati tugagan bo’lsa?

E’tibor qilsak, davlatimiz hududidagi inson huquqlari himoyasi amalda. Davlatimiz dasturlarida milliy g’urur va vatanparvarlik tuyg’ularining millat ongiga singdirish borasida yuksak ishlar amalga oshirilayotganiga qaramay, yurtdoshlarimizning o’zga yurtlardan jannat izlab ketishlari bu yurtning qadriga etmaganliklaridan dalolatdir. Qullik ixtiyori millatimiz sha’niga dog’ tushirmaydimi? Keyingi paytlarda Rossiya telekanallarida namoyish etilayotgan ko’rsatuvlarda o’zbeklarning ish izlab ko’chalarda yurganlari, och nahor holatda har qanday ishdan tap tortmayotganlari namoyish etildi. Pul topish ilinjida adashib ketganlar o’zlarining ayanchli holatlari bilan butun boshli millat sha’niga dog’ tushirib qo’ymayaptilarmi? Nazarimda milliy vatanparvarlik millatimiz ongida sun’iylashgan ko’rinadi. Ular tilda vatan haqida to’lqinlanib gapiradilar, dilda esa shaxsiy manfaatlaridan o’zga hech narsa ko’rinmaydi. Aslida leksikondan vatanparvarlik, millat, g’urur degan so’zlar chiqib ketmoqda. Bu borada ayniqsa erkaklarimizning vatanni tark etib ketishlari sabab ham vatanda mardlik printsipi susaymoqda. Jannatdan ketib jannat topib bo’ladimi va u jannatning bahosi qancha turadi? O’zga yurtdan jannat izlab ketganlar do’zax azobini ko’rib qaytmoqdalar... Kamina tabobat ilmida yurganim uchun menga sog’ligi borasida murojaat qilganlarning aksariyati Rossiya o’lkalarida jannat izlab ketganlar va uning mevasidan faqatgina kasallik orttirib kelganlardir... Ularning nigohlaridagi sovuqqonlik meni o’ylantiradi. Ularning nigohlarida vatanparvarlik hissini topolmayman... O’zga yurtdan qancha azob eb qaytmasin, sog’ligimni tiklab tuzalsam yana Rossiyaga ketaman, - deydi... Bu holatni qanday tushunish mumkin? Nahotki tarixiy quvvat genlar tugab bo’lgan bo’lsa?

Qul ham bora-bora qo’lidagi kishan zanjirga mehr qo’ygani kabi yigitlarimiz xorlikka mehr qo’ydilarmi? Jannat yurtni tashlab ketayotganlarning ba’zilari kasallikka chalinsa, ayrimlari o’lim topmoqda...  Vatangadolik, millatfurushlik avj oldi. Bugun o’zbek o’zbekni chet o’lkalarga ish bilan ta’minlash uchun olib borib sotmoqda... Millat millatni sotish evaziga biznes qilmoqda... Millatni pulga sotgan vatangadodir... Millatfurushlik vatangadolikdir, kafangadolikdir... O’z yurtini tashlab ketayotganlar chet mamlakatlarda qilgan mehnatini shu yurtda qilganida bu zaminni jannatga aylantirishi mumkin bo’lardi. O’zga yurtlarda jonini fido qilib ishlaydigan kishilar o’z yurtlariga kelib qo’llarini sovuq suvga urmaydilar... O’zga yurtda temirtandek mehnat qilganlar, o’z yurtlarida nozikka aylanib qolmoqdalar. Biror bir ishga jalb qilinsalar yana o’zga yurtga qochmoqdalar... Ular o’z yurtlarida o’zga yurt qulligi evaziga ming azobda olgan mashinalariga minib kerilib yuradilar... Xuddi vatan ular uchun qarzdordek. Vatan karvonsaroy emas... O’zga yurtlar xizmatini qilib kelsa-yu, vatan non tuz bersa... Ular vatan uchun nima qilayaptilar... Ular vatanga dam olgani keladilar... Ularda vatanparvarlik tuyg’ulari o’lmoqda.

Aytingchi, qaysi davlatda ishlamasdan yashash mumkin? O’zbekistonda... O’zga davlatlarda millat bir kun ishlamasa och qoladi. Bizdachi? Bizda ishchi yo’q, lekin hammaning tagida mashina... Yana nima kerak. Ishlagan odam pul tanqisligidan nola qiladi. Korxona ochmoqchi, kishi ishlashga yo’l yo’q deydi. Nega? Chunki o’zi o’z haq huquqini bilmaydi. O’zi to’g’ri ishlamaydi. Davlat bojidan qochib hujjatlarni soxtalashtiradi, elektr energiyadan yashirincha foydalanadi... Gazdan, suvdan o’g’irlaydi... Ko’zbo’yamachilikni boshlaydi. Davlat idoralari tekshiruv o’tkazganda pora berib qutiladi. Aybi bo’lmasa nega pora berishi kerak. Davlat idoralari xodimlarini aslida poraxo’rlikka o’rgatgan xalqimizni o’zi bo’lib qolayapti. Aybimizni yashirish uchun o’zimiz pora beramiz, tag’in mansabdorlarni poraxo’r deb noliymiz... Ishlagani qo’yishmaydi, deymiz... Keyin esa barchasini tashlab chet o’lkalarga ish izlab ketamiz...

Xalqimiz o’ziga o’zi tosh otmoqda. Millatimizda faolsizlik xastaligi uchramoqda. Yurtimizda ko’plab ochilgan firmalarning aksariyatining maqsadi davlatga foyda keltirish emas, asosan shaxsiy manfaatga yo’naltirilgan. Bu holatlar bilan vatanga, xalqqa xizmat qilish tuyg’ularidan chiqib ketmoqdalar. Xalqimiz xalqimizni o’ylashi kerak, xalqimiz davlatimizni ham o’ylashi kerak. Davlatning yumushi  sog’liqni saqlash, chegaralarimiz hududini himoya qilish, ta’limni rivojlantirishdir. Nima endi o’z haq huquqimizni anglamasdan, tushkunlikka tushib yashash kerakmi, yo vatandan chiqib ketish kerakmi? Unda kurashuvchanlik, vatanparvarlik nima bo’ladi? Biz kelajak avlodga nima qoldirmoqchimiz o’zi? Xalqimizning qonunchilikni bilmasligi, o’z huquqini anglamasligi, kurashish qobiliyatining yo’qolishi bu irsiy genetikaning buzilishiga olib keladi. Tushkunlik sindromiga yo’liqtiradi. Hozirgi millatimiz qonida vatanparvarlik, millatparvarlik, milliylik g’oyalari o’chib ketsa ulardan qolayotgan avlod qanday yo’l tutadi? Ular hozirgi avlodning genetik ta’siriga tushib qolmaydilarmi? Bizga nima kerak o’zi? Inson huquqlari davlat himoyasida.

Chegaralarimiz mustahkam, shart-sharoitlar muhayyo, yurtimizda tinchlik, xotirjamlik...

Nega ilmga intilish sust?

Nega vatanparvarlik ishqi kamaydi?

Nega milliy g’urur so’nmoqda?

Nega milliy e’tiqod xastalanmoqda?

Tarixda yashab o’tgan ajdodlarimiz milliy g’urur bilan vatan himoyasi uchun, vatan sha’ni, millat sha’ni uchun hatto jonlarini fido qilganlar. Biz yangi avlod vakillariga nima bo’layapti. Pul evaziga millat nomiga dog’ tushirish oddiy holatga aylanib qoldimi? Millatimiz sha’ni qaerda qoldi? Milliy e’tiqod qani? Kamina tabiblik kasbim bois qabulimga ko’plab viloyatlardan bemorlar kelishadi, ba’zi gaplarni eshitib hayratdan dong qotaman. Ma’lum bir qishloqda bir qariya vafot etadi-yu, mayitni tobutini ko’tarishga erkak yo’q. Hamma chet elga ishlagani ketgan. Bu holatni qanday tushunish mumkin? Millatni tashlab, vatanni tashlab vatandoshlarimiz qaerga ketmoqda? Xudo ko’rsatmasin, davlatimiz boshiga o’zga yurtlardan siyosiy zo’ravonlik paydo bo’lib qolsa milliy armiyamiz bilan yonma-yon kurashadigan millatparvar xalqimizni qaerdan topamiz? Milliy vatanparvarlikni qaerdan topamiz? Davlatimiz millat haqida qayg’ursa-yu,  millat pul evaziga o’zga davlatlar qulligini qilib sochilib ketsa shu ham adolatdanmi? Biz o’z genetikamizda barq urgan ajdodlar shijoatini yo’qotib qo’ymoqdamiz. Milliy g’ururimizni yo’qotib qo’ymoqdamiz. Buning asosiy sababi milliy o’zlikni anglash tuyg’ularimiz chegarasidan chiqib ketayotganimiz bo’lsa kerak. Masalaning muammoli tomonidan yana biri vatandoshlarimizning o’zga yurtlarda muqim qolib ketayotganlari bo’lsa ikkinchi tomondan o’zga millatlar udumini onglariga singdirgan holatda o’z yurtlariga yot missiyalar sindromini yuqtirib kelishlaridir. O’zga yurtlarda mehnat va yoyinki xorlik qanchalik og’ir bo’lmasin, vatanni tark etish odati ko’paysa ko’paydiki, kamaygan emas. Xuddi bizda qandaydir yashirin tashviqot olib borilayotgandek tuyuladi, goho...

Haqiqatdan ham o’zga yurtda chinakam jannat va’da qilinadi. Uning domiga tushgan kishikim, albatta yo’l taraddudiga tushadi. U yoqda uni og’ir mehnat va xorlik azoblari qanchalik cho’chitmasin, o’z yo’lidan qaytmaydi. Millatimiz o’ta mehnatkash xalqdir. Bugungi davrda o’zga davlatlar o’zbek mehnatidan oqilona va ayovsiz foydalanmoqda.

Bir tomondan o’zga yurtda ishlayotganlar davlatimiz ichki iqtisodiga ko’plab mablag’ kiritayotgani bir muncha foyda keltirishi haqiqat bo’lishi mumkin, lekin achchiq bo’lsa ham aytish kerakki, bu mablag’lar faqatgina qullik evaziga kirib kelmoqda. Biz bu holatga rozi bo’ladigan bo’lsak, unda millat sha’ni qaerda qoladi? Aslida, millat sha’nini pul bilan o’lchaydilarmi yoki g’urur bilan? To’g’ri, Xitoy, Hindiston va boshqa rivojlangan uchinchi davlatlar tarixida ham xuddi shunday yollanma ishchilar bo’lib rivojlangan davlatlarga ketishgan. Lekin ular qullik qilmagan, aksincha o’sha davlatlarning idora xodimlari va hech bo’lmasa o’z restoranlariga ega bo’lganlar...
Millatimiz buyukdir. Muqannani eslaylik, Najmiddin Kubroni eslaylik, Jaloliddin Manguberdini eslaylik, Temur bobomizni eslaylik. Bizkim, buyuk millat avlodlarimiz... Nega endi ularning sha’niga dog’ tushirishimiz kerak? Chet elga ketayotgan vatandoshlarimiz nega qullik iskanjasiga tushib qolmoqdalar.

Birinchidan, nafs ilinji, boylik ilinji millatimizni shu kuyga solgan bo’lsa, ikkinchidan, milliy vatanparvarlikning yo’qligidir.

Aslida, chet elda ishlash va yoyinki o’qish huquqi chegaralanmagan. Boylik orttirib davlat hisobini boyitish bu boshqa narsa. Rasmiy hujjatlar asosida firma ochish, kompaniyaga asos solish, qo’shma korxonalar tuzish va yoyinki o’z bisnesini rivojlantirish, bu o’zga yurtda ham o’z millati sha’niga obro’ keltiradi. Ammo norasmiy ixtiyoriy qullik istab ketayotgan qora mehnatga jalb qilinib, insoniy huquqlari paymol etilayotganlar bu millatning nochorligidan dalolat bo’lib, uning ojizligini namoyon etadi.

O’zga yurtning qulligini qilib o’z yurtida manmanlik qilayotgan vatandoshlarni qanday tushunish mumkin. Ular tag’in o’z boyliklari bilan garchi vatanda vatanparvar bo’lmasalarda, obro’ e’tibor bilan yuradilar. Atrofdagilarni pisand qilmaydilar. Xuddi vatan ular uchun xizmat qilishi kerakdek... Ular vatanga shohona kelib shohona qaytadilar. O’zlari o’zga yurtda qul bo’lib, vatanga qaytgach o’z vatanlarini qul qilmoqchi bo’ladilar. Nima bu holat o’zi yashab turgan jannatni paymol qilishmi? O’zligiga qarshi isyonmi? Milliy g’ururga, vatanparvarlikka qarshi isyonmi?

Bu holat anglash lozimki, o’zga millatlar orasida milliy qadr qimmatning yo’qolishiga olib keladi. Taraqqiyot davrida har qanday axborot yashin tezligida tarqaladi. Bir vatanfurushning birgina nojo’ya harakati va yoyinki so’zi butun millat sha’niga dog’ tushirib qo’yishi mumkin. Biz milliy mustaqilligimizning qadrini qullik bilan o’lchashimiz kerak emas. Chor Rossiyasi davri, qizil imperiya zulmi millatimiz boshiga qanday kunlarni solmadi. O’sha davrlarda butun boshli millatlar qullik iskanjasida edilar. Mustaqil, ozod davrda esa ixtiyoriy qullikni nima bilan izohlash mumkin? Yoyinki sobiq tuzumning qullik sindromi to hanuz millatimiz qonini tark etmadimi? Nahotki yigirma yillik mustaqillik davrida ham milliy g’urur shakllanmagan bo’lsa? Nahotki millatimiz qonida milliy e’tiqod tuyg’ulari uyg’onmagan bo’lsa? Biz o’z milliyligimizni asramasak, uni kelajak avlodlarga kim etkazadi. Biz kelajak avlodlarimizga o’z qulligimizni meros qoldiramizmi? Milliy mentalitet qadri, milliy g’urur bilan o’lchanadi. O’z jannat yurtini tark etayotganlarda milliy mentalitet tuyg’ulari bormi? Pulga sotilayotgan vatandoshlarimizning xayollarida vatanparvarlik tuyg’ulari mavjudmi? Hatto asrlar davomida tarixiy qullikka mahkum etilgan qora tanlilar rivojlangan davlatlarning rahbarlari, hatto prizidentlari bo’lmoqda.
Nima biz oq tanlilar ichida qullik davrini boshlab bermoqchimizmi?
Ozod yurtda qullikni kimlar kashf qildi?

Davlat miqiyosida yaratilgan dasturlar millatimiz milliy mentalitetini shakllantirishi uchun etarli asosga ega. Faqat milliylik tuyg’usini anglash xalqimiz uchun biroz og’ir kechmoqda. Bundan foydalangan ba’zi millatfurushlar oddiy xalqni jaholat sari boshlamoqda. Nazarimizda biz o’z tariximizni buyuklar avlodlari ekanligimizni chuqurroq anglamayapmiz, shekilli. Milliy g’ururi bor inson o’z ixtiyori bilan qullikni ixtiyor etmaydi. Bundan kelib chiqadiki, millatimizning tafakkur darajasini o’stirmoq printsipi dolzarb mavzulardan biri bo’lib qolmoqda. Bu borada yoshlarimizning ijtimoiy-siyosiy tafakkur darajasi yuqoriligini inobatga olsak, o’sib kelayotgan yosh avlodning ilm olishlariga bo’lgan e’tibor tahsinga sazovordir. Mamlakatimizda yuzlab ta’lim muassasalari yuksak saviyada yoshlarimizga ilm berib kelmoqda. Yoshlarimiz o’z ilmiy darajalari bilan dunyo ahli lol qoldirayotgani ayni haqiqat. Lekin ta’lim borasidagi ilm olayotgan yoshlarimiz millatimiz aholisini ma’lum bir qismini tashkil etadi. Ta’lim olishga imkoniyati bo’lmagan va yoyinki ilmga ishtiyoqi bo’lmagan yoshlarimizning aksariyati qora mehnat istab kasb-hunarsiz chet elga jo’nab ketmoqda. Bu holat asosan iqtisodiy-moddiy kamchiligi bor, yordamga muhtoj oilalarda ko’p kuzatilmoqda. Har qanday davlatda ham aholining quyi tabaqasini asosan oddiy mehnatkash xalq tashkil qiladi. Bu jarayondan bizning yurtimiz ham mustasno emas. Endi aholining asosiy qismini tashkil qilayotgan oddiy xalq bu millatning asosini tashkil etishini unutmasligimiz kerak. Qolaversa, bitta o’zbekning o’zi bitta millatdir. Uning yaxshi tomoni ham, yomon tomoni ham butun boshli milliylikka birdek ta’sir qiladi. Har bir millat farzandi o’z millatini yuzi bo’lmog’i darkor. Misol uchun, O’zbekistonda butun boshli millatimiz o’z yurtida jannatda yashasa-yu bitta o’zbek chet elda xorlik azobida qullikka mahkum etilsa, bu holat jannat yurtning obro’sini puchga chiqaradi. Anglash lozimki, millatimiz ongida milliy tafakkurning uyg’otish fasli allaqachonlar etib kelgan.Millatimiz ongida  o’zlik tafakkuri, milliy e’tiqod, vatanparvarlik g’oyalari uyg’onmas ekan, bugungi davrning sharmandali qullik iskanjasidan chiqib ketishimiz juda qiyin kechadi.

Biz milliy e’tiqod nazariyasidan milliylik amaliyotiga o’tishimiz lozim. Biz o’z millatimiz haqida qanchalik faxrlanib gapirsak arziydi va uning mohiyati shu qadar chuqurki, tubiga etib bo’lmas. Biz tarixiy buyuk ajdodlarimiz yaratib ketgan milliylik udumlari haqida to’lqinlanib gapirgan bilan milliy g’urur va vatanparvarlik g’oyalariga amal qilmaslik, bu butun boshli millatning kelajagini yo’qotish bilan barobardir. Milliy g’oya, millat mafkurasi allaqachonlar yaratib bo’lingan. Uning qonunlari qonimizda mujassam. Faqat bu qonga infektsiya tushirmay, uni kelajak avlodlarga etkazmoq har bir millat vakilining burchi bo’lmog’i lozim. Inson qoniga infektsiya tushsa kasallik qo’zg’aladi va agar uning davosi tezda topilmasa vujud halok bo’lishi tayindir. Millat, milliylik ham shundaydir. Millatni asramoq kerak. Millatni qullik evaziga xastalantirish kerak emas. Millatni o’ldirish kerak emas. Milliy e’tiqod millat ko’zgusidir.

Tarixiy shijoat bilan kelayotgan milliy e’tiqod shajarasining bizning davrimizga kelib oqsoqlanib qolishi bu milatimizning kelajagini naqadar qorong’u  ekanligidan darak beradi. Davlat millatni asraydi, davlat millatni himoya qiladi. Millat o’z ichidan emirilishi bu chinakam fojeadir... Millat o’z milliyligini asrashi uchun avvalo millatning o’zi o’z milliyligiga intilishi kerak. Milliy g’urur har bir vatandoshning yuragida, qonida jo’sh urishi kerak.  Milliy mafkura, milliy o’zlikni anglash g’oyalari haqida radio, televidenie, matbuot sahifalarida ko’plab ko’rsatuv va maqolalar berilmoqda. Xalqimiz ko’proq milliy qadriyatlar yoyinki, ilmga emas, asosan chet el seriallariga bog’lanib qolgan. Ilmga, milliy o’zlikka intilish g’oyalari juda sust jarayonda ketmoqda. Biz o’zga millatlar udumlari haqida seriallar ko’ramizu, o’zimizning bebaho odatlarimiz haqida faxrlanmaymiz. Biz o’zgalarga havas qilib o’zligimizni unutib qo’ymoqdamiz. Agar o’zimizning milliy falsafamizni chuqurroq o’rganib uning mohiyatini anglasak, tushunamizki, dunyoning hech bir burchagida bizning udumlarimizdek bebaho xazina yo’qdir. Sobiq tuzum davrida uxlatib quyilgan millat mustaqillik, ozodlik davriga kelib uning ongida informatsion doiralar keng miqiyosda ochilib ketdi. Shu bois ham o’zga davlatlar urf-odatlari, hayot tarzi, axborot tizimlari yurtimizga shiddat bilan kirib keldi. Xalqimizning tarixi unutilgani bois ham ongimizning bo’sh qolgan doiralari ba’zi bir yot udumlar bilan to’ldirib qo’yildi.

Shuning uchun ham o’zlikni anglash g’oyasi bir oz qiyin kechmoqda, nazarimda. Hozirgi davr millatimiz bilimga chanqoq, lekin ular o’z yurtidagi udumlardan ko’ra ko’proq o’zga yurtlarning tarixi madaniyati va hokazolari haqida ko’proq bilishadi. Masalan, yoshlar tarixiy buyuk shaxslarimiz Jaloliddin Manguberdidan ko’ra ko’proq Jumong haqida o’ylashadi. Qo’llarida qilich ko’tarib o’zlarini Manguberdi emas, Jumong deb his qiladilar. Ana shunday Jumongcha harakat va hissiyotlar kelajak avlodning Manguberdilarini yo’qqa chiqaradi. Milliy g’ururni yuksaltirish uchun tarixiy, buyuk shaxslarimizni nomini ulug’lashimiz, ularning vatan himoyasi yo’lidagi qahramonliklarini yosh avlodning ongiga bosqichma bosqich singdirib borishimiz lozimdir. Hozirgi yoshlarimizda achchiq haqiqat bo’lsa ham aytish lozimki, mardona shijoat etishmaydi.

Vatan oiladan boshlanadi. Ostonadan boshlanadi. Davlat millatni himoya qilishi uchun jon koyitsa, biz davlat va millat himoyasi uchun nimjon va xayoli parishon manqurtsifat yigitlarni etkazib beramizmi? Xudo ko’rsatmasin, biron bir zo’ravonlik paydo bo’lsa ular jangchilik qobiliyatni qaerdan oladilar? Har bir oila vatan uchun davlatimiz himoyasi uchun zabardast yigitlarni etkazib bermoqqa mas’ul bo’lmog’i kerak. Zero, vatanni mardlar qo’riqlaydi. Armiyada chiniqadi, degan so’zlar haqiqatga to’g’ri kelmaydi. O’n sakkiz yilda chiniqmagan yigitni bir yil yoki bir oyda  chiniqtirish qiyin masala. Unday yigitlar qo’liga qurol olaman deguncha millat, davlat qo’ldan ketadi. Shu bois ham davlat himoyasiga, yigitlik burchini ado etish uchun chiniqqan holda bormoq kerak. Armiyaga o’rganish uchun emas, himoya uchun boradilar. Davlat sizni o’rgatib boqsa... Uni kim himoya qiladi. Yigit kishi xizmatga boriboq chegaradan mustahkam o’rin egallab, himoyada bardam va mardona tura olishi kerak. Davlat armiyani boqimandalik uchun tashkil etmagan, aksincha himoya qilish milliy chegaralarni asrash qonuni asosida tashkil etgan. Demak, har bir yigit vatan himoyasi haqida yoshligidanoq o’ylashi kerak. Buning uchun oilada sog’lom muhit, milliylik g’oyalari, vatanparvarlik tuyg’ulari jo’sh urib turishi kerak. Har bir oila o’z farzandiga milliy g’oyani uning yoshligidanoq ongiga singdirishni kasb qilmog’i lozim. Xuddi chaqaloq tug’ilgach, uning qulog’iga azon ayttirganimiz kabi milliylik tuyg’ularini o’sha onlardanoq singdira boshlashimiz kerak.

- Sen o’zbeksan, sen mardsan, o’zbekni hech bir millat sindirolmagan. Sening ajdodlaring buyuk shaxslar o’tgan. Ajdodlar izidan borib mardligingga sodiq qolishing kerak. Vatan millat sha’niga dog’ tushirishing oq sutimni harom bo’lgani bilan otangning oq qilgani bilan tengdir. Birinchi vazifang vatanparvarlik, xalqparvarlik, millatparvarlik bo’lmog’i lozim. Sening har bir qadamingda shijoat vatanga mehr-muhabbat bo’lmog’i kerak, milliy e’tiqod yuragingni tomiriga aylansin, vatan mehri millat sha’ni bilan nafas olmog’ing kerak, har bir nojo’ya harakating millat, vatan, oila sha’niga dog’ tushirsa senday farzand bizga munosib emas, xalqning nafratidan yiroq turmog’ing kerak, millat udumlarini ko’z qorachig’ingdek asra, milliy qadriyatlari, madaniy meroslarini himoya qil. Vatan uchun joningni fido qilsang biz ham, vatan ham, el-yurt ham, millat ham sening nomingni faxr bilan tilga oladi. Noming o’chmaydi. Vatan, el manfaati barcha ishlardan ulug’dir. Agarkim, sen vatan, millat sha’nini oqlay olmasang vatangadolikka mubtalosan. Sen vatanga munosib farzand bo’lmasang, vatan, non sen uchun haromdir. O’z millatingni, o’z qoningni, o’z joningni himoya qilishga hamisha tayyor turmog’ing lozim. Ana shunda sen  chinakam millatparvarsan, vatanparvarsan...

Jumlalarimiz juda uzoq emas... Lekin olam-olam ma’no bor. Ana shunday qisqa jumla va cheksiz ma’noni farzandlarimiz ongiga singdirib borsak, milliy o’zligimiz davom etaverib, uning tobora kuch-qudratga to’lishiga shubhamiz yo’qdir.
Bizning davr aksariyat xalqimizni ko’proq milliylikdan ko’ra pul qiziqtiradi. Pul topishning ham o’ziga xos yo’llari bor. Pul topmoq kerak, faqat o’zga yurtlarga qullik qilish, vatan, millat sha’niga dog’ tushirish evaziga emas.

Hozirgi yoshlarimizning aksariyati nega armiya xizmatiga oshiqishadi. Buning sababi asosan sidqidildan vatanga xizmat qilish emas, aksincha davlat grantlaridan ustamonlik bilan foydalanish, kelajak hayotida katta mansablarni egallash va boylik ilinjidir.

Biz mehnatkash yigitlarimizning o’zga yurtlardagi qulliklariga o’rganib qoldik. Bu holatni indamaygina qabul qila boshladik. Ammo bokira qizlarimizning aldanib o’zga yurtlarda fohishalikka jalb qilinayotgani kechirilmas holatdir. Bu o’zligini yo’qotmagan millat uchun chinakam sharmandalikdir. Bu holat bilan hayo pardasi ko’tarilgan o’z ixtiyori bilan chet elga pul uchun ketayotgan ba’zi qizlarning o’z yurtlariga turli xil kasalliklarni yuqtirib kelishlari undanda ayanchli holatga aylanmoqda... Millatning bag’ri kengligi, odamoxunligidan foydalangan ba’zi vatanfurush vatandoshlar sodda, pulga muhtoj qizlarga yog’li ishlar va’da qilgan holatda chet elda fohishalikka majbur etadilar... Har bir oila o’z farzandi uchun mas’ul bo’lmog’i kerak emasmi? Bunday sharmandalikka oilaning o’zi sababchi bo’lib tursa nega davlatni qoralashimiz kerak. Yo davlat majbur qilmoqdami? O’z yurtimizdagi imkoniyatlardan qochib sharmandalikka ketmoq kimga kerak.

Aybni ko’proq o’zimizdan axtarmog’imiz kerakka o’xshaydi. Agar farzandga milliylik g’oyalari singdirilgan bo’lsa u millat sha’niga dog’ tushirishni o’limga teng biladi. Biz milliy g’ururni qullik bilan isbotlayapmizmi yoki tarbiyasi bo’lmagan, boylik ilinjida pul ortidan quvib chet ellarda fohishalik qilayotgan qizlar bilanmi? Biz qachon o’zlikni anglaymiz? Bizning bunday harakatlarimiz tarixiy ajdodlar obro’siga munosibmi?

1. Bizning o’zga millatlar orasida milliyligimizni ajratib turuvchi milliy liboslarimiz, milliy do’ppilarimizni Evropa madaniyatiga almashib qo’yishimizning o’zi kechirilmas holatdir. Milliy liboslar millat ko’zgusi, millat sha’nidir. Uzoq moziydan to hozirgi davrlargacha bizning liboslarimiz milliylik udumlariga xos ravishda maftunkor bir uslubda yaratilganki, uning jozibasi har qanday millatni lol qoldirib kelgan. Nega shunday jozibani tark etib, Evropaning yalang’och madaniyati ortidan ergashishimiz kerak. Nega milliy o’zligimizni anglatib turuvchi asl liboslarimizdan yuz o’girishimiz kerak. Anglash lozimki, toki millatimiz milliy liboslarimiz xazinasini qayta kashf etib uning jozibasiga burkanmas ekanlar, milliylikdagi asl qiyofamiz borliq olamga o’zining maftunkor jozibasini namoyon etolmaydi.

2. Nega milliy tilimizga turli tillar urg’ularini aralashtirishimiz kerak.

Tilni buzib gapirmoq bu millatga bo’lgan hurmatsizlikdir. Millatni mensimaslikdir. Tilni mensimaslik holati ayniqsa qo’shiqchilik sohasida ko’proq uchramoqda. Bir qator she’rda turli xil bachkana so’zlarni o’zbekchaga aralashtirish, bu milliy til madaniyatini buzishga urinishmi yoki shu yo’nalish, bachkanalik orqali obro’ orttirishmi? Bitta buzg’unchining bachkanaligi butun bir millatning madaniy hayotini belgilab qo’yishi mumkin holatdir. Nima bu? Yangi o’zbekchilikmi? Adabiy til madaniyatiga hurmatsizlik evaziga milliy madaniyatga putur etkazmoq kimlarga kerak bo’lib qoldi?

Milliy til tilimizda, dilimizda bo’lsin...

O’ylab ko’ring, vatandosh.

Siz buyuk millatsiz, buyukligingizni unutmang. Siz ulug’ millatsiz, ulug’ligingizni unutmang. Siz Kubrosiz, Manguberdisiz, Kubroligingizni, Manguberdiligingizni unutmang... Ozod yurtni obod qilib yashash millatimiz sha’nini ulug’laydi. Obod va ozod yurtda millat sha’nini ulug’lab yashash har birimizga nasib etsin.

Ollohimizga hamdu sanolar bo’lsin! 

YANGILANISHLAR

MAHSULOTLAR

Media-mahsulotlar pochta orqali

SAYT XARITASI

STATISTIKA