TOIFALAR

QATRON

SHOGIRDLARNING SHARXLARI

NURSAFARDIYYA
ISH FAOLIYATI

QIDIRUV

HAMKORLAR

Mashaqqatli saxovat...

Muallif: ---

Joylashtirish vaqti: 2011-07-15

Bilasizmi, qarshimda turgan purviqor tog’larga qarab turib, shayx Nursafardiyning tabiblik borasidagi kasbi naqadar sermashaqqat va o’z o’rnida o’ta xavfli ekanligiga shaxsan guvoh bo’lib turganimni bayon qilmoqchiman. Ha, men ustoz bilan o’t-giyoh terish mavsumini birga o’tkarmoq niyatida ana shu purviqorlik qarshisida xayolga berilib qoldim. Bu erlarni jannatga qiyoslash mumkin. Lekin qorlarni bag’riga quchib yotgan bu jannatning qo’ynidan inson qadami etmagan to’rt ming sakkiz yuz metr balandlikdagi o’ta kuchli o’t-giyohlarni terib tushmoq do’zax azobiga tengligini his qildim.Tasavvur qilyapsizmi, to’rt ming sakkiz yuz metr balandlik. Toshkentda ellik gradus issiq, odamlar salqin joy izlab turgan bir paytda, saratonning qoq o’rtasida qorlar bag’rida  qalin kiyinib sovuqda burishib o’tiribmiz. Hoynahoy, bizga havas qilib turgan bo’lsangiz ajab emas. Kechirasiz, biz hayot va o’lim orasida turibmiz.  Bemorlarning kasaliga shifo izlab ustoz bilan chiqib kelgan manzilimizdan pastga qarasangiz yuragingiz zirqirab ketadi. Bu erda engil nafas olishning ham imkoniyati chegaralangan. Bosim kuchli. Biz yuqoriga chiqib kelayotib tik qoyaga duch keldik va  faqatgina mana shu  joy bizni kerakli giyohlar sari olib  borardi. Ustoz xavfli bu yo’ldan birinchi bo’lib chiqa boshladilar. Menku birinchi marta bunday qaltis manzil sari chiqmoqdaman, lekin  ustoz va u qishining shogirdlari har yili mana shunday mashaqqat guvohi bo’lishlarini his qilib,  to’g’risi yuragim uvishib ketdi. Yuqoriga ko’tarilishdan oldin ustoz har birimizga o’ta hushyor bo’lishimizni tayinladilar. Biz Men, Hasan, Ulug’bek  birgalikda yuqoriga chiqa boshladik. Ustozning bir necha yillik tajribalari qo’l kelib, xavfli daradan bir muddat o’tib tepaga chiqib oldilar. Va har daqiqada hushyor bo’lishimizni tayinlab turdilar. G’ayrat va Ulug’bek ortlaridan chiqib borishdi. Faqat Hasan va men... Tepaga o’n besh metrlar qolganda tikka qoyada Hasan  taqalib to’xtab qoldi. Ortidan uch metrlar chamasi men qoyaga yopishib unga qarab qoldim.

Na oldinga va na ortga yo’l yo’q. Nima qilishni bilmay ortimga qaradimu, bir kilometrlik jarlik ustida o’lim meni kutib turganini his qildim. Chiqishdan oldin ortimga qaramabman. Tikka jarlikda Hasan ikkalamiz yopishib turibmiz. Bilasizmi, men shu erda o’limni ko’rdim. Ikkita oyog’im ikkita toshga ilinib turibdi . Qaltiray boshladi. Mendan uch metrlar yuqorida turgan Hasanjon joyidan qimir etolmaydi. Yuqorida turgan ustoz va yana ikki shogird zudlik bilan bellaridagi arqonni echdilar, ammo etmadi, uch metrlar etmadi. Endi najot ustozning duolariyu Xudoning irodasida edi. Hasanjon ikki qadam oldinga siljidi. Men bir qadam tashlab bir-biriga yopishib qolgan qatta tosh soyasida gavdamni tutib tagiga o’zimni olishga harakat qildim. Chunki mendan tepada turgan Hasanning har bir qo’ygan qadamidan toshlar  ko’chib kela boshladi. Bir qadam qo’ysa, toshlar oqib kelayapti. Yaxshiyam kattaroq qoyaning tagida jon saqlab turibman. Ustimdan toshlar galasi yomg’irday quyildi. Oyoqlarim qaltirab hozir qulayman degan xayolda  ko’zlarimni yumdim. Ustozning ovozlari eshitildi.

- Ehtiyot bo’linglar... Yigitlar hozir tushaman...

Ustoz toki arqon etguncha xavfli qoyadan ancha pastlab arqonning bir uchini Hasanga etkardilar... Uni chiqarib olishdi. Men esa yana ikki qadam oldinga siljimog’im kerak edi... Qoyadagi toshlar juda omonat, qadam qo’yilsa bas ko’chadi... Quyilib keladi.

Ikkita omonat tosh turibdi, ana shu ushlasa chiqaman, ushlamasa pastga qulayman. Boshqa ilinj ham, umid ham yo’q... Ustoz aynan shu toshlarga oyog’imni qo’yishimni va sal yuqorilashimni aytdilar. Pastga qarasam bosh aylanadi. Bu erdan yiqilgan odamning o’nta suyagidan bittasi qolmaydi. Siz his qilayapsizmi? Bu erda insonning hayoti nafaqat mening, balki etti sakkiz insonning hayoti ko’ndalang turibdi. Ustozga shu hayot shu mashaqqat, shu azob kerakmi aslida... Xalq dardiga, el dardiga malham bo’laman deb millat sog’ligi yo’lida ana shunday o’zining shirin hayotini o’limga tenglab tog’lar bag’rida yonib kuyib yuribdi. Men ana shunda ustozni qadrini angladim. Ko’zlarimga o’lim ko’rinib turganida ustozning mashaqqatlari naqadar og’irligini angladim. Men ustozga umid ko’zlari bilan qaradim.

- Shu erda o’lsam kerak ustoz...

- O’zingizni qo’lga oling, ana o’sha ikkita toshga oyoq qo’yasiz, arqongacha harakat qiling, endi...

- Omonat, ko’chib tushadi, ustoz.

- Sizni duo qilaman... Bo’ling...

Ko’zlarimni yumdim, xudodan umr tiladim, sekin o’rgimchak singari toshga yopishib oldinga sekin qadam ko’tardim, birinchi tosh ko’chib mingtasini so’rib ketdi, pastga qaradim, toshlar do’l singari yog’dilar...

Ustozning tillaridan duo tushmadi. Peshonamdan ter quyilardi. Nihoyat ikkinchi toshga ilinib, arqonning bir uchini zo’rg’a ilib olib, tosh ko’chganiga qaramay osilib qoldim. Ustoz arqonni mahkam tutib olganlar. U qishining oyoqlaridan Ulug’bek, G’ayrat va Hasan tutib olgandilar. To’rt ming sakkiz yuz metr balandlik. Yuqoriga chiqdimu onamdan ikkinchi marta tug’ildim, to’g’risi. Men dunyoga ikkinchi marta tug’ildim. Jon ham shunaqa shirin bo’ladimi? Hammamiz engil nafas oldik. Bu erda esa yam-yashil  quyoshning ultrabinafsha nurlariga to’yingan har qanday kasallikka davo bo’ladigan o’t-giyohlar bemorlarni kutib shifo tarzida o’sib yotibdi. Biz ularni bir muncha dam olganimizdan so’ng terib yana qoplar bilan ming bir azobda pastlaymiz. Ikkinchi xavfli holat nimada edi. Ancha pastlab elkamizda og’ir qoplar bilan tushayotgan edik, tepada yovvoyi echkilar galasi o’tlab yurgan ekan...

Kutilmaganda ustozning, chetlan, degan ovozlaridan ortimizga qarasak, toshbo’ron oqib kelayotganiga ko’zimiz tushdi.

- O, Hasan...

Kutilmaganda baqirib yuborganimni hatto sezmay qoldim. Quchoqqa sig’maydigan tosh sal qoldi uni urib pastga qulatib yuborishiga. O’zini bor kuchi bilan qutqardi, nazarimda. Yuqoridan bitta tosh qulasa, toki pastga tushguncha mingta toshni urib tushirarkan. Katta bo’lmasada, kichik tog’ ko’chkisi chindakam hayotimizga xavf solib o’tdi. Engil nafas oldik. Qarshimizda ko’kka bo’y cho’zib turgan purviqor tog’lar nafaqat o’zining tengsiz go’zalligi, balki o’ziga xos xatarligini ham bizga namoyon qilib turganini his qilib turardik. Biz yuqoriga chiqishdan oldin to’rtta  sharsharani bosqichma-bosqich chiqib bordik, bir-biridan go’zal tabiatning chinakam, nafaqat tabiat, aslida Yaratganning chinakam mo’’jizasiga guvoh bo’lgandik. Men, hatto kamera qarshisida turib, - odamlar biz Toshkentning Bo’stonliq tumanidagi purviqor tog’lardan jannatni topib oldik, - deya gapirib ham qo’ygandim. Lekin yuqorida nima voqealar ro’y berdi nazarimda, o’zingiz hikoyamiz asosida his qilib turibsiz.

Quyida bizni Gaz oltmish olti kutib to’rardi. Yuqoridan ming azobda olib tushgan yukimizni mashinaga ortib yo’lga tushdik. Yana qancha yo’l yurish kerak. So’qmoq yo’llardan  mashinamiz sokin ketib boradi. Bir yuqoriga bir pastga qarab, bir tubsiz jarlik yoqasidan yuragimizni hovuchlab o’tamiz. Xullas, mana shunaqa gaplar. Qiyalikdan mashina yuqoriga ko’tarilayotib to’xtab qoldi... Ortga tisarildi. Shuhrat haydovchimiz tormozga oyoq bosdi... Afsus... Tormoz ishdan chiqqan ekan. Ustoz pastga sakrashga buyruq berdilar. Faqat Shuhrat mashinani tark etmadi. U qanday bo’lmasin mashinani to’xtatib qolmoqchi edi. Bo’lmadi... Mashina ag’darildi... Hammamiz yurak hovuchlab Shuhrat yotgan kabina tomon yugurdik. Shukr Shuhrat jarohatsiz sudralib kabinadan chiqib, ust-boshini qoqib oldi-yu, ustozga xijolatda qaradi. To’g’risi ustoz uni urishib berdilar... Haliyam mashina archa daraxtiga urilib ag’darildi. Pastdagi jarlik tomon qulaganda nima bo’lardi. Mashina benzin baki yorilib yoqilg’i tukilardi. Shu erdan o’tgan yo’lovchi kino olayapsizlarmi, tryukchimisizlar, - deya hazil qilganda, ustozning yanayam jahllari chiqib ketdi.

Biz xalq salomatligi yo’lida shunday azobda yursagu, shu ham gapmi. Ming azobda traktor gaplashib yuqoriga olib chiqqancha mashinani o’ngladik.

Bu yo’llar ajib yo’llar. Ba’zi joylarga mashina bormasa, eshakda borishga to’g’ri keladi. Tog’ darasi bo’ylab o’ttiz kilometr yurib borish kerak. Qunduzi saraton oyi, harorat issiq bo’lgani tufayli kechasi yo’lga chiqamiz. So’qmoq yo’llar tepaliklar, tog’ yon bag’rida manzilga qadar anhor shovullab oqadi. Kechasi har bir qo’ygan qadamingiz xavfli. Sal toyib ketsangiz, yuz metrlar chamasi pastga qulaysiz. Har bir daradan yurak hovuchlab o’tamiz. Yuqorilaganimiz sari eshaklar imkonsiz to’xtab qoladilar, yurolmaydilar. Eshak yurolmasa, piyoda. Katta xarsanglarda oyoqlar qiyilib yuqoriga ko’tarilamiz. Tog’u toshlar kezib yo’lda suhbat quramiz, yashab turgan qishlog’imizni hangomasi qiziq. Nega deysizmi...

Qishloqda eshak topishning ham imkoniyati chegaralangan. Bir qishloqda yashaymiz. Odamlari yomon emas, lekin eshagingizni berib turing shundoqqina yukimizni uygacha olib kelaylik desak, hech biri unamaydi. Em-xashak tashib turuvdik, vaqt yo’q deyishadi. U yog’ini so’rasangiz, ko’cha to’la daydi eshak. So’ramasdan olishga yurak betlamaydi. Oxiri ko’chadagi ikki-uch eshakni so’roqsiz haydadik. Mayli, xalq yo’lida ayb bo’lmas dedik. Axir egasini ham tanimasdik-da. Baribir ming xijolat bilan yukimizni olib keldik va ustozni topshiriqlari bilan ma’lum miqdordagi pulni o’rab har bir eshakni bo’yniga o’rab qistirib qo’ydik. Xizmat haqqi, - dedik. Egasi topib olar.

Bir gal yuqorida cho’ponlar turgan o’tovda shishalarda tayyorlangan giyohlar siropini olib kelmoq uchun eshak izlab ancha sarson bo’ldik. Asosan tojiklar yashaydigan mahallada eshak topish mushkul bo’ldi. Oxiri bir insonni rozi qildik... Faqat eshagi bilan birga o’zi qo’shilib bordi. Bizga ishonmadi, shekilli.

Ustoz Iloh yo’lida yurgan inson bo’lganlari uchun ilohiy bir xirgoyi bilan ketib boradilar.

Man bir yor istadim, ul yorni anglamaslar,
Borliq ichra yo’qdur, lek borni anglamaslar.

Ishqi ash’oridan to’kilib ketdi, ko’zda yoshlarim,
Devona vaslida yondim kabi, man zorni anglamaslar.

Ustoz Iloh yo’lida turgan shayxlik libosidagi avliyo insondir. Ilohiy ilm ustozi quvvatiy yuqori darajada tursalarda, odamlar orasida kamtarin, ezgulik yo’lida hamisha hoziru nozir turadilar. Xalq yo’lida tinim bilmas ana shu inson, insonlar dardiga malham izlab tog’u toshlar kezib yuribdi. Voqeamiz rivoji esa...

Aksiga olib o’tovdan qaytishda eshakning oyog’i toyib o’ttiz metrlar chamasi jarlikka shishalar bilan qulab ketdi, deng. Ana endi, tojik akamizning ahvolini ko’ring,

- haram murde memuram, memuram - degancha baqira ketdi.

Ustoz jimgina turib unga o’girilgancha yupatdilar.

- Xavotir qilma birodar, eshagingga hech narsa qilmaydi.

Pastga tushdik... Endi eshakni qo’ya turaylik, sog’-salomat, qizig’i shundaki, shishalarning birortasi sinmagan edi. Toshlar aro o’ttiz metrdan qulagan shishalarning birortasi sinmasa. Kamina bu holatdan hayratda edim. Haligi tojik birodarimiz ustozga o’girilgancha qo’lini ko’ksiga qo’ydi...

- Siz avliyo ekansiz, ustoz...

Mana shunaqa gaplar. Kamina bir oylik mavsum doirasidagi sarguzashtlarni bir qismini yozdim, xolos. Ustoz bilan yurgan yo’llarim, kechirgan kunlarim lo’nda qilib aytganda, ekstrimal hayot bir umr yodimda saqlanib qoldi.

Turli xil noyob o’t-giyohlarni ming mashaqqat bilan manzilga olib kelgandan so’ng ish bitdi, - deb o’ylarsiz. Giyohlarni tayorlash ishlarida qatnashmasam ham tayyorlov jarayonini kuzatib guvohi bo’ldimki, mashaqqatni asli endi boshlanarkan.

Meni hayratga solgan narsa shu bo’ldiki, o’t-giyohlar maxsus preparatlardan o’tkazilib, tayyor holatga keltirilgandan so’ng shaxsan ustozning ishtiroklarida barcha o’t-giyohlarga duo orqali ilohiy shifo quvvati kirgizilarkan. Bu holat yarim tunda zikr holatida ro’y beradiki, ilohiy duolarga to’yingan giyohlarni iste’mol qilgan bemor, albatta, dardidan forig’ bo’ladi. Axir qancha- qancha bedavo dardlarga yo’liqqanlarning shifo topib ketganlaridan shaxsan o’zim guvohman...

Ana shunaqa gaplar. Siz qo’lingizda tutib dardingizga shifo bo’ladigan, umid bog’laganingiz o’t-giyohlar shunchaki oddiy giyoh emas, balki insonlar hayoti garovi evaziga kelgan va ilohiy quvvatlarni o’z ichiga singdirgan noyob va beqiyos shifo ilinjidir.

Kamina ustozga mashaqqatli, o’z o’rnida qiziqarli sayohat uchun cheksiz minnatdorchilik bildirib xayrlashdim. Ul zot yana bir muddat qolishim mumkinligini aytganlarida to’g’risi e’tirozimni yashirolmadim. To’g’risi bu kabi mashaqqatlarni chidaganga chiqargan. Bunday ekstrimal hayotda yashab, xalqning dardiga malham bo’lmoq, kasbini tanlagan ilohiy ustozga tasannolar aytgim keldi.  Agar imkoniyatingiz bo’lsa, siz ham ustoz bilan to’rt ming sakkiz yuz metr balandlikka chiqib giyohlar terish mavsumiga bir qatnashib ko’ring, ana shunda ushbu dorivorlarni naqadar bebaholigiga ishonch hosil qilib, ularni ko’zingizga surtib ichasiz.

Shohrasul... Samarqand shahri
       
2011 yil. 10 iyul
.

YANGILANISHLAR

MAHSULOTLAR

Media-mahsulotlar pochta orqali

SAYT XARITASI

STATISTIKA