TOIFALAR

QATRON

SHOGIRDLARNING SHARXLARI

NURSAFARDIYYA
ISH FAOLIYATI

QIDIRUV

HAMKORLAR

Soxta sadoqatlilik ham evi bilanda yoxud olim bolish oson...

Muallif: ---

Joylashtirish vaqti: 2011-01-03

... Men chiqargan narsani hech kim tushurolmaydi,
    Men tushurgan narsani hech kim chiqarolmaydi...
(Qur’oni qarimdan)  

Biz, bizga otilayotgan tuhmat toshlarining nafasidan sezdikki, har qancha tasavvuf haqida gapirsak mumkin ekanu, lekin tasavvuf yo’liga kirish ta’qiqlangan ekan.
Siz olim sifatida tasavvuf haqida og’iz ko’pirtirib so’zlabsiz, lekin tasavvuf ichida emassiz. Siz so’fiy bo’lmay turib, ilohiy ishq mayidan totimagan holda, mashaqqat, riyozat sarhadlariga o’tmasdan burun tasavvufni suv qilib ichganday so’zlabsiz. (lekin olimligingizni tan olamiz)


Davlatimiz rahbariyatiga ming bora rahmat va tashakkurkim, tasavvuf ilmini yuksakka ko’tardi. Mabodo, aksi bo’lganda aniq bilamizki, siz muhtaram zot tasavvufni o’n chandon qoralab chiqqan bo’lardingiz. Qizil imperiya hukm surgan davrda nega tasavvuf haqida baralla gapirmadingiz. Siz uchun tasavvuf shunchalar qadrli ekan, nega o’zingiz bu yo’lni ixtiyor etmadingiz? Qizil imperiya davrida nega sukut saqladingiz? Aniq bilamizki, u davrlarda siz kommunist partiyaga hamdu sanolar aytardingiz. O’sha hamdu sanolar aytib yurgan kezlaringizda biz darvesh bo’lib ilm izladik.


Hukumatimizga rahmat tasavvuf ilmiga keng yo’l ochib berdi. Sizga o’xshagan olimlar to’nini teskari kiyib tasavvufchi bo’ldilar. Tasavvuf cheki chegarasi bo’lmagan ilmdir. Bu yo’lda so’fiylar o’ziga xos falsafalariga ega bo’lganlar. Siz qoralagan tarki dunyochilik so’fiylikda yo’q emas. Bu ham o’ziga xos falsafadir. Lekin biz xalq ichidamiz va tarki dunyochilikni hech qachon targ’ib qilmaganmiz.


Biz vatanda vatanparvar bo’lmoqni niyat qilganmiz. Hukumatimizni siyosatiga hurmat ko’zi bilan qaraymiz, millatni sevamiz, xalqning hurmatida to’ramiz. Bizni qandaydir oqimga, yoyinki missionerlikda ayblashga haqqingiz yo’q. Tuhmatni Alloh kechirmagay.


Tasavvufchi bo’lgan kuchli olimlarimizning ba’zilari sobiq tuzum davrida ateizm quroli ostida dindorlarimizga qarshi kurashib, yashirincha qabristonda namoz o’qib ibodat qilganlarida qo’llaridan Qur’onni tortib olib uloqtirganlaridan ham xabarimiz bor.
Biz shu yurt farzandimiz, kindik qonimiz shu vatanda to’kilgan. Shu aziz vatanga, millatga xizmat qilmoqni kamtarona falsafamiz orqali jazm etdik.


Siz janob olim qaysi faktga asoslanib, bizni missionerlikda ayblayapsiz. Anglash lozimki, har qanday tuhmat ham gunohdir. Biz o’zga millat vakili emasmiz. Tashqaridan kirib kelgan holda har qanday madaniyat yoxud falsafani millatga tiqishtirib, millatning milliy ma’naviyatidan chalg’itishga hech kimning haqqi yo’q. Biz shu vatan, shu millat farzandimiz va vatanimizga sodiqligimizcha qolamiz. Biz o’zga yurtdan kelib qolgan vatansiz emasmiz. Biz xalq ichidan chiqdik. Siz janob bizni missionerlikda ayblab tuhmat toshini otibsiz.


Nasimiyni kim o’ldirdi, Mashrabni kim dorga tortdi. Qodiriy, Fitrat yoxud Cho’lponni kim o’ldirdi? G’arazgo’ylar o’ldirmadimi? Tuhmat o’ldirmadimi?


Biz millatga, elga xizmat yo’lida tursak-u, mehr-oqibatli bo’laylik, komil, mukammal bo’laylik deb jon koyitsak-u, bizning kamtarona falsamiz sizga og’ir botdimi?
Tasavvuf yoxud tariqat diniy oqim emaski, hamma yoppasiga kirib ketadigan. Tasavvuf asrlar osha bitta yoyinki ikkita buyuk avliyo chiqishi mumkin bo’lgan falsafadir. Bu muqaddas yo’lning riyozatiga har kim ham bardosh berolmaydi.
“Tasavvufda pirsiz ish ko’rish mumkin emas”, - deb so’zlabsiz. Butun umrini ilohiy ilmga bag’ishlagan kishigina piru avliyo bo’ladi. Mustabid tuzumdan keyin mustaqillikka erishganimizga yigirma yil bo’layapti. Tasavvufni anglaganingizga hech qancha vaqt bo’lmadi. Sizningcha o’sha pirni qaerdan topsak bo’ladi? Yurtimizda siz tan olgan pir bo’lsa ayting, borib tabarruk etaklaridan tutaylik. Nazarimizda siz o’zingizdan boshqa hech kimni tan olmaysiz. Bundan kelib chiqib demoqchimizki, bizda pirlar yo’q, demak tasavvufga kirish mumkin emas. Kim bu olamda mukammal bo’lib tug’ilibdi? Hammasi asta-sekinlik bilan ro’yobga chiqmaydimi? Tarixda bir necha falsafalar vujudga kelgan. Hali yo’qolib ketganlari ham yo’q emas. Xalq yaxshi-yomonni o’zi ajratib oladi. Biz millatimizni mukammalligi uchun xizmat qilmoqchimiz. Tariqatimiz vujudga kelganiga aslida yigirma yil bo’ldi. Minglab shogirdlarimiz vatan, xalq va davlatimiz xizmatidadir. Aytingchi, shu yigirma yil mobaynida birorta shogirdimizni Nursafardiyya bayrog’ini boshi uzra ko’tarib, vatanga xiyonat qilganini ko’rdingizmi? Bizning maqsadimiz komillikdir. Komil inson vatanini sevadi, millatiga munosib xizmat qiladi, el oldida ustozini yuzini yorug’ etadi.


Siz tasavvufchiman deb olimlik imkoniyatingizdan foydalangan holda, bizning vatanga, millatga bo’lgan e’tiqodimizni sindirishga haqqingiz yo’q. Tasavvufga baho berishdan oldin uning riyozatini tatib ko’rmoq kerak. So’fiyni so’fiy tushunadi. Ilohiy ishq mayini tatigan, tunu kun Haq yodida yurgan oshiq tushunadi. Iloh nasib etmaganda bu falsafa vujudga kelmagan bo’lardi. Bizning ustimizdan tuhmatlar uyushtirib millatni, xalqni, davlatni bizga qarshi qo’yganlar, inshoolloh, Xudoning g’azabiga uchragay.


Biz ezgulik yo’lidamiz. Hammasiga Yaratgan guvohdir. Bizning kamtarona falsafamizdan ayb axtarib uni qoralashga bu ilmni tushunmaganlarning haqqi yo’qdir. Beayb parvardigor. Bandasi baribir xato qiladi. Tarixda yashab o’tgan avliyolar ham yuzlab kitoblar bitganlar va ularning eng saralari tanlab olingan va bizgacha etib kelgan. Xatolik o’tganni xalq qabul etmagan... Hech bir inson dunyoga mukammal bo’lib tug’ilmaydi. Biz o’zimizni avliyo atasak, keyin falsamizdan ayb izlsangiz yarashadi. To’rt qator misramizdan ayb qidirib, butun boshli ezgulik g’oyalarimizni yo’qqa chiqarish Xudoga ham xush kelmas.


Bir misramizda, “O’qing mening hikmatlarim ma’nosi yo’q” – degan edik.


Biz avliyo emasmizu, janob tasavvufchi olimimiz ham yaxshi bilsalar kerak, avliyolar dunyoni ma’nosiz derlar. Endikim, butun boshli dunyoda ma’no bo’lmagan, to’rt qator misramizda ma’no nima qilsin. Dunyoni har neki buyuk so’zlar bilan ta’rif etmaylik ma’nosizdir. Unda faqatgina ishq daldasidan o’zgasi bekordir. To’rt kunlik dunyo kimga vafo qilibdi. Siz janob olim misramiz ma’nosini anglamabsiz, yoyinki siz dunyodan ma’no topgansiz. Boshqacha bo’lishi mumkin emas. Biz hikmat bitdik, xatodan holi emasdir... Ma’naviyatimizni boyitishga xizmat qilayapmiz. Siz ham ma’naviyatimizni asrash ilinjida ekansiz, bizning millatimizga bo’lgan ezgu mehnatlarimizga tosh otgandan ko’ra, bizning kamtarona falsafamizni missionerlikka yoymasdan, televidenieda namoyish qilinayotgan yarim yalang’och kliplarga, chop etilayotgan behayo kitoblarga e’tibor qaratib, xolis fikringizni aytsangiz bo’lmaydimi?

  
Biz hikmat so’zlasak tuhmat toshi otasizu, nega ularga nisbatan jimsiz? Aynan o’sha yarim yalang’och madaniyat milliy qadriyatlarimizni buzmagan, bizning hikmatlarimiz buzdimi? Qancha-qancha saviyasi past kitoblar pul evaziga nashr etilmoqda, saviyasiz fil’mlarchi? Nega ularga nisbatan jimsiz?


Biz, “Haqni so’ying odamlar”, - desak yomonmizmi? Fikringizni qanday anglasak bo’ladi. Texnik taraqqiyot rivojlandi. Odamlar Ilohdan yiroqlashgan talato’p zamonda, “Haqni yoddan chiqarmaylik, taraqqiyot ham Iloh ne’matidir, Alloh yodi bilan yashaylik”, - desak sizga og’ir botdimi?


Mashrabu, Nasimiyni sizga o’xshagan tasavvuf tahlilchilari o’ldirmadimi? Endi bizga nisbatan tig’ ko’tarayapsizmi? Siz tasavvuf ichida, so’fiylik riyozatida Haq yodi bilan yashab yurganlarni terroristik guruhga yoymoqqa jazm etibsiz. Bu bilan siz tasavvufni terrorizm bilan teng ko’rmoqchimisiz?


Siz, bu guruh avomni o’ziga ergashtirishi mumkin, - deysiz. Mustabid tuzum davrida millat avom qilingan edi. Mustaqillikka erishganimizga yigirma yil bo’layapti. Sizningcha bu millat hali hamon avom ekanda? Siz olimsizu, millat avom ekanda? Sizningcha, davlatimizning ta’lim to’g’risidagi dasturlarining shuncha yillik mehnatlarini ahamiyati yo’q ekanda. Siz janob olim millatni, xalqni avom demang. Agar ilmingiz osmon qadar bo’lsa ham xalqqa avom nazari bilan emas, xalq ko’zi bilan qarang. Buyuk millatni avom deb olimligingiz bilan maqtanmang.


Biz hikmat so’zlasak, siz avomni chalg’itmoqda deb jar solib, millatni e’tiqodsizlikda, og’machilikda avom sifatida ko’rsatayapsiz. Xalqimiz siz o’ylaganchalik avom emas, zukko millatdir. Biz xato qilsak yuzimizga aytadilar. Siz olimchalik o’z millatdoshini bir necha tilda jurnalga chop etib, o’z vatandoshining yuziga loy chaplamaydilar.
Ba’zi arab yoyinki turkiy davlatlarda behayo fil’mlarning reklamasi yo’q emas. Nega ular behayolikka berilib ketmaydilar. Chunki ular o’z e’tiqodlari yo’lida mustahkamdirlar va bunday narsalarga beparvo qaraydilar.


Biz kamtar hikmat so’zladik, sizningcha biz xato yo’ldamizu, xatoyimizni anglagan holda, millat bizga ergashib ketayotganday. Bu bilan siz millatni avom tarzida ko’rib, butunlay e’tiqodsizlikda, og’machilikda ayblamoqchimisiz?


Naqshbandiyya tariqatining vujudga kelganiga besh asr bo’ldi. Besh asr Turon zamin Naqshbandiydan so’ng mukammal tariqat ko’rmadi. Demak, sizningcha ilohiy bu zaminda tariqatning umri tugabdida. Tariqat bu yo’l emasmi? Ma’lum bir falsafa emasmi? Naqshbandiy hazratlari, “qo’ling mehnatda bo’lsin, qalbing Ilohda”, - deganlar. Biz, “Haq yo’lida Haqparvar, xalq yo’lida xalqparvarlikni”, - shior qildik. O’xshash tomonlari yo’qmi?


Sizningcha, Iloh ishqiga qanday yo’l bilan intilish kerak? Yarim yalang’och kliplar bilanmi? Yoxud boylik ortidan quvish bilanmi? Yoki sizga o’xshab Iloh ishqida yonganlarga tosh otish orqalimi?


Biz davlatimizga ishonamiz, oqil shariatimiz ulamolariga tayanamiz, agarkim ular bizni qo’llamaganlarida biz xalq yo’lida turolmasdik. So’fiy har tomonlama mukammal inson. Unda hatto o’zini himoya qilish qobiliyati ham mavjud. Etmishdan oshgan shayx Najmiddin Kubro mug’ullarga qarshi jang qilmadimi?


So’fiy jang san’ati bu, birovga qarshi qurol ko’tarish emas, aksincha o’ziga qarshi, nafsiga qarshi kurashishdir. O’zini himoya qilolmagan odam mukammal bo’lolmaydi. Bu holat vatanni, millatni himoya qilishga asqotmaydimi? So’fiy jang san’ati ilohiy harakatlar evaziga vujudga keladi. Va uni hech qanday karate yoxud ushu va yo taekvando singari bir qolipdagi jang san’atlari turi bilan solishtirib bo’lmaydi. So’fiy jang san’ati ham o’ziga xos go’zal san’at usuli bo’lib, undan hech qanday vahima yasash haqiqatga to’g’ri kelmaydi. Bu millatimizning asl jang san’ati uslubidir. Qolaversa, yaponlar sport ramziga aylangan karate ham “qarab tep” ma’nosini anglatib, ushbu jang san’ati Turon zaminda paydo bo’lgani va Yaponiyada rivojlantirilgani bugungi kunda hech kimga sir emas. Ushbu jang san’atlari bilan ajdodlarimiz shug’ullanganlariga shubha yo’q.


Biz mukammallik haqida so’zlasak tosh otasiz, komillik haqida so’zlasak tosh otasiz. Bizkim shu yurt farzandi bo’lib, xalqimizga xizmat qilishga haqqimiz yo’qmi? Biz bir millat bo’la turib, qachongacha bir-birimizga tosh otamiz. O’zga millatlar o’z sha’ni-obro’si uchun kurashib turgan bir paytda, biz turli tilda bir-birimizni qoralab, jahonga kimligimizni namoyish qilmoqchimizmi? O’z obro’yimizni o’zimiz to’kmoqchimizmi? Millatfurushlik, vatanga xiyonat kimga kerak?


Nega ortimizdan tosh otasizu, o’zga tillarda millatdashingizni qoralaysizu, aybimizni yuzimizga aytolmaysiz? O’zi kimga soxta sadoqatliligingizni ko’rsatmoqchisiz? Ular bugun bor, ertan bo’lmasligi mumkin, lekin biz va xalq Odam alayhissalomdan beri mavjuddirmiz...


Keling, bir suhbatlashaylik, aybimiz bo’lsa yuzimizga ayting. Bizning millatimiz, xalqimiz yo’lida ezgu ishlarimiz noo’rin bo’lsa, faoliyatimizni to’xtataylik. Navbatni sizga beraylik, siz nasihat so’zlang, hikmat so’zlang. Axir buyuklar yashab o’tgan zamindan avliyolar chiqishi kerakku. Yoki olimman deb, zolimlikni kasb qilib, Nasimiy yoxud Mashrab yo’lida yurganlarni tuhmat bilan terisini shilib va yo dorga osaveramizmi?

Ilova: Mamlakatimiz, millatimiz uchun qilgan amallarimiz bilan maqtanmoqchi emasmiz, lekin “gap kelganda otahgni ham ayama” degan naqlga rioya qilgan holda eslatmoqchimiz. Buxoro uchun hozirgi faoliyat ko’rsatib turgan “Gufic-Avicenna” farmatsevtik fabrikaning kontraklaridan tortib, ishlab chiqarish davrigacha 1989 yilda Bombeyning “Gufic Private Limited” firmasini biz olib rivojlantirganmiz. Sovetlar davrida 1988-90 yillarda Buxoro shahrida er osti suvlarining ko’tarilishi natijasida, tarixiy obidalarga zarar eta boshlaganda katta xizmatlar evaziga Moskvadan delegatsiya olib kelib, ular yordamida qo’shimcha zovurlar qazitish dasturlari amalga oshirilgan. Shahar chetidagi noyob obidalar yonidan poezd o’tishi sababli ularda yorilishlar paydo bo’lganda, yana xizmat qilishimizga to’g’ri kelgan. “Chor Bakr” majmuasi og’ir ahvolda vayronaga aylanib yotganda, maxsus komissiya tuzdirib, uni ta’mirlashga mablag’ ajratganda faol ishtirok etganmiz.

Biz haqqimizda Buxoro olimlarining jurnalida maqola chiqqani uchun faqat Buxoro to’g’risida gapirdik, xolos.

YANGILANISHLAR

MAHSULOTLAR

Media-mahsulotlar pochta orqali

SAYT XARITASI

STATISTIKA