TOIFALAR

QATRON

SHOGIRDLARNING SHARXLARI

NURSAFARDIYYA
ISH FAOLIYATI

QIDIRUV

HAMKORLAR

Tafakkurda tontarilish

Muallif: Sofiy-tabib shayx Nursafardiy

Joylashtirish vaqti: 2010-11-03

Agar siz boshi berk ko’chaga kirib qolsangiz, tushkunlikka tushmang,
hech bo’lmasa orqaga qaytishingiz mumkin.

Ming yillar davomida insoniyat  taraqqiyot bosqichini bosib o’tdikim, davrlar silsilasida uning buyuk kashfiyotlari tarixda muhrlanib qoldi. Taraqqiyot nimani anglatdi? O’tgan oxirgi ikki asrimizda Evropada kurtak ochgan texnik taraqqiyot dunyo bo’ylab tarqalib, o’sha ming yillar davomidagi insoniy tafakkur taraqqiyoti  yo’nalishini o’zgartirib yubordi. Keyingi asr insoniyati bashariyat tanazzulini oydinlashtirib qo’yayotganligi bugungi kunda aynan insoniyatni o’zini xavotirga solib qo’ymoqdaki, xavotirning negizi nima sababdan kelib chiqqani haqida baholi qudrat fikr yuritishimizga to’g’ri keladi. Xo’sh, yangi asrimizda insoniyat uchun barcha imkoniyatlar davri ekan, xavotirning asosi nimalardan kelib chiqmoqda? 

Inson tafakkuri uchun lozim bo’lgan kerakli informatsiyaning kamayib ketishi va keraksiz bo’lgan xabarlarning o’ta ko’payishi uning ongini manqurtlikka olib boradi.  Biz barcha narsalarga erishdik. Texnik taraqqiyot biz uchun imkoniyatlar eshigini ochib berdi.   Bu bilan biz nimaga erishdik? Taraqqiyot shu darajada rivojlandiki, insoniyat  yashin tezligidagi bunday taraqqiyot oldida gangib qoldi. Va eng qizig’i shundaki, taraqqiyot insoniyat tafakkuriga hech narsa berolmadi. Insoniyat taraqqiyotdan, nafsdan tashqari foyda ko’rmadi. Taraqqiyot insoniyatdan o’zib ketdimi, yo insoniyat taraqqiyotdan o’zib ketdimi? Taraqqiyot insoniyat tafakkurini o’zi bilan olib kelajakka ildamlab ketdi va buning oqibatida tafakkuridan ayrilgan insoniyat manqurtlik girdobida taraqqiyot ortidan chapak chalib qoldi. Insoniyat tafakkurini texnik taraqqiyot ilib ketdi. Bu holat qanday ro’y berdi? Birinchidan, insoniyat o’ziga kerakli bo’lgan quvvatiy manbaalarga befarq qaradi. Masalan: - ota bobolar, ajdodlar quvvati uzilishi natijasida millatlar aro milliylik g’oyalari, azaliy milliy madaniyat va ma’naviyat, o’zlik tushunchalari susayib ketdi, buning oqibatida o’zimizga qondosh bo’lgan millatlar orasida milliy nizolar paydo bo’ldi. Ikkinchidan, insoniyatning o’z yaratgan egasidan yiroqlab ketishi natijasida ilohiy quvvatning uzilishi, uchinchidan bashariyatning nafs quvvatiga mukkasidan ketishidir. Taraqqiyot insoniyat uchun barcha sharoitlarni muhayyo qilib berdi. Insoniyat  kashfiyotning barcha turlariga erishdi. Bu bilan nima o’zgardi? Insonlar barcha imkoniyatlar davrida nega tushkunlik girdobida qolmoqdalar? Insoniyatga nima etishmayapti. Taraqqiyotga erishildi. Hozirda har bir yangi kashfiyotga insonlar qiziqmay qo’ydilar. Ularni yangilik bilan hayratlantirish qiyin masalaga aylandi. Nega? Chunki ular yangilikdan charchadilar va bunday  yangilik ular uchun hech narsa berolmasligini anglamoqdalar. Ular o’zlariga kerakli narsaga ehtiyoj sezmoqdalar. Bu qanday ehtiyoj ekan? Bashariyat anglamoqdaki, hatto buyuk taraqqiyotlar ham insoniy taraqqiyot oldida hech narsa emas ekan. Shunisi e’tiborga loyiqki, insoniyat insoniy taraqqiyotga kechikmadimi? O’tgan ikki asrimiz aynan insoniy taraqqiyot asri bo’lmog’i lozim ediki, afsuski bunday omilni texnik taraqqiyot ilib ketdi.  Anglash lozimki,  insoniy taraqqiyot deganda insoniyat taraqqiyoti nazarda tutiladi. Bunda butun global insoniyat yoppasiga yuksak tafakkur sohibiga aylanishi kerak edi. Texnik taraqqiyot davrida esa ma’lum insonlar ongidagi  tafakkur texnik  taraqqiyot yo’lida kashfiyotlarni ro’yobga chiqarib, butun insoniyatni uning quliga aylantirdi. Bu bilan insoniyat manqurtlik ostonasiga kelib qoldi. Olimlar va kashfiyotchilardan tashqari, insoniyat tafakkurga ehtiyoj sezmay qoldi. Nega? Moziyga nazar tashlaylik. Tarixda insonlarning asosiy yumushlari dehqonchilik va hunarmandchilikdan iborat bo’lgan va ko’p vaqtlarini tafakkurga, ya’ni ilmga qaratganlar. Boshqa qiladigan ishlari ham bo’lmaganda. Taraqqiyot davrida esa insoniyatni ilm olmog’iga vaqti etishmayapti. Texnik taraqqiyot insoniyat ongiga mahkam o’rnashib oldi  va ilm olishi kerak bo’lgan ong funktsiyalari keraksiz taraq - turuqlar bilan to’ldirib tashlandi. Ilmga ishtiyoq so’ndi. Axir jonkuyar olimlarimiz ixtirolar qilmoqdalar. Yashash uchun barcha imkoniyatlar bo’lsa, bosh qotirishga nima hojat qoladi. Bu holatda nima sodir bo’ladi? Inson ongida  tormozlanish sindromi boshlanadi. Tafakkur funktsiyalari o’ladi... Keyinchi... Ma’lo’mki har qanday yangilik ham eskiradi.Insoniyat nazarida taraqqiyot ham eskirdi. Insoniyat taraqqiyotdan o’ziga kerakli narsani ololmagani uchun ham tushkunlik girdobiga tushib qolmoqda. Nega? Buning sababi tafakkurning rivojlanmay  qolishi natijasida insoniyat o’zligini topolmay talvasaga tushib qolmoqda. O’tgan ikki asr insoniyatning o’zligini yo’qotish asri bo’ldi desak, mubolag’a bo’lmaydi. Insoniyat tafakkur bilan  ulug’vordir. Insoniyat o’zlik bilan ulug’vordir. Insonga hayvoniy hislat yarashmaydi. Nafs manqurtlikning birinchi ko’rinishidir. Taraqqiyot insoniyatga nafsdan o’zga hech narsa berolmadi. Buni tan olmay ilojimiz yo’q. Taraqqiyot insoniyat tafakkurini bir chetga uloqtirib tashladi. Biz yuksak taraqqiyot davrida yashayapmiz, deb kerilamiz. Taraqqiyotni olimlar qilishdi. Biz o’zimiz nima qildik? Olimlar qo’limizga tutqazgan taraqqiyotdan tafakkurimizni o’ldirgan holda foydalanib yotibmiz. Biz o’zimiz nimalarga qodirmiz o’zi? Olimlarimiz bosh qotirib, bizga sharoit yaratib berishibdi. Biz esa tekintomoqlik amaliga minib, ularning ixtirolari ortidan maqtangan holda tafakkurimizni muzlatib turaveramizmi? Taraqqiyot butun insoniyatga emas, ma’lum insonlarga uni yaratgan tafakkur sohiblariga tegishlidir. Insoniyat tafakkurining sustligi oqibatida boqimanda taraqqiyotga suyanib qoldi. Insoniyatga boqimanda taraqqiyot emas, tafakkur, yuksak tafakkur taraqqiyoti kerak. Rivojlangan texnik taraqqiyot davrida insoniyat ana shunday boshi berk ko’chaga kirib qoldi. Nega? Chunki tafakkur koinot quvvatidan uzilib qoldi. Yaratilgan tomonidan tafakkurga berilgan quvvatiy tizimlarni insoniyat o’ziga emas, jonsiz narsalarga berib qo’ydi. Bu quvvatlar natijasida jonsiz narsalar ham jonlanib ketdi. Keling, elektr quvvat tizimini olaylik. Bu ham samoviy quvvat natijasida vujudga kelgan unsurdir. Agar uni yaratgan bekor qilsa, bunday quvvat sistemasi kuchini yo’qotsa, butun taraqqiyot bir necha soniyada o’ladi. Biz suyanib qolgan texnik taraqqiyot so’nadi. Taraqqiyotsiz yashay olmaydigan holga tushib qolgan insoniyat qanday ahvolga tushadi? Tasavvur qilayapsizmi? Shunisi aniqki, insoniyat bunday holatni chinakam fojea qatoriga qo’shadi. Nega? Chunki insonlar mustaqil yashash tarzidan allaqachonlar mahrum bo’lib ulgurdi. Insoniyat taraqqiyotsiz yashay olmaydigan darajaga etdi. Taraqqiyotsiz insoniyat etimlashib, falajlashib qoladigan bo’ldi. Taraqqiyotsiz insoniyat o’z boquvchisini yo’qotadigan bo’ldi. Insoniyat taraqqiyotga, “bersang eyman, ursang o’laman” - deydigan holatga tushib qoldi. Nega? Birinchidan insonlarda ajdodlar quvvati, ikkinchidan ilohiy quvvat sistemalari uzilib qoldi. Insoniyat nafsdan o’zga informatsiyani o’ziga kirgizmay qo’ydi. Taraqqiyot davrida tushkunlik sindromining ro’y berishining sababi ham shundadir. Taraqqiyotning barcha jabhalariga erishib bo’lindi. Insoniyat uning lazzatidan bahramand ham bo’ldi. Insoniyat taraqqiyotdan to’yib qoldi. Endi nima qilishi kerak.Tafakkur hamisha informatsiyaga muhtojdir. U doim o’ziga ozuqa izlaydi. Tafakkur dunyoviy ozuqaga to’yib qoldi, aniqrog’i dunyoviy ozuqadan bezib qoldi. Bu holatni uning tushkunlikka tushib qolganidan bilsak ham bo’ladi. Insoniyatga asosiy ozuqa manbai etishmayapti. Bu ilohiy quvvat tizimidir. Garchi inson ongi buni tan olmasada, tafakkur uni anglatib qo’ymoqda. Nihoyat, insoniyatning tafakkurga murojaat qilish davri kelmoqda. Bizning fikrimiz ba’zilar uchun erish tuyulishi mumkin. Ya’ni ular biz rivojlangan davrda yashayapmiz, bizni kamsitishga hech kimning haqqi yo’q, - deyishlari mumkin. Biz hech kimni kamsitmoqchi emasmiz. Bizning bugungi holatimiz chindanam achinarli.  Biz insoniyatda o’zgarish bo’lmadi. O’zgarish taraqqiyotda bo’ldi. Taraqqiyot rivojlandi, insoniyat rivojlanmadi. Insoniyat, aksincha taraqqiyotga ishonib o’zida boridan ham ayrildi. Taraqqiyot ildamlagan sari insoniyat orqaga chekinib bormoqda. Insoniyat o’zi yaratgan taraqqiyotdan qo’rqib qoldi. Ortiqcha erk berilgan taraqqiyot oxir - oqibat o’z egasiga hamla qila boshladi. Insoniyat taraqqiyot oldida kuchsizlanib qoldi. Buning sababi ham aynan tafakkurning rivojlanmay qolganidir. Insoniyat taraqqiyotga suyanib, chegarasi bo’lmagan tafakkurni bir qolipga solib qo’ydi. Nimaga? Chunki taraqqiyot insoniyatni chin ma’noda aldadi. Sen qanday bo’lsang, shundayligingcha yashayver, qolganini mana biz bajaramiz, - dedi. Insoniyat taraqqiyotga ishondi. Unga mehr qo’ydi. Va mehr qo’ygani sari manqurtlashib bordi. Biz risolamizda zinhor taraqqiyotni qoralamoqchi emasmiz, aksincha taraqqiyotsiz hech kim emasligimizdan qo’yinib gapirmoqdamiz. Ilohdan uzilgan insoniyatni aynan taraqqiyot ushlab turibdi. Taraqqiyot insoniyatni boshqarmoqda. O’ziga ishonmagan insoniyat taraqqiyotga ishondi. Lekin taraqqiyot vaqti kelib insoniyatga xiyonat qilmasligiga kim kafolat beradi. Taraqqiyot insoniyatning tashqi olamini go’zallashtirdi, lekin ichki olamini emirmoqda. Tashqaridan qaraganda biz jannatda yashayotgandaymiz, lekin ichimizda kechayotgan jarayonlar bizni cho’chitmoqda. Chunki insoniyatda tashqi ko’rinishda savlat bo’lgani bilan ichki quvvatlar tizimi mukammal bo’lmasa, bunday jarayonlar tushkunlikka olib keladi. Insonlarda har qancha yashash tarzi yaxshi bo’lgani bilan ularda xavsirash sindromi kuchaymoqda. Ular o’zlari yashab turgan olamdan xavfsiramoqdalar. Ertaga nima bo’ladi? Bizni nimalar kutmoqda? Global miqiyosda insoniyat ongida qandaydir mavhum sukunat mavjud. Go’yo hamma nimadir sodir bo’lishini kutayotgandek. Nega? Chunki insoniyat manzilga etib keldi. Taraqqiyot nihoyasiga etmoqda. Endi nima bo’ladi? Insoniyat nima bilandir mashg’ul bo’lishi kerak. Shuning uchun ham anglamoq lozimki, insoniyat har qanday yana qandaydir nobop taraqqiyotni kashf qilishidan oldin, imkon qadar tafakkurga e’tiborini qaratishi lozim bo’ladi. Tafakkur olamni qutqaradi, tafakkur insoniyatni o’zini qutqaradi. Insoniyat xato yo’ldan ketganini anglamoqda. Va achinarli tomoni shundaki, insoniyat o’zi yaratgan taraqqiyot ortidan boshi berk ko’chaga kirib qolganini anglagan holda, Ilohsiz bu yo’ldan chiqib bo’lmasligini hanuz inkor qilmoqdalar. Ilohiy muhitsiz musaffo hayot tarzini yaratib bo’lmasligini anglamayaptilar. Iloh quvvati bilan tafakkur yuksaladi sog’lom taraqqiyot vujudga keladi. Pala partish kashfiyotlarga chek qo’yiladi. Sog’lom turmush tarzini bizga taraqqqiyot emas, ilohiy quvvat tafakkuri  yaratib beradi.  Bizning hikmatlarimiz sizga erish tuyulayotgan bo’lsa ajab emas. Chunki biz taraqqiyotga shunchalar sho’ng’ib ketganmizki, bunday fikrlarni ongimizga sig’dirolmaymiz. Va bu haqda o’ylab ham ko’rmaymiz. Nega? Chunki ongimiz taraqqiyot informatsiyasi bilan to’lib toshgan. Biz ortiqcha xabarlarni qabul qilish imkoniyatiga ega emasmiz. Yaxshi  yashayapmiz, vassalom. Lekin tafakkurimizni zanglatib qo’yganimiz bizni zinhor achintirmaydi. Taraqqiyotsiz nima qilgan bo’lardik? Taraqqiyot qo’ldan ketsa nima qilamiz? Biz taraqqiyotsiz yashashga tayyormizmi? Taraqqiyot istagan paytda to’xtab qolishi mumkin. O’shanda insoniyatni to’xtatib bo’ladimi? Insoniyat tafakkur taraqqiyoti davriga o’tmas ekan, dunyoviy taraqqiyot bir kun kelib insoniyatni yakson qilishi hech gap emas. Insoniyat Iloh quvvati eshiklarini ochishi kerak. Ilohiy olamda Ilohsiz hech qanday natijaga erishib bo’lmaydi. Biz ilohiy olamda yashayapmiz va Ilohni jonsiz narsalarga yo’naltirib uni jonlantirish emas, o’zimizga qaratib tafakkurga yo’naltirib, o’zligimizni jonlantirishimiz kerak.  Bashariyatning buyuk xatosi mana shunda. Biz Ilohni inkor etmagan holda, uning quvvatiga sherik bo’lganimizda, bugungi nobop taraqqiyot ortidagi xavf xatarlar umuminsoniy tafakkur tanazzuli ro’y bermagan bo’lardi. Hozirgi davrimizda evrohududda taraqqiyotning boshlanishi davri o’tib, uning nihoyasi ko’rinib qolgach, insonlar tushkunlik girdobiga tusha boshladilar. Ular taraqqiyotda bizdan ancha ilgarilab ketganlari uchun ham tushkunlik sarhadlariga oldinroq etib bordilar. Bunday manzillar bizga ham yaqinlashib kelmasligiga kim kafolat bera oladi. Evropa taraqqiyotdan charchadi. Biz hali uni bajonidil qabul qilmoqdamiz. Tafakkur taraqqiyoti bo’lmagan manzillarni dunyoviy taraqqiyot kasali osonlikcha o’z izmiga olmoqda. Yangilikka o’ch, uncha taraqqiy etmagan davlatlar o’zlariga   evrohududda eskirib ulgurgan taraqqiyotning kirib kelishi bilan ovunmoqdalar. Taraqqiyot insoniyat tafakkurini bo’g’ib tashlamadimi? Barcha imkoniyatlar mavjudligidan insoniyat tafakkuriga e’tibor qaratmay qo’ygani aniq holat. Taraqqiyot yaxshi, lekin taraqqiyotga ishonib inson ojiz bo’lib qolmasligi kerak. Insoniyat tafakkur taraqqiyotini yaratishi, bu o’zini o’zi himoya qilishidir. Borliqni, o’zi yashab turgan olamini himoya qilishidir. Haqiqatni anglash davri keldi, nazarimda. Xulosa sizdan birodarim...

YANGILANISHLAR

MAHSULOTLAR

Media-mahsulotlar pochta orqali

SAYT XARITASI

STATISTIKA