TOIFALAR

QATRON

SHOGIRDLARNING SHARXLARI

NURSAFARDIYYA
ISH FAOLIYATI

QIDIRUV

HAMKORLAR

Biz bir millat, vatan bizniki

Muallif: Sofiy-tabib shayx Nursafardiy

Joylashtirish vaqti: 2010-10-14

Haq yo’lida - Haqparvar!

Xalq yo’lida - xalqparvar!

Vatan ishqida - jonkuyar!

Millat qalbida yashar!

Qadrdonim, dunyoni foniy derlar. Bu sinov olamida har birimizning muqaddas burchimiz borki, uni taqvo va ibodat derlar. Kimki taqvodakim, salomat derlar. Foniyda saodat topdi kim,  boqiy abadiyatining jannat bog’larini kashf qilibdi. Bizkim taqvo yo’lida turdik, ibodat yo’lida turdik va o’z amallarimiz bilan xalq ichida xalqparvarlik ishtiyoqini qonimizga singdirdik. Bizning ilohiy amallarimizda dunyoviy   vatanparvarlikning qondagi millatparvarlikning jo’shqin  g’ururi va sururlari hamisha uyg’un bo’lib, bu  yo’lda hatto jonimizni fido qilishga tayyor turdik. Bizning  umuminsoniy falsafamiz insonlar komilligi va mukammalligi uchun xizmat qilmoqni o’z oldiga maqsad qilgan ekan, albatta, bunday zahmatli va odim qadamlarning bunyod bo’lishi o’z - o’zidan hosil bo’lgan manbaa emas. Har bir yumushki, Ilohning ixtiyorisiz ro’y bermagay. Va ufavviyzu amri ilalloh... Demakkim, biz xolisona va xokisorona qadam qo’ygan  mukammal falsafamizning asl negizini ilohiy bir imkoniyat mevasi desak, haqiqatga yaqin bo’lardi. Bizning falsafa bu xalqniki, millatniki, vatannikidir. Biz bunday komillik falsafasiga Iloh ixtiyori bilan qadam qo’ymasimizdan oldin, shariat olamida javlon urdik. Shariatimiz ilmidan bahramand bo’ldik. Uning qonun va qoidalariga bo’ysundik va bizning keyingi tariqat bosqichiga riyozat va mashaqqat amallariga munosib etib kelishimizda shariat chin ma’noda donishmand ustoz vazifasini o’tadikim, bizning to hanuz  bunday ustozga va uning ichidagi shariat ulamolariga hurmatimiz cheksizdir. Ma’lo’mki, Haqqa etishmoqning birinchi bosqichi bu shariatdir, keyingisi tariqatdir, ya’ni yo’ldir va keyingisi ma’rifatdir va so’nggisi haqiqatdir.  Bizkim tarixiy avliyolar yo’lidan borib ilohiy ilmlarimizni boyitgan holda, xalqimizni, millatimizni o’z hikmatlarimiz ila bahramand etib, ularni ezgulikka chorlasak, millatimiz chinakam o’zliklarini anglashlariga,  o’ylaymizki munosib hissa bo’lardi. Bizkim,  yaratilgan go’zal  va faqatgina  komillik va mukammallikni targ’ib qiladigan, yurtdoshlarimizni vatanni, millatni, xalqni va Haqni sevishga, uning tamoyillari, millat an’analari, madaniyati, ma’rifati, ma’naviyatini avaylab asrashga undaydigan  amallarimizdan qaytarmoqchi bo’lganlarni kimlar deb atasak bo’ladi?...  Bizkim dunyoviy taraqqiyot shiddat bilan rivojlangan, global muammolar urchib ketgan, ilohsizlik tamoyillari keng quloch  yoygan bir pallada, millatimiz uchun jon kuydirib o’zlikni asraylik, millatni asraylik, vatanni asraylik, milliy an’analarimizni yot unsurlardan, yalang’och madaniyatlardan himoya qilaylik desak, ayb qilgan bo’lamizmi? Xulosa qilingda, zamondosh.  Biz bu o’tkinchi olamda nimani tortishamiz o’zi. Bizkim Iloh yo’lidamiz va agar gunoh qilgan bo’lsak, bunday  ilohiy darajadagi gunohga  faqatgina Yaratgan jazo beradi. Biz Yaratganning ixtiyoridamiz va o’z ixtiyorimiz bilan birovni  jazolashga zinhor haqqimiz yo’qdir. Biz zinhor Xudo emasmizki, Uning gunohkorni jazolash ishlariga aralashsak. Aks holda,  Yaratganga shak keltirgan bo’lar edik.  Insof har kimning o’ziga bersin. Bizkim nimani  tortishib, nimaga erishamiz? Biz o’z fikrimiz bilan birovni ayblab, xudoni himoya qilmoqchi bo’lamizmi? Yaratgan qudratlidir va u hech qanday  himoyaga muhtoj emasdir. Biz bandalar o’zimiz haqida,  o’zligimizni anglash haqida o’ylasak va bunga baholi qudrat erishsakgina, chinakam saodatga erishgan bo’lamiz. Biz tanlagan yo’l so’fiylik ilmidirki uning tamoyillari fakatgina ezgulikdan  iboratdir. Biz tomdan tarasha tushganday kecha yoki bugun paydo bo’lgan unsur emasmiz. Turonzaminda minglab so’fiy avliyolar etishib chiqqan va sizga ma’lo’mki ular o’zlarining beqiyos ilmlari bilan butun musulmon olamida to Malayziyagacha islomni tarqatishda o’zlarining bebaho hissalarini qo’shganlar. Biz nima qildik? Biz ana shunday aziz avliyolarning etagidan tutdik. Ezgulikni, komillikni, mukammallikni o’rgandik va bunday  ilmimizni millatimiz bilan baham ko’rishga qaror qildik, ularni o’zliklarini anglashiga undadik,  vatanni sevishga, shariatni hurmat qilishga, millatni asrashga chaqirdik. Nahotki, buyuklar izidan yurib  avliyolar amaliyotini xalqimizga ulashsakda, ayrimlarga tushinarsiz bo’lsak. Maylikim, bizning xalqimizga, vatanimizga, millatimizga bo’lgan mehrimiz, komillik falsafamiz noo’rin bo’lsa, siz maydonga chiqing unda. Biz chetda turaylik, siz ma’rifatni, milliy ma’naviyatni targ’ib qiling unda. Biz davlatimiz bilan yonma - yon bo’lib hikmat so’zlamasak, siz davlat bilan yonma - yon bo’lib donishmandlik qilmasangiz kim qiladi. Bizning yoki sizning komillik g’oyalaringiz davlat uchun, millat uchun, xalq uchun ma’lum ma’noda  quvvat bo’lmaydimi? Biz  bir - birimizga qarshi borgan holda o’z - o’zimizni manqurtlik botqog’iga otmoqchimizmi? Nega biz o’zga millatlar oldida haqiqiy o’zligimizni ko’rsatmasligimiz kerak. Biz manqurtlikka mahkum millatmizmi? Islomning asl o’zagi bizning turonzamindan ketganidan xabarimiz bormi? Islom tarqalgan Arabistonda, uning telekanallarida  turli xil behayo ko’rsatuvlar targ’ib qilinayotgan va gunoh sirasiga qo’shmaganlari bir paytida, biz millat qayg’usida o’zlikni  asrash uchun jonfidolik qilsak gunoh bo’ladimi? Musulmon davlatlari  zamonaviy taraqqiyot izmiga tushib ketdilar.  Nega? Nega ular o’zliklarini yo’qotmadilar? Yaxshiyamki  insonda e’tiqod tushunchasi bor. Shuning uchun ham ular yalang’och madaniyatga oddiy ko’z bilan qaramoqdalar. Lekin e’tiqod bo’lgani bilan bunday madaniyat xili fikrni chalg’itishini, milliy madaniyat yo’qolishini sezmayaptilar. Yaratganga shukrki, bizda yuksak e’tiqod bilan birga sharm -hayo tuyg’ulari hamisha ustun bo’lib kelgan. Va uni hamisha asrab qolish har birimizning muqaddas burchimiz bo’lib qolmog’i shartdir. E’tibor qiling, boylik va nafs  ilinjida, hatto musulmon davlatlarida ham yalang’och madaniyat keng quloch yoydi. Endikim, biz bunday xavfli yot madaniyatlardan, uning millatimiz ma’naviyatiga ta’sir o’tkazishiga qarshi turgan holda, xalqimizni o’zlikni asrashga chaqirsak, yot unsurlardan millatni, vatanni himoya qilaylik deb hikmat so’zlasak, gunoh qilgan bo’lamizmi? Inson ongi millatidan qat’iy nazar hamisha informatsiyaga tashna bo’ladi. Yangilikka intilib yashaydi. Hoh u yaxshi va yomon xabar bo’lsin, istaymizmi yo’qmi uning ongi tafakkurida ma’lum bir iz qoldiradi. Bizning asrimizda turli informatsiyalar to’fon kabi kezib yurgan bir pallada nega biz hushyor turmasligimiz kerak. Informatsiya har qanday quroldan ham kuchli vositadir. Turli xil o’zga madaniyatlar, yashirin missiyalar millatimiz ongiga kirib kelmasligiga kim kafolat bera oladi. Hushyorlik o’zimizdan talab qilinadi. Evropada milliy madaniyatlar yo’qolib, dunyoviy taraqqiyotning shiddati ularni boshi berk ko’chaga kiritib qo’ydi. Insonlar garchi  jannatmisol sharoitda yashasalarda, tushkunlik  iskanjasida qolib ketdilar. Milliy madaniyat va milliy ma’naviyat  har bir xalqning asl o’zligi ekanligini vaqtida anglamadilar va taraqqiyot ortidan quvganlari bois ham tushkunlik sindromiga tushib qoldilar. Bizda chinakam o’zlik mavjud, milliy ma’naviyatimiz bebaho, madaniyatimiz har qanday millatga o’rnak bo’lgudek. Biz hech kimdan kam emasmiz. Faqat taraqqiyot to’fonida ana shunday go’zallikni asrab qolishda har birimiz ma’sulmiz. Bizni kim asraydi, bizni zaminimizda yashab o’tgan minglab avliyolarimizning duolari asraydi. Shariatda yurgan shayxlarimizning duolari asraydi, so’fiylik olamida yurgan avliyolarimizning duolari asraydi. Ma’lo’mki, shariat olamida ma’lum martabaga erishgan ulamo shayxlik unvoniga musharrafdir. Bu holatda  rasmiy din tomonidan ul zotning amallari hisobga olinib, rasmiy holatda shayxlik unvoni beriladi. So’fiylik olami esa rasmiy emasdir. So’fiylik olamida dunyo ishqidan kechib, riyozat yo’lida ilm izlagan va hamisha xalq yo’lida turgan, ilohiy ishq kuychisiga kim shayxlik unvonini beradi? Muridlar va xalq... So’fiylikda so’fiyning muridlari mingdan oshgan bo’lsa,  shayxlik unvoniga munosibdir. Agar uning muridlari o’n mingdan ortsa, pirlik unvoniga munosibdir. Agar uning muridlari yuz mingdan ortsa, avliyolik unvoniga munosibdir. Bizkim  yigirma besh yillik  faoliyatimiz davomida yuz mingdan ortiq shogirdlar etishtirdik va lekin o’zimizni na pir va na avliyo dedik. Biz bu yo’lda ko’p mashaqqat chekdik, dunyoni yarmini kezib ilm izladik... Ma’lum ilmiy darajaga erishdik, lekin mansab haqida qayg’urmadik. Bizga unvonni Yaratgan bersin, dedik. Dunyoviy unvonni nafs o’rnida ko’rdik. Informatsiya  taraqqiyoti kuchaygan bir davrda gazeta, televidenie, radiodan  faoliyatimizni yoritish maqsadida turli jurnalistlar kelishdi, lekin biz o’zimizni reklama qilmadik. Bizning shogirdlarimiz vatanni sevdilar, vatan xizmatida turdilar, millatni asrashga bel bog’ladilar, milliy an’analarimizni, madaniyatimizni, ma’naviyatimizni asrashga va bu yo’lda e’tiqoddan mustahkam bo’lishga ont ichdilar, bizga ana shuning o’zi yuksak unvondir.  Xalqimiz, millatimiz bizning ezgu falsafamizni munosib kutib oldilar va ana shuning o’zi bizga  yuksak unvondir.  Bizkim, hamisha shariat bilan birgamiz, davlatimiz bilan birgamiz, xalqimiz, millatimiz bilan birgamiz  va eng asosiysi Iloh bilan birgamiz. Biz istaymiz avliyolar zaminida yana avliyolar tug’ilsin, donishmandlar tug’ilsin, aqli zukkolar tug’ilsin.  Komillik , mukammallik falsafasi hali hech bir millatga ziyon keltirmagan. Agar kimki, komillik ma’lum millatni jaholat botqog’iga botirgan desa, biz shu ondayoq  falsafamizdan voz kechgan bo’lardik. Johil millatini, xalqini, vatanini sevmagan insongina  millatini komil va mukammal bo’lishiga qarshi borishi mumkin. Biz xalqimizga, millatimizga ezgulik yo’lida yuring, vatanni seving, mehr - oqibatli bo’ling, bir - biringizni hurmat qiling, deymiz. Komillik va mukammallik printsiplariga amal qiling, deymiz. Bunday chiroyli so’zlarni siz ham bemalol aytishingiz mumkin. Axir siz ham bir millat, bir vatan, bir xalqsizku. Yoki fikrimizga qarshimisiz. Bizkim, siyosatdan butkul yiroq yursakda, davlatni hurmat qilamiz,  bizkim shariatimizga aloqador bo’lmasakda, shariatimizni hurmat qilamiz. Bizning taraqqiyot siyosiy, kimyoviy va yo iqtisodiy va yo diniy taraqqiyot emas, balki insoniy, umuminsoniy taraqqiyotdir. Barchangizga  komillik istab qolaman. Alhamdilillahi robbil a’lamin.

YANGILANISHLAR

MAHSULOTLAR

Media-mahsulotlar pochta orqali

SAYT XARITASI

STATISTIKA