TOIFALAR

QATRON

SHOGIRDLARNING SHARXLARI

NURSAFARDIYYA
ISH FAOLIYATI

QIDIRUV

HAMKORLAR

Nursafardiyya so`fiyligi

 

Bu ko‘hna olamda azal-azaldan shu narsa ayon bo‘ladiki, inson tafakkur darajasini topgandan so‘ng hamisha dunyoning siru sinoatiga bog‘lanib, undan aniq bir mohiyat, mantiq izlab keldi. Uning asosini esa inson ongini rivojlantiruvchi dunyoviy va ilohiy ilmlar tashkil etadi. Albatta, izlanishlar, o‘rganishlar, olam yaralishining negizi qayda va nimada kabi ilmi laduniy - ilohiy ilmlar natijasi o‘laroq, tarix o‘z sahnasida buyuk shayx va avliyolarni yetishtirdi. Kishi hayotda o‘z yo‘lini tanlamas ekan, ko‘zlagan maqsadi samarasizdir. Komil inson o‘z tafakkur darajasini tarbiyalab, dunyoviy ilmlar qolipidan chiqib ketadi. Buning sababi nimada?

Avvalambor, dunyoviy ilm jamiyat manfaatini ko‘zlaydi, uni o‘stiradi, rivojlantiradi. Ammo dunyo, olam qanday mohiyatga ega? Garchi inson bekamu ko‘st, shohona yashasa-da, uning qalbini hamisha bir o‘y tirnab turadi. Bu o‘yning asosi dunyoning o‘tkinchi ekanligi va umrning qisqaligidir. Buyuk shoh va sultonlarning taxtdan voz kechib, buyuk imom-xatiblar, mavlono Jaloliddin Rumiydek shariatpesha faqihlar masjidu minbarni tark etib, darveshlikni ixtiyor etganlarining sababi ham shundadir. Alloh avval jannatni, so‘ng do‘zaxni yaratdi. Va qay bir inson qay makonga munosib ekanligini aniqlash uchun sinov maydonini yaratdi. Ba’zi insonlar allaqachon do‘zax makonida o‘zlari uchun istalmagan holatda joy hozirlagan bo‘lsalar, ba’zi insonlar hatto jannat saroyini istamay, Haqdan quvvat topib, Haqqa birlashib, qo‘shilib ketish yo‘lini ixtiyor etdilar. Riyozat orqali mukammallik izlagan bu zotlar so‘fiylardir.

So‘fiylar dunyoni bir lahzalik to‘xtash joyi deya his qilib, undan yuz o‘girgan holda, asosiy hayot, ya’ni baqo hayotidan najot izlaydilar. So‘fiylikning, tasavvufning «najoti ruh», ya’ni «ruhning qutqarilishi» g‘oyasi ham aynan Haq bilan bir bo‘lib, qo‘shilib ketish jarayonida sodir bo‘ladi.

Har bir daqiqa, har bir kunimiz tarixga aylanib bormoqda. Ortda yaxshi nom qoldirgan kishi kelajakdan imkon topadi. Tarixda ne-ne avliyolar o‘tmadilar. Ular dunyo suymadilar. Xalq ichida yurib, xalqqa xizmat qildilar, ammo ruhiyatlari Haq taolo bilan birga edi. Ular Haqdan quvvat istab tariqat yo‘liga kirdilar, ma’rifatli bo‘ldilar, haqiqat botiniga singib ketdilar.

So‘fiylik olami asrlar osha go‘yo tarixga muhrlanib qolgandek edi. Bunga birinchi sabab ichki nizolar, urushlar bo‘lsa, ikkinchi sabab - milliy insoniy mentalitetga (mentalitet - ma’lum milliy elatga xos bo‘lgan urf-odatlar, udumlar, irim-sirimlar, ma’lumot-tahsilot saviyasi, tarbiya darajasi, dunyoqarashi, umuman, ma’naviy-moddiy-iqtisodiy (turmush tarzi) bilimlar yig‘indisi) rahna solgan tashqi kuchlar ta’siri bo‘ldi. Aslida so‘fiylik hech qachon yo‘qolmagan. U shu olamda yashab turib, bir vaqtning o‘zida bizni o‘rab turgan dunyodan tashqarida - novobasta az jahoni moddiy – moddiy olamdan bog‘liq bo‘lmay turib yashaydi. U har qanday tuzumda yashirin faoliyat ko‘rsatgan. Chunki so‘fiylar yakka holatda Haqqa bo‘lgan sevgilarini namoyon etganlarki, gohida zikr tushishlar yoxud boshqa amallar, masalan, parhez, nafsdan tiyilish kabi amallarni deyarli hech kim sezmagan. Biroq so‘fiylargina unga sodiq qolishgan. Aslida so‘fiylik sukunat olami, uning dunyo ikir-chikirlari bilan ishi yo‘q. U qalban beg‘ubor, mohiyatan avliyo odamdir. Yaqin o‘tmishda tarixda so‘fiylik yakka holatlarda unda-bunda faoliyat yuritgan bo‘lsa-da, hali aytib o‘tganimizdek, ichki yoxud tashqi kuchlar ta’sirida tariqatning yuzaga kelishi asrlar mobaynida o‘z mohiyatini yo‘qotdi. Bu zamin ilohiy avliyolar zaminidir. Haqning nazari tushgan muqaddas maskandir. Demak, asrlar o‘tsa hamki, buyuk an’analar hech qachon o‘lmaydi. Azaldan qondan-qonga o‘tib kelgan so‘fiylik saodati nurli kunlarda haqiqiy yo‘l, tariqat bo‘lib shakllandi. Bu mukammallik tariqati Nursafardiyya tariqatidir. Bunday so‘fiylik olami kechagina paydo bo‘lgan yoxud asos solinishi kerak bo‘lgan tariqat emas. Uning tomiri asrlarga borib taqaladi. Va bu holat faqat yaratganning xohish-irodasi bilan sodir bo‘ldi.

Tariqatdan maqsad nima? Tariqat - bu yo‘ldir. Alloh jamoliga musharraf etuvchi bu yo‘l dunyoning barcha g‘uborlaridan xolidir. So‘fiylikning ham turfa yo‘li mavjud, alqissa, u cheksiz xilqatdir. O‘tmishda ba’zi so‘fiylar mutlaq tarkidunyochilik bilan shug‘ullangan bo‘lsalar, ba’zi so‘fiylar o‘z tariqatlari asosida Haqni yod etib, xalq xizmatida bo‘lganlar. Chunonchi, Naqshbandiya tariqatining suluki, asosiy mezonlaridan biri «Dil ba yoru dast ba kor» bo‘lgan. Ya’ni: yor – Alloh, diling, ko‘ngling, qalbing Allohga bo‘lsin. Dast nima? Dast - bu qo‘l demakdir, qo‘ling ish bilan mashg‘ul bo‘lsin. Bizning zamonamizda so‘fiylikning tarkidunyochilik suluki deyarli uchramaydi. Nursafardiyya so‘fiylik tariqati Haq yo‘lida Haqparvar bo‘lib, xalq yo‘lida xalqparvarlikni kasb etgan. Ushbu tariqat asrlar osha mudrab yotgan so‘fiylik olamining qayta tug‘ilishiga, oltin tariqatning vujudga kelishiga asos bo‘ldi. Bu yo‘l - Yaratganning yo‘lidir. Nursafardiyya tariqati Haq yo‘lidagi sof amallarni, Haqqa yetishishning maqbul yo‘llarini tanlasa, undan quvvat izlasa, demak, bu mukammallikning, ezgulikning chinakam maktabidir. Shu orada yangi tariqat haqida biroz to‘xtalib, tarixga nazar solsak.

YANGILANISHLAR

MAHSULOTLAR

Media-mahsulotlar pochta orqali

SAYT XARITASI

STATISTIKA